Dunyoning baxti şundaki, uning yaxşi şoirlari köp. Şoirlar dunyoni içkarisidan yulduz bölib yoritib turadilar.
Öz yöli, öz uslubiga ega şoir Rustam Musurmon ijodida «içkari» tuşunçasi alohida mohiyat kasb etadi. Şoir olamning javhari bölmiş Insonga yaxlit mohiyat sifatida yondoşadi, uning «içkarisi» «taşqari»ning qiyofasini belgilab beruvçi qatlam ekaniga ahamiyat qaratadi. Umuman olganda, «içkari»-«taşqari» poetik tuşunça sifatida mumtoz adabiyotimizda, zamonaviy şeʼriyatimizda turli rakurslarda atrofliça işlangan. Rustam Musurmon yangi davr şoiri, şu bois bu eski mavzuni yangiça talqin etadi. Uningça, «içkari» ozurda, taʼsirçan, hatto, qaysidir darajada kuraşçan emas. Bu örinda «kuraşçan» tuşunçasiga ijtimoiy maʼno yuklab bölmaydi. Dunyoi olam, insonlar örtasidagi munosabatlar mukammallikdan yiroqligini his etgan «içkari» ozorlangan. Ayni paytda bu ozor tuşkunlik emas. Lirik qahramon uzoq kelajakka katta umid, orzu, maqsad bilan köz tikadi. Yoruğ niyatlari ijobat bölişiga işonçi mustahkam. Şu işonç lirik qahramonni badiiy obraz doirasidan ijtimoiy timsol hududiga olib ötadi. U endi ijtimoiy hayotda öz «borligi»ni bildirişga tayyor va özini namoyon etişga kirişadi. Lirik qahramonning şeʼrdan şeʼrga ösib boruvçi dinamik – tadrijiy yöli uni ijtimoiy individ sifatida namoyon etadi. Şarqda inson kamoloti, taşqi va içki gözalligi haqidagi asrlar davomida şakllangan badiiy-estetik qaraşlariga köra, kişining zohiriy (taşqi) va botiniy (ruhiy-maʼnaviy) gözalligi orasida muvozanat, mutanosiblik mavjud bölgandagina u haqiqiy gözal, komil şaxs hisoblanadi.
Şoirning 1994-yilda naşr etilgan «Ruhimning tovuşi» (Toşkent, «Kamalak», – 1994-yil. Iqtiboslar şu kitobdan – S.A) kitobida şunday şeʼr bor:
Kökragimga muştlaydi birov,
Muştlayverar içkarisidan:
– Nima böldi, oçingizlar-ov,
Bu vujudning taşqarisida?!.
«Özim»ning içidagi jabrdiydaga nima bölganini, haqiqatni aytiş oğir. Gap şundaki, «Xuddi sendek (yurakdek – S.A.) birovni boğlab, Olib ketdi bir sarviqomat…»
«Yurak» şeʼri şunday boşlanadi:
Yurak – mening duldulim,
Kökragimda qoziği…
Yurak – «içkari»ning markazi, «men»ning mohiyati. U oy, yulduzlarni – yuksaklarni közlaydi, ufqlar sari yugurib, «men» – lirik qahramon kökragini köpçitib yuboradi. Yuqorida taʼkidlaganimiz – şoirning katta maqsadlar sari intilayotgan lirik qahramoni öz orzu manzillariga yetmoq yölida maşaqqatlar çekişga va ularni yengib ötişga tayyor. Bunday kuçni, şiddatni «men»ga yurak – «içkari»ning mohiyati beradi: yurak «Meni sudrab ketadi, Qoziğini suğurib…»
Muhabbatni har bir şoir har xil «köradi». Rustam Musurmonning talqinida muhabbatning («Muhabbat» şeʼrida):
Yuragi qöşaloq böladi,
Oşiqlar tuşunar tilini…
Bu örinda şoir, bir tomondan, muhabbat ikki kişi – yigit va qiz örtasidagi hodisa ekanligi mantiğidan kelib çiqib, «muhabbatning yuragi qöşaloq böladi», deyayotgan bölsa, boşqa tomondan, mazkur satrlarga muhabbat şunday ulkan kuçki, unga bitta yurak torlik va kamlik qiladi; uçinçi tomondan, muhabbat qörqmas, qaytmas, çunki yuragi ikkita; törtinçidan, muhabbat mard, botir, jasur, çunki yuragi ikkita, degan maʼnolarni singdirgan. Şeʼr:
Körmadim uningday gadoni,
Or qilar sadaqa söraşga, – deb yakunlanadi. Özi gado bölsa, sadaqa söraşga or qiladimi? Or qilsa, gado bölmasdi-ku. Bu teskari mantiqda şoirning eski mavzuni yangiça talqin etgani körinadi, yaʼni gado sadaqa söraşga or qiladi. U ğururli, mağrur gado. U unça-munça narsa emas, unça-munça narsani olmaydi ham, muhabbat söraydi. U muhabbat gadosi. Uning söragani faqat muhabbat. Şeʼrning yana bir maʼno qatlami şundan iboratki, oşiq hamişa gado holatiga tuşadi, sadaqaga faqat muhabbat söraydi. Odam gadoga köp narsa berişi mumkin, muhabbatni esa köp hollarda berolmaydi.
