…«Ilhom» degani mavhum tuşunça emas. Ijodkor qavmi uçun ilhom hal qiluvçi omillardan biri. Alloma şoir va adiblar bu masalaga köp töxtalişgan. Masalan, Turgenev “Ilhom – Xudoning insonga yaqin kelişi,” deydi.
Boşqa adiblar qatori mening ham öz ijodiy mezonlarim bor: “Xudo köngliga solmagunça haqiqiy ijodkor qöliga qalam olmaydi”. Bu bilan ijodiy holatni ilohiylaştirmoqçi emasman. Biroq amalda baribir şunday. Aeronavtika va kosmonavtikada ğalati qoida bor. Uning nomi “kontakt” deb ataladi. Kosmik kema yoki havo kemasini parvoz qildiriş uçun “kontakt”, yaʼni aloqa tugmasi bosiladi. Agar öşa ondayoq kema yoki samolyot motori gurillab işlab ketmasa, parvoz bekor qilinadi. Qiziği şundaki, “kontakt” aynan öşa lahzada röy berişi kerak. Bir soniya oldin ham, bir soniya keyin ham bölmasligi şart! Asar yoziş uçun ham şunday vaziyat tuğilişi lozim. Buni ilhom kelişi yoki asarning tuğiliş oni deb ataş töğri bölur edi. Oylab, goho yillab öylab yurganingiz bir lahzada qalbingiz va ongingizni çaqmoq kabi yoritib yuboradi. Asar özidan-özi, şiddat bilan, içki zavq va hayajon bilan qoğozga tökiladi. Bir yilda uddalay olmagan yumuşingiz bir oyga qolmay röyobga çiqadi. Menda bu jarayon tez keçadi. Masalan, “Bahor qaytmaydi” qissasi yigirma kunda, “Tuşda keçgan umrlar” romani bir oyda yozilgan. Biroq bu butun boşli roman bir oyda tayyor böldi, degan gap emas. Aslida bu – bir neça yil va yana bir oy demakdir! Yaʼni asar bir neça yillar davomida öylab yuriladi va bir oyda qoğozga tuşadi. Men bu jarayonni “yoziş” deb ataşga qarşiman, buni “tuğiliş jarayoni” demoq kerak. Çunki haqiqiy badiiy asar yozilmaydi, tirik farzand kabi tuğiladi.
Yuqorida aytilgan roman tarixidan bir misol aytişim mumkin.
Şöro zamoni oxirlab qolgan kezlar edi. Bir tomonda bemaqsad Afğon uruşi boryapti. Ikkinçi yoqda “özbek işi” bahonasida xalqimiz boşida qatağon qiliçi öynayapti. Bir kuni Afğondan, bir kuni mamlakat içkarisidan askar yigitlarimizning temir tobuti kelib turibdi. Xuddi dahşatli tuş kabi… Bu fojialarni tasvirlaş uçun afğon uruşidan majruh bölib qaytgan önlab yigitlar bilan gaplaşganman. “Özbek işi” degan tuhmat kimga, nima uçun kerak bölib qolganini ham örganganman. Asar voqealarining oqimi ham, umuman, maʼlum. Biroq ular qoğozga tuşmayapti, asar tuğilmayapti…
Şunday kunlarning birida betob bölib kasalxonaga tuşdim. Döxtirlar kesamiz deydi, men könmayman… Keç kuz oqşomi edi. Maʼyus va fayzsiz oqşom… Uçinçi qavat balkoniga çiqib sigaret çekib tursam, şamol turdiyu, röparadagi çinormi, yonğoqmi daraxtidan bitta xazon uçib kilib oyoğim ostiga tuşdi. Bosgan edim, “qisir-qisir” qilib maydalanib ketdi. Bölğusi asarning birinçi jumlasi tuğildi. “Kuz – ölim töşagida yotgan bemorga öxşaydi. Oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi…” Bu – “Tuşda keçgan umrlar” romanining butun ruhiyatini, undagi odamlar qismatini ifodalovçi jumla, içki musiqa edi! Ikki yil davomida “tutqiç bermay yurgan” sahifalar allaqanday bir oy içida qoğozga tuşdi…
