She’riyat shu’lasi

0
43
marta ko‘rilgan.

Esse

 

Yosh ijodkorlarning “Shu’la” to‘garagi o‘tgan asrning saksoninchi yillarida yosh adabiyot muxlislari orasidagina emas, poytaxt adabiy muhitida ham alohida o‘ringa ega edi. Ravshan Fayz, Chori Avaz, A’zam O‘ktam, Zamira Egamberdiyeva, Zafar Komilov (to‘garak yetakchisi), Faxriyor, Rauf Subhon, Hol Muhammad Hasan, O‘ktam Mirzayor, Abdumajid Azim, Zulfiya Mo‘minova, Mehriniso Qurbonova, Muhabbat Yo‘ldosheva kabi o‘nlab ijodkorlar ana shu to‘garakning yadrosini tashkil qilgandi. To‘garakni esa saksoninchi yillar avlodiga mansub shoira Mukarrama Murodova o‘n yilga yaqin boshqardi.

 

*  *  *

Mukarrama Murodova o‘sha paytda Nizomiy nomidagi pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetida dars berardi. Shoiraga yosh ijodkorlarning respublika miqyosidagi to‘garagiga rahbarilik qilishi ham oson, ham murrakab edi. Oson tomoni, to‘garakni yo‘q joydan tuzish va unga qatnashchilarni izlash ko‘pam mushkul masala emasdi. Negaki, o‘sha paytda yoshlar, ayniqsa, talabalar orasida badiiy ijod bilan shug‘ullanish urfga kira boshlagandi.

To‘garakka nom topishda Mukarrama opa tug‘ishgan opasidek bo‘lib qolgan ustozi Saida Zunnunovaning ijodiga murojaat qilib, “Shu’la”ni tanlagandi:

Olislardan kelar bu daryo,

Shu’la o‘ynar uning yuzida…

 

…Darvoqe, Saida Zunnunova hamda Mukarrama opaning qadrdonligi haqida aytmasak bo‘lmas…

Bir safar to‘garak mashg‘ulotiga opamiz o‘sha davrda Shavkat Rahmonu Usmon Azimlar kabi o‘ktam she’rlari bilan ajralib turgan shoira Qutlibeka Rahimboyeva bilan kirib keldi. Opaning egnidagi ko‘z olgudek yorqin atlas ko‘ylakni ko‘rib,  bugun qanday tantanali kun ekanligini so‘radik.

– Bugun mening tug‘ilgan kunim! – dedi Mukarrama opa va bizlarni hayron qoldirgancha gapida davom etdi. – Aslida bugun mening emas, bizlarning, mana Qutlibekaning ham munis ustozi Saida opamning tug‘ilgan kuni. O‘zi bo‘lganida-ku, mehmonga chaqirardik yoki o‘zimiz ko‘plashib uyiga o‘tib kelardik. Egnimdagi marg‘ilon atlas ko‘ylakni Saida opam sovg‘a qilgan. Adashmasam, o‘n yillardan beri avaylab, Saida opamning tug‘ilgan kunidagina kiyaman.

Bir kuni vodiyga qandaydir tadbirga borib, Toshkentga qaytib keldik. Saida opam o‘zlariga sovg‘a sifatida berilgan bir kiyimlik marg‘ilon xonatalasini yelkamga tashlarkan: “Endi ro‘zg‘orli kelin bo‘ldingiz! Shuni ayamasdan, tizzangizdan bir qarich tushirib, keng-mo‘lgina tiktirib, meni eslab kiyib yuring, maylimi?! Mening kelinligimda bular buyurmagan, pochchangiz atlas oberishgayam hollari bo‘lmay qochib ketgan”, – degandi. Said Ahmad domla yangi kuyovligida “stalincha qatag‘on mashinasi”ga ilinib qolgancha qamalib, yoshgina kelinchak Saida opam besh-olti yil qaynonasining yonidan ketmay domlani kutib o‘tirgan. “Qanoatda Saida filcha bo‘lurmi, hay-hay!” kabi baytlarni o‘z hayotidan olib yozgan.

Men ayni shunday ajoyib kunga Qutlibekani bejiz taklif qilmadim. Saida opam meni shogirdlikdan ham ko‘ra yurtdoshlik mehri bilan singlim degan bo‘lsa, Qutlibekaning ijodini, odobini hurmat qilib, yonlariga olgandi.

