Qalb gavhari

0
297
marta ko‘rilgan.

Taniqli qoraqalpoq adibi Abdimurod Otajonov bilan suhbat

 

– Siz uzoq yillar mobaynida Qoraqalpog‘iston matbuotida, gazetalarida, adabiyot sohasida rahbarlik vazifalarda faoliyat olib bordingiz. Shu bilan birga, respublika yozuvchilar uyushmasining topshirig‘iga ko‘ra, uzoq yillar yosh adib va shoirlar, havaskor qalamkashlar bilan ishladingiz. Demoqchi edimki, so‘nggi ellik yillar ichida qoraqalpoq adabiyotidagi har bir muhim voqea, “yarq” etib ko‘ringan nomlarning adabiyotga kirib kelishi sizning ko‘z o‘ngingizda ro‘y bergan. Ayting-chi, Mustaqillik yillarida, yangi zamonda qoraqalpoq adabiyotida qanday yangiliklar ro‘y berdi, qanday asarlar (romanlar, dostonlar, dramalar) paydo bo‘ldi?

– Yorqin so‘zi bilan insonlarni insof-diyonatga, mehr-oqibatga, kengfe’llikka chorlab, xalqning idrok-tafakkurini o‘zgartirishga, yangilashga, yosh avlodning tarbiyasiga ulush qo‘shib kelayotgan qoraqalpoq adiblari ham o‘tish davrining qiyinchiliklarga duch keldi. Ular mustaqillik bergan ulug‘ erkinlik bilan mo‘l-ko‘l imkoniyatlardan o‘z ijodlarida samarali foydalanmoqdalar. She’r va dostonlar, qissa va romanlar, dramalar yozmoqda, xalqning qalbidagi orzu-tilaklarga jon bag‘ishlamoqda. Eng quvonarlisi, bunday ezgu ishni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov boshlab berdi. Katta oqsoqolimizning izidan kelayotgan keyingi avlod shoirlari To‘liboy Qobulov (marhum), Kengesboy Karimov, Jiyanboy Izboskanov, Xalilla Davlatnazarov, Minayxon Jumanazarova, Nabiyra To‘reshova kabi ijodkorlarimiz yangi zamonaning belga quvvat, jonga rohat, tuyg‘ularga jasorat bag‘ishlagan erkinliklarini ko‘tarinki ruh bilan kuyladilar.

She’riyatda ibrat yo‘lini ulug‘ oqsoqol ijodkorimiz boshlab bergani kabi, nasrda ham mustaqillik davri karvonini yana bir oqsoqol adibimiz – O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov boshlab berdi. Uning “Qoraqalpoqman. Tavakkalchiman” asari (2003 yil) qoraqalpoq adabiyotida janr xususiyatlari, ko‘lami, shakli, mazmuniy jihatlari bilan yangilik bo‘ldi.

Adib Qipshaqboy Matmurodov tarixiy faktlarga asoslanib yozgan “Tebranmas” romanida o‘tgan davrlarda qoraqalpoq yurtida el birligini saqlashga intilgan ulamolar, och xalqqa g‘amxo‘rlik, mehr ko‘rsatgan badavlat odamlar (masalan, asar qahramoni Lepesboy), elni odil boshqargan biylarning obrazlarini yaratdi. Asarda eski zamonlardagi tarixiy haqiqat yoritib berilganligi, xalqning milliy qadriyatlari ulug‘langanligi o‘quvchi yodida qoladi. Murotboy Nizanovning “Oxirat uyqusi” qissasini, Ollanazar Abdiyevning “Alvastilar uyasi”, Kengesboy Karimovning “Og‘abiy”, Sharap Usnatdinovning “Shoirning yoshligi” romanlarini ham yangi davr mafkurasi asosida yozilgan kuchli asarlar sirasiga kiritish mumkin. Adabiyotimizda yangilik sifatida tilga olish mumkin bo‘lgan voqelik – bu, mustaqillik davrida adibalarimizning ham katta nasrda o‘z kuchlarini sinab ko‘rayotganligidir.

 

– Yosh iste’dodlarining kamolga yetishida ustozlarning beminnat xizmati muhim o‘rin tutadi. Qoraqalpoq adabiyotidagi katta ustozlar haqida nima deya olasiz? Ularning ijodingizga qo‘shgan hissasi haqidachi?