Rustam Musurmon şeʼriyatiga butun vujud sifatida qaralsa, bu vujud, birinçidan, zamonaviy gözal şeʼriyatimiz: uzoq asrlik badiiy taraqqiyot natijasida va dunyoning eng baquvvat şoirlari va şeʼrlari, asarlari tarjimasidan bahramand bölib, ayni qiyomdek yetilgan, şakllaniş jarayoni uzluksiz davom etayotgan gözal va mukammal bugungi poeziyamizdan; ikkinçidan, xalq oğzaki ijodidan, yaʼni hali hayot bölgan bobolarimiz, momolarimizning oğizdan oğizga ötib kelayotgan boy va betakror xazinasidan; uçinçidan, yozma folklordan, bitmas-tuganmas badiiy xazinadan; törtinçidan, dunyo adabiyotidagi katta umrzoq badiiy oqim; aslida oqim emas, badiiy sanʼat körinişlari va izlanişlari mujassam bölgan ifoda uslubi – modernizmdan; beşinçidan, mumtoz adabiyotimizning çeksiz ummonidan oziqlanadi. Aslida, katta, keng kölamli adabiyotda ham, kiçik bir şeʼrda ham, agar u çinakamiga yaxşi badiiy asar bölsa, bularning barçasi bir paytning özida zuhur etadi. Jumladan, sanʼatkor şoir sifatida Rustam Musurmon ijodida ham şu tölalik, uyğunlik kuzatiladi.
Adabiyotşunoslikda leksik-semantik tahlil degan tuşunça bor. Unga köra, asarga, jumladan şeʼrga matn sifatida yondaşiladi va bir konkret şeʼr matni öziga xos uslub va ifodani aniqlaştirib beradigan, şuningdek eng kiçik hajmda mantiqni aks ettiradigan darajagaça parçalanadi. Mana şu eng kiçik matn-parçada ijodkorning uslub-qiyofasi namoyon böladi. Bu kiçik parça qaysidir şoirda törtlik, boşqa bir şoirda satr, yana kimdadir söz, yana kimdadir satrdan katta, törtlikdan kiçik yoki sözdan katta, satrdan kiçik hajmdagi matn bölişi mumkin. Badiiy dunyoqaraşi şeʼrga sanʼat asari, şoirga sanʼatkor, deb yondaşiş prinsipida şakllangan Rustam Musurmon şeʼrlariga leksik-semantik tahlil nuqtayi nazaridan yondaşilsa, u köz öngimizda alohida, öziga xos şoir sifatida gavdalanadi. Bunday tahlil inson xarakterini, feʼl-atvorini alohida «tokça»larga taxlab örganişga yoki qurilgan imoratni qaytadan ğiştlarga ajratib çiqişga öxşaydi. Aniqroq qilib aytganda, Rustam Musurmon şeʼrning eng kiçik, sözdan ham kiçik unsuri – tovuş bilan işlaydigan şoir sifatida namoyon böladi: ohanglar, tovuşlar şoiri. Köngli, qalbi katta şoirgina emas, katta bilim egasi bölgan şoir. Sanʼatkor şoir.
