9 daqiqada öqiladi

775 marta körilgan

Samimiyatga yöğrilgan şeʼriyat

Usmon Qöçqor

Özbek şeʼriyatiga ötgan asrning 70-yillarida kirib kelgan qalamkaş yoşlar orasida  dardlari şeʼr bölib tökilayotgan, istiqlolni soğingan, isteʼdodi şeʼriyatimiz çamanzorida gul oçgan kamtarin ijodkor  Usmon Qöçqor ham bor edi. Öşandan buyon yillar ötdi. Isteʼdodli şoir va mohir tarjimon umr qaymoğini el-yurt ravnaqi yölida sarflab kelmoqda.

Usmon Qöçqorning ilk şeʼriy töplami “Hayajonga kömilgan dunyo” nomi bilan 1982-yilda çop etildi. Töplam mustabid tuzum davrida naşr qilingan bölsa-da, erkni qömsab yozilgan şeʼrlardan taşkil topgan. Kitobdagi “Iqror” şeʼrida turk va özbek ildizi bir xalq ekani, ular ğaflat uyqusidan uyğonişi zarurligi uqtiriladi:

“Til” ne dedim, “dil” deding,

“Dil” ne dedim, “dil” deding.

“Manim tilu dilim bir,

Uxlama, ğofil”, deding.

Şeʼrda mustabid tuzumga oşkora qarşilik, eʼtiroz ifoda etilar ekan, şoir  Nasimiy va Maşrab obrazlarini tilga olib,  talmehni yuzaga keltiradi, inson erkini qatağon qilganlar yöqolişi tayin, ammo erk deganlar boqiydir degan xulosani ilgari suradi. Göröğli, Avaz, ayni damda “Çambilni yengganlar bor” deb dağdağa qilgan devlar obrazlari yordamida obraz stilizatsiyasini yuzaga keltirar ekan, Bozirgon Göröğli salomini Dada Körqutga eltganini, devlarning dağdağalari Göröğlini Dada Körqutga boğlaganini aks ettiriş orqali öz isyonini ifodalaydi:

Ming yillik orzular tirik bu yurtda,

Yurak çidab berar, közlar könadi –

Haqiqat ertakka evrilur erta,

Ertaga afsona haqqa dönadi.

 

“Şoir” şeʼrida çin şoir umriga töğri taʼrif berilgan. Şoirning ruhi goho kökdan oşib ketsa, goho yetti qavat yerga teng böladi. Aksar şoirlar öz davrida qadrlanmay, ölimidan söng köklarga kötarilgani haqiqat. Usmon Qöçqor ayon haqiqatni çiroyli tarzda ifodalaydi:

Hurmat bilan tilga olişar

Ötgan zamon feʼlida seni.

Uçratib boz hayron qolişar

Kelajakning yölida seni.

Usmon Qöçqor  şeʼriyatida oç qofiya yoki qofiyasiz satrlar deyarli uçramaydi. Baʼzi şoirlarda qofiyaga eʼtibor sust. Ammo Usmon Qöçqor qofiyaga, ayniqsa, töq qofiya bölişiga alohida eʼtibor beradi. Aslida töq qofiyalarning özi haqiqiy ilhom tölqinida qizil olmadek öynoqlab, oqib keladi.

Şoir “ş” va “t” tovuşlarini takrorlaş orqali tavzeʼ sanʼatini yuzaga keltirib, şeʼr badiiyatini oşiradi, ohang mukammalligiga erişadi.  Tovuş takrori şoirlarning öziga ham surur bağişlaşi rost va bunday jilvakor satrlar Usmon Qöçqorning aksar şeʼrlarida uçraydi. Yomğir hidi anqişini dehqon, çöpon bilan birga özbekning çin şoiri ham his qiladi va bu ifor uning ruhiyatiga kirib boradi. Bu ifor şeʼrga ham singişadi:

Şaloladay şovullar şamol,

Yomğir böyi tağin anqiydi.

Tağin tortib ketadi xayol

Termuladi kungay tomonga.

Ilk şeʼrlaridayoq Usmon Qöçqor nafaqat xalqi, balki butun insoniyat dardi bilan oğridi. Dardçil, samimiyatga yöğrilgan satrlari bilan zamondoşiga yuzlandi:

Botirning maslagi bölmas yarador,

Qörqoqqa vatandir hamişa joni.