– Qoraqalpoq adabiyotida aziz va ardoqli ustoz Ibroyim Yusupovning yosh iste’dodlarni izlab topish, ijod olamiga boshlab kirish, uni o‘stirish, baquvvat va azim chinorga aylantirishda yoshullilik hamda fuqarolik xizmati alohida bo‘lganligini bizlar bilamiz. Bitta misol: mening bir qissam 1972 yil qoraqalpoq qissalari to‘plamida chop etildi (G‘. G‘ulom nomidagi badiiy adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent). Vaholanki, o‘shanda asarning o‘zi qoraqalpoq tilida chiqmagan edi. Ustozimning “bir asaringni Toshkentga tashlab keldim, o‘zbek tilida kitob bo‘lib chiqadi”, – degan so‘zlarini umrim bo‘yi unutmayman. Men ko‘pincha bu voqeani yosh yozuvchilar bilan bo‘lgan suhbatlarda misol tariqasida keltiraman. Yozuvchi Saparboy og‘a Soliyev ham talay-talay yoshlarning kamolga yetishida, ularning asarlarini “pishirish”da, nashrga tayyorlashda, kamchiliklarini tuzatish, ziyod o‘rinlarini qisqartirishda, qisqasi, asarni asar sifatida tayyorlab, o‘quvchi qo‘liga yetkazishda unutilmas xizmatlar qildi. “Oltmishinchi yillar avlodi” deb nom olgan avlod vakillarining ko‘pchiligi mana shu ustozlar yetovida adabiyotga kirib keldilar, ijod qildilar, xalqqa tanildilar.

Hozirgi paytda davlatimizning o‘zi iste’dodlarni tanlash, voyaga yetkazish, ularning asarlarini xalqqa tanitishda alohida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Turli tanlovlar, yoshlarga mo‘ljallangan seminarlarning muntazam o‘tkazilishi, yozuvchilar uyushmasining bu borada olib borayotgan ishlari – iste’dodlarni izlab topish, ularning ijod qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berishda juda muhim tadbirlardan hisoblanadi. Shular natijasida adibu shoirlarimiz qatori yangi-yangi iste’dodlar bilan to‘lib bormoqda.

 

– Men yaqinda “Talant tulporini minib” nomli kitobingizni o‘qib chiqdim. Unda 20 ga yaqin ijodkor (shoir, adib, bolalar shoirlari, jurnalist-ijodkorlar)ning hayoti, asarlari, ijodga kirib kelishi haqida hikoya qilgansiz. Mana shu kitob mutolaasi taassurotlaridan kelib chiqqan holda so‘ramoqchiman: siz tilga olib o‘tgan ijodkorlarning qoraqalpoq adabiyotidagi o‘rni va ular ijodining ahamiyati borasida gapirib bersangiz.

– Bu kitob faqat adiblar, shoirlar, adabiyotshunoslar, jurnalist-ijodkorlar biografiyasi yoki ularning ijodi haqidagi fikrlardan iborat emas. Undagi maqola, esse, taqrizlarda umuman yozuvchilik taqdiri, kasbi, ijod va ijodkor haqidagi kuzatishlarimni jamladim va ularni muayyan bir ijodkorning biografiyasi, asarlari qatoriga singdirib yuborgan holda bayon qildim. Shuning uchun ham mazkur kitob o‘quvchilarda ijod va mahorat sirlari borasida yangi bir yo‘nalish, yangi bir gap kabi qabul qilindi, yaxshi taassurot qoldirdi. Sababi – men bu asarimda mehnati yaltirab ko‘rinib qolgan tanqidchilarning ham “nasibasiga qo‘l solib”, ularning vazifalarini ham haminqadar bajarishga yuraksindim. Kitobda asosan hayotdan o‘tib ketgan adiblar, shoirlar haqida gap boradi. Men ularning adabiyotimiz oldidagi xizmatlarini aytib, tarix uchun, kelajak avlod uchun esda qolishi lozim bo‘lgan g‘amxo‘rlik, odamiylik xislatlarini yodga olib qo‘yishni maqsad qildim. Ularning asl insoniy qiyofalarini o‘zim bilgan, ko‘rgan, guvohi bo‘lgan voqealar misolida qog‘ozga tushirdim va bu mehnatlarim qoraqalpoq adabiyotida ilgari ko‘rilmagan, janr jihatidan o‘zgacha bo‘lgan to‘plamni vujudga keltirdi. Eng quvonarlisi shu bo‘ldiki, ushbu kitob haqida hali adabiyotshunoslarimiz tish yorib, biror og‘iz gap qilmaganlari bilan, adabiyot muxlislari, o‘qituvchilar, ziyoli qavm kitob haqida ijobiy fikrlar bildira boshladilar.

Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, muhtaram adibimiz Xo‘jabek Seitov Yozuvchilar uyushmasini boshqargan yillarida yangi iste’dodlarni izlab topish, ularni adabiyot maydoniga, ijod olamiga olib kirish masalalariga juda katta e’tibor berar edilar. Birgina misol keltirib o‘taman. Ichki ishlar sohasida ishlab yurgan Aytboy Bekimboyev ismli militsiya xodimi xizmat paytida jarohatlanib, to‘shakka mixlanib qoladi. Aytboy og‘a – urush qatnashchisi, buning ustiga u yaxshigina qalamkash ham edi. Qalami o‘tkir militsionerning uyda yotib qolganidan xabar topgan Xo‘jabek og‘a uni izlab borib, ko‘nglini ko‘taradi, ijodga undaydi, hukumatga va ijtimoiy-ta’minot vazirligiga xat yozib, Aytboy og‘aning ijod qilishi, yashashi, tirikchiligi uchun sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashadi. Natijada Aytboy Bekimboyev to‘shakda yotgan joyida o‘nlab hikoya va qissalar yaratdi, bobomiz Beruniy haqida roman yozdi, qoraqalpoq adabiyotida detektiv asarlar janriga asos soldi, “Sirli izlar izidan” qissasi uchun esa Berdaq nomidagi davlat mukofotining laureati bo‘ldi. Mening mazkur kitobimda Xo‘jabek og‘a haqidayam, fidoyi adib Aytboy Bekimbetov haqidayam esdaliklar o‘rin olgan.

Filologiya fanlari doktori, professor, atoqli tanqidchi Qo‘nisboy Kamolov – qoraqalpoq adabiyotida xuddi Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonovlar kabi tanqidchilar qilgan xizmatlarni bajara olgan adabiyotshunos edi. Shuningdek, G‘alim og‘a Seytnazarov ham menga tengdosh bo‘lgan bir guruh yosh ijodkorlarning adabiyot olamiga kirib kelishida beminnat xizmat qilgan. Kitobimda shular kabi 20 ga yovuq ijodkorning hayoti, ijodi, asarlari haqida hikoya qilishga harakat qilganman.

 

– O‘zingizning ijodga kirib kelishingiz qanday kechgan?

– Kulgili bo‘lsa ham aytay, men bolaligimda “yozuvchi” degan so‘zni ham eshitmagan edim. Bizning avlodga mansub bolalar – ya’ni urush yillaridan keyingi – elliginchi yillar o‘quvchilari maktabda darslikdan boshqa kitobni ko‘rmaganmiz. O‘qisak faqat darslik kitoblardagi badiiy asarlarni o‘qirdik, xolos. Bir kuni (to‘rtinchi sinfda o‘qirdik) o‘qituvchimiz Qalboy og‘a Allaniyozov dars paytida to‘satdan: “Otajonov, sen yozuvchi bo‘lasan, sendan yozuvchi chiqadi!” – deb yubordi gap orasida. O‘zimcha o‘yladim, o‘tgan darsdagi adabiy asarning mazmunini yaxshi gapirib berdim, shundan quvonib ketgani uchun muallim menga “yozuvchi bo‘lasan”, – devordi-yov. Yozuvchilar nima ish qiladi ekan? Buni bilmasdim, albatta muallimdan so‘rashga qisindim.

U paytlarda qoraqalpoq yozuvchilarining kitoblarini chiroq yoqib ham izlab topolmaysan. Yaxshiyam kutubxona degan joy bor ekan, u yerda qozoq, rus, o‘zbek tilida chiqqan kitoblar bor ekan, barini bir chekkadan olib o‘qiyverdim.