Yana bir gap. “Ijokor uçun aynan şu holatni – çaqmoqli lahza”ni uşlab qoliş, yaʼni “kontakt” tugmaçasini vaqtida bosiş katta ahamiyatga ega. Agar siz “çaqmoq çaqişi va momoqaldiroq bölişini” kutmasdan yozsangiz, asar çala tuğilgan bolaga öxşab qoladi. Agar “çaqmoqli lahzalar”ni ökazib yuborsangiz, yozişdan özingiz sovub qolasiz, bu holda ham asar tölaqonli bölmaydi…
… Birinçi badiiy asarim – “Tört maktub” degan hikoyam 1963-yil 17 aprel kuni “Toşkent haqiqati” gazetasida bosilgan. Söng şu hikoya asosidagi “Çöl havosi” qissasi öşa yili oktyabr oyida “Şarq yulduzi” jurnalida çop etilgan. Paxta terimida haşar qilib yurganimizda şu asar haqida atoqli adib Abdulla Qahhordan xat kelgani haqida voqealar ayrim esdaliklarimda bayon etilgan. Xullas, Abdulla Qahhordek allomaning universitet talabasining birinçi asariga yuksak baho berib, “lov etib alanga bilan boşlangan ijodning kelajagi porloq böladi” deb ruhlantirişi yoş qalamkaş uçun qançalik quvonçli va ayni paytda yelkasiga naqadar masʼuliyatli yuk bölib tuşganini anglaş qiyin emas… Şu kungaça nimaiki yozmay, yelkam ortidan Qahhor domla tikilib turgandek, “xöş, mulla, buyoği qanday bölyapti?” deb daşnom berayotgandek bölaveradi…
… Yana bir şiorim bor. Bugun yoziladigan asar keçagidan, ertaga yoziladigani bugungidan yaxşiroq bölişi şart. Ijodkor özini özi takrorlaşga haqqi yöq… Qolaversa, hali yakuniga yetmagan asar haqida gapiriş tuğilmagan buzoqqa arqon eşişga öxşaydi. Xudo xohlasa, yaxşi niyatlar bor. Yoş ijodkor döstlarimga aytadigan bitta gapim bor. Kitobxon mehrini yalinib ham, buyurib ham, sotib olib ham bölmaydi. Xudo öquvçi mehridan begona qilmasin. Asar yozayotganda şunga alohida eʼtibor bering!
Kitobxon bilan yuzma-yuz
(Uçraşuvlardagi savol-javoblar)
* * *
– Yozuvçilik hunarining eng qiyin joyi nima?
– Asar qahramonlariga «jon ato etiş», yaʼni ularni tirik insonlarga aylantiriş. Şundagina kitobdagi odamlar («personajlar» emas, aynan odamlar) öquvçining yaqin kişisiga aylanadi. Kitobxon unga qöşilib öylaydi, iztirob çekadi, sevadi yoki nafratlanadi.
* * *
– Köp asarlaringizda ayollarning içki olami, ruhiyati juda aniq tasvirlangan. Bunga qanday erişgansiz?
– Çindan ham şunday bölsa-ku, quvongan bölardim-a! Ayol psixologiyasini aniq tasvirlaş u yoqda tursin, çuqurroq anglab yetişning özi oliy matematikaning ön nomaʼlumli tenglamasini yeçişdek gap. Ayol ruhiyati köpinça gözal va şaffof bahor bulutiga öxşaydi. Yarim soatdan keyin qayoqqa suzişini özi ham bilmaydi…
* * *
– Yozuvçi bölajak asaridagi har bir detalni oldindan töplab yuradimi yoki ijod jarayonida ularning özi xayolga keladimi?
– Unisi ham, bunisi ham bölişi mumkin. Biroq «bölajak» detallarni yozib yuradigan odatim yöq. Yoziş jarayonida ularning özi qandaydir tabiiy ravişda esga tuşadi. Ustoz Abdulla Qahhor aytganidek, detal husn bölişi, albatta, qandaydir maʼno taşişi, asarga aniqlik kiritib, uni boyitişi şart. Lekin kerakli detalni topiş har doim ham oson keçavermaydi.
Detalning işonarli bölişi ijodkordan sinçkovlik va izlaniş talab qiladi. Bu masalada atoqli adib Said Ahmad taniqli tanqidçi Umarali Normatov bilan suhbatda ğalati misol keltirilgan.
