IKKI MAQOLAGA BIR JAVOB

0
71
marta ko‘rilgan.

Bundan roppa-rosa uch yil avval “Jahon” Axborot Agentligi Alisher Navoiyning o‘ttiz g‘azali Fransiyaning Brest shahridagi “Géorama” nashriyoti tomonidan “Alisher Navoiy. Gazels” nomi bilan fransuz tilida nashr etilganligi haqida xabar tarqatdi.  Bu xabar butun o‘zbek matbuotida aks-sado berdi. Ko‘p o‘tmasdan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligining 2008 yil 16 may kungi 20-sonida “Asliyatning nozik qirralari” nomli maqola bosildi. Filologiya fanlari doktori, professor B.Mamedov va aspirant G.Rahimovalar imzolagan mazkur maqolada bu kitob “Fransuz she’riyati muxlislari uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi”,  deb e’tirof etildi. Ayrim ijobiy fikrlardan so‘ng, tanqidchilarimiz biz “yo‘l qo‘ygan kamchilik va yangilishishlar”ni sanashga (tahlil qilishga emas!) o‘tib ketadilar. Yanglishish va kamchiliklar sifatida qofiya va vaznni saqlamaganligimizni ta’kidlaydilar: «… Alisher Navoiy g‘azallarini bevosita asliyatdan tarjima qilish jarayonida she’rlarning shakliga kamroq e’tibor qaratganlari bois, qofiya va vaznni saqlashga erisholmaganlar».  Gap albatta tarjimonlar haqida borayapti. Fikrimizcha, bunday xulosa chiqarishdan avval tanqidchilarimiz o‘zlariga “Aruz vaznini fransuz tilida qayta tiklash mumkinmi?” degan savolni berib ko‘rishlari joiz edi va javob ijobiy bo‘ladigan holda chiqargan hukmlarini misollar bilan isbotlab bersalar nur ustiga nur bo‘lurdi. Afsuski, maqola mualliflari bu yo‘ldan bormaydilar. Chunki bu savolning javobini masalaga chuqur ilmiy yondashmay hamda yetarlicha vaqt sarflab qilingan tahlillarsiz berib bo‘lmaydi. ”She’riy asar tarjimoni uchun hamma vaqt jiddiy qiyinchilik tug‘diruvchi narsa vazn muammosidir” deb yozgan edilar “Tarjimon mahorati” kitobining mualliflari. (Qarang: “Tarjimon mahorati”,  G‘. Salomov va boshqalar, Toshkent, “Fan” nashriyoti,1979 yil,38-bet).Endi qofiya masalasiga keladigan bo‘lsak, shuni alohida ta’kidlashni istar edikki, o‘zbek tilidagi qofiyadosh so‘zlarni fransuz tiliga o‘girganda yana qofiyadosh so‘zlar yuzaga kelishi mumkinligini o‘ylashning o‘ziyoq fikrning jiddiy emasligini isbotlab turadi.Tasavvur qilaylikki, bunga erishildi ham. Ammo qofiyani saqlash uchungina topilgan so‘z ma’noga yorug‘lik berish o‘rniga uni xiralatib qo‘ysa, bu “qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish”ga o‘xshab qolmasmikin? Shu o‘rinda yana bir munozarali masala, bu maqola mualliflarining “… qofiya va vaznni saqlashga erisholmaganlar” deb qat’iy hukm chiqarishlaridir. Biz bu fikrga mutlaqo qo‘shilmaymiz. Chunki biz o‘z oldimizga bunday qat’iy vazifani qo‘yganimiz yo‘q. Bizning  bosh maqsadimiz Navoiyning so‘ziga xiyonat qilib qo‘ymaslik va g‘azallarning ruhi va mazmunini fransuz kitobxoniga to‘la yetkazib berish edi. Shuning uchun ham ba’zi o‘rinlarda misralarni ikkiga bo‘lib, “vaznni” yengillashtirishga, tarjimalarimizni bugungi fransuz kitobxonlari o‘rganib qolgan shakl va ohangga solishga  harakat qildik. Fransuz o‘quvchilari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatidan kelib chiqib, ularning fikrlarini o‘rgandik va tutgan yo‘limiz to‘g‘riligiga amin bo‘ldik.Qolaversa badiiy tarjima ham ijodning bir turi, tarjimon esa  ijodkor ekanligini unutib qo‘ymaslik ham kerak. Keyingi “kamchilik”ni ham mushohada qilib ko‘raylik. Maqola mualliflari bu o‘rinda bizning tarjimalarimizga qanchalik mas’uliyatsizlik  bilan qaraganliklarini o‘zlari fosh qilib qo‘yganlar. Ular shunday yozadilar: «Fransuz tilidagi mazkur to‘plamning ahamiyatini ta’kidlagan holda, tarjimonlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni ham kuzatish mumkin. Xususan, allegorik  “may” obrazi “aroq ” (l’eau de vie) deb, Navoiy asarlari tili “Chig‘atoy tili” deb berilgan».  Endi esa “aroq” shaklida noto‘g‘ri, ya’ni l’eau de vie  ko‘rinishida  tarjima qilingan deb da’vo qilinayotgan “allegorik  “may” obrazi”ni axtarib ko‘raylik. Bu fikrning naqadar o‘rinsizligini isbotlash uchun  quyidagi uch baytga murojaat qilamiz:

Dardi holimga ul ikki la’li xandondur davo,

Kim o‘lar, Iso damiyu obi hayvondur davo.

 

Ne davo Iso damin fahm ayla, ne hayvon suyin,

Hajr jonin olg‘an elga vasli jonondur davo.

 

Tarjimada:

Ce sourire est remède à  ma triste langueur:

À celui qui  se meurt, le souffle de Jésus

Ainsi que l’eau-de-vie viennent à son secours.

Ressents  comme jouvance

Le souffle de Jésus ainsi que l’eau-de-vie

À  ceux que la rupture a privé de leur âme,

L’union à son amour devient nécessité.

 

Yana bir bayt:

Shimib yutsam gahi hayvon suyidek zavqdin ko‘rgach,

Tarashshux bodadin gul yafrog‘i gul yanglig‘ dudog‘inda.

 

Tarjimada:

Et si je consommais comme  de l’eau-de-vie,

Le vin qui forme perles aux pétales des lèvres.

(Barcha ta’kidlar bizniki-M.E.)

 

Ma’lumki, biz ta’kidlayotgan ushbu iboralar Alisher Navoiy g‘azallarida ko‘p uchraydi va “hayot suvi, tiriklik suvi” ma’nosini beradi. (Qarang:Navoiy asarlari lug‘ati, Toshkent,1972 yil,475-bet). Ushbu ma’noni biz so‘zma-so‘z  quyidagicha tarjima qilgan­miz:

L’eau – suv, de – ning (qaratqichlik belgisi),  vie – hayot.

Tarjimada bu iborani aynan “l’eau de vie” shaklida bergan bo‘lsak-da, nashriyot uni “l’eau-de-vie” ko‘rinishida chiziqchalar bilan yanglish chop etgan va fransuz tilidagi iboraga o‘xshab qolgan. Asli bu ibora fransuz tiliga XIV asrda lotin tilidan kirib kelgan (aqua vitæ-tirik suv, tiriklik suvi ma’nosida) va aynan biz istagan ma’noni anglatgan. (Qarang: Le nouveau Petit Robert, Paris, 2009,elektron nashr).Bizga ma’lum bo‘lishicha, katolik cherkovlaridagi muqaddas suv ham  l’eau de vie deb yuritilgan. Bu iboraning mast qiluvchi ichimlik ma’nosi esa ko‘chma ma’noda qo‘llanilib, lug‘atlarda shu ko‘rinishda tur­g‘un birikma sifatida qolib ketgan. Lekin masa­laning achinarli tomoni shundaki,biz birinchi mi­solni keltirgan g‘azal asli yetti baytdan iborat bo‘lib, unda biron marta ham “may” so‘zi uchramasligi tanqidchilarimizning xayoliga ham kelmaydi! (Qarang: Alisher Navoiy. Topmadim. G‘azallar, Toshkent, 1988 yil, 10-bet). Ikkinchi misolimiz esa  to‘qqiz baytli g‘azaldan olingan bo‘lib, (Qarang: Alisher Navoiy.Qaro ko‘zim. G‘azallar,Toshkent, 1988 yil, 27-bet) unda bir martagina “boda” (may) so‘zi qo‘llangan va u tarjimada o‘z ma’nosida, ya’ni le vin shaklida, “hayvon suyi”  esa l’eau de vie shaklida o‘girilgan.Tanqidchilarning yuqoridagi xulosalarini qanday izoh­lash mumkin?!  Demak, ular “aroq” so‘zini qayerda, qaysi g‘azalda ishlatilganligini izlab ham ko‘rmay, kimningdir fikrini  chetdan olib, maqolalariga kiritibdilar-da? Afsuski, biz tanqidchilarning fran­suz tilini qachon, qayerda o‘rganganliklaridan bexabarmiz. Agar o‘rgangan bo‘lsalar, qay darajada o‘rgan­ganliklari  bayon etilgan fikrlaridan ko‘rinib turibdiki, mazkur holda “Izohning hojati  yo‘q”, deb qo‘yaqolamiz. Achinarlisi, munaqqidlar hatto o‘z fikrlarining asoslimi-yo‘qmi ekanligini o‘y­lab ham ko‘rmaganlar. Ularning yuqorida keltirilgan xulosalari o‘zbek va fransuz tilidagi matn­larni qiyosiy o‘rganmasdan, tahlil qilmasdan chiqarilganligi kundek ravshan bo‘lib turibdi. Eng yomoni esa, bizning tarjimamizdan bexabar o‘quvchilarga matbuotda noto‘g‘ri, assossiz, ilm ahliga xos bo‘lmagan yolg‘on ma’lumotlarni beradilar. Ilm kishilarining o‘z so‘zlariga bu qadar mas’uliyatsizlarcha yondashishlari achinarli holdir. Undan ham yomoni, bizning tar­ji­mamiz haqida adabiyot muxlislarida  noto‘g‘ri fikr uyg‘otishdir. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, “aroq” bilan “may”ning farqiga bormaydigan tarjimon Navoiy g‘azallarining tarjimasiga qo‘l urishi ma’naviy jinoyat emasmi, axir?!

