(Hikoya)
Oxirgi paytlarda Haydar bobo juda ğalati bölib qoldi. Uni goh uy oldidagi omonat kursida munğayib uzoq-uzoqlarga tikilib ötirgan holda, goh uyi atrofida qöllarini orqaga qilgança asabiy yurganini, baʼzan esa kun qiyomda bölişiga qaramay peşanasiga çorsi belboğ boğlab, tomorqasida ketmon urayotganda uçratiş mumkin. Harakatlari asabiy, havoni kesgança yerga şuvillab botayotgan ketmon tutgan baquvvat qöllarida aççiq borligi yaqqol seziladi. Yarim soatlar tomorqada unnab, pomidor-bodring tagini yumşatiş yoki kuzgi tarvuz-qovunga jöyak olib kelişini aytmasa, polizda ham deyarli iş yöq. Yarim gektar tomorqa bölgani bilan yarmiga yönğiçqa, qolganiga köngil tusaganda uzib kelinadigan sabzavotlar ekilgan. Aslida, boboga şularni ekiş, tagini yumşatiş, vaqtida, obi-tobisidan xabardor böliş tugul tomorqa qilişning hojati yöq. Kampiri ikkoviga davlat berayotgan nafaqa yetadi. Biroq bobo içi tang odam, uyda moğor bosib ötirolmaydi. Keyin kampirning ahvoli çatoq… Şuning uçun doim toriqib yuradi. Uy aylaniş, qoq tuşda tomorqada işlaş, tong sahar va keçki salqinlarda uy oldida uzoq-uzoqlarga öyçan tikilib ötiriş sabablari ham şundan…
U örta böyli, yelkalari keng va tölagina, istarali odam. Payğambar töyini qilib bergandan söng soqolni ham olmay qöydi. Umrini kolxoz işiga, aniqroği, agronomlikka bağişlagan qariya salkam qirq yil bir kolxozda işladi. Oltmiş yoşida nafaqaga çiqdi va uyda kampiri bilan bolalarining yonida ötirib qoldi. Endigi qiladigan işi töy-maʼrakalarda kayvonilik va tomorqaga qaraş, oğilda boğliq turgan tört-beş qoramolini aylantirib yuriş.
Haydar bobo şunisiga ham qanoat qiladi. Rözğori tinç, bolalari soğ-salomat. Biroq ikki qizdan keyin tuğilgan öğlini yoşligidan köp erka qilib qöygan ekan, ança quloqsiz çiqdi. Katta umid bilan Toşkentga öqişga qöygandi, ammo uçinçi kurs vaqtida şöxlik qilib qöyib, haydalib keldi. Şunda öğlini kolxozga işga joylaştirdi va öşa qizga majbur uylantirdi. Kelin ham quloqsiz ösgan ekan, ularning izzatini joyiga qöymadi. Şunda u eng töğri yöl şu, deya öğli bilan kelinini köçirtirib yubordi. Keyingi qizi öqimadi, töy bölib ketdi. Kampiri ham baquvvat va biroz iddaoli edi, öğlining şunday qilganiga «Kelinga qarab qolgan kunim yöq!» deb uy işlarini özi qilib yurdi. Kenja öğli maktabni bitirganda çol-kampir uni ham Toşkentga öqişga yubordi.
– Akang meni sondan çiqardi. Heç bölmasa sen tuzukroq odam bölgin. Sizlar yaxşi joyda öqib, elning xizmatida bölmasanglar Haydar otim qayerda qoladi? – dedi bobo kenjasini öqişga yuborayotganda.
Kenja öğil öqişga ham kirdi, oliygohni aʼlo darajada tamomladi. Söng otasidan magistraturaga kirişga ruxsat söradi.
– Mayli, bolam, – dedi Haydar bobo. – Öqi, olim böl! Işqilib, yo oting, yo zoting çiqsin! Lekin aytib qöyay, kelasi yil uylanasan!
