(Mif-hikoya)
Qamişlar şovuriga quloq tut!
Göyo öz qilmişlarini quyoşdan yaşirmoqçiday qalqonlari bilan yuzlarini oftobdan tösgança nayzalarini quyoş nurida yaltillatib, şaharning toş köçalarini xuddi noğora çalişayotganday bir maromda harbiyçasiga töqillatgança erinçoqlik bilan kelayotgan uçta soqçi va oqsoq darbon allazamonlardan beri saroy uçun unut manzilga aylangan bizning köçamiz boşida körinişlari bilanoq men va navbat kutib turganlar, köçada öz yumuşlariyu taşvişlari bilan band odamlar, orzu va xayollarini tepkilab öynab yurgan bolalar, darvozalari oldida hayotning yorqin xulosalari va saboqlari bitilgan sahifalarday bujmaygan aft-angorlari, musibatu hasratdan bukilgan tanalarini oftobda toblab ötirgan çollar, hammamiz, taqdir izmi bizning sartaroşxonaga va mening hayotimga qarab burilganini tuşungandik. Endi mening navbatim kelgandi. Bunga şubha yöq edi. Bu şumoyoq darbon soqçilari bilan qaysi köçada paydo bölsa, öşa köçada sartaroşxonalar yopilar, keyin u bilan ketgan sartaroşlarni zabonlari sehru jodu qilingandek gung va garang mahkumlik kutib turar, bu darbon bilan birga köçalarga falakning aççiq va adolatsiz hukmi ham kirib kelişini şahardagi ona suti oğzidan ketmagan gödaklar ham bilib qolişgandi. Har doimgidek köça boşida ularni dastavval bolalar körişgandi va ular qiyqirib, köchani va bizni şum qismatdan ogohlantirgança sartaroşxona tomon yugurib kelişardi. Bu köçada mendan boşqa sartaroş qolmagandi. Navbat kutib turgan mijozlar birin-ketin turib, uy-uylariga tarqay boşlaşdi. Bundan keyin bu yerda navbat kutib turişlaridan heç qanday maʼno qolmaganini, hatto mening keyinçalik taqdirim nima bölişini ham ular yaxşi bilişardi. Baʼzilari kelib yelkamga döstona urib, hamdardlik bildirişganday böldi. Ularning közlarida “Peşona ekan!” degan ifoda bor edi. Baʼzilari esa boşqa sartaroş izlab şahar köçalariga tarqab ketişdi. Ularning bugun sartaroş topişlari amri mahol. Ilgarilari har muyulişda közga çiqqan çipqondek sartaroşxonalar qad kerib turardi. Sartaroşlarning köpçiligi iş yöqligidan paşşa qörib, bir-ikkita mijozi bilan kun uzoği hasratu ğiybat qilib kun ötkazişar, daromad kamligidan, sartaroş zoti köpayib ketib, tuflasa kasbdoşi boşiga tuşişidan nolişgani nolişgan edi. Mana endi esa şaharda sartaroş zoti kamayib, anqoning uruğiga aylanib borayapti. Anovi kelayotgan oqsoq darbon va navkarlar sartaroşlarni kun aro birma-bir olib keta boşlagaç şaharda sartaroş qahatçiligi paydo böldi. Olib ketilgan sartaroşlar qaytib bu hunarini qilolmasdi. Iskandar huzuridan qaytganlarning telbaga aylanişar, xuddi jin çalgandek odamlar köziga körinişdan qörqişar, ovloqlarda pusib, töğri kelgan yerga ağnab yotişar, ularga nima bölganini na özlari, na yaqinlari izohlay olişar, bir tuşunarli söz aytmay nuqul tuşunarsiz ohangda ğönğillaşar, vaholanki tört muçasi soğ, hamişa qon sizib yuradigan oğizlarini aytmasa, özlari tişlayverganidan uzib olgudek darajaga kelgan tillari ham joyida, faqat ular nega bu xil dardga mubtalo bölişganining sababini şarhlab beradigan mardning özi yöq edi. Baʼzilari rostdanam aqldan ozganini namoyiş etib, bir töda bolalarga qöşilib köça çangitib yuradigan bölişdi, baʼzilarini jinnixonaga joylaştirişga töğri keldi. Iskandar saroyidan hali heç kim soğ çiqmagan, sababini heç kim aniq bilmasdi. Ammo bizga miş-mişlar orqali yetib kelgan gaplarga qaraganda, Iskandar şu darajada ilohiy zotki, unga bandasining qöli tegsa, aqldan ozişi turgan gap, uning Axuramazdaga xos salobati, yuzidan, boşidan taralayotgan nur har qanday odamni gungu garang, zabonsiz qilib qöyadi. Bu uluğvorlik va zalvorga doş berolmay miyasi çanoq içida biqirlab qaynab-toshib ketadi. Soç va soqol örnida nurlar taralib turadi, sartaroşlar bu nurlarni ustara tiğlariga olaman deb, huşlaridan ayriladilar, deyişardi. U nuri ilohiydir, u nuri ziyodir, u koinot va olam mukammalligi namunasidir. Aqldan oziş, bir umr gungu lol böliş, hayrat va zavol topiş, uning şamsiqamar talʼatiga qiyoslaşning, Unga nafaqat tiğ tekiziş, balki, qaraşning özi yetadi bu dunyodan qöl siltab, ruh va xulyo dunyosiga ötib ketişga. U şunday mukarram, şunday ilohiy qudrat timsoli. Şu sababli Iskandarning soçini ikki marta olgan