15 daqiqada öqiladi

459 marta körilgan

Navqiron şoirning yangroq sozi

(Badia)

Baʼzan dunyoda işoniş qiyin bölgan voqealar ham röy beradi. Mana, masalan, şoir Salim Aşur ellikka kiribdi, deyişdi. Özimizning Salim aka-ya! Qaçon ulguribdi?
Men Salim akani qaçon tanigan edim: inson sifatida, şoir sifatida?
Maktabda öqirdim, oltinçi-yettinçi sinflarda bölsa kerak, bu – çamasi, 1981-82 yillarning gapi. Qişloğimizda, Qaşqadaryo viloyati Kasbi tumani Kiyikçi qişloğidagi yoş-yalang orasida Töra boboning öğli Salim Aşurov kelibdi, degan gap tarqalardi. Salim Aşurov öşanda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 17-maktabda öqir edi. Oilasi Kasbi tumaniga köçib kelgan bölsa-da, özi Surxondaryoda qolib öqigan. Biz, öşanda “Gulxan”, “Ğunça” jurnallari, “Tong yulduzi” gazetasini qiziqib, qölma-qöl öqiydigan ösmir-yoşlar Salim Aşurovni şu gazeta-jurnallar orqali yaxşi bilardik. Uning nomi mazkur naşrlarning deyarli har sonida paydar-pay çiqib turar, goh şeʼrlarini, goh ertaklarini, goh hikoyalari yoki maqolalarini körardik. Özimiz ham şeʼrlar, hikoyalar maşq qilganimiz, adabiyotga havasmand bölganimiz uçun bizning yozganlarimiz ham şunday tez-tez çiqib tursa, deb orzu qilardik. “Gulxan” jurnalining 1982-yil may oyi soni: uning ikki betida Salim Aşurovning şeʼrlari va hikoyasi eʼlon qilingan. Öşa şeʼrlar hozir ham yodimda.
Salim akaning oilasini, ota-onasini avvaldan tanirdim. Ular mening ota-onam, umuman bizning oilamiz bilan yaqin taniş edilar. Oilalarimizning “bordi-keldi”si bor edi. Har yozda Salim akalarning oilasi dala boşiga, şundoqqina qişloğimiz etagiga köçib çiqar, qamiş va tol novdalaridan tiklangan omonat kapada yozni ötkazişardi. Şoirning otasi – Töra bobo, onasi Niyozxol momoni öşa atrofdagi Qamaşi, Kiyikçi, Mirişkor va boşqa qişloqlarda mehnatkaş, töğrisöz, halol insonlar sifatida bilişar edi. Ular öşanda keksa bölişlariga qaramay, erta bahordan keç kuzgaça paxta dalasida işlaşar, uyda sigir, qöy uşlaşar, tomorqa, polizni ham “gullatib” qöyişar edi. Töra bobo öşanda soqol, möylov qöygan, ayrim kunlari salla ham örar, paykallarda kun tiğida, baʼzan tol soyasida ötirib-turib namoz öqiyotganini körib qolardim. Töra bobo öroqda öt örayotgan, Niyozxol momoni qişloq ayollariga xos tarzda boşida bir boğ öt bilan daladan qaytayotganiga köp bor guvoh bölganman. Öşa manzaralar hozir ham köz öngimda jonlanmoqda. Afsus, fariştadek ota-onalarimiz hozir oramizda yöq.
Salim aka yozgi taʼtilda Surxondaryodan Kasbiga, ota uyiga kelardi. Esimda, qişloğimiz çetidagi suvi muzdek zovurda qamişlar oralab quloçkaşlab suzar yoki yöl böylab ötgan ariqda, loyqa suvda yayrab çömilar, qumda yotib toblanar edik. Tuproqqa oyoq qöyib bölmasdi, tovongaça kuyar, tura solib özimizni suvga otardik. Quyoşda qorayib, badanlarimiz şör tortib yorilib ketardi. Xayyom, Navoiy, Bobur ruboiy va ğazallarini, A.S.Puşkin, M.Yu.Lermontovning öşa yillarda özbek tilida naşr etilgan ikki tomligidagi şeʼrlarni, H.Olimjon, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Şavkat Rahmon şeʼrlarini yoddan öqib, Salim aka biz ösmir bolalarning havasini  yanada orttirar edi.
Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Komil Musayev, hozirda Kasbi tumani xalq taʼlimi bölimi masʼul xodimi Ibrohim aka, biz, yaʼni Salim akaga past-baland tengqurlar köpinça birga yurardik. Ota-onalarimiz öşanda 10-sinf öquvçisi bölgan Salim akani aʼloçi öquvçi sifatida bizga namuna qilib körsatişardi.
Yoz boşida zovur böylarida, keyinçalik ğalla, bedadan böşagan dalalarda birga qöy boqar edik. Ayniqsa, tong salqinida şabnam tuşgan bedazorda öz erkimizça yurar ekanmiz, bedanalarning biri qöyib, boşqasi sayraşi, şundoq qadam tagidan parillab uçişi öz xayoli bilan andarmon bolalarni çöçitib yuborardi. Hozir öylasam, öşanda yoş vujudimiz dunyoning gözalligini, hayratini çanqoqlik bilan simirgan ekan. Köpinça Salim akaning qölida kitob bölar, bir çetga ötib berilib kitob öqir, baʼzida biz, ösmir-bolalarga  qöşilib ketaverar edi.
Şoirning öşa davrlarni soğinib, xotirlab yozgan şeʼrlari talaygina. Bolalik, ösmirlikning ilhombaxş harorati “Hanifaga bağişlangan qöşiq”, “Qaydan boşlanasan, qişloğim?”, “Arava haqida qöşiq”, “Hamqişloğim Husniddinga”, “Dunyo” kabi şeʼrlarga soğinç va armon, umid va orzu bölib köçgan.  
“Yurak mulki” turkumida şunday satrlar bor:

Ana, kör, zovurning böyida
Bir sigir sudraydi arqonni.
Bolakay sözlarning köyida
Ilk bora taniydi armonni…

Bu şeʼriy tizmada qişloq va bolalik manzaralari xuddi kinolentadek köz oldingizdan ötadi. Öşa davrlarni eslatadi. Ularda jonajon vatanning, aziz yurtning umr, hayot va tiriklik qorişiq böyi ufurib turgandek böladi.
Keyinçalik, maktabni tugatgaç, biz, tört örtoq tört yoqqa  ketdik. Komil Xolov Qarşi Davlat pedagogika universitetini tugatdi, hozirda fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, Ibrohim Musayev Qarşi Davlat pedagogika universitetining tarix fakultetini tamomladi. Hozirda Kasbi tumani xalq taʼlimi bölimi masʼul xodimi. Men Toşkent viloyati Davlat pedagogika universiteti (Angrenda) özbek filologiyasi fakultetida öqidim. Salim aka öşanda yana hammamizning havasimizni keltirib, dongdor ToşDU (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetiga öqişga kirdi. Biz, poytaxtga, azim Toşkentga öz yölini qidirib, omad va baxt izlab kelgan yoş yigitlar Salim akaning Guli bekatidagi ijaraxonasida bir muddat yaşaganmiz. Qoronği, zax xona edi. Ijaralarda yaşaş zahmatini birga totganmiz. Törtalamiz ham ilm-fanga, adabiyotga bölgan mehr-muhabbatimiz tufayli bu zahmatni yengib öta oldik.
Salim aka baʼzan özini atayin qiynayotgandek tuyular, men, Martin Iden bölmoqçimisiz, deb hazillaşar edim: u doim eski divanda – qattiq örin, toşdek yostiqda yotar, tunlari juda siyrak uxlar, yeb-içişga ahamiyat bermas, öşa yillarda urfga kirgan sport bilan şuğullanaman, deb özini turli qiynoqlarga solar, çiniqiş maʼnosida sovuqda yupun yurar, sport bilan şuğullanib kelgaç, bir çelak suvni gazda ilitib, qiş va qor bölişiga qaramay, yalanğoç holda boşidan quyib yuvinar (sirasini aytganda, bundan ortiğiga şaroit ham yöq) edi. Bir qarasang, rasm çizayotgan, yana bir qarasang toğdan yoki daryodan, gohida baliq ovidan kelayotgan, goh allaqanday eski yozuvlarni, yoki çet tilini örganayotgan bölar, gohida fotoapparat tutib qolar edi. Bir muddat paraşyut sportiga qiziqqani, unga tegişli adabiyotlarni izlab topgani, öqib konspektlar qilganini eslayman. Topgan pulini, öşa yillarning iqtisodiy qiyinçiliklariga qaramay, har xil rassomlarning turli albom, otkritkalari, çiroyli plakatlar, kitoblar, sport liboslari, anjomlari yoki şularga öxşaş kerak-nokerak narsalarga öylab ötirmay sarflab yuborar edi. Nima deysiz, har bir odamning öz feʼl-atvorida.
U öşa yillarda “Saodat” jurnalida Özbekiston Xalq şoiri Halima Xudoyberdiyeva, taniqli ijodkorlar Eşqobil Şukur, Qöçqor Norqobil, Dilfuza Şomalikova, Sanobar Faxriddinova, Xosiyat Rustamova kabi bir neça taniqli ijodkorlar bilan birga işlar,  biz havas qiladigan davralarda yurardi. Keçda kitob öqir, tunlarda esa tonggaça şeʼr yozar, chiroqni öçirmay, ğaşimizga tegardi. Goh-gohida öqisa, eski şeʼrlarini öqir, yangilarini  körsatmas, ularni bizdan qizğangandek bölardi.     

