13 daqiqada öqiladi

557 marta körilgan

Jörabek Ramazon

Jörabek Ramazon

Onam vafot etganlaridan keyin Boysun mendan bir qadar uzoqlaşganday – borganimda, avvalgiday soğinib bağriga bosmayotganday tuyula boşladi.  Özi, aslida ham şunday. Ilgarilari köçaga çiqsam, köchaning har tarafidan “E, Usmon!” deb quçoq oçib çiqadigan döstu yorlar ham kamaygan – meni taniydiganlar bir bölsa, tanimaydiganlar soni yuz. Tanisalar ham köpçilik özini tortib turadi – ular Boysundan ketganimdan keyin ösib-ungan hamşaharlarim. Ular uçun umrning bir parça yölini birga bosgan boysunlik emasman, ahyon-ahyon kelib ketadigan bir mehmonman, xolos. Meni bolaligimdan biladigan; çindan yaxşi körib, eʼzozlaydigan qarindoş-uruğning ham safi siyraklaşa boşladi… Parvardigor! Tiriklarga umr ber!
Vaqt ötayapti-da! Bolaligimdan taniş-biliş birodarlarimning köpi esa endi xonanişin bölib qolgan, kimlardir (ming afsus!) bu dunyoning yaxşi-yomon amallariga vido aytib, umrlariga yakun yasagan…
Boysun hayotimni töldirgan odamlari bilan jonu tanimga çirmaşganini elligimdan oşgandan söng tuşinib yeta boşladim. Yöq, avval ham bilganman, ammo endi allaqanday örtanib, bedavo bir soğinçda his qilişga tuşdim.
Yangi döstu birodarlarimni kaşf etiş uçun esa vaqt kerak. Ammo öşa vaqt qani? Yoş ötgan sari mening kasbimdagi kişilar vaqt yetmayotganidan azob çeka boşlaydi. Boysunga safarlarim esa yillar ötgan sari qisqarib borgani-borgan… Şoşib boraman, şoşib jönayman. Suyagim tinçib, Boysun mehriga qonmaganimga qança böldi?  

Şu sababdanmi, Jörabek Ramazon bilan keç uçraşdim.
– Usmonjon, – deb qoldilar Çuçuk opam allağaytib Toşkentga bir kelganlarida,  – Boysunda bir şoir yigit bor. Şunday yaxşi yozadi! Yozgan şeʼrlarini gazetadan qirqib olib qöyaman…
– Yöğ-ye!  – deyman işonqiramay.
– Bir könglidan çiqarib yozadi… – Opam öşa şeʼrlarni mazasini eslabmi, gapidan çalğimaydilar. – Boysunga borganingizda şu yigit bilan bir uçraşing! Oti Jörabek Ramazon. Enasi ham bir yaxşi xotin!..
Noxos nimadir elas-elas xayolimda yiltillaydi.
– E-e! – deyman birdan, – Sirojiddin aytgan edi! Öşa yigit!
Yoş adiblarning Zominda bölgan yiğinidan qaytgan Sirojiddin Sayyidning “Aka, boysunlik bir yigitning şeʼrlarini öqidim. Juda yaxşi ekan.  Boysundan baribir çiqar ekan-da!” degan gapi birdan esimga tuşadi. Men özimça “Könglim uçun bir boysunlikni maqtab qöydi-da”, degan xayolga bordim. Xullas, bu haqda keyin öylaganim esimda yöq. Mana, hozir birdan xayolimga keldi.

Avval Jörabekning kitoblari qölimga tegdi.
Birinçi satrdanoq quvonib ketdim: Şoir! Albatta, şoir!..

Havo na farahbaxş, na-da havo dim.
Qaromidi, oqmi keçaning rangi?
Mening yonginamda ötirardi jim
Atlas liboslarga örangan SEVGI.
     
