Intiqom

0
193
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Beva ayol Paolo Saverini o‘g‘li bilan Bonifacho qo‘rg‘oni yonidagi xaroba kulbada yashardi. Tog‘ etagida joylashgan shaharning ba’zi yerlari shundoqqina dengiz ustida muallaq turgandek tuyular, u go‘yo dahshatli suv osti qoyalari bilan o‘ralgan Sardiniyaning olis sohillariga o‘zan uzra qarab turgandek edi. Quyiroqdagi qoyalar somon yo‘lini eslatar, bir qarashda keng va uzun yo‘lakka o‘xshab ketadigan ushbu qoyalar shaharni deyarli to‘lig‘icha o‘rab olgandi. Bu yer port vazifasini o‘tar, shu vajdan italyan va sardiniyalik baliqchi qayiqlari, shuningdek, oyiga ikki marta Ayachchoga qatnovchi eski, buruqsigan kema uylarni shundoqqina yonlab o‘tar, ular o‘shshaygan qoyalar aro uzoq yo‘l bosishardi.
Tog‘ning oqish manzarasi tufayli, bu yerdagi uylar yanayam oqarib ko‘rinardi. Hatto kemalar ham yurak yutib, zo‘rg‘a kiradigan bu qo‘rqinchli daraga uzum shoxidek osilib turgan uylar, yovvoyi qushlarning qoyaga yopishgan inlariga o‘xshab ketar edi.
Shamol dengizga tinimsiz chovut solar, to‘l­qinlar hamlasidan yemirilib ado bo‘layozgan, arang o‘t o‘sgan qirg‘oqni tortqilagani-tortqilagandi. To‘lqinning oqish, ko‘pikli hoshiyalari qorayib turgan behisob qoyalarga yopirilar, hali u yer, hali bu yerni tilib o‘tayotgan to‘lqinlar xuddi suv yuzida bir-biriga urilib suzib yurgan yelkan parchalaridek taassurot qoldirardi.  
Beva Saverini yashaydigan uy sohil bo‘yidagi qoyalarning eng chekkasida joylashgan bo‘lib, uchta oynasi ham mana shu yovvoyi va g‘amnok manzaraga qaragan edi.
Kampir bu yerda o‘g‘li Antuan va iti Semilyanto bilan  birga yashardi. Bu katta, eti ustixoniga yopishgan, dag‘al junli urg‘ochi it ovcharka zotidan edi. Yigitcha u bilan ovga borardi.
Bir kuni kechqurun, janjal chog‘ida Antuan Saverinini chavaqlab o‘ldirishdi, uning qotili Nikola Ravolati esa o‘sha oqshomning o‘zida Sardiniyaga qochib ketdi.
O‘tkinchilar o‘g‘lining jasadini keltirib, keksa onasiga  ko‘rsatishganda, u yig‘lamadi, jigarbandiga qimir etmasdan,  uzoq tikilib turdi. So‘ng serajin qo‘lini uning jonsiz tanasi uzra yoyib, qasos olishga ont ichdi. Kampir hech kimni ko‘rishni istamasdi: u uliyotgan iti bilan uyga qamalib oldi. It marhumning oyoq tomonida turib to‘xtovsiz g‘ingshir, tumshug‘ini egasi tomon cho‘zib, dumini qisib olgan edi. Jonivor ham onaizorga o‘xshab harakatsiz turar, kampir esa jasadning ustiga xiyol egilib, unga nursiz ko‘zlarini qadagan ko‘yi unsiz yig‘lardi.
Dag‘al movut kurtkasi ko‘kragidan pichoq qadalib yirtilgan yigit yerda chalqancha yotar va xuddi uxlayotganga o‘xshardi. Biroq uning hamma yog‘i: bog‘lov uchun yirtilgan ko‘ylagi, nimchasi, ishtoni, yuzi va qo‘llari ham qonga belangan edi. Soch- soqoliga laxta qon yopishib qolgandi.
Keksa onasi u bilan xayolan so‘zlasha boshladi. Ayolning ovozini eshitishi bilan it jimib qoldi.
– Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, men sen uchun qasos olaman, bolajonim, sho‘rlik o‘g‘ilginam. Uxla, uxlay qol, men sen uchun o‘ch olaman, eshityapsanmi? Senga buni onang va’da qilyapti! U esa, har doim so‘zining ustidan chiqqan, buni bilasan.  
Shunday deb, u ohista egildi va sovuq lablarini o‘g‘lining jonsiz yuziga bosdi.
Shu on Semilyanta yana uvlab yubordi. Uning bir maromda – cho‘ziq uvlashi yurakni tilkalardi.
Kampir va it tunni shu alfozda o‘tkazishdi.
Ertasiga Antuan Saverinini dafn etishdi va tez orada Bonifachoda u haqda birov eslamay qo‘ydi.  
