Turkistonlik talabalarning taqdiri tafsilotlari

0
67
marta ko‘rilgan.

Yana bir necha yildan keyin muhim tarixiy voqea – o‘zbekistonlik yoshlarning 1922-yili Germaniyaga o‘qishga yuborilganiga 100-yil to‘ladi.

Bu voqea, garchi o‘sha davrda kutilgan natijani bermagan bo‘lsa-da, yetmish nafar o‘zbekistonlik talabaning Germaniyadagi o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishi o‘z davrida qanday katta aks-sado bergan bo‘lsa, hozir ham o‘zbek jamiyatini shunchalik haya­jonlantirib keladi. Agar sovet davlati bu yoshlarning yaqin kelajakda yuqori malakali milliy kadrlar bo‘lib yetishishlaridan, Germaniyadagi ilmiy-texnik va madaniy taraqqiyot ta’sirida o‘zga kishilar bo‘lib qaytishlaridan qo‘rqmagani va tashvishga tushmaga­nida, Germaniyaga talabalar yuborish amaliyoti davom etgan va O‘zbekis­ton Respublikasi o‘tgan asrning 30-yillaridayoq SSSR tarkibidagi eng ilg‘or va taraqqiy etgan respublikalardan biriga aylangan bo‘lardi. Bundan manfaatdor bo‘lmagan sovet davlati dastlab talabalarning SSSRga qaytib, Rossiya­ning Moskva, Leningrad kabi shaharlaridagi o‘quv yurtlarida o‘qishlari lozim, degan qarorga keldi, o‘z orzu va maqsadlarida qat’iy turib, Germaniyada o‘qishni tugatib, vatanlariga qaytganlaridan keyin turli sohalarda ko‘tarinki kayfiyat bilan halol xizmat qilayotgan sobiq talabalarni qirib tashladi. O‘zlarini ham shunday fojia kutayotgan boshqa talabalar esa o‘zga mamlakatlarda qolib, shu mamlakatlarning taraqqiyotiga hissa qo‘shdilar.

 

Tarixga bir nazar

1922-yilning sentyabrida o‘zbekistonlik yoshlar Yevropa ilm-fani yutuqlaridan bahramand bo‘lish uchun nemis tuprog‘iga qadam qo‘yganlarida, Germaniya­ning barcha ilmiy-o‘quv markazlarida tahsil olayotgan ruslar soni 10 ming, yaponlar 4 ming, usmonli turklar 2 ming, eronliklar va afg‘onlar 500, arablar esa 200 nafar bo‘lganlari holda O‘zbekistondan birgina Abduvahob Murodiy o‘z yo‘li bilan borib, Gyote va Geyne vatanidagi oliy o‘quv yurtlaridan birida tahsil olayotgan edi. Bu raqamlarni ko‘rib, hayratga tushgan turkistonlik taniqli ma’rifatparvar Salimxon Tillaxonov “Chetga ko‘proq o‘quvchilar yuborish kerak” (“Turkiston” gazetasi, 1923-yil 11-mart) degan maqolasida jo‘shib yozgan edi: “Germaniyada Rossiyaning 10 000, Yaponiya­ning 4 000, Turkiyaning 3 000, hatto Xitoyning 3 000 talabasi bor ekan. Mana bu hisobga qaraganda, 12 million nufusga molik Turkistonimizdan 70 nafargina talaba­ning bo‘lishi hech vaqtda bizni qanoatlantira olmaydir. Harakat qilib, kelg‘usi yillarda Ovruponing har burchagiga 70 minglab talabalar yuborishimiz kerakdir. Bizning do‘xtirimiz, adibimiz, muarriximiz, texnigimiz, faylasufimiz va hokazo ulug‘ ishchilarimiz, yo‘l boshlag‘uvchilarimizni o‘z ichimizdan chiqarishimiz lozimdir. Tajri­balik do‘xtirlarimizning yo‘qligidan elimizning buyuk qismi qo‘rqinchli yuqumlik kasalliklar bilan dunyoga vaqtsiz vido etmoqdalar. Tarbiya yo‘sinini bilmaganimiz uchun yangi tug‘ilgan bolalarning 30 – 40 foizi o‘lib ketadir. Toshkentning o‘zida bizga qaraganda ozgina bo‘lgan ovrupoliklarning 100 ga yaqin do‘xtirlari bor. Bizda bo‘lsa, sog‘ni kasal qilg‘uchi, kasalni o‘ldirguchi 5 – 10 ta nodon tabiblarimizdan boshqa hech nimamiz yo‘qdir”.

O‘lkadagi  shunday achinarli vaziyat xalq va mamlakat tashvishi bilan yashayotgan kishilarda turkistonlik yoshlarni chet mamlakatlarga o‘qishga yuborish va yaqin kelajakda ular yordamida Turkistonni ilg‘or mamlakatlar qatoriga olib chiqish maqsadini uyg‘otdi.

1909-yil 12-mayda Toshkentda Turkiston jadidlarining “Jamiyati xayriya” tashkiloti tuzildi. Tashkilot turkistonlik ilmsevar yoshlarni Rossiyaning Peterburg,  Saratov, Qozon, Ufa, Orenburg, shuningdek, Turkiya va Misrning Istanbul, Qohira  singari shaharlariga dastlabki talabalarni yubora boshladi.

1909-yil 18-iyulda esa Buxoro shahrida “Tarbiyai atfol” tashkiloti tuzilib, u buxorolik bir guruh iste’dodli yoshlarni Istanbulga yubordi. Keyinchalik shu yoshlar orasidan Fitrat, Usmonxo‘ja, Atoxo‘ja singari davlat va madaniyat arboblari yetishib chiqdilar. Oradan  bir necha yil o‘tgach, chor hukumati ag‘darilib, uning o‘rniga sovet davlati barpo etildi. Xalq qornini katta va’dalar bilan to‘ldirgan sovet davlati siyosatining natijalarini ko‘rgan ziyolilar Toshkentda O‘zbek bilim hay’atini tuzib, 1921-yildayoq chet mamlakatlarga talabalarni jo‘natish masalasini o‘rgana boshladilar. “Turkistondan chetga borib o‘qish uchun, – deb yozdi Elbek “So‘nggi ko‘makni kimlardan kutishimiz kerak?” degan maqolasida, – 1921-yil boshlarida O‘zbek bilim hay’ati tomonidan bir loyiha tuzilib, boshida student Sayyid Alixo‘ja bo‘lgani holda bir necha o‘quvchilar­ning ro‘yxati olinib, hukumatga topshirilgan edi. Bir necha muddat buning ketidan yurib, natijada hukumatimizning moddiy ko‘mak bera olmasligi bilingach, bu masala o‘z-o‘zidan to‘xtaldi. Lekin o‘quvchilardan qaysi bir o‘ziga to‘qroqlari (garchi borliq narsalarini sotib bo‘lsa-da) yana chetga ketmoq orzusida bo‘l­dilar. Bularning o‘zaro tashabbusini ko‘rgan O‘zbek bilim hay’ati chetdan tomoshachi bo‘lib tura olmadi.  Bo‘lsa-bo‘lmasa-da, umid bilan ishga kirishdi va chetga ketguchi studentlarning o‘zlaridan bir komissiya tuzib, shul komissiyaga Sayyid Alixo‘jani boshliq etib, “Ko‘mak” otida bir uyushma tuzdi. Uyushma kecha-kunduz ishlab, turli yoqdan gadoylik qilib bo‘lsa-da, bir kishini chetga jo‘nata oldi”.

Bu baxtli inson Abduvahhob Murodiy edi. 1901-yili Toshkentda kambag‘al oilada tug‘ilgan A.Murodiy Shayxontohur dahasidagi “Xoniy” va “Namuna” maktablarini bitirganidan so‘ng, qisqa muddat Namanganda muallim bo‘lib ishlagan. So‘ngra Bokudagi o‘quv yurtlarida tahsil olgan, 1921-yili Germaniyaga borib, qishloq xo‘jalik (ziroat) akademiyasiga o‘qishga kirgan. Afsuski, unga homiylik qilishga va’da bergan boyning bevaqt qazo qilishi munosabati bilan A.Murodiy Germaniyada og‘ir iqtisodiy ahvolda qolgan.

