18 daqiqada öqiladi

2 940 marta körilgan

Estetik möjiza izidan

yoxud “Yoşlik” jurnalida 2012-yilda çop etilgan nasriy asarlarga bir nazar

Yozuvçi tili voqelikni qayta taqdim etmasligi,  uni faqat anglatişi lozim

 Rolan Bart

Matbuot tili leksikasi eng tez özgaruvçi va jamiyat tomonidan eng samarali qabul qilinuvçi sath hisoblanadi. Bu ustunlik (yoki imtiyoz) naşrlarning davriy ekanligi tufaylidir. Törtinçi hokimiyat maqomini olgan OAV zimmasiga yuqoridagi ustunlik-imtiyoz öquvçilari auditoriyasi, demakki, jamiyat aʼzolarining umumiy saviyasiga javobgarlikni ham yuklaydi. Zotan, matbuot ijtimoiy ongni özgartirişga, özga yönalişga solişga qodir. Bu esa barça tub burilişlar ibtidosidir.

“Yoşlik” jurnali milliy matbuotimizning kişilik jamiyatiga doimiy va faol taʼsir körsata, ijtimoiy tafakkur şakllanişi va yönalişini nazorat qila, öquvçilar auditoriyasi aro ommaviy muloqot örnata olayotgan asosiy naşrlaridan biri sanaladi. Öz örni va mavqeini tobora kengaytirib borayotgan jurnal boşqa adabiy naşrlardan öta talabçanligi, muharrirlik işini zargarona olib borişi bilan ajralib turadi. Şu bois unda asar çiqariş muşkul. Bosilgan asar esa zumda ommalaşadi.

Adabiyot, xususan, şarq adabiyoti hamişa biroz mavhum, sirli bölişi zarur hisoblanadi. Yakuni maʼlum bölgan asar voqealar yiğindisi yoki ularning bayonigina, xolos. Asar asosini syujet, qiziqarli voqealar emas, ular taʼsirida paydo böladigan oniy tuyğu, lahzalik holat, muvaqqat keçinmalar taşkil etişi, öquvçiga tasavvur qiliş, mantiq va hissiyotni uyğunlaştiriş imkonini berişi lozim.

Bevosita insonlarga, demakki, ijtimoiy hayotga tegişli bölgan özgarişlar hamişa dastlab adabiyotda yuz körsatadi. Şu sababli ham adabiyotning asl maqsadi kişilarni ezgulikka xizmat qildiriş sanaladi. Yaratilayotgan har bir ijod mahsuli ham ijodkorning mahoratiga, kuzatuvçanligiga, hayotni köp örganganligiga boğliq. Ijodkor asariga xomaşyoni hayotdan oladi, faqat badiiy töqima yordamida yaxlit asar holiga keltiradi. Uning qanday taʼsirga egaligi, ijodkor mahoratiga haqiqiy bahoni kitobxon beradi. Zero, yozuvçi Ötkir Hoşimov aytganidek: «Ikkita eng xolis hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan ötgan asar haqiqiy asardir».

“Yoşlik” 2012-yil davomida taqdim etib borgan asarlar hayotiy kölami kengligi, murakkab insoniy taqdirlarni, qahramonlar ruhiyatidagi çeksiz tovlanişlarni voqealar asnosida körsata bilişi nuqtayi nazaridan har qanday sinovga bemalol doş beradi. Ularda qahramonlar keçinmasini tasvirlaş, obrazlar yoki hikoyaçi kayfiyati ifodasini berişdan köra, şu tuyğularning paydo böliş jarayoni va ildizlarini körsatişga köproq eʼtibor qaratilgan.

Jurnalda çop etilgan qissalarga muallif pozitsiyasi börtib turmasligi, hissiyot voqealar qaʼriga berkitilişi, qahramonlar esa harakatda kaşf etilişi xosdir. Luqmon Börixon, Ismoil Şomurodov, Istam Hamroyev, Dinora Rahimova, Akbar Mirzo, Ğozi Rahmon va Zulfiya Misbaxlarning asarlari zamonaviy özbek nasrining diqqatga loyiq namunalari hisoblanadi. Qissa qahramonlari individual feʼl-atvorga ega jonli odamlardir. Bu tirik odamlarning xatti-harakatlari, gap-sözi öziga xos, ularda ijodkorlarning sanʼatkorligi namoyon bölgan.

