Oshkora qotillik qissasi

0
83
marta ko‘rilgan.

Bepisandlik bilan ham mehr-muhabbat qozonish mumkin.

Jil VISENTI

 

Qotillik yuz bergan o‘sha kuni Santyago Nosir, tonggi kemada kelayotgan yepiskop hazratni kutib olish niyatida, ertalabki soat besh yarimda uyg‘ondi. Uyg‘onishidan avval tush ko‘rdi: anjirzordan o‘tib borayotganmish, ohista, sevalab yomg‘ir yog‘ayotganmish — mana shunday xushsaodat ro‘yo muddatida u birmuncha o‘zini baxtiyor his qilgan edi, ammo ko‘zini ochib, boshiga bexosdan qush axlati tushganday, ta’bi tirriq bo‘ldi. Oradan yigirma. yetti yil o‘tgach, uning onasi Plasida Linero o‘sha mash’um va musibatli dushanba kunini batafsil xotirlarkan, menga: «U tushida ko‘pincha daraxtlarni ko‘rardi, — dedi. —O‘limidan bir hafta oldin ham tush ko‘rgan edi, aytishicha, yakka o‘zi qo‘rg‘oshin qog‘ozdan yasalgan samolyotga o‘tirganmish, bodomzorlar aro parvoz qilganmish, ucharmish-u, uchoqning qanotlari birorta daraxtga urilmasmish», dedi u yana. Plasida Linero o‘zgalar tushiga darrov ta’bir aytguvchi, muabbirlikda ustasi farang ayol edi, lekin u o‘z o‘g‘lining qandaydir daraxtlarga bog‘liq tushlarida ham, o‘ldirilgan kuni va undan bir hafta avval ko‘rgan tushida ham hech bir alomatni sezmagan edi.

Santyago Nosirning o‘zi ham falokat belgisini tuymagan edi. U asli kamuyqu edi, kiyimlarini yechmay yotardi, yomon uxlardi; ertalab boshi og‘rib turardi, ichida it o‘lganday og‘zidan biram qo‘lansa hid kelardiki, ko‘ngli aynib, to‘yda yarim kechagacha ichishning jazosi shu-da, deya o‘zini koyib qo‘yardi. Uning ertalab oltidan besh daqiqa o‘tganda uyidan chiqqaniniyu roppa-rosa bir soat keyin cho‘chqaday bo‘g‘izlab tashlanganini ko‘rgan barcha kishilarning eslashicha, u o‘shanda, yuz-ko‘zidan hali uyqusi o‘chmagan esa-da, vaqtichog‘ odimlab borarkan, har bir duch kelganga, bugun kun ochiq bo‘ladi, deya ta’kidlab o‘tgan. Biroq, shohidlarning birortasi ham bu gapning ob-havoga nechog‘li aloqadorligini aniq, beishtiboh aytib berolmadi. Ularning ba’zisi, quyoshli kun edi, dengiz tarafdagi bananzorlardan yengil shabada esayotuvdi, deyishsa, ba’zilari buning aksini aytib, rasvo kun edi, osmon tund, past, qop-qora edi, havodan achigan suv hidi anqirdi, baxtsizlik ro‘y bergan paytda esa, ayni Santyago Nosir tushida ko‘rgan yog‘inga o‘xshab maydalab yomg‘ir yog‘ayotgan edi, deyishdi.

Men ham o‘sha kuni to‘yda tongotar maishatbozlik qilib, ishqu ishrat ilohasi Mariya Alexandrina Servantes quchog‘ida mastu mustag‘riq bo‘lib, ko‘zim ilingan ekan, basma-basiga chalingan jom sadolaridan uyg‘onib ketdim, bu mahobatli sadolar yepiskop hazrat sharafiga yangramayaptimikan, deya o‘yladim.

Santyago Nosir o‘sha kuni saharda oq surpdan tikilgan bayramlik shimini kiydi, ko‘ylagini egniga ildi, bu liboslar ham kecha to‘yga kiyilgan ust-boshi kabi ohorlanmagan edi. Illo, yepiskop hazratning tashrifi bo‘lmaganida, u odatdagiday och moshrang ko‘ylak-shimini, suvoriy etigini kiyardi. U har dushanbada shunday qiyofada Divino Rostro — Tangri tal’at makonidagi otameros qo‘rg‘oniga jo‘nardi. Qo‘rg‘onda otasidan qolgan molxona bor edi, bu mulkdan aytarli foyda ko‘rmasa-da, u mol-holiga yaxshi qarardi. Tog‘dagi yaylovga borsa, «magnum-357» to‘pponchasini beliga qistirib olardi, o‘zining aytishicha, agar to‘pponchaning og‘ir po‘lat o‘qi otga tegsa, miyasining qatig‘ini chiqarib yuborarkan. Kaklik ovi mavsumida u lochinotar miltig‘ini ham olib yurardi. Bundan tashqari, javonida «malinxershyonaver-30.06», «xolland-magnum-300», «xornet-22» kabi qo‘shdurbinli beshotarlari, ko‘p o‘qli «vinchester»i saqlanardi. Santyago Nosir otasiga o‘xshab yostig‘i ostiga to‘pponchasini qo‘yib uxlardi. O‘sha kuni, uydan chiqishidan avval, u to‘pponchadan patrontoshlarni sug‘urib olib, qurolni karavoti yonidagi javonchaga tashlab qo‘ygan. Onasi menga: «U qurolini hech mahal o‘qlangancha qoldirmasdi», dedi. Men buni bilardim. Shuningdek, to‘pponchani alohida bir joyda, o‘qlarini boshqa yerda asrashi — biror falokat bosmasin deya shunday qilishi menga ayon edi. Bu oqilona tadbir ham unga otameros edi: bir kuni xizmatkor xotin o‘rinni  yig‘ayotib, yostiqni ko‘targanda, to‘pponcha pastga tushib, yerga tegishi bilanoq varanglab otilib ketgan; o‘q xonadagi kiyim-kechak javonini tors yorib, devorni teshib o‘tib, chiyillaganicha qo‘shnining oshxonasi osha borib cherkov maydonidagi sarmehrobda turgan, odambo‘yi keladigan avliyoning bo‘rdan yasalgan haykaliga tekkan va changini chiqarib yuborgan. Santyago Nosir u zamonlar yosh bola edi, ammo mana shu voqea unga katta saboq bo‘lgan.

1 Jil Visenti — taxminan 1470—1536 yillarda yashagan portugaliyalik atoqli dramanavis va hajvgo‘y shoir.

 

Onasining eslashicha, o‘g‘li o‘sha kuni uning yotog‘idan shoshib yuvinish xonasiga o‘tgan va shu holat volida yodida so‘nggi xotira kabi muhrlanib qolgan. Santyago Nosir yuvinish xonasidagi doriqutichadan boshog‘riq dori qidirib paypaslanarkan, sharpadan onasi uyg‘onib ketgan. U chiroqni yoqarkan, eshik yonida bir qo‘lida suvli stakan, dori ichmoqqa taraddudlanib turgan o‘g‘lini ko‘rgan — bu holatni onaizor bir umr so‘zlab yurdi. Xuddi ana o‘shanda Santyago Nosir unga ko‘rgan tushini aytib bergan, biroq onasi daraxtlar xususidagi iboraga e’tibor etmagan.

