(Hajviya)
Qöl telefoni çiqdiyu, baloga qoldik. Ketma-ket jiringlagani jiringlagan. Ana, yana boşladi. Iya, amakim qönğiroq qilayapti-ku?!
Telefonni şartta quloqqa tutdim.
– Özingmisan? – dedi amakim, – tez yetib kel.
– Qayerga? – söradim hovliqib.
– Avtovokzaldaman. Tez kel, ahvol çatoq.
“Nima böldi, nima qöydi”, deb söraşga ham ulgurmadim.
Amakim – buvamiz Amir davang avlodining sönggisi. Otam rahmatlining ukasi. Şuning uçun bölsa kerak, erkaligini kötaramiz. Kötarmasak, kötartiradi. Injiqligi tutsa hammani boşiga yiğib, tös-töpolon qilib yuboradi. Bunga könikib qolganmiz. Bir oğiz sözi – qonunday gap.
Amakimning öğli – amakivaççam Toğayboy bilan böyinsamiz. U goh-goh qönğiroq qilib, dardlaşib qoladi. Aytişiça amakim, yoşi ötgan sari özini qöyarga joy topolmayotganmiş. Hayajonlansa, yiğlab yuboradigan odat çiqaribdi. Tengdoşi Alimqul naynov olamdan ötgan kuni “Endi menga navbat”, deb hovlini boşiga kötarib uvvos solibdi. Tozayam gap kötarmas bölib qolgan deyişadi.
– Munça hayallading, – dedi u istehzo aralaş borişim bilan.
Söraşib ham ulgurmadim. Egnida olaça yaktak. Boşida eski qoraköli telpak, qölida öğli Toğayboy muallimning talabalik yillarida tutib yurgan, menga taniş sariq diplomati. Amakim daströmoli bilan keng peşonasini tez-tez, qayta-qayta artarkan söradi:
– Qayerda yaxşi döxtir bor?!
– Amaki, biror joyda ötirib gaplaşib olaylik, nima gap, tinçlikmi? – dedim ehtiyotkorlik va ayni paytda mehribonlik bilan. – Hozir yaxşi döxtirlar köp.
Qölidan oliş uçun diplomatiga intildim. Unamadi.
– Menga qara, jörang odam bölmadi. Undan umid yöq, işdan boş kötarmaydi. “Ota, holing qanday”, degan bola emas. Menga puli kerakmas, mana pul. – U qölidagi diplomatga işora qildi.
Uni nimaga bermaganini endi angladim.
– Sen – jonday akamning öğlisan, özimnikisan, – dedi amakim ökinib. – Harakatingni qil, bölmasa yaqinda buvangdan qolgan yolğiz yodgorliklaringdan ham ajralib qolasan.
Uning xölqasi tölib, közida yoş aylandi.
– Dardmandim yöq, – dedi çözib.
– Qöying amakijon, xafa bölmang, men borman-ku!
– Şuning uçun seni qora tortib keldim-da!
Hoziroq gapni çalğitmasam, şu yerning özidayoq diydiyo kattalaşib ketişini anglab, taşxis markazlaridan birini maqtay-maqtay maşinam tomon yöl boşladim.
– Döxtirlarning zöri, texnikaning aʼlosi Uçtepada, tanişlarim ham bor.
– Menga qara, – dedi amakim. – Şunday döxtir top. Taksi uşlaysanmi, nima qilsang qil! Pul bisyor. Menga soğliq avlo, sigirni sotdim-u, yölga çiqib kelaverdim, tezlaştir.
– Yaxşi qilibsiz. Sizning yoşingizda döxtirlarga tez-tez körinib turgan maʼqul.
– Ey, maşinayam oldingmi? Odam böp qopsan.
– Xohlagan joyingizga olib boraman amakijon, duo qiling, sizga xizmat qilmasam, kim degan odam bölaman.
Amakim meni iydiradigan duolardan öqidi.
– Odam bölişingni boşidayoq bilardim, – dedi oxirida.
Bir zumda Uçtepadagi taşxis markaziga yetib keldik. Şuhratjon degan tanişimni topib, dardimizni aytdik. Amakim döxtirlarni körişi bilan yoş boladay lab-lunjini osiltirib oldi. Ha, deganda çiroyi oçilmaydi. Biri-biridan çaqqon döxtir qizlar haş-paş degunça u eşikdan bu eşikka yetaklab, bir dasta qoğozni qölimizga tutqazdi. Şuhratjonning maslahati bilan eşigiga “prof. S.S.Samadov” deb yozilgan kabinet yonidagi yumşoq kreslolarga çökib, navbatimizni kuta boşladik. Odam judayam köp edi. Amakim iç-etini yer, kasalining otini bilgisi kelib, meni savolga tutardi.