sartaroşni hali heç kim bu mamlakatda körmagan, bu Quyoş öğliga ikkinçi marta sartaroşlik qilişga heç kimning aql-idroki doş berolmagan. Har qanday iroda bu siymo oldida mumday erib ketadi, xuddi quyoş nurida erib ketgan qiş sumalagiday. Şuning uçun yilma-yil emas, kunma-kun sartaroş uruği kamayib, noyob hunarga aylanib qoldi. Sartaroşga bölgan talab kundan kun oşib, oxiri odamlar soç-soqol olişni özlari ham örgana boşladilar. Ilgari bolalarini sartaroşlik hunariga örgating deb eşik oldida navbat kutib turişardi. Endi heç kim bolasini bu hunarga örgatgisi kelmasdi. Axir farzandi sartaroş bölib yetişsa, bir kuni boşqa sartaroşlarning kuni boşiga tuşişini bilişardi-da. Baʼzi sartaroşlar Iskandarning röyxatiga tuşmasdan şahardan va mamlakatdan boş olib ketişdi. Mana, endi esa navbat menga kelib turibdi. Mening qismatim qanday böladi? Buni çekka-çukkada, uylarining derazalaridan menga açinib qarab turganlar ham, mening özim ham yaxşi bilamiz. Darbon öz soqçilari bilan köça boşida köringanda sartaroşxonada yigirmaga yaqin mijoz navbat kutib turar, yana şunçasi navbat olib, öz işlari bilan ketgandi. Men keyingi oylarda keçayu kunduz tinim bilmay işlaşimga töğri kelayotgan, garçi horib-tolib qolsam ham kasbimga va mijozlarimga bölgan hurmatim sabab ularning birontasini soç-soqolini olmay qaytarolmasdim. Aslida ham şu. Mijozini norozi qilib jönatişga sartaroşning haqqi yöq. Biz ustara bilan işlaymiz. Bizning pirlarimiz va maʼbudlarimiz ana şunga örgatgan. Mana, hozir ham soqolining yarmi olingan mijozimning sartaroşxona röparasiga kelib töxtagan darbonni körib tipirçalaşiga qaramay işimni oxiriga yetkazişga qaror qildim. Soqolni qayta-qayta qirtişlab oldim, qöllarim bilan biron çala joyi qolib ketmadimikin deb silab-tekşirib kördim. Keyin höl lattada artib, muşk surib qöydim. Mijoz qutulganiga şukur qilib, irğib turib, haqimni ham beriş esiga kelmay, oyoğini qöliga olib qoçib qoldi. Uning közida qörquv va xavotir alanga olgan, endi ana şu alanga bilan köçamizni, mahallamizni, butun şaharni yoqmoqçiday şaşti bor edi göyo. Bu paytda darbon va navkarlar sartaroşxonamning eşigidan boş suqişayotgandi. Darbon satroşxonaga köz yugurtirib, heç kim qolmaganiga işonç hosil qilgaç, oqsoqlanib, içkariga kirdi va buyruq ohangida dedi:
– Axuramazda inoyati bilan senga Iskandarning soç-soqolini olişdek şarafli vazifa yuklandi. Hoziroq asbob-anjomingni olib yölga tuş.
Men bunday pallada nafaqat oilam bilan xayr-xöşlaşişga, balki endi köçada bironta tanişim bilan boş irğab, imo-işora qilişga ham haqqim yöqligini bilardim. Qismatimga Iskandarga sartaroşlik qiliş şon-şarafi uçun qurbon böliş mahkumligi yozilgandi.
Uç navkar va darbon hamrohligida saroyga qarab ketarkanmiz, şahar köçalarining har ikki tomonida odamlar töplanib, bizni kuzatib turişar, ularning aksariyati hamdardlik bildirib, boş irğab qöyayotganini, boşqa meni heç qaçon hozirgidek xuddi bir işni qoyillatib qöyişga ketayotganday mağrur va masrur holda körişmasligini, bir-ikki kundan söng telbalarga qöşilib, köçalarda bolalar bilan çopib, minğirlab yurganimga közi tuşişlarini, men kabi şahardagi barça sartaroşlarni şu yöldan şu taxlit kuzatib, keyin ularning junun öynagan qiyofalarinigina körişga örganib qolişganini muhokama qilişayotganini sezib turardim. Ayrimlar esa garçi ertangi yozdiğim özlariga beş qölday ayon bölsa-da, menga nadomat bilan boqib turişardi. Ularning qaraşlarini ham tuşungandek edim. Ular Iskandardek mukarram zotning qarşisida turiş, balki uning tanasiga tegiş, yuzi va tanasidagi ilohiy quvvatdan, mayli, keyin yoqib kul qilişsa ham bir neça soniya bölsa-da bahra olişdek baxtga muşarraf böliş aynan menga nasib qilganidan iç-etlarini hasad kemirib turar, şu sababli atrofdagi xayrixohlik bilan guvillaşayotgan olomonga norozilik bildirişgandek, menga yeb qöygudek tikilişar, baʼzida oşkora tarzda asbob solingan çarm xaltamning abgorligi, ust-boşimning yupunligi, böyim kaltaligi, sartaroş bölaturib, soçlarimga tartib berilmagani, umuman, kamçiligu nuqsonlarim, körsa tilançi uyaladigan körinişda Iskandardek mukarram zotning oldiga boriş ilohlarga qançalar hurmatsizlik ekani haqida jim yoki oşkora ğayirlik bilan munosabat bildirişardi.
