Yurakka yuk tushdi

2
113
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

– O‘zi sening murting o‘sadimi? Yo ko‘sa bo‘lib yuraverasanmi?  – deya masxara qilishni boshladi Daryoboy.

Har kuni shu ahvol! Ishi tushsa, meni maqtab alqaydi. Darsdan so‘ng, qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib ketadi. Hurmat-izzat ko‘rsatgan bo‘ladi.

– Ona, hov ona! Mehmon keldi, quymoq qilib ber.

Tan olishim kerak, ko‘k piyoz to‘g‘rab solingan quymoqni faqat Daryoboyning onasi shirin qilib pishirardi.

Qorinni to‘qlab olgach, uvizga to‘ymagan buzoqday mo‘ltirab, ko‘zlarini pirpiratib yalinib-yolvoradi, qasam ichadi, beozor tahdid qiladi: agar meni jo‘ram desang, yo‘q dema! Shundaymi? Yo‘q, shumi  gaping? E, o‘zimning aqlim yetganda, senga sarg‘ayib o‘tirarmidim? Shu oxirgisi, yigit so‘zim! Yanagi safar iltimos qilgan nomard!

Keyin uy vazifalarini o‘zining daftariga muk tushib ko‘chiradi. O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir! Yana xuddi bir narsani tushunganday pichan tilaverib, qora yoriq bo‘lib ketgan barmog‘ini oppoq daftarimga nuqib yozishiga nima deysiz? U o‘qishni deyarli bilmasdi. Harflarni tanir edi-yu, qo‘shib o‘qiyolmasdi. Yozuvi ham “alang-jalang”, uchta harfli so‘zidan to‘rtta xato topiladi.

– Bo‘lsangchi-yey! – dedim ensam qotib.

Uning esa bor diqqati ko‘chirishda: “Hozir, mana!” deb, qovog‘ini uchirib, burnini “sho‘lt” etib bir tortdi-da, miq etmay yozaverdi. Yozuv tugashiga  yaqin tirjayibmi, irshayibmi mazax qilishga o‘tdi.

– Qiz bolaga o‘xshaysan-yey!

– E, boshimni qotirma!

– Qani? Yo‘q-ku!

– Ko‘rmisan?! – tutaqib ketdim. – Mana, turibdi-ku sarg‘ayib!

U esa battar kuldi:

– Hech zamonda yigit kishining mo‘ylovi sariq bo‘ladimi? Bunday qorayib, silaganda barmog‘ing­ni qichitmasa? Unday tuk ana Sarvinozda ham bor! Sal tig‘-pig‘ tekkizib tur, darrov qorayadi.

Eh-he, otamning ustarasini necha marta yashirincha ishlatganimni bilmaydi-da, bu to‘nka.

– Tur-ye, meshqop! It ekansan-ku sen! Umuman odam bo‘lmaysan sen! Hali yana bo‘zlab kelarsan-a! Ko‘ramiz o‘shanda holingni!

– Ho‘v, og‘zingga qarab gapir! Men hech kimga yalinmayman!

Alam qildi. Qani endi, kuching yetsa-da, xumordan chiqquncha do‘pposlasang! Hech bo‘lmasa, bir musht tushirsang! Qayoqda?! Bilagi mening bo‘ynimday keladi. Maktabda Daryoboy polvon, degan oti bor. Ko‘zoynagi boshidan katta qiltiriqning kuchi yetarmidi unga?! Lekin ming dag‘dag‘a qilgani bilan menga qo‘l ko‘tarmasligini bilaman. Chunki, ertasiga yana ishi tushadi – tili qisiq. Shuni tan olmayotgani ochuvimni keltirdi.

– E, pasho‘l …! – chiyillab yubordim. So‘ng daftar-kitoblarimni tez yig‘ishtirib, jildimni yelkaga osdim-u, qaytib uning uyiga qadam bosmasday, yuzko‘rmas bo‘lib uyimga jo‘nadim.