Shu kecha biz Mukarrama opa va Qutlibeka Rahimboyevaning xotiralari orqali ajoyib shoira, o‘zbek xalqining munis farzandi Saida Zunnunovani o‘zimiz uchun kashf qildik (o‘sha paytlari hali o‘tgan asrning o‘ttizinchi-elliginchi yillaridagi qatag‘onlar haqida oshkora gapiriladigan davrlar emasdi).

*  *  *

… “Shu kecha” degan so‘zning to‘garakka to‘g‘ri ma’noda bog‘liqligi bor. Mashg‘ulotlar haftaning seshanba kuni kechki soat oltiga belgilangan bo‘lib, o‘qiydiganlaru ishlaydigan qatnashchilarning asosiy mashg‘ulotiga xalal bermaslik nazarda tutilgandi. Kechkida o‘qiydigan talabalar esa shu kecha asosiy o‘qishidan javob olishardi. Tabiat bag‘riga  yoki biror muzeyga sayrlar dam olish kunlariga belgilanib, qatnashish majburiy emas, o‘n-o‘n besh kishi shuni xohlasa bas, yo‘lga chiqilaverardi. To‘garakning maqomi respublika miqyosidaligining sababi, unda yurtimizning turli taraflaridan Toshkentga o‘qishga kelgan talabalarning ishtirokidan tashqari, boshqa viloyatlardagilar  vaqti-vaqti bilan  poytaxtga safarlarini seshanbaga to‘g‘rilab, to‘garak mashg‘ulotida qatnashib, bu vaqt oralig‘ida yozgan mashqlari haqida hisobot berib ketishardi. Bunday qatnashchilar xuddi oliy o‘quv yurtining sirtqi bo‘lim talabalari maqomida edi. To‘garak a’zolarining boshqa viloyatlarga to‘y yoki uchrashuv safarlari ko‘pincha ana shu “sirtqi”lar tashabbusi bilan amalga oshardi.

To‘garak mashg‘ulotining boshlanish soati aniq bo‘lsa-da, tugash payti har gal har xil vaqtga to‘g‘ri kelardi. Mashg‘ulot boshlanishida zalda o‘ttiztacha qatnashchi o‘tirgan bo‘lsa, biror soatdan so‘ng yigirmatacha, yana biror soatdan so‘ng o‘ntacha kishi qolardi. Ishi zarurlar opaga imo-ishora bilan xayr-ma’zur qilgancha, zaldan kishi bilmas chiqib ketardi. Har oyda albatta biror taniqli adib bilan uchrashuv belgilanardi. Bunday kunlar, to‘g‘rirog‘i, kechalarda zaldagi o‘rindiqlar kamlik qilganidan boshqa xonalardagi kursilar ham shu zalga tashib kelinar, joy yetmaganlar uchrashuv oxirigacha eshik yaqinida tikka turgan hollar bo‘lardi. Ortiqcha paydo bo‘lganlar to‘garak a’zolari bo‘lishmasa-da, mashhur adiblar bilan uchrashish imkoni tug‘ilgandan foydalanib qolishar, ayrimlari kelgusida to‘garak ishtirokchisiga aylanib ketishardi. Uchrashuv nihoyalanganidan so‘ng zal deyarli bo‘shab qolgach, to‘garak o‘z mashg‘ulotini davom ettirar, kechki o‘n birlarga borib tarqalishga tushardik. Bu paytda ko‘chalar sanjoblashib, jamoat transporti ahyon-ahyonda qatnardi. Opa yo‘l-yo‘lakay hamrohlar bo‘lsa, birgalashib taksida jo‘nab ketgach, o‘ntacha yigit-qiz tungi Toshkent ko‘chalarida she’r aytishgancha ancha joygacha poyu piyoda yurardik.