“Turkiston” gazetasining 1922-yil 26-noyabr sonida “Chetdagi talabalarga yordam” degan maqola bosilib chiqadi. Undan ma’lum bo‘lishicha, A.Murodiy “Ko‘mak” uyushmasiga murojaat etib, oliy ziroat maktabni bitirguniga qadar ta’min qilmoqni bo‘yniga olgan bir shaxsning vafot etgani va natijada ta’minsiz qolganini, agar o‘z yurtidan yordam bo‘lmasa, o‘qishni tashlashga majbur ekanligini aytgan. Murodiyning og‘ir moddiy ahvolga tushib qolganini undan bir yil keyin Berlinga yetib borgan Sayyid Ali va Ahmad Shukriylar ham tasdiqlaganlar. 23-noyabr kuni Toshkent yoshlarining “gap” yig‘ilishlarida Murodiyning xati o‘qib berilgan va yig‘ilganlar bir og‘izdan o‘z maoshlarining 25 foizini Berlinga yuborishga va’da berganlar. Shu kuni yana bir necha kishining himmati bilan 1 milliardga yaqin mablag‘ to‘plangan. “Gap majlisida, – deb yozgan edi gazeta, – hozir bo‘lmagan boshqa o‘rtoqlardan ham yig‘ib, shul mablag‘ni o‘rtoq Abuvahhobning bir yillik ta’minotiga yetkaz­makka bo‘lindi. Shul maqsad bilan Eski shaharda adabiyot-tomosha kechasi yasamoq uchun kishilar belgilandi”.

Oradan uch hafta o‘tgach, shu gazetada M.Usmoniyning “Berlindagi talabalarga ko‘mak” degan hisobot-maqolasi bosiladi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi: “Toshkentda maorif-madaniyat ishlarida ishlaguvchi bir to‘da yoshlarning tashabbusi bilan Berlin oliy ziroat madrasasida o‘qig‘uvchi talabamiz Abduvahhob o‘rtoqning ta’minoti uchun quyidagicha moddiy ko‘mak yig‘ildi:

Sayyid Nosir Mirjalil 20 000 so‘m; Tolibjon Musa­boyev 10 000 so‘m oltin; Abdulhamid Sulaymon 7 000; Najmiddin Sherahmedov 5 000; Hamidulla Orif­jon ham Xolmuhammad Oxundiylar 4 000 so‘mdan; Muhiddin Usmoniy, Munavvar qori, Zufar Usmoniylar 3 500 so‘mdan;  Shokirjon Rahim, Abdunabi hoji o‘g‘li, Teshabek Otabekov, Muhammadjon qori Rahimiy va Asadulla Xo‘jaxonovlar 2 500 so‘mdan; Salimxon Tillaxonov 1 200 so‘m.

6-dekabrda yasalgan adabiyot kechasidan sof foyda 75 000 so‘m.

Barchasi: 139 700 so‘m. Bu pullar tegishli yo‘l bilan o‘rtoq Abduvahhobga yuborildi”.

Turkistonning ilg‘or jamoatchiligi mehr, shafqat va ko‘mak kechalarini o‘tkazish bilangina kifoyalanmadi. Shu gazetaning 1923-yil 15-aprel sonidan o‘rin olgan o‘sha muallifning “Chetda o‘quvchilarni unutmaylik” degan eslatma-maqolasida bunday so‘zlar yozilgan edi: “Turkiston, Buxorodan Berlinga o‘qishga ketgan o‘quvchilarning ko‘plari turlik muassasalarning ko‘magi bilan, ba’zilari, eng ko‘p bo‘lganda, bir yillik ta’minotlariga yetarlik narsa bilan ketganlar. Ba’zi bir talabalar juda oz aqcha, hatto quruq “tavakkal” yo‘li bilan borib qolganlar”. Maqola muallifi nafaqat talabalar holi, balki Birinchi jahon urushidan chiqqan Germaniyadagi og‘ir ahvolni ham unutmay, bunday davom etgan: “Ma’lumdirkim, Jahon urush natijasi Germaniyaning iqtisodiy ahvolini juda izdan chiqarib yubordi. U yerda ham bizdagidek soat sari bozor baholari ko‘tarilib, oqcha qadri kun sayin tushib boradir. Bu, albatta, o‘quvchilarimizning turmushiga ta’sir etmay qolmaydir. Biz ul yerda o‘quvchilarimizning muhtojlarini anglab olaylik, ularning holidan tez-tez xabar olib turaylik…”

Muallifning fikricha, talabalarning moddiy qiyinchilik orqasida o‘qishni tashlab kelishlari Turkiston uchun, uning ziyolilari uchun, “mas’ul ishchilari” uchun  xunuk hol, sharmandali voqea edi. Shuning uchun u vatandoshlarini mamlakat kelajagini o‘ylash va shu yo‘lda muruvvatli va hojatbaror insonlar bo‘lishga chaqirdi: “Kelgusimizning mahkam ustuni bo‘lgan chetdagi o‘quvchilarimizni unutmasdan, har vaqt ularga yordam berish to‘g‘risida qayg‘uraylik”.

Agar shu yillarda Turkiston xalqining ham iqtisodiy qiyinchilik va mashaqqatlarni boshidan kechirganini ko‘z oldimizga keltirsak, Buxoro Xalq Sho‘ro respublikasi va Turkiston avtonom respublikasining yetmishga yaqin yoki ortiq farzandlarini kuni kecha sovet davlatining dushmani bo‘lgan Germaniyaga o‘qishga yuborishi tarixiy jasorat, ziyolilarning ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari esa ma’naviy-ma’rifiy yuksaklik namunasi edi. Bularning hammasi zamirida milliy taraqqiyot va milliy istiqlolga erishish orzusi va maqsadi yotardi.

 

Gyote diyorida

Buxoro o‘z mollari bilan jahon bozorini O‘rta Osiyoning boshqa viloyatlariga qaraganda ancha erta egallagan. Rossiyada bo‘lganidek, Yevropada ham qishning qattiq kelishi va bir necha oyga cho‘zilishi aholidan issiq kiyinishni taqozo etgan. Imkoniyati bor kishilar nafaqat issiq, balki qimmatbaho matolardan, mo‘yna va terilardan tikilgan kiyim-boshlarni kiyishgan. Bu hol XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro qorako‘lining Yevropa bozorini zabt etishiga sabab bo‘ldi. Buxorolik qorako‘l savdosi bilan shug‘ullangan boylar Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlarga borib, qorako‘l savdosini yo‘lga qo‘yibgina qolmay, tushgan foyda evaziga shu shaharlardagi hashamatli uylar va univermaglarni sotib oldilar. Agar Oktyabr to‘ntarishi ro‘y berib, xorijdagi va mamlakat ichkarisidagi boylarga tegishli mol-mulk gado davlat foydasiga musodara etilmaganida ulardan o‘nlab o‘zbek va tojik Rokfellerlari chiqqan bo‘lardi.

Germaniya shu yillarda ilm-fan, texnika va madaniyat jihatidan jahonning eng taraqqiy etgan mamlakati edi. Buxorolik va boshqa shaharlik savdogarlar Germaniyaga kamalak nurlari bilan tovlanuvchi mo‘ynalarni olib borish bilangina kifoyalanmay, yengil mashinalarni, qishloq xo‘jalik asbob-anjomlarini, tikuv mashinalari-yu uy-joy buyumlarini olib kelishdi. Turkistonda “Zinger” tikuv mashinasini ko‘rmagan xonadon bo‘lmadi.

Turkiston ziyolilari XX asr boshlarida xayriya jamiyatlarini ochib,  agronomlar, injenerlar, shifokorlar, me’morlar, huquqshunoslar, konchilar va boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun yoshlarni xorijga yuborish masalasini ko‘targanlarida, ular fikricha, talabalarni yuborish mumkin bo‘lgan mamlakat faqat Germaniya edi.

