(Rauf Parfi ijodi Amerika olimlari talqinida)
Amerikaning “Şarq va Ğarb adabiyoti” (“Literature East and West”) jurnalida 1967-yilning 11-noyabr sonida ummonorti jadidşunos olimi Edvort Olvortning “Markaziy Osiyo adabiyotiga milliy uyğoniş kayfiyatining qaytişi” (Edward Allworth. An old mood returns to Central Asian literature // Literature East and West. 1967, 11. 2: pp. 149-154.) maqolasi çop etildi. Amerika olimi mazkur maqolada anʼanaviy tadqiqot obyektlaridan farqli zamonaviy, öşa paytda özbek adabiyotiga endigina kirib kelayotgan şoirlar – Rauf Parfi, Mukarrama Murodova, Dilorom Tojiyeva va Guliston Şomurotovalar ijodi tahliliga töxtaladi. U R.Parfining “Bukun bir tuş kördim” (1966) şeʼrini ingliz tiliga ögiradi va şeʼrning töliq matnini (özbek va ingliz tillarida) öz maqolasiga ilova qiladi. Ayni paytda, Mirmuhsinning “Ziyod va Adiba” va N.Oxundiyning “Bolşeviklar ölkasida” kabi davrni uluğlovçi, zamonabop şeʼrlaridan namunalar keltirib, ulardagi şakl va mazmun, mavzu va ğoya ifodasidagi muayyan farqlar xususida töxtaladi.
Amerika olimi R.Parfi va uning 70-yillardagi izdoşlari yaratgan ijod namunalarini anʼanaviy şeʼriyatdan farqli, yangi adabiy fenomen sifatida baholaydi. Şu şeʼr tadqiqiga töxtalgan olim: “Raufning uşbu şeʼri adabiyotga yangiça qiyofa olib kirişidan taşqari, a-a-b-a yoki a-a-a-b shaklidagi anʼanaviy sheʼr tuzilishidan farqli öziga xos, hatto Ğarb şeʼr sistemasida ham kam uçraydigan tuzilişga ega”, deb yozgan.
E.Olvort Rauf Parfi şeʼriyatidagi şakliy özgarişlarni Yevropa va klassik şeʼriy sistemalar bilan çoğiştirib, uning öziga xos uslubda yaratilganligini asosan töğri izohlaydi. Şoir öz keçinmalarini mavhum ijtimoiy sinflar emas, balki içki individual muhit vositasida, tarix va şaxs örtasidagi boğliqlik aniq bir makon, Buxoro orqali aks ettirganligi, içki tuyğularni noziklik bilan, öz örnida, ajoyib tarzda, obrazli tasvirlagani haqidagi kuzatişlari ham eʼtiborga molik.
Bahri muhit orti tadqiqotçisining 1960-yillarda yurtimizdagi adabiy jarayonlar, davr şeʼriyatining eng sara namunalariga munosabati uning nozik kuzatuvçanlik va sezgirlik qobiliyatiga ega ekanligini körsatadi. Çindan ham ötgan asrning 60-yillarida, sotsialistik realizm anʼanalarida köz oçgan utopik ğoyalarni uluğlovçi badiiy asarlar tölib-toşgan bir paytda Rauf Parfi qalamiga mansub bunday uslubdagi şeʼrlarning yaratilişi öşa davr uçun öziga xos ahamiyatga ega edi. Qolaversa, şoirning nafaqat mazkur şeʼri, balki uning butun bir lirikasiga xos murakkab muşohada yösini, ruhiy keçinmalarning özgaça uslubdagi tahlili uning zamondoşlari orasida öz imzosi va ovoziga ega şoir bölganligidan dalolatdir.
Edvort Olvortning “jadid adabiyotida aks etgan milliy uyğoniş kayfiyati Rauf Parfi kabi yoş ijodkorlar şeʼriyatida ham aks etmoqda” qabilidagi fikrlaridan “Rauf Parfi Buxoro motivi vositasida millatparvarlik ğoyalarini tarğib qilyapti” degan qaraşni ilğaş muşkul emas. Anglaşiladiki, olimning uşbu tadqiqotida ham eskiça yondaşuv tamoyili, yaʼni şeʼr tahlilida asosiy urğuni ğoyaga – adabiy matnni siyosatga xizmat qildiriş usuli kuzatiladi. Aniqroq qilib aytsak, olim tahlilda şeʼrning faqat ijtimoiy-ğoyaviy qiymatini körsatiş bilangina çegaralangan.