Şoşib öqiy boşladim.
Har bir satr, har bir şeʼrdan şoirlik barq urib turibdi. Juda dardli, öta şijoatli, köngil qismatining manzaralari; hayotning köziga tik qarab yozilgan, hatto ölimdan ham çöçimaydi. Men bunday mardonalikni juda yaxşi köraman. Azaldan Şarqning buyuk şoirlari hayotu mamotning örtasida tölğonib şeʼr yozganlar. Şeʼr joni şirinlarning işi emas. “Çun qölim bilan oyoğim boğlamoq hojat emas, Men ölimga roziman, ki turgali toqat emas!” – bu satrlarni joni sabil qolgan Maşrab bobomiz yozganlar! Xuddi şunday! Haqiqiy şoirlarni joni ozmi-köpmi sabil qolgan böladi. Ular – faqat ular! – dunyoni dunyodan köra çiroyli, dunyodan köra dardli, dunyodan fojeali köradilar! Ularning joni hammanikidan köra ortiqroq kuyadi. Ular “ölim haq”ligini böyniga olgan odamlar. Hazrati Bahovuddin aytganlar-ku: “Heç narsamiz yöğ-u, heç kamimiz yöq. Heçimiz yöqlikdan heç ğamimiz yöq. Jandamiz – yelkada, yelkada – göriston, Gar ölar bölsak, heç motamimiz yöq!” Xuddi şunday!  “Gar ölar bölsak”… Xuddi şunday!    
Bu Jörabek Ramazon deganlari ham bobolari monand juda qörqmas, mardona şoir ekan!  Mana, öqing!
 
Falak meni yerga ayladi kulgu.
Yunus parilarni yaşirib ğorga.
Ajal kelsa, peşvoz çiqaman, çunki
Çaqirmaydi meni xudo bekorga…

Bu satrlarda allaqanday beşafqat taqdir oqibatini his qiliş bor. Öqiganimda, yuraklarim uvişib ketgani hanuz esimda.
Boysunga  borganimdayoq Jörabekni suriştirişga tuşdim.
– Gazetada işlaydi, – dedi aka döstim Sobir Yadikov. – Ha, topdiraymi?
– Topdiring! Bir körişaylik.
– Nimaga? – Sobir aka menga ajibsinib qaradi. Çunki birov bilan bu qadar besabr qaʼtiylikda suhbatlaşgim kelganini ançadan buyon körmagan bölsa kerak.
– Şu Jörabek… şoir.
Sobir aka endi tamoman hayron qolib turganini körib, yana gapimni tasdiqladim:
– Katta şoir!
Sobir aka birpas taraddudlanib turdi. Köpni körgan bu odam “katta şoir”lar Boysunda emas, Toşkentda yaşaşini yaxşi biladi. Tuman gazetida işlaydigan Jörabekning ham “katta şoir”ligiga işonmoq uçun endi ozgina nafas rostlaş kerak-da!
– Tuman gazetasida şeʼrlari çiqib turadi, – dedi nihoyat könglida tuğilayotgan işonçga dalda berişga intilganday u kişi.
Söng qönğiroq qila boşladi.
– Ana Jörabekning telefon raqamini bilasanmi? Usmon sörayapti… Nimaga kerak ekan? Bilmasam, “katta şoir” deyapti-ku!..
U kişi kimlargadir Jörabekdan topişni topşirgaç, “katta şoir”dan gurung bera boşladi:
– Oşxonayu çoyxonada körinmaydi.  Nimagadir bir özi yuradi. Birov bilan bunday qöşilib ketadigan bola emas. Oğirgina yigit…