Xususan, Luqmon Börixonning “Bir tomçi yoş” qissasida mazkur jihatlar yetakçilik qiladi. Qissa qahramoni Baxtiyor faqat ismda omadli. Inson istagi va taqdir tadbiri orasidagi nomutanosiblik yozuvçida kinoyaga mayl uyğotadi (bunday tasvir usuli, umuman, yozuvçining butun ijodiga xos, deyiş mumkin). Ota-onasi oq va yoruğ umidlar bilan Baxtiyor deb ism qöygan qahramonga, afsuski, baxt yor bölavermaydi: musavvirlikka uquvi, iqtidori bölgan yigit amakisining oşnolari öqişga kiritib qöyişi lozim bölgan muhandislar tayyorlovçi institutga hujjat topşiradi. Kirolmay yiqilgaç, harbiy xizmatga ketadi. Hammani çiniqtiradigan askarlik Baxtiyorni yarimjon kasalmandga aylantiradi.

Qissa har bir odam haddini bilişi, qanoat qilişi kerakligi haqidadir. Qölda boriga qanoat qiliş, boy berganiga puşaymon bölmaslik insonning munosib hayot keçirişini taʼminlaydi. Şu ikki haqiqatni unutgan, balki bilmagan Baxtiyor er yetganidan boşlab, özini qiynab yaşaydi. Zotan, unga butun hayoti davomida toleʼ yor bölib yaşaşi yölida jiddiy tösiq uçramadi. Öziga açiniş, zimmasidagi burçini uddalab, qutiliş örniga taqdiridan mudom yozğirib yaşaşi tiriklik va tirikçilikni uning uçun maʼnisiz qildi. Qissani öqiş davomida Baxtiyorning öziga berilgan imkoniyat, isteʼdod, yuragiga mehmon bölgan muhabbat – heç birini astoydil qadrlamagani, jurʼatsizligi, hafsalasizligini rözğor taşvişlari niqobiga berkitgani ayonlaşib boraveradi. Bu, ayniqsa, rasmni sotiş lavhasida yaqqol körinadi. Bu vaziyatda suratning dohiyona yo örtamiyona yoxud arzimasligi muhim emas. Muhimi – Baxtiyorning umriga nur bağişlab turgan, yaşaşdan maqsadi bölgan aʼmolini pulga çaqqanligidadir. Zotan, har bir kişining heç narsaga almaşmaydigan, sotmaydigan, insoniy qiyofasi, özligini tayin etadigan qadriyati böladi. Baxtiyor esa özligini sotdi… Aslida u boşidan özligini tayinlab olmagandi. Kim qayoqqa yetaklasa ketaverdi, amakisi ortidan muhandislikka, u yerdan quruvçilikka… Biror joyni mahkam uşlamadi. Ildiz otişga urinmadi. Şu bois sal qattiq şamolga çirpirak bölib uçib ketaverdi. Qönimsiz böldi. Şu bois hassos qalb, nozik did va mohir qöllar bilan taqdirlangan, eng oğir damlarda otasi, amakisi va brigadasi öz imkoni doirasidagi barça yordamni bergan bölsa-da, unga baxt – tole yor bölmadi.

“Yoşlik” jurnalida çop etilgan qissalarni kuzatgan kişi özbek adabiyotida jahon adabiyoti namunalari bilan bemalol bellaşa oladigan saviyadagi asarlar bor va juda köpligiga guvoh böladi. Tahririyat asarlarni juda sinçiklab tanlaydi, muharrirlik malakasiga ega öquvçi sifatida öqib, piçoqqa ilinganini: asar syujeti öquvçi kutmagan tarzda yakunlangan, biz har kuni köradigan odamlarning biz köp-da köravermaydigan qirralari börtib turgan, yaʼni el qatori odamning el qatori bölmagan tomonlari yoritilgan asarlarni oladi. Ismoil Şomurodovning “Kultepada keçgan hangomalar” qissasi şunday asardir. Asar “Qişloqdagi yagona jinoyatçi Nurmon – “Şilliqqurt” beşinçi marta qamalib çiqqaç, … halol yaşaşni” odam qilgani bilan boşlanadi. Ammo “… uning “halol yaşaş” tuşunçasi jamoa qaraşlari bilan ayro ekan”.

