13 daqiqada öqiladi

781 marta körilgan

Jinlar va Manavela bobom

Nodar Dumbadze

(Hikoya)

Jinlar uç xil böladi.
Biri – quloqlari dikkaygan, eçkituyoq va eçkisoqol, jimjiloqdek muguzçali va öynoqi ğilay közli böladi. Eçkiga juda öxşaydi. Ammo u jin. Dunyoda bor hamma jonzot tovuşida gapira oladi: xohlasa – ayol, xohlasa erkak yoki bola ovozida sözlaydi, turli hayvonlar tovuşini öxşatadi, hamma quşlarga qoyillatib taqlid qiladi.
Ikkinçi xil jin dumli, badburuş, besönaqay va xunuk. Oyoq kaftlari tepaga qayrilib ketgan, qirğiyburun böladi, oğzida bitta söyloq tişi körinib turadi, manglayidagi yakka-yagona közi yaşil rangda yonadi, badani – baroq, jundor.
Uçinçi jinning törtta qöli va tört oyoği böladi. Har birida – oltitadan panja. Uning yuzi ikkita, har birida bir juftdan közi bor. Yağrini umuman yöq. Gavdasining har ikki tarafi – qorin. Yaʼni, ikki qorinli va ikki kindikli. Ikki tomonidan ham bir xil körinadi. Qisqasi, u ikkita bir xil jinni tutib, ketini ketiga yopiştirib qöygandek bir maxluq.
Rost, yana bir jin bor, lekin… u haqda keyinroq sözlab beraman, eng oxirida.
Anov uç jinni men körmaganman, ammo bobom Manavela Sinsadze öz közi bilan körgan.
Eçkiga öxşagan jinni – Ayiq darasida.
Dumli-yungdor jinni – Laşis-geleda.
Orqa-oldidan bir xil körinadiganini – Sataplia toğida.
Bu uç jin bilan töqnaşuvdan Manavela bobomda dahşatli izlar saqlanib qolgan.