Yetti yillik maktabni tamomladim. Texnikumda o‘qiy boshladim. Shu kunlarda o‘qituvchimizning “yozuvchi bo‘lasan” degan so‘zi tinchimni buzib, qani, men ham yozib ko‘ray-chi, degan fikrga berildim. O‘ylab-o‘ylab, “Erkatoy” degan pyesa yozdim o‘zimcha. Bu mening atak-chechak qilib yozgan birinchi asarim edi. 1961 yilda “Etik” deb nomlangan birinchi hikoyam “Jetkinshek” gazetasida e’lon qilindi. Keyinchalik shu hikoyam darsliklarga kiritildi. Shunday qilib, qadrdon muallimim aytgan, taxmin qilgan gapning amalga oshishi boshlandi. 1973 yil “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida bolalarga atalgan “Men ham gul ekaman” degan yarim bosma toboqcha yupqa kitobim chiqdi. 1976 yil “Dutor” deb nomlangan hikoyalar to‘plamim nashrdan chiqdi. Yosh yozuvchi sifatida endi ancha tanilib qolgan edim. 1978 yil yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilindim.

Menga mana shunday g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, ijodimni ilk qadamimdan boshlab to “meva bera boshlagunimcha” kuzatib-tuzatib kelgan qadrdon ustozim Saparboy Soliyevdir. Uning to‘g‘riso‘zligi, shogirdlarga mehribonligi uchun ham “ustoz” deb salom berardim, hurmat-izzat qilardim.

Oltmishinchi yillarda men bilan qoraqalpoq adabiyotiga bir guruh iste’dodlar to‘lqinday kirib keldi. Shovdirboy Seitov, Uzoqboy Pirjonov, Qo‘nisboy Kamolov, Ulmambet Xo‘janazarov, To‘lepbergen Matmurodov, Kamol Mambetov, Kengesboy Rahmonov, Sidabulla Pirjonovlar – o‘sha oltmishinchi yillar avlodiga mansub edi. Agar “bu avlod qoraqalpoq adabiyoti uchun qanday o‘ziga xos xizmat qildi?” deb so‘ralsa, men shunday deb javob bergan bo‘lar edim: “Qoraqalpoq adabiyotida Sayfulg‘abit Majidov, Abbos Dabilov, Jo‘lmirza Oymirzayev, Sodiq Nurimbetov, Dali Nazbergenov, Izbosar Fazilov, Ayapbergan Musayevlar adabiyotimiz tarixini boshlab berdilar. Ulardan keyin Ibroyim Yusupov va To‘lepbergan Qaipbergenov hamda ularga tengdosh ijodkorlar turmushni bo‘rttirmay, bo‘yamay tasvirlash hadisini adabiyotga olib kirdi, novatorlarcha, fidoyilarcha xizmat qildi. “Oltmishinchi yillar avlodi” esa hayotni bor murakkabligi bilan tasvirlovchi, psixologizmga asoslangan asarlar yozib, qoraqalpoq adabiyotini yangi bosqichga ko‘tardi”.

 

– Umuman iste’dod nima? Iste’dodni kamolga yetkazish bilangina cheklanadigan bo‘linsa, iste’dodli odamlarning tirikchiligi nima bo‘ladi?

– Iste’dod – hayotiy yozuvchilik tajribam asosida xulosalab aytadigan bo‘lsam, odamlarning hammasiga emas, alohida bir shaxslarga yaratganning o‘zi yorlaqab beradigan sovg‘asi. Xalq buni sodda qilib “tug‘ma iste’dod” deb ataydi. Tug‘ma iste’dod ko‘proq shoirlarga beriladi. Tangri sovg‘asi – iste’dodi bo‘lgan yozuvchilar esa sabr-toqati, chidami, o‘qib-izlanib borishi, ya’ni mehnati tufayligina haqiqiy iste’dodini takomilga yetkazadi. Shundagina uning iste’dodini xalq tan oladi. Demak, iste’dod – ilohiy sovg‘a, uni tarbiyalab takomilga yetkazsang – baxtingning chopgani, so‘ndirib qo‘ysang – o‘z uvoling o‘zingga. Yozuvchi o‘qishni, izlanishni, yozishni umrining oxirgi nafasigacha to‘xtatmasligi kerak. Ijodda to‘xtab qolish, tanaffus bo‘lsa – bunday ahvolda, xuddi iqtisodiyotdagi tanazzul kabi, ijodiy tanazzul boshlanadi. Yozuvchi ana shu ijodiy tanazzulning yetoviga tushib qolsa, chiqib olishi juda murakkab kechadi. Adabiyotda bunday hodisa ko‘p uchragan.

 

– Ijodkor, uning mahsuloti – kitob, kitobxon. Mana shu uchburchak muammosi hozirgi paytga kelib ijodkor shaxs oldida shu darajada ko‘ndalang turib olganki, agar bu muammo hal qilinmas ekan, yaqin yillar ichida adabiyot fani, ma’naviyat, tarbiya masalalari jiddiy talofot ko‘rishi hech gap emas. Vaholanki, ulug‘ Abdulla Avloniy aytgani kabi, tarbiya – hayot-mamot masalasidir.