Muallif tili juda yumorga boy, şirali, undagi yengil kinoya kişiga oğir botmaydi, aksinça, könglini kötaradi: “Bir paytlar – ilk bor “ötirib” çiqqanida butun qişloq körgani keluvdi, töylarning töri, taomning zöri uniki edi. Endi qişloqdoşlari duç kelsa, teskari ögirilib ketişadi”. Muallif Nurmonning jinoyatni atayin, qalbida vahşiylik borligi uçun qilmasligi, öysizligi tufayli şunaqa vaziyatlarga tuşib qolişini özigagina xos bölgan ifoda usulida körsatib bergan. Bunday ifoda muallifni köp sözlaşdan qutqaradi, har bir qahramonga suyumlilik bağişlaydi: “U yoq”dan uçinçi marta qaytganida Maşrab luççakning burnini yorib, qon çiqaruvdi”. Nurmonning qişloqdoşlari xuddi özi kabi sodda: u ilk bor qamalganida xuddi favqulodda bir iş, qahramonlik qilib kelganday munosabatda bölişadi. Odatda, eng obröli sanalgan, hurmat qilingan kişiga davralarning töri, taomning zöri beriladi. Nurmon ham dastlab şu maqomda edi. Bundan öşa qişloqda jinoyat qilinmaganligi yoki qamaliş bölmaganligi bilinadi. Nurmonning qayta-qayta qamalişlaridan buning qahramonlik emas, aslida jinoyat, yomon iş ekanligi ayonlaşdi. Şundan söng Nurmonning ham “obrö”si tuşib boraveradi: “Yuk oğir bölsa eşakni, eşak oğir bölsa, yukni keltiriş töğrisidagi qoidaga muvofiq Şilliqqurt qişloq odatlariga böysundi”. Bir qaraşda Nurmon şilliqqurt jamiyatning noxuş, ibrat qilişga arzirli sifatlari bölmagan, badiiy asar qahramoni bölişga arzimaydigan kişi taassurotini qoldiradi. Aslida esa yozuvçi özini örab turgan hayotni tasvirlagan, şu olamda çindan ham şilliqqurtga öxşaş betayin, dallolga öxşaş manfaatparast, uyatsiz, Örolga öxşaş öysiz kişilar yaşaydi. I. Şomurodov asar badiiyatini qahramonning fazilatlari belgilamasligini noodatiy personajlaru ularning quyuşqonga siğmas harakatlari misolida körsatib bera olgan. Şilliqqurt, Çori sori, Öroq, Örollar kitobxon ğaşini keltirmagani, hatto kulgi aralaş xayrixohlik uyğotgani holda ulardan ulgi olgisi, ularga öxşagisi kelmagani aniq.

Akbar Mirzoning “Sönggi çora”, Ğozi Rahmonning “Şukuhli karvon” qissalari ham ifoda usuli, murakkab taqdirli qahramonlari, noodatiy syujeti bilan jurnalxonlar eʼtiborini tortadi. Xususan, Zulfiya Misbaxning “Söfitörğay” nomli hujjatli qissasi garçi hujjatli atalsa-da, badiiy tarovati özgaça, taʼsirçan çiqqan. Öqirman ismlari, udumlari, qiyofalari özbekka juda öxşaş bölgan, ammo ruhiyati butkul farq qilgan qozonlik qahramonlarga maftun böladi. Qissa tili juda şirali, sayroqi, sözlar terilgan durday, odam qoqilmay, huzur qilib öqiydi. Lekin qahramonning onasi bilan munosabati öqirmanni hayratda qoldiradi. Öqiş mobaynida söfitörğay – erta tongdan jaziramani töldirib çuldiraydigan, bulbuldan biroz kattaroq daşt quşi boş qahramonning onasi ekanligi oydinlaşadi. Muallif yerda ham, kökda ham bölmagan, oraliqda muallaq turib sayraydigan törğayni onaga – hayotda na ona, na-da ayol bölib yaşaşni udalay bilmagan qahramonga öxşatadi.

Şuningdek, Istam Hamroyev qalamiga mansub “Tazarru” qissasi ham badiiy mantiği bilan kişi eʼtiborini tortadi. Köngli istaganiday yaşaş u qadar oson, yoqimli emasligi çavandoz obrazi misolida körsatib berilgan. Qissa qahramonlari tirik odamlar, ayniqsa, çavandozning onasi Bozorgul yaxlit, tölaqonli çiqqan. Dinora Rahimovaning “Qişloqdagi buvijonim” qissasi ham samimiy, bolalarga xos beğubor ifoda tarziga ega.

Inson köngliga, uni qiynayotgan oğriq va armon, orzu-istaklariga daxldor asarlar, qaçon bitilganidan qatʼiy nazar, ohorini yöqotmaydi, hamişa öqiladi. Çunki inson yaralganidan buyon tuyğulari, hatto çekadigan iztiroblari deyarli özgarmagan. Jurnalda çop etilgan hikoyalarga bu kabi inson haqidagi iztiroblar tasviri xosdir. Ular şuning uçun ham hayrat va hayajon bilan öqiladi, eskirmaydi.