«Ufq» trilogiyasida töqayga öt ketişi manzarasi bor. Adib asarning birinçi variantida bu holatni öz tasavvuriça yozganini, ammo köngli tölmay Sirdaryo böyidagi bir xöjalikka borib, bölim boşliğining ruxsati bilan özi töqayga öt qöyib tajriba qilganini eslatadi. «Şundagina avval yozgan bobimdagi yonğin tasviri naqadar ğarib ekanini bildim, – deydi yozuvçi. – Qamiş barglari avval yonib, uçidagi popugiga ötni uzatar ekan. Bargi yonib bölgan, tanasi hali öt olmagan qamiş uçidagi popugi xuddi şamga öxşab yonib turarkan. Yerdagi xaşaklar bilan qöşilib qamiş tanasi yonar ekan. Sal şamol essa, öt yonboşlab yerni olov tili bilan yalab, ilondek örmalab ketar ekan. Qamişlar orasidan uçib çiqqan quşlar faryod urib, qora tutun orasida çarx uradi. Baʼzan quyonmi, kalamuşmi, ötdan qoçib çiqadi… Romandagi yonğin bobi şundan keyin boşqatdan yozildi…»
Detalni aniqlaş zarurati menda ham bölgan.
Bolaligimda Aça xola degan löli xotin kelib turar, goh siniq közgu, goh allaqanday çiziqlar tortilgan sakkiz qirrali toş bilan fol oçar edi. Bu manzarani köp körganman. Biroq «Dunyoning işlari» kitobida şu manzarani tasvirlayotib, narda öyinidagi «toş»ga öxşaş öşa narsaning oti nimaligini heç topolmadim (Tabiiyki, bolaligimda buni söramaganman, buning keragi ham bölmagan). Ammo asarda öşa «toş»ning nima deb atalişini yozmaslik mumkin emas. Asar, ayniqsa, nasriy asar nihoyatda aniqlikni talab qiladi…
Öylab-öylab Çorsu bozorida folbin löli xotinlar ötirişi esimga tuşdi. Oilam Ölmasxon ikkovimiz folbin izlab bordik. (Bir özim «fol oçirayotganimni» körganlar nima deb öylaydi). Xullas, bordik. Löli xotinni topdik. «Fol oçiradigan» böldim. Löli endi «neçta döstimu, qança duşmanim» borligini aytib diydiyosini boşlaganda «fol oçadigan toşi» bor-yöqligini söradim. Toş bor ekan. «Toş bilan» fol oçdirmoqçiligimni aytdim. Ola xurjunidan xuddi öşa – bolaligimda körganimga öxşaş toş olib, tağin sanay boşlagan edi, toşning oti nimaligini suriştirdim. «Falon söm bermasang aytmayman» dedi. Xullas, möljaldagi pulni olgaç, «bu toşne muhra deydilar, akov!» dedi.
Şunday qilib, folbinning muhrasini aniqlagunça ançagina sarson böldim. Biroq «Dunyoning işlari»ni qaçondir, qaysidir folbin öqib qolsa uyalmayman!
Darvoqe, gap lölilar töğrisida borarkan, asarda detalning örni haqida bir misol keltiriş mumkin. «Qatağon» ötgan asrning saksoninçi yillarida markaz tomonidan yurtimiz boşiga solingan kulfatlar, «özbek işi», «paxta işi» deb nomlangan zöravonlik haqidagi fojia – tragediya. Spektakl boşida tergovçi Myasnikov nohaq qamoqqa tiqilgan sovxoz derektori Jumanovning uyiga kelib, uning xotini Hanifani siquvga oladi. Şu payt eşikdan löli xotin kirib keladi. Myasnikovga ergaşib yurgan «mahalliy huquqşunos» Berdiyev uni haydamoqçi bölganida Myasnikov şunçaki ermak uçun göyo «fol oçirmoqçi» bölib, löliga kaftini tutadi. Löli uning qölini uşlab, «qölingdan qon hidi kelopti, sening niyating yomon», deydi. Söng Hanifaga qarab, «sen, kelin mullo, nega bularni uyingga kiritding, bularning közi xunuk, uyingda amal bor!» deb xitob qiladi. Berdiyev uni urgudek bölib haydab çiqaradi…
Savol tuğiladi. Fojiaviy asarda löli nima qilib yuribdi? Ustiga ustak löli xotin keyinçalik spektaklda biron marta körinmaydi. Bu obrazning nima keragi bor? Aslida löli tragediyada öz vazifasini bajargan. Birinçidan, u Myasnikovga “qölingdan qon hidi kelopti!” deganda uni foş qilayapti. Ikkinçidan, tomoşabinni bölajak fojialar haqida ogohlantirgandek bölyapti. Va, nihoyat, Hanifaga “uyingda amal bor” degani ham bejiz emas. Myasnikov bu xonadonning hojatxonasiga narkotik modda yaşirib ketadi va şu bahonada Hanifani ham hibsga olmoqçi. Bu “sir” fojianing eng sönggi pardasida oçiladi…
Şu tariqa kiçik bir detal katta va hal qiluvçi xizmatni ötaşi ham mumkin.