— Tushga qushlar kirsa, bu faqat yaxshilik alomatidir, — deya ta’kidladi u menga ham.

Men Santyago Nosir fojiasi tafsilotini to‘la bilmoq niyatida yana o‘sha matlub va unut go‘shaga kelganimda, Plasida Linero qarib, umr shami pirpirab qolgan, jigarbandini so‘ng bor ko‘rgandagi kabi holda — to‘rbelanchakda ohista tebranib yotar edi. U kuppa-kunduzi ham odam sharpasini elas-elas ilg‘ardi; ensasiga dorivor giyoh barglari ho‘llab yopishtirilgan — o‘g‘lini oxirgi marta ko‘rganiga oid purmusibat xotira boshini muttasil og‘riydigan qilib qo‘ygan edi. Ayol to‘rbelanchak boshidagi arqon tutqichni ushlaganicha yonboshlab yotardi, sharpamni sezgan zahoti o‘rnidan qimirlab, turmoqqa urindi; nimqorong‘i xonadan chaqaloq cho‘qintiriladigan jomda qolgan oqava suv hidi anqirdi, bu badbo‘y hid o‘sha qotillik ro‘y bergan kuni tongda ham menga qattiq ta’sir qilgan edi.

Meni ostonada ko‘rishi bilanoq ayol Santyagoni yodga oldi. «Bolaginam xuddi shu joyda, shunday holatda turgan edi o‘shanda, — dedi. — Egniga yuvilgan, ohorlanmagan oq surp kostyum kiyuvdi, terisi nozik edi, ohorlangan libosni xush ko‘rmasdi». Ayol zanjabil dorisini shimib, xayolxonasiga kirib kelgan o‘g‘lining ketib qolishini istamaganday, to‘rbelanchakda uzoq muddat o‘y surib o‘tirdi. Keyin diltang xo‘rsinib: «U hayotimning yolg‘iz shamchirog‘i, birdan bir tayanchim edi», dedi.

Men onaning yodida Santyago Nosir azobu baxtsizlik timsoli kabi saqlanib qolganini his etdim. Yanvarning oxirgi haftasida u yigirma birga to‘lgan edi, xushqad, bir oz rangpar, qosh-qovog‘iyu jingalak sochlari ayni arabiy — quyib qo‘yganday otasiga o‘xshar edi. Santyago Nosir yolg‘iz o‘g‘il bo‘lib, uning ota-onasi moliyaviy hisob-kitob rishtalarini mustahkamlash niyatida turmush qurishgan, bu yorug‘ dunyoda badbaxtlik va koribad soyasidan boshlari chiqmagan kimsalar edi; biroq u avvallari otasi borligidan g‘ururlanib, o‘zini xushbaxt sanar edi; otasi uch yil oldin to‘satdan qazo qilib, u onasi bilan, so‘ppayib qolgach ham, mash’um dushanba kuni o‘zi o‘ldirilguniga qadar ham saodat nash’asini surib yurgan edi. Onasining nozikfahmligi unga ham yuqqan edi; otasi esa, unga bolaligidanoq miltiq otishni, chavandozlikni, shikor qushlari bylan ov qilishni, eng muhimi, mardlik va jasurlikni o‘rgatgan edi. Ota-bola o‘zlaricha arab tilida so‘zlashishar, Plasida Linero yonlarida turgan bo‘lsa, suhbatdan u ham bebahra qolmasin, deya ispanchada gaplashishar edi. Bu atrofda ularning qurol ko‘tarib yurganini biror jonzot ko‘rmagan, faqat bir gal lochin bilan ovlangan qushlarni olomonga ko‘z-ko‘zlash uchun xayriya bozoriga olib kelishgan, xolos. Otasi o‘lgach, Santyago Nosir o‘rta maktabni tugatib, o‘qishni davom ettira olmay, qo‘rg‘ondagi mol-holga qarashga majbur bo‘ldi. U tabiatan ko‘ngli ochiq, quvnoq, xushfe’l yigit edi.

O‘shanda, uni so‘yishgan kuni, onasi o‘g‘lining boshdan-oyoq oppoq kiyinganini ko‘rib, bugun dushanbamas-ku, bolaginam kunni adashtiribdi-da, deya o‘ylagan. «Bugun dushanba emas, o‘g‘lim, deb unga eslatdim ham», dedi u menga. Shunda yigit bayramlik liboslarini yepiskop hazrat tashrifi munosabati bilan kiyganini, xudo xohlasa, hazratga yukinib, uzugini o‘pish niyati ham yo‘q emasligini aytgan. Bu gap onasining g‘ashiga tekkan.

— U kemadan pastga tushmaydi, ovora bo‘lma, — degan u o‘g‘liga. — Har doimgiday, kema sahnida turgan ko‘yi somelarni duo qiladi-da, yana kelgan joyiga jo‘nab ketadi. U zot shahrimizni yomon ko‘radi.

Santyago Nosir bu gapning to‘g‘riligini bilardi, ammo cherkovning tantanali marosimi, olomonning shov-shuvli taraddudi uning aqlu hushini olib qo‘ygan edi. «Xuddi kinodagiga o‘xshaydi», degan edi u menga o‘shanda. Onani yepiskopning tashrifi ham, xaloyiqning ommaviy ibodati ham qiziqtirmasdi, u o‘g‘lining ertalabda yupun kiyinib, shamollab qolishidangina cho‘chirdi: o‘g‘li kechasi uyqusida aksa urganday tuyulgan edi unga. Bolam, soyaboningni olvol, degan edi. Santyago beparvo qo‘l siltab, xonadan chiqib ketaverdi. Ona o‘g‘lini o‘shanda oxirgi marta ko‘rgan.