Neʼmat Arslonning “Köngil tubidagi dunyo” nomli turkum hikoyalari kişi eʼtiborini noodatiy syujeti, qahramonlarning quloq örganmagan ismlari bilan öziga tortadi. “Tumanli mintaqa” hikoyasi esa kitobxonni asar oxirigaça ikkilantiradi: voqealar çindan ham yuz berayaptimi yoki “Miyabeka yopib qöygan çoyşab ostidan körinib qolgan bitta-yarimta voqeotni topib olib, turli-tuman şakllarga solayotgan” Tuşning işimi? Inson kun davomida qabul qilgan maʼlumotni uyqu mobaynida qayta işlaydi, uni eng taʼsirlantirgan holatlarni tuşida öz yösinida köradi, deyişadi. Muallif asar qahramoni Qurbononing taqvimda 1899-yil dekabr oyi çorşanbani körişi, tuşiga esa oktyabr oyining örtasi kirişi; uning işxonasida goh soqol qöyiş, goh uni qirtişlaş rusum bölaverişi; yoki Zibijhavoga intilib yurgani holda birdaniga Nisoga uylangisi kelişi, oradan ötgan bir haftaning aslida yetti yil ekanligi tasviri orqali inson amal qiladigan tamoyillar özgaruvçan, noturğun bölişini körsatib bergan. INSONGA oid heç narsa muqim emas, uning hatto yaxşi yoki yomon odamligi ham vaziyatga boğliq. Muallif şuning uçun ham turkumni “Köngil tubidagi dunyo” atagan, nazarimizda. Zotan, inson mavjud bölgan, yaşab turgan olam emas, könglidagi, özi boşqarişi, şaxsiy qonunlarini örnatişi, voqealar rivojini özi istagan özanga burişi mumkin bölgan olam orzusi har birimizda bor.

Şu turkumdagi “Soyada uxlayotgan toleʼ” hikoyasi inson jismi va ruhi orasidagi tafovut, jism orom topgani sari ruh qiynalişi, ruhiy xotirjamlik uçun esa jism ozorlanişi haqidadir. Muallifning “Yaşaş huquqi” hikoyasi öqirmandan sinçkovlikni talab qiladi. Asardagi barça yöllar tubsizlikka olib keladi. “Boşliq kim? Şayton timsolimi? Ayol nafs timsolimi?” Şu kabi savollar hikoya oxiriga qadar öqirmanni bezovta qiladi. Hikoya inson hayoti haqida: tuğildingmi ölişing aniq, jarga qulaş – ölim. Gunoh qilmaslik uçun korxonadan qoçgan qiz va erkakning tubsizlik ustiga tortilgan simga ilaşib qolişi lavhasida yaxşilik qiliş, yaxşi böliş qiyinligi, şuningdek, inson va unga tegişli barça narsaning işonçsizligi körinadi. Muallif umid, quvonç insonni jarlik – ölim labida ham tark etmasligi, eng kiçik, ahamiyatsiz hodisalar ham kişida quvonç, demakki, yaşaşga iştiyoq uyğotişini töğri ilğagan. Muallif Subhiyaning közlaridagi ifoda: kuçli jismoniy istakni qizlik hayosi yengib turganini juda gözal tasvirlagan. Ikkalasi tubsizlikka qulab ketmaslikka oxirigaça bor kuçlari bilan intilganlari holda, nikohlanişgaç bundan çöçimay qöyişadi. Demak, ölimning özi qörqinçli emas, uni yolğiz kutib oliş qörqinçli. Inson hamişa insonga muhtoj, darddoş, taqdirdoşga ehtiyojmand. Hayot Şodmon bir şeʼrida aytganidek: “Kelişgaku keldik, Ketişni öylaş kerak”. Muallif “qulub” sohibi insonga oid barça narsa-hodisalarning mutlaq böla olmasligini butun hikoyalari mağziga singdirib yuborgan. Kimdir uçun ahamiyatsiz bölgan daqiqa mobaynida kimdir dunyoga keladi yoki uni tark etadi. Şu bois qahramonlarga körsatiladigan vaqt bilan aslida hukm surayotgan vaqt oraliğida juda katta tafovut böladi. Yuz berayotgan voqealarning ham aslida röy berayotgani yoki xayolot mahsuli ekanligini farqlaş muşkul. Muallifning niyati bu emas ham, yozuvçi inson juda serqirra yaratiqligi, bir vaqtning özida bir neça yönalişda fikrlaşi, bir neça xil olamda yaşay olişini körsatgan. Neʼmat Arslon qahramonlarini kutilmagan, lekin badiiy missiyalariga munosib ism bilan ataydi. Qurbono hamişa vaziyat qurboni, Subhiya endi otayotgan tong misoli yetilib kelayotgan, beğubor, şu bilan birga könglida bulutlari ham yöq bölmagan qiz.