Axir kim keçirar bizni birodar,

Bemaslak qoldirsak jon deb dunyoni.

XX asrning 2-yarmida Musa Jalilga, uning “Maobit daftari”ga eʼtibor qaratmagan şoir kam. Zotan, Musa Jalil haqiqiy şoir edi va qismatidagi azoblarni şoirga xos jasorat bilan yenga oldi. Usmon Qöçqor “Maobitdagi Musa maktubi” şeʼri bilan ham öz uslubi, öz olami, öz sözi borligini körsata oldi. Şeʼrda maslak inson uçun muhim ekanligi, botir özi yarador bölsa ham maslagini yarador qilmasligi lozimligi, tiriklik tirikçilik emasligi alohida taʼkidlangan. Şoir fikriça, zafar faqat tiriklik bilan belgilanmaydi. Ölim yordamida ham zafarga erişiş mumkin. Usmon Qöçqor Musa Jalil hayoti mazmunini quyidagi satrlar orqali ifodalaydi, aslida bu çin inson umri mohiyatiga daxldor xulosadir. Samandar – olovda yonmaydigan xilqat. Şoir umri olovda yonmas qöşiq, “bor yöllar toşlangan bölsa hamki” kuraş uçun qolgan imkon Musa Jalildir. Bu şeʼr Musa Jalilga bağişlangan şeʼrlar orasida öziga xos falsafasi bilan farqlanadi:

Men – öşa imkonman, samandar qöşiq,

Ölim mazmunidan topdim yangilik.

Kesilgan umrimda zavol bilmas işq,

Kesilgan umrimda muhri yangilik… 

Ikkinçi jahon uruşi insoniyatga yovuzlikning mislsiz hujumi va vaqtinça qöli balandligidir. Bu haqda şeʼr bitmagan şoir yöq. Negaki, şoir ezgulikning qöriqçisi, demakki, yovuzlik  uning qalbini larzaga solişi, nafrati satrlar bölib tökilişi tayin. Bu nafratni har kim öz tafakkuri, qalbi, ruhiyati imkoni yordamida ifodalaydi.  Usmon Qöçqorda öziga xos, takrorlanmas ifoda bor. U Sulton Jöra qismati orqali jangçi qismati haqida fikrlaydi. Jangçi “Ğanimlarga burarkan otin, Qaytmayman deb kirmagan jangga”. Usmon Qöçqor jangçi şoir haqidagi xulosasini öz nomidan emas, Vatan nomidan keltiradi:

Köz yoşlarim tindi, qaqşadim,

Bolam, ohim kökka öralar.

Kiprigimdan tomçi yoş kabi

Oqib tuşgan Sulton Jöralar.

“Hayajonga kömilgan dunyo” töplamida yoş şoir ijodiga baho berilar ekan, jumladan şunday deyiladi: “Usmon tabiat va inson munosabatlaridagi uyğunlikni nozik ilğay oladi; umuman yoş şoirning şeʼrlarini öqir ekanmiz, köz oldimizda tabiat va jamiyat oğuşidagi bugungi murakkab tabiatli, kuraşçan inson – zamondoşimiz obrazi namoyon böladi”. Darhaqiqat, Usmon Qöçqor şeʼrlarida tabiat tasviri bilan boşlangan satrlardan yurak va tabiat manzaralari uyğunlaşib ketgan  satrlarga ötiladi. “Sezdirmay yaşillik kirar yurakka”, “Yurakka xiromon hislar kiradi” – bu satrlardagi tasvir tabiiy. Şoir tabiiy holatdan xayolot tomon ötadi: “Daraxtlar yurakka kirar şovullab”, “Adirlar jimgina kiradi gullab”, “Daryolar aslida dengizni emas, Bizning qalbimizni izlab yuradi”. Şoir tabiat va ruhiyatni özaro mutanosib keltirarkan, umr haqidagi falsafiy xulosasini şeʼrxon bilan örtoqlaşadi. Dastlab bahorning suluv manzaralarini köz öngida gavdalantirgan şeʼrxon kutilmaganda umr mohiyati haqida   öylab qoladi. Bunga şoir majbur qiladi:

Nogahon bahorlar soladi faryod,

Daraxtlar boşida şovullab turar.