* * *
– Hamma asarlaringizdan özingizning könglingiz tölganmi?
– Bu savolga heç kim “ha” deb javob berolmasa kerak. Albatta, özini hurmat qilgan qalamkaş köngli tölmagan asarni eʼlon qilişdan tiyiladi. Biroq oilada önta farzand bölsa, önovi ön xil bölganidek, asarlar ham har xil bölişi mumkin. Farzandlarning hammasi ota-onaga birdek suyukli bölgani kabi asardagi kamçiliklar muallifga darrov körina qolmasligi ham mumkin.
Qiziği şundaki, bunday savolga beş asr avval hazrat Navoiy bobomiz köp ibratli javob qilgan ekanlar.
“Şeʼr ham çun kişigadur farzand,
Köngliga qutu bağriga payvand,
Çun öğul aybini ato körmas,
Körsa ham qilğanin xato körmas…”
Navoiydek daho şunday deb turganlaridan keyin boşqalarni qöyavering!
* * *
– Asarlaringizda har xil tentak-devonalar uçrab turadi. “Dunyoning işlari”da “Şayx”, “Ikki eşik orasi” romanida Parça… Jiddiy asarlarga devonalarni kiritiş şartmi?
– Adabiyotda bu yangilik emas. Navoiy va Şekspirda, Puşkin va Dostoyevskiyda, Ğafur Ğulom va Abdulla Qahhorda, Vasiliy Şukşin va Nodar Dumbadzeda bunday obrazlar bor va ular şunçaki “ermak” uçun asarga kiritilmagan. Aksinça, jiddiy vazifani bajaradi. Yorqin misolni Abdulla Qodiriyning “Ötkan kunlar” romanidan oliş mumkin. Bilasiz, romanda “Qovoq devonaning belboği” degan bob bor. Atigi uç sahifa. Qiziği şundaki, Qovoq devona degan telba asarda bir marta körinadi, xolos. Qodiriydek atoqli adibning “Ötkan kunlar”dek jiddiy romanida devona nima qilib yuribdi? Buning ustiga faqat bir marta körinadigan odamning nima keragi bor? Hamma gap şundaki, Qovoq devona romanda jiddiy tagmaʼno taşuvçi vazifasini bajargan. Yodingizda bölsa, bir notaniş odam devonani köçada töxtatib, gapga soladi. Yaqinda kim öğlini uylantirganini suriştiradi. Devona bilan “Qorategindan kelgan” “köz oğriği” orasida bölib ötgan telba-teskari suhbatdan maʼlum böladiki, Yusufbek hoji Otabekni uylantirgan. “Köz oğriği” – Homid.
Yozuvçi uning ismini aytmaydi. Biroq kitobxon Qovoq devonaning “yuzingga qaçon çeçak çiqdi” degan savolidan bu kimsa Homid ekanini anglaydi. Homidning niyati Otabek uylanganini aniq bilib olgaç, fitna qilib, uning nomidan Kumuşga “taloq xati” yoziş. Kitobxon buni keyinçalik bilib oladi.