– Magistraturani bitirib keyin uylansam yaxşi bölardi-da, ota…
– Aytganimni qil, kam bölmaysan, – öğlining gapini çört kesdi bobo. – Men ham otamni aytganini qilib, kam bölmaganman. Mana, Xudoga şukr, hurmat-izzatim joyida. Sen quloğingni qimirlatmay öqiyver, qolgani bilan işing bölmasin.
Haydar bobo aytganini qildi. Öğli bir yil öqigandan keyin «Böldi endi, uylanasan. Har işda bir hikmat bor, ulim. Şu vaqtgaça Xudo senga bir rizq berayotgan bölsa, uylanganingdan söng buni ikkita qilib qöyadi. Faqat özing, sözing töğri bölsa böldi. Magistraturam tugagani yöq dema, bir yil ham köz oçib yumgunça ötib ketadi», deya özlari topgan qizga uylantirib qöydi. Öğli bir oğiz «Ota, mening köz ostiga olganim bor edi» demadi. Kelin ham kelin ekan, qaynota-qaynonasining qölini sovuq suvga urdirmadi. Şunday bölsa-da endi kelindan yolçigan Haydar bobo orzu-umidlarga kömilib, sentyabrda kelinini öğliga qöşib, şaharga yubordi.
– Ota, keliningiz xizmatingizni qilsin, hali şaharda uy-joyim bölmasa… – dedi öğli akasi xotinining çiziğidan çiqmaganligi uçun rözğori alohida bölgani, jiyanlari qaraşib tursa-da, onasi qiynalayotganini körib.
– Unday dema. Mayli, iloyim boşlaring omon bölsin, – deya ota öğli bilan keliniga oq fotiha berdi. – Men sening şu qirlar orasida menday noming çiqmay ötişingni xohlamayman. Özing istading, olim böl, ammo ikki quloğing bilan ham eşitib qöy, qayda bölsang ham odam böl! Yigit pirlaring qöllab, el oldida tiling ustun, sening ortingdan bu yerda bizning ham yuzimiz yoruğ bölsin. Kelinim ikkovlaring özlaringdan köpayib, uvali-juvali bölib yuringlar. Bizdan duo, sizlardan harakat, ulim. Intilganni Xudoyim zoriqtirib qöymaydi. Bizdan xavotir olmanglar. Otdaymiz. Sizlar şaharda palak yozib, unib-ösib ketsanglar, bizga qilgan xizmatlaring şu böladi. Heç ikkilanma. Ikkita oliy maʼlumotli bitta şaharda özlaringni eplab ketolmasanglar uyat. Döst bor, duşman bor. Bitta uy top. Oğildagi mollarni men görimga orqalab ketmayman. Sotib beraman. Özi bir-ikkitasini anov betayinga bermoqçiydim, özi ixlosimni qaytardi, endi özidan körsin…
Şunday qilib, ota-ona duosi bilan kenja öğil xotinini olib şaharga ketdi. Çol va kampir yana yolğiz qolişdi. Kunda, kunora qizlari xabar olib turadi. Ikkinçisining uyi yaqin, har ikki kunda kelib, non yopib beradi. Kampir esa munkillab borib sigir soğadi, rözğor qiladi. Ularni odamlar Haydar buva, Zaynab momo deyişadi, öşa vaqtda bobo oltmiş beş, momo oltmiş bir yoşda edi.
– Bir qizdan qayerim kam? Kerak bölsa ular qilgan işni ötirgan joyimda bajaraman. Xudoga şukr, tani-jonim soğ, – derdi Zaynab momo bitta-yarim «Momo, sizga zarilmi, qarigan çoğda şunça işni qilib? Ana keliningiz bor. Qisin şular» degiçlarning oğzini yopiş uçun. Aslida momo ham özidan ötganini özi bilardi. Tönğiçi xotin quli bölib, şahardan topgan jiblajiboniga yopişdi qoldi. Kelin kelganida yukli edi, bir oy ham tayinli xizmatni qilmadi. Özini avaylaş bahona qölini sovuq suvga urmaydigan, rözğor işlarini öz-özidan qaynonaning böyniga taşlab qöyadigan, kerak bölsa, «Voy, törtta qölim bormi-a? Qaysi birlaringa bölay?» deya zarda qiladigan, jerkib taşlaydigan odat çiqardi. Valadi zinosini tuqqanidan söng esa tamoman özgardi. Şunda momoning toqati toq böldi. Har ne bölsa ham çaqaloqning çillasi çiqqaniça oldida olib turdi. Irim-sirimlarini qildirdi. Hatto kelinning injiqligi, uning boşida aylanaverişini istamay «Bolaga qaraş sizga qoldimi?» deya jerkişlariga çidadi. Bir oğiz «Bolada nima ayb? Pok-pokiza yurib, el oldida yuzimni şuvit qilmaganlaringda senlarni boşimga kötarmasmidim» deyolmadi, ammo çaqaloqning çillasi çiqişi bilan çoliga yorildi.
