Muallimlar muallimi

0
48
marta ko‘rilgan.

Bobolardan qolgan ma’naviy meroslar orasi­da xalqdan chiqqan o‘tkir zehnli, bilim olishga ish­tiyoqmand, bir so‘z bilan aytganda, iqtidorli bolalarning boshini silab, ilm berish, ketadigan xarajatni zimmaga olish, e’tibor ko‘rsatish qadriyati bor. Cavobtalablar maktab-madrasalarda o‘qiyotgan, oilaviy ahvoli og‘ir bo‘lgan tolibi ilmlarga yordam berib turishgan. Negaki, talaba yaxshi ilm olsa oqibat xalqqa, va albatta, davlatga naf keltirishini ular juda yaxshi bilishgan. Behbudiy, Munavvar qori singari ma’rifatparvar bobolar ochgan maktablar, ular ko‘magida o‘qish uchun chet ellarga yuborilgan talabalar fikrimiz dalilidir.

Millat taraqqiysi yo‘lida kuyib-pishib xizmat qiladigan bunday ziyoli saxovatpeshalar bugun ham topiladi. Ular ko‘pchilik. Masalan, yaqin bir tanishim tabobat ilmida fan doktori, jarroh, uning qo‘lida davolanaman deguvchilar bisyor. Shunday bo‘lsa-da, vaqt ajratib, o‘qib-ulg‘aygan qishlog‘idagi maktabga borib, eng yaxshi o‘qigan bolalar – o‘zi tashkil etgan stipendiya g‘oliblari bilan uchrashib, ularni qo‘llab-quvvatlab, ko‘ngillarga ezgulik urug‘ini qadab keladi. Gap stipendiya miqdorida emas, e’tiborda! Bunday e’tibor murg‘ak qalblarda bilim olishga, hech bo‘lmaganda, shu inson singari xalqqa foydasi tegadigan mutaxassisga aylanishiga rag‘bat beradi. Albatta, yurtimizda har bir o‘quvchi e’tiborda. Lekin imkoni borlar, sinfxonalarga kirib borsa, iqtidorlarni yanada qo‘llab-quvvatlasa nur ustiga a’lo nur.

Iqtidorli bolalarni topish, maxsus dasturlar asosida ular bilan ishlash maqolamiz qahramoni, pedagogika fanlari doktori, professor, ko‘p yillar xalq ta’limi tizimida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan ma’rifatparvar yurtdoshimiz Jo‘ra Yo‘ldoshevning sevimli mashg‘uloti.

“1998 yilning oxirlarida Namangan viloyati maktablarida seminarlar tashkil etilgandi, – deydi pedagogika fanlari nomzodi Akrom Akmalov. – O‘shanda bir maktabda bo‘lib o‘tgan tadbirda men ham ishtirokchilar qatorida edim. Respublika miqyosidagi bunday anjumanga, tabiiyki, turli lavozimdagi rahbarlar, tegishli mutaxassislar tashrif buyurishgandi. O‘sha paytda xalq ta’limi vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Jo‘ra Yo‘ldoshev maktab faoliyati bilan tanishayotib, daftar ushlab turgan bir guruh o‘quvchilarning bergan salomiga alik olarkan:

– Nechanchi sinfda o‘qiysiz, bolajonlar? – deya iliq muomala bilan so‘radi. O‘quvchilar shu maktabning ikkinchi, uchinchi sinfida o‘qishlarini bildirishdi. She’r bilasizlarmi, degan savoliga biri 98 ta, ikkinchisi 145 ta, uchinchisi 277 ta she’rni yoddan o‘qib bera olishini aytishdi.

– Qani, yodlagan she’rlaringizdan aytib bering­lar-chi?

Shunda uchala bola ham baravariga O‘zbekiston Davlat madhiyasini ayta boshladi. Mehmonning rag‘­batlantiruvchi so‘zlari o‘quvchilarning g‘ayratini yanada jo‘shtirib, u bilan erkin suhbatga kirishdilar. Ular she’r nomlari yozilgan varaqlarni ishtirokchiga uzatib, xohlaganini so‘rasa, aytib bera olishlarini ma’lum qilishdi. Buni amalda bajargan o‘quvchilarga qarab mehmon:

– Barakalla, ota-onangizga rahmat. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘rasizlarmi, unday bo‘lsa, uni o‘zim sizlarga sovg‘a qilaman, – deya ularga va’da bergani va so‘zining ustidan chiqqaniga shohid bo‘lganman”.

