O‘ziga xos talqin

0
15
marta ko‘rilgan.

XX asrning ikkinchi yarmida mamlakatimiz miq­yo­­sida muhim evrilishlarning yuzaga kelishi xalq madaniy-ma’rifiy turmush tarzini jiddiy ravish­da o‘zgartirib yubordi. Millatning ma’naviy mustaqillikka erishish jarayoni iqtisodiy, siyosiy va madaniy jabhalarni tubdan isloh qilishga ehtiyoj tug‘dirdi. Jamiyatning barcha sohalarida kuzatilayotgan demokratik yangilanish – millatning ozodlik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi intilishlari adabiyotshunoslik oldiga muhim vazifalarni, mu­am­molarni ko‘ndalang qo‘ydi. Badiiy ijodning mu­him halqasi hisoblanadigan poetika ilmiy-amaliy sarhadlarni to‘g‘ri tayin etish, adabiy-nazariy tah­lillarning yangicha uslubiy-janriy takomilini yuza­ga chiqardi.

Ayniqsa, istiqlol davriga kelib jamiyat hayotida axloqiy mezonlarni yangilash va uni haqqoniy ba­holash ehtiyoji tobora kuchayib borayotganligini takidlash joizdir. Yangi davr o‘zbek adabiyoti, xususan, roman janri shakliy tadrijida inson ma’naviyati hamda ma’rifati yaxlitligining doimo dolzarbligini e’tiborga olsak, masala mohiyati yanada oydinlashadi. Chunki bir tomondan, badiiy tizimdagi ruhiyat tasviri va ifoda turfaligining butunligi badiiy mushohada mantiqiy rivojlanish qonuniyatlarini uyg‘unlashtirsa, ikkinchi  tomondan, real borliqdagi mavjud hayot andozalari va unga mos ravishda psixologik talqin voqelikni tadqiq etishning o‘zgacha tamoyillarini yuzaga chiqardi. Ushbu holat badiiy tizim – roman janri qonuniyatlarining ichki va tashqi yo‘nalishlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Mazkur jihatlar so‘z zargari Odil Yoqubov ijodini ham chetlab o‘tgani yo‘q, albatta.

Adabiyotshunos U.Normatov e’tirof qilganidek, “Adib asarlari avvalo hayotiyligi, haqqoniyligi, davrning o‘tkir ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalarini dadil o‘rtaga qo‘yganligi, inson va uning qalbi haqidagi haqiqatning yangi qirralarini ochishga qaratilganligi, keskin dramatizmi, teran gumanizmi, inson hayoti xususidagi ehtirosli bahs-munozaralari bilan ajralib turadi. Yozuvchi o‘zbek romani poetikasiga ko‘pgina yangiliklar olib kirdi, polifonik roman namunalarini yaratdi.” Adib izlanishlarida roman syujetining o‘ziga xosligi va teran falsafiy mantiq uzviyligi, ruhiyat tasviri va ifoda mustaqilligining uzviy birligi yetakchilik qiladi. Demak, Odil Yoqubov yaratgan badiiyat solnomalarini jiddiy tadqiq qilish kunimizning dolzarb muammolaridan biri bo‘lib turgani shubhasizdir. Adib romanlarida xarakter yaratish mahorati o‘ziga xos ravishda kechadi. Xoh u zamonaviy mavzuda bo‘ladimi, xoh  tarixiy mavzudami, qaysi muammoni tasvirlashdan qat’iy nazar, Odil Yoqubov zukko kitobxonni inson qalbiga yaqinlashtirib qo‘yadi. Kitobxon ham aynan ushbu jarayon ishtirokchisiga aylanadi. Jonli tasvir bo‘yoqlarida qahramon iztirob­larini, quvonchu shodliklarini xuddi o‘zinikidek qabul qiladi. Bu kabi xususiyatlar adib ijodiy kredosining muhim, ajralmas halqalarini tashkil etadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Roman janri inson borlig‘i hamda davr ru­hiyatini izchil va teran, yaxlit va tugal ifodalash xu­susiyatiga egadir. Badiiy shakl qahramon ruhiy dunyo­sini batafsil ochish barobarida voqelikka bo‘lgan ongli-sog‘lom munosabatni ham sharhlaydi. Tashqi mu­hitning bevosita va bilvosita inson yashash tarziga ta’sirini ifodalash, ko‘rsatish, o‘z munosabatini ham bildirib o‘tish janr qonuniyatlari sirasiga kiradi. Shu ma’noda, roman mavjud voqelik silsilasida yangi hamda muhim ahamiyatga molik falsafiy-axloqiy muammolarni ilgari suradi. Odil Yoqubovning “Diyonat” romani ham bundan mustasno emas. Vaqtida “voqea” bo‘lgan asarlar qatoridan joy olgan ushbu roman hayotning muhim qirralarini o‘zida jamlay olganligi bilan ham qadrlidir. Bir qarashda roman psixologik asardek tuyuladi. Unda turfa xarakterlarning botiniy ifodasi yetakchilik qiladi. Romanda muallif ijodiy niyati va tafsilotlar rang-barangligi qahramon nutqi bilan qorishib ketadi hamda xotira-esdalik­lar uyg‘unlashuvini yuzaga chiqaradi. Qahramon hayoti bilan davr voqeligining o‘zaro ziddiyati asar falsafasini – diyonat, or-nomus, iymon-e’tiqod kabi insoniy sifatlarning mohiyatini ilg‘ab olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu o‘zaro murosasiz jang, shaxs o‘zligini anglashga da’vat etadi. Shunga qaramay “Diyonat” ijtimoiy talqin ustuvorlik qilgan asar hisoblanadi: “Mingbuloqdan keladigan bir ariq suv dam oftobda kumushday yarqirab, dam ariq tagidagi giyohlar rangida ajib tovlanib, daryoday hayqirib oqmoqda edi. Haydar ariqqa yetmasdanoq kiyimlarini yechib, bedazorga otib yubordi-da, hurkak otday oldindan dir-dir titrab, o‘zini suvga otdi. Muzday buloq suvi a’zoyi badanidan o‘t chiqarib yuboribdiki, u jonholatda suvda o‘ynoqlab, o‘zini u qirg‘oqdan-bu qir­g‘oqqa otdi, lekin zum o‘tmay tanasi suvga o‘rganib, allaqanday tinchib qoldi. U tol shoxini ushlab, suvda chalqancha tushib yotdi-da, ko‘zini yumdi. Nazarida, go‘yo suv emas, kimningdir muloyim qo‘li uning horg‘in tanasini mehr bilan silayotganday, har bir hujayra, har bir asab tolasiga orom berib, sevib silayotganday tuyuldi.”