Oshpaz xotin Viktoriya Gusmanning tasdiqlashicha, o‘sha kuni ham, butun fevral oyida ham yomg‘ir yog‘magan. «Aksincha bo‘luvdi, — dedi u bir gal menga, o‘limidan sal avval yo‘qlab borganimda. — Erta tongdanoq quyosh qizdirardi, kunlar avgustdagiday issiq edi». Santyago Nosir oshxonaga kirganda, u tushlikka deb uchta quyonning go‘shtini nimtalar, atrofida ochofat itlar so‘lagini oqizgancha aylanishar edi. «Ertalablari uning afti tunda ko‘z yummagan kishining yuziday horg‘in bo‘lardi», deya esladi Viktoriya Gusman yigitga hamon nafrati borligini yashirmasdan. Uning qizi Divina Flor — Jannat Guli, endi-endi ochila boshlagan gulg‘unchaday qiz — shakarsiz qahvaga rom qo‘shib, banddor piyolada Santyago Nosirga uzatgan. Odatda, u har dushanbada bu ishni takrorlar, romli qahva yigitning bir kun avvalgi ichkilikbozlikdan bo‘shashib, kuchsizlangan jismu joniga mador bag‘ishlar edi. Oshxonadagi katta o‘choqda alanga chirsillab-shivirlar, baland qo‘noqda tovuqlar hamon mudrashar, qisqasi, odatiy, sirli hayot davom etar edi. Santyago Nosir yana bir dona boshog‘riq dorini yutib, qahvani maydalab icharkan, o‘y surgan ko‘yi, toshtaxtada quyonning ichak-chavog‘ini tozalayotgan ikkala ayoldan ko‘z uzmay o‘tirardi. Viktoriya Gusman, yoshi o‘tinqiragan bo‘lsa-da, hamon dilbar edi. Qiz birmuncha g‘o‘r, o‘jar ko‘rinar, yoshlik ehtirosi va jununi ko‘pirtirib turgan qoni tomirlariga sig‘may, jo‘shib, rangiga urib, nafasini siqib qo‘yayotganday tuyular edi. U qahvadan bo‘shagan piyolani olgani kelganida, Santyago Nosir uning qaynoq bilagidan mahkam tutdi.

— Seni ayni jilovlab, minadigan payt keldi- da! — dedi u qizga zinokorona nigohini tikib.

Viktoriya Gusman unga qon yuqi pichoqni o‘qtalib:

—          Qo‘yvor uni, betavfiq! — dedi xo‘mrayib. — Ko‘zim ochiq ekan, bu buloqqa tumshug‘ingni tekkizolmaysan!

Ibrohim Nosir, Santyagoning otasi, Viktoriya Gusmanni qizlik mahalida avrab, buzib qo‘ygan edi. Qo‘rg‘ondagi otxonada u bilan bir necha yil davomida yashirincha uchrashib, aysh surib yurdi, ishqi susayib, hovridan tushgach, uni xizmatkorlikka oldi. Divina Flor uning so‘nggi jazmanidan orttirgan tanho zuryodi edi. Qiz ham Santyago Nosir bir kunmas-bir kun bag‘riga bosishini, ismati qon yig‘laydigan ko‘rpa aynan shu go‘shada to‘shalajagini oldindan sezib yurar, ko‘nglida o‘shanday sirli kechani istovchi mayl uyg‘ongan edi. Keyinchalik uni ko‘rganimda, bir necha o‘ynashlaridan orttirgan bolalari o‘rtasida semizlikdan pishillab, g‘amgin o‘tirar ekan, menga: «Vo darig‘, endi unday yigitni bu dunyo qayta ko‘rmaydi!» dedi. Onasi Viktoriya Gusman uning gapini bo‘lib: «Quyib qo‘yganday otasining o‘zi edi, — dedi. — Ikkalasi ham rasvoi raddibalo!» U, quyonning hovuri ko‘tarilib turgan ichak-chavog‘ini shartta sug‘urib olib, itga tashlaganida, Santyago Nosirning qattiq qo‘rqqanini eslab gapirarkan, ovozi titrab ketdi.

— Muncha bag‘ritoshsan, — degan edi u o‘shanda juvonga. — O‘zing o‘yla: shu quyonmas, odam bo‘lsa, nima qilarding?!

Himoyasiz darrandayu parrandalarni ovlab, o‘ldirib yurgan yigitning bu qadar hayajonga tushganini anglab yetguncha Viktoriya Gusmanning umridan yigirma yil o‘tdi. «Yo rab! — dedi u o‘shanda vahimadan titrab. — Nahotki u alomati g‘ayb, ajal elchisi bo‘lgan edi?!» Inchunun, qotillik ro‘y bergan o‘sha tongda, oshpaz xotin azbaroyi g‘azablanganidan, Santyago Nosirning nonushtasini zaharga aylantirish uchun quyonlarning qonga botgan ichak-chavog‘ini yulib-yulqib, itlarga basma-bas otavergan. Xullas, yepiskop tushgan kema bandargoh tomonda quloqni qomatga keltirib ovoz qilguncha — shahar uyg‘ongungacha bo‘lgan ahvol shunday edi.

Nosirlarning uyi avval ikki qavatli omborxona edi, devori randalanmagan taxtalardan tiklangan bo‘lib, tomi ikki tarafi nishob, ruxlanmagan tunuka bilan yopilgan, tom tepasidagi kaptarxonada xudoning bergan kuni o‘limtikxo‘r quzg‘unlar g‘ujg‘on o‘ynab, bandargohda yig‘ilgan axlatning to‘kilishini kutib yotishar edi. Imorat ancha eski zamonlarda, daryoda kemalar bemalol suzadigan, dengiz qayiqlari ham botqoq o‘zanni bexavotir aylanib o‘tib, shaharchaga kira oladigan paytlarda tiklangan. Ichki urushlardan biri tugaganda, arablarning so‘nggi guruhi safida bu yerga Ibrohim Nosir ham boshi og‘ib kelib qolgan, o‘shanda daryo o‘zanini o‘zgartirib, kemalar dengizdan bandargohga yo‘lamay qo‘ygan, shu bois omborxonalar ham keraksiz makonga aylangan edi. Ibrohim Nosir imoratni suvtekinga xarid qildi. Bu yerda xorijiy mollar sotiladigan do‘kon ochmoqni o‘ylagan edi, afsuski, niyati amalga oshmadi. Uylanish taraddudiga tushgach, u yoq-bu yog‘ini tuzatib-bezatib, omborxonani uy qilib oldi. Pastki qavat mehmonxona bo‘ldi, uy orqasiga esa, to‘rtta otga mo‘ljallangan otxona, xizmatkorlar yashaydigan kulba, shuningdek, derazasidan doimo ko‘lmaksuv hidi kelib turadigan bandargoh tarafga qaragan oshxona qurildi. Qaysidir bir halokatga uchragan kemadan yodgor qolgan aylanma zinagina ta’mir etilmadi, imoratning boshqa hamma joyiga Ibrohim Nosir qo‘l urib chiqdi. Avval bojxona mahkamasi sanalgan ikkinchi qavatni u ikkita yotoqxonagayu tug‘ilajak bir gala bolalariga mo‘ljallangan beshta kichik-kichik xonalarga aylantirdi. Bundan tashqari, pastda, maydonda o‘sgan bodom daraxtlarining naq ustida qad kergan yog‘och peshayvonni ham o‘zi tikladi; eridan ajralib yolg‘iz qolgan Plasida Linero mart oqshomlarida, judolik alamini yengillatish dardida, xuddi shu peshayvonga chiqib o‘tirardi. Ibrohim Nosir binoning kungay tomonidagi ko‘cha eshikni tuzatib, ikkita oyna solinadigan ko‘z yasattirib, atrof-girdini o‘ymakor qildirgan edi. U imorat ortidagi yo‘lakni ham avvalgi holicha qoldirgan, faqat eshik peshburunini sal yuqori ko‘tarib, otliq odam o‘ta olishiga moslagan edi; Ibrohim Nosir eski langargohdan ham foydalanish yo‘lini topgan. Xullasi kalom, asosan orqa eshikdan yurilardi, u orqali oshxonagayam, molxonagayam, eng muhimi, maydonni kesib o‘tilmasa-da, yangi bandargohga ham chiqilardi. Ko‘cha eshik esa, bayram kunlarigina ochilardi, boshqa paytda mudom tambalab qo‘yilardi. Sho‘nga qaramay, Santyago Nosirni o‘ldirmoqqa chog‘langan qotillar serqatnov orqa eshik yonida emas, aynan shu ko‘cha eshik ro‘parasida uni poylashgan, ajal yetaklaganmi — bilmadim, u ham yo‘l aylanmaligini bilaturib, xuddi shu ko‘cha eshik orqali yepiskopni kutishga oshiqib chiqqan. Shundayin mash’um, ayqash-uyqash voqealar ro‘y berganki, eshitgan har qanaqa odamning aqli shoshib qoladi. Riochidan yetib kelgan tergovchi, aftidan biror narsani sezgan shekilli, o‘sha serfalokat va uyqash hodisalarga rasman e’tibor qilmaganday tuyulsa-da, ularni o‘zicha sharhlashga, odilona baholashga uringani tergovnomadagi ba’zi sahifalardan ochiq-oydin ko‘rinib turar edi. Guvohlar maydon tomonga ochiladigan ko‘cha eshikni har eslashganida, tergovchi bu tafsilotga alohida urg‘u berib, xuddi oldi-qochdi asarlaridagi kabi «mash’um eshik» degan iborani yozib qo‘ygan. Aslida esa, bu ajib tafsilotga oid birdan bir to‘g‘ri, diqqatga molik gapni, tergovchining savollariga javob berayotib, Plasida Linero aytgan: «Mening o‘g‘lim bayramlik kiyimida hech qachon ko‘chaga orqa eshikdan chiqmagan», degan u chin onalik shahodati bilan. Bu dalolat shu qadar sodda, jo‘n ediki, tergovchi uni hoshiyaga yozib qo‘yaqolgan, sud ishi hujjatlariga kiritmagan.

