(Hikoya)
Margarita de Terel jon talvasasida edi. U oltmiş beş yoşda bölib, körinişi yetmiş beşlarga borgandek taassurot uyğotardi. Ayol zörğa nafas olar, dokadek oqargan yuzi bezovta titrar, azobda qolgan vujudini qaltiroq bosgan, közlarida yovvoyi öt çaqnar, şu paytda u qörqinçli bir manzarani körib turganga öxşardi.
Undan olti yoş katta opasi Syuzanna karavot yonida çökkalagan köyi, bözlab ötirardi. Jon berayotgan ayolning yonginasida, soçiq töşalgan möjaz stol ustida bir juft şam yonib turar, şu tobda uning badaniga zaytun moyi surişi va uni gunohlardan foriğ etişi uçun ruhoniyni kutişardi.
Yotoqxonada, ölim talvasasidagi odam yotgan odatiy xonalardagi singari, mangu vido onlarining mudhiş sarosimasi hukmron edi: stol va tokçalar doridan böşagan idişçalarga tölgan, çor tomonda şoşilinçda oyoq bilan toptalgan yoki pollatta örnida işlatilgan soçiqlar yoyilib yotardi. Kursi va örindiqlar duç kelgan joyda turar, hatto buyumlar ham bu xonani taşlab qoçişga urinayotgandek edi. Ajal şu yaqin oraga berkinib olib, fursat kutardi.
Opa-singillar qismati ğoyat taʼsirli bölib, ularning taqdir hikoyasi butun okrugga maʼlum edi. Bu hikoyani tinglaganlardan heç biri quvonganidan köz yoşi tökmagan.
Gap şundaki, opa-singillarning kattasi Syuzanna qaçonlardir bir yigitga köngil bergan, yigit ham uni qattiq sevgan. Ularni unaştirib qöyişgan. Hatto töy kuni ham tayin qilingan. Biroq bölajak kuyov Anri de Sampyer tösatdan qazo qilgan.
Bundan çuqur anduhga botgan qiz heç qaçon turmuşga çiqmaslikka qasam içgan. U sözida turdi. Bevalar libosini egniga ildi-yu, qaytib yeçmadi.
Kunlarning birida uning kiçik singlisi, ön ikki yaşar Margarita özini opasining quçoğiga otib, dedi:
– Opajon, men sening baxtsiz bölişingni, butun umr yiğlab ötişingni xohlamayman. Heç qaçon, eşityapsanmi, heç qaçon seni taşlab ketmayman. Men ham sira turmuşga çiqmayman. Hamişa yoningda qolaman, hamişa…
Uning bolalarça sadoqatidan qattiq hayajonga tuşgan Syuzanna, singlisini mehr bilan öpib qöydi, lekin sözlariga unçalik işonmadi.
Biroq singlisi ham ahdida turdi. Ota-onasining pand-nasihatlari, hattoki yolvorişlari ham unga kor qilmadi – qiz turmuşga çiqişdan boş tortdi. U juda kelişgan qiz bölib, köp yigitlardan dil izhori eşitar, lekin öylab ötirmay, hammasini rad etardi. Xullas, Margarita bir umr opasining yonida qoldi.
Ular umr böyi birga, sira ayrilmay yaşadilar. Bu ikkisi mustahkam riştalar bilan boğlangan taqdir yölidan yonma-yon ketib borişar, lekin Margarita hamişa qayğuli körinardi. Uning qiyofasi opasidan köra jahldor va taşvişli tuyular, buyuk fidoyiligi uni quvvatdan butunlay mahrum etganga öxşardi. U juda tez keksaydi. Öttiz yoşidayoq soçlari oqarib ketdi. Margarita bot-bot oğrib qolar, göyo sirli bir xastalik uni iç-içidan yemirib borayotgandek edi.
Endi bölsa, u birinçi bölib ajalga röpara kelmoqda. U naq yigirma tört soat tildan qoldi. Nihoyat tongotar pallasi, sözlaşga kuç topdi:
– Ruhoniyga odam jönating, kunim bitganga öxşaydi.
Ayol bezgak tutgandek qaltiragan köyi çalqança yotar, yuzi qörqinçli edi. Lablari tinimsiz piçirlar, göyo yuragining tub-tubidan qandaydir dahşatli sözlar köçib ulgurgan-u, hozirça ularni aytişga darmoni yetmayotgandek, atrofga olazarak boqardi…
Opasi töşak çetiga peşonasini bosganiça, alamli köz yoş tökar va tinimsiz bitta jumlani qaytarar edi:
– Margo, jigarbandim, gödakkinam mening!
U singlisini hamişa “gödagim” deb atar, singlisi esa unga har doim “opajon”deb murojaat qilardi.
Zinapoyada qadam tovuşlari eşitildi. Eşik oçilib, avval xizmatçi bola, ortidan keng va uzun kiyimdagi keksa ruhoniy körindi. Jon berayotgan ayol ularni körgaç, şoşilinç ravişda boşini kötardi. Oğzini ming maşaqqat bilan oçib, tirnoqlari bilan çoyşabni yirtmoqçi bölgandek timdalar ekan, bir neçta sözni piçirladi.