Demak, R.Parfi ijodining genetik ildizlarini avvalambor milliy şeʼriyat, qolaversa, nemis romantizmi, fransuz simvolizmi orqali jahon adabiyotiga keng tarqalgan verlibr (sarbast), rus şeʼriyatining sillabo- tonik şeʼr tizimiga xos erkin şeʼr, Boltiqböyi xalqlari poeziyasi anʼanalarining ijodiy özlaştirilişi kabi köplab faktorlar bilan boğlab izohlamoq lozim. Zotan, misralardagi böğinlar soni, ularning çöziq-qisqaligi, turoqlaniş yoxud qofiyalaniş tartibida erkinlikka intiliş R.Parfining ixtirosigina emas. Grafika va intonatsiya, emotsional töyintirilganlik, söz va tovuş takrorlari, ritmik urğularga ahamiyat qaratiş, keçinma va ohang maromining fikr-tuyğuga monand, söz anglatgan maʼno asosida özgarib turişi milliy va jahoniy tajribalarni ijodiy özlaştiriş samarasi edi. Afsuski, Edvort Olvort muammoga bunday keng kölamli tarzda teran yondaşa olmaydi.
Ğarb dunyosida yaratilgan adabiy tanqid nazariyasiga oid tadqiqotlarda matn tahlili bilan boğliq bir-biriga öxşaş qaraşlarni uçratiş mumkin. Jumladan, ingliz olimi Xens Bertens va rus akademigi N.P.Sakulin muayyan badiiy asarni ijtimoiy-ğoyaviy jihatdan tahlil etganda “nima uçun ijodkor aynan mazkur mavzuda sanʼat asari yaratdi”, “uşbu mavzuda asar yaratişning sababi nimada”, “bu mavzu nimani anglatadi”, “şoirning yangiça yondaşuvi asosida qanday maqsad yotadi”, “badiiy matn kuçi qaysi elementga asoslangan”, “badiiy matndagi kalit sözlarning içki va taşqi şakli, obrazlar strukturasi va ğoya tuzilişida qanday poetik asoslar mavjud” kabi qator savollarning qöyilişi ham, matn tadqiqida ham tanqidçining matn borasida töğri xulosalar çiqarişda muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi.
Badiiy matnni Yevropalik olimlar taʼkid etgan muammolar atrofida tahlil qiliş, qöyilgan savollarga javob topiş nafaqat matn mohiyatini töğri idrok qiliş, balki ijodkor hayotidagi muhim nuqtalarni oydinlaştiriş, asar yaratilişidagi ijodkor ruhiy keçinmalarini tasavvur qiliş kabi masalalarni ham oydinlaştirişda muhim ahamiyat kasb etadi. Ehtimol şuning uçun ham E.Olvort, R.Parfi şeʼriyatidagi mohiyatni ham Xens Bertens va N.P.Sakulin taʼkid etgan nazariya asosida yeçişga intiladi. U badiiy asar poetikasini şakl lingvistikasi asosiga qöyadi va şeʼrdagi ğoya tadqiqida formal metodga tayanadi. Tadqiqotçi tahlillariga sinçkov nazar taşlansa, uning şoir nima uçun aynan Buxoroga murojaat etgani sabablarini qidirayotganligini anglaş qiyin emas. E.Olvort öz eʼtiborini şeʼrdagi, mumtoz adabiyotimiz namunalarida köp uçraydigan “gulşan”, “parişon” kabi sözlarning maʼno qatlamlariga qaratadi. Agar R.Parfining “Bir tuş kördim” şeʼri tahliliga davr ijtimoiy voqeliklari va tarixiy şaroit nuqtayi nazaridan yondaşilsa, amerikalik olim xulosalari haqiqatga yaqin ekanligi oydinlaşadi. Zero badiiy yaratiq ijodkorning öz atrofidagi jarayonlarga munosabati mahsuli. Şoir sözi – jamiyat tili, xalqining yuragidir. Qolaversa, kuçli ijtimoiy muammolarni gözal poetik vositalar bilan ifodalaş Rauf Parfi ijodining xarakterli jihatlaridan biri bölgan.
Aslida ötgan asrning 60–70-yillarida nafaqat Rauf Parfi, balki boşqa şoir va yozuvçilar ijodida ham ijtimoiy motiv keng kölam kasb etib, ularning ayrimlari ozodlik ğoyalarini turli xil ramzlar vositasida aks ettirganliklari ham ayni haqiqat. Ammo AQŞ özbekşunosi tahlil usuli mazkur şeʼr poetikasining barça muammolarini oçiş, uni badiiy-estetik nuqtayi nazardan tadqiq etiş imkonini bermagan. Bundan taşqari E.Olvort ilgari surgan ijtimoiy konsepsiya aniq tahlil va misollar vositasida körsatilmaydi. Milliy uyğoniş körinişlari aynan qaysi satrlarda, qay yösinda va qanday obrazlar yoki poetik vositalar yordamida aks etganligi xususida ham heç gap yöq.