Yulduzlar jimgina tilaydi imdod,

Daryolar yurakka özini urar.

Oxirgi nafasda anglaydi odam,

Eng söngi hikmat ham böy berur oxir –

Sezmay yurib sevgan dunyodan

Sezib turib ajramoq oğir.

 

Usmon Qöçqor şeʼriyatiga xos yana bir jihat şuki, şoir har qanday qayğuli holatdan yoruğlik izlaydi, yomonlik bağridan yaxşilik tillolarini topib şeʼrxoniga tutadi:

Qurşigan labida dardlari qotar,

Qum bölib köziga qadalar uyqu.

Aruziy misralar karvondek qator,

Sarbon matlaʼlarda şohona tuyğu.

Odam timsolida yurgan har itdan

Yigitlik yoşida hormoqda şoir.

Qoçib ketmayapti Abusaiddan,

Dunyodan şeʼr sörab bormoqda şoir.

Şoirning mahorati şundaki, Alişer Navoiyga xos mutafakkirlikni ifodalay olgan. Hazrat ixrojdan noliyotgani yöq. U karvon safida yöl yurar ekan, aruziy misralar qatorini tizib ketmoqda. Karvonga matlaʼlar sarbon. Sarbon şohona tuyğuga örangan. Aruz vaznining tuya karvonlari bilan boğliqligi misralardagi maʼnolarni serjilo qila olgan. Şeʼr yakuni kitobxonga uluğ bobomiz umrlarida uluğvor Samarqand tutgan mavqeʼni taʼkidlab körsata olgan:

Samarqand! Ey, Şarqda begunoh qondan,

Şeʼriyat, fikratdan tiklangan maʼvo.

Peşvoz çiq öğlingga sahro tomondan,

Hirotda şoirga yetmadi havo.

“Akssiz sadolar” (1986) kitobida şoir ijodiga tavsif berilar ekan, şunday deyiladi: “Usmon öz şeʼrlarida tarixdan timsollar axtaradi”. Şoir ijodiga xos jihatlardan yana biri aynan şu: tarixga murojaat qiliş orqali xalq dardlarini ifoda eta oliş, bu dardlardan maʼrifiy saboq çiqara biliş. Uning “Buxoro triptixi”, “Amudaryo”, “Buxoroning akssiz sadolari”, “Tarix” kabi şeʼrlari fikrimizni dalillaydi:

Uxlab yotar

vazmin

 osuda

Kesilmagan,

kesilgan boşlar.

Oğir sukunatning

Ostida

Qarsillab

uyğona  boşlaydi toşlar.

Uyğonadi…

aks-sado tinar.

Dubulğasin olmay,

                              tik turib

uxlayotgan botirdir –

                                   minor.

Şu şeʼrdagi takrorlanmas taşbeh navbatdagi şeʼriy kitobning nomiga aylandi. 1987-yilda çop etilgan “Uyqudagi minora” töplamiga adabiyotşunos N.Jumayev taqriz yozdi (“Uyqudagi botirdir – minor”. “Şarq yulduzi” jurnali, 1988-yil, 6-son). Şu örinda taʼkidlaş joizki, adabiyotşunosligimiz ijodi eʼtirofga har jihatdan arzigulik bölgan qator şoirlar, jumladan, isteʼdodli şoir Usmon Qöçqor şeʼriyati haqida ham yozişga qarzdor bölib turibdi. Bugun ustoz bölib ulgurgan şoirlar ijodiga yetarli eʼtibor berolmayotgan adabiyotşunoslik şu taxlit ötirsa, kelajak şeʼriyat oldida gunohkor bölib qoladi, nazdimizda. Har jihatdan taraqqiy qilayotgan Vatan ravnaqi uçun zarur har bir masalaga öz vaqtida eʼtibor berayotgan davlatimiz adabiyotşunosligimiz rivoj topişi uçun kerakli çora-tadbirlarni belgilaşiga işonçimiz bor.

Usmon Qöçqorning şeʼriy töplamlaridan salmoqlisi “Oğir karvon”(1991)dir. Kitobda barmoq, erkin va aruz vaznida bitilgan şeʼrlar berilganki, bu hol şoir uç vaznda ham ijod qila olişini, uning kayfiyati, ilhom şiddati qaysi vaznni kötarsa öşa vazndagi şeʼr dunyoga kelganini körsatadi:

Netay, dunyoga keldim men,

                              bu taşrifdan netar dunyo,

Sevinçimga, ökinçimga,

                              ne ham qilsin, çidar dunyo.