 

*  *  *

Mukarrama opaga boshida to‘garakni boshqarish biroz qiyin bo‘ldi. Chunki ishtirokchilar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarimaski, qattiqroq tikilsang joyida indamay o‘tirishsa. Oldi deyarli o‘zi bilan tengdosh, salkam oliy ma’lumotli talabalar, ko‘pchiligining she’rlari markaziy nashrlarda e’lon qilinib, “yulduzlik kasali”ga chalingan…  Opa ana shundaylar bilan endigina she’r yozishni boshlagan havaskorlarning boshini qovushtirishi, har oyda biror nomdor shoiru adiblar, tanqidchilarni uchrashuvga ko‘ndirishi, markaziy nashrlar, radio-televideniyeda to‘garak a’zolarining chiqishini uyushtirishi kerak bo‘lardi. Opaning jonkuyarligi oqibatida 1984 yili o‘tkazilgan yosh ijodkorlarning to‘rtinchi seminar-kengashida to‘garak a’zolarining o‘ntacha to‘plami muhokamaga qo‘yildi. Bu anjuman to‘garak miqyosida “yulduz” bo‘lib yurgan bizdek “tilla baliqcha”larga “kim aslida kim”ligini ko‘rsatib qo‘ydi va to‘garakdan tashqarida ham, vohayu vodiylarda ham zo‘r-zo‘r shoirlar yetishib kelayotganini bilib oldik va otni qamchilash kerakligini tushunib yetdik… 

 

*   *   *

1990 yilning mart oyida bir necha yillik taqiqdan so‘ng Navro‘zga bag‘ishlangan ilk sumalak sayli Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar  uyushmasi hamkorligida akademik yozuvchi Oybek uy-muzeyida o‘tadigan bo‘ldi. 1989 yili Markazqo‘mning birinchi kotibligiga Islom Karimov tayinlangan bo‘lib, shu paytgacha milliy qadriyatlarga past nazar bilan qarash, tahqirlashu taqiqlashga o‘rganib qolgan hukmron toifalarning ildiziga suv keta boshlagandi. Shuning uchun Navro‘zni nishonlash tashabbusi ko‘tarilganda bunga e’tiroz bildirilmadi – tashabbus ommadan chiqishi kerak, deyildi.

Bu ovoza telefon orqali ishxonalarga tarqaldi. Ilk Sumalak sayliga borishni istaydigan tashkilotlar (o‘zlarida buni o‘tkazishga hali yurak­lari betlamasdi – bilib bo‘ladimi…) ko‘pchilik edi. Keldi-ketdilarda o‘zimizning opamiz – Mukarrama Murodova hamda u kishining umr yo‘ldoshi, o‘sha paytdagi yoshlar gazetasi ma’sul kotibi Mirzakarim Pirmatov xizmatda bo‘lishgandi.  “Shu’la”ning ikkinchi bosqich a’zolari dastyorlik qilishar, o‘nlab tuzalgan stollarni tez-tez yangi mehmonlarga  tayyorlash lozim bo‘lardi. Uy-muzey darvozasi o‘sha kuni  oqshomdan ke­­yingi oqshomgacha ochiq bo‘ldi. Kelganlar  yarim soatdan oshiq o‘tirisha olishmas, darvoza oldida turgan fan va madaniyat namoyandalaridan tortib oddiy xodimlargacha bo‘lgan ziyoratchilar qatorining oxiri katta ko‘chaga qadar cho‘zilib ketgandi. Mukarrama opa ayollarni benavbat ichkariga boshlab kirardi. Sozandayu xonandalar galma-gal qo‘shiq kuylardi. Navro‘z taqiqlangan yillari bu mavzuda she’rlar yozilmay, qo‘shiqlar aytilmay qo‘yilgani bois ilk sumalak saylining qahramoni shoir Normurod Narzullayev bo‘lib chiqdi. Shoirning she’riga bastalangan qo‘shiq shu kuni qayta-qayta yangradi:

 

Ko‘kda kuldi kamalak,

Navro‘zdan u nishona!

Doshqozonda sumalak,

O‘choq boshida ona!

 

Mehmonlar dil so‘zlarini izhor qilishar,   “Shu kunlarga yetkazganiga shukr!” deya  to‘rtta doshqozonda qaynayotgan sumalakni  kovlash uchun kapgiru cho‘michlarga navbatda turishardi…  Bu sumalak sayli mamlakatdagi birinchisi bo‘ldi. Keyingi – 1991 yili esa bunday sayillar butun yurtimiz bo‘ylab o‘tkazildi, markaziy televideniyeda esa bir kecha-kunduzlik  “Navro‘z marafoni” namoyish qilindi!