Xullas, 1922-yildan boshlab yosh Turkiston respublikasi rahbarlari Buxoro respublikasi rahbarlari bilan birga Germaniyaga 70 ga yaqin yoki 70 dan ziyod yoshlarni o‘qishga yuboradi. Bu raqam turli manbalarda turlicha qayd etilib keladi. 1923-yil sentyabrida talabalar ahvolini bilish va yaxshilash uchun Germaniyaga borgan Turor Risqulov “Germaniyadagi o‘quvchilarimiz” (“Turkiston” gazetasi, 1923-yil 19-dekabr)  maqolasida ular soni haqida bunday ma’lumotni bergan: “Turkiston o‘quvchilari 11, Buxoro o‘quv­chilari 47 kishidir. Turkistonliklar­ning 7 nafari o‘zbek, 4 nafari qozoqdir. Ularning hammasi Turkiston sharoitiga to‘g‘ri keladigan maktablarda o‘qiy­dilar. 4 nafar o‘zbek texnika akademiyasida (bu maktab Germaniyada atoqli bo‘lib, 4 yil nazariy va bir yil amaliy ish qilinadir), 2 nafar qirg‘iz qishloq xo‘jalik akademiyasida (3 yil o‘qish va 1 yil amaliy ish), 2 qirg‘iz ko‘nchilik maktabida o‘qiydir (Rustenburg‘da 2 yil tajriba oladir), 2 o‘zbek (biri qiz) gimnaziyada (1 yil o‘qish, 3 yil tajriba), 1 o‘zbek dorilfununda (tibbiyot shubasida, 3 yil o‘qish, 1 yil tajriba) tahsil oladir”.

Shu manbadan ma’lum bo‘lishicha, buxoroliklar orasida 35 nafar o‘zbek, 8 nafar tatar  (bulardan 4 nafari qiz), 5 nafar turkman, 2 nafar qirg‘iz va 1 nafar yahudiy  bo‘lgan. T.Risqulov bergan ma’lumotga qaraganda, Germaniyaga o‘qishga borgan turkistonlik va buxoroliklarning umumiy soni  49 nafari bo‘lgan.  Ammo bu raqam ham haqiqiy ahvolni mutlaqo aks ettirmaydi. Bu boradagi izlanishlar shundan shahodat beradiki, 1922-yili Gyote diyoriga o‘qishga borgan talabalarning umumiy soni 70 dan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo oz emas.

Ushbu mavzuning ilk tadqiqotchisi, fidoyi olim Sherali Turdiyev “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” monografiyasining ikkinchi nashrida (Toshkent, 2006) vataniga qaytib kelgan talabalardan 12, qaytib kelmaganlardan esa 5 nafari haqida to‘la ma’lumot berdi. U mazkur mavzu ustida ishlash jarayonida Shokir Sulaymon, Turor Risqulov, Olimjon Idrisiylarning 20-yillar matbuotida chop etilgan maqolalarini, sobiq talabalar­ning oilaviy arxivlarida saqlangan hujjat va fotosuratlarni topib, e’lon qildi. Ularning keyingi ijtimoiy, ijodiy va pedagogik faoliyatini Davlat xavfsizlik xizmati arxividagi “delo”lar asosida o‘rganib, o‘nlab maqolalar yozdi.

Ism-sharifi

Qachon

ketgan?

Qayerda o‘qigan?

Keyingi taqdiri

1

Abduvahob

Murodiy

(1901–1938)

1921

Berlindagi Oliy qishloq xo‘jalik maktabi

Vataniga qaytib, Shreder nomidagi Bog‘dorchilik instituti va boshqa muassasa­larda ishlagan. 1938-y. da otib tashlangan.

2

Solih Muhammad

(1902–1938)

1922

Shtutgartdagi Oliy qishloq xo‘jalik maktabi

1927-y. vataniga yozgi ta’tilga kelgan. Qaytib ketishiga ruxsat berilmagan. Kattaqo‘rg‘on tajriba stansiyasi va boshqa joylarda ishlagan. 1938-y.da otib tashlangan.

3

 

To‘lagan Mo‘min

(1902–1938)

1922

Berlindagi oliy texnika maktabi

1931-y. vataniga qaytib, elektr energiyasi

sohasida bosh injener bo‘lib ishlagan. 1938-y.da otib tashlangan.

4

Sulton Matqul

(1902–1938)

1922

Berlindagi oliy texnika maktabi

1931-y. vataniga qaytib, Fan komitetida rais o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1938-y.da otib tashlangan. U bilan birga qamalgan xotini Basya Raybman (Matqulova) 1939-y.da ozod qilingan.

5

Gulsum Rahimova 

(1902–1938)

1918

Drezdendagi qizlar gimnaziyasi

1925-y. O‘zbekistonga qaytgach, Maorif xo­dimlari malakasini oshirish institutida ishlagan. 1937-y.da otib tashlangan.

6

Sattor Jabbor

(1905–1938)

1922

Berlin universitetining kimyo fakulteti

1931-y. vataniga qaytib, Toshkent Tibbiyot

ins­titutida kimyo kafedrasi mudiri bo‘lib

ishlagan. 1938-y. da otib tashlangan.

7

Xayriniso Majidxonova (1905–1938)

1922

Darmshtadtdagi gimnaziya; tibbiyot kurslari

1928-y. vataniga qaytib,

O‘qituvchilar uyida shifokor bo‘lib ishlagan. 1938-y.da otib tashlangan.

8

Maryam

Sultonmu-rodova (1905–1972)

1922

Darmshtadtdagi O‘qituvchilar seminariysi

1928-y. vataniga qaytib, Eski shahardagi

Kommunistik universitetda, keyin “Guliston” jurnalida ishlagan. 1937-y. qamoqqa olinib,

15 yil qamoq jabrini tortgan.

9

Ruqiya Xo‘jayeva (Rahimova)

(1908–1937)

1918

Drezdendagi maktabgacha ta’lim va tarbiya bilim yurti

1925-y. o‘qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytgach, turli muassasalarda, jumladan, Samarqand­dagi oliy pedagogika akademiyasida ishla­gan. 1937-y.da otib tashlangan.

 

Qaytib kelmaganlar

1

Sayyid Ali Usmoniy (Anqara)                                                                                                                       

1922

Berlindagi oliy muhandislik

maktabining kimyo fakulteti

2

Afzal Abusaid

(Vensurel)

1922

Berlindagi oliy texnika akademiyasining me’morlik fakulteti

3

Ahmadjon Ibrohimov (O‘qoy)

1922

Berlindagi oliy texnika maktabi­ning ma’danshunoslik fakulteti

4

Bilol Fathulla (Fatxullin)

1918

Berlindagi oliy texnika maktabi

5

Ataulla Sadriddin

1922

Drezdendagi texnika  maktabi 

6

Shamsulbanot Idris

1922

Berlin universitetining tibbiyot fakulteti

7

Xayrinisa Ismoil

1922

Berlin universitetining tibbiyot fakulteti

8

Abduvahob Is’hoq

o‘g‘li (O‘qtoy)

1922

Xaydelberg universitetining tibbiyot fakulteti

9

Bahoviddin Amin (Emin)

1922

Berlin universitetining tibbiyot fakulteti

10

Azimbek

Berimjon

1922

Berlindagi oliy qishloq xo‘jalik maktabi

11

Ahmad Naim  Ashur o‘g‘li (O‘ktam)

1922

Berlin universitetining  siyosiy iqtisod fakulteti

12

Ahmad Shukriy

 

1922

Berlin universitetining falsafa va tarix fakulteti

13

Abdumajid Ibro-himov (O‘qoy)

1922

Berlindagi Oliy qishloq xo‘jalik maktabi

14

Tohir Shokir (Chig‘atoy)

1922

Xaydelberg universitetining iqtisod fakulteti

15

Sobir Ibrohimov (Chig‘atoy)