Uning uyi ovulga kiraverishda: katta ariqdan uning jo‘xori otiz1iga o‘tiladi, otizning narigi tarafida gugurtning qutisiday uy. Meniki esa ho‘v ichkarida. Bora-borguncha jinim qo‘zidi. Unga qarshi turli hiyla-nayranglarni pishitib bordim, qasos o‘tida yondim.

Daryoboy – mening “o‘l” degan jo‘ram2! O‘zi jo‘rachiligimiz qachon boshlangan: yetti chaqirim uzoqdagi maktabga birga qatnagan kezlarimizdami? Yo undan oldinroqmi? Buni ikkovimiz ham bilmaymiz. Alohida “Oting nima? Senikichi?” deb tanishmaganmiz, “Kel, shu kundan boshlab ikkov do‘st bo‘laylik, do‘stligimizga mana shu do‘ng-qirlar guvoh bo‘lsin, mana shu ariqdagi suv butun elga doston qilsin!” demaganmiz. Shunday, o‘z-o‘zidan do‘stmiz. Esimni tanibmanki, Daryoboy – mening jo‘ram!

Men-da, u-da o‘z uyimizning erkasi – soyamizni birovga bostirmaymiz. Mening erkaligim uyim­dagilargagina, uniki esa butun ovulga o‘tadi. U istagan uyga kirib, ketmonmi, xaskashmi, tandirdan uzilgan issiq nonmi yo palakda erta-indin yeymiz, deb qo‘yilgan qovun-tarvuzdan so‘rab-so‘ramay olishi mumkin, birov unga “g‘ing” demaydi: ha, Daryoboy oldimi? Mayli, indama!

– O‘lsin shu jetimak! Ko‘zlari olayib, bostirib kelaveradi. Qo‘liga ilingan narsani olib ketaveradi. E, qachongacha chidaymiz? – uning dastidan kuygan xotinlar shang‘illaydi.

– O‘chir ovozingni! – deydi erlari. – Toshgul momodan baloga qolasan!

– Shu yalmog‘iz kampir o‘lmadi, biz qutulmadik!

– Jim-yey, o‘ch-yey! Odamlar eshitsa, masxara bo‘lasan-a, esini yegan xotin! Sen aytayotgan o‘sha yalmog‘iz hammamizning kindigimizni kesgan! Uqdingmi?

– Bo‘lmasa ayting, nevarasini sal tiyib qo‘ysin! Agar siz aytmasangiz, o‘zim aytaman!

Qaydanam aytsin! Hammasining dami ichida! Daryoboyga barmog‘ini bigiz qilganning sho‘ri quriydi, yuzi kuyadi, ovulda moxov bo‘ladi, qoladi: hech kim u bilan tillashmaydi, ko‘rganda ters buriladi, uning uyidan etagini qoqadi. Yetti yoshmidik, yo sakkizmi… esimda yo‘q: Daryoboy kuppa-kunduzi Burgut traktorchinikidan  (u payt traktorchi edi, hozir o‘tday fermer) qatiq olib chiqib ketayotganda, Gulmira yanga uni ushlab oladi. Ovulga kelin bo‘lib tushganiga endi uch oy bo‘lgan yangamiz “o‘g‘ri”ning dodini berib qo‘yish uchun unga bir shappat tushiradi. Daryoboy qatiq idishni yerga uloqtirib, sindiradi. Jazavasi qo‘zigan yanga uni savalab ketadi. Tomoshaning qizig‘i esa kechqurun boshlanadi. Burgut og‘amiz ishdan kelib, ovqatini yeb, ko‘k choyni sipqorib, yonboshlab yotmaydimi?! Yotsa, Toshgul momo bir qovoq qatiq bilan to‘rtta non ko‘tarib keladi.

– Keling, Toshgul momo!

– Yotaver, bolam. Qimirlama. Men ketaman… Burgut bolam, ining sal sho‘xlik qilibdi, ayb qilmaysan!

