Shoira Halima Xudoyberdiyevaning, o‘zi aytmoqchi, muxlislar “ko‘nglini izlab” tartib bergan navbatdagi she’rdastasi “Buyuk qushlar” deb nomlanadi. Shoira poetik ijodining asosiy qismini o‘z ichiga olgan yetti yuz yigirma olti betlik ushbu to‘plam zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi eng salmoqli kitobdir. Unda shoiraning butun umri davomidagi ko‘ngil kechinmalari, ichkin sezimlari, po‘rtanali to‘lg‘amlari, ijtimoiy isyonlari, dardu hasratlari yaqqol aks etgan. “Buyuk qushlar” shoiraning dastlabki to‘plami “Ilk muhabbat”dan tortib, eng keyingi “Yo‘ldadirman” kitobiga kirgan she’rlargacha o‘z bag‘riga olgan. Bulardan tashqari, keyingi yillarda yozilgan yuzdan ortiq yangi she’rlar, ya’ni qariyb ellik yillik nazm xirmoni uyilgan. Bir muqova ichida buncha ko‘p asarni to‘plab chop etish tajribasi bizda yo‘q edi hisob. Umuman, badiiy asar, ayniqsa, she’r o‘qilmayapti degan qarash olamni tutgan bir sharoitda bunday ulkan she’riy to‘plamning chop etilishi o‘qiladigan she’rga talabgor hamisha bo‘lishidan dalolatdir.
Shoiraning ham poetik iqtidori, ham bo‘yu bastiga yarasha salmoqli kitobga kirgan she’rlar o‘qilgani sari misralarga evrilgan fikr va tuyg‘ularda muallifning yillar osha kamolotga yetib borayotgan shaxsi ko‘ringanday bo‘ladi. Ulkan adabiyotshunos I. G‘afurov kitobga yozgan so‘zboshisida: “She’r bu – xarakter. Shoir qanday bo‘lsa she’ri ham shunday”,– degan gapni aytadi. Shoir boshqa, she’rning lirik qahramoni boshqa degan nazariy qarashga hamisha qo‘shilib bo‘lmaydi. Bir qancha personajlari bor nasriy asarlarning qahramonlaridan biri yoki bir nechasi muallifning qarashlarini o‘zida ifodalashi mumkindir. Lirikada esa asarning qahramoni ko‘proq shoirning o‘zi bo‘ladi va u qog‘ozga o‘z iztiroblari, quvonchu qayg‘ulari, baxtiyu baxtsizliklari, hayratu nadomatlarini to‘kadi. Aynan o‘ziniki bo‘lgani uchun ham bu tuyg‘ular o‘zgalargada ta’sir qiladi, ulargada yuqadi. Iste’dodli ijodkor bitiklarida o‘zga shaxsiyatlarga xos bir ko‘p qirralar namoyon bo‘ladi. Kuyunchak ijodkorning otashli tuyg‘ulari yolqinidan “qoraygan” oq qog‘oz esa, bu dardlarni oshkor etib, undan o‘chini oladi. Har bir o‘qirman bu bitiklardagi his-tuyg‘u va dardu hasratlarni o‘z e’tiqodi, dunyoqarashi va ruhiy-ma’naviy darajasiga ko‘ra qabul qiladi.
Iste’dod – o‘zi, o‘zgalar va Yaratganga muhabbatdan iborat hodisa. Bu muhabbatning miqyosi iste’dodning miqyosini belgilaydi. Katta muhabbat katta iste’dodni yuzaga keltiradi yoki aksincha. Chin shoirga butun olam daxldor. U olamning ichida bo‘lganiday, olam uning ko‘nglida. Uning uchun begona g‘am, aloqasiz dard, ta’sir qilmaydigan go‘zallik, yuksaltirmaydigan ezgulik yo‘q. Mana shu daxldorlik iste’dodli shaxs ko‘zini o‘tkir qiladi. Bu so‘zboshida: “…dovqur va ko‘zlari uzoq-uzoqlarni ko‘radi. …ufq nimaligini biladi. Ufqlarda qimirlagan har jonzotni ilg‘aydi”,- tarzida to‘g‘ri ko‘rsatiladi. H. Xudoyberdiyeva ziyrak nazari bilan ko‘rganlari, nozik qalbi bilan tuyganlarini pardozlab, soxta odob liboslariga burkamaydi. Barcha iste’dodli shaxslar singari Halimaxonim ham maksimalist: sevsa, qon yutib suyadi, nafratlansa, qon qaqshatib yomon ko‘radi. Iztirobini iztirobday, afsusini afsusday, baxtni charaqlab, baxtsizlikni o‘ksinib-o‘ksinib, nadomatlarni yig‘lab-yig‘lab to‘kadi:
…Ta’sir qilmas edi: “Hushyor bo‘l, farq qil
Odamlarni”, – deb sen qilgan o‘gitlar.