Ularni tuşunsa böladi: Uning muʼtabar çehrasidan faroğat oliş, muborak möylarini qöllarida uşlaş, abad va azal aks etgan közlariga boqiş, falakning marhamati va muruvvati bilan töyingan nigohlaridan bahramand böliş baxti şunça odamlar içida faqat menga nasib qilgan edi va men ham xayolan huzuriga borsam, uning qiyofasi taftidan közlarim qamaşib qoladi, u menga bani koinot qudurati aks etgan közlarini tikadi, men esa taʼzim qilib, özi bilan yuz körişişdek baxtga kaminani muşarraf etganidan minnatdor bölib, oyoq-qölarini öpaman, toki holdan toygunça etaklarini közimga surtib, oyoq izlarini öpaman, uning ana şu munavvar çehrasini köriş uçun telba bölsam nima bölibdi, axir bu koinot tuhfasiga menga öxşaganlar ikki dunyosini ham hadya qilib yuborsa böladi deb öylardim va ana şu xayolimdan hamda Iskandarni köriş, uning karomat töla çehrasiga boqiş baxtidan halitdan mastu mustağriq bölgandek, köringan har kimsaga baxt va surur bilan boqardim.
Saroyga kirişimiz bilan ulkan quşning qanotiga öxşaş qöş tabaqali darvoza yopildi. Qarşimda bahaybat ibodatxonani eslatuvçi saroy namoyon böldi. Hammasi oddiy va jön edi. Bu yerda aqlni oladigan heç narsa yöq edi. Faqat ortiqça haşam va salobat meni lol qilib qöygandi. Har bir qadamda xuddi yer soti ilohlari manzilidek sovuq ruhiyat va sarob kabi jimjima töşalib yotardi. Darbon meni arşi aʼloga olib çiqayotgandek oltin zinalardan yuqoriga boşlab borar, men esa atrofimdagi naqşlaru oppoq nafis marmarlardan hayratda qolgança uning izidan yoş boladek ergaşib ketayotgandim. Zina oxirida, eşik oldida bizni salobatli, soçi qirtişlab olingan, umrida quyoş körmagandek tanasi kökimtir tusga kirgan odam kutib oldi.
– Ey, muhtaram eşik oğasi, sartaroş keldi! – dedi darbon unga egilib taʼzim qilarkan.
Eşik oğasi boş irğadi, meni boşdan oyoq kuzatib çiqdi. Men ham uni kuzatdim: bir umr yaşagan yer ostidan hozirgina çiqib kelib, közlari qamaşayotgandek quyoş taftidan özini tortib turardi. Ammo har bir harakati aniq, hisobli edi.Keyin U “izimdan yur” degandek nigohi bilan işora qilib, içkari boşladi. Biz yana göyo oddiy pillapoyalar emas, arşu aʼloga olib çiqadigandek haddan oşiq zebu ziynat berilgan zinalardan kötarildik, göyo osmonu falakni suyagandek mahobat bilan qad kerib turgan ulkan ustunlar qalaşib yotgan xonalardan, dahlizlardan, bölmalardan ötdik. Nazarimda umrim bino bölib bunçalik köp yurmagandek edim. Göyo dunyoning bu çekkasidan narigi çekkasiga borayotgandek, – Iskandarniki bölsa kerak, – turli holatlari aks etgan haykallaru boş qoliplari qalaşib yotgan yölak böylab uzoq yurdik. Nihoyat katta, haşamli, örtada oltin taxt turgan xonaga kirdik. Taxt yonidagi naqşinkor kursida örta böy, kaltabaqay, yuzlariga ilohiy böyoqlar surilgan, boşiga uzun kuloh kiygan kişi ötirardi. Kulohdan bildim, bu Iskandar edi. Faqat ugina Axuramazdaga xos şunaqa kök kuloh kiyişga haqli edi. Darbon meni bu haqda ham ogohlantirgandi. “Toki soqolini olguningça, Iskandarning boşidagi kuloh yeçilmaydi. Rusumi şunaqa. Soqol töla olingaç, kohin kelib, boşdagi kulohni oladi, Iskandarning boşiga muqaddas buloq suvini sepadi, bu paytda sen boşingni eggança miq etmay ötirasan” degandi. Bu yerda men guvoh bölayotganlarim taşqarida kezib yurgan afsonayu miş-mişlarga heçam töğri kelmasdi. Bu yer ilohiy zot yaşaydigan mehrobdan köra jinoyatçilar ustidan hukm öqiladigan va qatl etiladigan maydonni eslatardi. Iskandarda ham heç qanday mahobat yöq, xuddi yeb ötirgan noni tortib olingan qalandardek yuzida alamzadalik qotib qolgan, na nur, na ilohiyot taralardi. Bu meni biroz ajablantirdi. U qayoqqadir şoşilib turganini bildirmoqçidek yelkasiga qizil duxoba taşlagan holda soç-soqol oldirişga tayyor bölib