Marhumning na tug‘ishgan ukasi, na qarin­dosh­lari qolgan edi. Uning qasosini oladigan erkak zotining o‘zi mavjud emasdi. Yolg‘iz keksa onasi bo‘lib, u ham shunga kuyardi.  
  Unga o‘zanning narigi qirg‘og‘idagi qoyalardan erta-yu kech bir nuqta oqarib ko‘rinardi: bu Longosardo nomli mo‘jaz sardin qishlog‘i bo‘lib, qattiq ta’qibga uchragan korsikalik qaroqchilar hamisha shu yerdan panoh topishar edi. Qishloq deyarli ularga tegishli bo‘lib, qaroqchilar bu yerda o‘z vataniga ro‘baro‘ yashashar, qachonlardir yana qadrdonlari bag‘riga qaytib borishni intizorlik bilan kutib yurishardi. Nikola Ravolati ham aynan o‘sha yerda yashirinib yurganini kampir bilardi.
U uzzu-kun deraza yonida yolg‘iz o‘tirib, o‘sha tomonlarga qarar va qanday qilib o‘ch olish haqida o‘ylardi. Nimjon, yolg‘iz bo‘lsa, boz ustiga bir oyog‘i yerda-yu, birisi go‘rda. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Axir u va’da bergan, marhum o‘g‘lining oldida ont ichgan. Buni unutib bo‘lmaydi, kechiktirish ham mumkin emas. Nima qilmoq kerak? Ayol butunlay uyqusini yo‘qotdi, u o‘zini qo‘yarga joy topolmas, unga hech narsa taskin bo‘lolmasdi. Tinimsiz qasos olish chorasini izlar edi. Oyog‘i ostida iti mud­rar, ba’zan boshini ko‘tarib, uzoqlarga termulib ulirdi. Egasi o‘lganidan beri Semilyanta tez-tez shunaqa ulib, uni chaqirayotgandek bo‘lar, go‘yo itning beorom yuragi ham undan qolgan o‘chmas xotiralarni unuta olmayotgandek edi.      
Shunday tunlarning birida Semilyanta yana uvlashni boshlagan mahal, onaizorning miyasiga bir fikr keldi – fikrki, yovvoyilarga xos, qasoskorona va dahshatli edi. U ertalabgacha shu haqda o‘yladi. Tong otgach o‘rnidan turib, cherkovga yo‘l oldi. Tosh qoplamali sahnda yuztuban yotib Yaratganga iltijo qilar ekan, undan yordam berishini, o‘g‘lining qasosini olish yo‘lida sillasi qurigan vujudiga kuch-quvvat ato etishini o‘tinib so‘radi.
Keyin uyiga qaytdi. Hovlida yomg‘ir suvini yig‘ish uchun qo‘yilgan bochka turardi. U ichidagi suvni to‘kib, bochkani bo‘shatdi, so‘ng yerga qoziqlar qoqdi va toshlar bilan urib mahkamladi. Semilyantani shu g‘alati inga bog‘lab qo‘ydi-da, o‘zi uyga kirib ketdi.
Endi u Sardiniya sohillaridan ko‘z uzmay xonaning u yog‘idan bu yog‘iga beto‘xtov borib kelardi. Qotil o‘sha yerda!
It kun uzoq, so‘ng tuni bilan ulib chiqdi. Ertalab esa kampir unga bir idishda suv keltirib qo‘ydi – shu xolos: na yuvindi, na non bermadi.
Oradan yana bir kun o‘tdi. Majolsiz Semilyanta uxlardi. Ertasi kuni uning ko‘zlari yonib, juni hurpaydi, endi u zanjirni uzish uchun jon-jahdi bilan yulqinardi.
Kampir unga hanuz ovqat bermagandi. Bu hol itning g‘azabini keltirar, u bo‘g‘iq ovozda hurardi. Yana bir kecha o‘tdi.
Azonda Saverini kampir qo‘shnisidan ikki bog‘ somon so‘rab oldi. So‘ng eridan qolgan eski lash-lushlarni  qidirib topdi-da, odam shaklini yasab, ichini somon bilan to‘ldirdi.
Kampir Semilyantoning ini yoniga qoziq qoqib, endi bor bo‘yi bilan namoyon bo‘lgan haligi yasama qo‘g‘irchoqni bog‘ladi. So‘ng eski to‘shakdan unga kalla yasab qo‘ndirdi.
Garchi ochlik qiynayotgan bo‘lsa-da, it somon odamga taajjub bilan qarar va sukut saqlardi.
Shundan so‘ng kampir do‘kondan kattagina qora kolbasa bo‘lagini olib keldi. Hovlida, shundoqqina itning uyasi yonida o‘t qalab, kolbasani qovura boshladi. Ochliqdan esi og‘gan Semilyanta zanjirni uzar darajada yulqinar, og‘zidan so‘lagi oqib, hidi to‘ppa-to‘g‘ri oshqozoniga borayotgan taomdan ko‘z uzmasdi.