* * *
Salim Aşur ijodkor sifatida qanday muhitda şakllandi?  
Beğubor bolalik, oydin hayotga çulğangan qişloq, dala-daştlar kengligi, olis manzillarga çorlagan ufqlar, özi bir şeʼrida yozganidek, “soçi qora, yuragi oq odamlar”  unga şoir qalbni, şoir xayolotini, şoirlik ozurdaligini baxş etgan bölsa, ajab emas. Ijodkor şaxsning hayotiy prinsiplarini, faol fuqarolik irodasini u ötgan asrning saksoninçi, töqsoninçi yillari voqealaridan, öşa voqealarning murakkab va tazodli haqiqatidan, bir – puç mafkura va dunyoqaraşning boşqa – hayotiy va milliy asoslarga ega maʼnaviyat va qadriyatlardan töyingan dunyoqaraşga evrilişlaridan olgan, desak, ehtimol, yanglişmaymiz. Negaki, uning oliy tahsil va ikki yillik harbiy xizmatni tugatib, özini şaxs va şoir sifatida namoyon etişi, mustaqil hayotga katta orzu-umidlar bilan qadam qöyişi şu yillarga töğri keldi. Öşa yillarning suronli voqealari şörolarning istibdodi, zulm saltanati yemirilişi, xalqimizning oliy orzusi – mustaqillik qölga kiritilişi bilan yakunlandi. Sir emas, ildizi çirik tuzumning  sönggi yillari xalqning dardu hasrati, armonu kulfati sabr kosasidan tölib-toşgan, çigal va murakkab, kezi kelganda bir-biriga zid nuqtayi nazar va ğoyalar ğujğon öynagan palla edi. XXI asrning eng buyuk hodisasi – mustaqillikka yetgunça  dimiqqan maʼnaviy muhit, hayotdan, real zamindan uzilgan havoyi va soxta ğoyalar qançadan-qança ziyoli va munavvarlarimizni jisman va maʼnan ado qildi. Endi yangi zamon, yangi hayot –  mustaqillikning yoruğ kunlari boşlanayotgan kunlar, qadim yurtimizda istiqlol quyoşi porlagan edi.     
Salim Aşur tengqur ijodkorlar qatorida şu jöşqin muhitda kamol topib bordi. Bu navqiron saf katta avlod – kuraşlarda toblangan salaflari qatorida birinçi kunlardanoq ajdodlarimizning uluğ armoni – mustaqillikni avaylab-asraşga, uluğlaşga öz sözi, ovozi va fikri bilan salmoqli uluş qöşib keldi.
Dunyoqaraş va ideal adabiyotni harakatlantiruvçi kuçlardir. Har bir ijodkor öz davrining, öz zamoni va makonining  farzandi, yaʼni jamiyatda qaror topgan mafkura va madaniyat, millat maʼnaviyati, mavjud ong-tafakkur va dunyoqaraş mahsuli hisoblanadi. Har qanday yozuvçi yoki şoir öz davriga nisbatan baholanişi, har bir asar ham zamon va makonga nisbatan şarhlanişi kerak. Şu maʼnoda, Salim Aşur ijodining dastlabki bosqiçida ijtimoiy hayot voqealari, nur va soya, yaxşilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlikning azaliy kuraşi  baʼzan oçiq-oşkora, baʼzan timsol va ramzlar vositasida ifodalanganini kuzatiş mumkin. Bu bejiz emas. U adabiyotga ötgan asrning saksoninçi yillari oxiri, töqsoninçi yillari boşida, şeʼriyatda şiddat bilan yangilanayotgan tölqinning öziga xos uslubga ega bir vakili sifatida kirib keldi. U davr ijtimoiy hayotda yangi