– Boboy, bularni nima qilsangiz qiling. Anuv uçastkaga köçirib yuborasizmi yoki undan narigami, işqilib közimdan pana qiling. Şu uying kuygurlarga kunim qolgani yöq. Bir rözğorning işi bölsa, özim qilaman! Bunday kelinning boridan yöği avlo…
Haydar bobo ham bor dardini içiga yutib yurgan emasmi, qadoq qöllarini muşt qildi. Muk tuşib ötirganiça kampiriga uzoq tikildi. Söng dedi:
– Ertagayoq izini quritaman. Hayla, tayyor uçastka. Borsin-da, xohlaganiday yaşasin. Şunda otaning qadrini biladi.
Tanti qariya şu kuni öğli bilan keliniga köç-köroni bilan çiqib, kiçikroq uy solib qöyilgan uçastkaga borib yaşaşini buyurdi. Er-xotin «Iye, nega birdan özgarib qoldingiz?» demoqçidek qaraş qildi, ammo ota çörtkesarligidan bunaqa savollar ortiqçaligi, barisi özlarining nomuslik işi uçun bölayotganligini bildi. Öğil bir oğiz «Ota, keçiring. Öla-ölgunça xizmatingizda bölaylik. Axir qanday sizlarni yolğiz taşlab ketamiz» deya olmadi. Aksinça xotinining «Qaçondir bu jodugar kampirning şunday qildirişini bilardim» degan iddaosi bilan quloğini ham qimirlatolmadi.
Ertasi kuni öğli miq etmasdan körpa-töşak, taqir-tuqurlarini telejkaga ortayotganda ota çidolmadi. Öpkasi tölib ketdi. «Şunday ul östirgunça…» deya davomini gapirişga ham bölmay avvaliga uy aylanib yurdi, bölmadi. Yuragi kuyib, böğziga aççiq bir nima tiqilib ketayotgandek tuyulaverdi. Qarasa, kampiri ham özini qöyarga joy topolmayapti. Goh uyga kiradi, goh oşxona tomonga ötib ketadi. Boşi egik, közlari bir nuqtaga qadalgan. Katta oq römol uçini tutamlab labiga bosganiça u yoqqa, bu yoqqa yuradi. Bobo xotini içikayotgani, hozir bir-birlariga bir oğiz gap aytsa, qaroqlarida qalqib turgan nadomat köz yoşlarini tiyolmay qolişdan çöçidi va indamay qirga çiqib ketdi. Adir tepasida şimoldan esayotgan ertalabki şabadaga köksini tutdi-yu, çuqur uh tortdi. Şu vaqt eti junjikib, aʼzoyi badani titrab ketdi. Közlariga aççiq yoş quyildi.
– Ah, noqobil bola-ya, – dedi çöntagidan römolçasini çiqarib yuziga bosarkan. – Sen tuğilganda qançalar quvongan edim. Endi-çi? Jigit ölgur, odam bölib, közga körinar paytingda qilayotgan işingni qara?..