Rustam Musurmon şeʼrlarida tovuş alohida maʼno, butun mantiq, hatto köp qatlamli maʼno jo bölgan mustaqil unsurga, daxlsiz obyekt darajasiga kötariladi. Tovuş – maʼno, tovuş – manzara, tovuş – qiyofa şakl-şamoyillariga evriladi. Aksariyat hollarda tovuşdan, tovuşning oliy bosqiçi, mukammal tadriji – qöşiq darajasiga ösib boradi, tovuşdan qöşiqqa aylanadi. Bu jihatdan ustoz şoir Ikrom Otamurodga bağişlangan «Ruhimning dovuşi» şeʼri yoki «Ruhimning dovuşi» iborasining özi ham Rustam Musurmonning ijodiy portreti böla oladi.
“Ruhimning dovuşi” iborasini qöllar ekan, u tovuş, tovuşlar şoirning ruhidan, ruh qaʼri, qavatlari va qatlamlaridan çiqib kelişiga işora qiladi. Qiziq jihati, u sözni «tovuş» emas, aynan «dovuş» tarzida qöllaydi. Xalq jonli tilida ham dovuş tarzida işlatiladi. Sanʼatkorona şu bir özgariş ham şeʼrning jonli, tirik bölişini, aynan Rustam Musurmonga xos uslubni taʼminlaydi. Şoir – ruhda tajassum topgan. Ruh çolğusi nafas olmoqda, hayotning şarti esa navo. Şoir men – nayga, naydan nafas olayotgan havoga ötadi. Şunda:
Kuy barhayot, musiqa mangu…
I-fu-u-uv…
I-fu-u-uv…
I-fu-u-uv…
Uşbu tovuşlar nayni, nay uşbu tovuşlarni puflamoqda. Şeʼrdagi «men» = «jon»; «men» «jon»ga teng. Jon tong ölğunçah (ahamiyat bering, ölgunça emas, ölğunçah; bu örinda «ça» qöşimçasi bulbul sayraşiga qiyosan «çah» tarzida qöllanilmoqda. «Ça» qöşimçasiga bunday ijodiy, yangiça yondoşuv «Gul ekurman jahoo-na…» şeʼrida ham aks etgan; satrda «bulbul» sözi borligi uçun «ça»ni «çah» tarzida qöllaş özini oqlaydi, aks holda, şunçaki adabiy oliftalik uçun işlatilgan sunʼiy topilmaga aylanadi) bulbulning tomoğidan çiqayotgan jon. Söng esa «gunğunçah ham qizil gulning quloğidan kirayotgan jon». Ahamiyat bering, jon tomoğidan çiqqanda oğriqdan bulbul sayrab yuboradi; jon quloğidan kirganda gulğunça va qizil gul – yor ingrab yuboradi: «Ih-hu-u-uvv…»
Tor tortilgan, torning qornida
Yuragimning pardasidir u.
Bir dunyoning ikki yarmiga
Teng bölinib aytadi turku…
Torning qornida unça-munça emas, yurak pardasi. Demak, tor – yurak. Yurak ikki bölinib, dunyoni ham ikkiga bölgan. Bölingan yurakning har bir qismi dunyoga eşittirib dard aytmoqda. «Ih-ha-a-a…». Bu bandda şoirning rassom nigohi «işga tuşadi»: çindan ham, bizning tasavvurimizdagi yurak şakli qay darajadadir tor qorniga öxşaydi. Ikkalasi ham tasavvurimizdagi olam şakliga öxşab ikkiga bölinib, jon çekib, dard çekib yotibdi.