ong, yangi tafakkur, yangi dunyoqaraşning yuksalişi, yangi hayotiy mezonlarning qaror topişi, istibdod zulmining yemirilişi, siyosiy hayotda keskin buriliş pallasi – mustaqil taraqqiyot yöliga ötilişi bilan xarakterlanadi. Vulqondek pörtana jöş urgan zamonda hayotning butun tovlanişlari özini adabiyotga bağişlagan yoş şoir ijodida közgudagi kabi aks etdi. Ikki asr, ikki tuzum, ikki hayot örtasida qalami çarxlanib, uslubi tiniq tortib – şakllanib borayotgan yoş şoir doim faol ijtimoiy pozitsiyada bölganligi, ayniqsa, “Keçikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz”, “Ona tilim” kitoblaridagi aksariyat şeʼrlarda yaqqol közga taşlanadi. Uşbu kitoblarga asosan 1982-93 yillarda yozilgan şeʼrlar jamlangan. Bir qaraşda kitoblarning nomlanişida lirik maʼno ustundek tuyuladi, aslida kitoblardagi şeʼrlarni sinçiklab öqir ekansiz, uşbu nomlarni vatanning keçikkan tongi, vatanga atalgan kunlar, vatansiz inson hayoti öz maʼnosini yöqotadi, degan tarz va yösinlarda şarhlagimiz keladi.
Salim Aşur ijodida dastlabki davrdanoq ijtimoiy kayfiyat, kuraşlar ruhi baland bölganligini erkinlik nafasining qaynoq harorati, öşa yillarning pörtanavor voqealari, ozodlikka çanqoqlikning kulminatsiyasi bilan izohlaş lozim.  
Hissiyotlar, ğoyalar, fikrlar jöş urib, öziga yöl izlayotgan paytda – öşa yillarda adabiy muhit ob-havosini belgilab turgan A.Oripov, E.Vohidov, U.Azim, Sh.Rahmon, X.Davron, A.Qutbiddin, E.Şukur, A. Said kabi zabardast şoirlar safiga yangi ovoz bilan yangi avlod (Iqbol Mirzo, Ğulom Mirzo, Rustam Musurmon, Qöçqor Norqobil…) qöşildi. Ular orasida Salim Aşur ham bor edi.     
Uning öşa yillardagi ijodini “Keçikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz”, “Ona tilim” kitoblari orqali kuzatar ekanmiz, istibdod tuzumiga qarşilik va nafrat, jabr-zulmga nisbatan keskin murosasizlik, mustaqillikka, ozodlik tuyğulari va voqeligiga intiliş, ona tilimizni qisilişdan, kerak bölsa, köz ilğamas qafaslardan qutqariş, nufuzini kötariş masalasi, öşa davrda butun xalqimizning orzu-armonlari avval timsollar, obraz va ramzlar orqali, kosa tagida nimkosa, yaʼni tagmaʼnoli tarzda, keyinçalik esa oçiq-oşkora ifodalanganini köramiz.
“Ona tilim” (2008-yil) kitobiga kiritilgan “Mening ertaklarim” (1988-yilda yozilgan) turkumi nomlanişining öziyoq savol uyğotadi: nega ertaklar? Şoir istibdod tuzumi, zulm siyosatiga qarşi qaratilgan özining nafratli munosabatini ertaklar şaklida ifodalagan. Bu ertaklar xalq ertaklariga öxşamaydi. Anʼanaviy uslubda emas. Ularni ijtimoiy voqealar hayvonlar hayotiga köçirilgan falsafiy-ramziy ertaklar deyiş mumkin. Ertaklar şakli şoirning öz mulohazalarini köçma maʼnoda bayon etişi uçun ifoda vazifasini ötagan, xolos. Ertaklarning asosiy qahramoni salbiy qahramon: ertakdan