Haydar boboning hayot-mamot öyini ketayotgani uçun öz uyiga qaraşga yuragi betlamadi. Teskari qarab ötirdi. Tizzalarini quçgança olis-olislarga köz tikdi. Bolalik damlari ötgan adirlarni, Haydar bölib tanilgan keng paxta dalalari va qarşisida yastanib yotgan kolxoz yerlariga qarab turib, battar xörlandi. Kun çoşgohga kelib, oftob qizdira boşlagan emasmi, yelkalari qizib, ikki kuragi tagi açişgandek böldi. Şunday bölsa-da u ança vaqt, to öğli bilan kelini körpa-yostiq ortilgan telejkaga minib, qorasi öçgunça ters bölib ötirdi. U heç qaçon bunçalik xörlanmagan edi. Hatto ota-onasi vafot etganda ham «Qismat ekan-da, endi oğir bölişim kerak. Ota-ona ölmoği meros…» deya özini qölga olgan, yaqinlarining «Xudo sabr bersin» deya yelkasiga qoqişlaridan allaqanday madad topgandek bölgan, biroq bugungi ahvoliga na yuragi, na aql-idroki bardoş berdi. Bu dam yelkasiga urib, madad bölguvçi, hol sörovçi ham topilmadi. Özingdan çiqqan baloga, qayga borarsan davoga…
Haydar boboning yuragi kuydi. Burgutday odam qir ustida çumçuqday bölib qoldi. Esayotgan şabada göyo uning quloqlari ostidan abadiyat kuyini çalib ötayotgandek, avj pardalar xonişi uning bola tarbiyasida qayerda xato qilganini topolmasdan ökinib, qalbini örtayotgan nolişlariga uyğunlaşib ketayotgandek böldi. Toki, öğlining qorasi öçdi, keyin qiyalab pastga endi. Uyga kirsa, kampiri yiğlab ötiribdi. Eşikka suyangan kuyi bir zum muk tuşib ötirgan kampiriga qarab turdi, söng dedi:
– Kampir, sassiq deb burunni kesib taşlab bölmaydi. Öz puştikamarimizdan bölgan farzand. Faqat qayerdadir xato qilibmizki, tarbiyasi buzuq çiqdi. Mayli, ketsin, özi biladi. Bir kun «taq» etib peşanasi toşga tegadi, keyin odam böladi. – Haydar bobo şunday deya xotinining yonidan çökkaladi. – Oğir böl. Şularsiz ham kunimiz ötadi. Oyoq-qöldan qolganimiz yöq. Özingni qölga ol. Eşitgan quloq nima deydi? Oğzing qonga tölgan bölsa ham duşman oldida tuflama, degan gap bor…
Şundan boşlab çol-kampir aççiq bilan yaşay boşlaşdi. Bu orada kiçkina qizini uzatdi. Keyin yordam berib tursin, deya katta qizining tönğiçini, nevara qizni olib kelişdi. Kenja öğli öqişni bitirdi. Bir yil magistraturada öqigaç, uylandi, özlarining ruxsati bilan xotinini ham şaharga köçirib ketdi. Ammo ular biror marta katta öğli va kelinga qayişmadi. Ular ham betiqalinlik qilib yaşayverişdi. Bir marta, qişda pulsiz qolib yordam sörab keldi. Bobo öğlining söroviga javob ham bermadi. Uydan çiqib ketdi. Yarim soatlardan söng öğli ketdi. Uyga kirib, kampiriga «Pul berding-a?» dedi. Zaynab momo esa «Yöq, ölibmanmi?» dedi-yu közlarini olib qoçdi. Haydar bobo bildi, kampiri pul bergan, lekin heç narsa demadi. Tikilib-tikilib turdi-yu, yana taşqariga çiqib ketdi. Mol-holdan xabar oldi. Qiş. Oğilda ikki soğin sigir, bir hökiz va ellikka yaqin qöy-eçki, bir eşak, bir ot uning qöliga qarab qolgan. Kampir uy işlarini qiladi.
Haydar boboning bomdodni öqişdan boşlangan kuni qişda ertalab bir mol-holdan xabar oliş, keyin nonuşta va to tuşgaça issiqqina sandalning ikki yonida ötirib suhbat quriş. Radio eşitişadi, televizor körişadi. Nevaralari kelib qolsa gurunglaşib, hazil-huzul qiladi. Gohi esa öğlini öylab toriqib ketadi. Çiqib, mol-hol bahona uy aylanib yuradi. Yozda esa mollarni podaçiga, qöylarni çöponga berib, kampiri ikkalasi uy oldiga soyaga çiqib ötiradi.