turardi. Hozirgina uning yelkasiga duxoba taşlagan kohin men kirişim bilan tojni uşlagança nari ketdi. Aftidan, bu yerda har bir soniya ölçovli edi. Hatto mening qadamlarim ham hisobga olinganday, eşikdan kirib, ostonaga birinçi qadamni taşlaşim bilan toj boşdan olingan, örniga kuloh kiygizilgan edi. Bunçalik batartiblik meni biroz esankiratib qöydi. Bu yerda har bir bosilgan qadam hisobli ekan, unda butun mahoratimni işga solib, belgilangan muddatda işimni yakunlaşim kerak. Eşik oğasi menga “boşla” degandek yana nigohi bilan işora qildi. Men hammasini tuşundim. Bu yerda izoh söraş, suriştiriş ortiqça, tilu zabon ojiz. Darhol işga kirişdim.
Iskandarni taşqarida xuşsurat, alpqomat, ikki yelkasiga ikkita farişta qönib turadi, siymosi tong oftobi kabi şafaq taratadi, deb taʼriflaşardi. Köz oldimda ançayin xunuk, yuzi gezargan, közlari ölja körgan börinikidek sovuq, kişiga hamişa şubha va gumon bilan boqadigan badburuş kimsa turardi. Xizmatkor, eşik oğasi, ikkita xos soqçi va kohin mening har bir harakatimni sinçkovlik bilan kuzatişardi. Bunga ajablanmasa ham böladi. Ular Iskandarni har qanday suiqasddan asraşlari kerak. Avval bir sidra köpik bilan soqolini oldim. Buni menga darbon yölda tuşuntirgandi. “Iskandarning oldin soqolini olib, keyin soçiga ötasan. Tartib şunday”, degandi u. Men soqolni qirtişlarkanman, çandiqlarni tilib yubormaslik uçun butun mahoratimni işga solardim. “Iskandar Axrimanning köplab yovuz kuçlari bilan olişib, yuzida öşa uluğvor janglarning izlari qolgan, juda ehtiyot bölişing kerak, mabodo birontasidan qon ketsa, boşing ketadi”, degandi darbon. Köklam jilğalari tilimlab taşlagan adirni va seldan söng yorilib qolgan qatqoloqni eslatadigan yuzni möylardan tozalab bölgaç, yengil tortdim. Eng oğir iş orqada qolgandi. Endi buyoği oson. Soçni bir pasda qirib taşlaş mumkin. Soç oliş böyiça bu mamlakatda mening oldimga tuşadigani yöq. Qolaversa, darbon meni soç olişning murakkabligi haqida ogohlantirmagan. Demak, qiyin iş ortda qoldi. Men oldingi sartaroşlar nega aqldan ozar darajaga yetganliklariga biroz ajablandim ham. Iskandarning na özida, na yuzida, na xatti-harakatida aql oladigan heç narsa yöq. Oddiy, hatto terisi öta jön, qurumsiq, xuddi kalatakesakning terisini eslatadigan ozgina badböy hid ham anqirdi. Buning nimasi ularni aqldan ozdirdi ekan?! Iskandar xuddi qadimgi maʼbudlarday xömrayib, jim ötiribdi. Demak, işimdan norozi emas. Men yengil tortdim. Soqol olib bölinganini bildiriş uçun eşik oğasiga ögirildim, u kohinga qaradi. Kohin Iskandarga yaqinlaşdi. Men xuddi darbon tuşuntirgandek, yerga çökkança, taʼzim qilib, boş egib turdim. Kohin kiyimlarining şitirlaşigina quloğimga çalinardi. Keyin yuziga purkalayotgan suv tovuşi keldi, izidan Iskandar suvdan qultumlab içib qöydi. Darbon bu suvni muqaddas “mada*” suvi deb aytgan edi. Bu suvni içgan va unda çömilgan abadiy yaşaydi, abadiy hukmronlik qiladi. Iskandarning qudrati şundaki, u bobomning bobosi davrida ham hozirgiday navqiron körinişda bölgan, nabiramning nabirasi davrida ham men körib turganday körinişda qoladi. U bu dunyoga abadiy hukmronlik qilib, bizni adolat va ravnaq, hidoyat va taraqqiyot sari yetaklaydi. Bizni zalolat botqoğidan xalos qiliş uçun yuborilgan falakning inoyati, saxovati, himmati va şafqati u. Bu unut zaminda judolik uqubatiga ğarq qilinganlar uçun ilohiy diydor tajassumi. U boşimizda balqib turgan quyoşimiz, mangu mehrobimiz, Axuramazdaning talʼati, yöq, yöq, u oramizdagi Axuramazdaning özi. Şafqat va inoyat uçun, muruvvat va marhamat uçun, sahro jizğanagida qolgan qalblarimizga obi hayot beriş, çanqoq dillarni qondiriş uçun oldimizga tuşgan…