 

Viktoriya Gusman so‘roqda: o‘laman sattor, hech narsani bilmayman, men ham, qizim ham Santyago Nosirni o‘ldirish niyatida kimlardir poylab turganidan mutlaqo bexabar edik, deya sarkashlik qildi. Biroq u, yillar o‘tgach, yigit oshxonaga qahva ichgani kirishidan avvalroq uning joniga qasd etilganidan o‘zi ham, qizi ham xabardor bo‘lganini tan olib gapirdi. Ertalab soat beshlarda sut so‘rab kirgan bir xotin ularga bor gapni, suiqasd sababini ham, sallohlar uni qayerda kutib turishganini ham aytgan. Viktoriya Gusman menga: «Bu shov-shuv mast-alastlarning aljirashidir-da, deya o‘ylab, unga aytib o‘tirmagan edim», dedi. Divina Flor esa, uni onasi o‘lganidan keyin yo‘qlab borganimda, tong qolarli haqiqatni aytdi: «Onam ko‘nglida Santyago Nosirning o‘limini tilagani uchun ham suiqasdchilar poylayotgani xususida menga og‘iz ochmagan». O‘shanda Divina Flor har qalay yosh, diydasi qotmagan bir qiz edi, buning ustiga, azbaroyi qo‘rqib ketganidan o‘zicha biror tadbir ko‘rishga aqli yetmagan; yigit qo‘lidan ushlaganida esa, battar vahimaga tushgan va tasavvurida uning qo‘llari murdanikiday sovuq, toshday qattiq tuyulgan.

Tong g‘ira-shirasida — yepiskop kelayotgan kema gurillab ovoz berayotgan choqda, Santyago Nosir katta odimlab uyidan chiqqan. Divina Flor eshikni ochish niyatida oldinga chopgan; yonlab o‘taman, deb oshxonadagi qush qafaslariga urila-surila, chetandan to‘kilgan jihozlar, qirqquloq butalari oralab ko‘cha eshik tomon oshiqqan, ammo lo‘kidonni tushurishi bilanoq, Santyago Nosir uning yoniga yetib kelgan va qiz «qirg‘iy panjasi»dan qochib qutulolmagan. «Badanimni xamirday ezg‘ilab tashladi, — dedi menga Divina Flor. — Ko‘pincha u meni xilvatda yolg‘iz tutvolib, bag‘riga bosib ezg‘ilagani ezg‘ilagan edi; lekin o‘sha kuni avvalgiday hadiksiramadim, bezillamadim, balki dahshat vahmidan bo‘zlagim keldi». Qiz uning bag‘ridan bo‘shalib, nari surilib, ochiq eshikdan uni o‘tkazib yuborganu tashqarida, maydonda qorday oppoq bo‘lib gullagan, sahar yog‘dulari aro shaffof porlab turgan bodom daraxtlariga ko‘zi tushgan, kamoli hayajonlanganidan boshqa yoqqa nazar solishga madori yetmagan. «O‘shanda kemaning tovushi tinib, xo‘rozlar qichqira boshlagan edi, — deya gapida davom etdi Divina Flor.— Xo‘rozlarning ovozi shu qadar o‘tkir, quloqni kar qiladigan darajada shovqinli ediki, men shahrimizda parranda shunchalik ko‘pligini aqlimga sig‘dirolmay, bu xo‘rozlar yepiskop bilan birga kemada olib kelingandir, deb o‘ylabman». Guvoh Plasida Lineroning yozg‘irishicha, oqsoch qiz o‘ziga hech qachon nasib etmaydigan bu yigitga qilishi lozim bo‘lgan birdan bir yaxshilik — lo‘kidonni solmay, eshikni ochiq qoldirish edi; shunda o‘g‘li, asqatgan taqdirda, darrov uyga kirib, xavfdan qutular edi. Noma’lum kimsa — uning shaxsi aniqlay olinmagan — ostonaga xat tashlab ketgan, unda Santyago Nosir suiqasddan boxabar etilib, uni kimlar, qachon, qayerda o‘ldirmoqchi ekani batafsil ko‘rsatilgan. Santyago uydan chiqayotganda ham maktub yerda yotgan, ammo yigit uni payqamagan; unga Divina Florning ham ko‘zi tushmagan, umuman, xatga hech zot e’tibor bermagan, uni qotillik amalga oshirilgach, anchadan keyingina ko‘rishgan.

Soat olti, ko‘chalarda chiroqlar hamon yoniq. Bodom shoxlarida, ba’zi uylar peshayvonida to‘y munosaba- ti bilan osilgan, rangin qog‘ozlardan yasalgan gulchambarlar sollanadi, dabdurustdan ko‘rgan ki- shi, gulchambarlar yepiskop sharafiga osilgan, deb o‘ylaydi. Ibodatxona ayvoniga tutash, to‘rtburchak tosh yotqizilgan maydon sahnida mashshoqlarga mo‘ljallab taxtasupa yasalgan, supa kechagi olo- monsayildan keyin bo‘sh shishalaru turli nishxo‘rd chiqindiga to‘la axlatxonaga aylangan edi. Santyago Nosir ko‘chaga chiqqanda, kema shovqinini eshitib bir necha kishi bandargoh tomon chopib ketayotgan edi.