Shovqin, bazmlarga oshiqardi dil,
Tushimga kirardi sho‘xchan yigitlar.
Yillar o‘tdi, kimdir qaddimni bukib,
Hassa tayantirib belim toldirdi…
Qunduz qoshlarimni rashk bilan to‘kib,
O‘rnida sanoqli tuklar qoldirdi.
Endi,
Endi seni o‘ylayman beun,
Qo‘msab huzuringga chopayotirman.
Onam, sen kiribsan tushimga bu kun,
Tushimda oyog‘ing o‘payotirman.
Kitobdagi ba’zi bitiklarda achchiq qismatning odamni sinovlarga duch etishi, ilojsiz va himoyasiz ko‘ngil egasini o‘z ixtiyoriga zid ishlar qildirishi, necha ko‘ngillarni vayron, qancha umrlarni kemtik, ne bir taqdirlarni zavolli aylashi dard bilan aks ettirilgan: “Taqdir ulaganda umrlar zanjirin Nogohda ro‘para bo‘ldik ikkimiz. Tushunmay yashirin qalblarning sirin, Hissiz yo‘l boshidan birga tushdik biz. Buni tilim bilan olmasam ham tan – Bilasan, yuragim begona edi. …Bilasan, yo‘q edi dilimga hokim, Uni o‘zga birov etmagandi jalb. Mag‘rur, qushday erkin edim va lekin, Shuningdek senga ham berolmadim qalb”. Bu o‘ychil satrlar kishi ruhiyatini junjiktiradi. Negaki, ularda o‘zini olam sarvariman deb yurgan odamning qanchalar ojizligi, o‘zga u yoqda tursin, hatto, o‘z yuragiga-da xo‘jalik qilolmasligi aks etadi. Odatiy tasavvurga ko‘ra, qo‘shog‘iga ko‘ngilsizlik birovga ko‘ngil berganlik tufayli deb tushuniladi. She’r qahramonining holati bu standart tasavvurga sig‘maydi: yuragida birov bo‘lgani uchun yonidagiga ko‘ngilsiz emas, balki qalbini hech kim egallamagan bo‘lsa-da, unga unda joy yo‘q. Hayotning murakkabligi, ko‘ngil deb atalmish koinotdagi yo‘llarning chigalligi shu jo‘ngina, ammo betakror tasvirlarda aniq aks etadi. Bu satrlarda holatning qonsiz fojiasi, ko‘ngliga emas, qismatga qarshi borishga jur’at qilib, jur’atidan o‘zi qo‘rqib turgan o‘zbek qizining murakkab holati tasvirlanadi: “Dil qushimni erkin uchirdim – Shunday istak bor edi menda… Ufq qizarib yonayotgan dam – Men tark etdim issiq quchog‘ing, Ortiq endi ayblama sen ham! Tuzing haqqi. Meni kechirgil”.
“Men sen bilan xayrlashgan tun” she’rida ayriliqning bo‘yog‘i nafaqat sevishganu ajralishayotganlar, balki tabiatga ham ko‘chgan: “Men sen bilan xayrlashgan tun qaro edi, qaro edi, Tun bag‘ri but. Mening bag‘rim yaro edi, yaro edi”. Go‘yoki, tun ayriliqning dahshatidan qoraygan. Ammo baribir, tunga ancha yengil. Chunki uning bag‘ri but – hech narsa yo‘qotmagan. Suyuklisidan ayrilayotgan shoiraning bag‘ri esa yarali. Tabiat bilan dardli ko‘ngil holatini bu qadar muvoziy ko‘rsata bilish o‘qirmanni muallifga yaqinlashtirib, tuyg‘udosh qiladi.