“Katta şoir” men qöngan xonadonga keldi. Örta böyli, kelişgan yigit ekan.
Haqiqatan ham, juda bosiq. Göyo yoyilib kulişni unutgan – hazil-huzulga bir jilmayib qöyadi.
Undan-bundan gaplaşib ötirdik.  Men unga “şoir ekan”ligini qayta-qayta aytdim. Çunki bilaman: ijodkor uçun özidan bir-ikki köylak köp yirtgan hamkasblarining eʼtirofi juda muhim. Şeʼrlaridagi menga kamçilik bölib tuyulgan joylarini ham juda qisqa bir tarz – yengil-yelpigina aytib ötdim. Batafsil aytişga esa örin yöq, u hammasini özi biladiganday edi. Bu hol ham juda muhim: özining kamçiliklarini köriş maqomiga çiqqan ijodkordan umid qilsa böladi.
Men Jörabekning “bir özi yurişini” bilsam ham, döstlari bilan, davradoşlari bilan qiziqqan böldim. Çunki suhbatdoşlar davrasi maʼlum bir paytda yoş ijodkor uçun juda zarur. U öziga teng yoki tajribali ijodkorlar orasida tezroq önib-ösadi. “Suhbat dar anjuman” deganlar-ku Bahovuddin Naqşband bobomiz!
– Döstlarim… – deydi-yu, Jörabek biroz öylanib qoladi, – bor. Internet orqali gaplaşib turamiz.
– Kimlar? – deyman, unga hurmatim birdan yana-da oşib. Çunki  internetdan juda yiroqman. Şu sababdanmi, internetda işlay biladiganlarga hurmatim baland. Ular özgaça odamlar bölib tuyuladi menga. Internetdagi döstlik haqida esa birinçi bor eşitib turişim.
– Şu… Şeʼrga qiziqadiganlar… Xöjandda Odil Ikrom degan şoir bor.
Odil! Odil Ikrom-da! Men quvonib ketaman. Juda yaxşi köraman şu ukamni. Yaxşi şoir va toza odam. Respublika radiosida birga işlaganmiz. Uning bilan yurakdoşligimiz borligini mudom his qilganman. Ammo körmaganimga qança böldi? Yigirma yildan oşdi, şekilli. Yurtiga ketgan ekan-da! Jörabekning internetdan topgan oşnasini qarang! Yaxşilar bir-birini topar ekan-da!
– Odil yozyaptimi? – deb sörayman umid bilan.
– Yaxşi şeʼrlarini internetda kördim. Hozir Rumiyni tarjima qilyapti, – deydi Jörabek. – Öqidim. Yaxşi.
Men xursand bölaman va darhol, odatimga köra, “foydali” maslahatlar bera boşlayman.
– Fors tilini bilasiz-a?
Jörabek boş silkitib tasdiqlaydi.
– Siz ham şu fors şoirlarini tarjima qilmaysizmi? Qanday buyuk şoirlar bor! Mening tişim forsçaga ötmaydi. Agar ötgan-da!.. Siz tarjima qiling! Xöpmi?
– Xöp, – deydi Jörabek va yana jilmayib qöyadi.
Gap aylanib, bunday savob işlarni ajib tarzda amalga oşirayotgan Jamol Kamol, Bedilni hassoslik bilan özbeklaştirgan marhum döstim Matnazar Abdulhakimga taqaladi…