Mazkur şeʼrning har bandi yetti satrdan iborat, tovuşlarning çöziq-qisqaligi ham, unli-undoşligi ham maʼno kasb etadi: satrlarning törttasi şeʼr, uçtasi tovuş, yaʼni şeʼrni töldiruvçi tovuşlar. Şoir şeʼrda eng kiçik detallar – harflar, tovuşlarni ham nazarda tutadi, yaʼni har bandda nay navosi sifatida singrayotgan tovuşlar aynan takrorlanmaydi, balki turlanib, tovlanib, har gal buralib keladi: «I-fu-u-uvv… Ih-hu-u-uvv… Ih-ha-a-a… Ja-qa-la-aa…» Tovuşlar tovlangan sari maʼno ham tovlanadi; tovuşlar qay tomonga özgarsa, maʼno ham öşa tomonga özgaradi. Maʼno va tovuş «qöl uşlaşib» kelarkan, qöllar silkinişlarda qöyib yuborilmaydigan darajada bir-birini qattiq siqib tutgan.
Rustam Musurmonning «Tölğoq», «Gul ekurman jahona», «Qöriqçi», «Bul keça…», «Çömiliş», «Öllalla», «Sevgi», «Gul bazmi», «Xirgoyi», «Jonim, işq faslida gul ekdingizmu» kabi şeʼrlari unli va undoş tovuşlarning qisqa va uzunligi asosiga qurilgan. Şu bilan birga bu şeʼrlarda maʼno va mantiq muvozanati ham saqlangan.
«Tölğoq» şeʼrida sözlar «havoolar», «içimmdan», «sinn-diring», «issiiq», «Dudooğ», «qadooğ», «çööğğ», «joon» şaklida işlatiladi. Baʼzan unli, baʼzan undoş tovuşlar ikkilantiriladi. Bu bilan sözda urğu özgaradi. Şeʼrda – butun matnda asosiy yoki tayanç sözlar paydo böladi. Tovuşlar sözlarning maʼnosini kengaytiradi. Sarlavhada taʼkidlanganidek, butun şeʼr tovuşlar tölğoğiga aylanadi.
Tovuşlarning kuçaytirilişi hodisasiga «Ruhimning tovuşi» kitobida qayta-qayta duç kelasiz: «gull», «jahoo-na», «gul-zoor», «kuşood», «gulmoohim» kabi sözlarda baʼzan oddiy tiniş belgisi – çiziqça (-) hisobiga ham bunday holat oldingi şu singari holatga nisbatan boşqaça qirrada namoyon böladi. Bunday örinlarda çiziqça (-) ölik belgiga emas, jonli, tirik unsurga aylanadi va matn bilan faol muomala-munosabatga kirişadi.
Şoir ayrim sözlarga qöşimça tovuş qöşiş bilan ham şeʼrning estetik taʼsirçanligini oşirişga erişgan:
Gul ekurman jahona
Gulzor ölmağunçah,
Jon çekurman, jonona
Dildor ölmağunçah.
Ayrim sözlarning «turpoğ», «dayro», «ketti», «ötti», «yooor», «iffor», «gufftor» şaklida qöllanişi, sözlardagi fonetik özgarişlar, hatto «Kaşta» şeʼrida bir sözning ikki körinişda – «yamoq» va «yamooqq» şaklida qöllanilişi, baʼzan bir sözning oxirgi tovuşi keyingi sözning birinçi tovuşi bilan birlaşib-uyuşib: «…neça-ga-yo, yor-allayor; keçaga-yo, yor-allayor», «dam, o; dam» tarzida kelişi şeʼrning ohangdorligini, jarangdorligini oşirişga xizmat qiladi. Umumiy matnda bu kabi sözlarning tabiiyligi, jonli tilga yaqinlaştirilgani misralarning musiqiy teranligini oşiradi.