Maydondagi barcha mahkamalaru uylarning eshigi berk, faqat cherkov yaqinidagi sut do‘konigina ochiq, Santyago Nosirni so‘yishga qasd etganlar uni xuddi o‘sha yerda poylashayotgan edi. Uni dastlab sut sotuvchi xotin — Klotilde Armenta ko‘rgan, tonggi tiniq shu’lalarda yigitning oppoq kiyimi unga simobi matodan tikilganday tuyulgan. «U qo‘zimga oqyaltiroq libos kiygan arvohday ko‘rindi», dedi u menga. Qosidlar ro‘znomaga o‘rog‘liq pichoqlarini mahkam quchoqlagancha peshtaxta tagida uxlab yotishardi. Klotilde Armenta ularni uyg‘otib yuborishdan cho‘chib, nafasini yutib, damini chiqarmay lol turavergan.

Suiqasdchilar — Pedro bilai Pablo Vikariolar — yigirma to‘rtga kirgan, bir-biriga ikki tomchi suvday o‘xshash yigitlar edi. Tergovchining hisobotida: «Ko‘rinishi xunuk bo‘lsa ham, fe’li, muomalasi yaxshi ekan», deb yozilgan. Men ham, ikkovini maktabda o‘qib yurgan paytlaridan biladigan odam sifatida, xuddi shu gapni aytgan bo‘lardim. Ular kecha to‘yda kiygan engillarini — bizning Karib dengizi qirg‘oqlaridagi mazgillarda odamni birmuncha olifta, baqaloq qilib ko‘rsatadigan qora jun kostyumlarini yechib ulgurishmagan, o‘yin-kulgi, ziyofatu ichkilikdan xorigan yuzlari ezgin bo‘lsa-da, soqollari odatdagiday qirtishlab olingan edi. To‘y arafasidagi bazmdayoq mast bo‘lib olgan egizaklar, uch kecha-kunduzdirki, betinim ichaverib, aqlu hushdan ayrilib, ikkoviyam bamisoli tunkezaroyparastga aylangan edi. Ular Santyago Nosirni Klotilde Armentaning sut do‘koni peshtaxtasi ostida uch soat mudrab kutgach, ilk tong nurlari osmonni yoritganda, nihoyat, jumadan beri birinchi marta ko‘zlari ilindi. Kema dastlab ovoz bergandayoq sachrab uyg‘onishdi, Santyago Nosir uydan chiqqanda esa, uni ko‘rib, tamoman hushyor tortishdi. Ikkovi ham darhol qo‘llaridagi o‘rog‘liq pichoqni mahkam qisib, taraddudlanishdi, Pedro Vikario hatto o‘rnidan tura boshladi.

— Tangriga shak keltirmanglar, — deya bidirlab shivirladi Klotilde Armenta. — Xudo xayrlaringizni bersin, hech qursa, yepiskop hazrat ketgunicha shu ishni qilmay turinglar…

«Bu gapni xudo ko‘nglimga solganini qarang-a», deya u keyin ham necha bor takrorlab, g‘ururlanib yurdi. Darhaqiqat, bu fikr uning kallasiga bexosdan kelib qolganu beixtiyor aytib yuborgan esa ham, har qalay, egizaklar bu so‘zdan keyin shashtlaridan tushdilar, turayotgani yana qaytib o‘rniga o‘tirdi. Ikkovlon maydondan o‘tayotgan Santyago Nosirni kiprik qoqmay kuzatishdi. «Ular unga achinib qaradi», deya izoh berdi Klotilde Armenta. Shu asnoda maydonni cherkov maktabining bir guruh talaba qizlari betartib ravishda kesib o‘tishgan.

Plasida Linero bilib aytgan ekan: yepiskop kemadan pastga tushmadi. Bandargohda shahar ma’murlari va o‘quvchi bolalardan tashqari sonsanoqsiz olomon ham to‘plangan edi; har joy-har joyda chetan savatu kajavalardan hazratga atalgan xo‘rozlar boshini chiqarib, mo‘ltirab turardi. Xo‘roz tojining qaynatmasi yepiskopning xush ko‘radigan taomi edi. Hadyayu tortiqlar shunchalik ko‘p yig‘ildiki, ular kemaga yuklansa, rosa ikki soat vaqt ketardi. Ammo kema to‘xtamadi. U daryoning qayrilishidan timsohday o‘kirib-suzib chiqishi bilanoq mashshoqlar yepiskopga bag‘ishlangan tantanali qasida kuyni jaranglatib chalib yubordilar, shu zahoti xo‘rozlar ham tomoqlarini yirib-yirtib qichqirdilar, ularga shaharda qolganlari jo‘r bo‘lishdi.

Bu davrning kemalari bo‘lakcha; g‘ildirakli, o‘tin yoqiladigan afsonaviy kemalar allaqachon ko‘rinmay qolgan, ayrim istisno tariqasida suzib yurganlarida esa pianola ham, asal oyini ayshu ishrat bilan o‘tkazadigan xosxonalari ham yo‘q edi; aslida, bunday almisoqdan qolgan kemachalarning oqimga qarshi suzishi azobdan azob. Yepiskop hazratning kemasi yap-yangi, bir emas, ikkita temir mo‘risi cho‘qqayib turardi, ularga bilakuzuk shaklida bayroq tasviri tushirilgan, ostidagi charx-parragi tezyurar dengiz kemalariniki kabi mahobatli edi. Kemaning yuqori sahnida, shundoqqina kapitan hujrasi yonida, ispan mulozimlari davrasida, oppoq kiyingan yepiskop siymosi ko‘zga tashlanadi. «Ob-havo xuddi rojdestvo hayitidagiday edi», dedi singlim Margot. Uning aytishicha, kema langargoh yonidan o‘tib borarkan, ulkan mahluqday cho‘zib bo‘kirgan, keyin qirg‘oqda, birinchi qatorda turganlarga issiq hovur aralash suv sachratib, ust-boshini shalabbo qilgan. Odamlar yepiskopni xuddi tushda ko‘rganday bo‘lishgan: kema olomonning ko‘z o‘ngida o‘tib borarkan, hazrat havoga qo‘lini bigiz qilgancha cho‘qinish rusumini bajo etib, shunchaki, merovlarcha cho‘qina-cho‘qina kema uzoqlashgani barobarida u ham ko‘rinmay ketgan, bandargoh cho‘chigan xo‘rozlarning qaqalashiyu pala-partish qichqiriqlariga to‘lgan.