– Ijodkor, uning mahsuloti va kitobxon bir butunlikka birikib, bitta kuyni chala olsalar, yaxshi. Endi shu orada, ularning birikmasiga “kitob do‘koni” degan tushunchani ham qo‘shib, yozuvchining manfaatini ham o‘ylash, ta’minlash zarurati allaqachonlar tug‘ilgan. Agarda mana shu ahamiyatli va zarur masala ijobiy hal qilinmas ekan, kelajak egasini – tafakkurli, bilimli, har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalaymiz degan chiroyli niyatlarimiz quruq so‘z, quruq shior bo‘lib qolaveradi, maktablarda o‘qitiladigan adabiyot fanida, ma’naviy tarbiya masalasida qiyin vaziyat paydo bo‘lishi turgan gap. Yosh avlod tarbiyasidagi bo‘shliq, e’tiborsizlik vaqti kelib o‘zining zararli jihatlarini oshkor etib qo‘yadi, jamiyatning rivojlanishiga aks ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Ana shundagina Abdulla Avloniyning yuqoridagi oltin so‘zlarining gavhar ma’nolarini tushuna boshlasak kerak. Afsuski, tushungan paytimizda juda kech bo‘ladi.

Hozir Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi avvalgi kitob do‘konlarining birortasi ishlamaydi. Kitobxonlar kitob do‘konlarini izlamaydi. Markaziy bozordagi yoyma bozordan kitob qidiradilar. Baribir yoyma do‘konlarda ikki-uch muallifninggina asarlarini topish mumkin. Amali “tosh kesadigan”, so‘zi o‘tadigan nahanglarning yostiqday kitoblari mahkamalarga og‘zaki “raznaryadka” bilan topshiriladi. Shunday qilib, qo‘ldan yasalgan yuzaki vaziyatlar sabab, kitob haqiqiy o‘quvchining qo‘liga borib yetmaydi. Men mana shu vaziyatlarni to‘la-to‘kis bayon qilib “Kitob do‘koni qaydadir?” degan maqola yozgan edim. Maqolada kitob sotish, kitob do‘konlarining ishini tashkil etish haqida jo‘yali fikr-mulohazalar, tavsiyalar bor edi. Bu borada bir paytlar to‘g‘ri qaror qabul qilinganligi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi yonida “Ijod” fondini tuzish haqida”gi qarori), uning II bandida shahar va tuman hokimlariga: shahar va tuman markazlarida hamda yirik aholi punktlarida zamonaviy kitob do‘konlarini tashkil etish, ularni yangi adabiyotlar bilan muntazam ta’minlash maqsadida tegishli mablag‘lar ajratish haqida gaplar bor edi. Afsuski, maqoladagi o‘sha o‘rinlar qisqartirilib, ular o‘rnida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “kitob sotib oling” mazmunidagi ikki band she’ri berildi. Kitob sotib olish haqidagi chaqiriqlarga men ham qo‘shilaman, jon birodarlar, lekin, go‘zal va navqiron Nukus shahrimizda avvalo kitob sotib oladigan do‘konning o‘zi bo‘lmasa, kitobxon kitobni qayerdan sotib oladi?

Mening shu uzuq-yuluq maqolam ta’sir qildimi, har holda Amet Shomurodov ko‘chasidagi “Globus” kitob do‘koni yopib tashlandi-yu, ta’mirlash ishlari boshlandi. Quvonib yurdim. Bir kuni kitob do‘koniga kirib, to‘xtab qoldim. Kitoblar ko‘rinmaydi! To‘rda esa odamlar ovqatlanib o‘tiribdi. Oshxona xodimidan “kitob do‘koni qani?” deb so‘rasam, o‘ng tomondagi muyulish yerni ko‘rsatdi. Do‘konni o‘sha yerga – bir burchakka tiqib qo‘yishibdi! Shumi kitobga hurmat? Yozuvchiga hurmat? So‘ng yana bir kelsam – oshxona ham, kitob do‘koni ham yopilibdi. Ana xolos! Hozir “Globus” deb yozilgan joyning bo‘yoqlari ko‘chib, odamning rahmini keltirib turibdi. Kitoblarning ahvoli undan-da battardir, kim biladi. Mana shunday ahvollar bayon qilingan maqolam ayovsiz qisqartirilib, ta’sir kuchi yo‘qoldi, qarorning bajarilishiga foydasi ham tegmadi.