– Nima ekan? – dedi qölimdagi qoğozlarga engagi bilan işora qilab. – Saxirmasmi?
– Bilmasam, – dedim yelka qisib, – hozir aytişadi.
– Bu yerda davolaşadiyammi? – söradi amakim ösmoqçilab.
– Bu yerda faqat maslahat berişadi. Dori-darmon buyurişsa, qişloqda davolansangiz ham böladi. Şunday deyişim bilan amakimning rangi-quti özgarib ketdi.
– Oğirliq qilayapmanmi?! Biroz sabr qil, oz qoldi, qutulasanlar!
– Amakijon, keçiring, unday demoqçimasdim, nega oğirlik qilar ekan, qança desangiz şunça qarataman. “Ğing”, degan nomard.
– “Ğing”, deb kör-çi?!
U yer ostidan olayib qaradi. Söng atrofdagilar eşitmayaptimikan, degandek tevarakka bir-bir nazar taşlab oldi. Böynimni qisib yerga tikildim.
– Menga qara, – dedi amakim birozdan söng yelkamga qölini taşlar ekan. – Sening odam bölişingni avvaldan bilardim. Esingdami, hali talaba edinglar, taʼtildan Toşkentga qaytayotganlaringda Toğayga qöşib sengayam beş sömga poyezdga bilet olib bergandim. Şunda nima deganding-a?! Öşanda otliqqayam bilet yöq edi. Bilasan. Jabbor kassirga yarimta qöyganman. Unça-munça odam bu işni qilolmasdi. Öşanda sen: “Rahmat, amaki, siz toğimizsiz” degansan. Toğay rahmat ham demagan. Hozir ham demaydi. Sen boşqaçasan. Mana, endi sen toğ bölding, men senga suyanayapman. Oğir olma yana.
Suhbatlaşib ötirib, navbatimiz kelganini ham bilmay qolibmiz. Sayidahror Sayidğaniyeviç degan professor tepakal bölib tepakal emas, xuddi pati çala yulinib, qozonga bosilgan tovuqning çala yulingan tuklariga öxşagan tolalar boşining u yer, bu yerlarida dikkayib turgan, qalin közoynagini burnining uçiga qöndirib olgan odam ekan. Salom- alikdan söng suzişni endi örgangan buzoqçaga öxşab boşini engaştirib, xuddi peşonasi bilan körayotgandek amakimga bir olaqaraş qilib olgaç, qoğozlarimizning u yoq-bu yoğini ağdardi-da:
– Neçevo, otdaysiz, xavatirlanişga arzigulik heç narsa yöq, köngilni töq qiling, hali miltiqning öqidaysiz, – dedi qölidagilarni qaytarib berar ekan.
Men xayriyat-yey, degandek, amakimning qovoğiga qaradim. Javobni eşitgaç, u kişining çiroyi oçilar deb öylagandim. Aksinça, bir siqim moş-guruç soqolini tutamlab, hafsalasi pir holatda, labi gezarib qabuldan çiqdi. Darhol Şuhratjonni topdim.
– Yaxşi-ku, – dedi u quvonib. – Juda soz.
Şuhratjon yana nimalardir demoqçi edi, amakim “Yur, ketdik” degandek boşini irğadi. U bilan xayrlaşib markazdan çiqdik.
– Bekor kelibmiz, – dedi amakim maşinaga ötirar ekan. – Bularning kissasidayam közi bor. Çöntagi biror narsani körmasa, aqli ham işlamaydi. “Yaxşisiz”, deydi, tomom. Kun ötayapti-da. Yöqmi, qurib ketganmi birorta biladigani. Şunça pul hayf ketdi-ya. Aytdim-ku, çöntagiga uç tört söm solib qöy, deb, qilmading. Senlarga keragim bölsa choparding. Endi kerakmasman, bir qop göştman. Ha, essiz yoşligim-a!
Amakimning jahli çiqqanida baralla, jahl bilan gapirişlariga könikib qolganim uçun biror jöyali söz topa olmay maşinani yölga öngladim.
– Döxtirning zörini Yaltada körganman. Afti-angorimga bir qaraşda töqqizta bolam borliginiyam bilgan Palina degan ayol. Stolovoyga yetaklab borib, 9-stolga özi ötqazib qöygan. Töqqizta bolasi borlar, 9-stolda ovqatlanar ekan. Ana obrö. Har kuni ertan-oqşom suyuq kartoşkali ovqat bilan parvarişlagan. Rangi-röyim birdan özimga kelgan. Menga şunday döxtir topasan. Bu yerlardayam şunaqa ovqatlar bormikan-a, taʼmi haliyam oğzimda? Körsam taniyman.