Bizningça, Rauf Parfining “Bukun bir tuş kördim” şeʼri mohiyati unda zuhur topgan Buxoro va tuş obrazlarining poetik motiviga aloqadorlikda kengroq oçiladi. Maʼlumki, Buxoro qariyb uç ming yillik tarixga ega şahar. U Markaziy Osiyodagi eng muqaddas, afsonaviy tarixga ega, şon-şarafga boy şaharlardan biridir. Buxoro nafaqat diniy markaz, balki estetik tuyğular yuksak qadrlangan maskan ekani bilan ham hurmat-eʼtibor qozongan. U neça-neça buyuklarning beşigini allalagan, neça-neça allomalar xokini bağriga olgan, minglab jangu jadallarga şohid makondir. Şoir gözal Buxoro, uning minoralarida mujassam qudrat, şon-şaraf orqali millatning madaniyatini, kuç-qudratini, boy tarixga ega ötmişini namoyon qilmoqda. Ayniqsa, şoirning mazkur badiiy-ğoyaviy konsepsiyasi uning quyidagi satrlarida kulminatsion nuqtaga yetgan.
Ul ayirdi meni huşimdan,
Yuragimni körgan emişman…
Bukun bir tuş kördim.Tuşimda
Buxoroda yurgan emişman.
Şoir nigohidagi yurak bu – özlik. U yurakni köriş bilan özlikni idrok etiş, anglaş maqomiga yetadi. Şoir özligida esa butun bir millat, uning qudratini namoyon qiliş ğoyasi mavjud.
Ötgan asrning 60-yillarida ham bu kabi şeʼrlar “millatçilikni tarğib qiluvçi şeʼrlar” qatorida baholanişi tabiiy hol edi. Şu sabab ham R.Parfi buni ifodalaşda tuş motividan foydalangan. R.Parfining tahlilga tortilgan şeʼrida “Buxoro” va “tuş” obrazlari ikki taraflama: ham badiiy, ham ijtimoiy motiv ölaroq şoir ğoyaviy-estetik maqsadiga xizmat qilgan.
Rauf Parfining “Bir tuş kördim” şeʼri turli davrlarda keksa va yangi avlod Amerika özbekşunoslari eʼtibori markazida bölişi şeʼrning öziga xos poetik kuçga ega ekanligi bilan izohlanadi. Qolaversa, şoirning amerikalik muxlisi Reyçel Harrel taʼkidlaganidek, uning ijodida xayolot murakkabligi inʼikos etadi. Şeʼrlari gözal, silliq öqiladigan, kitobxon eʼtiborini tortib, voqelikka yaxşiroq nazar solişga, ramziy maʼno qatlamlarini yanayam çuqurroq anglaşga çorlaydi. Bu kabi munosabat Rauf Parfi şeʼri misolida özbek adabiyotining kuç-qudrati, kelajagi, yorqin manzillar sohibi böliş imkoniga ega ekanligini körsatuvçi yorqin dalildir.
Bukun bir tuş kördim. Tuşimda
Buxoroda yurgan emişman,
Yuksak minoralar boşimda,
Oyoqlarim ostida gulşan.
Buxoroda yurgan emişman,
Men-la birga yurarmiş Quyoş.
Erir emiş, oqar parişon
Muz asridan omon qolgan toş.
Yuksak minoralar boşida,
Menga hasad bilan boqarmiş
Asrlar bir damday qarşimda
Zangor olov bölib oqarmiş.
Oyoqlarim ostida gulşan
Zangori olovlar davomi…
Buxoro zangori gul uşlab,
Meni asir etdi tamoman.
Ul ayirdi meni huşimdan,
Yuragimni körgan emişman…
Bukun bir tuş kördim. Tuşimda
Buxoroda yurgan emişman.
(Rauf Parfi)
Today I had a dream. In my dream
I seemed to stroll in Bukhara.
Tall minarets above my head,
Beneath my feet a rose garden.
I seemed to stroll in Bukhara,
Along with me strolled the Sun,
It seemed to melt, a flowing perplexity
An unhurt stone left by the ice age.
Tall minarets above my head
Seemed to gaze at me with envy.
The centuries momentarily before me
Seemed to flow like pale blue fire
Beneath my feet arose garden,
The pale blue of the fires continuing…
Bukhara, having caught the pale blue rose,
Imprisoned me forever.
It parted me from my senses,
I seemed to see my heart…
Today I had a dream. In my dream
I seemed to stroll in Bukhara
(Edvort Olvort tarjimasi)
Zulxumor MIRZAYEVA 1976 yilda Farğona viloyatining Beşariq tumanida tuğilgan. Filologiya fanlari nomzodi. “Dengiz–u ummon oşa”, “XX asr özbek adabiyotining Amerikada örganilişi” kabi kitoblar va köplab ilmiy–adabiy maqolalar muallifi. Ayni paytda Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida faoliyat olib bormoqda.
“Yoşlik” 2013/9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