Ochun qarshisida bir chang kabi ushoq odamning ko‘ngil olami shu qadar bepoyonki, uni kezib oxiriga yetib bo‘lmaydi. Ana shu poyonsiz ochunning qay burchida sevinch gullasa, qayeridadir qayg‘u bulog‘i qaynaydi. Shoira hammani yoppasiga suymaydi. Zero, hammani sevish hech kimni sevmaslikning o‘zginasidir. Asl muhabbat alohidalikni taqozo qiladi. Shu bois shoira har bir odamni alohida tuymoq va tushunmoq istaydi. Shu bois o‘zini har bir odam oldida burchli sezadi, nelardandir tazarru qiladi. Ana shu tazarru, afsus-nadomat ijodkor ko‘nglini tozartiradi. Bu tuyg‘u she’rxonga-da yuqib, uni katarsis – poklanishga yetaklaydi. Zotan, quvonch ko‘ngilni xudbinlashtiradi, qayg‘u esa tozartiradi. Shu bois chin ijodkorlarda hamisha tazarru bosim keladi.
Shoiraning aybdorlik hissi: “Ko‘z yoshlaring xuni bo‘ynimda, Otma, tegar qarg‘ishing toshi. …Turmush bog‘i bo‘lmasdan gullab, Yog‘di unga qayta-qayta qor. Barchasiga kibor qalb sabab, Barchasiga o‘zim gunohkor. Umr balki shodumon o‘tar, Balki… ko‘rgum boshda borini. Biroq, Sen qarg‘ama, qarg‘ishing tutar, Ko‘z yoshlaring sababkorini” satrlarida butun samimiyati, bor chinligi bilan namoyon bo‘ladi. She’r muallifi – o‘z qalbi va tutumlarining taftishchisi. Birovni emas, o‘zini tekshiradi, o‘zgaga emas, o‘ziga ayb qo‘yadi.
Olamni yo kuch yoxud ilm zabt etar, lekin ko‘ngilni faqat samimiy iqror musaxxar qila biladi. Chin haqida chin yozgani uchun ham shoiraning sezimlari o‘qirman kechinmalariga aylanadi. Ayni shu jihat she’rxonni unga tuyg‘udosh qiladi. Shoira tuyg‘ularini yuqtirgani bois o‘qirman she’rni jo‘n tushunib yechim izlamaydi, balki o‘zga ko‘ngil tovlanishlarini tuygisi keladiki, she’rni yozishdan maqsad ham, uni o‘qishdan murod ham aslida – shu: “O‘tdi, ammo dilda qoldi chamasi Azobi, o‘zim rad etganim uchun. Bu chigal xatoni tuzatolmayman, Tunday yuragimni ochaman tunga”. Odatda yurak yoniq, alangali tasavvur qilinadi. Lekin odamzod programmalashgan mashina emas, uning yuragi ham doim birday bo‘lavermaydi. Ayniqsa, qarshisi yoki yonidagi zot unga cho‘g‘ tashlay olmasa.
Ma’lumki, yurakka yo‘l faqat yurak orqali o‘tadi. Shoira samimiy bo‘lgani, tuyg‘ularini pardozlamagani, bejab soxtalashtirmagani uchun o‘qirman ko‘ngliga kirib boradi. U donolik qilib birovga yo‘l ko‘rsatmaydi, aksincha, o‘zi yo‘l topolmay, qiynalayotganini ochiq aytadi. Balki, she’rning ta’sirchanligini ta’minlagan omil mana shu ochiqlikdir. Ko‘ngil ko‘ngilni aldamagani bois ko‘ngildan chiqqan chin tuyg‘ular ikkinchi bir ko‘ngildan oson joy topadi.