Amakimning qorni oçganini sezdim. 9-stol nimaligidan xabarim bor. Diyet stol. Egam rais aytib bergan. Bir paytlar amakim bilan Yaltaga birga borişgan. Şunda qabulxona şifokori sizga diyet belgilandi, maʼqulmi, deb söraganda amakim beçora uyida qolgan töqqiz farzandini öylab ötirgan çoği, döxtir bolalaring neçta deb sörayapti, degan xayolga borib, “da, da, devit, devit”, deb yuborgan ekan.
– Meni mehmonxonaga olib bor, – deb qoldi amakim bir payt buyruğomuz.
– Amaki, – dedim yalingannamo.
– Amaki-pamaki dema, hayda mehmonxonaga.
– Ovqatlanib olaylik, qorin oçdi. Farhod bozorining yonida bitta restoran oçilgan. 9-stoli ham bor. Biz ham suyuq kartoşkali ovqatdan tatib köraylik, – dedim erkinsib, gapni boşqa yoqqa buriş maqsadida
– Ey, senlar nimani köribsan? Yur, özim bir ovqatlantiray seni…
Maşinani bir çetga töxtatdim.
Xullas 9-stol hangomasini yana bir bor tinglab bölgaç, nihoyat amakimni uyimga olib borişga köndirdim.
– Xafa bölaman, amaki, – dedim uni iydiradigan ohangda, – keliningiz eşitsa, tozayam şarmanda bölaman. Bir işingiz tuşib kelganingizda, mehmonxonada tunaysizmi?
– Men xafa bölsam maylimi?
– Bugun dam oling, ertaga hammasi köngilingizdagidek böladi, – dedim qölimdan heç iş kelmasligini bilsam-da, tavakkaliga.
Nihoyat… xonadondamiz. Amakim naridan-beri ovqatlanib bölişi bilan “Yotar joyni körsat”deb qoldilar. Körsatdim. Zum ötmay xurrak ovozi eşitildi.
Uzoq vaqt şiftga tikilib yotdim. Koşki kallaga biror jöyali fikr kelsa. Öylab-öylab topdim. Döstim Şuhratjonni yana bir marta bezovta qilişdan boşqa ilojim qolmagandi. Ertalab nonuştagaça “ğiz” etib dökonga borib keliş bahonasida köçaga çiqib, unga qönğiroq qildim. Vaziyatni darhol tuşundi. Kasalxonamisan kasalxona. Telefonda “taniş” döxtir bilan ham kelişib oldim. Bordik. “Tanişim” meni tanimasa-da quçoq oçib kutib oldi. “Taniş ekansiz, özimning palatamga yotqizaman, – dedi döxtir, nihoyat amakimning qon bosimini ölçab bölgaç, – ön kun davolaymiz, natijasi bölmasa operatsiya qilamiz.”
Tösatdan aytilgan gapdan özimning ham kapalagim uçib ketdi. Ajablanganimizni körib “tanişim”:
– Ahvol çatoq, dardni ötkizib yuboribsiz, otaxon, siydik yölingizning bosimi baland, – dedi men tomonga qarab “xotirjam böling”, degandek közini qisinqirab.
– Ana, men senga nima devdim, – dedi amakim tarvuzi qöltiğidan tuşib. – Biladigani darrov kasalni topadi… Keyingi paytda qovuğim şişganday, bölib yuruvdi-ya! Rahmatli Boltaboyning kasalidan ekan-da-a?! Umrining oxirigaça, yoniga oq yelim qopçiqça osib ötdi, beçora. Döxtirjon,– dedi amakim yalingannamo unga qarab, – yana qança qopti? Biror yil yaşaymanmi?
– Avvalo, bu yoği Xudodan, biz ham qarab turmaymiz, iloji boriça yordam beramiz, otaxon. Hali yana tekşiriladi.
– Asliddin, – dedi amakim boladay möltirab, bulkillab yiğlarkan. – Ado bölibman, çaqir Toğayni, körib qolay…
“Taniş” döxtirim bexosdan kulib yubormaslik uçun özini tiyib, xonasidan çiqib ketdi.
– Amaki, tinçlaning, hali yana tekşiramiz, deyapti-ku, balki diagnozi notöğri çiqar.
– Töğri, hammasi töğri. Aytdim-ku, qovuğim şişganday bölib turadi, deb.
Şu kuni amakimni bir amallab şifoxonaga yotqizib çiqdim. Toğayga ham xabar berdim. Bir-ikki kunni ötkazib u keldi. Eşitadiganini eşitdi.
