Boshdan o‘tgan hangoma

0
186
marta ko‘rilgan.

Tulpor kartmonga sig‘maydi…

Ikki ming o‘ninchi yilning Navro‘zida Qozog‘is­ton­ga qilgan safarimiz o‘zbek va qozoq xalqlarining do‘slik bayramiga aylanib ketdi. Taniqli adib, atoqli tarjimon Nosir aka Fozilovning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir qadim Turkiston shahridagi teatrda bo‘lib o‘tdi. Keng jamoatchilik, qozoq adiblari, vatandoshlari ustozning hurmatini joyiga qo‘yishdi.

Shahar hokimi so‘zining oxirida tashqarida qay­rog‘ochga bog‘langan egar-jabduqli tulpor Nosir akani kutib turganligiga shama qildi. Yubilyar o‘z navbatida shahar ahliga minnatdorchilik bildirib, hokimga quyidagi qochirmani qildi.

– Inim, izzat-hurmat uchun qulluq. Omadingni bersin. Sakson yoshga chiqqan og‘angni tashqaridagi tulpor olib qochsa, tabib izlashingga to‘g‘ri keladi. Qolmishiga tamojniya degan idoralar ham bor. Gapning indallosi, tulporing kartmonga sig‘madi…

Hokim ham anoyilardan emasdi. Nosir akaning tagdor gaplaridan to‘g‘ri xulosa chiqardi…

 

“Marhum” boshda do‘ppi,

egnida misrish to‘n bilan turardi…

1989 yilning kuz oylari edi. Taniqli bolalar shoiri Obid Rasulning “Oppoq tong qo‘shiqlari” nom­li qo‘lyozmasi bosmaxonada navbat kutardi. Ku­til­maganda Obid akaning vafoti bilan bog‘liq so­vuq xabarni eshitdik. Marhumning bosmaxonadagi kitobini zudlik bilan tezlashtirish va uning hi­sob-kitobi bilan bog‘liq vazifalar tegishli kishilarga topshirildi.

Yozuvchilar uyushmasining o‘sha paytlardagi ko­tibi Tohir Malikning xizmat mashinasida Anvar Obidjon va kamina Obid akaning oilasidan ko‘n­gil so‘rash niyatida Samarqand darvoza tomonga qa­rab jo‘nadik. Obid Rasulning Yangiyo‘l tumanida istiqomat qilishi xayolimdan o‘tgan bo‘lishiga qa­ra­may, o‘z ishiga puxta akamizning shaharda ham uyi bo‘l­sa kerak, degan mulohaza bilan sukut saqlab bordik. Haydovchi mashinani xalta ko‘chalardan biriga bu­rib to‘xtatdi. Yo‘lning ikki tarafida ta’ziyaga kelgan kishilar saf tortgan. Qatorda Alibek Rus­tamov, Matyoqub Qo‘shchonov, Ozod Sharafiddinov, Aziz Qayumov kabi ustozlarimiz. Darvozaning o‘ng tarafida “marhum” Obid Rasul boshida qalampir nusxa do‘ppi, egnida misrish to‘n bilan ma’­yusgina bo‘lib turardi. Shaytonga hay berib, kulgidan o‘zi­mizni arang tiyib, safga qo‘shildik. Ohista surishtirsak, Obid akaning amakisi furqatshunos olim Holid Rasul domla qazo qilgan ekanlar…

Har gal Obid akani ko‘rganimizda o‘sha hango­mani eslab ustozga tansihatlik tilardik. Bu orada u kishining kitobi bosilib, qalam haqini olib, bizga dasturxon ham yozdilar. Kichkintoylarimizning katta shoiri Obid Rasulga amakilaridan keyin yana o‘n bir yil yashash nasib etdi.

 

“Ukamiz sariq-suruq

narsalarni yemasin!..”

Bobolarimiz “Kishi baloga qolurmi o‘z ixtiyori bilan” deb bekorga aytishmagan. Marhum bir adib­ning boshiga tashvishli kunlar tushgan paytlar edi. Suddagilar ishni yengillatish niyatida oqsoqol adiblar nomidan iltimosnoma yozilsa, degan mazmunda maslahat beradi. Qadrdonlarimizdan biri olib borgan xatga ustoz Nosir Fozilov surishtirib o‘tirmay imzo chekadi. Erka ukalaridan bo‘lganim uchun oqshom menga qo‘ng‘iroq qilib:

– Tursunboy, bu ukamiz o‘zi nima ish qiladi? – deb so‘rab qoldi.

Masala noyob metallar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun tafsilotini aytib o‘tirmay, hazil-huzul bilan tushuntirmoqchi bo‘lib:

– Do‘stimiz sariq-suruq ishlar bilan shug‘ullan­gan ekan, – dedim.

Hozirjavob Nosir aka:

– Ukamizga aytinglar, bundan-buyon saruq-suruq narsalarni yemasin.

 

“Ubey, zakonnыy”

1980 yilning kuz oylari. Respublika axborot agentligining mas’ul xodimi N.X. xonim kaminaga qo‘ng‘iroq qilib, “Cho‘lpon” nashriyoti yilning navbatdagi choragida qaysi nomdagi kitoblarni bosmadan chiqarganligi bo‘yicha axborot berishimni so‘radi. Nashr etilgan asarlarni nomma-nom aytdim. Biroq, ruscha tarbiyalangan singlimizga bitta to‘plamning muallifini tushuntirishim ancha qiyin kechdi. Bu mashhur fors-tojik shoiri Ubay Zakoniyning “Mushuk bilan Sichqon qissasi” edi. Men “Ubay Zakoniy” deyman, singlimiz esa hech vaqoga tushunmay, “Kim u, Ubey, Zakonnыy” deb qayta-qayta so‘raydi.  Ilojim qolmagach, shu kitobdan bir nusxani Xudo rahmat qilgur shoir ukam Hamza Imomberdiyev orqali o‘sha xonimga yetkazdik.