Santyago Nosirga aldangani alam qildi: ruhoniy Karmen Amadorning ommaviy tashviqiga uchib, u ham bir necha quchoq o‘tinu yepiskop yoqtiradigan tojdorxo‘rozning bir nechasini xazratga atagan edi, u esa beparvo o‘tib ketdi. Lekin yigitning alami uzoqqa cho‘zilmadi. Singlim Margot bandargohda u bilan yonma-yon turgan ekan, uning qo‘l siltab qo‘yganini, boshog‘riq dori kor qilmaganini, karaxtligi tarqamaganini sezgan va ko‘zlarining birdan mamnun chaqnaganidan mayxo‘rlikni yana davom ettirajagini  anglagan. «U hecham shamollaganga o‘xshamasdi, faqat  kechagi dang‘illama to‘y qanchaga tushganini o‘ylardi go‘yo», dedi menga singlim. Shunda Kristo Bedoyya darhol sarfu xarajatlarni hisoblab, shunday raqamlarni aytdiki, og‘zimiz ochilib qoldi. Santyago Nosir ikkalamiz bilan birga u soat sahargi to‘rtgacha aylanib yurdi, keyin uxlagani uyiga bormasdan, buvasinikiga kirib ketdi. U buvasi va buvisi bilan laqillashib o‘tirib, to‘y xususidagi ma’lumotini yanada to‘ldirib oldi. Keyin Kristo Bedoyya to‘yda mehmonlarga atab qirqta kurka xo‘roz, o‘n bitta axta to‘ng‘iz va yana to‘rtta g‘unajin so‘yilganini bizga hisoblab berdi — kuyov ularning hammasini shundoqqina maydonda qovurtirib, xaloyiqni siylagan. Kristo Bedoyya tag‘in xorijdan xufya ravishda keltirilgan ikki yuz beshta yashikdagi may, ikki ming shisha rom olomon ichida yurib tarqatilganini aytdi. Xullas, to‘y emas, bayram bo‘lib ketgan, shu damgacha ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bu to‘kinsochin bazmda shaharchadagi odam zoti borki, bari rosa yeb-ichgan. Santyago Nosir to‘lqinlanib, havasini yashirolmadi:

— Menam xuddi shunaqa to‘y qilaman, — dedi u. — Odamlar umrlarining oxirigacha bir-birlariga gapirib yursin.

Shunda singlim Margotning ichidan qirindi o‘tib ketdi: u shundog‘am baxti boshidan oshib-toshib yotgan Flora Migelning saodat yulduzi yanada porlashini, rojdestvo hayitida Santyago Nosir unga nasib etishini o‘ylab, hasaddan yuragi yorilayozdi. «Aqlim o‘lgur bir ishlab qoldi, — dedi u menga. — Bu o‘zi ermisan er bo‘ladigan yigit: chiroyli, esli-hushli, yigirma bir yoshda-yu, o‘z mol-mulki bor». Margot uni tez-tez mehmonga chaqirib turar, ayniqsa, onam go‘shtli, ko‘katli qozonsomsa qilganda, u jon-jon deb biznikiga kelar va biz birga ovqatlanar edik. O‘sha kuni ham onam nonushtaga somsa yopgan edi. Santyago Nosir biznikiga kirishini aytdi.

 — Kiyimimni almashtirib chiqay, sizlarga yetib olaman, — dedi. Birdan soati javonchada qolganini eslab: — Soat necha bo‘ldi? — deya so‘radi.

Oltidan yigirma besh daqiqa o‘tgan edi. Santyago Nosir Kristo Bedoyyaning tirsagidan tutib, maydon sari yurdi.

— O‘n besh daqiqadan keyin sizlarnikiga bora-man, — dedi u singlimga.

Singlim nonushta tayyorligini aytib, hammamizni birgalikda uyga kirishimizni talab qilib turib oldi. «Uning yuzida qandaydir bir qat’iyat ifodasi bor edi, — dedi menga keyinchalik Kristo Bedoyya. — Ba’zan-ba’zan o‘zimcha, Margot uning o‘ldi- rilishidan darak topgandirki, yigitni uyga taklif etib, jonini asramoqchi bo‘lgandir, deb o‘ylab qolaman». Illo, Santyago Nosir singlimni kutib turmay uyga jo‘nayverishga ko‘ndirdi, ungacha o‘zi kiyimini almashtirib, otini minib chiqajagini, tezroq qo‘rg‘onga yetib borishi kerakligini, novvoslarni bichmoqchi ekanini aytdi. Margot bilan xayrlashib, Kristo Bedoyyani qo‘ltiqlagancha maydon tomonga yurdi. Singlim uni so‘nggi daf’a ko‘rib qolgani shu bo‘ldi.

Bandargohga chiqqanlarning juda ko‘pchiligi egizak Vikariolar Santyago Nosirni o‘ldirmoqchi ekanidan voqif edi. Iste’fodagi polkovnik, oliy harbiy dorulilmni tugatgan, o‘n bir yildan beri shahar hokimi vazifasini bajarayotgan Don Lasaro Aponte ham Santyagoning boshida ajal shamshiri yalang‘ochlanganini bilaturib, u bilan harbiychasiga qo‘lini siqib, indamasdan so‘rashib qo‘yaqolgan. «Men xavfxatar o‘tib ketdi, endi hech narsa bo‘lmas, deb o‘ylabman», dedi u menga. Qavmning otasi — ruhoniy Karmen Amador ham pinagini buzmagan. «Uni sog‘salomat ko‘rib, eshitganlarim shunchaki mish-mish ekan-da, degan xayolga bordim», deya u o‘zining loqaydligini oqladi. Eng yomoni, Santyago Nosir suiqasddan ogoh etilganmi-yo‘qmi — bu haqda biror inson bosh qotirmagan, yigitning hech narsani bilmasligiga, g‘aflat bosganiga esa hech kim ishonma- gan. Darhaqiqat, ba’zi kishilar, jumladan mening singlim Margot ham egizak qassoblar unga qasd qilganini eshitmagan. U tergovchiga shunday izoh bergan: «Agar nomiga sezib qolganimdayam, bo‘yniga arqon solib bo‘lsa-da uni uyimizga sudrab olib kirardim». Bo‘lajak xunrezona jinoyatdan singlimning bexabarligi menga juda g‘alati tuyuldi. Bir necha yildan beri hatto cherkovga qatnamay qo‘ygan, hamisha uyda o‘tiradigan va hamisha mish-mishu duvduv gaplarni eldan burun eshitadigan onamning qulog‘iga butun xaloyiqqa ma’lum shumxabarning yetib kelmagani esa meni battar hayratga soldi. Chunki onamning quvvayi hofizasi va ko‘ngil ko‘zi judayam tiniqligini, ko‘p hodisalarni oldindan seza olishini bolaligimdan buyon yaxshi bilardim. O‘sha paytlarda maktabga vaqtida yetib borish uchun tong qorong‘isida turardim. Uyg‘oniboq onamning rangpar, sirli-sukutli yuziga ko‘zim tushardi; u sahargi g‘ira-shirada uyni supurib sidirardi, keyin qahva qaynatarkan, yorug‘ dunyoda nimalar ro‘y berayotganidan gapirar, biz uning purma’no va turli-tuman ma’lumotga boy so‘zlarini issiqqina ko‘rpada eshitib yotar edik. Nazarimda, onam bilan shahrimiz kishilarini, ayniqsa, uning tengdoshlarini ko‘rinmas, sirli, darakchi rishtalar bog‘lab turardi; gohida u xuddi folbin xotinlarday yuz berajak hodisani oldindan aytardiki, u voqea ro‘y bergach og‘zimiz ochilib qolardi. Ammo onam o‘sha kuni tong-sahargi soat uchda paydo bo‘lib, ko‘chamako‘cha kezib yurgan falokat sharpasining tobora yaqinlashayotganini sezmagan Bu paytda u hovlini supurib-sidirib bo‘lgan edi; singlim uning somsaga qiyma chopayotganini ko‘rgan. Onam o‘sha kunni eslab: «Xo‘rozlar rosa tomoq yirtib qichqirishgan edi-da», dedi. Bandargohdan eshitilayotgan ovozlarning yepiskopning tashrifi bilan bog‘liqligini onam ilg‘amagan, balki to‘y oxiridagi baqiriq-chaqiriqlardir deb o‘ylagan.

