Muzaffar tug‘ ko‘targanlar

0
191
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlari­ning madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishi­ning oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuv­ning jilovi bizning emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifodalash muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izla­nishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy maho­rat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztirob­lari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

  1. Globallashuv – tabiiy jara­yon, nihoyatda tabiiy jarayon. Bizni xavotirga solayotgani kelajakda hosil bo‘lajak tamaddunda belgili o‘rin egallay olmay qolishimiz mumkinligi. Shuning alamiga chidolmay ketamiz. Albatta, yozuvchi g‘oliblar tarafiga o‘tvolmasligi kerak. Meni Sibirdagi kam sonli qardoshla­rimizning o‘zga bir madaniyatga singib borayotgani, ushbu jarayondagi keksa avlodning iztiroblari to‘lqinlantiradi. Ko‘z o‘ngingda shovullab yotgan dengiz, ana boringki, mo‘jazroq buloq ham qurib bitsa, qanchalik qayg‘uga botasiz. Bugun bir necha ming, bir necha o‘n ming nufusga ega xalqlar shu ko‘yga tushmoqda. Ertaga shunday hol yuz minglab aholisi bor yurtlar boshiga keladi. Ushbu o‘ta tabiiy-ijtimoiy jarayonga guvoh Inson qalb kechinmalari – adabiyotning eng katta mavzularidan emasmi?!

Siz, globallashuvga qanaqa bisot bilan kirib borsak bo‘ladi, deb savol qo‘yyapsiz. Yong‘in-u toshqinda odam eng qadrli narsalarinigina ortmoqlaydi. (Mirtemirning she’ri bor-ku, agar imkoniyat berilsa, narigi dunyoga nimani olib ketardim, degan ma’noda). Boshqacha ifodalasak, optimistroq bo‘lsak, Yilboshi sayliga hamma eng yaxshi kiyimlarini egniga ilib, tansiqroq taomlar pishirib boradi. Bizda nima bor? Bir inventarizatsiyadan o‘tkazishimiz kerak ekan: 1) buyuk ajdodlarimiz; 2) beshik; 3) do‘ppi; 4) mahalla; 5) atlas; 6) palov… Kesatma­yapman. Ijtimoiy hayotimizni kuzatgan odam ro‘yxatga yana nimalarni qo‘shadi. Mehmondo‘stligimiznimi? Serquyosh o‘lkamiznimi? Musaffo osmonimiznimi?

O‘zbek o‘zi kim? Alpomish, Farhod, Kenja botir, Otabek, Dehqonqul… qaysi o‘zbekroq? Abadiyotdagi asosiy obrazlarni tahlil qilib, yozuvchilarimiz bu savolga qanday javob berganini ko‘rish mumkin? O‘zi, hamma obrazlarimizni pasportlashtirish kerak. Shunda javobimiz aniq bo‘ladi. Bir qarashda aytsak, orchilligimiz bo‘rtib chiqadigan fazilatimiz ekan. Lekin Dehqonqulning falon pullik baxmalni ikki bo‘lib paytava qilib o‘rashi – o‘z nomi bilan qulning oriyat talashishidir. Tog‘ay Murod boplab tashxis qo‘ygan. Bunaqa aqlsiz or olish globallashuv davrida yaramaydi, yarashmaydi, albatta. Yana, biz o‘zbekning mehnatkashligiga, qora mehnatga ruju qo‘yganiga madh o‘qiymiz. Tarannum etamiz. Qaniy­di, xalqim dangasa bo‘lsa. Bugun dunyoning jinnisini chiqargan internetni qahva damlash uchun birinchi va ikkinchi qavat o‘rtasida sarson bo‘lishdan eringanlar ixtiro qilgan. Turgan-bitgani yalqovlik mevasi, bilsangiz agar. Gapning po‘stkallasi, o‘zbekning mehnatkashligini bayroq qilaversak, yana necha o‘n yil gastarbayterlik bilan kun kechirish mumkin.