* * *
…Haytovur, savat töqişga pöstloq ğamlab keliş uçun Ayiq darasiga borgandim. Kun adoğiga yetayozgan, qoş qorayar mahal edi.
Xöş, men işni tugatdim, talay pöstloq arçdim, yuvindim, toş ustiga ötirdim, çubuğimni çiqazib, tamaki soldim – kel, bir-ikki tortay, söng uyga jönayman, deb öyladim.
Çaqmoqtoşni işqalab turuvdim, qarasam, u haromi hö naridagi toş ustida ötiribdi, menga qinğayib qaraydi, de. Belimni paypasladim. Xudoga şukur, bolta joyida ekan.
– Tuf-yey, şayton! – deb yubordim. Huşim boşimdan uçib irğib turdim, uç marta çöqindim va boltaga yopişdim.
– Özing şaytonsan, agar bu kam bölsa, itvaççasan! – dedi u menga.
– Sen özing kimsan bölmasa? – kekirdagimni çözdim men va tağin çöqinmoqçi böldim, lekin eplay olsam qani!
Almoyi-aljoyi harakat qilaman, qölimni peşonamga oboriş örniga kindigimga uzalamanmi-yey. Anov alvasti esa menga qarab turibdi, hiringlab qöyadi tağin.
– Hop! – qiçqirdim men. Lekin bu faqat menga qiçqiriqdek tuyuldi, aslida esa şunçaki oğzimni oçgandim xolos.
– Manavela, rosa merovsan-da, taşla boltangni, kel, yonimga ötir, sözlaşamiz.
– Sen bilan nimani sözlaşaman, iblisdan tuqqan, – jerkidim men, ammo içimda çöçib “haytovur, xafa bölmasin-da” deb qöydim. Ranjiş qayoqda! Bu uning uçun, masalan, birov-yarim menga “sen, Manavela, Afanasiy öğlisan” deganday gap-da. Xullas, nimayam qilardim, borib yoniga ötirdim, u meni şundoq avradi, şundoq avradiki!
– Manavela Sinsadze, deydi, sen basavlat, körkam, öktam va uçtasi farang yigitsan… Nimaga kulasan, itvaçça, öşa paytlar men hozirgidaqa emasdim, çindan ham körgan odamning suqi kirguday yigit edim! Tağin, aytadiki, haytovur, seni kuyov qilmoqçiman, deydi. Qizimga uylan, Manavela, deydi, zotu nasabimizga şerik bölasan. Zarga kömaman, oyoğingni uzatib yotasan, istasang, yetti qavat körpaça ustida maza qilib yotib, “Xasanbeguru” va “Krimançuli”ni1 xirgoyi qilasan.
– Avval ayt: insmisan, jinsmisan? Qolganini öylab köramiz.
– Odamman, Manavela, odam, sen bilan odam kabi gaplaşib turganimni köryapsan-ku.
– Agar odam bölsang, nega eçkiga öxşaysan? – söradim men, özim qörqqanimdan sovuq terga botganman.
– Nima qipti, tönğiz yoki eşakka öxşagan odamlar ozmi dunyoda, heç kim ularni köksidan itarmaydi-ku? – javob beradi u gazanda. Men nima derdim, miq etolmadim, çunki gapi rost edi, ayni haqiqat.
– Menga qizingni körsat-çi, – dedim unga iltifotu nazokat bilan.
Şunday deyişimni bilaman, çunon maʼradiki! Eçki bölib maʼradi! Maʼragan edi, orqasidagi qoya qoq ikkiga bölinib, orasidan bir qiz çiqib keldi, şunaqa gözal! Baxmaro çöqqisidan quyoş çiqişini tomoşa qilganmisan? Qilmagansan! Zim-ziyo tunda qora bulutlar orasidan tölin oy çiqqanini körgan joying bormi? Yöq! Yoyinki, boğda hamma atirgul butalari birvarakayiga oçilganini körganmisan? Ayt, körganmisan? Yöq, körmagansan!
U men bilan sözlaşa boşladi, ovozi biram yoqimli ediki! Minglab közaçalardan töq qizil “Izabella” vinosi şildirab quyilganini eşitganmisan? Yöq, eşitmagansan! Köklam çoği oy balqib turgan tunda Guriyadagi2 bari bulbullar, qorayaloqlar, maynalar xoniş qiladi, eşitganmisan? Yöq, eşitmagansan…
Şunday qilib desang, taʼrifga siğmas nozanin, husniga köz töymas sohibjamol anavi badbaşara, taʼviya otasining yonida möjiza misol turibdi, menga köz taşlab qöyadi har zamonda…
– Xöş, endi nima deysan, Manavela Sinsadze, közing qamaşib ketdimi? – deydi menga u battol.
Men-çi – men nimayam derdim! Oçiği, bir nimalar deb minğirlamoqçi bölardimu? lekin tilim qurğur tanglayimga çippa yopişib qolgandi.
– Sen uni bekordan-bekorga bermasang kerak menga, evaziga bir nima söraysan, albatta, – dedim bazör, ançadan keyin tilga kirib.
– Sendan nima unardi, bir juldurvoqi bölsang! Kolxozda mehnat kuningga bir paysa jöxori olasan, bor buding şu! Qurbing yetmagani uçun menga iymoningni sotasan, xöpmi?
Bu gapdan keyin öpkam oğzimga tiqilib qolgandek böldi.
– Menga bunday deyişga qanday hadding siğdi! – hayqirdim men va boltani oldimu iflos kallasini möljallab, uloqtirdim… Hay attang!..
Bobom iştonini himarib, oyoğidagi çuqurligi ikki barmoq qalinligiça keladigan, boldirigaça çözilgan çandiqni körsatadi.
– Ğoyib böldi, dardisar malʼun, bir zumda yöq böldi-qöydi! Bolta boyagina u ötirgan toşga tegib sapçidiyu şu yerimga, çandiqni körding-ku, tegdi. Qon favvora bölib otilyapti, men, sening bobong Manavela Sinsadze, huşdan ketib yerga quladim… Öşandan beri maraz jinning çinqiroq kulgisiyu “Iymoningga hazir böl, Manavela! Qoçib ketmasin tağin! Ha-ha-ha”, deb qiçqirgani quloğimda şanğillab turadi.
Boşqa heç nimani eslay olmayman.

