Hikoyangizni o‘qib

2
223
marta ko‘rilgan.

yoxud Zulfiya Qurolboy qiziga ochiq xat…

 

Zulfiya opa! “Ayol” nomli hikoyangiz menga juda ma’qul bo‘ldi. Ko‘pdan buyon bunchalik zavqlanib va ta’sirlanib o‘zbek tilida nasriy asar o‘qimagan edim.

“Ayol” neoromantizm usulida yaratilgan. Ehti­mol kimdir bu fikrga qo‘shilmas, biroq asarda chindan realizmdan ko‘ra ko‘proq romantizm ruhi ustunlik qiladi. Zero, bosh qahramonning hayotda shunday bo‘lishi mumkinligi ehtimolidan ko‘ra, muallif uni shu taxlit harakat qilishini ko‘proq xohlaydi. Bu esa romantizmning birinchi alomatidir. Aynan muallifning tasvirlanayotgan voqelikka bo‘lgan munosabati uning badiiy metodini aniqlashda asosiy kalitdir… Og‘ir xasta, umrining so‘nggi kun­lari, soatlarini yashayotgan Nazokat bu hayotni AYOL sifatida tark etishni istaydi, ya’ni u umrining so‘nggi damlarida, o‘ta “xunuklashgan” onlarda dastlab hamshiradan eri Shavkatni oldiga kirgizmaslikni so‘raydi, keyin so‘nggi pullarini unga tutqazib bunga erishadi ham, oxirida esa, vrachdan oyoqlari va butun a’zoi badanini shishirib kelayotgan suyuqlikni olib tashlashni iltimos qiladi. Tanlangan mavzuga bunday qiziqarli tus berilishi asarning badiiy-estetik qiymatini belgilaydi. Ayol – Nazokat qanday yo‘l bilan maqsadga erishadi? Aynan shu badiiy yo‘l – syujet dinamikasi, diqqatimizni tortdi va muallifning katta iste’dod sohibi ekanligiga e’tiborimizni qaratdi. Zero, asar mavzusi yangiligi va unda mahorat bilan qo‘llanilgan detallar, motivlar bir talay, o‘zgacha; ifoda uslubidan yuksak nozikta’b did va badiiy-estetik layoqat ufurib turadi…

Shu o‘rinda ijodkorlarning badiiy estetikasi ham­da ular dunyoqarashining falsafiy negizlari mav­­­­zusi, ayniqsa, zamonaviy ijodkorlar to‘g‘risida ga­­­pi­rilganda, adabiyotshunosligimizda tadqiq etilmay qolayotganligini ta’kidlash zarur. Badiiy estetik pozitsiyasi mavhum yoki jamiyatimizning ma’naviy man­­faatlariga zid qarash sohiblari, zamonasozlikni kasb qilib olgan qalamkashlar, yaratgan asarlarining qiy­mati ham, bahosi ham, ularning badiiy estetik pozitsiyalari nuqtai nazaridan baholangandagina xolis bo‘ladi. Aks holda badiiy durdona va epigon asar, adabiy-badiiy hodisa va grafoman mahsuli o‘rtasidagi farqlar anglashilmay qoladi.

Hikoya mavzusi bir qarashda ayol yoki ayollik latofati deb talqin etilishi mumkin, biroq matnni bir necha marta e’tibor bilan mutoala qilsangiz mavzusi anchayin kengroq ekanligini, u shunchaki o‘lim genderligining badiiy talqini bo‘libgina qolmasdan, balki keng ma’noda hayot va o‘lim mavzusidagi asar ekanligiga ishonasiz. Bu esa asarning poetik qamrovi kengligidan, matn semantik maydonini hosil qiluvchi, quvvatlantiruvchi unsurlari anchagina va asosli ekanligidan dalolat beradi. Albatta, bu o‘rinda o‘lim ham “ayol va erkak o‘limiga” bo‘linadimi, deya savol beruvchi, primitiv tafakkur egalari paydo bo‘lishi aniq. Ammo zukko o‘quvchi gap san’at asaridagi o‘lim haqidaligini tushunib turibdi (G‘arb adabiyotida “o‘lim este­tikasi” amaliyotchilarini, Edgar Poning “Esherlar xonadoni tanazzuli” asarini eslang!). Bu ma’noda o‘lim ham “xillarga” bo‘linar ekan. Buni, ya’ni “ayollarcha o‘lim mavzusini” o‘zbek hikoyachiligida siz birinchi bo‘lib (agar adashmayotgan bo‘lsam albatta) yangi mavzu sifatida badiiy iste’molga kiritdingiz, Zulfiya opa. Demak, siz milliy adabiyotimizga o‘ziga xos munosib hissa qo‘shdingiz.

