Oshiq

0
14
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Qo‘shni qishloqdagi to‘ydan qaytgan Ochil bobo xufton namozidan so‘ng, boshini devorga tiraganicha:

Ko‘rgali husningni zoru mubtalo bo‘ldum sanga, – deya xirgoyi qilib qoldi.

– Hay, chol, sizga nima bo‘ldi? Kul-pul bosib keldingizmi? Bu nima aljirash? Uyalmaysizmi? – dedi Hanifa kampir qirmizi ko‘ylagining yoqasini ochib, xavotir aralash ichiga tuflarkan.

Ochil bobo ayyuhannosga go‘yoki e’tibor bermadi.

– Men ham  bir balo bo‘ldum sanga.

Kampir tumshaydi. “Hay-y-y, choli tushmagur-a, qa­riganda, belidan quvvati ketib, ko‘z nurlari so‘n­ganda, bitta-yarimtasiga ilashib qoldimikin?! To‘yga deb o‘shanikiga borgan bo‘lsa-chi? Attang-a, yolg‘iz yubormasam bo‘larkan.”

– Hay, chol, ko‘zingizni oching, bu nima qiliq?!

Ochil bobo ko‘zini ochmadi. Kampirning bir dardiga o‘n tashvish qo‘shildi. Omonatini topshirib qolsa, baloga qolaman, degan o‘yda cholning devor-darmiyon ukasi Xolmurodni chaqirdi. Xolmurodning xotini gap iskab, eri ortidan keldi. Kampir unga qovog‘ini uyib qaradi.

Xolmurod bu kecha  akasining yonida qoldi.

Kampirning xavotiri bejiz emasdi. Ertalabga yetmay, cholning xirgoyigo‘y bo‘lib qolgani butun mahallaga doston bo‘lganini eshitib, burniga ach­qim­tir hid urilgandek, faqat yuzi emas, butun  badani achishdi. Nima emish: kecha to‘ydan qaytayotgan Ochil bobo go‘riston yonidagi  Kultepadan o‘tayotib, ajinaga yo‘liqqanmish. Endi uyida hammani qo‘rqitib, aljirab yotgan emish.

Qishloqda birovni og‘ir yotibdi, deb eshitgan borki, bir xabar olib o‘tadi. Ochil boboni ko‘rgani mahalla raisi Anvar Tolipovdan tortib, xizmatkor Darxon chaqqongacha – hamma keldi. Eshikdan birov bosh suqsa, ket deb bo‘ladimi? Bunisi mayliku-ya, sho‘rlik Hanifa kampirning qon bosimi oshib, boshiga og‘riq turgani ortiqcha dahmazaga aylandi. Saksonga kirgan chol ajinaga oshiq bo‘lib qolibdi, deya kulsalar, qaysi bir kampir chidaydi? 

– Ochilboy shu yoshga kirib, bola ko‘rmadi, balki qariganda, birortasiga dilini yorgandir. Burungi zamonlarda yetmishvoylar, to‘qsonvoylar bo‘lardi. Bu kishim saksonvoyning daragini eshitib, es-hushlaridan ayrilgan bo‘lsalar kerak, – degan  gap chiqaribdi So­diq sho‘ro.

Kampir uf tortdi, oh tortdi, lekin nima qilsinki, o‘zining dardiga malham topolmadi.

Mahalla raisi Anvar Tolipov ancha sergak tortdi.

– Hanifa aya,  birortasidan gumoningiz bormi?

– Xudo saqlasin!

Sodiq sho‘ro xo‘mraydi:

– Rais, kampirni tinch qo‘ying! Mahalla posbonini  chaqiring, bu jiddiy masala! Hali ketini ko‘rasiz, bosh og‘rig‘i  bo‘lmasa, otimni boshqa qo‘yaman!

– Vahima otidan tushing, sho‘ro, – deya uni siltab tashladi rais, – Ochil bobo siz aytganday, boshini shamolga oldirgan qariya emas! Aljiragan bo‘lsa bordir!