Ammo suhbat asnosida bu yigitdagi nimadir meni bezovta etgani etgan edi. Unga nima bölgan? Jörabekning tevaragini allaqanday bir devor örab turganday tuyulaverdi menga. Nima u?  
Jörabek ketgandan keyin bu xavotirimni Sobir akaga aytdim.
– Mazasi yöq deyişadi, – dedi Sobir aka. – Bilmasam, körinişi soppa-soğ.
Haqiqatan ham, Jörabekning gavdasi pişiq, körinişidan soppa-soğ edi.
Jörabek ketgaç, keltirgan bir dasta şeʼrlarini öqimoqçi bölib qölimga oldim.
Bu turkum şeʼrlar, nazarimda, çop etiş uçunmi tayyorlangan, hatto bir parça qoğozda şoir haqida qisqaça maʼlumotnoma ham bor edi.
Içimda şarhlab, öqişga tuşdim:
“Jörabek Ramazonov 1983-yil Surxondaryo viloyatining Boysun şahrida tuğilgan. Tumandagi 1-maktabda tahsil olgan”… Bizning maktabda öqigan ekan! “Bizning” deganimning sababi şuki, Şukur aka Xolmirzayev, Erkin Aʼzam va kaminayu kamtarin ham şu maktabni bitirganmiz… “Özbekiston yoş ijodkorlarining Zomin seminari iştirokçisi”… Sirojiddin rost aytgan ekan-da! “Tavallo”, “Bugun”, “Yur, qoçib ketamiz” nomli şeʼrlar töplamlari naşr etilgan”… Bu kitoblarni kim öqidi? Ilgari Toşkentda naşr etilgan kaftday kitobça respublikaning har bir çekka qişloğigaça yetib borgiç edi. Endi har bir viloyatda naşriyot, ammo naşr etilgan kitoblar öşa viloyat doirasida qolib ketyapti. Umummillat kölamida dovruğ solişi mumkin bölgan isteʼdodlarning uzoqdagi ovozlari Toşkentga yetib bormayapti… “Ayni kunda “Boysun” gazetasining bölim mudiri”…
Bori – şu. Tört enlik tarjimayi hol. Hali yoş-da! Xudo umrini bersa, şu rasmiygina umr çizgilari ham sahifa-sahifa bölib ketadi hali! Hali…
Şunday umidlar bilan şeʼrlarni közdan keçira boşladim.
Endi hisoblab çiqsam, öşa kunlar Jörabek Ramazon yigirma töqqizga kirgan ekan.      
Ertasi Sobir aka qönğiroq qilib, Jörabek bir piyola çoy bermoqçi bölganini aytdi.
Men avvaliga raʼyiş bermadim. Birortalaring imo qilmadilaringmi? Nima qiladi ovora bölib? Biror narsani bahona qilib, Jörabekni şu taşvişdan qutqarsak bölmaydimi?  
Bölmas ekan.
– Bir niyat qilibdi, – dedi Sobir aka. – Aytdim-ku, heç kimga qöşilmaydi. Raʼyini qaytarmaylik. Bola sinadi…
Rozi böldim.
Tört kişi bölib kimsan Jörabek Ramazon beradigan bazmga jönadik.
Yöl-yölakay aka birodarim Şukur Xolmirzayevning dösti  – sözamol, hazilkaş Ismat Norboyev  mendan jiddiy suriştirib kelyapti:
– Usmon, şu Jörabek rostdan şoirmi?
– Ha.
– Şoirligi qança?
– Katta. Juda katta.
Ismat aka menga “Aldamayaptimi?” deganday sinçkov qaraydi. Bu kişi ham Jörabekning şoirligiga işonmayapti. Şukur Xolmirzayevday adibga döstlik qilgan odam-da! “Katta şoir” tuman gazetasida öralaşib yurişini taniga siğdirolmaydi.
Boysunning örtasida – şundoq bozorning röparasida – çorboğ bor. Allaqanday çidamli, aqlli, boşidan köp narsani ötkazgan boğ. Masalan, hamma joyda bu yösin maskanlarni begona lafzda “park” deb atab ketişganda ham, u sobitlik bilan boysunliklarga özini “çorboğ” deb aytişlariga izn bergan. Keyinçalik kattalardan kimdir bu joydan “çorboğ”lik unvonini olib taşlab, boşqa joydan çorboğ qurdirib, daraxt ekdirib, dam oliş maskani aylantiriş taraddudiga tuşdi. Aytganini bajardi ham. Endi kerak emas deb öylandimi, eski çorboğning bir qismiga bolalar boğçasi, bir qismiga dorixonayu dökonlar, bir qismiga yana allaqanday imoratlar qurdirildi. Eski çorboğ esa “miq” etmay torgina bölib qolgan bağriga tiqilib yaşayverdi. Çunki boysunliklar uni unutmadi. Noilojlikdan jips qilib qöyilgan stollar tegrasiga, çorpoyalarga tiqilişib, sadoqat namunalarini körsatişganiça, bir parça bölib qolgan boğni töldirib ötirdilar. “Park”ka borişni heç kim xuşlamadi. Oqibat, beçorani tomorqalikka bölib berişga majbur bölindi. Özimizning çorboğ esa boysunliklaru boysunning mehmonlari bilan liq töla. Jaydari, köngli oçiq çorboğ. Sabrli, aqlli. Vaqt hamma narsani örniga qöyişini aniq biladi…
Mana şu çorboqqa kirib keldik.
Çorboğning töridagi çorpoyaning oldida Jörabek turibdi.
Ismat aka uni körgani zahoti bulbulday sayrab ketdi:
– Mana, ustozingni olib keldim! Topgan-tutganingni dasturxonga tort! Bir bazmi jamşid qilaylik!
Jörabek – yuzida öşa sokin tabassum – bizga peşvoz çiqqan böladi. “Özingizdan, özingizdan…” deb, çorpoyaga joylaşamiz. Hol-ahvol söraşamiz… Jörabek men bilan birinçi bor körganida qanday bosiq söraşgan bölsa, xuddi   şu tarzda söraşadi. Na bir qadam yaqin kelgan, na bir qadam olis ketgan. Ammo men bilaman-ku, biz yaqinmiz! Juda yaqinmiz! Yurakdoşmiz! Biz şeʼr degan bir balo dardga yöliqqanmiz! Ha, öşa… Öşa – “…ki turgali toqat emas”! Öşa!..
– Qani, bunday yugurib xizmat qilmaysanmi? – Ismat aka dalliğulilik qilyapti. – Usmon tan olgan bölsa, baxting oçilibdi! Öynab-kulmaysanmi? Nonni sindir, şişalarni oç!..
Jörabek qovuşmaygina xizmatni boşlaydi. Unga ne davralarni körgan Sobir aka yordamga keladi. Birpasda hammasi Ismat aka xohlaganday böladi. Non sindiriladi, taomlar keltiriladi, çoyxona  xizmatçilari xizmatga unnab ketişadi, şişalar oçiladi…
Men boşqalarga bildirmay, xomuş tortaman.
Agar bir şoir boşqa birini tan olişi baxt bölsa, şu yigitning baxti oçildi! Albatta, baxti oçildi! Men ham bu holni boşimdan ötkazganman, adabiyotdagi katta akalarimning bir oğiz yaxşi gapidan qanot boğlab yurgan damlarim bölgan! Ammo boşqa nima? Men bu yigit uçun nima qilolaman? Nima yordam berolaman? Heç narsa! Ming afsuski, ijod va taqdir oldida har birimiz yolğizmiz. Barçamiz öz qismatimizni özimiz tortamiz!
Ötiriş esa qiziyapti.
Eng qiziği, ikki şoir – Jörabek va men aroq içmaydigan çiqdik. Boşqalar zavqu şavqqa tölib köpirişayotganda ikkalamiz sekingina gurunglaşib ötirdik.
– Qayerda öqigansiz?
Jörabek bir qimtinib, tabassum qiladi:
– Öqişga bir borgan edim. Qöl qisqaliq qilib… Öqiyolmadim.
Ana endi hayratlanib yurgan Sobir akayu  Ismat akaga öxşab, men ham karaxtlanaman.
– Maktabni bitirganingizdan keyin… biror joyda öqimaganmisiz?
– Yöq.
Unga qarab, mehrim jöşib ketadi.
– Barakallo! – deyman. – Barakallo, Jörabek!
Bu bolaga xudo bergan ekan! Adaşmay, köngilni topib borganini qarang! Faqat özi bilan özi gaplaşib, şeʼr yozavergan-da!  Yana qanday şeʼrlar!.. Ammo baribir içim açiydi. Öqiganda, adabiy davralarda bölganda, bir yillik yölga bir kunda yetib bormasmidi? Qiynalgan! Juda qiynalgan!
Ismat aka esa zavqu şavqqa tölib, ustma-ust qadah sözi aytayaptilar:
– Olaylik, oldirmaylik! Öv, Jörabek! Sen endi davralarni töldirib yur! Odamlarga qöşil! Bu dunyosi ötadi, ketadi! Öynab-kulganing qoladi!.. Qani, uriştir!.. E, içmaysan-da! Heç bölmasa, çoy bilan uriştir! Senga şunisi ham böladi!..
Xuddi şunday! Bizga çoy böladi!
– Biz çoy bilan ham mast bölamiz, a, Jörabek!
“Ha”, deb gapimni tasdiqlaydi Jörabek yuziga şavq yugurib va men imo qilgandan keyin piyolani qölga oladi.
Jörabek ikkalamiz çoy quyilgan piyolalarni kötaramiz.
– Ikkovlaringning bu içişlaringda şeʼrni kim yozadi?
Davra avj oladi.
Men Jörabekka zimdan qarab-qarab qöyaman. Negadir könglimga xavotir tuşadi.