Kenjasi magistraturani bitirgan yili qiş qattiq keldi. Qor ustiga qor yoğdi. Izğirin. Neça kunki yerdagi muz erimaydi. Çol-kampir esa hamon iddao bilan yaşaydi. Bir kuni falokat yuz berdi. Ertalab sigir soğib qaytayotgan kampir Haydar bobo qorkurak bilan uydan oşxonaga, oşxonadan oğilgaça oçib çiqqan yölakçadan ehtiyotgina bölib kelayotib, oşxonaga çiqişdagi biroz nişablikdan bir oyoği toyib ketdi-yu, gursillab yiqildi. Çelakdagi sut yerga tökilib, qorda sarğiş iz qoldirdi, özi esa qattiq ingranib, çolini çaqirdi.
– Bobo-oyy…
Molxonada kuymalanib yurgan qariya «Ehh?!» dedi-yu, yugurib kelib kampirini kötarib oldi, ammo Zaynab momo oyoğini bosa olmadi.
– Palakat, oyoqni yebsanmi deyman? – dedi-da, kuyov kelinni kötargandek zorlanib ingrayotgan kampirini dast kötarib, uyga olib kirdi. Sandal yonidan yotqizdi va voy-voylaşiga qaramay lozimini eti qoçgan sonlarigaça kötarib, oyoqlarini baravariga uqalaşga tuşdi. «Sinmaganmikan?» deya qörqqan bobo oyoqni uqalaşdan töxtab, stol ustida turgan saryoğ bankani oldi-yu sandalga, çöğ solingan toğora yonidan qöydi. Yoğ qizigunça esa kampirini ovutib turmoqçi böldi. – Közingga qarasang bölmasmidi?-dedi hadeganda miyasiga bir jöyali fikr kelmay. – Ehtiyot böl-da, kasofat…
Kampir miq etmadi, közlarini yumganiça labini tişlab ötirdi. Qisqa-qisqa ingradi. Haydar bobo isigan saryoğni olib, endi kampirining soni va belini uqaladi. Şunda Zaynab momo biroz tinçlandi, yiği-siğini yiğiştirib, bir çoliga, bir sandal körpasidan yarim çiqib turgan çap oyoğiga qaradi va:
– Men şörga bu kunam bormidi… – deb yubordi.
– Hay, özingni tut. Men hozir… – çol şunday deya içikib taşqariladi va uy yoniga ötib, qöşnining katta öğlini çaqira boşladi. – Almardan, hov Almardan?..
Zum ötmay uy yonida ön beş-ön olti yoşlardagi ozğingina yigitça paydo böldi.
– Ha, Haydar buva?
– Tez kelda bu yoqqa.
– Hozir, – yigitça zipillab yetib keldi. – Tinçlikmi, buva?
– Tinçlikmas. Tez borib, anov Mahmud döxtirni aytib kel. Haydar buvamning xotinining mazasi bömay qopti. Toyib yiqilibdi de.
– Mayli.
Qöşnining öğli yarim soatga qolmay qişloq maktabining yonida yaşaydigan döxtirni boşlab keldi. Kampirning biroz isitmasi ham kötarilgan ekan. Mahmud döxtir bir-ikkita ukol qildi, ammo oyoği haqida bir maʼnili gap aytolmadi. Bir-ikki «Momo, oyoqqa nima böldi, oyoqqa?» dedi. Momo esa javob beriş örniga közlarini yumgança inqillab-inqillab ötirdi.
– Bilmadim, buva, tabibga körsating. Çiqqan, singanni ular biladi, – dedi Mahmud döxtir oxiri nima qilarini bilmay.
Şundan söng Haydar bobo «Qanaqa döxtirsan-ye? Böpti, boraver» deya döxtirga javob berib yubordi va yana Alimardonga iltimos qildi.
– Ulim, yaxşiyam sen bor ekansan. Sadağang ketay, men momoni oldida bölay, sen bizni otni min-da, Mardi tabibni çaqirib kelib ber endi.