Saldan söng kohinnning qizil ridosi mendan uzoqlaşdi. Şundan kohin Iskandarni soç oldirişga tayyorlab bölganini sezdim. Eşik oğasi yelkamga turtdi. Men endi soçni ola boşlaşim mumkinligini angladim va xaltamdan soç ustaramni olib, uni qayişga bir ikki qayradim. Iskandarning oldiga kelib, soçni peşona qismdan boşlab olmoqçi bölib, old tomonga ötdim va qay yösin qirtişlaş qulayligini biliş uçun soçga razm soldim.. Va şunda butun badanimni qaltiroq bosdi. Körganlarimga işonmay, eşik oğasiga qaradim. Eşik oğasi mendan köz uzmay qarab turar, uning közida heç qanday ajablaniş yöq edi. Vaholanki, men körganni u ham körib turardi. Keyin kohinga qaradim. U ham xuddi haykalday, heç narsa yuz bermaganday qotib turardi. Ular uçun men körib turganlarim odatdagi manzara edi. Ha, közlarim aldamagandi. Iskandarning soçlari orasidan tört enli şox ösib turardi. Qöllarim qaltiradi. Lablarim pirpiradi. Qölimdan ustara tuşib ketdi. Oq marmarga jaranglab tuşdi. Qörqib ketdim. Hozir Iskandar ğazabga keladi, boşimni tanimdan judo qiladi degan xayol ötdi miyamdan. Ammo negadir bu holatimga heç kim eʼtibor bermadi. Iskandar tuşib ketgan ustaraga qayrilib ham qaramadi, qolganlar ham pinagini buzişmadi. Şundan bildimki, ular bunaqa holatga örganib qolişgan. Nima qilib bölsa ham özimni bosib olişim kerak edi. Çuqur nafas oldim. Közlarimni yumib, bir pas turdim. Bu menga dadillik berdi. Keyin peşonamda borini köraman deb, soçni ola boşladi. Közim şoxga tuşganda qöllarimda qaltiroq turar, ammo darhol özimni çalğitib, nima qilib bölsa ham bu yerdan soğ-omon çiqib ketişni öylardim. Nihoyat soçni olib böldim. Şoxning atrofini ham tozaladim. Iskandar boşini kafti bilan silab kördi, keyin jilmaydi. Bu saroyga kelganimdan beri birinçi marta jilmayişi edi. Kohinning ham yuziga tabassum yugurdi. Demak, işim bularga yoqqan. Kohin kelib, Iskandarga toj kiygiza boşladi. Tojdan oldin şoxni yopiş uçun qalpoqça kiydirişdi. Keyin unga yana öşa suvni tutişdi. Men serrayib qotib turardim. Eşik oğasi kelib yelkamga qöl qöydi. Şunda bu yerda işim tugaganini, hammasi yaxşi ötganini angladim. Ustaramni va xaltamni yiğiştirdim. Eşik oğasi bilan yana öşa uzun yölaklar, aylanma dahlizlar va sirli bölmalar orqali orqaga qaytdik. Zinaga qaytib çiqqanimizda darbon pastda soqçilari bilan kutib turardi. Eşik oğasi haqimni berarkan, menga öta sovuq ohangda şipşidi: “Sen bu yerda körganlaringni unut. Biron kişiga gullasang, özingning va yaqinlaringning joni olinadi, moli ğorat böladi. Şuni bilgilki, uyingning devorida ham, yurgan yölingda ham quloq bor. Oğzingdan çiqqan tovuşni ham bizga yetkazişadi. Tilingni tiysang yaşaysan. Aksinça bölsa, öşa zahoti anovi jallod qarşingda paydo böladi.” U imo bilan saroy çetidagi supada oyboltasini kötarib, xuddi “qani, navbat kimniki?” degandek oldidagi kundani aylanib yurgan badbaşara, bahaybat, odamdan köra devga öxşab ketadigan barzangini körsatdi. Jallod har damda boltasini bir siltab olardi, göyo bu bilan xayolidagi mahkumning boşini tanasidan judo qilayotganday bölar va uning boltasidan atrofga vahimali “şuv…şuv” degan sas taralardi. Hammasiga tuşundim. Menga bu yerda körganlarim haqida gapiriş taʼqiqlanayotgan edi. Avvaliga soğ-salomat çiqqanimga xursand bölib, bajonu dil boş irğadim. Darbon bilan darvoza tomon yöl oldim. Endi buyoği ozodlik edi. Bu yerdan soğ-salomat çiqqanimga şukurlar qilib, quşday uçib borardim. Men ozod edim. Menga ham, zabonimga ham, sezişimça, aql-idrokimga ham heç narsa qilmagandi. Demak, şunça sartaroşlar içida faqat men bu saroydan aql-huşi joyida bölib çiqib ketayapman degan xulosaga keldim. Bu taqdirning siylovi, tangrilarning inoyati, Iskandarning marhamati edi. Hayot yanayam gözal körinib ketdi közimga. Saroydan uyimgaça quşday uçib bordim.