Ong oqimi uyurma harakat bilan boryapti, lekin savoldan uzoqlashganimizcha yo‘q. Siz adabiyotni qanaqadir ma’noda PiArga, imij yaratadigan sohaga yaqinlashtirib muammo qo‘ygansiz, nazarimda: milliy ruhni qanday ifodalagan ma’qul, qanday taqdim etgan yaxshi va hokazo. Bunaqa ko‘rsatmani hu anavi sotsialistik realizm bergan. Men adabiyotni tibbiyot tomon tortqilash niya­tidaman. Boya sal uchini ochdim. Adabiyot millat dardiga tashxis qo‘yishi kerak (rusni Tolstoylar tarbiyaladi – rus Tolstoylarni tarbiyaladi: qaysi tomondan kelishiga qarab odamlarni ikki toifaga ajratish mumkin). Xalq adabiyotga ko‘ngil yorsin – Adabiyot xalqning ko‘nglini yorsin. Shu iboraning ma’nosi ko‘p: o‘takasini yorsin, yig‘latsin, ingratsin, uvlatsin, ayovsiz bo‘lsin. O‘zbekning yuragini yorsin – operatsiya qilsin, harom qonini chiqarib tashlasin. Go‘ro‘g‘lini, Avazxonni qirq chiltan inkarnatsiya qilganiday. Ana shunda milliy ruh chinakamiga uyg‘onadi va biz chinakam o‘zbek kimligini tanib olamiz. Dehqonqulcha orchilligimiz, yasama obro‘chamiz faqat va faqat ziyonimizga ishlaydi.

 

  1. Avvalo, bu savolni adabiyotshunosga bergan ma’qul ekan. Chunki men maxsus kuzatuv olib bormaganman. Tengqurlar ijodi misolida gapirsam, ruxsat etsangiz agar. Qurdoshlarimiz, ehtimol, katta akalarimizga ham xosdir, “qishloq prozasi” atrofida aylanyapmiz. Bilvolganimiz – poda qaytar payti, enam yopgan non, chang ko‘chalar… Yetmishinchi yillar nasrining hidi keladi. Taraqqiyot san’atda ham aks ettishi kerak. Aks etishi tabiiy. Bir asr ilgari allaqaysi shoir poyezdning taraqa-turuq ohangiga solib doston yozgan ekan. Kulgili-yu, biroq fan-texnika rivojlanishining san’at turlariga ta’sirini inkor etib bo‘lmaydi. Adabiyot badiiy solnoma yaratadi. Bu borada xalq dostonlarimizdan o‘rgansa arziydi: miltiq va kamon yonma-yon ishlatilaveradi, bir-biriga xalaqit bermaydi. Xalq boshidan o‘tgan yaxshi-yomon kunlar eposda, albatta, izini qoldiradi. Masalan, men mashinani, telefonni adabi­yotga muqim kirgiza oldikmi-yo‘qmi, deb o‘ylanaman. Olaylik, ot badiiy mamlakatimizga doimiy “propiska qilingan”, bunga shubha yo‘q. Lekin biz havo telefon, internetga qachon yetib kelamiz?! Zukko odamlar tushunib turibdi, men hikoyada yo‘l-yo‘lakay tilga olib o‘tishni nazarda tutmayapman. Xorijda SMS romanlar yozilgani allaqachon edi. Bizning qahramonlari­miz esa hamon xatjild ko‘tarib yuradi. Egzotika qilib tasvirlaymiz. Jahon ilm-fanida genetika olamshumul yutuqlarga erishdi, katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi, tarix, millat haqidagi turg‘un tasavvurlarni o‘zgartirib yubordi. Nasrimizda ushbu jarayon qaysidir darajada aks etganini ta’kidlashni istardim.

Bolaligimiz 90-yillarga to‘g‘ri kelgan. Yozuvchi ijodda bolalik taassurotlariga tayanishi bor gap. U davrga internet-u SMSni tiqishtirib bo‘lmaydi, albatta. Biroq tendensioz kamchiligimiz shundaki, hikoyala­rimizni qishloq sog‘inchi, nostalgiyaga aylantirib yuboramiz. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi el yelkasidagi og‘irliklarni va yuragidagi og‘riqlarni badiyatga muhrlash bugun o‘ttizning ustidagi nosirlarimiz chekiga tushadi. Afsuski, jurnalistikadan yuqtirgan ichki senzuramiz, hadiklarimiz xalal beryapti. Ehtimol, bu iste’dodsizlikni yashirish uchun o‘ylab topilgan taskindir. O‘zbek xalqi shunchalik pragmatikki, yozuvchi farzandlari g‘aladonga tashlab qo‘yadigan asarlar yozib, umrini havoga sovirib o‘tirmaydi.