Uyimiz katta maydondan ancha narida, daryo qirg‘og‘ida, xushbo‘y anbahzorlar orasida joylashgan edi. Singlim Margot bandargohgacha sohil bo‘ylab piyoda borgan, aytishicha, fikri-zikri hazratning tashrifi bilan band bo‘lgan xaloyiq mayda-chuyda mish-mishlarga e’tibor bermagan. Qaysiki xonadonda kasallar bo‘lsa, hammasi eshiklar oldiga olib chiqilgan edi, ular: hazratning poyqadami bilan zora falak dardimizga darmon yuborsa, degan umidda ostonalari yonida cho‘zilib yotishar, cho‘chqa yetaklagan, kurka qo‘ltiqlagan yoki allanimabalo yeguliklarni, nazru niyozlarni bo‘xchalarga tugib olgan xotinlar hovlilaridan hovliqib chiqib, bandargohga oshiqar, daryoning u yog‘ida esa, gulchambarlar bilan bezatilgan eshkakli qayiqlar — kanoelar ohista suzib borar edi. Qirg‘oqqa oyog‘ining gardi ham tegmagan yepiskopning qorasi o‘chgach yana bir yangi xabar tarqaldiki, olomon orasida tag‘in shovqin-suron, shov-shuv gaplar avjga mindi. Singlim ana shunda bor gapni birdaniga eshitgan va janjalning tagiga yetgan: kechagi shohona to‘ydan so‘ng kelinposhsha Anxela Vikarioni onasining uyiga qaytarib keltirib qo‘yishibdi, inchunun, kuyovning shahodaticha, u juvon chiqibdi. «Xuddi jonim xalqumimga kelib qolganday behol bo‘ldim, — dedi singlim Margot. — Odamlar qanchalik og‘iz to‘ldirib g‘iybat qilmasin, hech bir kimsa bechora Santyago Nosirning bu ishlarga qanday aralashib qolganini izohlab berolmasdi». Binobarin, Anxela Vikarioning akalari uni o‘ldirmoqqa qasdlangani hammaga ma’lum edi.

Singlim yig‘lab yubormaslik uchun lablarini tishlaganicha uyga diltang kirib keldi. Onam oshxonada kuymalanar, mabodo yepiskop siymosini ko‘rish nasib etsa, dog‘da qolmay, deya bozor kuni kiyadigan ko‘k gulli ko‘ylagini ustiga ilib olgan edi; u o‘zicha ishqu jazmanlik xususidagi portugal xalq qo‘shig‘ini xirgoyi qilardi. Singlim dasturxonga bir kishilik ortiqcha nasiba qo‘yilganini aytgan edi, onam:

— Bu Santyago Nosirniki, — dedi. — Qizim, axir, uni o‘zing nonushtaga taklif etibsan-ku.

— Olib qo‘ying, — dedi Margot qat’iy.

U onamga ko‘chada eshitganlarini bir-bir aytib berdi. «Onam hamma gapni biladi, deb o‘ylagan edim, — dedi singlim menga. — Chunki unga bir narsani ayta boshlasang, yarmiga bormay turib, oxyri nima bilan tugashini fahmlab olardi». Ammo bu mash’um xabar onamga ham birmuncha chigal tuyulib, nochor ahvolda qoldi. Ibrohim Nosirning zuryodi tug‘ilganida uni onamning ismi bilan Santyago deb atashgan, chunki onam uni cho‘qintirgan volida edi. Ikkinchi tomondan, sharmandai sharmisor kelinning onasi Pura Vikarioga ham onamning qarindoshchiligi bor edi. Onam singlimning bidirlashini oxirigacha eshitib o‘tirmay, azalarga kiyadigan qora ridosini, poshnador poyafzalini kiydi. Otam hali o‘rnidan turmagan edi, oradagi gap-so‘zni eshitib, kutilmaganda, tungi avra choponida u ham oshxonaga kirib keldi va xavotirlanib, onamdan qayoqqa otlanganini so‘radi.

— Boyaqish jigarim Plasidadan xabar olay, — dedi u. — Egizak qassoblar uning o‘g‘lini o‘ldirmoqchi ekani barchaga ayon-u, u bechoraning uyi kuyib, hech narsadan bexabar o‘tiribdiymish. He, dunyoning tashvishiyam qurib ketsin-a!

— Nosirlar ham, Vikariolar ham biz uchun qoshu ko‘zday yaqin, aziz; o‘ylab ish tutgin, onasi, — dedi otam.

— Har doim boshiga falokat tushganlarga qayishgan yaxshidir, — dedi onam.

Narigi xonadan ukalarim chiqib kelishdi. Kichkinalari yomon bir ish bo‘lganini sezib, yig‘lab yuborishdi. Onam, umrida birinchi marta bo‘lsa kerak, na hiqillayotgan dilbandlariga, na otamga e’tibor qildi. Otam uning nihoyatda qayg‘urayotganini anglab:

— To‘xtab tur, menam kiyinib olay, — dedi.

Onam bu paytda ko‘chaga chiqib ulgurgan edi. Ukam Hayme ham kiyinib, maktabga jo‘nashga taraddudlanardi. Otam unga:

— Onang bilan birga bor, — deb buyurdi.