Ammo yanglişgan ekanman. Ikki kundan keyin körganlarim köz oldimdan ketmay qöydi. Qayoqqa qarasam, boşdagi şox körinardi. Ustiga ustak ayolim, bolalarim va yaqinlarim menga saroyda körganlarimni aytib berişni talab qilib, holi jonimga qöymas, men esa ularga nima deyişni bilolmay lol edim. Bu haqda gapiray desam bolalarim va yaqinlarimning boşiga közim tuşar, birdan fikrimdan qaytardim. Har burçakda josus maʼbudlar mening oğzimni poylab turganday bölardi. Birdan tilimni tişlardim. Şu taxlit kunlar ötdi. Menga heç narsa yoqmas, içimga kirib olgan Iskandarning siri menga tinçlik bermas, ammo uni oşkor qilişdan ham qörqardim. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadigan holatga tuşgandim. “Ey, odamlar, Iskandarning şoxi bor!” deyişim bilan özimning va yaqinlarimning boşiga nima kunlar tuşişini tasavvur qilib, yuragim orqaga tortib ketardi. Tilni tiyib körganlaring, boşingdan keçirganlaring, guvoh bölganlaring haqida lom-mim demay yuriş bunçalik oğirligini ilgari bilmagan ekanman: axir menga tilim, zabonim butun böla turib, körganimni körmadim, bilganimni bilmadim deyiş, xuddi gungu kar odamlardek yaşaş, bir umr til tiyib yuriş, boşqaça aytganda, Iskandar uçun tilimni, borliğimni qurbon qilişim kerak edi. Ammo jim yurib ham bölmasdi. Jim yuriş aqldan ozdirardi, telba qilardi. Xuddi içimga jin kirib olganday edi. Bu jin ertayu keç xayolimni Iskandarning boşida turgan şox bilan band qilar, u haqda kimgadir aytiş, bu sirni oçib, foş qiliş istagini uyğotar, köringan har bir odamga “Ayt, ayt” deyotganday tuyular, bu istak baʼzida meni şunçalik qistovga olardiki, butun badanim qaqşay boşlar, boşimga oğriq kirar, paylarim tortişib, xuddi tutqanoq tutayotganday qaltiroq va azobdan bukilib qolar, içimdagini aytib, hammasidan bira töla qutiliş istagi paydo bölar, biroq meni bu istakdan eşik oğasi bolalarim va yaqinlarimning jonini qilga osib qöygan ogohlantirişigina saqlab qolar, çorasizlikdan bukilib olib, aʼzoyi badanimni qaqşatayotgan oğriqni bosaman deb ğujanak bölib olar, içimda göyo butun şaharni, butun mamlakatni yondiradigan alanga lovullab, meni taftida qovurib-qovjiratib turganday tuyulardi. Içimdagi olovni heç narsa bilan öçirib bölmasdi. Öçiriş uçun faqat içimdagini aytişim kerak. Lekin bu mamlakatda birovga bu haqda gapiriş ölim bilan baravar edi. Birontaga endi gap boşlayman deyişim bilan şunday yonimda kundani aylanib yurgan jallod paydo bölar va oyboltasini baland kötarardi. Uni körib tillarim tanglayimga yopişib qolar, kalima kelmas, kiyimlarimni sovuq ter höl qilib yuborardi. Bu qandaydir tavqi lanʼatga öxşardi: qaçon içimdagini aytaman desam, vujudimda xuddi böron kabi qaltiroq boşlanar, öşa zahoti qarşimda jallod paydo bölar, “qani, boşingni kundaga qöy” deyotganday közlarini löq qilib tikilar, jonholatda tillarimni tişlab olar va uni körmaslik uçun közlarimni yumar, toki içimdagi qaltiroq pasaygunça şu holatda qotib turaverardim. Tuşlarimda ham oyboltaning “şuv…şuv” etgan tovuşini eşitib yotar, göyo oybolta boşimiz ustida sermalayotganday uxlab yotgan bolalarimning boşini tanam bilan tösgança, yotib olardim. Mening tuş va huş aralaş bu holatim ayolim va bolalarimda qançadan qança noroziliklar, ajablanişlar uyğotmadi deysiz. Keyinçalik ular ham meni boşqalar kabi aqldan ozgan deb öylay boşlaganini közlaridan, yuzlaridan bilib turardim. Odamlargina emas, maʼbudlar ham Iskandarga xizmat qilib, nafaqat sözlarni, har bir tovuşimni yetkazib turişibdi. Ayğoqçi şamollar ham atrofimda gap oliş uçun gir-gir aylanib yuribdi, josus daraxtlar tunlari derazamga suyanib, tuşlarimga quloq