– Qo‘ysangiz-chi, momo, nimalar deyapsiz? – Burgut og‘amiz hayron bo‘lib, xotiniga qaraydi. Xotini o‘z ishidan mamnun, momoni uzr so‘ragani chiqqan, deb o‘ylab, g‘o‘ddayibgina o‘tiradi.

– Bolaginam yangasining qo‘lidan bi-ir qatiq ichgisi kelibdi-da. U hali yosh-da, hech kimni yotsiramaydi.

– Daryoboyni kim begona, dedi? Ayting, o‘zim uning tug‘ilganiga pushaymon qilaman! – og‘amizning vajohatidan yangamiz sarosimalanib qoladi.

– Yo‘g‘-a, hech kim begona demaydi, bolam. Aytdim, qo‘ydim-da, – deydi momo xotirjam. Keyin yangamizga yuzlanadi. – Kelin, mana bu qatiqni ertalab ivitib edim. Ichinglar. Hammaginangizga yetadi. Endi nevaram qaytib bu yerga bo‘yin cho‘zmas-ku, mabodo, adashib-netib kelib qolsa, qo‘lini qaytarib o‘tirma, maylimi?

Shundan so‘ng qiyomat boshlanadi! Yangamizning ko‘rgan kuni qursin! Ertasiga Gulmira yangamiz – ko‘zi ko‘kargan, sochlari to‘zg‘igan, yuzi shilingan tugunchasini qo‘ltiqlab, otasinikiga jo‘nab qoldimi, deysiz-da? Yo‘q, u Daryoboyning oyog‘iga bosh urib keladi: “Qaynim-ov, senginaga ko‘targan qo‘llarim sinsin! Bir marta kechiraqol!”.

– Yoshsan-da hali, – deydi Toshgul momo yangamizga rahmi kelib. – Kimning kim ekanini bilmaysan! Ko‘zim ochiqligida bolamga birovning nafasini ham tekkizdirmayman, aytib qo‘yay.

– Bildim, onajon, bildim!

Ana shunday erka mening jo‘ram! Buning boisi – uning otasida! Otasi bir paytlar nomi el-ulusni kesgan polvon o‘tgan, deyishadi. Aytishlaricha, olishlarda yutgan solimlarni ovuldoshlariga tarqatib yurar ekan. Davraning isini olgan kundan boshlab, biror marta kuragi yer iskamagan shunday norg‘ul yigit Daryoboy tug‘ilgandan ikki oy o‘tib, bir to‘yda qaltis yiqilibdi-yu, julini uzilibdi. Toshgul momo bamdod namozida ham, choy ustida ham, yotardan oldin ham (balki, tuni bilan ham) kelinini qarg‘agani-qarg‘agan: “Sen kasofat… sen shumqadam…sen ajinaning urg‘ochisi kelib, bolaginamning boshiga yetding! Qanday ulim bor edi-ya, qatorida nor edi-ya! Ha, urug‘-aymog‘ing bilan qaro yer bo‘lgur!”, haydagani-haydagan: “Yo‘qol, alvasti! Qirilib ket shaytonning urg‘ochisi!”, tergagani-tergagan: “Ha, o‘limimni kutib yuribsanmi? Ha, Daryoboyga nima berding, uni ham uv3lab o‘ldirmoqchimisan?”. Kelini – yigirma ikki yoshida tul qolgan Daryoboyning tuqqan onasi esa “g‘iq” etib tovush ham chiqarmaydi. O‘sha uyning cho‘risiday gap. Daryoboyni men tuqqanman, bola meniki, deb da’vo ham qilolmaydi. Qaynonasi ko‘zining o‘tini olib qo‘yganmi, yo erga tegish, kelin bo‘lish shu ekan-da, manglayimizda borini ko‘raveramiz, deydimi?! Odamning yuziga tik qaramaydi, ro‘molini peshonasigacha tang‘ib, ko‘zini yerga qadab yuraveradi.