Tuyğular oqimi faqat bir tarafgagina yönalmaganlik, töqnaşuvlar, his-hayajonlar, olqişu qarğişlar, maʼqullaşu inkorlar ğoyat sertarmoq, köp farvaterlilik nasriy asar saviyasi va muvaffaqiyatini belgilovçi omillardir va aytiş mumkinki, jurnalda çop etilgan hikoyalarga ularning barçasi xosdir.

Ğulom Karimiyning “Arslonxon minorasi” hikoyasi öqirmanni tasvirlangan davr muhitiga olib kirişi bilan darhol diqqatni tortadi. Ijodkor bunga qahramonlar va hikoyaçining “xoslaştirilgan” nutqi orqali erişgan.

Dilorom Dilxohning “Kuyuktut” hikoyasi tili, syujeti, qahramonlari, yeçimi juda favqulodda, keskin, haqqoniy, şafqatsiz ekanligi, Gulnoza Ernazarovaning “Olmalar” asari barçaga taniş holatning közdan nihon qirralarini tasvirlagani bilan diqqatni tortadi.

Hozir köpçilikni qiynayotgan xorijda işlaş muammosi tilga olingan “Yonğoqqa tuşgan qurt” (Xolmuhammad Karimiy); ilojsiz, noçor ayolning holati tabiat tasviri bilan uyğunlikda körsatilgan“Tuman ortidagi manzillar” (Gulruh Yormatova); tang vaziyatlardagi tutum insonning asl qiyofasini körsatişi tasvirlangan “Ofat” (Gulruh Yormatova); fantastik yönalişdagi “Odamlar” (Abdujalol Rahimov); el qatori böliş hamma vaqt yoqimli holat emasligi, aksinça, öz yaşov mezonlariga töğri kelmagani uçungina insonni yöq qilib yuboriş, eng mudhişi, bundan afsuslanmaslik holati beayov çizilgan “Qaydasan, möjiza” hamda “Otasining qizi” (Abduqayum Yöldoş) kabi hikoyalar ham juda taʼsirli, alohida eʼtiborga loyiq.

Tursunboy Adaşboyevning “Arralangan giloslar yoxud ustozning köz yoşlari” essesi; Dildora Turdiyevaning “Lotin Amerikasi dahosi” hamda Abdulla Ahmadning “Adib xonadonida” ruknida berilgan avtobiografik yösindagi “Söz yurakka muhrlanadi” sarlavhali bitiklari badiiyat jihatidan unça-munça nasriy asarlarni ortda qoldiradi, hatto öşa sondagilardan balandroq, puxtaroq, öqişliroq ham çiqqan.

Abdusattor Hotamov “Muhabbat qanotlari” nomi ostida berilgan “Quş uyasi” va “Oftobli kunlar” hikoyalarida öy bilan tutum hamişa ham mos kelavermasligi, kişi bir umr armonda ötişi ham mumkinligi, bu baʼzi hollarda uni yuksaltirib, boşqalardan alohidalik sifatini baxş etişini işonarli körsatib bergan. Qöçqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boşqaça” hikoyasida esa Guldurak momo ğoyat ulkan, qabariq, butun obrazligi bilan diqqatni tortadi. Momoning qahri ham, mehri ham öta haqqoniy, şu bois beşafqat tuyuladi. Faqat mard polvonlarnigina dunyoga keltirişi mumkin bölgan momoning nomunosib, ildizidan uzilgan öğli odamzotning imkoniyatu imtiyozni hamişa ham kötara olmasligiga dalildir. Qölidagilardan havolanib, oyoği yerdan uzilib qolgan öğil qismati ayançli, çunki inson bari bir samoga yetolmaydi, bu bandasiga xos emas. Öğli muallaq qolib bölganini momo sezadi, lekin çoli ikkisi bir-birini ayab, munosabat bildirişmaydi. Öylab turganlarini oğiz yorib sirtga çiqarişmaydi. Muallifning “Elakda suv turmaydi” hikoyasida odamning tubanlikda ham tabiat toji ekanligi körsatilgan. Dovul Davron istagan zamon, istagan şaroitga moslaşib olaveradigan, öz manfaatidan bölak prinsipi bölmagan, haşarotsimon odam. Dovul ildizi çuqur bölmagan har qanday daraxtni çirpirak qilib ketadi, bu odam ham şunday, şaroit yaxşi joyga davr şamoli bilan borib qönib olaveradi. Hayosi yöq, özidan uyalmaydi, özini taftiş qilmaydi, şu bois boşqalardan ham uyalmaydi. Har bir bandaning könglida Alloh böladi. Özidan uyalgan odam Yaratgandan uyalgan böladi. Şu tuyğu bölmagan odam uçun esa muqaddas narsaning özi yöq. Muallifning qahramonlarini alohida tavsiflab ötirmaganligi öquvçiga voqealar rivojidagi iştiroki, bildirgan munosabatidan xulosa çiqarib oliş imkonini beradi.