tutadi. Bepoyon osmon “köngling kir sening” degandek közlarimga löq bölib tikiladi, uyim atrofida çigirtkalar, qurvaqalar navbatçilik qiladi. Hammasining maqsadi meni gapga solib, keyin borib çaqiş va xonumonimni kuydiriş. Kimga qaramay, boşqa maqsad körmayman. Içimdagini aytişga, dardimni yoyişga munosib quloq, munosib hamdard yöq. Xuddi telba kabi kun uzoği şahar aylanib yurar, birdan böşalib ketmaslik, gapirib yubormaslik uçun tilimni mahkam tişlab olardim. Tilimga işonmasdim. Tösatdan sirni oçib yuborsa, keyin bolalarimu yaqinlarimni köz oldimda qatl etişsa… Qatl manzarasini tasavvur qilib, xuddi tilim mendan qoçib, aytib qöyadiganday, tilimni uzib taşlagim kelardi. Tilim yara bölib, oğzimdan qon oqib yuradigan böldi. Hamma qölini bigiz qilib meni körsatişar, meni ham aqldan ozdi deb öylaşardi. Odamlarni kördim degunça menda aytiş istagi kuçayar, özimni zörğa bosib, tilimni tişlagança oğzimdan köpik va qon saçratib ulardan uzoqlaşardim. Bora-bora içimdagi istak kuçayib borar, ammo qarşimda biron tanişim yoki biron yot odam paydo böldi degunça, quloğim tagida oyboltaning “şuv” etgan tovuşi ham eşitila boşlar, u boşim uzra sermanganday tuyular, uning zarbidan olib qoçaman deb boşimni egib olar, tanişim bu holatimni körib, meni ham boşqa sartaroşlar kabi tuzalmas xastalikka yöliqqan deb öylagani uning açiniş va ajablaniş töla közlaridan şundoq körinib turadi. Bora-bora boltaning tovuşi kuçayib bordi. Qayerda bölsam u meni taʼqib etar, bir lahza bölsin tinç qöymasdi. Gavjum joylarda istak avj olar, qaltirab, tilimni tişlab, özimga oğriq berib, zörğa qoçib qolardim. Oxiri çidolmadim. Olomondan özimni olib qoçib, ovloq köçalarga, odamlar yöq joylarga çiqib keta boşladim. Odamlardan uzoqda bu istak va bolta tovuşi ozroq bölsa ham pasayardi. Endi men şaharning huvillab qolgan kimsasiz köçalarini telbalarday kezib yurardim. Bu yerlarda içimdagi qaltiraş, qörquv bosilar, oğriq yumşardi. Şunda heç kim tuşunmaydigan ohangda xuddi itlardek alam bilan uvillab-uvillab qöyardim. Göyo şu bilan içimdagi darddan butun dunyoni xabardor qilmoqçiday edim. Ammo dunyo gung va kar edi. U meni tuşunmas, uvillaşlarimga eʼtibor bermas, atrofimdan meni masxara qilayotgan vaqt va olomon bilan birga qöşilib ötib ketardi.
Bir kuni dard yanayam zöraydi, qayga borsam, ötirsam ham, tursam ham bolta tovuşi taʼqib qila boşladi. Nima qilib bölsa ham undan qutulişim kerak edi. Quloğimni kar qilgudek jaranglayotgan bu tovuşga va tanamni qaqşatayotgan oğriqqa bir çora izlab, şahardan qoçib dalaga çiqib ketdim. Dalada yurib-yurib, oxiri bir paytlar bolalagimizda mol boqadigan töqayga kelib qoldim. Uzoqlarda toğ yastanib yotardi. Avvaliga öşa toğlarga qarab içimdagini aytgim keldi. Ammo atrofimda aylanib-örgilib, barlarimni va soçlarimni öynoqlayotgan şabboda tovuşimni Iskandarga yetkazişdan qörqardim. Najot istab atrofga alangladim. Birdan esimga töqaydagi quduq tuşdi. Bolaligimizda biz undan sado qaytişi uçun ismimizni aytib çaqirar, saldan keyin quduq tubidan ismimizning ğalati ohangdagi aksi qaytib kelib, bizning kulgimizni qistar, içagimiz uzilguday kulib, yana baqiraverardik. Boşimizni quduqqa tiqib qança qiçqirsak ham ovozimiz taşqariga çiqmas, quduq tubiga izsiz singib ketardi. Mana endi yana öşa quduq oldida turibman. Agar unga boşimni tiqib qança baqirsam ham quduqdan boşqa heç kim, na şamol, na osmon, na quşlar eşitmasligi aniq. Atrofimga qarab oldim. Tovuşim yetadigan kenglikda, tepamda heç zoğ yöq edi. Şunda quduq boşiga keldim, boşimni quduqqa tiqib, xuddi bolaligimdagidek bor ovozim bilan şunça kunlar aytişni menga