Şu örinda adib çinakam yozuvçilik ixtirosi deb ataş mumkin bölgan boşqa bir “yuk”ni ham mana şu “şapaloqdek” bobga joylagan. Gap şundaki, “Ötkan kunlar”da Marğilondagi töy, “qizlar bazmi”, nikoh öqiş gözal va batafsil tasvirlangan. Otabekning Toşkentda Zaynabga uylaniş töyi manzarasi esa umuman yöq! Albatta, Toşkentdagi töy Marğilondagidan farq qilişi aniq va isteʼdodi örtaroq yozuvçi bu töyni ham tasvirlaşi mumkin edi. Qodiriy unday qilmaydi. Faqat Homid bilan devonaning telbavaş suhbati poyonida bitta jumla bor. Qovoq devona Homidga bunday deydi:
– “Töy ötganda kelibsan, tentak! Menga-çi bir toğora oş tegdi!”
Mana şu jumla tagida faqat uluğ adib aytişi mumkin bölgan teran maʼno yotibdi. Toşkentda bölgan töyning Otabek uçun qilça ham nurli nuqtasi yöq. Bu töyning butun quvonçi bir devonaning bir toğora oş yeyişi bilan ölçanadi! Mana, nima demoqçi adib!
Şu tariqa jiddiy asarlardagi dovdir-tentaklar boşqa “es-huşi joyida” odamlar kötara olmaydigan yukni taşişi mumkin.
Siz aytgan misolga kelsak. “Dunyoning işlari”dagi Şayx ham telba. Umrida biron marta yiğlamagan. Faqat kuladi. Ammo Ona vafot etganida köksini yoqavayron qilib dod soladi va uning faryodi hammanikidan tabiiyroq, samimiyroq ekanini hamma biladi. Çunki kattayu kiçik barça masxara qilib kelgan, har tomondan kamsitilgan bu bandani faqat Ona odam hisoblagan va unga mehr bergan. “Ikki eşik orasi”dagi Parça esa özi bilmagan holda doim rost gapni aytib qöyadi. Xotinlar piyoz ötoq qilayotganda Parça Raʼnoga qarab turib “Voy, anavu Raʼnoxonni oçilib ketganini qarayla, eri urişda yurgan xotingayam öxşamaydi!” deb xitob qiladi. Bir yoqda Raʼnoxonning, ikkinçi yoqda Umar zakunçining içidan qirindi ötib ketadi. Negaki, ikkovining “don olişib yurişini” Parça özi bilmagan holda foş qilib qöyayapti. Qolaversa, Umar zakunçi boşqa heç kim emas, aynan şu “jinni” tufayli birinçi marta jazolanib, “tillaxonaga” qulab ketadi va najasga “çömiladi!” Asarda Parça ado etgan tağin ança “yumuşlar” ham bor…
Xullas, bir qaraşda “ikkinçi darajali”dek körinadigan dovdir-telbalar, öğri-kisavurlar, löli va tilançilar asarga bejiz kiritilmaydi.
* * *
– Asarlarda afsonalar, rivoyat va miflardan foydalaniş keng qöllanilmoqda. Bu holat sizning kitobxonlaringizda ham uçraydi. «Bahor qaytmaydi»da Qonqus haqidagi afsona, «Dunyoning işlari»da Haqquş va Oftob haqidagi rivoyatlar, «Tuşda keçgan umrlar»da Qurbonoy xolaning ertaklari… Jiddiy realistik asarda har xil afsonalarni işlatiş şartmi?
– Avvalo şuni aytiş kerakki, afsona va rivoyatlar, ertak va miflar jahon adabiyotining beşigi sanaladi. Inson yozuvni kaşf qilmasidan ming yillar avval paydo bölgan ertak va afsonalar avloddan avlodga ötib kelgan. Arablarda “Ming bir keça” turkumi, hind eposlari, özbek xalq dostonlari bebaho xazinadir. Bunday boylik hamma xalqda ham bor. Qolaversa, yozma adabiyotning eng gözal namunalari ham köpinça şu janr asosiga qurilgan. Şarqda Alişer Navoiy, Ğarbda Şekspir kabi allomalarning asarlari…
Qadimiy yunon şoiri Gomerni bilasiz. U eramizdan oldingi sakkizinçi asrda, yaʼni bundan 2800-yil avval yaşagan. Maşhur “Iliada” va “Odisseya” dostonlariga esa özidan tört asr burun röy bergan Troya uruşini asos qilib olgan. Demak, doston tarixi bundan 3200-yil nariga borib taqaladi.
Eramizning ön töqqizinçi asrida qiziq voqea röy beradi.
