4 daqiqada öqiladi

225 marta körilgan

Kipriging epkinida Soyalar juft quralay

Ikrom Iskandar

 BIR SAHAR

Bu gulşan ne yangliğ boğ edi,

qaysiki, bir sahar çoğ edi,

xayolim bunda yöqotmişman,

nogoh bir toş kabi qotmişman.

Boğ içra bir pari-paykardir,

unga sara gullar navkardir –

boş egib etmiş bardor-bardor,

ul husn mulkida tantanavor,

yetti iqlim aro yaktodir,

ne yakto, guli nur, dur nodir.

Bu gulning kim ekan boğboni,

qay tarz östirmiş çaroğboni.

Bilmam, bu yo jonbaxş musiqa,

yoki jon olğuçi vasiqa –

ilkida çolğu, kuy taralgay,

ne navo, bir olam yaralgay.

Bölsaydim qölida çolğuday,

oh urib, olamni olğuday

va yo çolğusining bir tori,

bir tori demakim bor tori,

zorakim, könglim böşatgaydim,

könglidan bölak uşatgaydim.

Bağriga olsa ul şikasta,

siymin böyiga men havasda.

Menga dil oçsa ul sozim deb,

men dilim kuylasam rozim deb,

bulbullar tinglab lol bu rozni,

tanisa dard töla ovozni.

Ham çalib-tinglab ul töymasa,

qöymasa, bağridan qöymasa…

Ammo bu barisi xayoldir,

yoniga bormoq ham maholdir,

behuda öy surib yotmişman,

qotmişman, toş kabi qotmişman.

     YUZINGNI KÖRGALI

Yuzingni körgali oy uyolmişdir.

Sözlaring inju, lablaring bolmişdir.

Agarki husn mulkida bahs etsalar,

Layliyu Şirin poyingda qolmişdir.

 

Bu ne holmişdir, vasling umidida

közlarim yöllaring poylab tolmişdir.

Orzum röyobi röyo, neça vaqtkim

betin vaqt kabi tinçim yöqolmişdir.

 

Bu ne laşkar kabi oh emiş, mudom

ayriliq köksima lak-lak solmişdir,

kim, hajringda gar bir oh ursa Ikrom

Iskandar kabi dunyoni olmişdir.

                 * * *

Sen tomon borar bölsam,

yöllar özi yöl boşlar,

girdida poyandoz gul

şakliga kirgan toşlar.

Semirgayman simirgan

sarim – sarrin havolar.

Daraxtlarning mavjida

avjlanadi navolar –

çamamda, daraxtlar ham

sen haqda öylagaydir.

şoxlarida jon quşi

vasfingni kuylagaydir.

Yaqinlaşar olislar,

bir ğubor yöq orada.

Olam çiroyga, nurga,

sirga tölib boradi.

Şabadaning qatida

çorloving ilğayurman.

Yuragimni şabnamning

suvlariga çayurman.

Kökayimni soğinçlar

selday yuvar guldirab,

oqib ketar ğam-qayğu,

yöqoladi kudurat.

 

Közida quyoş kulgan,

soçi tun, qoşi qamar,

sensan borar manzilim,

oşiqman, oşiqaman…

 

            * * *

Oyparçam, gulistaram,

nafasi yalpiz islim.

Soçlari taram-taram,

öynoqi irmoq mislim.

Tuğyon bordir tinida,

boqişidan nur olay –

kipriging epkinida

soyalar juft quralay.

Gullayotgan boğlarning

quvnayotgan jarangi

yuragimga boğlandi –

oppoq kulgungning rangi.

Tegramda namoyişsan,

köksimdagi ğuluvu

hayratimga boissan,

tarçeçak, kunsuluvim.

           

            * * *

Yoz oqşomi osmonning

oqarişib darasi,

dalalarga quyilar

yulduzlar şarşarasi.

Yorişadi könglim ham,

yo şunday tuyuladi,

xayoling yulduzlarday

şovullab quyiladi.

Menga şuning özi bas,

şuning özi baxt kabir,

faqat oqimga qarşi

sakragan baliq kabi

öying bilan qonmagan

soğinç örtar gohida…

 

Öyinqaroq bir yulduz

sakrar terak şoxida.