 Muallif tabiat manzarasini tahlil markaziga olib chiqadi. Parchada o‘ziga xos mazmun kasb etib, unda qahramon ichki dunyosi, yashash maydoni va falsafiy dunyoqarashi aks ettiriladi. Haydar obrazi tad­rijiga nazar tashlasak, uning hayot yo‘li o‘zgachaligi ko‘zga tashlanadi. Bo‘lajak olim to‘q oilada voyaga yetadi. Uning otasi Otaqo‘zi millioner raislardan biri. Qalbi faxr va g‘ururga to‘la yigitcha tog‘asi Normurod Shomurodovni dastavval uncha tushunmaydi. Ko‘ngliga ishq olovi tushgan personaj turmush mohiyatiga kirib borgan sayin domlani anglay boshlaydi. Aslida qahramonda yuzaga kelgan evrilish tashqi voqelikka bo‘lgan munosabat shaklida aniqlik kasb etadi. Tevarak-atrofda ro‘y berayotgan hodisalar uni o‘ylashga, fikrlashga majbur etadi. Endi u ilgari faxrlanib yurgan otasi boshi berk ko‘chaga kirib qolganligini anglaydi. Biroq endi tavba va tazarruga o‘rin yo‘q! Muallif qabariq tasvir prizmasida inson idrokini band etgan ijtimoiy-ruhiy muammolarni ko‘ndalang qo‘yadi. Xotiralar dinamikasida qayta tiklangan imkoniyat asar leytmotivini tashkil qiladi. Adib yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, adashishlarni mantiqan aniq tasvirlaydi. Lekin baholashni emas, inson dunyoqarashidagi evrilishlarni ko‘rsatishni birinchi planga chiqaradi.

Yozuvchi romanlaridagi umumiy bir sifat shundan iboratki, u shaxs psixologiyasining o‘rab turgan muhit xarakteri bilan murosa-madora qilmasligida qabarib ko‘rinadi. Uning yaratgan qahramonlari jamiyat hayotida, kundalik turmushida ro‘y berayotgan nohaqliklaru adolatsizliklar, ko‘zbo‘yamachiliklaru firibgarliklarga qarshi murosasiz kurash olib boradi. “Diyonat” ham o‘z davrining mahsuli bo‘libgina qolmasdan, XX asr nasrining barmoq bilan sanarli asarlari sirasida turishini hech kim mubolag‘aga yo‘ymasa kerak. Badiiy asar shundayki, sof san’at namunasi yillar, asrlar o‘tsa hamki eskirmaydi, har qanday tuzum va davr qobig‘idan yorib o‘tib, odamzod kelajagi uchun beminnat xizmat qilaveradi. Shu ma’noda Odil Yoqubov olamning go‘zalligi, insoniyatning shu go‘zallikka munosabatini, gumanizm mohiyati va qadr-qimmatini butun ijodi badiiy to‘qimalariga yoyilib ketgan milliy ma’naviyat ifodasiga singdiradi. Odamzodning ruhiy barkamolligi, ezgu maqsadi haqidagi falsafiy teran tasvir yo‘nalishi adibning dunyoqarashi va nazariy tasavvuri kengligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham ijodkorning har bir asarida, xoh u kichik janr bo‘lsin, xoh u yirik hajmli polotno bo‘lsin, diyonat, oqibat va mehr-muhabbat tushunchalari talqini markaziy chiziqni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, sog‘lom e’tiqod tadriji qahramon xarakterining uzviy qismiga aylanadi. Tasvirda­gi aniqlik esa aynan kichikdan kattaga, xususiy ho­disalardan hayotiy umumlashmalarga bo‘l­gan intilishning kuchliligi bilan izohlanadi. O‘z navbatida yozuvchi g‘oyaviy munosabati xalq ruhiyati, millat istiqbolini atroflicha tahlil qilish vositasida oydinlashadi. Bu munosabat insoniyat kelajagiga ishonch bilan qarash, uni idrok etish va tushunish nuqtai nazaridan mantiqiy yaxlitlik kasb etadi. Aslida ijodiy mantiqning asl mazmuni ham millat irodasi va maqsad-intilishlarini chuqur o‘zlashtirishga borib taqaladi. Chunki, mazkur tushuncha, xarakterli belgini axtarish va unga urg‘u berish mushtarakligidan oziqlanadi.

Adib romanlarida shaxs psixologiyasini jamiyat, tabiat hodisalari bilan omuxta badiiy-psixologik tadqiq etish tamoyili tadriji ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, badiiy talqin doimiy tarzda inson dunyoqarashida namoyon bo‘lish tarzining sinoatlari kashfiyotida, ko‘ngil izhori va ruh falsafasi ma’nolarini anglashda tadrijiy takomillashib, evrilib boradi. 

 

Azimidin NOSIROV, SamDU dotsenti

“Yoshlik”2012/10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.