Nemis olimi Genrix Şliman Amerika Alyaskasida “oltin vasvasasi” avjiga çiqqan paytda öşa yerga borib bank oçadi va bir neça tilni bilgan tadbirkor odam bölgani uçun işlari yurişib ketadi. Şliman “Iliada”da tasvirlagan Troya xazinasini topişga ahd qiladi. U Gretsiyadagi döstiga xat yozib, yunon qizga uylaniş niyati borligini bayon qiladi va öz şartlarini qöyadi. Bölajak kelin bir qança tilni egallagan bölişi, “Iliada” va “Odisseya” dostonlarini yoddan bilişi şart. Qizning qanday oiladan bölişining ahmiyati yöq! Agar şu şartlarga javob beradigan kelin topilsa, er-xotinni katta boylik va şon-şuhrat kutadi…
Şlimandek tadbirkor odam közi ojiz Gomer neça zamon avval “töqigan” afsonaga nega işongani qoronği. Biroq uning barça şartlariga javob beradigan qiz topiladi. Şliman yoş xotini bilan Troya uruşi tasvirlangan joylarni izlaşga tuşadi. Hayratlanarlisi şuki, u 1870-yili, tört yil davom etgan arxeologik qazilmalardan söng aynan öşa dostonda yozilgan Mikena şahri xarobalaridan Troyaning bitmas-tuganmas oltin-javohirlar xazinasini topadi. 1900-yilda esa ingliz olimi Artur Evans Krit orolidan tağin öşa dostonda tasvirlangan boşqa xazinani ham topişga muvaffaq böladi.
Bundan çiqadigan xulosa şuki, har qanday afsona tagida haqiqat bölişi mumkin. Inson tafakkuriga siğdira olgan fantaziya ertami-keçmi haqiqatga aylanişi bor gap. Bunga qadimiy miflarda tasvirlangan “oynayi jahon”lar, “uçar gilamlar”, tilsimni aytmagunça oçilmaydigan “sirli sandiq” – kompyuterlar misol böla oladi. Qolaversa, ertak va afsonalar, hikoyat va rivoyatlar ezgulikka davʼat etadi. Şu maʼnoda ulardan foydalaniş kerak. Hamma gap qay darajada örinli foydalaniş va qanday maʼno yuklaşda. Zamonaviy adabiyotda buning yorqin misolini Çingiz Aytmatov ijodida köriş mumkin. Manqurt haqidagi afsonada naqadar teran maʼno bor! Yoki “Oq kema” qissasidagi Ona buğuni oling! Ona buğu şunçaki buğu emas, butun bir xalqni, millatni qirilib ketiş xavfidan asrab qolgan xaloskor timsoli.
Atoqli adib bu timsol orqali özini öragan tabiatga qöl kötariş öz onasini böğizlaşdek gunoh, demoqçi. Insonga xos bölgan beşafqatlik, oçközlik, qalbi söqirlik qanday dahşatli oqibatga olib kelişi mumkinligini aytib, kitobxonni ogohlantirmoqçi.
Bizning adabiyot vakillari – talay şoir va adiblar ham afsona va miflardan örinli va unumli foydalanmoqdalar. Siz aytgan misolga kelsak, Qurbonoy xolaning afsonalari şunçaki yaxşilikka undovçi nasihat emas. Ularda asardagi bir-biriga qarama-qarşi turuvçi ikki qutb – Komissar va Qurbonoy dunyosini oçişga harakat qilingan. Komissar nazarida Qurbonoyning çivinçalik ham, çuvalçangçalik ham qimmati yöq. U özini bunaqa “yarim odamlar” ustidan hukmronlik qiluvçi qudratli şaxs sanaydi. Yillar davomida şunday bölgan ham. Qurbonoy bir qaraşda çindan ham “heç kim emas”. Çalasavod oddiy farroş. Ammo maʼnaviy boyligi bilan, iymon-eʼtiqodi bilan Komissardan ön poğona baland turadi. Komissar har kimdan illat qidirsa, Qurbonoy hammadan fazilat izlaydi. Komissar oddiy manqurt emas, “aqlli”, öqimişli johil. Şunisi bilan ayniqsa xatarli. Bir safar u Qurbonoyga “har kuni namoz ustida meni qarğasang kerak?” deganida Qurbonoy “sizning nimangizni qarğayman, Xudo hammasini körib-bilib turibdi-ku” deb javob beradi. Bir qaraşda bu muteʼlik bölib körinişi mumkin. Ammo bu örinda boşqa maʼno ham bor. Qurbonoy Komissarning Xudo urgan banda ekanini yaxşi biladi. Çindan ham şunday. Komissar mustabid tuzumning farmonbardori va ayni şu tuzumning qurboni. Fariştadek beozor xotini bir zumda vafot etadi. Yangi “zamonaviy” xotini köz öngida unga xiyonat qiladi, bir öğli çet elga qoçib ketadi, bir öğli undan yuz ögiradi… Bir vaqtlar hammani titratgan kimsa endi özi yakkamoxov bölib qolgan, kulbasida keçalari qörquvdan dodlab uyğonişga mahkum…
Xullas, barça tasvir vositalari qatori afsona, rivoyat, ertak va miflar asarning boş maqsadiga, undagi odamlar qismatini oçişga xizmat qilsa, ulardan foydalaniş kerak…
Yozuvçi haqida
Ötkir Hoşimov 1941-yil Toşkent viloyatining Zangiota (hozirgi Çilonzor) tumanidagi Dömbiravot mavzeida tuğildi. Ö. Hoşimov mehnat faoliyatini erta boşladi. Toşkent Davlat universiteti (hozirgi Özbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika kulliyotida öqiş bilan baravar gazeta tahririyatida işladi. 1959-yildan 1963-yilgaça “Temiryölçi”, “Qizil Özbekiston”, “Transportniy raboçiy” gazetalarida xat taşuvçi, mussaxhih, tarjimon bölib işladi. Söng “Toşkent haqiqati” gazetasida adabiy xodim (1963-1966), “Toşkent oqşomi” gazetasida bölim mudiri (1966-1982), Ğ.Ğulom nomidagi Adabiyot va sanʼat naşriyotida boş muharrir örinbosari (1982-1985) böldi. 1985 – 1995-yillarda “Şarq yulduzi” jurnaliga boş muharrirlik qildi. 1995-yildan 2005-yilgaça Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Matbuot va axborot qömitasi raisi lavozimida işladi. 2005-2013-yillarda “Teatr” jurnali boş muharriri bölib işladi.
Özbekiston xalq yozuvçisi Ötkir Hoşimov mustaqil Vatanimizning adabiyoti va maʼnaviy xazinasiga salmoqli hissa qöşgan ijodkordir. Qariyb ellik yil davomida turli tillarda ikki yarim millionga yaqin nusxada çop etilgan yetmişdan ortiq kitobi adibni xalqimizning ardoqli farzandiga aylantirdi.
Hozir adibning olti jildli “Tanlangan asarlar”i “Şarq” naşriyot-matbaa aksiadorlik kompaniyasi naşriyotida çop etilmoqda. Şu paytgaça yozuvçining “Pölat çavandoz” (1962), “Gunafşa” (1965), “Odamlar nima derkin…” (1966), “Bir tomçi şudring” (1970), “Bahor qaytmaydi” (1970), “Den мотылка”, (1971), “Qalbingga quloq sol” (1973), “Uzun keçalar” (1975), “Nimadir böldi” (1975), “Yer farzandimiz”, “Nur borki, soya bor” (1977), “Quyoş tarozisi” (1980), “Maşina sotaman”(1981), “Dunyoning işlari” (1982), “Yalpiz somsa”(1983), “Oq kamalak”(1984”, “Sirli yulduz” (1985), “Ikki eşik orasi” (1986), “Xazina”, “Ikki karra ikki beş”(1987), “Notaniş orol” (1990), “Iztirob” (1991), “Daftar hoşiyasidagi bitiklar” (2008) va boşqa kitoblari naşr etilgan.
Şuningdek, Stefan Sveyg, E.Xeminguey, K.Simonov, K.Paustovskiy, J.London O.Berggolts, V.Şukşin, M.Karim va boşqa adiblarning asarlarini özbek tiliga ögirgan. “Xazon bölgan bahor”, “Birovning taşvişi (Inson sadoqati)”, “Töylar muborak”, “Baland dorga osilma”, “Qatağon” sahna asarlari muallifi.
“Yoşlik” jurnali 3-son. 2010
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