Ha, aytgancha, jahonda sevib o‘qilayotgan asarlarga ko‘z yugurtirib anglaganim, bugun shahar proza­sining xaridori ko‘p ekan. Har holda, menga shunday tuyildi. Sayyoramizda shaharlarda yashayotgan aholi nisbati qishloqlarda kun kechirayotgan odamlardan oshib bormoqda. Bir paytlar qo‘y boqsayam kitob o‘qiydigan qishloqliklarning fe’l-xo‘yi o‘zgargan. Havo telefoni bilan umrini, pulini, ongini havoga uchirayapti, bug‘latib yuboryapti. Shahar aholisi orasida sifatli kitobxonlar ko‘pchilikni talab qilishini statistika tasdiqlaydi. Ular esa o‘zlariga yaqin syujet va mavzularga oshufta bo‘ladi. Bolaligi qishloqda o‘tgan, borliqni tog‘larda anglagan men kabi ijodkor uchun shahar prozasini yaratish oson va silliq ko‘chmasligi tayin. Hech qursa, qishloqda o‘tgan bolaligimiz, bugun ota-onani ziyorat qilgani oyda-yilda bir borganda his etgan iztiroblarimizga ham tik qaray olsak, bas. Qolaversa, abituriyentlik paytida shahri azimda olamni qayta kashf etib yiqqan materiallarimiz – ko‘ngil bisotimiz ham chakana boylik emas.

 

  1. Zamonamiz qahramoni. Shu ibora qa­yerdan kelgan ekan-a?! Kim o‘ylab topdiykin? Ler­montovning qissasi bor. Lekin bosh qahramoni ja ijobiy emas. Bizda mana shu “qahramon” degan so‘z chalg‘itadi. Ijobiy bo‘yoqdor. Salbiy qahramon deyishning o‘zi g‘alati. Salbiy bo‘lsa, qanday qahramon bo‘ladi, deb tushanamiz. Adabiyotshunoslikda istiloh shu ko‘yi qabul qilingan. Zamonamiz qahramonini qaynatilgan choyshabdek toza odam bo‘ladi, deb tushunishadi va yozuvchilarga ham shunday tushuntirmoqqa tirishadilar. Menga qolsa, bugungi zamonamiz qahramoni – mo­shennik (“firibgar” degan o‘zbekcha muqobili bor nafratingni ifodalamaydigandek). Bugungi o‘zbek jamiyati uchun adabiy zamon qahramoni – moshennik odam, uning taqdiri misolida moddiy-ma’naviy hayotimizga zarrabin tutish mumkin. Ayni mavzuda kattaroq bir nima chamalab yuribman. Qalb kosamga tomchima-tomchi yig‘ilyapti. Bir nafasda sipqormoq pallasi kelsaydi. Yo nasib.

Kuchli odam mazza qilib davri davronini suradi. Kuchsiz odam hayot mashaqqatlari haqida yozib, yozuvchi bo‘ladi. Shunchun adabiyotda ojiz qahramonlar ko‘p uchraydi. Hamma o‘ziga o‘xshatib yozadi-da. Kitoblar o‘smirni xayolparast qilib qo‘yib, hayotdan chalg‘itadi, degan iddaolarga qo‘shilgan joylarim ham bor. Kitobiy odam, deb istehzo qilamiz-ku. Gapning indallosi, adabiyotimizga kuchli shaxslar gavdalantirilgan obrazlar kerak. Buning uchun kuchli shaxsiyatlar, shunaqa yozuvchilar kerak. Qayerdan topamiz, hayronman. Tovar bo‘lsa ekan, import qilsak (to‘g‘ri, tarjima asarlar bilan ehtiyojni ma’lum ma’noda qondirish mumkin). O‘zbek jamiyati shaxslarga qarshi kurashishni bas qilishi shart. O‘rtamiyonalikni planka qilib qo‘yish qachongacha davom etadi. Soyasidan qo‘rqadigan, kunni kunga amal-taqal ulab yashaydigan nosirlardan dangal asarlar kutib bo‘lurmi. Hayotning qaqshatqich manzaralari oldida yo shoshib, yo anqayib qolamiz. Kitobiymiz, haddin kitobiy­miz. Shunchun ham yozganlarimizni xalq o‘qimaydi, erish tuyiladi. Adabiyot o‘zini ham, o‘zgalarni aldashdan charchadi. Yovqir bolalarni kutmoqda. Biz ham kutyapmiz. Qorasi ko‘rinib qolar…

 

Farrux JABBOR

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.