* * *
Narigi jini Laşis-geleda daf qilgan. Sözanbaliq ovlaş mavsumi edi, men tungi ovga çiqqandim – poylaşga, ular uruğ taşlaş uçun Gubazoulidan Laşaga suzadigan payt edi-da. Suvni böğib, baliq ötişi uçun kiçkina tuynukça qoldirdim va endigina çubuğimga tamaki solgan edimki, suv şalopladi. Ana, dedim, baliq öta boşlayapti. Tör taşlaşga şaylanib turdim va negadir yonboşimga ögirildim. Nimani kördim de? Ötiribdi u, ğaddor! Ötirgan köyi yakka yaşil közini menga tikkan, xuddi teşib yuborguday!
Razm solib qarasam, Ayiq darasida oyoğimni pöla qilgan jinga sira öxşamaydi.
…Ayiq darasidagi jin kabi, bir közli jin ham bobomga öz qizini xotinlikka olişni taklif qilibdi va evaziga iymonini sörabdi. Qizining sepi tariqasida bobomga kolxoz raisligini va yana tağin bir botmon oltin ham vaʼda qilganmiş…
– Bunisini soğ qöyib böpman! – dedim.  
Quloçkaşlab u iblisga tör taşladim. Törni men özim tomonga, u öziga tortdi. Yana tortdim, u tağin tixirlik qildi. Qoçib qutula olmasdi baribir: tör xuddi tişiga ilinib qolgandi, tişi oğzidan baayni ilgakday çiqib turardi-da, öziyam. Men törni böşatiş uçun uning jağiga qöl çözdim, şu payt… – Manavela bobom sekingina öng qölini uzatib, menga jimjiloği va söfi barmoğini körsatdi. Öşa qölida boşqa barmoqlari yöq uning. – Malʼunning jağidan şu ikkita barmoğimni suğurib oldim xolos. Meni ğaflatda qoldirdi, laʼnati, baxtimga, qölimni butkul uzib olmadi! Şunisigayam rahmat…