Terlab-pishib kirib kelgan mahalla do‘xtiri – Bektosh To‘rayev cholni yaxshilab tekshirdi, lekin biror kasallik topolmadi: cholning yuragi bir maromda urar, qon bosimi ham  joyida edi. Shunday bo‘lsa-da, bir-ikki dori yozib berdi-da, “tuman shifoxonasidan, albatta, do‘xtir chaqirib, ko‘rsatish kerak!” deya o‘rnidan  turdi.

Bo‘rini yo‘qlasang, qulog‘i ko‘rinadi deganlariday, xo‘ppa semiz mahalla posboni – Tojivoy ham pishillab kirib keldi:

– Nima  bo‘ldi Ochil boboga?! Ajina chalganmishmi?

Sodiq sho‘ro unga dakki  berdi:

– Qanaqa posbonsan o‘zi? Ajinaga balo bormi? Sen hayotga real qarashing kerak, ukam! Mahalla pos­boniga yarashadigan ish qil-da, odamni uyaltirmay!

Tojivoyning achchig‘i qirra burnining ustiga soya tashladi:

– Siz, sho‘ro, zo‘rsiz-u, biz noshud  bo‘ldikmi?!

Anvar Tolipov qovog‘ini uygan edi, Tojivoy yuzini chetga burdi. Otdan tushsa ham egardan tushmagan Sodiq sho‘ro shubhasini yana oraga soldi.

– Muammo ana shunday, jiddiy!  – dedi ko‘rsatgich barmog‘ini o‘qtalib.

Tojivoy homuza tortdi va:

– Bu ishni, albatta, tekshirib ko‘ramiz! – dedi bo‘ynini  g‘oz cho‘zib.

Tushda Ochil bobo ko‘zini ochdi. Darhol Tojivoyni chaqirib keldilar. U cholning o‘ng tomoniga yonboshlab:

– Ota, oshiqligingiz rostmi? – deb so‘radi.

Kampirning burishgan yuzi qoraydi. “E yo‘q, be yo‘q, darhol shunaqa deb so‘rash kerakmi?! Fahmingga dog‘i!”

Ochil bobo “ha” degandek boshini  qimirlatdi.

Urdi xudo! Xolmurod pishgan pomidordek hil-hil qizardi, xotini labini  tishladi, kampir joyiga behol cho‘kdi. Tojivoy “ah-ha”  degancha boshini qashidi. Ana, sizga zamonaviy hangoma!

Xolmurod boshini changalladi:

– Qo‘lim kaltalik qilmaganda, boboyni katta do‘xtirlarga ko‘rsatgan bo‘lardim. Bular qo‘l uchida ko‘rdi  akamni! Hay, bularga ishing tushmasin!

Mahalla raisi uni  qattiq jerkidi:

– Noshukurlik qilmang, Xolmurodvoy! Ikkita katta vrach ko‘rdi, kammi? Sizning qo‘lingiz kalta bo‘lsa, davlatniki uzun. Kerak bo‘lsa, tepadan zo‘r vrachlarni chaqiramiz! Siz avval cholning gapini oling! Bir dardi borki, zoru mubtalo bo‘ldim, deb yotibdilar.

– Siz nimaga sha’ma qilyapsiz, rais?! Ochil bobo qariganda beboshlik qip qo‘yganmikin, demoqchimisiz?!

Tojivoy o‘rtaga tushdi:

– Jimlik saqlansin. Bu ish bizga taalluqli: kerak bo‘lsa, tekshiramiz, o‘rganamiz, gumondor bo‘lsa, albatta, topamiz!

Yarim soatdan so‘ng Ochil  bobo ko‘zini  ochdi.

– Men qachon dedim vafo qilg‘il manga, zulm aylading! – deya yana pichirladi.