Aşurali Jörayevning “Kiçik vatan” va “Şirin paxta” hikoyalari ham jurnal saviyasiga mos bolalarbop asardir. Muallif bolalar ruhiyatini, beğuborligini, olamni bolalarça idrok etiş tarzini asrab qola bilgan. Malika Sayfiyevaning “Vijdon”, “Duo”, “Qorning quvnoq xotiralari”; Hidoyat Olimovaning “Çol va oltin baliq” hamda “Oy va quyoş” hikoyalari ham bolalarça samimiyat bilan bitilgan.

Muyassar Tilovovaning “Köngil toşqinlari” turkumidagi hikoyalari noodatiy syujeti, tilining maromiga yetmagan bölsa-da, öziga xos uslubiga egaligi bilan eʼtiborni tortadi. Umuman, Muyassar tobora qalami çarxlanib, bitiklari salmoqdorlaşib bormoqda. Agar öz ustida işlaşdan töxtamasa, undan qalami ötkir, ifoda tarzi tiniq yozuvçi yetişib çiqişi mumkin.

Uluğbek Hamdamning “Pillapoya” hikoyasi badiiy yuksak, sözlari yozuvçining özigagina xos uslubini taʼminlaydigan tartibda terilgan, syujet dunyo kabi qadim, şu bilan birga, yozuvçi kiydirgan yangi libosda – yangi talqinda namoyon bölgan. Pillapoya bu yerda har bir inson hayoti davomida intilib yaşaydigan manzilni anglatadi. Kimdir uçun bu amal, kimdir uçun bu imtiyoz, kimdir uçun şunçaki davriy, ötkinçiligi ayon bölgan bir martalik davron, kimdir uçun esa boylikka erişiş vositasidir. Inson uçun maqsadga yetişdan ham köra şungaça davom etgan jarayon muhimroq, qiziqroqdir. Muallif pillapoyadagi odamlarning maqsad va vositalarga munosabatiga köra toifaga bölinayotganiga guvoh böladi,

Muhammad Şarifning “Xirgoyi”, Jumaqul Qurbonovning “Vafodor”, Nazar Eşonqulning “Sibizğa volasi” (mifik) hikoyalari alohida taʼkidlab körsatiş lozim bölgan asarlardir. Xususan, Muhammad Şarif qalamiga mansub “Xirgoyi” hikoyasini çinakam badiiy hodisa ataş mumkin. Har bir odamning özgalar közidan yaşirin olami mavjud. Tirikçilik, rözğorning sira tuganmas taşvişlariga kömilib yaşayotgan, boş kötarişga vaqti ham, imkoni ham, xohişi ham bölmagan odamning baʼzan köngli ğimirlaşi, buning boisini özi-da tuşunavermasligi, kişining jismoniy ehtiyojlaridan taşqari köngil ehtiyojlari ham borligi, köngil bilan hisoblaşmaslik mumkin emasligi, qöli uzatganiga yetgani bilan qoniqmaslik hissi turaverişi, bu odamni içidan yemirişi juda gözal tasvirlangan. Xirgoyining sözi yöqligi kişini qiynayotgan dardning ismsizligi, uning mohiyati xirgoyi qilayotgan kişining öziga-da nomaʼlumligi, hirgoyining ommalaşişi çiqişga imkon topa olmayotgan dardning şu bahona sirtga yöl topgani tufayli hammada boşlanganidan dalolat beradi.