Narigi qişloqdan bir soatlarda yetib kelgan tabib çolning ijozati bilan momoning sonlarini lozimi ustidan uqalab-uqalab, tizza va bel suyaklarini bosib-bosib kördi-da, yelka qisdi.
– Hammasi joyida-ku, buva?
– Qiziq gapirasan, Mardi, – ğijindi çol. – Hammasi joyida bölsa, seni çaqirarmidim. Körayapsan-ku, oyoğini bosolmayapti.
Şunda Zaynab momo bir zum jim qoldi-da, sekin eriga dedi:
– Heç narsani sezmayapman.
– Nima? – Haydar boboning rangi oqarib ketdi.
– Tavba de-ye, kampir, tavba de.
Bu gapni eşitib, tabibning ham quti uçdi.
– Buva, unday bölsa, momoni şaharga olib boriş kerak. Travmatologiyada ön kun yotsa, otday bölib ketadi.
Haydar bobo tabibning aytganini qilib, öşa kuni Alimardonga uyiga köz-quloq bölib turişini tayinladi va maşina topib, kampirini tumanga olib ketdi. Şifokorlar umurtqa poğonasi singanini aytişdi va operatsiya qilib, oylab davolaşdi, ammo Zaynab momo tabib aytgandek otday bölib ketmadi. Şaharga qay ahvolda borgan bölsa, yana şu ahvolda qaytdi. Endi uning bir tomoni, tanasining çap qismi işlamas, qöl-oyoq heç narsani his qilmasdi. Kampir butunlay falaj bölib, töşakka mixlanib qolgan, çol esa goh kampiri yonida, goh mol-holning tagida ovora-sarson. Qizlari şu yerda. Bir kuni öğli ham keldi, ammo Haydar bobo uni uyga kirgizmadi.
– Yöq böl, közimga körinma! Mening senday bolam yöq! – deb yubordi jahl ustida. Öğil böyni qiyşayib qolgandek orqasiga qaray-qaray iziga qaytib ketdi. Bir-ikki marta «Ota, ota…» deya oğiz juftladi, ammo Haydar bobo uni gapirişga ham qöymadi.
Ikki katta qiz ön kun almaşib onasiga qaraşdi. Kiçkina qizam kunora kelib turdi. Opa-singillar nima qilişini bilmay sim karavotga yotqizib qöyilgan volidalari poyida ökinib-ökinib yiğlaşdi. Şunda ota ularga haq gapni aytdi.
– Qizlarim, hammasi xudodan. Baring tödalaşib enangdi yuragini ezmanglar-da, uylaringga boringlar. Sizlarniki ham rözğor. – U şunday deya katta qiziga yuzlandi. – Sen tönğiçingni yana qoldirasan. Kir-çir, ovqat-poqatga qaraşib turadi. Qolganiga özim, peşanadan köraman…
– Akamni çaqirsak bölardi, – dedi kenja qizi.
– Bunça qaysar bölmasangiz,– dedi katta qiz.
– Ota, – dedi-yu, davomini aytolmadi örtançasi. Onasining oyoğini quçoqlab, uvillab yiğladi.
Endi qizlar kunda-kunora xabar olib turar, Haydar bobo esa bilganidan qolmasdi. Kampirining yonginasidan yerga töşak soldirib yotar, bir keça-kunduzda neça bor kötarib hojatiga olib çiqar, yana kiritib yotqizar, bomdodga juda barvaqt turar, tahorat qilib kelgaç joynamoz ustida uzoq qolib ketar, Xudoga yolvorib, kampiri dardiga şifo sörab ötirardi.
«Ey, Parvardigor, qarigan çoğimda nega meni bu köylarga solib qöyding? Bu bilib-bilmay qilgan gunohlarim javobimi yoki qaysarligimning sinovimi? Mayli, sevgan qulingga dard berasan, şifosini ham özing bergin. Bandangga yaxşilik qilay desang, birovlarga hojatmand qilib qöyasan. Işqilib, yuzimizni yoruğ qil. Salkam qirq beş yillik yöldoşimni, qirq beş yil boşimda kötargan odamimni yana aziz qilding. Bu sinovlarni yengib ötişda özing sabot ber, saodat ber, Tangrim. Sendan özga madadkor, xaloskor yöq»!
