Mutolaa shukuhi

0
11
marta ko‘rilgan.

Eling uchun, bolam, yasha,

Eling uchun o‘l, bolam.

Usmon Azim

 

Yaxshi asar o‘qilganda olingan zavqdan ortiqroq zavqni boshqa yerdan topish mushkul! Yaqinda ana shunday shavq-zavqdan bahramand bo‘lish nasib etdi. O‘qiganim – O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Jodu” kitobi, bu kitobdan o‘rin olgan “G‘oz” hikoyasi edi.

Shoir sifatida elga tanilib, sermashaqqat ijod yo‘lining ancha-munchasini bosib o‘tgan qa­lamkashning nasrga qo‘l urishi xayrli bo‘lar ekan. “Hayajonu zavqdan begona, Tinch daryoday jim oqdi umrim”, deya armon qilgan iste’dodli shoirning nasriy va dramatik asarlar jamlangan bu kitobi shoir qalamidan to‘kilgan nasr namunasining qudrati nechog‘lik ulkan bo‘lishini ko‘rsatdi go‘yo.

Sodda va samimiy baxshiyonalari bilan Surxon baxshi-shoirlarining munosib davomchisi ekanligini namoyish eta olgan, Elbek baxshi, Elomon baxshi, Oqbotir, Alpomish, Barchinoy, Boychibor, Gul­pari, To‘ng‘ichu O‘rtanchayu Kenja botirlarni so‘y­­­latib, odamiyat dardlarini she’rga solishda o‘ziga xos tajriba orttirgan shoir “G‘oz”da ham shu yo‘ldan borgan. Hikoya syujeti uchun “Alpomish” dos­tonida bir-ikki jumlada bayon qilingan Alpomish va xabarchi g‘oz sarguzashti asos bo‘lib xizmat qilgan. Ko‘pchilik “Alpomish”ni o‘qigan. Uni takror-takror mutolaa qilganlar ham bisyor. Ammo tan olaylik, Alpomish oyog‘iga xat bog‘lab, Boysunga yo‘llagan g‘ozni qutqargan kampirning, g‘ozni otolmay qolgan merganning taqdiri ne kechgani haqida o‘ylamaganmiz.

Usmon Azim ana shu taqdirni qalamga olgan. G‘ozga o‘q tekkizolmagan Mergan birinchi marotaba o‘qi xato ketganligi, nomdor mergan bo‘laturib, bir g‘ozni otolmaganligi uchungina xastalik to‘shagiga mixlanadi. Ammo uning jismi emas, ruhi, qalbi jarohatlangan, bu jarohatning nomi esa g‘urur edi.

Hikoyani o‘qishli qilgan muhim jihatlardan yana biri asar tilining xalqona iborayu qochirimlar bilan ziynatlanganligidir. Hikoya xuddi xalq dostonlari kabi jonli suhbat-muloqot tarzida bitilgan. Bu esa uning o‘qilishini osonlashtiradi. Nasriy qofiya – saj’larning bisyorligini ham xuddi shunday fazilat sifatida e’tirof etish joiz: “…G‘oz bir aylanib, o‘takasi yorilib, “Boysun-Qo‘ng‘irotga yetguncha qanotimni toldirma”, deb Tangriga yolvorib, balandlab uchib ketdi. Mergan kuni yetganini sezdi: “Enamki g‘ozni mendan avlo bildi, paymonam to‘lgan ekan, gulim ochilmay so‘lgan ekan”, deb oh urib, olam ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib, to‘shakka yetmay yiqildi. Kampir bechora “voh, bolam”lab, o‘zini farzandining ustiga tashladi, ko‘zlarini yosh­ladi”.

Ko‘zingiz bu manzara aks etgan satrlar uzra kezganda, muallifni Onaga nisbatan nohaqlik qil­­ganlikda ayblaysiz. U bilan xayolan bahsga chog‘­­lanib, malomat yog‘dira boshlaysiz: Axir, Ona fidoiylik qildi-ku! U mergan o‘g‘li nishonga olgan, oyog‘iga Alpomishning xati bog‘langan g‘ozni uchirib yubormaganida, Boysun-Qo‘ng‘irotning holi ne kechar edi?! Mushtipar ona ne sabab qilgan ulkan fido­iyligi evaziga ayriliq, kulfat ila “siylanishi” kerak?

Kitobxonni o‘rtagan bu savollarga yozuvchi ko‘pni ko‘rgan, “birovning ismini eshitsa, umrini matalday aytib, Xudo buyurmagan kasallarga umrini qaytarib beraveradigan” Bo‘lgan kal tilidan javob qaytaradi: “…Sen fidoiylik qilding! Bu dunyoda fidokorning ishi og‘irdir…”

Naqadar shafqatsiz xulosa! Ammo tan ola­mizmi-yo‘qmi, sinovdan o‘tgan xulosa. Do‘stu ra­qib­lar malomatini andisha bois olqish deya qabul qil­ganmisiz? Ko‘nglingizga jon qadar yaqin olgan birodaringiz yuragingizga pichoq sanchganmi? Yaxshilik evaziga ta’na eshitib, izza bo‘lganmisiz? Unda Bo‘lgan kalning xulosasiga e’tiroz qilolmaysiz! Bo‘lgan kal tilidan insoniyatning eng katta dardini so‘ylayotgan yozuvchiga qo‘shilib peshona tirishtirasiz. Hikoyaga jonlilik baxsh etgan eng muhim jihatlardan yana biri, shubhasiz, ana shu kabi paradoks asosiga qurilgan syujet chiziqlariga murojaat etilganligidir.