Shoira qismda butunni, butunda bo‘laklar shodasini ko‘ra biladi. Shu bois she’rlarida tasvirni imkon qadar o‘ziga yaqinlashtiradi. Chegara bilmas shoirona xayol unga, hatto, o‘z muchalaridan ham badiiy timsol sifatida foydalanishda qo‘l keladi. Shuning uchun bodomqovoqligiga dardi ko‘pligidan tunlari yig‘lab chiqishini sabab qilib ko‘rsatadi. Bunday kutilmagan poetik izoh she’rni ochib yuboradi va uni o‘qirmanga, o‘qirmanni shoiraga yovuqlashtiradi: “Nogoh baxt uyini oson topganim – Unda meni chorlar darcha bo‘lgani – Men esa beparvo – Darchani o‘z qo‘lim bilan yopganim – So‘ng dardda qalb parcha-parcha bo‘lgani – Sezilmasmish. Tanho damlarimda o‘zim bilan band –ming bir tirilganim – ming bor o‘lganim. Yig‘lab chiqqanlarim uzun tun bilan, Va yig‘idan bodomqovoq bo‘lganim – Sezilmasmish…”.
H.Xudoyberdiyevaning samimiy iztirob hissi bilan sug‘orilgan “Bir daqiqa”, “Seni so‘rashar”, “Xayr deyman…”, “Xotiram tumani tarqalayotir”, “Men seni topgandim”, “Kechagi kun” singari she’rlari ham o‘zga dillarni rom etishga qodir bitiklar.
Ko‘ngli keng odamgina yoqtirmagani, yuz o‘girgani kimsadan xijolat bo‘ladi, o‘zini uning oldida aybdor sezadi. Chunki sevilmagan odam ham odamligini, uningda ko‘ngli borligini unutolmaydi. O‘ziga ma’qul bo‘lmagan odamki bor, dushman deb tushunilgan zamonlarda ham o‘shanday ko‘ngil mag‘firatini samimiy tasvirlay olgan shoiraning kengbag‘irligiga tan beradi kishi.
Shoiraning tuyg‘ulari o‘ylab topilmagani, chinligi bois qadrli va ta’sirli. Uning ba’zi she’rlarida taqdirga ko‘nikmay, unga qarshi isyon qilganidan, bundan ham yomoni, o‘zga bir odamning hayotini sindirganidan aybdorlik hissi aks etadi, ayni vaqtda boshqa yo‘l yo‘qligi, chora to‘g‘riligiga ishonch tuyg‘ulari ham jaranglaydi:
Aminmanki, avjim bilan shu birinchi davradayoq,
O‘zimga tong yaratarman, tongim mening otar oppoq.
Shu kabi iqrorlar tasviri o‘qirmanda yorug‘ tuyg‘ular hosil qilib, quvonchu baxtidan xijolat tortayotgan shoirani tushunishga undaydi. H. Xudoyberdiyevaning she’rlari odamning taqdiri g‘oyat chigal ekani, borliq olam oq yo qora emas, sanoqsiz ranglardan iboratligini, ezgulik ortida yovuzlik, qabohat yonida olijanoblik bo‘lishi mumkinligini rangin tuyg‘ular tasviri asnosida kishiga yuqtiradi.
Shoira she’rlarida astoydil izlaganga topilgani, chin dildan so‘raganga berilgani, tinmay intilgan erishgani kabi kimgadir soyasi tushib, zaxa yetkazib qo‘yishdan cho‘chib yashagan shaxs ruhiyatida ham shodmon tuyg‘ular bot-bot uyg‘ongani ifoda etiladi. Asl tuyg‘u o‘zi keladi, uni yasab bo‘lmaydi, butun keladi, bo‘laklardan qurab bo‘lmaydi. Bu holat tasviri “O‘sma qo‘ygan qora qoshlarim, Nim qizil, sho‘x lablarim bilan Jovdirashim, goh dovdirashim, Ko‘zda qalqqan yoshlarim bilan Sevildim birdan. …Bilmay qoldim… qay baxtli kun G‘avg‘o soldim uning o‘yiga…” misralarida ifodasini topgan. “Behadik quvonsam qaniydi” satrlarida esa qimmatga tushgan baxtini yo‘qotib qo‘yishdan xavotirdagi kishi holati aks etadi. To‘kislik, mukammallik Yaratganga xosligini anglab, o‘zining yaratiq ekanini unutmagan hamma odam kabi she’rning qahramoni ham baxti butunligidan qo‘rqib yashaydi.