Xolmurod yana boshini changalladi, uyaldi qa­rib quyilmagan akaning bu ishidan. Xotini xoldor lablarini qirmizi ro‘moli bilan yashirdi. Hanifa kam­pir esa ko‘z yoshi qildi:

– Hay, tug‘ilmay man o‘lay! Bitta tirnoq bersa, sa­dag‘asi ketarmidi?! O‘z farzandi  bo‘lganda, otasini odamlarga mayna qilib qo‘ymas edi?! Hay, sho‘r peshonam qursin, qariganda nima gap bu, a?!

Tojivoy qo‘lini bigiz qildi:

– Yurakni qiynamang, momo! Biz aybdorni topamiz. Raz zorlanayotgan ekansiz, Saksonvoy, albatta, bo‘ladi! Ana, isboti: Ochil bobo o‘sha chuv tushirgan xonimga,  vafo qilg‘il, deb yalinganlar, u esa, karmoningda bir miri  yo‘q sen cholni boshimga uramanmi, degan ko‘rinadi. Demak…demak, bolasini ham qizg‘angan, ko‘r­satmagan. Vo!.. Ana shundan so‘ng cholning boshi aylanib qolgan! Nichego, bugun bo‘lmasa, ertaga o‘zlariga kelib qoladilar, ana o‘shanda biz o‘sha xonimning kimligini  bilib olamiz va uni, albatta, jazolaymiz!

Ochil bobo bu safar yotgan joylarida g‘azalni baralla o‘qidilar.

Derazadan oq koptok kelib tushdi. Xolmurod ko‘­chaga qarab musht o‘qtaldi, xotini piq-piq kuldi. Birozdan so‘ng  sakkizinchi sinf o‘quvchisi, yuqori guzarlik Halim shoir ichkari kirdi. Ochil bobo hamon g‘azal o‘qimoqda edi:

– Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,

Soqiyo, to tarki joh aylab, gado bo‘ldum sanga.

Xolmurodning xotini  tizzalab, bo‘y cho‘zdi:

– Ana, momo, kundoshingizning ismini ham  bilib oldik! Nasiba ekan ismi. Nasiba!

Tojivoy  boshini qashidi:

– Tak, tak, bu qaysi Nasiba bo‘lishi mumkin?!  Past guzardagi Nasiba  boshqa erga tegib ketdi. Kultepa guzarida Nasiba degani…eh-ha, Kaltaqishloqda bir juvon bor, ko‘zi o‘ynoqi, shumikin?!

Uy ichi ola-g‘ovurga to‘ldi:

– O‘sha bo‘lishi kerak!

– Uning qo‘lidan har balo keladi. Juda jodugar ayol!

– Cholning pensiyasini yeb yurgan bo‘lmasin tag‘in!

Ochil bobo  g‘azalni yana qayta pichirlab o‘qidilar.Shovqin-suron avjiga chiqdi.

Halim shoirning ko‘zlari pirpiradi, lablari qim­tindi. Birozdan so‘ng kulib  yubordi.

– Nima  dep g‘avg‘o qilyapsizlar?! Bobo…bobo  Navoiydek o‘z egalariga oshiq ekanlar! Qanaqa Nasiba, qanaqa jodugar?! Mangulik  suvi nasibam, deyaptilar-ku axir!

Hanifa kampirning ko‘zlari moshday ochildi, Xol­­murodning quloqlari cho‘yanday olovlandi, xotini ro‘moli bilan yuzini yashirdi. Tojivoy burnini tortdi, rais kulib yubordi, Sodiq sho‘ro esa o‘rnidan turib, tashqari otildi.

Halim shoir koptokni olib ko‘chaga yugurdi.

Ochil bobo aksa urib, ko‘zini ochdi.

– Kampir, lablarim quruqshab qoldi, bir piyola suv ber! – deya iltijoli  boqdi.

Suvni ichgach:

–  Yaratganga shukr! – deya soqolini siladi.

To‘lqin  HAYIT

“Yoshlik”2012/10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.