Anvar Suyunovning “Ikki tong orasi” hikoyasi milliy öziga xosligi, samimiyligi bilan alohida ajratib körsatişga loyiq. Unda “Alpomiş”da tasvirlangan eliboylar jonlangan. Özbekning butun yaşaşi öz sözi, yuziga ega bölişdan iboratligi, el orasidagi mavqei uning qanday yaşab ötganligini ölçovçi eng odil mezon sanalişi, eldan ortda qolmaslik, undan oldga-da ötib ketmaslik, köpning biri böliş özbeklik suv içadigan manbalardan ekanligi juda gözal körsatilgan. Köpning biri – barçaga qardoş, yaqin, boznasi botadigan böliş deganidir. Şu bois Qoraqul kombaynçi qöylarini arzon sotganiga kuyib-pişmaydi. Eli qöllaşi, yolğiz qoldirmasligini biladi. Özbekkina öylagani bölmagani yo qölidagini boy berganiga ökinmaydi, nasibi, “Xudoning buyurgani” şu ekan degan gözal falsafaga suyanadi. Nikohda qiz toğasining otasi örniga ötişida ham teran maʼno bor. Farzandlarning bir qanoti ota, ikkinçisi toğa böladi. Ayol mungliğ, birovning qöliga qaragan, himoyasiga muhtoj bölgan, ovozini balandlatmagan, hal qilişga işqiboz bölmagan ojizadir. Uning haq-huquqlari, inon-ixtiyori, şaʼni aka-ukalarining qölida. Çunki ojizaning bosgan qadami öşa oğa-inilarga olqiş yo isnod keltiradi. Ayolning şaʼni öşa oila erkaklari nomusini belgilagan. Şu bois toğa ota örnida ötgan. Özbek qizi otasining oldida bemalol nikoh qiydira olmaydi. U bundan uyaladi, undan köra toq ötaman deydi. Nikoh u yoqda tursin, uyga sovçi kelganda ham qiz uyatdan yonib, otasi va aka-ukalari közidan qoçib yuradi. Hikoya töliğiça özbeklikdan taşqari islomiy ögitni ham puxta egallagan, yaşaş tarziga aylantirgan özbeklar tasviridan iborat.

Halima Ahmedovaning “Ruh olmoşlari” hikoyasi biz bilgan şoirani butkul boşqaça ampluada kaşf qiliş imkonini beradi. Har bir inson turfa qiyofaga ega, bu qiyofalar bir umr bir-biri bilan jang qilib, kelişmay yaşaydi. Qay tarzda yaşaş töğriroq: odamlar körganidaymi, köngli buyurganidaymi yoki aslida bölganidaymi tarzidagi söroqlar muallif şaxsiyatini keskin uçga ayirib yuboradi. Hikoyada bir qiyofa ikkinçisini mahv etiş hisobiga jon saqlaşga intiladi va bu insoniy inqiroz ibtidosi sanaladi.

Muhabbat Hamidova (“Iş quroli”, “Topqirtoy”, “Adaşgan qönğizça”), Husniya Pardayeva (“Burgutning sönggi parvozi”, “Gunafşa”) Muborak Rustamova (“Birovning yuki”, “Öğrilik”, “Baxt quşi”)lar ijod namunasi; Muhayyo Tölaganovaning “Jajji hikoyalar”i, Vohid Ismoilovning “Qöşiq ham sönadi” hikoyasi, Yulduz Fayziyning “Töydan sönggi tomoşa” bitigi öqirmanga biror maʼnaviy-ruhiy ozuqa beradi, badiiy taʼsir qiladi deyiş muşkul.

Xoliyor Safarovning “Bahor ifori” hikoyasida voqealar rivoji sunʼiy, işonarsiz. Ayolning erini maşinada boşqa ayolni olib ketayotganini körib ketib qolişiga işoniş mumkindir. Ammo qaynonaning kuyovga aytgan gaplari notabiiy, özbekona emas. Hamroxon Musurmonovaning “Qiyofa” va “Kelinçak” kabi hikoyalari ham juzʼiy kamçiliklardan xoli emas. Tölqin Hayitning “Oşiq” hikoyasi ham notabiiy, voqealar öylab topilgan, zörlab kulgi uyğotmoqçi bölingan. Hazrat Navoiyning ğazallaridan raşk çiqargan kampir umuman özbek emas. Soğlom mantiq har bir kişini xatti-harakatlariga javob va izoh berişga undaydi. Bu tabiiy hol negadir hikoya qahramoni – ğazalsevar çolni çetlab ötgan. Hikoyani öqigan kişida muallif qitiqlab kuldirmoqçi bölganday taassurot uyğonadi.