1922

Darmshtadtdagi  oliy texnika

maktabining kimyo fakulteti

16

Vali Qayumxon

1922

Berlindagi qishloq xo‘jalik maktabi

17

G‘iyosiddinov

Salohiddin

1922

AE elektrotexnik fabrika

18

Sadriddin Ziyoviddin

1922

Freyburgdagi teri sozlash maktabi

19

Kivam Kiram1

1922

Leypsigdagi tipografiya

20

Abror Rashid

1922

Leypsigdagi tipografiya

29

Xait Abdusamat

1922

Golsterndagi mashinasozlik zavodi

30

Olimjon Qodiriy

1922

Vittengauzendagi qishloq xo‘jalik maktabi

31

Abdulla Po‘lat

1922

Qishloq xo‘jalik maktabi

32

Izzatulla Emin

1922

Gelshtadt

33

Beknazar Abdulla

1922

34

Hamro Abdulla

1922

35

Omonulla Nusratulla

1922

Berlindagi Lyudvig Le

mashinasozlik zavodi

36

Muhammad Xo‘ja

1922

Berlindagi Real bilim yurti

37

Safar Hakim

1922

“Berdziger” elektrotexnik zavodi

38

Fidoi Bubinskiy

1922

Drezdendagi texnika maktabi

39

Mishel Ibragimov

1922

Niderzedlitsedagi “Zaxsenverk” fabrikasi

40

Normurod Murodov

1922

Golsterndagi mashinasozlik zavodi

41

Afzal Hakimjon

1922

Berlindagi oliy texnika maktabi

42

Temurbek Kazbekov

1922

Oliy tekstil bilim yurti

43

Domulla Bitleyev

1922

Ko‘nchilik

44

Abdurahmon Munaitbasov

1922

Ko‘nchilik

45

Ibrohim Orifxon (Yorqin)

1922

Berlindagi oliy qishloq xo‘jalik akademiyasi

46

Fuzail Sherahmedov

1922

Shterlisdagi yo‘l bilim yurti

47

Hamid Samadov

1922

Shterlisdagi mashinasozlik texnikumi

48

Xayriniso Ismoilova

1922

Berlin universitetining

tibbiyot fakulteti

49

Rahmatjon

Avezjonov

1922

Kyoslindagi davlat pedagogik

tarbiya muassasasi

50

Muhammadjon Avezjonov

1922

51

Abdurahim Burhonov

 

52

Usmon Omon

1922

53

Isomiddin Alovuddin

1922

54

Abdulla Abdurahim

1922

55

Ochilbegi Bo‘kon

1922

56

Xolmurod Xo‘ja

1922

57

Iskandar Porso

1922

58

Ne’mat Narzulla

1922

59

Haratqul Ochil

1922

60

Beshim Solih

1922

61

Jo‘ra Hamro

1922

62

Safar Halim

1922

63

Rahimqul Ro‘zi

1922

 

Sh.Turdiyevdan keyin shu masala bilan qiziqqan taniqli san’atshunos olim Sirojiddin Ahmedov ham davlat ar­xivlarida ishlashi jarayonida Germaniyada o‘qigan yana 10 dan ziyod talabaning ism-sharifini aniqladi.  Bu ikki tadqiqotchining izdoshi Bahrom Irzayev esa 10 dan ziyod talabaning hayoti va fojiali taqdiriga doir ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. U shu talabalar izidan tushib, ularning yaqin qarindoshlarini hamda xususiy va davlat arxivlarida saqlangan hujjatlar-u fotosuratlarini topib ommalashtirmoqda.

Shu vaqtga qadar mamlakatimizda olib borilgan izlanishlar va tadqiqotlardan tashqari, xorijda ham o‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga borgan talabalar taqdiri bilan qiziqqan olimlar yo‘q emas. Ulardan biri xorijda Ahad Andijon (Andijoniy) nomi bilan tanilgan vatandoshimizdir. Uning yaqinda Toshkentda nashr etilgan “Turkiston uchun kurash” (T., 2017, 2-kitob) kitobida Turkistonda XX asr boshlaridan 50-yillargacha ro‘y bergan tarixiy voqealar o‘z tasviri va talqinini topgan.

 

Germaniyaga yuborilgan talabalar

1922-yilda o‘zbekistonlik talabalarning Germaniyaga o‘qishga yuborilishiga oid maqola va risolalarda ular soni, yuqorida aytilganidek, turlicha ko‘rsatilib keladi. Taniqli jurna­list va yozuvchi Abduqahhor Ibrohimovning “Toshkentning bir yaprog‘i” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi (1993-yil 28-may) maqolasidan o‘rin olgan amakisi Ahmadjon Ibrohimovning xotirasida esa shu haqda bunday ma’lumot berilgan: “1922-yil­ning oxiriga qadar Turkistondan chet ellarga turli-tuman yo‘llar bilan 200 ga yaqin talaba o‘qishga yuborildi. 5 talaba Turkiyaga, 25 tala­ba Ozabayjonga, Bokuga, 50 ga yaqin talaba Moskvaga va 74 talaba Olmoniyaga yuborildi (ta’kid bizniki – N.K.). Olmoniyaga yuborilgan talabalarning 56 tasi Buxoro jumhuriyatidan, 16 tasi Turkiston jumhuriyatidan va 2 talaba Xiva jumhuriyatidan edi”.

Mazkur masala bilan qiziqqan Shera­li Turdiyev “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” degan kitobi (T., 2006)ga 20-yillarda O‘zbekis­ton matbuotida, keyinchalik Turkiyada e’lon qilingan maqola va xotiralarni ham ilova qilgan. Shu maqola va xotiralarda Germaniyadagi oliy texnika maktabida o‘qigan 8, dorilfununlarda tahsil olgan 5 (O.Idrisiy maqolasida), Germaniyadagi oliy o‘quv yurtlarini bitirgan 20 nafar (I.Yorqin xotirasida)  talabaning ism-sharifi qayd etilgan. Keyinchalik bu ro‘yxat S.Ahmedov va B.Irzayev tomonidan to‘ldirib borildi. Shunga qaramay, mavjud ro‘yxatlarning chalaligi shubha uyg‘otmaydi.

Biz quyida yuqorida tilga olingan manbalar asosida 1921–1922-yillarda Germaniyaga yuborilgan talabalarning hozircha to‘la ro‘yxatini tuzishga va ular haqidagi asosiy ma’lumotlarni berishga urinib ko‘ramiz.

O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida Buxorodan borgan o‘quvchi va talabalarning Germaniyada bo‘lishiga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lgani holda, Turkistondan borgan o‘quvchi va talabalarga oid hujjatlar yetarli emas. Bizningcha, Turkistondan ham Germaniyaga kamida 10-15 nafari o‘quvchi borgan bo‘lishi mumkin.

 

G‘oyaviy kurashlar girdobida

Sovet davlatining Lenin imzo chekkan birinchi deklaratsiyasi (1917)ga ko‘ra, Rossiya hududidagi xalqlarga o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash huquqi berilgan edi. Bu, bir tomondan, xorijiy davlatlarni chalg‘itish, ikkinchi tomondan esa, mustamlaka o‘lkalardagi istiqlolsevar kuchlarni aldash uchun chiqarilgan hujjat edi. Buni yaxshi bilgan Buxoro va Turkistonning o‘sha yillardagi rahbarlari taxminan yetmish nafar talabani Germaniyaga jo‘natishdan avval Moskva va Leningrad singari shaharlardagi o‘quv yurtlariga ham bir qancha talabalarni yuborishga qaror qilishgan. Bu ularning, bir tomondan, sovet davlati rahbarlarida o‘zlariga nisbatan ishonch uyg‘otish, ikkinchi tomondan, xorij bilan Rossiyada ta’lim olgan talabalar­ning bilim darajasini qiyoslash va xulosaga kelish uchun qilingan amal edi. Ammo sovet davlatining Turkiston va Buxorodagi ziyrak ko‘zlari xorijda ta’lim ola boshlagan milliy kadrlarning “erkin dunyo” qadriyatlariga uchib, sovet davlatining ko‘r va kar fuqarolari bo‘lib shakllanmasligi mumkinligini sezganlar. Ular ta’sirida bo‘lgan kishilardan biri esa 1923-yilda farg‘onalik yoshlarning xorijga otlanayotganlarini ko‘rib, bunday vovaylo qilgan edi: “Bu harakatda bo‘lg‘uvsi o‘rtoqla­rimiz Rossiyaning bugungi kunda eng yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va har kim tushunarlik o‘rta va oliy maktablarini ko‘zlari ko‘rmayin, zagranitsadagi burjua, maz­lumlar dunyosi­ning oydin dushmani bo‘lgan oqsuyaklar ruhi, burjua ideologiyasi bilan tarbiya qiladirgan maktablarni ko‘radirlar… O‘zining bilimi, hunari bilan elning xo‘jaligini, salomatligini, madaniyatini ko‘taradurgan yigitlarimiz faqat Rossiyada bo‘lgan o‘rta maktablar orqali tarbiyalanib, oliy maktablardan yetishishlari ochiqdan-ochiq ma’lum bir narsadir”.