Abbat Simon unga yaqinlaşdi. Uni bağriga bosib, peşonasidan öpdi va mehribonlik bilan dedi:
– Tangri sizni mağfirat qiladi, bötam. Bardam böling. Vaqt-soatingiz yetdi. Tavba qiling.
Margaritani şunday kuçli qaltiroq tutdiki, butun karavot silkina boşladi. U piçirladi:
– Opajon, ötir va meni eşit.
Ruhoniy hanuz töşak yonida çökkalab ötirgan Syuzannaga yuzlandi. Uni turğizib, kursiga ötqazdi. Söng har ikkisining qölidan tutib, xitob qildi:
– Yaratgan Egam! Özing ularga kuç ber! Ulardan marhamatingni dariğ tutma!
Nihoyat Margarita tilga kirdi. U xirqiroq ovozda, uzuq-yuluq sözlar, hayot şami lahza sayin sönib borardi.
– Keçir, keçir, opajonim, meni keçir! Oh, butun umr şu fursat yetib kelişidan qançalik qörqib yaşaganimni bilsang edi…
Syuzanna yiği aralaş ğöldiradi:
– Seni nima uçun keçirişim kerak, gödakkinam? Axir sen men uçun hamma narsangni qurbon qilding. Sen fariştasan…
– Jim böl, heç narsa dema. Menga imkon ber, sözimni bölma!.. Toki hammasini aytib olişga ulguray… Eşit… Sen Anrini eslaysanmi?
Syuzanna çöçib, singlisiga qaradi. U esa töxtovsiz gapirardi:
– Sözlarimni diqqat bilan eşitsang, hammasini tuşunasan. Öşanda men endigina ön ikki yoşga töluvdim. Atigi ön ikki yoşda edim… Sen u paytlarni yaxşi eslaysan, töğrimi? Men juda tantiq edim, xayolimga nima kelsa – şuni qilardim! Meni qanday erkalatganlari yodingdadir… Eşit… U ilk bor uyimizga kelganida, oyoğida yaltiroq etigi bor edi. Oti bilan darvozadan kirib kelarkan, ust-boşi uçun uzr söradi va bu yerga otamga bir xabarni yetkaziş uçun kelganini aytdi. Sen bularni keçagidek eslaysan, töğrimi? Töxta, gapirma… Meni eşit… Öşa fursatda unga şunday mahliyo bölib qoldimki, u otam bilan gaplaşib olguniça, mehmonxonaning bir burçagida toşdek qotib turaverdim. Bolalar – juda ğalati, qörqinçli mavjudotlar… Oh, öşa kezlarda u haqda tinimsiz xayol surganimni bilsayding…
U uyimizga tez-tez kelişni odat qildi. Men har safar unga közlarimni katta oçib, butun qalbim bilan boqar edim. Öz yoşimga nisbatan ança ulğayib qolgan, boz ustiga tengdoşlarimga nisbatan ança ayyor ham edim. Anri uyimizda tez-tez mehmon böla boşladi. Men esa faqat uni öylardim. Özimga-özim: “Anri… Anri de Sampyer” deb piçirlardim.
Köp ötmay u senga uylanmoqçi ekanligini aytişdi. Oh, opajonim, bu yangilikni eşitib, şunçalar qayğuga botdimki, uç kun uxlamadim, tuni bilan yiğlab çiqdim… U esa har kuni nonuştadan söng uyimizga kirib kelardi. Yodingdami? Sen har safar u kelganida, un, yoğ va sut qöşib tayyorlanadigan şirin kulça pişirarding. Bu şirinlik unga juda yoqardi. Öşa kulçalarni men ham tayyorlay olardim! Kerak bölganida hatto hozir ham pişirib berişim mumkin! Anri kulçalarni butunligiça oğziga solib, şarobdan höplarkan, “Ajoyib!” deb xitob qilardi. Bu sözni u qanday talaffuz qilişini eslaysanmi?
Öşa damda raşk olovida qovrilardim!.. Töylaring böladigan kun esa tobora yaqinlaşib kelardi. Töygaça atigi ikki hafta vaqt qoldi. Men butunlay esimni yöqotib qöydim. Öz-özimga: “U Syuzannaga uylanmaydi. Ulğayganimdan keyin faqat mengagina uylanadi. Çunki men umrim böyi heç kimni unga köngil bergançalik qattiq seva olmayman”, der edim. Töygaça ön kun qolgan edi. Oqşom çoği sen u bilan qalʼa atrofida, oy nuri ostida sayr qilding. Öşa yerda… arça tagida… baland arça tagida u seni mahkam quçdi va uzoq-uzoq bösa oldi… Sen buni eslaysan, töğrimi? Şubhasiz, bu sening ilk bösang edi… Şunday… Çunki mehmonxonaga qaytganingda ranging bözdek oqarib ketgandi…
Men boğda, butalar ortida turib, sizlarni kördim. Kördim-u, aqldan ozay dedim. Qölimdan kelganida, ikkovingizni ham öldirardim.