Kuzatishimizcha, so‘nggi yillarda o‘zbek adabiyotshunosligida g‘ayritabiiy, ilmiy ji­hatdan kon­ser­va­tiv bir an’ana paydo bo‘lib qolgandek. Hol­buki, folklorimizdan boshlab, har bir mumtoz yoki zamo­naviy adabiyotimiz namunasi poetik-struktur va bosh­qacha tahlillarga muhtoj. Ming afsuslar bo‘lsinki, ko‘plab ilmiy asarlarda qayta va qayta ta’kidlangan bu va bu kabi nisbatan yangi tahlil metodlari amalda qo‘llanilmasdan qolmoqda. Zero, tilshunoslik va adabiyotshunoslik borasida zamburug‘dek urchib ketgan monografiya va dissertatsiyalarda zamonaviy adabiy jarayon, jonli tilimiz hosilasi va ijtimoiy hodisa ekanligiga qaramasdan uning namunalari tadqiqotlarga keng jalb etilmasdan qolmoqda (Ammo bu alohida mavzu). Ommaviy axborot vositalarida tanqidiy-analitik maqolalar deyarlik ko‘zga ko‘rinmaydi. Buning sabablari nimada? Nazarimizda, filologik ta’lim bilan mashg‘ul oliy o‘quv yurtlarining mutasaddilari ta’lim sifati, reyting ko‘rsatkichlari va boshqalar ortidan quvib, sohaning asosiy vazifasi bo‘lgan so‘z san’ati va uning zamonaviy namunalarini ilg‘or ilmiy metodlar asosida tahlil qila biluvchi, badiiy so‘zning xalq va jamiyat uchun naqadar ahamiyati ulkan ekanligini targ‘ib eta oluvchi mutaxassislarni tayyorlash zaruratini unutishgandek ko‘rinadi. Alalxusus, endilikda yoshlarning ideali-kumirlari talantli so‘z san’atkorlari emas, qo‘shiqchilar, yengil-yelpi kino ustalari bo‘lsa, ehtimol.

Bugungi kun talabi chet tillarni bilgan, zamonaviy bilim va metodikalar bilan qurollangan ilm ahlining so‘z san’ati hodisalarini oddiy kitobxonga chiroyli va muxtasar izohlab, uning ma’naviy mulkka aylanishiga hissa qo‘shish emasmi? Taassufki, takror aytamiz, bu vazifa bir oz unutilgandek. Zero, bir ijodkor sifatida qator nashr­larga murojaat etganingizda adabiy idrok amal­da o‘ta sayozligini, badiiy fikr to‘mtoqligini, aksariyat hollarda, turli darajadagi muharrirlarning zamonaboplik, shuningdek, o‘t­kin­chi iqtisodiy muammolar va mansabparastlik iskanjasi ta’sirida, ijodkordan oddiy devonxona qorovuli darajasidagi xattot-kotibga aylanib qolayotganligini, ularni yangi shakl ham, yangicha mazmun ham qiziqtirmasligini, buni anglashdan shaxsan manfaatdor emasliklarini kuzatish mumkin. Holbuki ko‘pincha ularni savodsizlikda ayblab ham bo‘lmaydi – gap did, dunyoqarash, qolaversa, saviya haqida: ular shunchaki konservativ turmush, ta’bir joiz bo‘lsa, tinchgina ish tarzini-da ma’qul ko‘radilar; bu esa, ochig‘ini aytish kerakki, zamonaviy badiiy ijod, yangicha badiiy tafakkur kushandaligining o‘zginasidir. Shundan yillar mobaynida adabiyot olamida ulkan hodisa bo‘ladigan badiiy va tanqidiy asarlar ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lsa ehtimol?! Yosh kitobxonlar o‘rtasida keng ommalashib ketayotgan Azamat Qorjovov, Salomat Vafo, Nuriddin Ismoilov kabi zamonaviy billetristika liderlari fenomenining asl mohiyati, Bobur Bobomurod, Ahad Qayum va boshqa qo‘shiqchi-shoirlar novatorligi, boringki, hatto Ulug‘bek Hamdamdek zamonaviy yirik adibning keng badiiy olami ham taqriz va talqinlarga muhtoj, nazarimizda.

“Ayol” hikoyasining kompozitsiyasida ikki motiv mu­him badiiy-estetik va funksional-kompozitsion va­zifa bajaradi: bular, birinchisi, quyosh motivi bo‘l­sa, ikkinchisi uzuk motividir. Aslida bu ikki motiv-detal bir-birini to‘ldirib keladi. Hikoya ekspozitsiyasi “Derazalari oppoq xona. Deraza oynasidan to‘­kilayotgan nur ayolning yuzida jilva qiladi, va… bar­moqlaridagi uzukning olmos ko‘zchalarida aks etdi” kabi jumlalardan boshlanib, uning hayoti hali intiho topmaganligini, hali ayol “ko‘zlarini yumib, quyosh nurlarini simirishi” va “Seni qanchalik yaxshi ko‘raman, quyosh!…”deya olishi kabi holatlarni kuzatamiz. Quyosh esa go‘yo bunga javoban “nurlarini mo‘l-ko‘l to‘kdi. Ayol oftob nurlariga butkul g‘arq bo‘ldi…”