Har qanday odamning hayoti nur va soyalardan iborat bo‘lganidek, bir inson o‘laroq, shoira ham oq va qora kunlar qurshovida yashaydi. Uning keyingi yillarda yozilgan she’rlarida dunyoning achchiq-chuchugini xo‘p totgan kayvoniga xos kuzatish, iqroru iztiroblar: “Qachonlardir menga zor bo‘lgan baxtga Bugun o‘zim zormen, qo‘llarim cho‘ziq…” tarzida aks etadi. Bu tasvirlar ozurdajon kimsaning yozg‘irig‘i ifodasi emas, ular ochunning mohiyatini anglagan o‘y kishisining hasratli qarashlari. Bu iqrorlar shunisi bilan qimmatli, ayni shu xislati tufayli shaxsiy qobiqlarni yorib chiqib, o‘zga ko‘ngillargada urug‘ bo‘lib ekilishga munosib.
O‘qirman, umuman, badiiy asarlardan, ayniqsa, lirik bitiklardan ko‘proq muallif shaxsini, “men”ini qidiradi. Bu shaxsiyatning ibrat bo‘lgulik jihatlarini o‘ziga yuqtirishga urinadi. Ushbu “men” qanchalik o‘ziga xos, betakror bo‘lsa, uning badiiyatga evrilgan aksida ham joziba shunchalik kuchli bo‘ladi. Shoiraning “Mash’ala” she’ridagi: “Bu mash’ala kuyib ketgan, Kaftlarimda ildiz otgan, O‘t ko‘tarib ketayotgan, Bo‘ysunmas qo‘llarim kuydi” misralarida yonayotgan o‘t kaftida ildiz otgan ayol shaxsiyatining favquloddaligi she’rxonni rom etadi. O‘qirman tuyg‘ular yirikligi, ifoda qabariqligidan hayratga tushadi.
Halima Xudoyberdiyevaning “Ayol o‘tib borar” she’ridagi:
Sen so‘rama, men ham aytmayman,
Kuragimning singanini qars.
Shovqin solma, men uyg‘otmayin,
Yuragimda yotar bir yo‘lbars
satrlari tasvirlanayotgan tuyg‘ularning yirikligi bilan o‘qirmanni ham seskantiradi, ham o‘ylantiradi, seskantirib o‘ylantirishi orqali yuksaltiradi.
O‘z ijodiy missiyasi va rutbasini yaxshi bilgan shoira dunyo ishlariga dunyolarcha yiriklik bilan qaraydi. Dunyoda yashab, uning yetagida yurganday ko‘ringani bilan o‘z salohiyatini bilgani bois ijodi yolg‘onchi dunyo yolg‘onlaridan baland turishini his etadi. Bu tuyg‘u “Men bir kuni” she’ridagi: “Garchand tishga bosib tishimni, O‘z yelkamdan o‘zim bosib tek, Gungday ketdim So‘ng bekatgacha. Lekin ortimda qolgan she’rlarim Bu dunyoning yolg‘onlaridan Qah-qah urar qiyomatgacha” misralarida yolqinlanadi. Bu satrlarda dunyo maydaliklaridan baland turgan yirik shaxs qanoatlari o‘ta jaydari so‘zlar orqali esdan chiqmas yo‘sinda ifoda etiladi. Shoiraning jimgina yashash tutumi ojizligidan emas, balki cheksiz ichki qudrati bois ekani ta’sirli ifoda etilgan.