 

            * * *

Sevmasingni aytdingmi,

kelmasingni aytdingmi,

yoki közguga qarab

aytayapsanmi hamon –

boqib biror teşikdan

ovozingni eşitgan,

har qalay, bir nimani

bilib olgan bu şamol.

 

Ölay seni sevgunça,

sevay seni ölgunça,

odam degani şunça

qiynarmi oşiğini…

Köça-köyda uvillar,

uvillar tom boşida.

Dil huvillar eşitib

şamolning qöşiğini.

            * * *

Seni bir bor kördimu,

men ayrildim huşdan, gul,

osmonlardan yurakni

poklaş uçun tuşgan gul.

Ey, egnida libosi

yurakdan rang olgan gul,

gulzor emas, men bilan

sahrolarda qolgan gul,

seni sevib qalbimdan

ardoqlaşni qöymadim,

har dam yonimdasan, lek

visolingga töymadim.

 

Ey, yuzlari farişta,

ey, maʼsumu biyron gul,

sen kökda oy, men yerda

gungu lolu hayron, gul.

Ey, qalbimga baxt bergan,

ham ayirgan huşdan, gul,

osmonlardan yurakni

poklaş uçun tuşgan gul,

seni öylab dilimni

bir savol ezar karaxt:

men sen bilan baxtliman,

sen topdingmi mendan baxt?

           

                  HANUZ

Qalbing – qoyadagi mustahkam qalʼa.

Hanuz çoğlanurman zabt etmoq sari…

Şaxdam qadam taşlab, saf bölib

ötib borar Vaqtning laşkari.

 

               * * *

Tökiladi lak-lak yulduz,

böşar qora kök elagi.

Çekinadi junjikib tun

yangi kun havosidan.

Saharni boğ uzra sohir

ovoz yetaklab keladi – 

uyğonadi gird-tevarak

bulbulning navosidan.

 

Neça vaqtki kutib-kutib,

muştoq yuragim anglagan

bir haqiqat şu böldi va

men işondim, ne tongkim,

kunim, bulbulzabonim-ay,

ohang kabi jaranglagan

sözlaringsiz yorişmaskan,

özing ekansan tongim.

 

Kutaman ming taʼma bilan –

kun çiqarmi… Dilda sançiq,

özimning-ku sening sari

haddim siğmas borişga…

“Keldim” degan sözing tanqis,

“Sevdim” degan sözing tansiq.

Kutilgan söz tilga çiqsa –

izidan kun yorişgay.

 

               * * *

Xayolimda çorlasam gar,

eşitmagin nolamni,

çunki menga sening öying,

xayol ham bir olamdir.

Bu olamda sening rasming

parilardan qolişmas.

Bu bir lof yo mubolağa,

gapni katta olişmas,

xayolimda sen bir hilol,

nur taratib turgaysan,

malaklarga malohatdan

saboq berib yurgaysan.

Sözlarimni simillatib

soğinçlaring balqisa,

tomirimga mador kirar

har öyingdan. Alqissa,

xayolimda çorlasam gar,

kelib qöyma tağinay,

seni töyib öylab olay,

mazza qilib soğinay.

               * * *

Sahardan keçga dovur

quvonçga tölib-toşgan

taşna vujudi bilan

bahra olar quyoşdan.

Quyoş bilan birga u

osmonlarda sayr etar –

tongda tutgança qölin,

kunbotar qadar ketar,

çopqillaydi, bu visol

yuragiga zavq solar,

unga heç ğala-ğovur

va tiqilinç avtolar.

Kun botganda qoronğu

öylar örtab köksini,

katta köça böyidan

qaytar ekan öksinib,

taqqa qotar va nogoh

tasavvurga qorişar –

kun aksi köz öngida

çiroq kabi yorişar…

 

Sen ketganda soğinçing

qadalganday yurakka,

şaharning çiroqlari

uyqu bermas terakka.

Ikrom ISKANDAR 1972-yilda Jizzax viloyatining Ğallaorol tumanida tuğilgan. Özbekiston Milliy universitetini tamomlagan. “Oyning içidagi olam”, “Bahorni izlayman”, “Yaşil xirgoyi” şeʼriy töplamlari, “Bugungi naqllar” risolasi eʼlon qilingan.

Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.

 

“Yoşlik”2013/1

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)