 

Yamoq ko‘ylak

Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir yillar. Yamoq ust-boshlarni kiyish ayb sanalmasdi. Yetim­­chilik, ovulimizdagi o‘ziga to‘q xonadonlarda mar­dikorchilik qilardim. Qishloq Sovetining kotibi Eshonxon akaning uyida o‘n ming dona guvala quydim. Ikki haftalik mehnat haqimga aqchaning o‘r­niga poshnasi yemirilgan kirza etik, kuya yegan tulki telpak, yoqa va yenglari gulli, ammo yamoqli ukraincha ko‘ylak berdi. Ilojim qancha?

Qandaydir bayram munosabati bilan maktabimizda tantana tashkil qilindi. Yuqori sinf o‘quv­chilari Yong‘or tog‘iga sayrga otlanishdi. Bizlar fut­bol o‘ynadik. O‘tin terib, o‘choq kavlab oshpazlar­ga ko‘­maklashdik. Kun isigach, nimdosh karaminka kas­tyumni yechib qayrag‘ochga ildim. Sinfdosh qizlar ukraincha ko‘ylagimning yoqa va yenglaridagi gullarini tomosha qila boshlashdi… To‘satdan yag‘rinimdagi chit yamoq xayolimdan o‘tdi. Asta ortimga tisarildim. Gap nimada ekanligini bilgan qizlar kulib yuborishdi.

 

Uvol bo‘lgan “ayaston”

Mirtemir domla “Manas” eposini o‘zbek tiliga o‘girish masalasida hozirgi Bishkek shahriga kelib “Tiyonshon” qo‘nalg‘asiga joylashdi. “Issiqko‘l il­hom­lari” turkumiga kirgan she’rlari o‘zbek tilida nashr etiladigan “Qirg‘iziston haqiqati” gazetasining shanba sonida bosilib chiqqandi. O‘sha kuni qirg‘iz oqinlari Tumanboy Boyzoqov bilan Sovranboy Jusayev ustozni yo‘qlab mehmonxonaga kelishdi. Ularga xizmat qilish mening zimmamga yuklandi. Mirtemir domla sovutgichdan “Ayaston” sharobini olib, – oching, – deb kaminaga uzatdi. Mehmonlarning salobati bosib uni xoliroq vannaxonada ochmoqchi bo‘ldim. Po‘kak zich yopilgani uchun chalavzarimning parmasi ishkal qildi, shisha bo‘g‘zidan sindi. Uni unitazning ortiga yashirib to‘rtinchi qavatdagi bufetga oshiqdim. Holatimni tushungan uddaburon bufetchi “Ayaston”ning po‘kagini abjirlik bilan ochib qo‘limga tutqazdi. Xonaga imi-jimida kirib idishni grafinning yoniga qo‘ydim. Ustoz arman sharobini bakallarga quyish uchun ko‘zoynakni taqib shishaga nazar soldi va menga zimdan boqib, miyig‘ida kulib qo‘ydi… Iztirobdan bo‘g‘riqib-bo‘rtib ohista “Ayaston” yozuvining bag‘riga bufetning safsar siyohdagi tamg‘asi bosilganiga ko‘zim tushdi…

 

Tilak Jo‘raning vallomatligi

Xalqimizda “Qo‘chqor bo‘lar qo‘zining peshonasi do‘ng bo‘lar, og‘a bo‘lar yigitning peshonasi keng bo‘­lar” degan dono naql bor. 1988 yilning iyun oyida Xorazmning Bog‘ot qishlog‘idagi o‘rta maktabning yuqori sinf o‘quvchisi Po‘lat Baxtiyorovdan nomimga bir daftar she’r keldi. She’rlarni o‘qib, hay­ratimni yashirolmay Hamza Imomberdiyevga ber­­dim. Keyinroq Anvar Obidjon bilan Muham­mad Rahmonlar ham tanishib chiqishdi. Bu she’rlarning muallifi o‘ninchi sinf o‘quvchisi ekanligiga ishongimiz kelmadi. Do‘stlarimizning maslahati bilan Po‘latbekdan yana yangi mashqlaridan jo‘natishini so‘rab xat yozdim. Bu gal ukamizning o‘rniga uning otasi Baxtiyorjondan maktub oldik. Ma’lum bo‘li­shicha, Po‘latbek xarbiy xizmatga jo‘nab ketgan ekan. Uch oydan so‘ng shoir ukamiz Xabarovskda harbiy xizmatni o‘tayotganligi aniqlandi.

Bu orada uning mashqlari “Gulxan”, “G‘uncha” jur­nallarida bosilib turdi. Hamza Imomberdiyevning tashabbusi bilan askar inimizga kitoblar jo‘­natdik. Po‘latbek harbiy xizmatni tugatgach, unga Milliy universitetimizning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirishni maslahat berdik. 1993 yilning yoz oylarida nashriyotga dilbar in­son, talantli shoir va olim Tilak Jo‘ra kirib kel­di. Qu­vonchining chegarasi yo‘q. Bog‘otlik inimiz­dan Ti­­lakvoy imtihon olgan ekan, uning bilimi bar­cha fanlardan a’loga baholanibdi. Tilak Jo‘ra sho­­girdimizning yutug‘idan quvonib, bizni o‘z hiso­bi­dan mehmon qilgani kelibdi. Mana sizga xolis ijod­­korning vallomatligi. Tilakjonning oxirati obod bo‘lsin. O‘sha baxti ijodkor kichkintoylarning top­qir shoiri Erpo‘lat Baxt edi.

 

Tursunboy ADASHBOYEV

 

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.