Adabiyottanuvchilarning “lirik qahramon” haqidagi fikrlarini qo‘llagimiz kelmasa-da, shoir bilan she’rda tuyg‘ulari tasvirlangan kimsani bitta narsa deb qarash doim ham to‘g‘ri emasligini poetik dalillarning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Chunonchi, “O‘t bilan…” she’rida shoira yuqoridagi qanoatlarini tamomila rad etganday bo‘ladi: “Yashayapman, bilmay qay rangda sukut – Betoqat toqatga to‘ldir jomimni, O‘lsam ham… qachondir o‘ldiradi o‘t – Hayajon oladi jonimni…” Bu satrlarda shoira tabiatidagi yovqurlik, ruhiy to‘fon bor bo‘yi bilan ko‘ringan. Go‘yo, bir odamda bir-biriga tamomila ters ikki ruhiyat borday…
Shoira bitiklarida o‘ychil va dardchil odam uchun yashash azobligini, uning shularga chidashga mahkumligini sezgan, yashash deganda o‘zgalarga xalal bermay kun kechirishni tushungan zot chin odam maqomiga loyiqligi teran aks etadi. “O‘zimni o‘rgatdim” she’ridagi:
Toptalsam-da to‘fon tuyoqlarida,
Sinib, so‘lmaslikka o‘zni o‘rgatdim,
…Ko‘kdan tusholmaslar mening do‘stimmas,
Men pastlik, xaslikka o‘zni o‘rgatdim,
…Baxtsizning oldida yarqiratib toj,
Baxtli bo‘lmaslikka
O‘zni o‘rgatdim
poetik qatorlarida boshqa odamlar bilan birga odam bo‘lib yashay olish san’atini egallagan odam tuyg‘ulari ifodasini topadi. O‘zni ko‘pdan ayri ko‘rmaslik, o‘zgani o‘zday tuya bilish chin ijodkor va chin inson mohiyatining belgisidir.
“Iltijom shu…”, “Oshiqlik” kabi she’rlarida shoira va odam Halimaning “Men”i yaqqolroq ko‘rinadi. Tabiatan hamisha ehtiyojlar ichida yashovchi inson doimo nimalargadir muhtojlik sezadi va unga yetishish uchun Allohga iltijolar qiladi. Qizig‘i shundaki, har kimning so‘ragani o‘ziga yarasha bo‘ladi. Har kim o‘z saviyasi va darajasidan kelib chiqib ehtiyojmand bo‘ladi: kimdir davlat, kimdir farzand, kimdir sog‘liq, kimdir yana nimalar…
Shoiraning so‘raganlari ham o‘z darajasida. U avvalo, el qizi, millat onasi sifatida: “Iymonimga o‘rab yurgan boyligim, Turk elimni shafqatingga zor qilma, …Turkistonni xor qilma”, – deb so‘ragan bo‘lsa, mo‘mina ayol sifatida: “Bir qo‘l suydi qizilini yuzimni, Ko‘zga surtdi horg‘in-horg‘in izimni. Ketar chog‘im shu qo‘l yopsin ko‘zimni, Boshqa baxtdan endi baxtiyor qilma”, – tarzida tavallo qiladi. Bir ona sifatida esa: “Ishqni gulday osib yursin bolalar, Izimizni bosib yursin bolalar, Bizlarga munosib yursin bolalar, Alar o‘tar yo‘laklarni qor qilma…”, – deya o‘tinadi. U taqdiridan nolimaydi, berilgan ne’matlarning shukrini qiladi. Lekin bir banda sifatida uning Yaratgandan bo‘lakcha tilovi bor. Oldinroq farzand sifatida yurt kamolini, ayol sifatida otashin ishq, ona sifatida bolalar kamolini o‘tingan shoira so‘ngroq: “Parvonaday o‘lganini bilmay qol”ish uchun “chiroqqa oshiqlik”, mahshar kuni chalinadigan “qo‘ng‘iroqqa oshiqlik”, so‘nggi damga – “ketar choqqa oshiqlik”, “bitta gilga, Bir tuproqqa oshiqlik”, “chin dunyoga, O‘shal yoqqa oshiqlik” rutbalarini tilaydi. Shuncha so‘ralayotganlar zamirida aslida birgina narsa – Allohga qullik va oshiqlik bor. Unda esa, o‘zlikni anglagan baland shaxsiyat namoyon. Shu yirik shaxsiyat she’riyatga ko‘chgani uchun o‘qirmanga suyimli. Ma’lumki, suygan ko‘ngil suyuklisiga o‘xshashga intiladi. Demakki, komillashadi.