Qamchinbek (Aynullin)ning “Farg‘ona” gazetasi (1923-yil 8-iyun)da bosilgan bu maqolasiga qarshi Abu Tavfiq taxallusli noma’lum muallif shu gazetaning 1-iyul  sonida “Chet ellarga o‘quvchilar yuborilsin” degan maqola bilan chiqqan va sarlavhada ifodalangan fikrini bunday misol bilan asoslashga intilgan: “Ko‘z oldimizga madaniylashgan Yaponiyani keltirganimizda juda kenglik va maorifga beril­ganin ko‘ramiz. Yaponiya, bir tomondan, Ovrupoga talaba yuborsa, ikkinchi tomondan, Amriqoga yubora boshladi. Yaponiya bu harakati bilan 1866-yilga kelganda Ovrupo va Amriqo mamlakatlarini talabalar bilan to‘ldirib yubordi. Shundoq mutaassib majusiy bir mamlakat 1887-yilga kelganda Ovrupodagi millatlar qarshisida birinchi, Amriqo millatlari qarshisida ulug‘ darajali bo‘lib tanildi. Shu vaqtda Yaponiyada o‘quvchi o‘g‘illar 90 foizni tashkil etdi. 1905-yilga kelib, Yaponiyaning o‘qigan xalqi 100 foizga yetdi. …yaponlar Ovruponi demadi, Amriqoni demadi. Har nima bo‘lsa bo‘lsun, o‘qisun, dedi”.

1924-yili Buxoro va Xorazm sho‘ro respublikalari hamda Turkiston avtonom respublikasi tugatilib, ular o‘rnida O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi barpo etiladi. Bu O‘zbekis­tonda sovet davlat tuzumining mustahkamlanishini, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi rahbarlari huquqlarining esa cheklanishini ang­latuvchi voqea edi.

Shu voqeadan bir muncha avval  Germaniyaga o‘qishga yuborilgan yoshlar Turkiston Talabalar jamiyatini tashkil etgan va bu jamiyatga rais etib Abduvahob Murodiyni saylagan edilar. Bu jamiyatni tuzishdan maqsad, xorijda yashagan vatandoshimiz Ahad Andijonning yozishicha, “turkistonlik talabalarni bir tashkilot  atrofida birlashti­rish va Ovrupo ilm-u irfonini Turkistonga tanitishga, Turkistonning ijtimoiy ha­yotining, san’atining zamonaviy ilm-fan, texnika yutuqla­ridan foydalangan holda yangilanishiga  Turkiston xalqining kapitalistlar asoratidan qutulishiga xizmat qilishdan iborat bo‘lgan. Bu jamiyatning yana bir vazifasi Turkistondan Ovrupoga keladigan talabalarning qanday yo‘l bilan kelishidan qat’i nazar, doim qo‘llab-quvvatlash, yordam berish ekanligi ham ta’kidlangan[1]”.

1924-yil oxirlarida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘zgarganidan so‘ng “O‘rta Osiyo milliy avomiy ihtilol jamiyatlari ittifoqi” (A.Andijon iborasi)ning Ovrupodagi yig‘i­lishi o‘tkazilib, tashkilot nomi “Turkiston ozodlik jamiyati” deb o‘zgartiriladi. Talabalar jamiyati nomining bunday o‘zgartirilishi va jamiyatning o‘z oldiga ko‘lamli vazifalarni qo‘ygani sovet davlatining tegishli idoralarini o‘ylantirib  va tashvishlantirib qo‘yadi. Shu yili (A.Andijon bergan ma’lumotga qaraganda, 1925-yili) O‘rta Osiyo davlat universiteti rektori Meyerson Berlinga borib, talabalarning qanday yashab va qanday ta’lim olayotgani masalasini o‘rga­nish o‘rniga, ularni vatanla­riga qaytarish targ‘iboti bilan shug‘ullanadi.

“Meyerson ilk ishni, – yozadi A.Andijon, – Buxoro Xalq Jumhuriyatidan yuborilgan kichik yoshdagi o‘quv­chilardan boshladi va ularni ta’lim olayotgan maktabla­ridan chiqarib, barini to‘plab, orqaga (Buxoroga – N.K.) qaytarib yubordi. Ulardan atigi beshtasi Ahmad Naim (u shu yillarda Turkiyaning Berlindagi elchixonasida tarjimon bo‘lib ishlagan) ning va Varshavadagi Turkiya elchixonasining sa’y-harakati tufayli Rigadan yana Olmoniyaga qaytarib olib kelindi. Keyinroq bu besh kishi turk elchisining yordami bilan Turkiyaga yuborildi va ular maktabni o‘sha yerda tugatishdi. Shu orada sovet hukumati Bu­xorodan kelgan talabalar uchun beriladigan mablag‘ning olmon banklaridagi hisob raqam­larini yoptirib qo‘ydi. Ammo litsey yoki universitetlarning so‘ng bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar o‘z ta’lim dargohlari bilan aloqani uzmadilar. Endi ular – elchixona xodimlari – “o‘z istaklari bilan” sovetlar yurtiga qaytishlari uchun talabalarga zug‘um qila boshladilar…

Shundan so‘ng talabalar­ning bir qismi O‘zbekistonning Berlindagi vakolatxonasiga xat bilan murojaat etib, o‘qishlarini tugatmasdan orqaga qaytishlari katta isrofga sabab bo‘lishini va bu ish Turkistonning kelajagi uchun zarar ekanligini ta’kidlab, ta’lim olishda davom etishlariga yordam berishni so‘radi. Ammo ularning iltimosnomalari javobsiz qoldi. 1930-yili esa milliy harakatlarga, bolsheviklarga qarshi guruhlar va sobiq jadid­larga aloqasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, talabalarga be­rilayotgan stipendiyalar uzil-kesil to‘xtatildi.

Natijada 20 ga yaqin talabagina Germaniyadagi oliy o‘quv yurtlarini tugatib, stalinchi jallodlar qilich qayrab turgan vatanlariga oliy ma’lumot olganlari haqidagi diplom bilan kelishga muvaffaq bo‘ldilar.

 

Ona vataniga qaytganlar va qaytmaganlar

B.Irzayevning “Turkiston jadidlarining “Ko‘mak” tashkiloti” kitobidan o‘rin olgan Sattor Jabborning “Germaniyada O‘rta Osiyo talabalarining ikki yili” (“Turkiston”, 1924-yil 2-sent­yabr) degan maqolasida  esa “Germaniyada O‘rta Osiyo hisobidagi studentlar”ning quyidagi ro‘yxati shu masala bilan shug‘ullanuvchilar e’tiboriga havola qilindi:

 

Bu jadval 1922-yili Germaniyaga borib, turli shaharlardagi o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan talabalar to‘g‘risida mukammal tasavvur bermasa-da, biz O‘zbekiston tarixining eng og‘ir va mushkul yillarida Yevropaga o‘qish istagi bilan borgan yetmishga yaqin yoki yetmishdan ortiq ota-onalari­miz jasorati haqida ozmi-ko‘pmi tasavvur hosil qilamiz. Ayni paytda endigina chor mustamlakachiligi kishanlaridan qutulgan Buxoro res­publikasi va Turkiston avtonom respublikasi rahbarlari “qizil saltanat”ning qarshiligiga qaramay, yosh yigit va qizlarni Yevropaga o‘qishga yuborib, ulug‘ tarixiy ishni amalga oshirganlarki, bundan hayratga tushamiz.