«Çömiliş», «Iqror» şeʼrlarida («Xirgoyi» kitobidan, Toşkent, «Yozuvçi» naşriyoti, 1997-yil. Iqtiboslar şu kitobdan – S.A ) bir sözning böğinlarga – katta tovuşlarga bölingan holda takrorlanişi natijasida şoir yangi söz yasaşga, tovuşlar vositasida bir sözdan boşqa sözga, boşqa maʼnoga ötişga erişgan:
Lib-o-sim-lib-o-sim-lib-o-sib…
Yoki:
Köy-la-gim-köy-la-ki-köy-la-tibb –
La-kuy-la-kuy-la-kuy-laaa-a…
Birinçi iqtibosda misrani: «Libosim libosin osib» şaklida öqiş mumkin. Albatta, bunday tovuş öyinlari şeʼrning umumiy maʼnosi, şeʼr ruhi doirasida bölsagina özini oqlaydi. Aks holda, sunʼiy, zörma-zöraki şaklbozlikka aylanib qoladi. «Çömiliş» şeʼrida çömiliş manzarasi aks etganligi, «höl», «quruq», «libos» sözlari matnning tayanç sözlari ekanligi uçun uşbu tovuşlar silsilasi özini oqlaydi.
Yuqorida keltirilgan ikkinçi iqtibosda «kuylagim», «köylak», «kuyla» sözlarini yasaş mumkin. «La» tovuşi notaning oltinçi tovuşi «lya»ga uyğunligi, tovuşdoşligi bilan şeʼrning musiqiyligini oşiradi. Şu şeʼrdagi «ur-sin», «çal-sin», «yon-sin», «sin-sin» tarzida ajratib yozilgan sözlarning ikkinçi böğini mustaqil söz – «sin» bilan şakldoş. «Sin» sözining maʼno taqozosi tufayli sözlarning ajratib yozilişi özini oqlaydi.
«Iqror» şeʼrining birinçi bandida «Sim-sim-o-çil-çil-sim-sim-oçil-gin-o-çil… Çil-çil-çil-çil» böğinlaridan «sim-sim, oçil, oçilgin, oçil; çil-çil, sin» sözlarini öqiş mumkin. Ikkinçi bandda «teşar», «kesar» sözlariga «şar-şarr-şar-şarr» taqlid tovuşlari mantiqan töğri boğlangan. «Tiğ ustida… Temir kovuş kiyib ham pölat qölqop – zil-zil-zil-zil» misralarida temir kovuş, pölat qölqopning oğirligiga işora tarzida «zil» sözining böğinlaştirilişi öz örniga tuşgan.
Ötti, ötti, ötti-yovv…
Hamma ötiib ketti-yovv…
Ul sarvinoz ötmadi-uvv…
Beş bandli «Jonim, işq faslida gul ekdingizmu?» şeʼrida uşbu iqtibos tört marta takrorlangan. Uşbu uç misraning sönggi sözlariga diqqat qarataylik: «ötti-yo» ga «v» tovuşi qöşilib «yov» tovuşi yasalgan, bu, bir tomondan, ohangdorlikni kuçaytirsa, ikkinçi tomondan yangi «yov» sözini yasaydi. «Yov»ga «v» tovuşi qöşilganda «yov»ning tovuş maʼnosi ham kuçayadi, yaʼni qattiq yoki jiddiy yov. Demak, ötgan – yov, yov ötdi, kuçli yov ötdi. Bu yov – bevafo yor. Bevafo yorning maʼnosi esa keng. Endi şu iqtibosdagi «ötmadi-uvv» söziga töxtalaylik. «Ötmadi»ning özida lirik qahramonning öksinişi, ozurdaligi seziladi. Sözga qöşilgan «uvv» yiği tovuşini, aynan «uvv» şaklida – «v» tovuşining ikkilantirilib, kuçaytirilib işlatilişi qattiq yiği – siqtaş ovozini yuzaga çiqaradi. Şeʼrxonning köz öngida ğoyat ozor çekkan lirik qahramon qiyofasi gavdalanadi.
Bu örinda «ötti» şoir tomonidan örinli tanlangan söz. Negaki, mazkur söz katta falsafiy maʼnoga ega. Dunyo ötadi, inson ötadi, umr ötadi, hatto muhabbat ham ötadi. Mavjud bölgan va kelgan narsalarning hammasi ötadi. Şoirning muvaffaqiyati şundaki, u ana şunday biroz ğamgin xulosaga olib keluvçi mantiqqa mos şakl, eng muhimi, ohang – zarur tovuşlar topa olgan.