Endi, chig‘atoy tiliga kelsak, bu yerda ushbu atamadan qo‘rqishning hojati yo‘q, deb o‘ylaymiz.Tarixdan yurtimizning Chig‘atoy ulusi tarkibida bo‘lganligi va shu hududda iste’molda bo‘lgan tilning o‘lka nomi bilan atalishi tabiiy hol edi. Chig‘atoyning o‘zi mo‘g‘ul bo‘lgani bilan hech kim chig‘atoy tili atamasi ostida mo‘g‘ul tilini tushunmaydi. Qolaversa, o‘sha davrdagi  “o‘zbek” atamasi bugungi kunga nisbatan ancha tor ma’noda qo‘llanganligi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Shu nuqtai nazardan yondashganda mazkur atamani bemalol turkiy tilning ma’nodosh so‘zi sifatida ishlatish mumkin. Fikrimizni dalillash uchun eng obro‘li nashrimiz “O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi”ning 10-tom, 266-sahifasiga murojaat qilamiz: “…Ayrim ilmiy manbalarda “chig‘atoy tili” deb ham ataladi, ammo Eski o‘zbek tilining Chig‘atoyga, mo‘g‘ullarga hech qanday aloqasi yo‘q, buning ustiga o‘sha davr yozuvchi va shoirlari o‘z tillarini turkiy (til) deb nomlaganlar”.

Yana bir munozarali o‘rin Imodiddin Nasimiy xususida. Tanqidchilarimiz maqolalarining so‘ngida shunday fikr yuritadilar: “Tarjimonlar Navoiydan oldingi o‘zbek adabiyotinig eng yirik namoyandasi sifatida Imodiddin Nasimiyning nomini tilga olganlarki, bu haqiqatga zid”. Afsuski, bu o‘rinda ham munaqqidlarga fransuz tilidagi matnning mag‘zini chaqa olmaganliklari pand bergan. Avvalo, kirish so‘zida  Imodiddin Nasimiy “o‘zbek adabiyotining eng yirik namoyandasi” ekanligi haqida bir og‘iz bo‘lsin, so‘z yo‘q. U yerda Navoiyning xizmati tufayli o‘zbek she’riyati o‘lka madaniyatida  muhim o‘rin egallagani ta’kidlanib, Navoiy qilgan ish,  ya’ni turkiy tilini she’riyat tili darajasiga ko‘tarish Navoiydan av­valgi ayrim shoirlar, xususan, Imodiddin Nasimiy tomonidan ham amalga oshirilgani aytilmoqda.(Qarang: O‘zME, 6-tom, 273-bet). O‘lka haqida gap ketganda esa bu atamani keng ma’noda tushunish, ya’ni turkiyzabon o‘lkalarni qamrab olgan hudud nazarda tutilayotganligini hisobga olish kerak edi.