Endi kitob o‘quvchisi haqidagi fikrga to‘xtalaylik. Bolalar adabiyotini o‘qimay, bahra olmay o‘sgan bola ulg‘ayganida kattalar adabiyotini ham o‘qimaydi. Shuning uchun bolaning kitob o‘qish odatini kichkinaligidan shakllantirib borish lozim. Bolalarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini orttirib borish, talabini qanoatlantirish – kattalarning vazifasidir.

Bolaning kitob o‘qigisi keldi, deylik. Ota-onasidan “kitob olib bering” deb iltimos ham qildi. Kitob sotadigan do‘kon esa yo‘q. Shunda, ota-ona kitobni qayerdan topadi? Mana shu vaziyatning o‘zi, arzimaydigan bo‘lib ko‘rinsa ham, kitobning egasini topib borishiga, bolaga estetik zavq berishiga, ma’naviy-ruhiy ozuqa bo‘lishday ezgu vazifani bajarishiga mone’lik qiladi.

Yana bir mulohaza. Bolalar kitob bilan yetarli darajada ta’min etilmasa, bu hayotiy masalaga bozor munosabati talablaridan kelib chiqib qarayversak – kitob o‘qimaydiganlar sonining oshishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Natijasi esa o‘z-o‘zidan ma’lum.

Uylarimiz xon saroyidan qolishmaydi, oltin-kumush, billur buyumlarimiz yer-jahonga sig‘maydi. Ba’zilarning hovlilarida besh-oltitalab mashina bor. Shunday to‘lib-toshib yashayotgan xonadonda, ming afsus-nadomatlarkim, bir dona kitob topilmaydi! Ha, ahvol mana shunday. Ijodkor – kitob do‘koni – o‘quvchini biriktiradigan zanjir uzilgan. Mening fikrimcha, kitobxon xonadonlarning tanlovini, xonadonlardagi oilaviy kutubxonalar tanlovlarini o‘tkazibmi, qandaydir bir yo‘llarini topib, kitobxonlar sonini ko‘paytirmasak, O‘zbekistonimiz xalqini kitobxon xalqqa, Yurtboshimiz aytganlariday, ma’naviyati yuksak xalqqa aylantirmasak – ahvol bundan-da yomonlashib boraveradi.

 

– Mustaqillik davrida boshqa xalqlar hayotini, tilini, madaniyatini o‘rganish masalalari ham chuqur ahamiyat kasb etib kelayotir. Qoraqalpoq tarjimonlari faoliyati nimalarni ayta olasiz?

– Mana shu savolingizga javob berish uchun qoraqalpoq adabiyotidagi tarjima tarixiga nihoyatda qisqa rakurs yasab, quyidagilarni aytib o‘tsam degandim. Bizlar maktabda o‘qib yurgan paytlarimizda hazrat Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidan parchani faqat darslikdagina o‘qigan edik. Pushkinning “Kapitan qizi” qissasidan parcha ham bor edi darslikda. O‘tgan asrning o‘ttizinchi-qirqinchi yillarida yozuvchilarimizning ko‘pchiligi tarjima ishi bilan shug‘ullanganlar. Beri kelaverganda, M. Idirisov, J. Qo‘jeterov, H. Jumashev, D. Aytmurodovlar rus, o‘zbek, qozoq adiblarining asarlarini mahorat bilan qoraqalpoqchaga ag‘darganlar.

Tilakka qarshi, shu kunlarda qoraqalpoq adabiyotida tarjima masalasi qiyin vaziyatga tushib qoldi. Har yili shoirlar sultoni Alisher Navoiyning, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kunlari maktablarda, kollej-litseylarda, oliy o‘quv yurtlarida katta tantanalar bilan o‘tkaziladi. Shunday tantanalarda shoir Abilqosim O‘tepbergenovgina Navoiy hazratning g‘azallaridan yangi tarjimalarini o‘qiydi, xolos. Mening kuzatishimcha, bugungi kunda qoraqalpoq adabiyotida tarjima bilan maxsus shug‘ullanib yurgan yozuvchi yo‘q. Qancha mohir tarjimon bo‘lganligiga qaramasdan ba’zi ijodkorlar tarjimaga qo‘l urmaydi. Mehnati kuyib ketishini biladi. So‘nggi paytlarda Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” romanini yozuvchi Alpisboy Sultonov bilan pedinstitut o‘qituvchisi Qozoqboy Saparovlar qoraqalpoq tiliga tarjima qilishdi. Romandan parchalar “Amudaryo” jurnalining 2009 yilgi uch-to‘rt sonida e’lon qilindi.