ertakka köçib yuruvçi sariq tulki va sariq tulkilardir. Tulkining hiylakorligi, tayyorga ayyorligi, boşqa qon-qardoş hayvonlar örtasida nizo çiqarişi kabi jamiyatga xos bölgan illatlar allegorik tarzda oçib taşlanadi. Şarqdan kuçli şamol esganda tulkiga öz uyasi ming tanga bölib qoladi. Uşbu şeʼriy ertaklardagi satrlar işorali fikr taşiydi. Turkumdagi birinçi şeʼr-ertak qisqaça şunday mazmunga ega: qadimiy çinorning baland şoxlarini quşlar makon tutgan. Ammo yurtda tulkilar köpayib, çinor şoxlarigaça çiqib oladi. Tulkilardan quşlar, quşlardan tulkilar töraydi. Şunda daraxt öz-özini quritadi. Bitta ildizi qoladi. Bu ildiz kökarib, unib, ajdahoga aylanadi va tulkilarni yutib yöq qiladi. Bu örinda tulkilar timsolida avval çor tuzumi, söngra şörolar zuğumi, çinor vatan timsoli, quşlar esa şu vatan egalari ekanligi nazarda tutiladi. Yana bir ertakda ön beşta har xil hayvon pölat sandiqni içida nima borligini bilmay qöriqlab yotadi. Umr şunday ötadi. Nogahon böron kelib sandiq qulfini buzib, qopqoğini oçib yuboradi. Sandiqda faqat közgu bor. Ammo közguda birorta ham hayvonning, yon-atrofning aksi körinmaydi. Hamma yoqda qiyofasizlar urçib ketgan… Bu obrazlar va umuman ertak orqali şoir nima demoqçi ekanligi ham maʼlum.
Insof yuzasidan aytiş lozimki, Salim Aşur ijodida şakliy, mantiqiy tajribalar, yaʼni modern şeʼrlar salmoqli örin tutadi. Ayni paytda şaklbozlikka, eksperementlarga mahliyo bölib, şeʼrning asosiy şarti – tirik qalbning tirik tuyğularini çetlab ötmaydi.
“Atalgan kunlar” (2002-yil) kitobidagi “Otam portretiga çizgilar”, “Ohanglar va şakllar” turkumlari, “Momom uçun töqilgan ertak”, “Qöçqor şoxiga tumor”, “Daraxt pöstloğidan tuşib qolgan şeʼr”, “Orqaga”, “Közlarimga tölasan, Dunyo…”, “Sözlarimdan töqiyman zanjir”, “Laylak uyasi” kabi qator şeʼrlar şakliy va mantiqiy qurilişi, ifoda uslubi, öziga xos “içki” va “taşqi” tuzilişdagi yangiliklari, samimiyati va nafis badiiyati bilan şoirning butun ijodida, umuman modern şeʼriyatimizda alohida ajralib turadi. Bu öziga xoslik şeʼrlarning serqatlamligida, obrazlarning  quyuqligida, tiğiz istioralarda, misralardagi fikr va ruh tarangligida kuzatiladi. Ayrim şoirlarning modern şeʼrlarini öqir ekansiz, ular faqat qoğoz uçun yozilgandek taassurot uyğotadi. Çunki öquvçining qalbiga, sezgilariga hissiy taʼsir etmaydi.
Asosan uzun va qisqa şakllarning almaşib kelişi asosiga qurilgan Salim Aşurning modern şeʼrlarida esa haroratli va taʼsirçan köngil şeʼrxon zehnini yetaklab yuradi. Bu şeʼrlarni  lirik teatr, lirik spektakl, deyiş mumkin. Ularda lirik qahramonning ruhiyat dramasi, qalb dinamikasi öquvçining hayotiga aylana boradi. Yoruğ anduh, sohir tuyğular bahsiga şeʼrxon özi sezmagan holda qöşilib ketadi.
Şoirning uç satrdan iborat modern şeʼri:

Bobotoğning kökraklariday
Qavaribdi mehnatkaş közlari
Kaftlari ğözaday oçilgan ukamning

Agar sarlavha – “Ukamning portreti” alohida, birinçi satr sifatida iştirok etmasa, uşbu möjaz şeʼr-miniatyuraning “içiga kiriş eşigi” töliq oçilmagan, uni anglaş muşkul bölur edi. Uka – özbekning mehnatkaş yigiti obrazi. Uning qöllarigina emas, hatto közlari ham “Bobotoğning kökraklariday qavargan”, “oğzi ğözaday oçilgan”…
“Ayvazovsiy” ham modern şeʼrlar sirasiga kiradi. Lekin öxşatilayotgan va öxşatilgan narsalar örtasidagi mantiqiy aloqa buzilgan emas. Şoirning modern şeʼrlaridagi alohidalik şundan iboratki, ularda aksariyat modern adabiyotlarda bölgani kabi mantiqni atayin buziş yölidan borilmaydi, balki fikr va tuyğuning tabiiy maromi saqlanadi:    

Oy baliqday silliq suzadi
Bulutlarning törini yirtib…

Yölbarslar tödasi – tölqinlar vahşiy,
Ohu kabi qoçadi yelkan.

Yaxşi şeʼr özida hamma narsani: qadimni ham, bugunni ham, anʼanalarni ham, yangiliklarni ham jamuljam etadi. Unda darj etilgan tuyğu, kayfiyat, ruhiy holatning sira ohori tökilmaydi, har doim bahor gullaridek yaşnab turaveradi. Yaxşi şeʼr tuyğularimizni abadiyatga doxil etuvçi gözal bir tarixga ham öxşaydi.
Ruhiy, estetik jihatdan şoir ijodini kuzatib aytiş mumkinki, u ilk qadamlaridanoq adabiyotga ijtimoiy pafosi kuçli şoir sifatida kirib keldi. Talabalik davridayoq yozilgan şeʼrlarining javharini yurt ozodligi, xalq dardi, taşvişlari taşkil etgan. 1985-yilda qoğozga tuşirilgan “Söz aytdim…” şeʼrida u (“Yaşil giyoh” kitobi) şoir sifatida özining qatʼiy pozitsiyasini namoyon etadi:     

Qor ostida
Yaşil daraxtday
Vatan,
noming bilan isindim!..

Ötgan asrning töqsoninçi yillari şeʼriyatimizning umumruhi özgarayotgan, dabdaba, soxtalik, qarsakbozlik, ortiqça şovqin-surondan xoli bölib borayotgan, köngilga qaytilayotgan palla edi. Şeʼriyatning tabiatini özgartiradigan jarayon çuqurlaşib borardi.
Mustaqillikdan keyin milliy şeʼriyatimizda ikki katta yönaliş paydo böldi. Biri – millatning or-nomusi, şon-şarafi, erişilgan mustaqillikni kuylaş va madh etiş bölsa, boşqasi – umumiylik, ijtimoiylikdan xususiylikka, köngil kengliklarini badiiy tadqiq va dunyoni, insonni öz qalbi orqali his etişga, öta şaxsiy sezimlar orqali idrok qilişga moyil bölgan yönalişdir. Ayrim şoirlar esa, öz iqtidor diapozoniga köra, har ikki yönalişni öz ijodida uyğunlaştira oladi.
Bu jarayon S.Aşur ijodida ham kuzatiladi (“Keçikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz” kitoblariga sanalar qöyilgan). Töqsoninçi yillardan keyin uning ijodida publitsistikadan, grajdanlik hayqiriqlaridan sanʼat sari boriş, jamiyatdagi illatlarni şeʼriy yöl bilan foş etişni maqsad qilib qöymaslik, aksinça lirik kayfiyat, ayniqsa, muhabbat mavzusi yetakçi öringa çiqqanini, alohida böy körsatib turganini kuzatasiz.
2012-yilda naşr etilgan “Muhabbat kitobi” köngil umrini, işq yölini uzaytiradigan, qalblarga surur, iztirob, zavq-şavq soladigan muhabbatli şeʼrlardan tartib berilgandir. Mazkur kitob öz öquvçisini topdi. Işq dardiga mubtalo, muhabbat dardiga oşno yuraklarga manzur böldi. Uşbu ehtirosli şeʼrlardan bahramand bölgan zukko şeʼrxon hayotga, köngilga, insonga boşqaça – hayrat közi, taxayyul nigohi bilan qaray boşlaydi:

Uyingga kir, issiq uyingga,
Ötin yorib men yoqaman peç.
Menga öxşab sening köyingda
Gangib-gangib tuşayapti keç.