Polvonlik Daryoboyga otasidan o‘tgan. O‘ziyam juda orkash bola. Men qizlarning orasida o‘sganim (uchta opam bor) uchunmi, janjal-to‘polonlarga uncha xushim yo‘qroq – darrov murosa yo‘lini tanlayman, yo kaltak yesam ham javob qaytarmayman. U boshqa odam: bir boshga – bir o‘lim, deb joni chiqquncha olishadi. Ikkitasi bilanmi, o‘ntasi bilan olishadimi unga baribir: qaytmaydi. Bir safar qo‘shni ovulning bolalari meni xafa qilganda ularning tanobini tortib qo‘ygan ham shu Daryoboy bo‘ladi.

– Ho‘v Kesaktepaning shoqollari! To‘rttangning kuchi bitta qiltiriqqa yetdimi? Qani jigit bo‘lsang berman kel, – dedi-da o‘rtani yorib kirib, eng baquvvatining kekirdagidan olib, xuddi bir bog‘lam o‘tni irg‘itganday otib yubordi. Uning savlatiyu haybati manaman degan olg‘ir bolaning ham tizzasini qaltiratadi. Manaman deganining qocharga so‘qmog‘i, bekinarga teshigi topilmay qoladi. Qolganlari sal talmovsirab, azbaroyi ovuldoshining ori uchun bir-ikki musht tushirgan bo‘ldi. Lekin Daryoboy quturib, barini yer tishlatmaguncha, tiz cho‘ktirib, uzr so‘ratmaguncha tinmadi. Keyin ust-boshini qoqib, shilinib, qontalash bo‘lib qolgan tirsagiga bir siqim tuproq surdi. Menga bir g‘ijinib qaradi-da, indamay yo‘liga ravona bo‘ldi. Men ham ayni paytda unga biror gap aytish – o‘zimga musht sotib olish bilan barobarligini ich-ichimdan his qilgancha uning izidan jim ergashdim. Ancha vaqt sukutdan keyin yarim yo‘lda u ilkis to‘xtadi-da:

– Nega ustingdan kulishiga indamay qarab turibsan? – dedi qovog‘ini uyub.

– To‘rttasiga bas kelolmasdim-da, – aybdorona ming‘irladim.

– Baribir! Chotini mo‘ljallab turib, tepmaysanmi qarsillatib!

– E, men unday qilolmayman, – dedim, keyin darrov aybni otamga ag‘dardim. – Otam hech kim bilan urishmaysan, yoqalashmaysan, degan. Eshitsa, xafa bo‘ladi-da. Bo‘lmasa, o‘zim bilardim.

Daryoboyga otamni aytganim og‘ir botdimi yo g‘irt yolg‘on gapirayotganim, qo‘rqqanimni bo‘lmag‘ur bahona bilan xaspo‘shlaganim ensasini qotirdimi, hafsalasi pir bo‘lib, qo‘lini siltadi.

– Lekin sen boplading, – dedim yana murosaga kelib. – Vey, o‘ziyam och qashqirday tashlanding-a!

Maqtovim unga yoqdi (maqtov kimga yoqmaydi?) – chang bosgan, peshonasining teri chizib o‘tgan betiga kulgi yugurdi.

– Ko‘rdingmi qanday olishganimni? – dedi mardiyib.

– Eh-he, aytyapman-ku, och qashqirday tashlanding, deb! Yedige4 botirning o‘zi bo‘lding-a!

– Sobit tuxumkallani yiqitganim-chi?

– Vo! Yomon yiqildi! Haliyam tirik qoldi!

– O‘lmaydi-ye!

– Qolganlari ishtonini ho‘llab qo‘ydi-yov!

– Yo‘g‘-ye, rostdanmi?

– Ha!

– O‘zim ham aytdim-a, taqir yerda loy qaydan keldi, deb!

Miriqib kulishib olgach, yana gaplashib ketdik.