* * *
Uçinçi jin, yoki, anavi, orqa-oldi bir xili, Manavela bobomga Sataplia toğida, u asalarilaridan xabar oliş uçun borganida yöliqqan.
U jin ham bobomga qizini olib bermoqçi bölibdi, agar iymonini sotsa, Çoxataur rayoni sekretari lavozimiga mindirişni ham vaʼda qilibdi. Bobom esa uni xöp mazax qilibdi.
– Közlaring oqib tuşsin, Manavela, noşukur banda, qizimning husni jamoli qadriga yetmading, – uvilladi jin bir mahal va barmoğini közimga suqmoqçi böldi.
Qölim bilan közimni tösmoqçi bölgandim, qölimda ikkita barmoq qolgani yodimga tuşdi. Xullas, u laʼnati axiyri öng közimni öyib oldi…
– Nimaga kulasan, kampir, oçib qöyiptimi, bola “Manavela bobom aljirab qopti” deb öylamasin tağin! – bobom şu mahal xonaga kirib kelgan buvimga ödağayladi.
– Işonma unga, toyloğim, işonma! Aldayapti. Erga tekkanimda ham şunaqa edi. Özi şayton-ku, jin bas kelarmidi bunga, – pinagini buzmaydi buvim va stol ustidagi böş közaçalarni olib, çiqib ketadi.
– Jinlar bilan jiqqa-muşt bölib nima qilardingiz, birining qiziga uylansangiz edi, hozir qişloqning oldi odami bölardingiz, – deyman men, “Izabella”dan höplab.
– Iymon-çi, itvaçça, iymon nima böladi? – aççiqlandi bobom va ikki barmoğida boşimga çertdi.
– Iymoningiz şunçalar qadrlimi, bunça avaylaysiz! – dedim men va nojöya gap qilganimni payqab tilimni tişladim.
– Ajinaning nevarasi bölsang, nima, xursand bölarmiding? – söradi bobom, yagona közi bilan menga yeb qöygudek öqrayib.
– Ha, töğri aytasiz, bu tomonini öylamabman, – aybdor odam tovuşida dedim men.
– Öylamaganmiş! Böydan Xudo bergan senga, öylab gapirişni ham örganiş kerak endi, – taʼna qildi bobom, vinodan oğirlaşgan boşini çayqab va kamindagi serköz ğölani tönkarib qöydi.
Buvim kirib, qora “Izabella”ga limmo-lim tölatilgan közaçani stol ustiga qöydi.
Birdan xuddi şu közaça içidan kiçkina, judayam mitti jinça çiqib keldi. Şu qadar jajjiki, kaftingga bemalol siğadi. Lekin burni kattagina ekan, yirik kartoşka misoli uning ğarq pişgan pomidordek qip-qizil yuzida döppayib turardi. Badani tap-taqir, bitta ham tuk yöq, buning ustiga şaffof edi. Unga razm solib, erkak jinsidanmi yoki ayolmi, farqlay olmadim. Qisqasi, na unisi, na bunisi. Qöllarida – oltitadan panja, oyoqlaridagini sanay olmadim, çunki çipta kovuş kiyib olgandi. Bu jinni Manavela bobom körmaydi, çunki u mening jinim, özimniki. Ana, u közaçaning oğzidan sakrab tuşib, stakanim qirrasiga joylaşib ötirib oldi.
– Xohlasang, Manavelaning nevarasi, menga iymoningni sot – evaziga asl haqiqatni senga sözlab beraman, – dedi u, kulib.
Kulgisi şu qadar sodda ediki, iymon tugul jismu jonimni ham qöşqöllab tutqazardim unga. May elitgan yuzi mayin jilmayib turardi.
– Olaqol, menga uning nima keragi bor! – javob berdim eşilib.
Mening jinim hikoyasini boşladi.

* * *
Manavela Sinsadzeni oğa-ini Şalikaşvililar örmonga sudrab kirib, bahaybat qayin daraxtiga boğlaşdi. Uç aka-uka edi ular: Fridon, Mamia va Katsia.
Manavela Sinsadze ularning kenjasi Katsianing qayliği, beşikdanoq unga unaştirilgan qizni olib qoçgandi – Tinatin Nakaşidzeni.
Olib qoçdi deganimni qandoq tuşuntirsam ekan: Tinatin Nakaşidze uni Baxmarodagi bayramda körgan edi. Yigit qora çoxa3 kiyib, gijinglagan oq oti Şamilni minib kelgandi. Dastavval u beş çaqirimga poygada hammadan özib, birinçi böldi. Tulpori abjir çavandoz tagida köpikka botgança turardi. Şundan söng tört sarjinlik xoda ustiga örnatilgan billur kubokni bir öq bilan çil-çil qildi. Va nihoyat, beligaça yalanğoç bölib, sirtiga moy surilgan, balandligi uç sarjin arça ustuniga bir urinişda tirmaşib çiqdi. Ustunning tepasiga mahkamlangan kumuş kubokni olib tuşib, xaloyiqning tahsinu olqişlari ostida, oftobdek balqib turgan sohibjamol Tinatin Nakaşidzening yoniga keldi, bir tizzasida çök tuşib, uning köylagi barini öpdi va xijolatdan qizarib ketgan qizga kubokni tortiq etdi.
Öşa damlar Tinatin Nakaşidze ön beşga ham tölmagandi hali, Manavela Sinsadze esa endigina ön töqqizni qoralagan bölib, dilovarlikda unga kimsa bas kelolmasdi.
Bir hafta ötgaç Manavela Sinsadze Nakaşidzening qizi Tinatindan maktub oldi.

“Abad oying bölgum, quyoş, sen-la içgayman qasam
Taslim bölmam, gar ortimdan uçta quyoş kelsa ham,
Qoya uzra köz taşlagum, zulmat haddan oşgandan,
Qanotli bir tilak ayt, yor, najot endi samodan!”