Badiiy matn bilan tanişilayotganda qahramonlar xatti-harakatlari ularning xarakter mantiğiga muvofiq kelişi yoki kelmasligi muammosi diqqat markazida turişi kerak. Zotan, obrazlarning gap-sözlari, qiliqlari, fikrlari ularning saʼjiyalariga muvofiqligi, ruhiy jihatdan asoslanganligi bitikning asl qiymatini belgilab beradi. Şu maʼnoda jurnalda çop etilgan tarjima asarlar zimmasidagi badiiy yuk ikki barobar oğirdir.

Gi de Mopassanning “Marjon şodasi” hikoyasi kişini birni körganda fikr, birni körganda esa şukur qiliş lozimligiga örgatadi. Rosemory Borderning “Pianino” hikoyasi juda kötarinki, öqigan kişining ruhini yengillaştiradi, xuddi özi muvaffaqiyatga erişganday quvonadi. Har qanday kuçli isteʼdod parvarişsiz, eʼtiborsiz yaşnamay, meva bermay qolib ketişi mumkinligi, ruhiy madad, moddiy qöllov va umuman, omadga ehtiyoj sezişi körsatilgan.

Konstantin Paustovskiyning vatanparvarlik atalmiş mohiyatini qamrab yetiş muşkul, biroq usiz yaşaş noinsoniylik bölgan tuyğu haqida söz yuritilgan “Akvarel böyoqlari” hikoyasi jurnalxonlar uçun yaxşi sovğa.

Emili Karlning “Yaşaşga haqqingiz bor” hikoyasi juda ibratli. Xasta otasi va opasini, opasining ikki farzandini parvarişlayotgan va işlab taʼminlayotgan yoş qiz urinişlari minnat tufayli besamara ketadi. Qilayotgan fidokorliklari tagida yotgan minnat otasi va opasidan köra uning özini köproq azoblayotgani hikoya davomida oydinlaşib boradi.

Hermann Hessening “Muz ustidagi oşiq” hikoyasida bolalikdan yigitlik ostonasiga ötayotgan, hali kimligi öziga-da noayon bölib turgan vaziyatdagi yigitçalarning juda nozik, şu bilan birga, şumlikdan xoli bölmagan köngillari butun qirralari bilan böy körsatgan. Zu Vinterning “Birinçi muhabbat” nomli hikoyasi ham bolalarça samimiyatga yöğrilgani uçun jurnalxonni beparvo qoldirmaydi, uning könglida xayrixohlik uyğotadi. Umuman, jurnaldagi barça tarjima asarlar sinçkovlik bilan tanlangan.

Körinadiki, “Yoşlik” jurnali asar saralaşda heç qaçon uning könikilgan, tipik bölişiga eʼtibor qaratmaydi. Jurnal birinçi öringa hamişa badiiy maqsadning qay saviyada amalga oşganiga diqqat qilişni qöyadi. Qolipu çeklovlardan xoli adabiy muhit yaralişiga erişilgani bois jurnalda haqqoniy adabiyot namunalari va tirik qahramonlar böy körsatadi. Old planga muallif şaxsi emas, badiiy matn çiqadi, faqat adabiyot manfaatigina közlanadi. Şu sababli ham “Yoşlik” bizga taqdim etgan nasriy asarlar sirli jozibaga, noodatiy syujetga ega. Hayot oq va qora ranglar kabi jön emasligi, juda şafqatsizligi, köp hollarda yaxşining burnini qonatib, yomonga oş oşatişi, insonning esa juda murakkab taqdirli, serqirra tabiatli, baʼzan heç bir sababsiz hatto özi ham anglamaydigan qarorlarni bir onda qabul qilib, butun hayotini özgartirib yuborişi aks etgan bu asarlarda. Adabiyotning vazifasi estetikmi yoki etik(axloqiy)mi ekanligi borasidagi bahslarga nisbatan jurnalning qatʼiy amal qiladigan pozitsiyasi mavjud.

“Yoşlik” jurnalida çop etilgan nasriy asarlar öquvçida badiiy til jozibasi, tasviriy vositalar tufayli tuğilgan estetik möjizalarni payqay oliş, bundan lazzatlaniş hamda şu lazzatning manbasini anglab yetiş malakasini şakllantiradi. Bu esa asl sanʼat asarlarini ommabop bitiklardan ajrata olişning yagona yölidir.

Muhayyo ISMOILOVA 1978-yilda Guliston tumanida tuğilgan. Filologiya fanlari nomzodi. Ayni kunda ÖzMUning özbek filologiyasi fakulteti öqituvçisi. Köplab ilmiy-adabiy maqolalar muallifi.

“Yoşlik”2013/7

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)