– Kimdir senga anov-minov deydigan bo‘lsa, menga ayt, tushundingmi? – dedi u haliyam maqtovimning ta’siridan chiqolmay. – Buytib ko‘zing yoshovrab, dardingni ichingga yutib yuraverma. Senga “fisht” deganning o‘zim kallasini yulaman!

Uning qiziq qiliqlari bor. Bir-da menga og‘amday g‘amxo‘r, mehribon, tanti, bir-da yosh boladay hokisor, sodda, yalinchoq.

Kunning tig‘ida, ustiga-ustak ichimdan toshgan g‘azab o‘tida qovurilib, uyga lohas bo‘lib keldim. Naridan-beri tushlik qilib, to‘rdagi xonaga – derazasiga parda o‘rniga otamning eski choponini ilib, qorong‘u va salqin qilib qo‘yilgan xonaga kirib, xayolan u bilan olishib, tavbasiga tayantirib yotdim.

Endi ko‘zim ilinganida o‘rtancha opam Daryoboy chaqirayotganini aytdi.

– Chiqmas ekan, deb ayt!

– E, o‘zing ayt. Nima, men senga xabarchimanmi? – Opam ishini davom ettirish uchun oshxonaga chiqib ketdi.

Erinibgina o‘rnimdan turdim. Chiqmasam bo‘lmaydi, baribir ketmaydi. Chiqmagunimcha ostonada serrayib o‘tiraveradi. Tashqariga chiqdim. Havo issiq – may oftobi kunbotar tomonga xiyol oqqan, uyimizning oldi quyuq soya bo‘lgani bilan yerning hovuri hali bosilmagan edi. 

– Podaga chiqasanmi? – yaltoqlandi. Nigohidan qilgan ishidan afsuslanayotganini ilg‘ash qiyin emasdi.

– Hali erta-ku, – dedim uning ahvolini pisand qilmay.

– Yurgin endi, – yalindi. – Bir yo‘la cho‘milib ham olardik. Kunning qizishini qara.

Biroz kalovlanib turdim-da:

– Opa, men molning oldiga ketdim, – dedim ichkariga ovoz berib va opamning javobini kutmay uydan chiqdim. Yo‘l-yo‘lakay shalvarimning poychalarini turib oldim.

Biz ovulning qibla tomonidagi Pardaboy sholikorning hovuziga bordik. Aslida, hovuzni ovuldagilar qazishgan, ariqdan suv keltirishgan. Hovuzga eng yaqini Pardaboyning uyi bo‘lgani uchun hamma hovuzni uniki deb ataydi. Yuzlarimiz ishib, lablarimiz ko‘karib ketguncha rosa cho‘mildik, kim suv ostida ko‘p turish, kim uzoqqa suzish o‘ynadik, har zamonda kuragimizni quyoshga tutib, isinib oldik. Sinfdoshlarimizni bir-bir aytib, ustidan kuldik. Lekin, baribir unga qarab jinim qo‘ziyverdi, ichimni it tirnayverdi.

Hovuz labida qurinib o‘tirganimizda u to‘satdan Sarvinoz haqida gapirib qoldi.

– Sarvinoz… yaxshi qiz, a? – dedi u ufqqa qadam tashlashga botinolmay turgan quyoshga termilib.

– A? – dedim unga angrayib. Uning qiyofasi jiddiy va mahzun –  Sarvinozning yaxshi qiz ekanini uning o‘ziga hech qachon ayta olmasligidan pushaymonlik ufurib turardi.

– Menga… menga yoqadi-da! – dedi u va birdan qorayib ketdi: necha kunlab, oylab pinhon saqlagan siri yuzaga chiqqanidan uyaldi. Lekin ayni paytda favqulodda orzumandlik, tashnalik bilan gapirdi. – Ne qilayin, jo‘ra? Maslahat bersang-chi?

– Hah, tulkining ko‘zini o‘ygan tullak, hah, pismiq, hali sevib qoldim, de, – masxara qilish gali menga kelganidan quvonib ketdim: “Qo‘lga tushding-ku!”