Boşida maktub Manavela Sinsadzeni gangitib qöydi. Söng şodligidan esi oğib, hovuçlab tuproq oşadi va – nima bölsa bölar! – ötirib, javob xatini yozdi.

“Jondan aziz maktubingga közlarimni qadadim,
Va dedimki: “Quyoş sendan keçolgaymi, qamarim?
Xudo şohid, ranjitmasman, sen – keçam,
                sen – saharim,”
Hayotmanmi, jon berdimmi, yo tuşmi bu,
                    bilmagum.”
Ön törtinçi oktyabrga ötar keçasi, tölin oy tikkaga kelgan mahal Nakaşidzening qizi Tinatin Çormix qişloğiga eltuvçi yölning muyulişiga, ulkan eman daraxti yoniga keldi. Kuç bilan emas, öz ixtiyori bilan, sevgisini deb keldi. Oyoği yalang, bitta köylakda edi qiz.
Manavela Sinsadze quvonçini dast kötarib yerdan uzdi, çakmoniga öradi va egarlanmagan otining oldiga ötqazdiyu qamçi bosdi.
Uç aka-uka Şalikaşvililar izidan quvişdi.
Manavela ularga öq uzdi.
Şalikaşvililar öqidan yaralangan oti yiqildi. Manavela to örnidan turguniça örab olişdi uni.
Oğa-ini Şalikaşvililar Manavela Sinsadzeni qalin örmon içkarisiga olib kirib, eman oğoçiga boğladilar.
– Qani, Manavela Sinsadze, kelinimga maktub yozgan qöllaringni körsat-çi! – dedi ularning tönğiçi, Fridon Şalikaşvili.
Orqasiga çandib boğlangan qöllari uvişib, şişib ketgan, Manavela ularni sezmasdi hatto.
Şunda Fridon Şalikaşvili daraxt ortiga ötib, sovuqqonlik bilan Manavela Sinsadzening avval öng qöli boşmaldoğini, söng körsatkiç barmoqni va nihoyat, örta barmoğini kesib taşladi. Qon şarillab otildi. Manavela oğriq örniga yengil tortganini his qildi, uning köksidan şodon hayqiriq otilib çiqdi.
– Ana qahramonu mana qahramon! – zaharxanda qildi Fridon Şalikaşvili.
– Nakaşidzelar uyi ostonasini hatlab ötmoqçi bölgan oyoqlaringni körsat-çi! – dedi örtança Şalikaşvili, Mamia, qiliçini yalanğoçlab.
Manavelaning közi oldi xiralaşdi.
– Meni mayib qilma, knyaz, – dörildoq ovozi titradi uning.
– Baxmaroda ot gijinglatib oliftalik qilgan çoğlaringda mayib bölsang soz bölmasmidi? – aççiq kuldi Mamia Şalikaşvili va Manavela Sinsadzening öng boldiriga qiliç soldi. Manavela qiliç suyakni qirqqanini sezdi va huşidan ketdi.
– Öziga keldimi? – söradi bu gal kenja Şalikaşvili, Katsia, Manavela közini oçganini körib. – Qani, qayliğim Tinatinga olaytirgan közlaringni körsat-çi menga…
Manavelaning tepa soçi tikka böldi, tili kalimaga kelmay qoldi.
Katsia Manavela piça özini önglab olişini kutdi.
– Nima qilyapsizlar, vahşiylar! Isoni ham bunçalik azoblaşmagan, gunohim nima axir…
– Közlaringni körsat, Manavela, közlaringni!
– Niyatingdan qayt, Katsia, yoruğ olamni körişdan mahrum etma meni! – Manavela yiğlamoqçi emasdi, biroq köz yoşlari öz-özidan quyildi.
Iş juda puxta bajarildi: Katsia Şalikaşvili ötkir qiliçini Manavelaning qovoğiga olib bordi va suqdi… Çalajon gavdani Çormix qişloği odamlari ertasiga örmondan topişdi.