Özimga-özim: “U heç qaçon Syuzannaga uylanmaydi. U heç kim bilan turmuş qurmaydi. Men bunday baxtsizlikka çiday olmayman”, der edim. Kutilmaganda yuragimda unga nisbatan kuçli nafrat uyğondi.
Bilasanmi, men nima qildim?.. Eşit… Men boğbon amaki daydi itlar uçun zaharli böğirsoq tayyorlaganini köruvdim. U şişani toş bilan maydalar, söng şişa kukunini böğirsoqqa solinadigan qiyma bilan yaxşilab aralaştirardi.
Oyimning dori şişasini oldim-da, bolğaça bilan maydaladim. Keyin şişa kukunini çöntagimga solib qöydim. Bu qoyilmaqom kukun edi. Ertasi kuni şirin kulça tayyorlayotgan paytingda, payt poylab, har bir kulça içiga şişa kukunidan solib qöydim. Anri kulçadan uç dona yedi. Özim ham bir donasini yeb oldim. Qolgan oltita kulçani esa hovuzga taşlab yubordim… Uç kun ötib, ikkita oqquşimiz ölib qolgani yodingdami? Qöy, gapirma… Sözlarimni eşit… U öldi… Sen buni yaxşi bilasan… Biroq bu hali heç narsa emas… Eng dahşatlisi şundan keyin boşlandi… Eşit…
Hayotim, mening butun hayotim azob içida keçdi. Men özimga: “Opamni heç qaçon taşlab ketmayman va ölimim oldidan unga hammasini aytaman”, deb söz berdim. Ha… Öşandan beri şu daqiqalar, qarşingda haqiqatni tan olişim kerak bölgan dahşatli daqiqalar haqida öylayman. Mening kunim bitdi. Şunçalik qörqib ketyapmanki! Oh!.. Opajonim!
Sahar çoği va quyoş botayotgan vaqtda ham, kunduzi va hatto tunda ham faqat bir narsani öylardim… “Vaqti kelib, gunohlarimni tan olaman”. Men uzoq kutdim. Bilasanmi, bu juda oğir qiynoq. Mana, senga hammasini aytib berdim… Yöq, gapirma! Bir oğiz söz aytma… Endi men dahşatga tuşyapman… Şunçalik dahşatga tuşyapmanki… Narigi dunyoda uni köradigan bölsam, bir öylab körgin-a, uni birinçi bölib men köraman. Lekin u bilan yuzma-yuz kelişga jurʼatim yetmaydi! Biroq şaroit şuni taqozo etmoqda. Vaqt-soatim yetganga öxşaydi. Keçir meni! Meni keçirmasingdan, Anrining qoşiga borolmayman. Janob kyure, unga ayting, gunohimdan ötsin… Ayting, ötinaman sizdan… U meni keçirmasa, jon berolmayman…
U tinçib qoldi. Oğir-oğir nafas olganiça, tirnoqlari bilan çoyşabni tirmalay boşladi.
Syuzanna yuzini kafti bilan berkitib, harakatsiz ötirardi. U öşa – bir umr sevib, ardoqlab yaşaşi mumkin bölgan inson haqida öylardi. Ikkovlari qanday baxtli hayot keçirişlari mumkin edi-ya! U qalliğini yana kördi. Allaqaçon ğoyib bölgan va heç qaçon ortga qaytmaydigan ötmişga juda yaqindan nazar taşladi. Oh, qadrdon marhumlar! Ular qalbimizni qançalar çuqur jarohatlaşadi-ya! Uning ilk va yagona bösasi-çi? Syuzanna uni qalbining tub-tubida asrab yaşadi. Undan söng boşqa heç nimani bir umrga eslab qolmadi.
Ruhoniy tösatdan qaddini kötardi va titroq ovoz bilan qiçqirib yubordi:
– Syuzanna xonim! Singlingiz jon berayapti.
Syuzanna şörtang köz yoşlaridan höl bölgan yuzidan qöllarini olib, singlisi tomon otildi. Uning peşonasidan qattiq öpib, piçirladi:
– Seni keçiraman, gödakkinam. Keçiraman…
Gi de Mopassan XIX asr fransuz adabiyotining buyuk vakillaridan biri, Gyustav Floberning şogirdi. “Hayot”, “Azizim” kabi romanlar, “Döndiq”, “Portda”, “Rozali Pryudan”, “Simonning dadasi”, “Oqsoq qizning sarguzaştlari” kabi uç yuzga yaqin novellalar muallifi. Adibning “Portda” novellasi hatto talabçan Lev Tolstoyni ham hayratga solgan.
Rus tilidan Gulnoz Möminova
tarjimasi
“Yoşlik”2013/7
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