Ertasi bir hamqişloğim uyiga taklif qildi.
Sobir akaga Jörabekni bilan birgalaşib borsak, yaxşi bölişini aytdim.
– Buni topiş ham qiyin…
Sobir aka yana qönğiroq qilişga tuşib ketdi.
– Böldi, keladi, – dedi nihoyat xotirjam tortib.
Jörabek haqiqatan ham keldi.
Mezbonning uyiga kun botişdan sal avval yetib bordik.
Mehmonxonaga dasturxon yozilgan ekan. Dasturxon aylanib ötirdik. Oçiq deraza tagiga Jörabekni ötqazdik.
Odatdagi mehmondorçilik. Latifa, Boysunning ötgan-ketganidan gangur-gungur suhbat. Men esa quvonib, Jörabekni hammaga qayta-qayta taniştiraman:
– Bu kişi katta şoir.
Bilişsin, faxrlanişsin, deb öylayotgan bölsam kerak-da!
Birpasda keç böldi. Derazadan körinib turgan yozgi boğni qoronğilik qamrab oldi.
Ötiriş gurillayapti. Hammani davraning sururi qamrab olgan.
Faqat Jörabek… bir özi ötiribdi. Sezib turibman, bir özi. Öqtin-öqtin derazaga hadiksirabmi, xavotirdami qarab qöyadi. U qoronği boğda nimani kördi?
Nahotki, men taxmin etgan öşa devor  qoronğilikka botgan daraxtzordan çiqib, u tomonga bostirib kelayotgan bölsa? Örab olayotgan bölsa?… Men u devorning siljib kelişini his qilaman. Suyaklarim sirqiraydi.
– Jörabekjon, – deyman, könglimdan ötayotgan gapni boşqalarga sezdirmaslik uçun baland ovozda, – Issiqlab ketdim. Bizga ham şabada tegsin! Derazaning yonini menga berib, joyimga öting.
Jörabek negadir menga qandaydir aybi borday iymanib qaraydi.
– Qani, böling!
Deraza tagiga ötdim.
Jörabekni esa qöyarda-qöymay törga – mening örnimga ötqazdik. U yengil tortganini sezdim.
– Yozilib ötiring, – deyman Jörabekka. – Bizday akalarning davrasida erkin ötiring!
Jörabek  “xöp” deganday boş qimirlatadi. Yana yuzida öşa bosiq tabassum. Yana u menga allaqanday körinmas devor içida ötirganday tuyuladi. Bu yigitga nima bölgan?
Ötirişdan çiqib, Jörabekni uyiga qoldirdik-da, xayrlaşdik.
Jörabek Ramazon bilan qayta diydor körişmoq menga nasib qilmadi.