Şoir yana bir badiiy usulni öz ijodiy tajribasida qöllar ekan, ijodkor-sanʼatkor sifatida özi ham, aytiş mumkinki, usul ham yana bir bor sinovdan ötadi. Bu usul, ayniqsa, uning «Xirgoyi», «Umr tasviri» singari şeʼrlarida yaqqol közga taşlanadi. «Umr tasviri»da köpdan-köp sifatlar bilan siylangan dunyoga şoir original taʼrif beradi:
Dunyo – teskariga qarab turgan qiz…
Teskari qarab tursa, qizning uzun soçi körinadi. Soç uzun, qora. Soçga, demak, qizga oşiq va oşufta lirik qahramonning niyati oq. Demak, qora soç bilan oq niyat lirik şeʼrning içki dinamikasida birikadi, soç niyatga, niyat soçga, yaʼni qora oqqa, oq qoraga qöşib öriladi. Şeʼr syujetining içki rivojlanişi qorani tunga, oqni kunga olib çiqadi. Bu endi umrning manzarasiga aylanadi. Albatta, har qanday umr ham oq va qoradan, kun va tundan, yaʼni manfiy va musbat xossalardan iborat. Şoir şeʼrning, matnning umumiy mantiğidan kelib çiqib, umr manzarasini qiz soçining şaklida körsa, umr mazmunini örilgan qiz soçining halqalarida – kun va tunda, oq va qorada va şu halqalarning – kun-tun, oq-qoraning silsilasida, şu silsilaning «men» bilan vobastaligida köradi. Bu vobastalikda, doimiylik, marom mavjud. Hazrat Alişer Navoiy: «Mening zavolimu sening kamoling – tun ila tong…» misrasida Inson tirikligining ikki ulkan qutbini zarradek bir nuqtada jamlagan. Şoirona, sanʼatkorona nigoh bilan körgan manzarasini Rustam Musurmon ham sözlar vositasida musavvirona çizadi:
kun-tun
man
tun-kun
man
kun-tun
man
tun-kun
man
kun-tun
man
yöq.
«Xirgoyi» şeʼrining umumiy manzarasi çindan ham xirgoyiga öxşaydi: barça sözlar böğinlarga ajratilgan. Şeʼr matnidagi tayanç sözlardan biri – «taram-taram». Yaʼni «köylagimning yöli taram-taram». Böğinlaştirilganda bu söz xirgoyiga juda mos: «ta-ram-ta-ram». Şeʼr şunday şakllantirilganki, butun matn yaqqol holda taram-taram körinadi. Şoir matndan şakl, şakldan matn yasaydi. Maʼno-mazmunning uyğunligini ham taʼminlaydi. Va ijodiy muvaffaqiyatga erişadi.
Yuqorida Rustam Musurmon ijodi mumtoz şeʼriyatimiz va xalq ijodidan töyingan, degan edik. «Kitobiy» ğazali, «Darveş», «Irsoli masal yoxud yeçimi muşkul çiston» singari şeʼrlari mumtoz şeʼriyatimiz quyoşida pişgan, tob yegan misralar arqoğidan iboratdir:
Base Rustam, siğin yora, yorangni yor bugun yora,
Kitobdagi öşal yora kitob tuzgan Kitobiyman.
«Kitobiy» ğazali maqtaida «yor» va «kitob» sözlarining bir neça maʼno ottenkalari sanʼatkorona tarzda oçib berilgan, bir sözning bir neça maʼnolari öz örnida qöllanilgan. Tajnis sanʼatidan töğri foydalanilgan.
Dedi: «Gar kaşkulingda
Dinor yöqdir qalandar,
Quvonursan, kulursan –
Köngling töqdir, qalandar?!»
«Darveş» şeʼri arxitekturasi mumtoz adabiyotimizning anʼanalari doirasida «Dedi…», «Dedimki…» şaklida qurilgani va mazmun, ohangning mutanosibligi bilan qadim zamonlarda barmoq vaznida aytilgan şeʼrlar taassurotini beradi.