Qizlarining ketganiga ikki kun ötmay, bu xabarni kim yetkazgan, kenja öğli xotini bilan kirib keldi. Haydar bobo öğlini körib közlariga yoş oldi va bunaqa odati yöq edi, öğlini bağriga bosdi. Er-xotin onaning ahvolini körib, yiğlaşdi. Zaynab momo ham özini bosib turolmadi.
– Qarigan çoğda şunday birovga qarab qoldim, bolam, – dedi u karavotdan boşini arang kötarib. Söng çolining yordami bilan bolalari battar içikmasligi uçun turib, bir pas oyoğini osiltirib ötirdi.
Aslida nima bölganini eşitib, kenjaning esxonasi çiqib ketay dedi.
– Toşkentga oboramiz, – dedi nima qilarini bilmay.
– Yöq, – afsus bilan boş çayqadi ota. – Foydasi yöq, qariçilik.
– Oltmiş bir yoş qarilikmi? – kenjaning közlariga yana duv-duv yoş quyildi. – Sakson, töqsonlar qayerda qoldi? Yöq, ota, enamni Toşkentga olib ketaman!
– Menam bilmasam gapirmasman… – dedi-yu, Haydar bobo ham hiqillab yiğlab yubordi.
Kenja öğil öşa kunning özida onasini Toşkentga olib bordi. Vraçlar umurtqa joyiga tuşmagan, falaj deb taşxis qöyişdi, qayta operatsiya qilişdi, ammo heç narsa özgarmadi. Şifokorlar buni qariçilik va tanadan şijoatning yöqolib borayotganligiga yöydi. Şunda öğil noiloj onasini olib, yana qişloqqa qaytdi. Heç nima qilolmagani uçun qattiq iztirob çekdi. Naçora, osmon yiroq, yer qattiq.
– Hozirça keliningiz sizga yordam berib turadi. Men ham hafta oxirigaça ariza yozib, işdan böşab kelaman, – dedi otasiga. – Bunday qarab tursak bölmas. Tabib-pabiblarga oboriş kerak. Enam şunday yotsa, mening olimligim kimga kerak?
Öğil özini qöyarga joy topolmas, uy içida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.
– Ulim, – dedi Haydar bobo öğlini tinçlantiriş uçun. – Xudo dard beribdimi, nasib bölsa, bir kun şifosini ham beradi. Mayli, yuz yil şunday falaj yotsayam özim qarayman. Böpti, kelin qolsin, ammo sen ketasan. Olimliging menga kerak! Senga bu joylarda noming çiqmay ötişingni xohlamayman, deganman. Esingda, a? Ulim bölsang, aytganimni qilasan! Faqat tez-tez xabar olib tur.
Haydar bobo şunday deya kenjasini şaharga qaytarib yubordi. Kelin uç oylik öğilçasi bilan yonida qoldi. Şunda qaysar çol katta nevarasiga ham javob berib yubordi. Yana odatiy kunlar boşlandi. Haydar bobo joynamoz ustida uzoq qolib ketar, kelin sigir soğib, çoy damlab kelgunça kampiri yonida ötirib, söng birga nonuşta qilar, baʼzan çirqirab yiğlab qoladigan nevarasini tebratar, gohida qöliga olib, munçoqdek közlariga tikilib ötirar, bir yonida yoşlik ramzi – közlari kulib turgan, kulgulari olam yorituvçi yoş gödak, bir yonida qarilik va dunyo ötkinçi ekanligini böyniga olib borayotgan kampiriga qarab turib, yuraklari kuyardi. Zaynab momo qattiq siqilaverganda, hojatga çiqmoqçi bölganda, kötarib taşqariga olib çiqar, söngra alam va iztirob-lariga çidamay özini goh içkariga urar, köpinça uyga kirişga yuragi betlamay nevarasini kötarganiça hovli aylanib yurar, qirga çiqar, oğildagi mollarga qarab, tomorqada işlar, kundan-kunga sölib borayotgan kampirining tuzalişiga umid boğlab yaşardi.