 

*  *  *

She’riyatimiz maktabi uzoq tarixiy ildizlarga, umrboqiy an’analariga ega. She’riyatimiz mash’ali – Mir Alisher Navoiyning to‘garakchilik maktabi, ul zotning hovlisida o‘tadigan “majolisun nafois”da shoirlaru mashshoqlar, rassomlaru xattotlarning yillar mobaynida shakllangan to‘garaklaridan madaniyatimiz, ma’naviyatimizga ko‘p xizmatlari singgan ustazodalar yetishib chiqqan. Xorazm xonlaridan Muhammad Rahimxon Feruz homiyligida tashkil topgan Ogahiy to‘garagi, Qo‘qon xoni  Umarxon – Amiriy homiyligidagi Uvaysiy to‘garagi bularga misoldir.

To‘garak rahbarlari xuddi maktab muallimlaridek ikki-uch umrga ega kishilardir. Ularning nomlari tarbiyalagan shogirdu o‘quvchilari bilan birga yashaydi, eslanadi. G‘ayratiy domla garchi G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Habibiy domlalarga zamondosh bo‘lsa­­da, elliginchi yillar boshida tuzgan adabiyot to‘garagidan yetishib chiqqan Erkin Vohidov, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Xayriddin Saloh  kabi shoir va adiblarning ustozi sifatida ularga tengdoshu zamondoshdek vaqti-vaqti bilan eslanadi.

 

*  *  *

Mukarrama opa bilan to‘garak tahsillari tugaganidan so‘ng ham yaxshi munosabatlarni saqlab qoldik. Ammo tuzilganiga o‘n yil to‘lar-to‘lmas, to‘qsoninchi yillar boshida “Shu’la” to‘garagi ham o‘z-o‘zidan ishini to‘xtatdi. Odamlar bozor iqtisodiyotning yangicha qadriyatlari, yangi orzu-tashvishlari bilan yashay boshladi.

Yosh shogirdlar davrasidan, muloqotidan davr taqozosiga ko‘ra ayrilgan shoiraga umr yo‘ldoshi Mirzakarim Pirmatovning  vafoti (1993 yil)   qattiq ta’sir qildi. 2004 yilga kelib yolg‘iz o‘g‘li, yoshlar gazetasida ishlayotgan Muzaffardan judo bo‘lgani…  Bir yilning nari-berisida Mukarrama opa biror o‘n yillarga qarib qolgandek, sochlari oqarib, ko‘zlaridagi quvonch shu’lasi xiralashdi.

…Ana shu kunlarda opa bilan Matbuotchilar uyi hovlisida ko‘rishib qoldim. O‘z xayollariga andarmon bo‘lgancha o‘tib ketayotgan opaning yo‘lini to‘sib chiqdim. Meni tanib, kaftlari bilan og‘izlarini berkitgancha, tez-tez so‘rashib o‘tib ketmoqchi bo‘ldi. Men ularni shunday qo‘yib yuborgim kelmay, nimaga og‘zini berkitib gapirayotganini so‘radim. “Hammasi asabdan, – dedi Mukarrama opa javoban. – Tishlarim o‘z-­o‘zidan to‘kilib ketyapti. Yasama tish tayyorlatishga ulgurolmayapman. Oyma-oy to‘kilyapti…”  Oradan sal o‘tmay, 2005 yilning iyulida Mukarrama Murodova qaytish qildi.

Shayxzoda domlaning quyma to‘rtliklaridan birida shunday deyiladi:

 

She’riyat diyorin shoirlarimiz,

Har uy, har ko‘ngilga baytlar bo‘lsin yor.

Elga dastyor bo‘lsa she’rlarimiz,

Demakki, umrimiz o‘tmabdi bekor.

 

O‘z davrida she’rlari bilan elning beminnat dastyoriga aylangan, mehri bilan she’rparastlar qalbiga shu’la sochgan Mukarrama Murodovadan ijodga, elga o‘zi kabi dastyor shogirdlari qolganligi xalqimizning, adabiyotimizning baxtidir.

 

Olloyor BEGALIYEV

 

1961 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. “Sehrli uyqu”, “Yolg‘onga ishongan daraxt”, “Rangin qorlar” adabiy ertaklar to‘plamlari, “Bir buloq bor”, “Jin chalgan juvon”, “Jo‘natilmagan maktub”, “Bekobodlik samuray” kabi she’riy va nasriy to‘plamlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.