Maqola muallifi shu jadvalni gazetxonlar e’tiboriga havola qilar ekan,  quyidagi so‘zlarni g‘urur bilan yozgan: “1924-yil bundagi turkistonliklar uchun baxtlik yillardan ekan. Student va o‘quvchilarimizning bosgan qadamlari uzoqlarga tushdi. Berlin oliy ziroat maktabida Abduvahhob Murodiy va oliy texnika maktabida Bilol kabi yigitlarimiz maktablarida eng muhim sinovlardan bo‘lgan bi­rinchi imtihonlarini (vorigsamen) va Ahmadjon Ibrohimov ham oliy texnika maktabi tomonidan talab qilingan imtihonni yaxshi darajalar bilan bitirib qutuldilar. Bilol va Murodiy o‘rtoqlar bir yildan so‘ng maktablarini bitirsalar kerak. Ahmadjon katta imtihonga tayyorlanib turadir. Boshqa studentlarimiz ham maktablarga imtihonlarni berishga tayyorlanib turibdirlar. Dorilfunun professorlari Turkiston studentlaridan xursanddirlar[2]”.

Sattor Jabbor, bir tomondan, Germaniyadagi hayotni, iqtisodiy, ilmiy va madaniy taraqqiyotni, nemislarning olis Osiyodan kelgan “qora ko‘zlar”ga bo‘lgan samimiy munosabatlarini ko‘rib, ikkinchi tomondan, o‘pkalanib yozgan: “Ovrupo va Amriqo bilan yurtimizni solishtirsak, Turkiston motamxonadan iboratdir. Kunbotarliklar tabiatni o‘yunchoq qilganlar. Biz esa tabiatga o‘yunchoq. Elimiz oxirat dardi bilan ovvora, ya’ni tirikligimizdan o‘limimiz hokim (ta’kid bizniki – N.K.). Ovrupoliklar esa istiqbolda yashash uchun hozirlanmoqdalar. Mana, biz, turkistonliklar­ning yangi dunyodan ajralib qolishimiz. Ochibroq aytganda, ajratgan narsa mashina davridan uzoqqa tushganimizdir. Shuni ko‘zda tutib, ko‘p o‘quvchilar mashina, to‘qimachilik, ko‘nchilik, boqcha, ziroat va matbaachilik kabi o‘rta sanoat maktablariga kirdilar.  Germaniya o‘rta sanoat maktablariga kirgan o‘quvchilarning bir to‘dasi 1925-yilda maktablarini bitirsa kerak[3]”.

Kamina o‘zbekistonlik yoshlarning Germaniyada tahsil olishi masalasi bilan uzoq yillardan beri qiziqib kelayotganim uchun S.Jabborning bu so‘zlarini o‘qib, ularning  o‘z hayotlarini qanchalik yuksak orzu va maq­sadga bag‘ishlaganlaridan, shu  orzu va maqsadga erishish yo‘lida birlarining halok etilganlari, boshqalarining esa xorijda qolib ketishga majbur bo‘lganlarini eslab, larzaga tushaman.

Agar Germaniyaga o‘qishga borgan o‘quvchi va talabalar Vatanga qaytib kelib, ilm-fan, sanoat va qishloq xo‘jaligining ravnaqi yo‘lida faoliyat olib borganida taraqqiy etgan O‘zbekiston sovet davlatining hamma yog‘i zanjirlangan hududlaridan chiqib keta olgan bo‘larmidi? Aslo, chiqib keta olmas edi. Buni sovet davlati yaxshi bilardi. Ammo u O‘zbekiston uchun yuqori malakali milliy kadrlarning tayyorlanishidan manfaatdor emas edi. Uning uchun O‘zbekiston umrining oxirigacha sovet davlatining sog‘in sigiri, xomashyo makoni, tekin ishchilar bozori bo‘lib qolishi lozim edi. Shunga qaramay, Germaniyaga borgan talabalar butun kuchlarini bilim olishga qaratishlari zarur edi. S.Jabbor buni tushunib ulgurganmi yo yo‘qmi, har holda u shu masalaga oydinlik kiritishga uringan. “Yaqin zamonlardan beri, – deb yozgan u, – Turkiston Respublikasi va Sho‘rolar Russiyasida: “Talabalar Ovruponing buzuq kishilari ta’sirida. Ularni qaytarib olmoq lozim. Yo‘qsa, bir kun boshimizga balo bo‘lur…” kabi bo‘lmagan gaplar tug‘ilganini eshitib, hayron qolmoqdamiz. Hammaga ma’lumki, Turkiston talabalari Ovrupoga siyosatga aralashmoq uchun kelmadilar. Germaniyaga kelganimizga ikki yil bo‘ldi. Shu vaqtgacha oramizdan biror kimsa siyosat bilan shug‘ullanmadi. Talabalar o‘qishidan bo‘shamaydir[4]”.

S.Jabborning bu so‘zlaridan ayon bo‘ladiki, Germaniyaga borishlaridan avval talabalarga siyosatga aralashmaslik, nemis tilini o‘rganib, zamonaviy fan va texnika asoslarini egallash, O‘zbekistonga eng muhim va eng zarur sohalar bo‘yicha yuqori darajadagi mutaxassislar bo‘lib kelish lozimligini qayta-qayta aytganlar.

A.Andijonning yozishicha, S.Jabbor Germaniyada o‘qib yurgan vaqtida Berlindagi sovet muassasa­lari bilan aloqada bo‘lgan. Shu hol tufayli talabalar orasida “Sattor Jabbor – “bolsheviklar josusi” degan gap tarqalgan. “Aslida, – deb yozadi A.Andijon, – u xorijdagi ta’limning ilk yillaridan faol, qobiliyatli talaba o‘laroq tanilgandi. Fors tilini ham bilardi, adabiyotni sevardi. Litseyni bitirganidan keyin Berlin universitetining kimyo fakultetiga kirdi. 1927-yilda Solih Muhammad va Nasriddin Sherahmad degan tengdoshlari bilan yurtga ta’tilga kelishdi. Ta’til muddati tugab, Olmoniyaga faqat Sattor Jabbor qaytdi, anovi ikki o‘quvchiga esa Ovrupoga qaytishga izn berilmadi. Bu voqea yoshlar orasida Sattor Jabborga nisbatan turli shubhalarning yoyilishiga sabab bo‘ldi… Bu “mish-mish”larga, xo‘rlanishlarga qaramasdan, Sattor Jabborning o‘qishini davom ettirgani, olmonlar bilan ham, muhojirotdagi taniqli shaxslar bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lgani ma’lum[5]”.

Shu manbga qaraganda, S.Jabbor Zakiy Validiy­ning bir maqolasini nemischaga o‘girib, “Deutche Rundschau” jurnalida nashr ettirgan. Mustafo Cho‘qay­ga yo‘llagan bir maktubida esa, “Das Staat” degan gazetada Bender ismli bir do‘sti ishlashini, ikkisi birlikda Turkiston haqida maqolalar yozayotgani, agarda Cho‘qay istasa, uning ham maqolalarini olmonchaga o‘girib, nashr etishlari mumkinligini bildirgan.

Boshqa talabalar bilan o‘zi o‘rtasidagi samimiyat daraxtining barglari sarg‘ayib, orada bo‘shliq paydo bo‘lganini sezgan S.Jabbor hayotida bir voqea ro‘y bergan. U Berlin universitetida tahsil olayotgan turkiyalik talaba Hodi To‘qay bilan tanishib qolgan. Milliy ildizning mushtarakligi ham, hayotga qarashlari-yu insoniy tabiatlari ham ularning o‘zaro do‘stlashishiga sabab bo‘lgan. Xullas, ular bir-birlari bilan tez uchrashib, Berlinning diqqatga sazovor joylarida uchrashadigan, gurungashadigan bo‘lishgan. 1929-yili stipendiyasi to‘xtatib qo‘yilganidan so‘ng, S.Jabbor nemis gazetalariga turli taxalluslar bilan O‘zbekiston, o‘zbek xalqi va uning adabiyoti to‘g‘risida maqolalar yozib, shu maqolalardan tushgan qalam haqi evaziga turmush kechirgan. S.Jabborning XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotini yaxshi  bilganini ko‘rgan, uning Fitrat va Cho‘lponlar haqidagi suhbatlarini eshitgan H.To‘qay do‘stiga o‘zbek adabiyotining shu va boshqa namoyandalari haqida kitob yozishni, shu kitobdan tushajak qalam haqi hisobiga yaxshiroq yashashni taklif qilgan. Shundan keyin S.Jabbor bilan H.To‘qay tahsil va mutolaadan xoli soatlarda universitet yaqinidagi qahvaxonalardan birida uchrashib, biri shu kitobdan o‘rin olajak maqolalarni aytib turgan, ikkinchisi esa tezkorlik bilan yozgan. “Qutulish yo‘lida” deb nomlangan qo‘lyozma kitobning bir nusxasi S.Jabbor qamoqqa olinganida NKVD xodimlari tomonidan olib ketilib, yondirib yuborilgan, ikkinchi nusxasi esa, baxtimizga, Turkiyada, H.To‘qay arxivida  saqlanib qolgan va bu kitob 2000-yili nemis va turk olimlari ko‘magida nashr etilgan.