Toşkentga Jörabekning bir dasta şeʼrlarini kötarib keldim. Bir turkum şeʼri çop ham etildi. Boysunga esa yolçib borolganim ham yöq. Ikkita norday toğam vafot etganida tongda borib, keçda şoşib qaytdim. Ha, yana bir yölim tuşganda jigarimga davo bölar ekanmi, deb Omonxonaga yugurdim… Jörabekni suriştirmadim. Negadir suriştirişdan ham çöçidim. Bu şoir esa yöqlab kelişni ham bilmaydi…

Kuzda Boysundan qönğiroq qilgan oğaynilardan biri Jörabekni “berib qöyişganini” aytdi. Kasal bölmasdan – yarim kungina yotar-yotmasdan jon uzibdi. Muzlab qoldim. “Bu dunyoning odami emas edi, özi”, deb öyladim içim kuyib.

Jörabek Ramazon 2014-yilning 1 oktyabrida vafot etdi.
U öttiz birga kirgan edi.

Rahmatli Qodir baxşi ğayğaylab aytgiç edi:
Bu dunyosi, döstlar, kaptarxonadir –
Biri qönib, biri uçib boradir…

Jörabek ham  uçib ketdi.
Bizga qoldirgani esa şeʼrlar.
Öqisang, vujudu ruhingga titroq soladigan şeʼrlar.

Usmon AZIM,
Özbekiston xalq şoiri

1950-yili tuğilgan. Toşkent davlat universiteti(hozirgi ÖzMU)ni tamomlagan.
Birinçi kitobi – “Insonni tuşuniş”. Şundan söng “Holat”, “Oqibat”, “Közgu”, “Surat parçalari”, “Dars”, “Ikkinçi aprel”, “Baxşiyona”, “Ğaroyib ajdarho”, “Uyğoniş azobi”, “Ğussa”, “Uzun tun”, “Bor ekan-da, yöq ekan”, “Kuz”, “Fonus”, “Yurak”, “Jimlik” kabi şeʼriy kitoblari naşr etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (84)