Yarim yil töşakka mixlanib yotdi Manavela Sinsadze. Olti oy davomida na bir söz dedi, na oh-voh qildi. Olti oydan söng qöşnilar torköçada abgoru oqsoq Manavela Sinsadzeni kördilar. Öşandan beri uni “Ölmas Manavela” deb ataşadi. Bu uning laqabi bölib qolgan.
Oradan bir yil ötgaç, Ayiq darasining narigi yoğidagi qişloqda yaşovçi Levarsiy Tavberidze daradan Fridon Şalikaşvilining jasadini topdi. Uning oçiq közlari hayrat va dahşatdan qotib qolgandi. Fridonning badanida na bir öq izi bor edi, na tiğ izi va na özga jarohat. U qörquvdan yuragi yorilib ölgandi.
– Tun yarimdan oğganda Ayiq darasidan allaqanday ökirik eşitiluvdi, ayiq bölsa kerak deb öylovdim… – derdi Levarsiy Tavberidze.
Yana bir yil ötdi, va Laşis-geleda Mamia Şalikaşvilini topişdi. Qiliçda bir zarb bilan yelkasidan kindigigaça çopilgandi uning. Şak-şubha qolmadi: Ölmas Manavela Şalikaşvililarning qonini içmoqda edi.
Ölmas Manavela örmonga yaşirindi.
Oğalarining kuşandasidan intiqom oliş qasdida yurgan Katsia Şalikaşvilining öligiga qorovullar Sataplia toğida duç kelişdi. Piltamiltiqdan merganona uzilgan öq miyasining qatiğini çiqazib yuborgandi. U orqa-oldi bir xil jin Manavela bobomning közini öyib olgan joyda – jöka daraxti tagida yotgan ekan.
1918-yilning bahorida Manavela örmondan çiqdi.
– Inqilob hammaning hamma aybini keçirgan, bobongni boşqalardan kam joyi bormi? – deydi mening jinçam, qiqir-qiqir kulib.
– Tinatin, qimirla, bizga yana bir köza “Izabella” keltir, tomoqlarimiz qurib qolmasin, – kampirini çaqiradi bobom. Tinatin buvim tağin bir köza vino keltiradi va çoliga erkalagansimon jilmayib, uning yoniga ötiradi.
Bobom jinlar haqidagi çöpçaklarini davom ettiradi biroq u mening öz jajji jinçam borligidan bexabar. Ana, u oyoqçalarini osiltirgan köyi stakanim qirrasida ötiribdi. Bobomning poyma-poy gaplari uning dimoğini çoğ qilib yuboradi, u maza qilib kuladi va aslida qanday bölganini sözlab beradi menga.
Tun yarimlaşar mahalda jinçam közaçaga tuşib oladi, va biz – jinlar, haqiqatu rivoyatlar, bobom va buvim – hammamiz çirsillab turgan kamin atrofida uyquga ketamiz.

Izohlar:
1. “Xasanbeguru” va “Krimançuli” – gruzin xalq qöşiqlari.
2. Guriya – Gruziyadagi viloyat.
3. Çoxa – Kafkaz xalqlarida erkaklarning milliy kiyimi, lekin u har bir xalqda boşqa-boşqa nomlar bilan ataladi.

Nodar DUMBADZE – (1928-1984) XX gruzin adabiyotining atoqli vakillaridan biridir.
U Tbilisi universitetining iqtisodiyot fakultetini bitirgan.
Özbek kitobxonlariga yaxşi taniş “Hellados” hikoyasidagi mardona ruhni boşqa asarlarida ham tugal his etasiz. Uning “Kukaraça” qissasi, “Men, buvim, Iliko va Illarion” (1960), “Quyoşni köryapman” (1962), “Oq bayroqlar” (1973) va “Abadiyat qonuni” (1978) kabi romanlari özbek tiliga tarjima qilingan.

Rus tilidan Oybek MÖMINOV tarjimasi.
“Yoşlik” jurnali 2014-yil, 4-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)