Darhaqiqat, Jo‘ra aka O‘zbekiston bo‘ylab xizmat safarlarida, ayniqsa, ta’lim muassasalarida bo‘lganida bolalar bilan qisqa suhbatda ular orasidan iqtidorlilarini tez ajratib olar, ularning o‘qituvchilari bilan suhbatlashar, hatto, ota-onalarini maslahatga chorlar, vazirlik qoshida o‘zi tashkil etgan Alisher Navoiy nomidagi Nafis san’at litseyiga o‘qishga taklif etardi. Ana shunday mehrni ko‘rganlardan biri O‘zbekiston teleradiokompaniyasi “Assalom, O‘zbekiston!” studiyasi bosh muharriri o‘rinbosari Azizbek Turdiyevning fikriga e’tibor beramiz:

“1995 yili Respublika o‘quvchilar saroyida iq­tidorli yoshlar o‘rtasida o‘tgan tanlovning yopilishida Vatan haqida she’r o‘qiydigan bo‘ldim. Havaskorlik mashqimni o‘ktam ovozda aytib tugatishim bilan katta zalni qarsak ovozi tutdi (Bugun aniq bilamanki, bu olqishlar she’rga emas, navrasta bolaning dadil ovozi­ga va ifodali talaffuziga yangragan edi). Shu payt sahnadagi qator stol-stullarning markazida o‘tirgan kishi kela solib bag‘riga bosdi, meni maqtab-maqtab kostyumining cho‘ntagidan shosha-pisha ruchka olib tutqazdi. “Zo‘r she’rlar yozing”, dedi. O‘rnimga qaytganimda o‘qituvchilarim sovg‘a bergan odam xalq ta’limi vaziri Jo‘ra Yo‘ldoshev ekanligini aytishdi. Vazirdan sovg‘a olgan o‘quvchining ustozlari qanchalar shodlanganini tasavvur qilavering. Qishloqqa borganimda bu voqeadan hammadan ko‘proq bobom xursand bo‘ldi, “Nevaram ministrdan ruchka opti”, deb maqtanib yurdi. Bu sovg‘a mening omadli hayot yo‘limga bashorat edi.

Jo‘ra G‘aniyevich bilan keyingi yil Farg‘onada yana uchrashish nasib etdi. O‘qituvchilar anjumani bo‘layotgan zalda vazir vodiy iste’dodlar beshigi ekani haqida gapira turib, mening ismimni aytib, eslab qoldi. O‘sha yerda edim. Yoniga chaqirib, she’r o‘qib berishimni so‘radi (oddiygina o‘quvchining nomini yodda saqlab qolish uchun vazirda favqulodda xotira, aniqrog‘i, o‘z vazifasini sidqidildan  bajarish zavqi bo‘lishi kerak, nazarimda). O‘shanda Jo‘ra G‘aniyevich Toshkentga, Nafis san’at litseyiga borishni tayinladi. “Nafis san’at sizga o‘xshagan bolalarni tarbiyalash uchun ochilgan”, deya ta’kidladi”.

Biz hayotda o‘z farzandini yoki qarindoshini  biror ta’lim muassasasiga yo‘naltirib, yordam bergan va “o‘qitib odam qildim, unday qildim, bunday qildim” deguvchilarni ham uchratib turamiz. Biroq Jo‘ra aka bu litseyga taklif qilgan iqtidorli bolalar mutlaqo begona bo‘lsa-da, ular bilan keyinchalik ham aloqasini uzmasdi. Asosiy vazifasi uchun vaqti yetishmasligiga qaramasdan ular holidan muntazam xabar olib, uzoq-uzoq suhbatlar uyushtirib turardi. Bu borada yana Azizbekning fikrlariga quloq tutamiz.

– Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis san’at litseyi o‘sha vaqtlarda g‘oyat dong taratgan bo‘lib, muhiti shuhratiga monandligini birinchi qadamdanoq bilsa bo‘lardi. Litseyga kiraverishda o‘ng tomondagi maydon to‘riga hazrat Navoiy byusti o‘rnatilib, mutafakkirning quyidagi bayti uzoqdan ham ko‘zga ko‘rinarli harflar bilan bitilgandi: “Yigitliqda yig‘ ilmning maxzani, qarilik chog‘ida xarj qilg‘il ani”. Chindan ham bu maskanda ilm xazinasini yig‘ishni astoydil niyat qilgan o‘g‘il-qizlar o‘qirdi. Jo‘ra G‘aniyevich nafaqat litseyning bunyodkori, balki ana shunday muhit ijodkori sifatida o‘qituvchilaru o‘quvchilarning mehrini qozongandi. Bu maskanni ayricha yaxshi ko‘rishini yashirib o‘tirmasdi. Goh xorijlik mehmonlar bilan, goh bayramlarda, navoiyxonlik­larda yoxud “Nafosat” she’riyat kechalarida, xullaski, turli sabablar bilan litseyga tez-tez kelib turardi. Har gal kelganida bizni chaqirib uzoq suhbatlashardi. Biz o‘quvchilar ham biror zarurat tug‘ilsa, tortinib o‘tirmay katta-kichik iltimoslar bilan xalq ta’limi vazirligiga boraverardik. Jo‘ra G‘aniyevich bor bo‘lsa, albatta, xursandchilik bilan qarshi olardi. Bir kuni litseyda bo‘lib o‘tgan navbatdagi katta tadbirdan keyin vazirga yana erkalik qildik: Samarqandda yaqindagina ochilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat etishga avtobus ajratib berishlarini so‘radik. Bu kabi taklifu tashabbuslar o‘zimizdan chiqib, o‘qituvchilar bilan maslahatlashmay to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jo‘ra G‘aniyevichga aytaverardik. U kishi shunga haddimiz sig‘adigan darajada yaqin tutardi o‘zini. Biz erkatoylarning bu galgi iltimosimiz ham yerda qolmadi. O‘shanda aksar o‘quvchilar Samarqanddagi buyuk obidalarni ilk bor ko‘rib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, ko‘p yillar taassurotlarimizni oshiqib-toshiqib gaplashib yurganmiz.

“Haqiqatdan ham ustoz juda ko‘p yoshlarning boshini silagan, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan, iste’dodini charxlagan, hayotning og‘ir sinovlarida dalda, turtki bergan – deb eslaydi Shuhrat Oripov. – Juda ko‘p tengdoshlarim hozirgacha Jo‘ra G‘aniyevichning o‘zlariga ruhan ko‘mak berganliklarini, qo‘llab-quv­vatlaganlarini aytib charchashmaydi. Bu insondagi olijanoblikni, yoshlarga nisbatan g‘amxo‘rlikni litseyda o‘qib yurgan mahallarim juda ko‘p marotaba o‘zim ham kuzatganman. Vazir bo‘lib ishlab yurgan kezlarida qachon litseyga kelsalar, albatta, bizni oldilariga chaqirib suhbatlashardilar. “Muammolar yo‘qmi?” deb so‘rardi. Mana shu so‘rovning o‘zida ham yoshlarga nisbatan cheksiz e’tiborni anglash mumkin edi.

Oradan vaqt o‘tib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilinganligimni va davlatimiz rahbari Farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimni eshitib, ustoz juda xursand bo‘ldi. Ular o‘zlari topgan iste’dodli yoshlarning yutuqlaridan doim boshlari osmonga yetadi, xuddi o‘zlari erishgandek ich-ichdan yayraydi.

Sinfimizga kirib, biror fandan saboq bermagan bo‘lsalar-da, men Jo‘ra Yo‘ldoshevni o‘zimga haqiqiy ustoz deb bilaman. U kishi shoir emas-u, lekin adabiyotimiz, she’riyatimiz uchun qancha-qancha iste’dodli shoirlarni kashf etib bergan. U kishi rassom emas-u, lekin qanchadan-qancha rassomlarning iqtidorini yoshligidan aniqlab, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan, rag‘bat bergan. Respublikaning qayerida bo‘lmasin, ularni ko‘rganida xuddi bizdan so‘ragani singari “Muammolar yo‘qmi?” deb so‘ragan. Men ustoz kashf etgan, respublikamizning turli shahar-qishloqlarida tug‘ilgan juda ko‘p yoshlarni taniyman. Ular juda ko‘p va bugun turli sohalarda yetuk kadrlar bo‘lib yetishib, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun astoydil xizmat qilishmoqda.

O‘zim erishayotgan yutuqlarda va umuman hayotda o‘z o‘rnimni topib borishimda Jo‘ra G‘aniyevichning xizmatlari beqiyos ekanligini, maktabda o‘qib yurgan kezlarim ustoz bilan uchrashganim hayotimdagi o‘ziga xos burilish lahzasi bo‘lganligini bugun faxr bilan, mubolag‘asiz ayta olaman”.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda muh­taram Yurtboshimiz rahnamoligida iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu oqilona siyosat bugun o‘zining sezilarli samaralarini ham bermoqda. Bu yutuqlarga erishishda davlatimiz rahbarining siyosatini chuqur anglab, ularni amalga oshirish uchun o‘zini ayamaydigan Jo‘ra Yo‘ldoshev singari jonkuyar ustozlarimizning ham munosib hissasi bor. 