Tarjimalarimizga fikr bildirilgan “Navoiy g‘a­zal­lari fransuz tilida” nomli ikkinchi maqola esa bi­rinchisidan qariyb ikki yil keyin “Jahon adabiyoti” jurnalining 2010 yilgi 2-sonida A. Ko‘chiboyev imzosi bilan e’lon qilindi. Ammo, fransuz tilini biladigan kishining tabiatini xira qiladigan hodisa, bu maqolaning fransuz tilida misollar yozilgan butun boshli gaplar imlo xatolari bilan to‘la ekanligi hech kimni xijolatga solmaydi! Bu balki tahririyatning muallifga bo‘lgan ishonchining oqibati bo‘lsa, ajab emas.Tan olib aytish kerakki, maqolaning kirish va xulosa qismlarida muallif bizning tarjimalarimiz haqida juda ijobiy fikr­larni ta’kidlab aytadi. Bularga “Navoiy g‘azallarini bevosita farang tiliga o‘girish an’anasini” boshlab berganimiz va ular “tarjima amaliyotiga, ya’ni she’riy tarjima nazariyasini boyitishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgani”, “g‘azallardagi fikr, g‘oya asliyat darajasiga mos keladigan fransuz tilining ifodali vositalari bilan o‘girilgan”i haqidagi fikrlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Keyingi fikrlar esa “aruzdagi o‘ziga xosliklar, shuningdek radifga e’tibor berilmaganligi”, “shakl va mazmun birligi” xususida umumiy so‘zlar bo‘lib, muallif bu o‘rinlarda o‘zi tomonidan bironta yechimni muqobil misol sifatida keltirmaydi. Faqat bir o‘rinda shunga urinish bo‘lib, shunda ham A. Ko‘chiboyev fransuz tilida mavjud bo‘lmagan tomber de surprise, tomber fol de surprise singari fransuz tilida yo‘q iboralarni tuzadiki, bu fransuz tili mutaxassisi uchun, yumshoq qilib aytganda, obro‘ keltirmaydigan holdir.Tanqidchi taklif qilayotgan ushbu iboralar Hazrat Navoiyning quyidagi baytlariga daxldordir:

 

Ul pari paykarkim, hayron bo‘lmish insu jon anga

Kimki hayroni emas, men telbayu hayron anga.

 

(Qarang: Alisher Navoiy. Topmadim. G‘azallar, Toshkent, 1988 yil, 34-bet).

Bizning tarjimamizda bu bayt quyidagicha beril­gan:

Sa beaute feerique

A surpris bien des hommes aussi bien que des djinns

Et qui n’est pas surpris me surprend follement.

Tanqidchimiz tutgan yo‘ldan borib, qayta o‘zbek­chalashtirib ko‘rsak, quyidagicha ma’no chiqadi:

 

Uning parilarcha go‘zalligi

Odamlarni ham, jinlarni ham birdek hayron qoldiradi

Hayron qolmagan kishi meni telbalarcha hayron qoldiradi.

 

Ko‘rinib turibdiki, bu baytda “hayratdan yiqil­moq” iborasi bilan fransuz tiliga o‘girishning hech hojati yo‘q.Shuningdek, A.Ko‘chiboyev  birinchi maqola mualliflaridan farqli o‘laroq, qofiya yo‘qliginii isbotlash uchun har holda birgina bo‘lsada misol keltiradi: “asliyatda “jon anga-hayron anga” radifli qofiyalar orqali berilgan ohangdorlik tarjimada o‘z aksini topmay qolgan” deb yozadi-yu, “insu jon” inson va jin ma’nosida birikib kelayotganiga e’tibor qilmaydi va “jon” so‘zini alohida olib, “hayron” so‘ziga qofiyalanadi deb hisoblaydi! Alohida olingan “jon” so‘zi fransuz tiliga “ame” deb o‘girilsa, “hayron” so‘zi “surpris” deb tarjima qilinadi. Endi shu ikki so‘zni qofiyaga solib ko‘ring-chi! Agar, maqola muallifi biz “insu jon”ni “des hommes et des djinns”, deb g‘azaldagi o‘z ma’nosida berganimizni anglaganida edi, bizdan qofiyani talab qilmagan bo‘lardi. Shaklni saqlash haqidagi “tavsiyalarga” kelsak, shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘zbek va fransuz tillari turli oilaga mansubligi tufayli, gap tuzilishi bu ikki tilda keskin farq qilishini e’tiborga olish lozim.Oddiy misol keltiraylik: fransuz tilida so‘z tartibi qat’iy bo‘lib, gapda avval ega, keyin kesim va ulardan keyin gapning ikkinchi darajali bo‘laklari keladi. O‘zbek tilida gapning tuzilishi hammaga ma’lum, ega gapning boshida kelsa, kesim gapning oxirida keladi. Ikkinchi darajali bo‘laklar shu ikkala bosh bo‘lakning o‘rtasida joylashadi. Shu va shu kabi farqlar ham tarjima jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Mana shu sababdan o‘zbek tilida qofiyalangan so‘zlar fransuz tilidagi tarjimada, ular qaysi so‘z turkumiga tegishliligiga qarab, bir-birlaridan “uzoqlashib” ketishlari mumkin. Ularni esa  “zo‘rlab” bir-birlariga” yaqinlashtirish” o‘rniga matndagi bosh­qa so‘zlardan qofiya izlash o‘rinliroq bo‘lar, balki.