Yana S.Jabbor bilan o‘zbekistonlik ayrim talabalar o‘rtasida tushgan sovuqlik masalasiga kelsak. “Xuddi ana shu paytda, – davom etib yozadi A.Andijon, – boshqa bir talabaga bog‘liq o‘laroq yuz bergan bir shov-shuv hodisa Sattor Jabbor haqidagi shubhalar oloviga yog‘ quyganday bo‘ldi. Aniqlanishicha, talabalardan Afzal Abusaid pasport muddatini uzaytirish bahonasida sovet elchixonasiga chaqirilgan va unga pul berib, maxfiy ravishda ayg‘oqchilik bilan shug‘ullanishni taklif etishgan. Abusaid bu taklifni ikkilanmay rad qilgani barobarida, elchixonadan qaytgach, butun bo‘lgan gaplarni tengdoshlariga aytib bergan. Afzal Abusaidga oid bu hodisa haqida avval fransuzlarning “Le Matin” gazetasida maqola chiqqan. Sal keyinroq  olmonlarning “Das 12 Uhrblatt”, “Deutsche Zeitung”, “Kreuz Zeitung” gazetalarida bu mavzuda maqolalar bosilgan[6]. Bu shov-shuvli voqeaning bu qadar jiddiy siyosiy janjalga aylanib borayotganidan tashvishga tushgan sovet hukumati Afzal Abusaidga josuslikni taklif qilgan elchixonadagi CHK xodimi Mixaylovskiyni Moskvaga chaqirib olishga majbur bo‘lgan[7]”.

Bir tomondan, stipendiyasi to‘xtatilib, og‘ir moddiy ahvolda qolgan, ikkinchi tomondan, tengdoshlarining noo‘rin shubhalari va sovuq munosabatlarini ko‘rgan S.Jabbor iztirob chekadi. Dardini kimga aytishni bilmay, Mustafo Cho‘qayevga yo‘llagan xatlaridan birida qalb jarohatlarini ochib yozadi: “Tengdoshlarim ham, Siz ham menikiga kam kelib-ketadigan bo‘lib qolding­lar. Ba’zi do‘stlarim meni bolshevik josusi deya qora­laganlarini yaqinda bilib qoldim, dudoqlarimni tishla­dim, ko‘zim qonga to‘ldi… Yaqindan beri chekayotgan azob-u xo‘rlikni tangri boshqa bir turkistonlikning boshiga solmasin… G‘aribligim yetmaganday, ustiga-ustak bu tuhmatlar… Berlin kutubxonasidagi bir nashrdan Olmoniyadagi rus muhojirlariga nisbatan “Bir-birlarining etini yegan yovvoyilar”, degan bir narsani o‘qigandim. Bir kun haqiqatni bilgan biror turkistonlik o‘rtaga chiqar va bizni bundan-da og‘ir so‘zlar-la ta’rif etishi mumkin…[8]

Bir tomondan, S.Jabbor, ikkinchi tomondan, A.Abusaid nomi bilan bog‘liq voqealar, kaminadan yana bir masalaga oydinlik kiritishimni taqozo etadi. Sir emas, maxsus xizmat xodimlari boshqa bir mamlakatda yashayotgan, tahsil olayotgan, xizmat vazifa­sini ado etayotgan fuqarolarini  aldash, qo‘rqitish, sotib olish yo‘li bilan o‘z davlatlari foydasiga josuslik qilishga undaydilar. Sovet davlatining qudratli GPU, OGPU degan siyosiy idoralari ham bu amaliyotdan samarali foydalangan. Bu tashkilotlarning Germaniyadagi vakillarining ham bundan hazar qilmagani shubhasiz.

Kamina  2000-yili bo‘lsa kerak, Germaniyada  ilmiy safarda bo‘lgan vaqtimda o‘zbekistonlik talabalarning Germaniyada o‘qishi masalasi bilan shug‘ullangan yosh nemis olimasi bilan uchrashgan va u menga o‘zbekistonlik bir necha talabaga oid arxiv hujjatlarini lutfan taqdim etgan edi. Shu hujjatlardan biri Zuhra Kashayevaga oid edi.

1922-yili Germaniyaga borgan, Germaniyaning turli shaharlaridagi boshlang‘ich, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan vatandoshlarimizning bir necha ro‘yxatlari bo‘lgani holda ularning birortasida Zuhra Kashayevaning nomi uchramaydi. Ammo u Sherahmedovlar oilasida yashagan hamda shu oilaning Nasriddin va Saida degan farzandlari bilan birga Germaniyaga borib, o‘sha yerda o‘qigan. Davlat xavfsizligi xizmati arxividagi hujjatlardan birida uning Berlinda yashagan vaqtida hind yigiti bilan tanishib, unga turmushga chiqqani aytilgan. Uning shundan oldingi va keyingi hayoti biz uchun qorong‘i. Kamina siyosiy idoralarning o‘sha yillardagi faoliyatiga oid kitoblarni o‘qiganim uchun Zuhra Kashayevani elchixonadagi GPU xodimlari yordamida hind yigiti bilan tanishib va unga turmushga chiqib, Hindistonga yoki boshqa biror mamlakatga yuborilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edim. Ammo, kutilmaganda, A.Andijonning kitobida uning shaxsiga oid bir ma’lumot chiqib qoldi.

Shu kitobning “Yurtga qaytmagan talabalar” bobida bunday so‘zlar  yozilgan:  “Abduvahob Is’hoq o‘g‘li (O‘qtoy)[9] va Tohir  Shokir (Chig‘atoy) kabi talabalar 1929-yildan Mustafo Cho‘qay bilan birgalikda “Yosh Turkiston” majmuasini chiqara boshladilar. Sobir Ibrohim (Turkistonli) va Abduvahob O‘qtoy, uning xotini Saida Sherahmad qizi ham shu guruh ichida jurnal faoliyatida qatnashganlar. Bu insonlar Ikkinchi jahon urushi boshlangungacha Olmoniyada yashab, “Yosh Turkiston”ning har oyda chiqib turishida jonbozlik ko‘rsatdilar. Urush muhitida bu ishlar to‘xtarkan, Turkiyaga ko‘chib kelishgan. Tohir Chig‘atoy Anqara universitetida professor o‘laroq, Abduvahob O‘qtoy esa Istambuldagi Xasaki  kasalxonasida xizmat qildi. Olmoniyada o‘qigan turkistonliklardan Zahro Qo‘shoy Haydelberg universiteti tibbiyot fakultetini bitirganidan keyin yurtga qaytmagan. Shtutgart shahrida ishlagan. Afsuski, u o‘qishini tamomlaganidan bir oz muddat o‘tgach, yomon kasallikka chalingan va 1931-yilda Olmoniyada vafot etgan[10]”.

A.Andijonning bu so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, Zuhra Kashayeva (Zahro Qo‘shoy) o‘qishni tugatganidan so‘ng sirli ravishda g‘oyib bo‘lmay, aksincha, kasallikka chalinib, o‘n gulidan bir guli ochilmay vafot etgan. Afsuski, biz shu vaqtgacha u haqida biror ma’lumotga ega bo‘lmay, hatto Germaniyaga o‘qishga borgan talabalar ro‘yxatiga ham kiritmay keldik.