Ko‘pgina yozuvchi va shoirlarimiz Jo‘ra aka tashabbusi bilan har yili may oyida tashkil etiladigan ijodkor muallimlarning anjumanlarini ham yaxshi eslaydilar. Anjumangacha adabiyotning har xil janrida ijod qilguvchi muallimlarning asarlari yig‘ilar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida eng yaxshilari saralanib, mualliflar yurtimizning bahavo bir go‘shasiga taklif etilardi.

Bu ajuman va uning tashkilotchisi haqida taniqli shoir Ikrom Otamurod shunday dey­di:

“Jo‘ra Yo‘ldoshev – muallimlarning muallimi. Mavlono Beruniyning shunday bir hikmatlari bor: “Eshitganing hech narsa emas, ko‘rganing muhim”. U kishi maktabni adabiyotga, adabiyotni maktabga alohida e’ti­bor bilan, ehtirom va xayrixohlik bilan qadrdon etgan muallim. Vazir bo‘lgan mahallarida “Ijodkor o‘qituvchilar kengashi”ni tashkil etgan edi. Shu asnoda adabiyot o‘qituvchilarining har yili har bir viloyatda respublika anjumani o‘tkazilar edi. Anjumanda qatnashgan o‘qituvchilar, avvalo, jug‘rofiy muhitdan, muhimi, qalbiy qadrdonlikdan ruhlanardilar. Kat­ta-katta ham tasavvurlar, ham taassurotlar bilan qaytardilar o‘z maktablariga. Eng muhimi, muallimlarning muallimi Jo‘ra Yo‘ldoshevning o‘zi ham ushbu anjumanlarda doim birga bo‘lardilar. O‘qituvchilarning har bir yozuvini eshitib, dillari ravshan tortardi. Buni mazkur safarlar asnosida guvohi bo‘lganim sabab aytayotirman. O‘qituvchilar u kishiga o‘zlarini yaqin olardilar. Qadrdonday gaplashardilar. Bu maktabga bo‘lgan ixlosning, adabiyotga bo‘lgan ixlosning uzviy bog‘ichi edi. Jo‘ra Yo‘ldoshev, takror aytaman, maktab bilan adabiyotni bir-biriga qadrdon etgan inson. Yana bir gapim ushbu satrlarda aytiladi:

Hayot alifbosin har bir harfini,

O‘qib, joyladingiz maktab qalbiga.

Doim kengaytirib ta’lim tarxini,

Fidolar bo‘ldingiz darslar sarfiga.

 

Dillarda ezgulik cho‘g‘lantirasiz,

O‘rgatasiz qanoat ne, ne bardosh?!

Samimiyatga chin sodiq Jo‘rasiz,

Ilmu ma’rifatga qadrdon, Yo‘ldosh”.

 

Ikrom akaning aytgan so‘zlariyu bitgan satrlarida maqolamiz qahramoni, uning xizmatlariga samimiy baho berilgan. Yuqorida ta’kidlangan anjumanlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning ahamiyati beqiyos edi. Unda adabiyotga, adabiyotning mehvari bo‘lmish INSONga nisbatan mehr bor edi. Unda murg‘ak qalblarda adabiyotga mehr uyg‘otayotgan, shu bilan birga o‘zi ham mashqlar qilayotgan muallimlarga e’tibor mujassam edi…

Kamina bir necha vazir bilan ishlaganim bois, o‘zaro qiyoslash imkoniyatim bor. Ularning har biri o‘ziga xos iqtidoru layoqatga ega, o‘zidan iz qoldirgan rahbarlar ekanligini ta’kidlagan holda pedagog-vazir sifatida Jo‘ra aka singari bolajon va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan vazirni ko‘rmadim desam boshqalari xafa bo‘lishmas. Albatta, vazirning asosiy vazifasi ta’lim tizimida ishni samarali tashkil etish hisoblanadi.

Qalbi daryo muallim, adabiyotimizning tolmas tar­­g‘ibotchisi, pedagogika fanlari doktori, professor Jo‘ra Yo‘ldoshevning xizmatlari hukumatimiz to­­monidan munosib taqdirlangan. U Prezidentimiz far­monlariga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasida xiz­mat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.  Shu­­ningdek u Xalqaro fan, ta’lim va san’at aka­de­miyasining (AQSH) hamda Pedagogika va ijtimoiy fanlar akademiyasining(Rossiya) haqiqiy a’zosi hi­sob­la­nadi.

Jo‘ra aka bugun ham olimlar davrasida eng faol tadqiqotchilardan – Xudo bergan umrining har bir soniyasini hanuz o‘qib-o‘rganishga, ilmga sarflamoqda. Muallimlar muallimi sifatida esa hamkasblari va eng asosiysi, talabalar qalbiga ziyo taratiщda davom etmoqda.

Halim SAYID,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi

 

 

«Yoshlik»2012/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.