«Kaşta», «Qöriqçi», «Öllalla», «Sovçi», «Ovutiş» şeʼrlari xalq oğzaki ijodining boy xazinasidan erkin bahramand bölgan, bu xazinadan olinganlarni öz inja isteʼdodi bilan boyitib, yangiça şeʼriy namunalar yaratgan şoirning topildiqlaridir.
La-lay-çilar qaboq uyib ketsin-ey,
Öz yoğida özi kuyib ketsin-ey!
Şum sovçilar Sanamjonga kelgunça,
Mening ikki közim öyib ketsin-ey!
«Sovçi» sheʼridan olingan uşbu tört satr sözlari, söz qurilişi, ohangi bilan xalq qöşiqlariga juda yaqin, dafʼatan u şoirning sheʼridan parça ekanligi xayolingizga kelmaydi ham.
Tasvir va ifodadagi yangiliklar, badiiy vositalardan örinli foydalaniş har qanday şeʼriyatning «çiroyini oçib yuboradi».
Qorlar qoyalardan özin taşlaydi,
Toğlarning eng çuqur daralariga.
Çeçaklar emaklab çiqa boşlaydi,
Qişning böysunmagan qalʼalariga.
«Eng qadimgi turku» sarlavhali uşbu şeʼrda qadim ohanglar – yoz bilan qişning urişişi yangiça talqin etilgan. «Qişning böysunmagan qalʼalari», «Çeçaklarning emaklab çiqişi» – qiş bilan yozning tortişişi, söz sanʼatining boqiy mavzusi – yaxşilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlikning kuraşida, yaxşilik va ezgulikning ğalabasini qadim sanʼat fonida aks ettiradi. Qişning böysunmagan qalʼalari – hali qiş va qor iskanjasidan töla ozod bölmagan toğlar, qoyalar; u yerlarga çeçaklar qatʼiyatli askarlardek emaklab çiqadi. Maysalar, çeçaklar pastdan tepaga qarab unib, kökarib boradi. Negaki, past iliqroq, baland joylar esa nisbatan keyinroq kökaradi. Tabiatning bu hodisasini sinçkovlik bilan kuzatgan şoir «çeçaklar emaklab tuşa boşlaydi» deb emas, aksinça – çiqa boşlaydi, deb örinli işlatgan. Negaki, öt-ölan avval pastda, keyin tepada jonlanadi.
«Meni tuşunsaydi odamlar…» şeʼrining lirik qahramoni – oşiq. Yor – uning uçun butun borliq va butkul maqsad. U kitob şakliga kirişni istaydi, şunday kitobki, yorning qölidan heç tuşmasa. Yor uni şunçalar hijjalab, berilib öqisaki, u yor qölida titilib ketsa… katilib ketsa…
Har kun darsxonada gözal toliba
Qoldirmay öqisa varoqlarimni.
Har kun oşxonada gözal sohiba
Bildirmay töğrasa yuraklarini…
Titili-ib ketsaydim, kati-ilib ketsaydim…
Rustam Musurmon keyingi yillarda nasrga ham qöl urdi. Ayniqsa, uning «Muqanna» qissasi mavzusi, tili va uslubi bilan ajralib turadi. Muallif mavzuni qalamga olişdan oldin köplab manbalarni sinçiklab örgangan. Qissa nasriy doston kabi öqiladi. Asarda öquvçiga voqealarga, faktlarga asoslangan yangilik beriş birlamçi emas, kitobxonga hissiy-ruhiy taʼsir ötkaziş uslubi ustuvorlik qiladi. Şu jihati va şoirona pafosi bilan qissa tarixiy mavzudagi boşqa köpgina asarlardan ajralib turadi. Qissani öqişni boşlagan kitobxon tugatmagunça undan uzilolmaydi.
Rustam Musurmon ijodiy imkoniyatlari keng, ijodiy zahirasi boy, sözning çin zargari bölgan sanʼatkor şoir. U şeʼrda, tarjimada, nasriy asarlarda ham birdek baland pardani uşlay oladi. Şubha yöqki, u halol ijodiy mehnati bilan adabiyotimiz rivojiga munosib uluş qöşadi.
Salim AŞUR
“Yoşlik” jurnali 2014-yil, 7-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