– Özing qarat, – dedi amakim ötirgan joyida bir qöli bilan bilagimdan tutib. – Bu görsuxta nimani ham tuşunadi. Qarşisida nima qilarini bilmay ötirgan öğlidan nolidi u. – Qaratinglar, ölib qolaman, bolam… döxtirning çöntagiga manovini tiq, – dedi u daʼfatan jahl bilan bir öram pulni qölimga tutqazar ekan. Şuni olmasa qaramaydi bularing. Men kerak bölsam şu işni qilasan.
Noqulay ahvolda qoldim. Pulni qöltiğimga qisganimça taşqariga çiqdim. “Taniş” döxtirimni topib vaziyatni tuşuntirdim.
– Tomom, – dedi u, – yana bir marta rol öynasak öynabmiz-da artistlardan qayerimiz kam? Gonorari ham naqd ekan.
Döxtirni boşlab xonaga qaytib kirdim. Amakim öğliga ölimidan söng nima işlar qilişini uqtirardi çamamda. Közida duv-duv yoş.
– Assalomu alaykum, otaxon, tuzalib qoldingizmi?
– Qayda, – dedi amakim majolsiz. – Kun sanab ötiribmiz-da.
– Xudo xohlasa hammasi yaxşi bölib ketadi.
– Qaydam, – dedi yana amakim xirxirab.
– Döxtir, – dedim dadillaşib, – amakimizning atagani bor. Dori-darmonlarni kuçaytirmasak bölmaydi. Osma ukol-posma ukol, deganday. Bir ilojini qiling aka, boşqa professorlarniyam çaqirtiring, iltimos, manovini olib qöying, dedim-da haligi pulni u kişining çöntagiga solib qöydim.
– Ovora bölmang, ey, ey, ovora bölibsiz-da, – dedi “tanişim” yöliga. Söng xuşçaqçaqlik bilan amakimning yoniga ötib ötirdi. U yoq, bu yoğini körgan böldi. – Otaxon, Xudo xohlasa otday bölib ketasiz. Ertagayoq oyoqqa qöyaman, – dedi u dadillaşib. Bugun navbatçiman, ertalabgaça, muolajani kuçaytiramiz. Sizlar xotirjam bölinglar, – dedi-da, xonadan çiqib ketdi.
– Ana, men senga nima devdim-a? – dedi amakim dadillanib. – Bularing olmasa qaramaydi, demaganmidim. Mana, körding-a, muomalasi ham birdan özgardi. Sen bölsa taniş, taniş, deysan. Otam rahmatli “Mening tanişim – çöntagim”, deb bekorga aytmagan. Töğri ekan.
Şörlik döxtirni gunohga botirganimiz qoldi. Xudoning özi keçirsin.
Zum ötmay xuşröygina nöğay kampir xonaga kirib keldi-da:
– Sizlar çiqarğa kerak, biz muolajani boşlaymiz, – deb amakimni örniga yotqizib qöydi. – Şiş qoya?!
– Keçirasiz, ismingiz nima? – söradim undan.
– Tanzila, Tanzila Israilovna deb çaqirinğiz, – dedi hamşira beparvo.
Osmonga qarab yotib olgan amakim, kuylagining barini kötarişga istihola qilardi.
– Iltimos, otamga yaxşilab qarang, Tanzila opay, – dedi Toğay ham jonlanib.
– Sizlarğa şu çalning nisi kerak? Bersangiz tuzatirga tuzatib, er qilib jatam, – dedi Tanzila Israilovna.
Amakim hiqqillab kula boşladi.
– Uyda kampirim bor, töqqizta bolasiyam bor. Nevaralar bir suruv.
– Menda esa jöq. Er-da jöq. Birsi yaramiy.
– Ketdik, – dedim işşayib Toğayga.
Taşqarida “taniş” döxtirim kutib turardi.
– Qalay, – dedi sigaretasini ezğilab, – öxşadimi?
– Öxşaganda qanday?
– Bir-ikki kun muolajani kuçaytirgan bölamiz. Pullaringga quvvatga indiruvçi dorilarning zörlaridan topib kelaman. Xohlasalaring özlaring topinglar. – U mana, deb çöği biroz uçgan pul öramini uzatdi.
– Yöq-yöq. – dedik baravariga. – Özingiz bilib-bilib topib kelavering. Bizga otamiz tuzalib ketsa böldi…
– Yaxşi. Ammo, quvvatga indiruvçi dori-darmonlar ziyon qilmaydi. Kelişdikmi?
Kelişmaslikning iloji ham yöq edi.
Öktam MIRZAYOR
“Yoşlik” jurnali 2011-yil 11-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

