Chappor urayotir ruhda bir hayrat

0
15
marta ko‘rilgan.

                        SURUR

Chappor urayotir ruhda bir hayrat,

Poda uyuriday qalqiydi abr.

Hamal tonglarida dil Iyso siyrat,

Yo‘lga chiqqim kelar intiq, besabr.

Yo‘lga chiqqim kelar unutib o‘zni,

Bahor chechagiday qiqirlab, kulib.

Nayson suvlarida yuvaman yuzni,

Qushlar chug‘urini tinglayman to‘lib.

O‘rik shoxlarida injular oppoq,

Poyimga  to‘shalar yam-yashil bir yo‘l.

Yo‘lga otlanaman. Kun ochar quchoq

Dilga sarbon bo‘lur hodiyi subul.

Chappor urayotir ruhda bir dunyo,

Qizlar nigohida muhabbat nihon.

Tug‘ilgim keladi qaytadan go‘yo,

Gullar iforiday bo‘lib jovidon.

 

                        * * *

Ellik, hatto yuz yil ham yetmas,

Bu dunyoni o‘rganish uchun.

Sen hayotga kelgandirsan, bas,

Yonib-kuyib, o‘rtanish uchun.

 

Tong. Ko‘chaga chiqasan, dalli

Oyog‘ingmas, boshlab ketar ong.

Ammo senga bermas tasalli,

Shovqin ko‘cha, jimjit olomon.

 

Qismatingni yaratgan Xoliq,

Darj etgandir milyon yil nari.

Dunyo – ummon, sen esa baliq –

Va sho‘ng‘iysan izdihom sari.

 

Davomiydir bu holat har kun,

Halovatu orom senga yot.

Elu yurtdan qolmaslik uchun,

Uy qurasan, yig‘asan bisot.

 

Sen ham barcha odamlar kabi,

Deysan: bola-chaqam, ro‘zg‘orim…

Saboq berar hayot maktabi,

Sen-chi, noshud tolibi ilm.

 

Ellikmi yo yuz yil ortingda,

Almashgandir avlodlar yangi.

Sen oynaga boqasan zimdan,

Chakkangda oq – yillarning changi.

 

Ellikmi yo oltmish yil fursat,

Oqar suvday ketmishdir oqib.

Evoh, umring o‘tgaydir nahot,

Izdihomlar ichra uloqib.

O‘tib borar shiddatda har on,

Goh kuldirib, goh yoshlab ko‘zni.

Angla hayot, sinov-imtihon,

Inson, avval topib ol o‘zni.

 

   MEN KETGANDA

Gullar ochilgan bog‘da,

Uchrashdik ikkimiz.

Har qarash, har nigohda,

Dilga o‘t tushib ilkis.

 

G‘o‘rlik bo‘lurmi shuncha,

Sevgini biz bilmabmiz.

Do‘st bo‘lamiz o‘lguncha,

Deya ahdlar qilmabmiz.

 

Ko‘ngling dedim, misli gul,

Topolmadim ko‘ngilni.

Qayda yursang omon bo‘l,

To‘smam sira yo‘lingni.

 

Bamisoli toshqin sel,

Qirg‘oqlardan toshibmiz.

Chinmidi bu yo hazil,

Afsus, bizlar shoshibmiz.

 

Men ketaman, yaxshi qol,

Yo‘lim boshlar yiroqqa.

Bizni eslab, ehtimol,

Gullar yig‘lagay bog‘da…

 

    SUMANBARIM

O‘zni unut sen ay, dil,

Yig‘lay turib kula bil.

Ishq tog‘ini zil-zambil,

Ko‘tarishga toqat qil.

 

Yoqdim ustuxonimni,

Sadqa etdim jonimni,

Qonib ichib qonimni,

Gullar yashnasin gul-gul.

 

Qatra-qatram ming hasrat,

Zarra-zarram ming hayrat,

Ay dil, ko‘rsatib g‘ayrat,

Vujudim ayla chil-chil.

Meni etgan mubtalo,

Bu dard o‘zi ne balo?

Qilsam-da ming tavallo,

Parvo etmas g‘ayri el.

 

Sumanbarim, qalamqosh,

Chashmi charog‘ing nurposh.

Ostonangga qo‘ysam bosh,

Murod o‘lurmi hosil?

 

         YASHASH HUQUQI

 

Qancha orzu-havas, qancha g‘ururni,

Baayni shamolga sovuribman, attang.

Birodarlar,

Ma’zur tuting, bu so‘qirni,

Arosat ko‘chada turibman hang-mang.

Bir paytlar bu hayot poklik timsoli,

Allohdan berilgan in’om-ku, dedik.

Biz uni yashaylik inson misoli,

Halolu pokiza, bekin, behadlik.

Yugurmasdim unda, go‘yo uchardim,

To‘ldirgancha yoshligim ko‘chalarin.

Parilar qo‘lidan sharob ichardim,

Olis qolmish ul muhabbat kechalari.

Men kimman, oddiy bir chumoli, axir,

To‘qman, deb aldayman bo‘lsam hamki och.

Kimgadir  jilmayib qo‘l uzataman,

Bir bandayi ojiz – nochor, noiloj.

Axir bu dunyoga bir bor kelamiz,

O‘lchab berilgandir umrimiz, axir.

Noyob bir matodir haq so‘z,

Bilamiz,

Yolg‘onga tobemiz, ammo baribir.

Dunyoga kelib, xo‘sh, nega g‘am yeymiz?

O‘zimiz o‘zimizga savol beramiz.

Boshqalar ham mendan pesh emas,

deymiz,

Xullas, el qatori yuramiz.

Og‘ir,

Eh, o‘zingni anglamoq senga,

Ellik yil yo yuz yil sudralgan maxluq.

Birodar, Siz ayting,

Odamman, deyishim menga

Hayotda yashashga berarmi huquq?

 

Abdumajid AZIM 1957 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘il­gan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoirning “Qalbimning Vatani”, “Quyosh bolasi”, “Yorug‘lik olami” singari she’riy to‘plamlari chop etilgan. 

 

“Yoshlik” 2014/12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.