– Kulma! Kulma deyapman senga! – dedi u og‘rinib. – Men rost aytyapman.

Unga rahmim keldi. Devday yigit ishq o‘tida qovjirab, bir burda bo‘lib o‘tiribdi-ya.

– Ertaga bor-da, uni bir chekkaga chaqirib,  shartta-shartta yuziga ayt, – dedim men ham bu mushkul vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirishga tushib.

– Ranjib qolmasmikan? To‘satdan aytsa, bo‘lmas-ov!

– To‘g‘ri, – dedim mulohaza yuritganday o‘ychan qiyofada. – Ay, lekin buytib qiynalib yurguncha, yo u yoqlik, yo bu yoqlik qilasan-da. Senda ko‘ngli bo‘lsa, xafa bo‘lmaydi. Ko‘ngli bo‘lmasayam, yuragingni ochganing foyda. Bunday yukni ichida ko‘tarib yurmaslik kerak.

U menga tikilib qoldi. Mening chin yo hazil gap qilayotganimni bilmoqchi bo‘ldi, chamamda.

– Qo‘y-ye, – dedi. – Uni ranjitgandan ko‘ra, aytmay qo‘ya qolganim durust.

– O‘zing bilasan!.. – Bu mushkulot meni ham o‘ylantirib qo‘ygan edi. Nima qilsa bo‘ladi? Bu-ku qaysar, o‘lsa ham dardini Sarvinozga aytmaydi. Mendan maslahat so‘rayaptimi, demak, qandaydir yo‘lini top, deyapti. Lekin muhabbat masalasida o‘zim ham andak tajribasizroqman-da. Xo‘sh, nima qilsa ekan? – E, aytgancha xat yozsang-chi?

– Xat?! – dedi u xuddi yolg‘iz o‘zi orolda qolib ketib, najot kemasiga ko‘zi tushgan odamday. Nazarimda, bu fikrning qandaydir muqobili uning ham miyasida aylanib turgan, lekin, uni aniq ifodalashning usulini topolmay o‘zini qiynayotgan edi.

– Chiroyli so‘zlarni yozib, unga berib yuborasan. Ko‘ziga qarab, gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Agar javob qaytarsa, yaxshi. Qaytarmasa ham, hech narsa yo‘qotmaysan.

– Zo‘r fikr aytding! – dedi u hayajonlanib. So‘ng birdan ichi bo‘shagan qopday shalvirab qoldi. – Men chiroyli yozishni bilmayman-da.

– E, shuyam ish bo‘ptimi? Yaxshi ko‘raman, u qilaman, bu qilaman, deb yozib tashlayverasan-da.

– Shuni sen yozib bersang-chi? – dedi u ko‘zlari chaqnab.

– E, tentakmisan? Men nima deb yozaman? Yaxshi ko‘radigan sen.

– Yo‘q, dema, jo‘rajon! Agar meni jo‘ram desang, yo‘q dema.

Kechlik ovqatdan so‘ng otamning ko‘zini shamg‘alat qilib, javonidan Ibrayim Yusupovning saylanmasini oldim va Sarvinozning chehrasini ko‘z oldimga keltirib xat yozdim. Xatni “Sen men uchun dunyodagi eng yaxshi qizsan!” deb tugatdim.

 

* * *

Ertasiga dars boshlanmasdan oldin xatni Daryoboyga o‘qib berdim.

– Qoyil-ye, soz qilibsan-ku! – dedi u mamnun bo‘lib. – Endi buni Sarvinozga berishim kerak.

– Yur, birga beramiz, – dedim xavotirlanib va xatni qo‘liga tutqazdim.

Ikkalamiz Sarvinozning oldiga sekin borib, u bilan hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldik. Daryoboyga imo qildim, xatni Sarvinozga tutqazdi. Qizning qiyiq ko‘zlari katta-katta ochildi.

– Nima bu? – hayron bo‘lib so‘radi.