 

Bu dunyoning fiğoniga oxir bir kun yetolmasman,

Mening ohu fiğonimga oxir bir kun yetar dunyo.

Ğazal özbek aruzida eng köp qöllanadigan hazaji musammani solimda bitilgan. Vaznda saktalik yöq. Ohang töq, ayni damda, qisqa çöziq hijolar mutanosibligida biror bir noöxşaşlik uçramaydi. Şoir aruzda şeʼr bitar ekan, ğazal, muxammas janrlaridan foydalanadi. U aruz va erkin vazndan örinli foydalansa-da, ijodida barmoq vazni yetakçilik qiladi. “Oğir karvon” nomli kitobida “Ölmiş”, “Dunyo”  radifli ğazallari, Rauf Parfi ğazaliga muxammasi bor. Kitobda “Quvğin” dostoni ham berilgan bölib, bu doston “inson vatan bilan qadrlidir” degan ayon haqiqatning ikkinçi tomonini kitobxonga yorqin namoyon qildi: vatan inson sabab qadrlidir. Dostonni öqigan yurak sel bölişi, uruşni laʼnatlaşi, ikkinçi-jahon uruşida maskan izlab kelgan jabrdiydalarga Vatan bölgan ona Özbekistoni bilan faxrlanişi, istiqlolimizga şukrona aytişi tayin:

Özbekiston, jafokaş yurtim,

 Ranging bunça sölğin, sariğdir.

Uruş-da bu, nima ham derdim,

Lekin yuzing mangu yoruğdir.

Ha, uruş yillarida özbekning imoni butligini dunyo bildi. Şoir ana şunday haqiqatni kitobxoniga uqtira oldi. U jabrdiyda qirimliklar dardi özbekning ham dardi ekanligini dilidan otilib, qovrilib çiqqan satrlari bilan isbotladi. Doston “Dunyodagi Vatanidan quvilgan, quvilayotgan va quviladigan barça jabrdiydalarga bağişlangani” bilan ahamiyatlidir. U bejizga Çölpon nomidagi mukofotga loyiq deb topilgan emas. Şoirning Qirim turkiylariga dardkaşligi uning erksevar qalbidan dalolat edi. Uning turkiy xalqlarga bölgan ayriça mehri keyinçalik ozarbayjon adabiyotidan tarjimalar qilişiga sabab böldi. Usmon Qöçqor Ozarbayjonning maşhur adibi Yusuf Samadöğlining “Qatl kuni” romanini mahorat bilan tarjima qilar ekan, ikki jihatdan samaraga erişdi. Avvalo, özbek kitobxonini dunyo romançiligining gözal namunasi bilan, qolaversa, özbek romannavislarini qardoş xalq romançiligi yutuqlari bilan taniştirdi. Usmon Qöçqor yurak qörini qöşib, ozarning mumtoz şoiri Nasimiy şeʼrlarini tarjima qildi. Ozar şeʼriyatining bugunki vakili Hidoyat Usmon Qöçqor sabab özbekça şeʼrlar aytdi. Mohir tarjimon tarjimalarning asliyati qadriga qadr qöşdiki, aslo susaytirmadi. Bu uning şoirlik iqtidori bilan bir qatorda keng va çuqur bilimidan darak beradi.

Isteʼdodli şoir va tarjimon Usmon Qöçqor:

Anglagin:

Sukutda bir sado yaşar,

har qanday ğaflatda bir uyğoniş bor.

Har qanday ğamda bir şodlik bor magar,

Har qanday sönişda qayta yoniş bor.

Sen özing şondirsan, sen özing şoyon,

Olamda poyonsiz poyonim mening.

Har qanday ayonda sen özing pinhon,

Har qanday pinhonda ayonim mening, –

deb yaşamoqda. Ustozdan biz vatanparvarlikni, mahoratni, halollikni, kamtarlikni, fidoyilikni örgansak arziydi. Şoirning köp yutuqlari hali eʼtirof etilmagan, yana köp yutuqlari hali oldindadir.

Laylo SHARIPOVA

 

 “Yoşlik” 2013/11

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)