taʼqiqlaşgan, şunça kunlar xayolimni band qilib, meni telba qilgan sirni baqirib-höngrab ayta boşladim: “Iskandarning şoxi bor. U Axuramazda avlodi emas, u Axrimanning zurriyodi ekan. Uning şoxi bor ekan!!!” Xumorim çiqqunça baqirdim. Közlarimdan yoş potirlab oqardi. Bu sevinç yoşlari edimi yoki qayğumi, bilmadim. Lekin höngrab yiğlar va yana baqirib, Iskandarning şoxi haqidagi sirni quduqning tubiga oşkor qilardim. Içimni kuydirayotgan, meni telba qilgan sirimni aytadigan, mayli, u jonsiz va tubsiz quduq bölsa ham dardimni eşitadigan topilganidan özimda yöq baxtiyor edim. Har baqirganimda badanimdan, boşimdan oğriq, kasallik arir, vujudim yengillaşar, tanamga quvvat va hayot qaytar, eng muhimi meni taʼqib qilib yurgan bolta tovuşi ham mendan uzoqlaşib borardi. Oxiri u tinib, quloğimga oddiy şanğillaş kela boşladi. Şu kuni keçgaça quduqqa Iskandarning saroyida nimani körgan va his qilgan bölsam, hammasini aytib berdim. Şu yöl bilan özimni muqarrar telbalikdan asrab qoldim. Içim böşalgan, olov tafti bosilgan edi. Içimda nimadir çiqib, quduqning tubiga dumalab ketganday, şuurim, vujudim yalanğoç bölib qolganday edi. Ammo salomat, tetik edim. Tanamga yana quvvat va hayot qaytgandi. Butun dardimni, sirni va körgan-keçirganlarimni şu yerga taşlab şaharga qaytdim…
…U şaharga ketdi. Keyinçalik eşitdik, uni Iskandarning josuslari va maʼbudlar qahru ğazabga tölib izlaşibdi. Ammo uni boşqa heç joydan topişolmabdi. U quduqqa kelib dardini aytgaç izsiz ğoyib bölibdi. Ayğoqçilar iz va is olib töqayga va bizning oldimizga ham kelişdi, ular quduq tublarini ham titkilaşdi, ammo bu payt bizni qamiş barglari öz hovuçiga yaşirib qöygandi. Biz esa qamişning bargida uzoq uxladik va bir kuni qamişga aylanib, quduq tubidan ösib çiqdik. Öşa yili qurğoqçilik keldi. Ammo bizning tomirimiz suvga tegib turardi. Biz tez böy çözdik. Böyimiz quduqdan taşqariga çiqib, olis va vahimali şaharlarni ham köra oladigan darajaga yetdi. Osmonga intilgan döstlarim bilan birga şamolda tebranib, har ötgan-ketganlarga nimadir deb şovullardik. Ammo bizni heç kim tuşunmas, heç kim şovurimizga quloq tutmasdi. Oradan oylar ötib, töqayga turli tomonlardan qismatlariga dunyoni özgartiriş bitilgan çöpon bolalar kela boşlaşdi. Oldin öyin ilinjida töqayni, keyin bizning atrofimizda aylanişdi. Böliq, tarsillab turgan tanamizni uşlab körib, bir-birlariga nimadir deya boşlaşdi. Ötkir piçoqlarini çiqarişib, bizni bölaklab kesişga tuşişdi. Keyin ular bizdan sibizğa yasaşdi. Endi biz qamişdan ohangga aylangandik. Sibizğani çalib körişganda biz içimizdagi hamma narsani tökib soldik. Çöpon bolalar özlari yasagan sibizğalarni yöl böyi boşqa bolalarga tarqatib ketdilar. Bolalar esa tun-kun sibizğa çalişar, sibizğadagi ohang eşilib buralib odamlarni ogoh qilardi: ”Iskandarning şoxi bor… Iskandarning şoxi bor…” Tez orada biz ösgan quduqdan çiqmagan boşqa sibizğalar ham paydo böldi. Keyin yana boşqalari. Turli makonu manzillarda yasalgan bu sibizğalar ham bizga öxşab, şox haqida nola qilardi. Şundan keyin bildik, sartaroşning qismati mangulikka mahkum qilingandi: u hali hanuz dunyo kezib yurar, qayerda quduq bölsa, unga içidagi sirni aytar, Iskandar josuslari kömib ulgirmagan quduqlardan qamişlar ösib çiqib, sibizğaga aylanardi. Bolalar esa tun-kun sibizğa çalişar, sibizğadagi ohang eşilib-eşilib odamlarni ogoh qilardi: “Iskandarning şoxi bor… Iskandarning şoxi bor…”
*Mada, boşqaça nomi xaoma – zarduştiylik dinida muqaddas suv. Bu suvni içgan abadiy yaşaydi deb hisoblangan.
Nazar EŞONQUL
“Yoşlik”2012/5
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