– O‘qib ko‘rib, dars tugaguncha javobingni aytarsan, – dedi Daryoboy qizarib-bo‘zarib.

Keyin Sarvinozni kuzatdim. U Daryoboy ikkimizga zimdan qarab-qarab qo‘yar, yonidagi puchuqburun Oygul bilan bir nimalarni pichirlashib, sekin kulardi. Daryoboy ikkimiz esa dars tugashini sabrsizlik bilan kutardik. So‘nggi darsning qo‘ng‘irog‘i chalinib, hammamiz o‘rnimizdan o‘rra turib, ko‘chaga otilayotganimizda Oygul yonimizga kelib, menga to‘rt buklangan qog‘oz tutqazdi.  To o‘sha lahzaga qadar qilgan ishimdan qanchalik pushaymon bo‘lishimni, Daryoboydan qasd olaman, deb boshlagan hazilimning tagi zil bo‘lishini o‘ylamagan edim. Daryoboy Oygulning xatni unga emas, menga berib ketganidan hayron bo‘ldi. Mening esa yuragim tez-tez urar, nafasim bo‘g‘zimga tiqilib, peshonamdan ter chiqar edi. Xatda “Sen ham men uchun dunyodagi eng yaxshi yigitsan!” degan so‘zlar yozilgandi. Men Daryoboyning ko‘ziga qaray olmasdim. U menga bir zum shubhalanib, hayratlanib tikilib qoldi va qilgan ishimni sezdiyu shart burilib ketib qoldi.

Men xatga o‘zimning ismimni yozgan edim. Daryoboy esa, anqov, sodda Daryoboy menga shunchalik ishonganidan, xatni loaqal ochib ham ko‘rmagandi. Men to o‘sha lahzagacha qilgan ishimdan huzurlanaman, uni boplab mot qilganimdan ko‘nglim yayraydi, deb o‘ylagan edim. Maktab dahlizida bir o‘zim so‘ppayib qoldim. Yuragimni xuddi men dahlizda turganim singari huvillagan bo‘shliq aro bir og‘riq simillatib turardi.

Ovulga kelayotib, uning uyiga kirdim.

– Xafa bo‘lma, jo‘ra! Men bir hazil qilmoqchi edim. Axir, sen ham nuqul meni masxara qilib, jig‘imga tegarding-ku!

U meni urmadi, so‘kmadi. Lekin, shunday qaradiki, urib, o‘ldirib qo‘yaqolgani yaxshi edi. U nafrat to‘la ko‘zlarini menga qadab, ayanchli jilmaydi.

– Lekin men hech qachon senga pastkashlik qilmagan bo‘lardim. Agar “Men ham Sarvinozni yaxshi ko‘raman” deganingda men indamay qo‘yaqolardim.

 

Uning bu gapi kechgacha miyamda aylanib, meni vijdon azobida kuydirdi. Oqshom ko‘zim ilinmay hovlida o‘tirdim. Vaqtni orqaga qaytargim, qilgan xatomni to‘g‘irlagim kelar, lekin chorasizlik meni qiynardi. Osmonni bulut qoplab, o‘n besh kunlik to‘lin oyning yuziga qora tortdi. Atrof zim-zimiston bo‘ldi-qoldi va shivalab yomg‘ir yog‘a boshladi…

 

1  Otiz – dala, tomorqa.

2  Qoraqalpoqlarda shunday ibora bor. Eng yaqin degan ma’noni beradi.

3  Uv – zahar ma’nosida.

4  Yedige – qoraqalpoq xalq dostoni qahramoni.

 

Bayram AYTMUROD

1986 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan.

Hikoyalari matbuotda e’lon qilingan.

2 Mulohaza

  1. Bayramjon, rahmat Sizga. Judayam ajoyib, o‘qimishli, zerikmaysiz. Eng muhimi ortiqcha bezak va mubolag‘alar yo‘q. Yoshlikning beg‘ubor damlari o‘quvchining yodiga tushadi. Ijodinggizga baraka tilayman!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.