Haydar bobo şu tarzda tört yarim yil yaşadi. Bu vaqt içida çökib, butun öy-xayoli, orzu-umidi, hatto olgan nafasi, özligi ham kampiri bölib qoldi, ammo beşafqat taqdir Zaynab momoga qayta ikkala oyoqni birdan bosib taşqariga çiqişni nasib etmadi. Sönggi bir yarim yil içida tamomila töşakka mixlanib qoldi. Bir-ikkita tengqurlari Haydar boboga yöl-pölda uçraşib qolganda «Haydar, senga qoyil. Bunça diydang qattiq bölmasa» deya uning bardoşiga tan bersa, «Bundan köra, boşqasiga uylansang-çi?» deguvçilar ham böldi. Bunday paytlar Haydar bobo şunaqa sassiq gap qilib jiğiga tegayotganlarning jağini quloği orqasiga ötkazib, qaytib tilini çiqarolmaydigan qilib qöymoqçi ham bölar, ammo köz közga tuşadi, deb özini bosar, ularga tikilib turib-turib, «Omin» deya davradan çiqib ketardi. Uyga kela-kelgunça iç-içidan kuyinib yiğlar, uyga kelgaç kampirining etsiz qöllarini uşlaganiça kirtayib qolgan közlariga tikilib ötirardi. Şunday unsiz termuliş va sözsiz muloqotlarning birida, erta saharda Zaynab momo bomdodni öqib, yonginasidan kelib ötirgan çolining qölini uşlab turib, dedi:
– Sizniyam köp qiynadim-a? Lekin sizday toğim borligidan boşim osmonga yetadi. Men baxtli ayolman. Siz mard odamsiz. Meni keçiring. Mendan rozi böling…
– Kampir? Ehh… bu… – Haydar boboning yuragi şuv etib, gapi böğzida qoldi. Zaynab momo uning sönggi sözlarini eşitişga ham bormadi. Yostiqda turgan boşi «şilq» etib sirğalib ketdi.
Haydar bobo kampirining boşini kötardi-yu, ökirib yiğlab yubordi. Qirq sakkiz yil ardoqlab kelgan kampirini tört yarim yil qöllarida kötargan inson yana uni öz qöllari bilan sönggi manziliga qöyib kelayotganida dunyo köziga qoronğu bölib, özi-da huşdan ketdi. Hamqişloqlar yuziga suv sepib, öziga keltirişdi, ammo boboning közlari yarim kunda kirtayib, yelkalari çökib qolgandi. Çol judolikdan kuyib, xuddi yongan daraxtdek qorayib ketayotgandi. Uyga kelib ham özini önglolmadi. Uy oldidagi kursiga ötirdi-yu, boşiga kelib, hadeb keçirim sörayotgan, onasining ölimida özini aybdor sanayotgan tönğiç öğlining yuziga ham qaramasdan, heç narsaga tuşunmay közlari jovdirab turgan nevarasini bağriga bosganiça piq-piq yiğladi. Uyga kirişga yoki avvalgidek qirga çiqib, Tangriga tavallo qilişga ham irodasi yetmadi. Şunçalar böşaşib, özini yöqotib qöydiki, kelgan-ketgan bilan ham işi bölmay qoldi. Azadagilar tarqalgaç, kenjasi boboning qöltiğidan tutib, yalinib içkariga kirgizdi. Haydar bobo içkariga kirişga kirdi-yu, öğliga «Bolam, özing köz-quloq böl» deb özini kampiri yotgan karavotga taşladi. Биров унинг на ухлаётганини билди, на нафас олаётганини… Yarim keça, yiği-siği tinganda kenjasi xotiniga issiq çoy olib kelişni tayinladi va otasini uyğotmoqçi bölib engaşdi-yu, ökirib yubordi.
Bobo allaqaçon özini Haqqa topşirgan ekan…
Xoliyor SAFAROV
“Yoşlik” jurnali 2010/5
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