 

– Yurtboshimiz qoraqalpoq xalqining madaniyatini, san’atini, bu yurtdan yetishib chiqqan iste’dod egalarini g‘oyat qadrlashini, sevishini ko‘p ta’kidlaydilar. O‘zbek xalqi qoraqalpoq san’ati bilan, adabiyot namunalari bilan muntazam ravishda tanishib borishini ko‘pchilik qatori men ham istar edim. Toshkentda Qoraqalpog‘iston san’ati va adabiyoti kunlari o‘tkazilganiga ham o‘n yillardan oshib qoldi. Adabiyotlar, madaniyatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi – kelajak uchun, xalqlarimiz uchun xizmat qiladi, shunday emasmi?

– Barakalla. Gap xalqlar do‘stligi borasida ketar ekan, quyidagi fikrlarni aytib o‘tishni xohlar edim: o‘zingiz bilasiz, shu yil yozda men Toshkentdagi “Do‘rmon” ijod uyida dam oldim. Do‘rmon bog‘ining go‘zalligiga, orombaxsh-ilhombaxshligiga so‘z yo‘q! Tekis-ravon yo‘l bo‘yidagi sollangan oq boldirli teraklar bu muqaddas hududga kelayotganlarni o‘zlarining suluv qomatlari bilan to‘ydiradi. Ijod bog‘ining darvozasi oldida chorvoqda necha yillarning guvohlari, necha insonlarga sirdosh bo‘lgan chinorlar seni qadrdoning kabi kutib oladi. Shunday xush-muloyim, go‘zal makonda, ilhom parilari maskan tutgan joyda qalam tebratib, oq qog‘oz yuziga so‘z aytmoqning o‘zi bir rohat. Men dam olish bilan birga, avvaldan yozib yurgan katta asarimni yana davom ettirdim, bir necha gazeta-jurnalga borib, ijodiy suhbatlarda bo‘ldim.

Bizning qoraqalpoqlik yozuvchilar hurmatli oqsoqolimiz Nosir Fozilovni o‘zlarining yozuvchisi deb biladi. Uning “Qorxat” degan qissasi qahramonlari qoraqalpoq bolalari bo‘lgani uchun, bu qissa hali siyohi qurimasdanoq qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan edi. Biz – qoraqalpoq adiblari, Nosir og‘aning shu qissasini o‘zimiz uchun darslik kitobday bilib mutolaa qilganmiz. Ustozning Qoraqalpog‘istonda ham muxlislari, do‘stlari ko‘p. Men ham bir qissasini qoraqalpoq tiliga o‘girganman. Bu safar yoshulli bilan yaqindan tanishdim. Uning o‘z og‘zidan “qoraqalpoqlardan sira yordamimni ayamayman” degan yoqimli so‘zini eshitdim. Bu – o‘zbek og‘aning qoraqalpoq inisiga bo‘lgan chin, asl so‘zi – iqrori edi. Do‘rmon – mana shunday, yozuvchilarni topishtiradigan, do‘stlashtiradigan, qadrdon qilib qo‘yadigan muqaddas ma’vo. Mana shu jannatday joyda men yana bir oqsoqol bilan tanishdim. Bu oqsoqol Muhammadjon Xayrullayev. Yurtimga qaytayotgan paytda men ularga o‘z tilimda “Xush qolinglar, qadrdonlarim”, degan bo‘lsam-da, ichimda: “Xayrlashmayman, azizlarim, yaqinda yana kelaman. Xudo xohlasa, kelib inilik salomimni beraman”, degan tilak sayrab-toshqinlanib turdi. Shunday qilib, “Do‘rmon” ijod uyidan olam-jahon quvonch, tog‘-tog‘ taassurotlar bilan qaytdim. Siz aytganday, madaniyat kunlari, diydor kunlari amalga oshib, shu aziz do‘stlar, ustozlar bilan yana uchrashsam – bundan ortiq baxt bo‘ladimi dunyoda?!

 

Muzaffar Ahmad suhbatlashdi.

“Yoshlik” jurlani 2014 yil, 9-son

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.