Bu yerda muallif so‘zni asar mavzusi va badiiy mantig‘iga mos ravishda mahorat bilan ishlatilishiga e’tiboringizni qaratmoqchiiz. Zero, ayolning xoksorligini, beminnatligi-yu betamaligini quyoshdan o‘zga nimaga ham mengzash mumkin. Quyosh nuri poklik, yorug‘lik timsoli, biz ham uning tasviridan zavq ola boshlaymiz. Sizning maqsadingiz ham, Zulfiya opa, nazarimda, timsol va uning in’ikosi o‘rtasidagi uz­viylikni tasvirlashdan iborat bo‘lgan. Mobodo siz yuqorida keltirilgan ekspozitsion tasvir bilan chek­­­langaningizda hikoyangiz, ehtimol, nisbatan o‘r­tamiyonaroq badiiy asar bo‘lib qolardi. Hamma gap shundaki, siz bu ekspozitsiya bilan cheklanmaysiz va go‘yo oddiy narsadek uzuk motivini oldinroq kiritasiz: “Deraza oynasidan to‘kilayotgan oppoq nur uzukning olmos ko‘zchalarida aks etdi. Ayol ko‘zlarini ochdi. Shu’la endi uning qorachiqlarida akslandi.” Aytilgandek, ushbu tasvirdan boshlangan asar tezisi aynan final-yechimda uning antitezasi bilan yakun topadi. Biroq yechim to‘g‘risida fikr yuritishdan oldin asar matnining energetik maydonini kengaytirib yuborgan syujet dinamikasidagi quyosh motivining qo‘llanishiga yana bir karra etibor qaratamiz. Yuqorida keltirilgan ekspozitsiyada oftob badiiy qahramonning AYOLLIGIdan, ya’ni uning mohiyatan ulug‘vorligidan darak beruvchi qiyos, timsol sifatida tasvirlansa, adabiyotning mumtoz nazariyasiga muvofiq matnning keyingi tadrijida quyosh-tabiat qahramonning holatiga, tabiatiga uyg‘un holatda tus oladi, o‘zgarib turadi va oxir oqibatda xarakter ochilishiga va g‘oya ifodasiga xizmat qiladi. Masalan, Nazokatning eri bilan bo‘lgan o‘tgan qisqa dialogida “o‘lim” so‘zi tilga olinadi: “… Men o‘ladigan odamga o‘xshaymanmi qarang … Ayol yurishdan to‘xtadi. Havo sovugan, osmonda uvada bulutlar kezinar, quyosh xiragina nur sochar, qorning hidi kelardi”. Shu tarzda quyosh motivi asar tuzilishida syujet shakllantiruvchi unsurga aylana boradi.Finalda esa, haqiqiy, yuksak badiyatli asarga xos tarzda izoh va bayonlarning o‘rnini egallab, yakuniy badiiy tugal mantiqli xulosani yasaydi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ayol hikoyasining kompozitsiyasida rang – koloristika alohida o‘rin egallaydi. Koloristikaning badiiy-fuksional roli badiiy matn poetikasida bo‘rtib turibdi. Ranglar asosan oq, oqning turli darajadagi ko‘rinishlari va qora ranglardan iborat. Agar hikoyada qo‘llanilgan leksik birliklar semantik jihatdan S.Solovyovning statistik metodi asosida o‘rganib chiqilsa, fikrimiz yanada ishonchliroq dalillanadi…

Muhtarama Zulfiya opa, badiiy adabiyotning vazifasi, nazarimda, bizni ma’naviyat va madaniyatning yuksak cho‘qqilariga olib chiqishdan iborat; biz shunda o‘zimiz kechirayotgan bugungi hayotimizni yuqoridan kuzatish va baholash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Kaminani ustozlarim shunday deb o‘qitishgan. Demak, aynan badiiy adabiyot yaratib beradigan yuksalish imkoniyati ijtimoiy hayotni taraqqiyotga, yuksalishga boshlaydi. Bu esa so‘z san’ati durdonalarining inson va jamiyat hayotida o‘ta muhim omillardan ekanligining isbotidir. Shu sababli ham biz so‘z san’atkorlari hamda bu san’at namunalariga eng noyob va qadrli mulk sifatida xolis hamda ehtirom bilan munosabatda bo‘lmog‘imiz shart. Ushbu ochiq xatni yozishdan maqsadim, dilbar hikoyangiz bahonasida shularni yana bir bora sidqidil ta’kidlashdan iborat edi. Ijodingizga barkamollik tilayman.

 

Abduvali Eshqobilov

(Eshqobil Vali) 1965 yilda Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. Samarqand Davlat uni­ver­sitetida tahsil olgan. Hozirda SamDCHTI rektori maslahatchisi.

Uning «Paxsa qishlog‘im», «Ming ikkinchi kecha», «Sukunat mulki» kabi kitoblari chop etil­gan.

 

“Yoshlik” jurnali 2014 yil 10-son

2 Mulohaza

  1. Men aniq bildim, Eshqobil Vali noyob istyedodli, o‘ta yuksak didli ijodkor. Ushbu makola-maktubdan sung xamma jurnallarda shu janr paydo bulgandek go‘y. Eshqobil Valining o‘zi xakida va asarlarini yanada kuproq chop etilsa, yaxshi bulardi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.