Germaniyaga o‘qishga borgan talabalar to‘g‘risida so‘z borar ekan, yana Sayyid Ali Xo‘ja, Tohir Chig‘atoy singari taniqli shaxslar to‘g‘risida bir-ikki so‘z aytish taqozo etiladi. Lekin Vataniga qaytib kelmagan vatandoshlarimiz haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaganimiz uchun bu masalani chetlab o‘tishga majburmiz. Ammo ulardan biri bizni uzoq vaqtdan beri qiziqtirib kelayotgani tasodif emas. Bu Sayyid Ali Xo‘ja bo‘lib, uning kaminani “uzoq vaqtdan beri qiziqtirib kelayotgani”ning sababi shundaki, biz bu nom bilan ilk bor Cho‘lpon she’rlari orqali tanishganmiz.

Cho‘lpon adabiy merosini to‘plash va nashr etish ishiga kirishgan yillarimizda bir jumboq bizni o‘ylantirib qo‘ygan. Shoirning 1920-yil 29-aprelda yozilgan va ilk bor “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida chop etilgan “Tabiatga” degan she’rida “Saidalixo‘jaga bag‘ishlov” so‘zlari ilova etilgan, lekin biz Saidalixo‘janing kimligini aniqlay olmasdan kelardik. She’r esa bunday satrlar bilan boshlangan edi:

Kel, malak, kel, kel, pari, kel, kel, o‘pay bir erkalab,

Kel, quyosh chiqquncha o‘ptir…

                                          Kel, kel, o‘pay bir ertalab.

Bu inja she’r bag‘ishlangan Saidalixo‘ja kim bo‘ldi ekan? Bu ism Cho‘lponning boshqa biror asarida uchramaydi. Uning zamondoshlari va ilk tadqiqotchilari ham bu masalaga oydinlik kiritishmagan. Keyinchalik o‘zbek matbuotining fidoyi tarixchisi Boybo‘ta Do‘stqora tufayli ma’lum bo‘ldiki, u ustoz Oybek bilan birga Navoiy nomidagi ta’lim va tarbiya texnikumida o‘qigan va texnikumning Oybek muharrirlik qilgan “Tong yulduzi” devoriy gazetasida  maqolasi bilan qatnashgan ekan. Xullas, shu ma’lumot asosida biz Cho‘lponning to‘rt jildlik “Tanlangan asarlar”idan o‘rin olgan she’rga quyidagicha izoh berdik: “Saidalixon (Saidalixo‘ja) – Cho‘lponning toshkentlik do‘stlaridan biri. Adabiyotshunos Boybo‘ta Do‘stqorayevning guvohlik berishicha, uning taxalluslashgan familiyasi Normuhammadiy bo‘lib, 1925-yilda Eski shahardagi ta’lim va tarbiya texnikumining “Tong yulduzi” devoriy gazetasida “Maktabimizda tashkilot ishlari” degan maqolasi bosilgan. Agar shu ma’lumot haqiqatga yaqin bo‘lsa, u 20-yillarning boshlarida dastlab Eson afandi Musayev rahbarlik qilgan ta’lim va tarbiya texnikumida Oybek, Mirkarim Osim, Subutoy Dolimov singari talabalar bilan birga o‘qigan bo‘lib chiqadi. Ayrim manbalarga qaraganda, u o‘sha yillarda xorijiy mamlakatlardan biriga qochib ketgan. Uning keyingi taqdiri to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q[11]”.

Keyingi izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, Cho‘lpon she’ri bag‘ishlangan “Saidalixo‘ja” 1922-yili Germaniyaga o‘qishga borgan va Vataniga qaytish imkoniyati bo‘lmagani uchun xorijda qolib, “Sayyid Ali Xo‘ja” ismi bilan faoliyat olib borgan.

Talabalarni boshqa shahar va mamlakatlarga yubo­rish masalasi bilan Toshkentda tashkil etilgan “Ko‘mak” jamiyati shug‘ullangan: “Ko‘mak” jamiyatining yuzaga kelishida, – deb yozadi B.Irzayev, – Maorif komissariati O‘zbek bilim hay’at qoshida o‘rta, oliy maktablarda o‘quvchi o‘zbek yoshlarining “Adabiyot to‘garagi” asos bo‘lib xizmat qildi[12]”. Bu to‘garak tomonidan 1922-yil 8-aprelda “Armug‘on” nomli bir martalik jurnal chop etildi. To‘plamda Avloniy, Cho‘lpon, Botu, Oybekning she’r va hikoyalari bilan birga “keyinchalik Germaniyada tahsilini davom ettirgan Sattor Jabborning “O‘ksiz ruhim”, Sayyid Alixo‘janing “Tabiatga javob” maqolalari” (B.Irzayev) ham bosilgan.

Agar Saidalixo‘jaga bag‘ishlangan Cho‘lpon she’rining “Tabiatga” deb nomlanganini eslasak, Sayyid Ali Xo‘janing “Tabiatga javob” maqolasi o‘z-o‘zidan Cho‘lpon she’riga yozilgan javob bo‘lib chiqadi.

Saidalixo‘janing Cho‘lpon she’riga maqola bilan javob bergani uning she’riyatning sehrli olamidan uzoq bo‘lganini mutlaqo anglatmaydi. Aksincha, u, “Ko‘mak”da chop etilgan she’rla­riga qaraganda, nozikta’b shoir bo‘lgan. Uning “Tabiatdan javob”ini ham “maqola” deb emas, “nasriy she’r” deyish to‘g‘ri bo‘ladi.

Ahmadjon Ibrohimning “Turkiston” gazetasi (1923-yil 14-mart)da bosilgan “Ko‘mak uyushmasidagi o‘rtoqlarimga” maqolasidan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yilning mart oyida “Ko‘mak” jamiyatining Berlin bo‘limi ochilgan va unga Saidalixo‘ja rahbar etib saylangan. Ushbu jamiyat (uyushma) “Ko‘mak” jurnalining Saidalixo‘ja muharrirligida nishona sonini chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Jurnal Berlindagi “Ozod Sharq” bosmaxonada nashr etilgan. Afsuski, A.Andijon Saidalixo‘janing ham, boshqa turkistonlik talabalarning ham keyingi taqdiri to‘g‘risida boshqa biror ma’lumot bermagan. Demak, bu masala maxsus o‘rganishni taqozo etadi.                    

 

Naim KARIMOV,

akademik

[1]1 Andijon A. Turkiston uchun kurash. Birinchi jild. – T., 2018. – B. 230.

 

[2] Ko‘chirma quyidagi manbadan olindi: Irzayev B. Turkiston jadidlarining “Ko‘mak” tashkiloti. – T., 2016. – B.93-94.

 

[3] O‘sha manba. – B. 95.

 

[4] O‘sha manba. – B.97.

 

[5] Andijon A.Turkiston uchun kurash. 1-jild. – T., 2017. – B. 239.

 

[6] Ibrohim Orifxon tomonidan 1930-yil 13-fevralda Mustafo Cho‘­qayevga yozilgan maktubdan. Maktub A.Andijon arxivida saqlanadi.

 

[7]  Andijon A. O‘sha manba. – B. 240. Muallif ushbu ma’lumotni M.Cho‘qayevning “Yosh Turkiston” jurnali (1930-yil, 7 – 8-son, 56-bet) da bosilgan maqolasidan olgan.

 

[8] S.Jabborning 1930-yil 16-sentyabrda M.Cho‘qayevga yozgan xatidan. Yarim o‘zbekcha, yarim turkcha yozilgan xat turk tilidan tarjima qilingan. Xat Andijon arxivida saqlanadi.

 

[9] Qavs ichida berilgan ismlar ushbu shaxslarning taxalluslari hisoblanadi.

 

[10] Andijon A. Turkiston uchun kurash. 1-jild. – T.,2017. – B. 244.

 

[11] Ch o‘ l p o n. Asarlar. To‘rt jildlik, 1-jild. She’rlar. Mansuralar. She’riy xatlar. – T.: Akademnashr, 2018.– B. 51.

 

[12] O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim. Muallif B.Irzayev. – T., 2018. – B.11.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.