Qoldi g‘aflat ichra dil

0
38
marta ko‘rilgan.

ETMADIM

Etmadim har ishni hargiz, vohki, yor, komimga xos,

Tutmadim bu yo‘lda o‘zni, vohki, yor, nomimga xos.

 

Dardi ishqing birla har dam sen tomon qo‘ydim qadam,

Yurmadim bu yo‘lda oxir sidq ila yorimga xos.

 

Oldi turfa ishtibohlar ma’siyat ilgigakim,

Fe’lu ahvolim ayon bo‘ldi, evoh, domimga xos.

 

Ahli ishqlardin yirog‘ turganligim bo‘ldi ayon,

Qoldi g‘aflat ichra umrim, maysiz ul jomimga xos.

 

Yor tilab, yorsiz ko‘ngilning matlabin tutdim, evoh,

Tavba birla ushbu dam turgay dilim, shomimga xos.

 

Bu gunohlar ichra kim, voh, topmadim hargiz seni,

Sen meni topsang na bo‘lgay, bo‘lmayin zolimga xos.

 

Yorsiz, Mahmud, rizosin topmading ishq ichra, bas,

Dersan endi: “Topdim hajrin umri itmomimga xos”.

 

 

G‘ALAT

Yetmayin vasliga yorning cho‘lda qolg‘onim g‘alat,

Dahridun kajravlarida yo‘lda tolg‘onim g‘alat.

 

Yor dardi matlabim erdi, anga yuz burmadim,

Maqdamimni rohi rostdin chetga olg‘onim g‘alat.

 

Nafsi ammora ichinda o‘zni sharrga bog‘ladim,

Soxta dunyo ilkida lafzimda yolg‘onim g‘alat.

 

Topmadim hargiz savobni yaxshilar birla turib,

Ul la’in makrida tun-kun chohda bo‘lg‘onim g‘alat.

 

Shod etarman o‘zni, evoh, kori badlar bazmida,

Pulsirotdan o‘tmayin behuda kulg‘onim g‘alat.

 

Bas, tazarru birla, Mahmud, bog‘lag‘il yorga diling,

Ko‘zga surtmay gardini, hajrida so‘lg‘onim g‘alat.

 

 

EY, DO‘STLAR

Ko‘rmadim dildor ishidan hech vafo, ey, do‘stlar,

Tunu kun hajrida kim qilmay xato, ey, do‘stlar.

 

Bog‘ aro istab gulin zor topmadim hargiz ani,

Dastma-dast ketdi yirog‘ aylab judo, ey, do‘stlar.

 

Voh, nechun sho‘xi durafshonga ko‘ngil berdim, ajab,

Ko‘rsatib makrini boz etdi riyo, ey, do‘stlar.

 

Foyda deb har ishni qildim, oxiri ko‘rdim zarar,

Qoldi g‘aflat ichra dil, aylab jafo, ey, do‘stlar.

 

Darbadar ishqi aro hech uqmadim bir yaxshi so‘z,

Etdi xor dardidakim, aylab gado, ey, do‘stlar.

 

Kim vafo istab ziyondin bo‘ldi bor aqlim siyoh,

Voh, ko‘ngil birla vujud aylar nizo, ey, do‘stlar.

 

Notavonlig‘ ichra Mahmud o‘zidin izlar panoh,

Yor yo‘lin topmay hanuz, vohasrato, ey, do‘stlar.

ShUKURKIM…

Shukurkim, xobda ko‘rmishman, sani husnu latofatda,

Turarman lol, deyolmay so‘z, bu dam takror xijolatda.

 

Yaqin borsam qilursan gul, qilursan kul yiroq ketsam,

Nishon yo‘qdir bu holimdan, bu holim boz nadomatda.

 

Sifotda Laylidanmu san, Shirinmu, Zuhramu tobing,

Ki Majnun, Tohiru Farhoddin ortiq jon haroratda.

 

Pariro‘lar jamoling nuridan olg‘ay husn xolin,

Qiyo boqsang na bo‘lgay, yor, manga bir bor shijoatda.

 

Firoqing o‘tida yongay necha mendek parishonlar,

G‘aming chekmoq bilan umrim kechar har dam riyozatda.

 

Rizoyingni topurman deb, yelarman, istagim matlab,

Ki vaslingsiz o‘tar kunlar, qachon bo‘lgum shafoatda.

 

Rajo ichra sen ey, Mahmud, o‘zingdan o‘zgani yod tut,

Degaymusan, shafoat kut, ko‘rarsan yor, qiyomatda.

 

 

DEMAS

Bilsa hamki ahli dillar hech qachon bildim demas,

Qilsa hamki tog‘ni talqon men uni qildim demas.

 

Xokisorlik birla kechgay ul umr daryosini,

Ketsa hamki oqizib,aylar sukut, jildim demas.

 

Tomai kibru havodin o‘zni tutgaylar nari,

Uchsa hamki ko‘kda oti bir qarich yeldim demas.

Haq yo‘lida maqdamini tashlagay muhtoj sari,

Etsa hamki borin hadya, bir chopon ildim demas.

 

Aylagay pinhon savobni dil tutib haq amriga,

So‘ysa hamki necha qo‘chqor, bir qovun tildim demas.

 

Kim jahon moli anga yuz bursa ming jilva qilib,

Yuz burib, ishqida andin, senga intildim demas.

 

Yor vasli, hajrida, Mahmud, jigar-bag‘ri kuyuk,

Kirsa ham jannatga, vaslin ko‘rmasa, keldim demas.

 

 

ETMAGIL ASLO TAMA’

 

Ey ko‘ngil, nafs komidin qoch, etmagil aslo tama’,

Kim gulistoningni aylar bir kuni sahro tama’.

 

El aro rost yo‘lda yurgil, yaxshilar izmida bo‘l,

Chiqsa nogoh kim bu izdin aylagay ig‘vo tama’.

 

Fayzu ikrom birla tutgil sen o‘zingni tunu kun,

Qilsa kim anga o‘zin duch, aylagay rasvo tama’.

 

Har yegan luqmang halol bo‘lsin misoli oftob,

Etmasin so‘ng zurriyoding ko‘z yoshing daryo tama’.

 

Yaxshilar har ishda odil bo‘ldilar asrab o‘zin,

Oz yedi, oz so‘zladi rost, etmadi dono tama’.

 

Tama’, makru malomat o‘tidin hech olma taft,

Oldi taft har kimki oxir qildi xor adno tama’.

 

Ozodu obod hayoting igra, Mahmud, toza bo‘l,

Kim go‘zal siynat aro hech bo‘lmagay paydo tama’.

 

Ismoil Mahmud MARG‘ILONIY

 

2011/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.