Tun çökmoqda. Uxla. Orom ol.
Qöllaringni silab-suyaman.
Ruxsat bersang. Olmasang malol,
Ustingni men yopib qöyaman.

Maʼşuqning taşrifi oşiqning zabun diliga yoruğlik olib kiradi. Şoirning lirik şeʼrlarida işq – yoruğ dunyo, hijron – zulmat dunyo timsolida namoyon böladi. Mahzun ruh, yoruğ dard lirik qahramon qalbini poklaydi, özini ezgulik va yaxşilik çöqqisiga kötaradi.  
Har qanday dolzarb ijtimoiy masala ötkinçi bölişi mumkin, inson, tabiat, hayot mavzulari tadqiqi esa abadiydir. Visolsiz muhabbat köngilni billurlaştirib, tozalab boradi. Muhimi visol emas, işq ortidan keladigan qalbning maʼnan yuksalişidir:

Qayrildi. Xonamga kirdi bir zumga,
Çayqalib bir dasta xuşböy gul misol.
Topşirmas özini endi heç kimga
Farzand kutayotgan begona ayol.

U keldi…
Zamondoş qalbini tadqiq etiş, ong izmidan çiqib, tuyğular ixtiyoriga ötgan keçinmalarni ulab, bugungi kunning oddiy kişisi, hozir yoningizda turgan kişining qiyofasi yaratiladi. Lirik qahramon bu qiyofaga befarq emas:

Baxt emasmi soyaboningiz,
Homiyingiz saodat? Vale
Paypoq, qölqop töqiyapsizmi
Yo kimgadir atalgan tole?

S.Aşur şeʼrlaridagi badiiy sanʼatlar, jonlantirişlar, obrazlar hayot voqeligiga, real mantiqqa mos keladi.
Lirik şoir sifatida u badiiy böyoqlarni möl istifoda etişni xuş köradi. Istiora va metaforalar, ramzlarni örinli qöllaganda ular  şeʼr fazilatiga aylanadi:

U davraga keldi. Ötirdi.
Göyo lola keldi çet qirdan.
Soqiy mayda-mayda içirdi,
Eski muhit özgardi birdan.

Öxşaşi yöq bunday kulguni
Kim çizibdi uning yuziga,
Soçlaridek qora qayğuni
Andozasi bormi közida?..

S.Aşurning lirik qahramoni quruq xitoblarga berilmaydi. Uning estetik ideali madhiyaboz ham, maddoh ham emas. U oddiy odamlarning dardini his etiş, şu dard bilan yaşaşni vatanparvarlikning, insonparvarlikning bir qismi deb biladi. Şeʼrlardagi daraxt, quş, gul, ot kabi köplab detallar inson timsolida keladi:

Közlaringni yerga tökma,
Ö, boşingni kötar, ot.
Seni şunday kir arqonga
Boğlab qöydimi hayot!..

* * *
 Gulning, yaproqning tilini kim tuşunadi? Osmon bilan giyohning muhabbati qay şaklda? Barg şiviri oşiq dil roziga öxşamaydimi?
Buni faqat şoir biladi, buni şoir çuqur anglaydi va bahor gullari yangliğ misralarini şeʼrxonga tortiq etadi. Şu boiski, u: “Soya aniq çizib bermoqda: Soçingizni silayotir kim…”, deb yozadi. Harorat alangasida yonayotgan oşiq köziga körinayotgan dunyo naqadar totli.
Salim Aşur şeʼrlari dunyoni totli, jozibali va gözal qilib körsata oladi.

Abdurahmon PIRIMQULOV – 1969-yilda Qaşqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Kiyikçi qişloğida tuğilgan. Toşkent viloyati davlat pedagogika institutining özbek filologiyasi fakultetini bitirgan. “Mohiyat va mahorat”, “Iztirob inkişofi”, “Navoiyni sevgan nozanin”, “Kulbam zim-ziyo sensiz” kitoblari naşr etilgan.    

“Yoşlik” jurnali 2014-yil, 4-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)