Bejizga buyuk insonlarga bag‘ishlangan “Buyuk qushlar” she’rining nomi kitobga chiqarilmagan. Buyuklar haqida shoira: “Buyuk qushlar – buyuk insonlar hamisha, hamma zamonlarda o‘zlarining sir-sinoatli umrguzaronliklari, g‘am-anduhli va shodumon kunlari, katta baxt va baxtsizliklari bilan butun insoniyat diqqatini o‘ziga qaratib kelgan. Qanchalik buyuk iste’dod egalari bo‘lishmasin, ular ham inson bolasi. Shu bois insonlar hayotiga neki daxldor bo‘lsa, ularning ham hayotlariga daxldor bo‘lishi tabiiy”,- deb yozadi. Bu she’rda buyuklarni ayamaslikday insoniyatga xos ulug‘ bir nuqson haqidagi achchiq haqiqat ifoda etilgan. Chindan-da, vaqtida ayalmagani bois vayron bo‘lgan taqdirlarga doir “haqiqatning egilsa-da, sinmasligi”, “oltin zanglamasligi”, “asl aynimasligi”, “qo‘lyozmalar yonmasligi”, “oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ligi” kabi haqiqatlar allalovchi taskinlar, xolos. Bunday deyish, ezgu amalning vaqtida qilinmaganini xaspo‘shlab, o‘zini aldashdan boshqa narsa emas. Aslida qo‘lyozmalar “lovullab kul”ga aylangani va ularni bitgan oltin boshli zotlarning “xor bo‘lib” o‘lganiga tarix ko‘p bor tanig‘ bo‘lgan. Shoira odamizodni “ermas, ko‘kka oid buyuk gumanoid” zotlar – buyuklarga loyiq bo‘lish, ularni himoyasiz tashlab qo‘ymaslikka chaqiradi.
Buyuklar hamisha ham kamchilikni tashkil etib, ommadan ajralib turadilar. Omma esa, tabiiyki, o‘zidan ajralib turganlarni ko‘pda yoqtiravermaydi. Shu bois buyuklar: “Ko‘zga tushgan chog‘laridan, …Bu dunyoning sog‘laridan, Bemor bo‘lib o‘tganlar”. “Sog‘lar” – hisob-kitob bilan yashaydigan kimsalar, hayotini o‘ziga foyda bermaydigan qandaydir g‘oyalarga bag‘ishlagan kishilar esa, ularning nazarida, bemorlar. Bundaylar o‘z yukini birovga ortmaydi, qadamidan foyda chiqarishga urinmaydi, ayni shu jihatlari bilan boshqalarga begona bo‘lib ko‘rinadi. Ular, ayniqsa, mehrga, ishqqa “zor-zor bo‘lib o‘lgaylar”. Ko‘pchilik esa, “qo‘lyozmalar yonmaydi”, – deb o‘z qilmishlari uchun o‘zlariga taskin beradigan tomoshachilar, xolos.
She’rda shoira “buyuk qush”larning “O‘zlari yuvvoshdan yuvosh” va “Xotinlari chimirar qosh” ekanini ta’kidlash orqali ko‘kka loyiq ulug‘larni yerdagi mayda tashvishlar xarob etishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ayol zoti – tabiatan shon-shuhrat, boylik va martabaga o‘ch. Tabiatining shu jihati uni buyuklar e’tiborini qozonishga undaydi. Buyukning mehriga erishgach, moddiy to‘kislik talabi paydo bo‘ladi. Buyuk zot uning mana shu mayda talablarini ham qondirishi kerak. Ammo chinakam buyuk shaxs, kim bo‘lmasin, bir kishiniki bo‘lolmasligi bilan buyuk. Demak, u ayol talablarining ijrochisi bo‘lolmaydi. “Turmush boshda shahdu shakar, Bora-bora u talxu tar”ligi sababi shunda. Ulkan orzularining yo‘liga eng yaqin kishilari to‘siq ekani bois: “Yor qo‘llari tutsa zahar, Beyor bo‘lib o‘lgaylar” tarzida qanoti qayriladi “buyuk qushlar”ning. Xiyonat yotdanu yovdan emas, qo‘ynidagi suygulidan kelgani buyuk qushlarning qanotini qirqib, uni kunda necha-necha bor o‘ldiradi. Zero, ular mayda maishiy talablarga moslasholmay, tezgina zavol topadi. Zotan, qanotli qushga qafas emas, bepoyon osmon kerak. Uni qafasga tiqish: “Yolg‘iz joni sig‘mas ko‘shkka, Shoni baland, qo‘li qisqa. Buyuk qushlar chimdim ishqqa, Zor-zor bo‘lib o‘lgaylar” tarzidagi yakunga olib keladi.