Kampir bo‘lsa bug‘i chiqib turgan kolbasani xuddi bo‘yinbog‘dek somon odamning bo‘yniga bog‘ladi. Uni yasama odamning bo‘yniga yanayam chuqurroq kiritish uchun ko‘p urindi. Bu ishni risoladagidek bajargach, u itni bo‘shatib yubordi.
It dahshatli hamla bilan somon odamga tashlandi va oyog‘ini uning yelkasiga tiragan holda bo‘ynini tilkalay boshladi. U o‘ljasidan bir parchani tishlab uzgan holda yerga tushar, so‘ng yana tashlanib, so‘yloq tishlarini arqonga tobora ko‘proq botirardi-da, xo‘rakdan uzib olar, o‘zini yerga otar va yanayam quturgan holda qo‘riqchi tomon otilardi. Tez orada somon  qo‘g‘irchoqning yuzi va bo‘yni uvadaga o‘xshab qoldi.
Kampir voqeani joyidan jilmay, unsiz kuzatar ekan, ko‘zlari yonib ketdi. U jonivorni qaytadan zanjirga soldi, uni yana ikki sutka och-nahor ushlab turdi, so‘ngra o‘sha g‘alati mashg‘ulotni takrorladi.
Uch oy mobaynida u itni shu usulda, o‘ljani tishlari bilan tilkalab ovqatlanishga o‘rgatdi. Endi u Semilyantani bog‘lamas, faqat qo‘l ishorasi bilan yasama qo‘g‘irchoqqa olkishlardi.  
Kampir itni somon odamning bo‘yniga yegulik yashirmagan  holda ham burdalashga, tishlagan joyini uzishga o‘rgatdi. Har safar unga mukofot tariqasida qovurilgan kolbasa berardi.
Yasama odamni ko‘rishi bilan Semilyanta qal­tirashni boshlar, so‘ng bekasiga nigoh tashlardi. U esa barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib, xirildoq tovushda buyruq berardi:
– Ol!
Saverini kampir, kutilgan fursat yetib kelganini anglagani hamon gunohlarini kafforat qilishga bordi. Yakshanba kuni ertalabdan astoydil ibodatga kirishdi. So‘ng erkaklar ko‘ylagini kiydi, juldurvoqi chol qiyofasida sardiniyalik baliqchi bilan savdolashdi-da, iti hamrohligida narigi qirg‘oqqa o‘tib oldi.    
Qanor qopning ichida qora kolbasaning katta bo‘lagi yotardi. Semilyanta ikki kecha-yu kunduzdan beri tuz totmagandi. Kampir dam-badam unga lazzatli yegulikni hidlatib, ishtahasini qitiqlardi.
Ular Longosardoga kirib bordilar. Korsikalik ayol oqsoqlanib borardi. U non do‘koniga qayrildi va Nikola Ravolati qayerda yashashini so‘radi. Ma’lum bo‘ldiki, u yana avvalgi kasbi – duradgorlik bilan shug‘ullanayotgan ekan. Qotil ustaxonasida yolg‘iz edi.
Kampir eshikni itarib, ovoz berdi:
– Ey, Nikola!
Yigit o‘girilib qaradi. Shu on kampir itni ichkariga kiritdi va baqirdi:
– Ol, ol, burdala, burdala!
Hushi boshidan uchgan hayvon Nikola tomon oti­lib, uning bo‘yniga tarmashdi. Erkak qo‘lini ik­ki yonga yozdi, so‘ng itni mahkam ushlaganicha, yerga quladi. Bir necha daqiqa tipirchilab, depsinib turdi, keyin jimib qoldi. Semilyanta esa hamon uning bo‘ynini g‘ajishda davom etar, raqibini burdalab tashlashga urinardi.
Keyinchalik, o‘z darvozasi oldida o‘tirgan ikkita qo‘shni,  duradgorning huzuridan ozg‘in qora itni yetaklagan gadoy chol chiqqanini va jonivor egasi unga tashlab turgan allaqanday jigarrang narsani yo‘lma-yo‘l yeb ketganini aniq esladilar.     
Kampir kech kirganda uyiga qaytdi. Shu kecha u xotirjam uxladi.
     Gi de Mopassan — XIX asr fransuz adabiyotining buyuk vakillaridan biri. Uning “Hayot” va “Azizim” romanlari, “Do‘ndiq”, “Portda”, “Madmuazel Fifi”, “Marvarid shodasi”, “Oqsog‘oyim”, “Tavba” kabi uch yuzga yaqin novellalari fransuz adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan, ayni paytda boshqa xalqlar adabiyotiga ham sezilarli ta’sir o‘tkazgan.   

Rus tilidan Mohigul Azimova tarjimasi

“Yoshlik” jurnali 2014 yil, 1-son

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.