Ajdodlar jasoratiyu saxovatini ibrat qilib ko‘rsatish – dunyo adabiyotining mushtarak fazilati. Ayniqsa, insoniy g‘urur yo‘lida g‘ayrat ko‘rsatgan zotlar barcha zamon va makonlarda ibrat namunasi bo‘lganlar. Hikoya muallifi yo‘l-yo‘lakay ishoralar tarzida bo‘lsa-da, bu haqiqatga takror-takror urg‘u beradi. Muallif tutgan bu yo‘lda Mergan qalbida jo‘sh urgan g‘urur tuyg‘usining asliy-azaliy hissiyot o‘laroq asrlar davomida qadr topganligini ta’kidlash istagi jo bo‘lgan.

“G‘oz”dagi Alpomish el-ulusni o‘ylab o‘g‘lini qurbon qilishiga bir bahya qolgan mushtipar onaga yakkayu yagona o‘g‘li Yodgorni qurbonlik uchun berib yubormoqni burch deb biladi: “…Siz tufayli mening yurtim omon qoldi, Yodgorjon tufayli sizning farzandingiz ham tuzalib ketsin. Shu bolamni xayri Xudo yo‘liga buyurdim…” .

“G‘oz”dagi Luqmoni hakim, har qancha buyuk tabib bo‘lmasin, mushtipar ona oldida bosh egadi: “…Men senga ta’zim qilmog‘im darkor. Men hayotimda mingta, maqtanib aytsam, o‘n mingta odamning hayotini saqlab qoldim. Sen bo‘lsa… E-he!”.

Yaxshi asarni yurakka yaqin qiladigan fazilatlarni aytib bitirolmaysan. Yaxshi asarda tasvirlangan voqealar anchagacha qalbingni o‘rtab, xotirangda charx urib yuradi. Yaxshi asarning ayrim parchalarini ixtiyorsiz yod olib, unda qo‘llangan tagdor iboralar, naqlnamo xulosalar, zalvorli luqmalar nutqingga ko‘chib, ularni davralarda aytib yurasan. Usmon Azim baxshiyonalarida, shuningdek, “Siz bilmaydigan zamonlarda” va “G‘oz” hikoyalarida qo‘llangan “O‘, birodarlar”, “Birodarlar” kabi murojaatlar shu qadar dilga yaqin, ta’sirliki, ularning ayrimlari mening ham nutqimga ko‘chib, hatto siz o‘qiyotgan bitiklarimda jarang berdi.

Ay, birodarlar! Shoir yozgan nasriy asarni shoir o‘qisa, buning ustiga, ovoz chiqarib, ko‘p­chi­lik­ning oldida o‘qisa, og‘ir bo‘lar ekan. Menda ham shunday bo‘ldi. Dastlab uyda o‘qiganim va mutolaadan so‘ng tomog‘imga qadalgan hayajonni yoshga aylantirib kiprigimga indirgan “G‘oz”ni talabalarga o‘qib berish uchun o‘zimda kuch topolsam kerak, deya umid qilgandim. Ammo o‘g‘lining dardiga darmon, diliga quvvat bo‘lmoq niyatida g‘ozga aylanishdan-da, mergan o‘g‘li otgan o‘qqa ro‘para kelishdan-da qaytmagan Onaning o‘tli sarguzashti haqida ovoz chiqarib so‘ylash oson ekanmi?…

Ay, birodarlar, kitoblar bag‘rida chinakam ma’­rifat jo ekanligini anglab yetgan talabalarim ko‘zidan oqqan yosh xayrli mujda bo‘lib kirdi ko‘nglimga. Ay, birodarlar! Dunyoni qalbi muzlaganlar kunpayakun qiladi… Men olis kechmish manzarasidan katta saboqlar chiqara olgan, insoniy g‘urur, mehr-oqibat odamiyat ahlining azaliy qadriyati, ma’naviy qudrati ekanligiga imon keltirgan otash qalblar taftida yayradim. Qo‘limdagi kitob mu­qovasini siladim.

 

 

Shodmon SULAYMONOV 1975 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Buxoro Davlat universitetini bitirgan. Filologiya fanlari nomzodi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Xosiyatli kun” (2001), “Kuz xayoli” (2004), “Tug‘ilgan kun” (2006), “She’riy san’atlar sehri” (2007) kabi she’riy, nasriy va ilmiy to‘plamlari chop etilgan. “Buxoro mavj­lari” jurnali mas’ul kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

 

“Yoshlik”2013/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.