Ozod qush uchishdan zavqlangani, uning uchun hayot ma’nosi parvozdan iborat bo‘lgani kabi “buyuk qushlar” ijoddan, ishdan panoh topadilar. Bundaylar ishdan zavq oladilar, ishlayotganlarida yashaydilar, yaratayotganlaridan baxtli bo‘ladilar. Ular o‘zlarini ayash haqida o‘ylamaydilar. Shu bois ham: “Ular rangpar, ular ozg‘in, Boshdan oyoq sirlarday. Qarashlari sokin, ezgin Payg‘ambarday, pirlarday”.
Ko‘ngillarida ezgulikdan bo‘lak tuyg‘u yo‘qligi bois shoira buyuklarni Xudoning elchilari deb biladi, payg‘ambarlarga mengzaydi. Shu sabab buyuklarni odamlar orasiga emas, ko‘kka, Yaratganning makoniga munosib ko‘radi. Buyuklarni tuyib, ularning zavol ko‘rishini istamagan shoira Yaratgandan: “Mahshar kunigacha toki, Elchilarim sog‘ ketsin”, – deb o‘tinadi.
She’r nihoyasida millatning yuksalishi o‘z buyuklarini tuyishi, suyishi va asrashida ekani g‘oyat ta’sirli yo‘sinda ifoda etiladi:
Katta vatan, suy, kuy desang,
Tishga bosib tishlarni.
Tag‘in oldga siljiy desang,
Asra, buyuk qushlarni!
Asrashga arzigulik odamni asrashga chaqiriq shoiraning ijodiy kredosi deyish mumkin. U hammani suysa-da, hamma uchun kuysa-da, lekin millatni “oldga siljit”guvchi buyuk qushlar uning uchun farzandlarday ardoqlidir.
Inson hamisha hayotini sarhisob qilib yashaydi. Topilganu yo‘qotilganlar, erishilganu boy berilganlar, orzularu armonlar, chaqmoqday lahzalik baxtli kunlaru yillardek uzun baxtsiz lahzalar taftish qilinadi, xulosa chiqariladi, mo‘ljal olinadi. Umrining ayni yetuklik pallasida ilhom paykallarida yetilgan sara poetik hosildan ulkan xirmonlar uyayotgan Halimaxonim she’r oshiqlari ko‘ngliga tobora chuqurroq kirib, ko‘proq huzur bag‘ishlayverishiga umid qilamiz.
Poetik nazarining o‘tkirligi, xayolot parvozining yuksakligi, badiiy mantig‘ining salmog‘i, insoniy dardlarining samimiyligi, o‘tlig‘ tuyg‘ularining chinligi bilan she’riyatning buyuk qushiga aylangan shoiraga yuksak parvozlar yor bo‘lsin!
Qozoqboy YO’LDOSH 1949 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Sirdaryo Davlat pedagogika institutini tamomlagan. Pedagogika fanlari doktori, professor.Olimning “Yoniq so‘z”, “Alpomish talqinlari”, “Yo‘l odami” nomli asarlari nashrdan chiqqan.
Adabiyot bo‘yicha bir qator darsliklar (hammualliflikda) muallifi. Matbuotda adabiy jarayon bilan bog‘liq chiqishlari muntazam ravishda e’lon qilinadi.
“Yoshlik” 2013/9