Yana bir gap: A.Ko‘chiboyev o‘z maqolasida, biron- bir fransuz kitobxonining fikriga ega bo‘lmagan holda, bildirgan fikrlarini “buni fransuzlar tushunmaydilar” deb takrorlaydi. Bu esa bizni hayratga soladi. Nahotki tanqidchimiz bizning adabiy sherigimiz ona tili fransuz tili bo‘lgan kishi ekanligini hisobga olmagan bo‘lsalar?! O‘rni kelganda shuni aytishimiz kerakki, biz Jan-Jak Gate janoblarini hamkorlikka chorlashdan avval uni yetarlicha sinovdan o‘tkazganmiz. Va o‘rtamizda jonli fikr almashish, hatto yetarlicha bahslashuvlar ham bo‘lib o‘tgani ayni haqiqatdir. Xullas, biz o‘n yildan ziyod bir-birimizni bilishimiz tufayli Jan-Jak Gatening sharq she’riyatini teran his qilishiga to‘la ishonch hosil qilganmiz. U bizning ishonchimizni to‘la oqlay oldi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, biz Navoiyning har bir so‘ziga chuqur mas’uliyat bilan yondashdik va So‘zga xiyonat qilmaslikka harakat qildik. Ishonchimiz komilkim, bir kun kelib tarjimalarimiz har ikki tilni yaxshi biladigan, Hazratning ijodini mehr qo‘yib o‘rgangan nuktadon olimlarimiz tomonidan xolisona baholanadi.

Biz amalga oshirgan tar­jimalar ilk tajriba bo‘lgani, g‘azallarni fran­suz tiliga o‘girishda bizga qo‘llanma bo‘lishi mum­kin bo‘ladigan ilmiy tadqiqotlar amalga oshi­rilmaganligi, suyanib ish ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan man­balarning yo‘qligi sababli, biz o‘z yo‘limizni o‘zi­miz ochib olishimizga to‘g‘ri keldi. Umidimiz borkim, endi bu yo‘ldan o‘tadiganlarga asqotishi mumkin bo‘lgan, kichik bo‘lsada, tajriba to‘plandi.Va, bir kun kelib, ilmli, o‘z kuchiga ishongan yoshlarimizdan kimdir chiqib, bizning tarjimalarimizni o‘qib,  “Men bundanda go‘zal tarjima qila olaman!” deb hayqirsa, bizning yutug‘imiz shu bo‘ladi.

Darvoqe, yana bir istiholamiz bor, u ham bo‘lsa, kimgadir bizning so‘zlarimiz o‘z tarjimalari haqida yuqori fikrga ega bir manman kishining fikri bo‘lib tuyulmasa deymiz. Kasbimiz taqozosi bilan har yili o‘rtacha uch yuz, ba’zan besh yuz fransuz bilan muloqotda bo‘lamiz. Ularga albatta tarjimalarimizni o‘qib beramiz, Navoiy bilan tanishtiramiz, ularning fikri bilan qiziqamiz.Endi yuqoridagi kishilarning o‘rtacha sonini bizning ish stajimizga, ya’ni o‘n to‘rt yilga ko‘paytirsangiz, bizda tarjimalarimiz haqida yetarlicha fikrlar borligiga ishonch hosil qilasiz, degan umidda qolamiz. So‘nggi fikr: Yaqinda elektron manzilimizga biz tufayli Hazrat Navoiyni kashf etgan bir fransuz oilasi yo‘llagan qisqagina xatga e’tibor bering: “Kitobingni sotib olib, o‘qib chiqdim. Qanday iste’dod!!!” Ha, biz niyatimizga yetdik: Navoiy ijodi fransuzlarni hayratga solayapti. Bu hayratning umri uzoq bo‘lishga ishonamiz!

Murodxon ERGASHYeV 

2011/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.