Hayme, nima gapligidan, qayoqqa borishayotganidan bexabar, onamning izidan chopaketdi, unga yetib, qo‘lidan mahkam ushlab oldi. «U o‘zi bilan o‘zi so‘zlashib borardi, — dedi menga Hayme. — Onam, bu salloh o‘lgurlar hayvondanam battar, turgan- bitgani falokat, dedi past ovozda». U ukamni yetaklab borayotganini ham sezmagan. «Odamlar ahvolimni ko‘rib, bu xotin aqlidan ozibdi, deyishgandir, — deya zorlandi onam menga keyin. — Olisdagi shovqin-suronni eshitganim esimda, nazarimda to‘y qaytadan boshlanganu olomon yana maydon tarafga chopib borayotganday tuyuldi». U o‘zida yo‘q shoshib borarkan, butun olag‘ovurning boisi qil ustida turgan inson hayoti ekanini fahmlab, jonjahdi bilan maydonga talpingan, biroq yo‘lda o‘tib ketayotgan allakim unga, azbaroyi rahmi kelganidan:

— Luisa Santyago, shoshmay qo‘yaqoling! — deya qichqirgan. — Uni o‘ldirib bo‘lishdi.

Bayyardo San Roman, qiz chiqmagan xotinini onasinikiga eltib tashlagan kuyov, bu makonda o‘tgan yilning avgustida, to‘yidan rosa olti oy avval paydo bo‘lgan edi. U shaharchamizdagi bandargohda har haftada bir to‘xtab o‘tadigan kemada kelgan. O‘shanda uning oshlangan teridan tikilgan ikkita kumushbandli to‘rvasiyu kumush to‘qali tasmasi, kumush bandli etigi va quruqdan-quruq sumbati bor edi, xolos. Aftidan yoshi o‘ttizlarda edi, ammo toreroday xushqomat ekani uni navqiron qilib ko‘rsatardi; ko‘zlari tilladay tiniq, chaqnoq edi, rang-ro‘yi ham olovda toblanganday toza, yoqimli. Egnidagi kostyumi ixchamgina, shimi torgina bo‘lib, ikkoviyam asl novvos terisidan edi, echki terisidan tikilgan qo‘lqoplari kostyumiga hamrang. U bilan kemada birga kelgan Magdalena Oliver butun yo‘l davomida undan ko‘z uzolmagan. «Qizboladay yigit ekan, — dedi u menga. — Esiz-esiz! Shunaqayam yoqimliki, bir piyola suvga qo‘shib yutib yuborsam, deysan odam!» Avvaliga sho‘rlik Magdalena ham, ko‘pchilik kaltabin kimsalar ham Bayyardo San Romanning uncha-muncha xotin zotining tishi o‘tmaydigan toshyong‘oq ekanini fahmlashmagan.

Onam menga, maktabimga avgustning oxirlarida yuborgan xatida: «Bu yerga ajoyib bir yigit keldi», deya shunchaki eslab o‘tgan edi. Keyingi maktubida esa: «Uning ismi Bayyardo San Roman ekan, aytishlaricha,  ko‘p jozibali yigit emish, biroq men hali o‘zini  ko‘rmadim», deb yozdi. Uning nima sababdan bizning joylarga qadam ranjida qilganini hech kim bilmagan. To‘y arafasida kimdir, sinash uchunmi, shu xususda so‘raganida, u: «Men kimga uylanay ekan, deb shaharma-shahar kezib yuribman, chamamda, taqdir nasibamni shu yerga qo‘shgan, shekilli», deb qo‘yaqolgan. Bu gap rost bo‘lishi ham mumkin, ammo u ichidagini sirtiga chiqarmaslik uchun har qanaqa yolg‘onni yamlamay yutib, mardumni ishontirib, laqillatib ketaveradigan yigitlar xilidan edi.

U birinchi kuniyoq, kechasi kino ko‘rib o‘tirishganda, odamlarga bu yerda tezda temiryo‘l qurish kerakligini, ana o‘shanda butun shahar ahli daryoning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirmasdan, istagan paytda xohlagan tomoniga ketaverishi mumkinligini aytib, o‘zining temiryo‘l qurilishi bo‘yicha muhandis ekanini pisanda qilgan. Ertasiga u telegramma yubormoq niyatida telegrafxonaga kirgan, uskunani o‘z qo‘li bilan ishlatib, kerakli gaplarni o‘zi xabar qilgan, keyin telegrafchi qizga kuchsizlangan batareyalarni qanday quvvatlantirish lozimligini tushuntirgan. Ko‘shinga askar to‘plash maqsadida bizning shaharchaga kelgan harbiy tabib bilan esa, chegara deparasida uchrab turadigan turli xasta- liklarni qanday davolash haqida dadil suhbatlashgan. Unga tongotargacha cho‘ziladigan shavqli-shovqinli bazmlar yoqarkan, o‘zi ham mayxo‘rlikni qiyib qo‘yarkan, janjallashib qolganlarni ustamonlarcha u u yarashtira olarkan, qimorda g‘irromlik qilguvchilar I bilan chiqisholmas ekan. Bir kuni, yakshanbalik ibodatdan so‘ng, yuzong‘ich yigitlardan ikkitasini chaqirtirgan-da (yuzong‘ichlar bizning joylarda ko‘p bo‘ladi), daryoning u yog‘idan bu yog‘iga kim o‘zarga yuzishishgan va hariflaridan zo‘rini yigirma sarjin orqada qoldirib, g‘olib chiqqan. Onam menga bir nomasida shu xususda yozarkan, o‘z odaticha hovliqib: «U oltinu tillalar ichida ham shunday yuzib yursa kerak», deya mahobat qilgan edi. Inchunuy, u odamlar orasidagi shov-shuvga — Bayyardo San Roman behad moliyaviy imkoniyatlarga ega, beli baquvvat, qo‘li uzun, istagan ishini qila oladi, degan gaplarga ham ishongan.

Onam menga oktyabrda yozgan xatida uni rosa maqtab: «Odamlar uni judayam yaxshi ko‘rishadi, chunki u halol, ko‘ngli toza yigit; o‘tgan yakshanbadagi ibodatda u cho‘k tushib olib munojot qildi, lotincha hamd o‘qishdayam o‘zini ko‘rsatdi, baraka topgur», degan edi. O‘sha paytlari cherkov ishlari lotin tilida yuritilardi, obidlarning tik turib ibodat qilishi ta’qiqlangani hammaga besh qo‘lday ayon edi, biroq, agar bir narsaning tagiga yetmoqni istasa yo biror narsa unga yoqib qolsa, onamning ana shunday keraksiz tafsilotlarga ham urg‘u beradigan odati bor edi. Bu yigit behad ulug‘langan ana shu xatdan keyin onam menga yana ikkita maktub yo‘lladi, biroq ularda, garchand bu davrga kelib Bayyardo San Romanning Anxela Vikarioga uylanayotganini butun elu yurt eshitgan bo‘lsa-da, bu haqda biror og‘iz so‘z demagan edi. Mash’um to‘ydan keyin, ancha vaqt o‘tgach, u o‘sha kunlari Bayyardo bilan yaqindan tanishganini, taassufki, u aksincha taassurot qoldirganini va o‘sha — oktyabrda yozgan xatida xato qilganiga, muloqot asnosida yigitning oltinga o‘xshash sariq, yiltiroq ko‘zlarini ko‘rib, qo‘rquvdan titrab ketganiga iqror bo‘ldi.

(Davomi bor)

Rus tilidan Tohir QAHHOR

“YOSHLIK” 1985/7

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.