Bir dili kuyik döstimning hasrati
Badia
Mening dadam harbiy. Yangi işga tayinlangani bois biz Toşkentga köçib keldik. Men yangi maktabga qatnay boşladim. Bir kuni dadam bizni men hali bilmaydigan bir qarindoşimiznikiga olib bordi. Notaniş qarindoşimizning danğillama hovlisi bor ekan. Bizga soç-soqoli oqargan, közoynak taqqan, yoqimli, istarali, bir donişmand peşvoz çiqdi. Harqalay rivoyatlardagi donişmandlarni men şunday tasavvur qilaman. U har birimizni alohida-alohida bağriga bosib, mehr bilan körişdi. Keyin bizni quyuq mehmon qilib, bemalol yayrab öynaşimiz mumkinligini aytib, ikkita xonani körsatdi. “Xohlaganlaringga kirib öynanglar”, dedi. Men va ukalarim bu oqsoqolning nevaralari bilan rosa öynadik. Ularning eng kattasi mendan ikki yoş kiçik qiz ekan. Uning harakatlari ham, menga bölgan munosabati ham yoqib tuşdi. Biror joyga mehmonga borişga odatlanmagan bizning oilamiz uçun, ayniqsa, men uçun öşa kun zör bayram böldi.
Keyinçalik bilsam, bu odam ota-onasiz, ğirt yetim ösgan. Yetimlik davrida ilojsizlikdan sarson-sargardon yurib, bobomning qişloğiga borib qolgan. Bobom uni öz panohiga olgan. Qöylarini boqtirgan. Keyinçalik, uylantirib qöygan, oyoqqa turğazgan. Keyin u tuzukroq iş topaman deb oilasini olib qişloğimizdan ketgan… Bir muddatlik ovorayu-sarsongarçiliklardan söng paxtakor, keyin tadbirkor bölgan. Katta tadbirkorga aylanib poytaxtga köçib kelgan. Hozirgi paytga kelib, işlarini öğliga topşirib, odamlarning hojatini çiqarib yuradigan maslahatgöy bir oqsoqolga aylangan. Bizning oilamizni ham qidirib topgan. Bobomdan körgan yaxşiliklarining hammasini bizga qaytarmoqçi ekan. Şu sababli biz bu xonadonga tez-tez kelib turadigan böldik. Har xil joyga tez-tez köçib yurganimiz, qarindoşlarimizdan uzoq bölganimiz bois bizni deyarli heç kim yöqlamas edi. Bu oqsoqol esa nevaralarini yetaklab bizni uzluksiz yöqlab turdi. Xizmatdan faqat uxlaş paytida uyga kelib, azonlab yana çiqib ketadigan, xizmat safarlarida köp yuradigan dadamga bildirmasdan bu oqsoqol bizga berilgan kvartirani taʼmirdan çiqarib berdi. Mening bu oilaga mehrim yanada ortdi. Bu xonadonning bolalari öz ukalarim va singillarim qatori bölib ketdi. Hatto men ularning himoyaçisiga aylandim. Maktablariga borib, ularning haqlarini ajratib berib yuradigan böldim. Yangi qarindoşlarim meni orqa qilib yuradigan bölişdi.
Ammo bu köpga çözilmadi. Dadamning zimmasiga yangi lavozim yuklandi va biz boşqa viloyatga köçib ketdik. Yillar ötişi bilan bu xonadon bilan bizning munosabatlarimiz uzildi. Ammo bu katta hovli, atir hidi va iliqlik ufurib turadigan, issiqqina katta-katta xonalar, ulardagi çiroyli bezaklar, qalin va yumşoq gilamlar, xuşmuomala xonadon sohiblari, umuman bu ajib muhit mening xotiramda muhrlanib qoldi.
Oradan yillar ötdi. Men poytaxtga kelib, institutga kirdim. Talabalik davrimda bizning oilalar yana topişdi. Oqsoqol olamdan ötibdi. Uning işlarini davom ettirgan öğlining ança payt işlari orqaga ketibdi. Hatto danğillama hovlilarini ham sotişibdi. Yillar ötib yana işini önglab olibdi. Otasining vasiyatiga köra yana bizni suriştiribdi. Mening ota-onalarim bir neça marta bu yerga kelişdi. Bular ham biz tomonlarga borişdi. Har safar ota-onam kelişganda ularni kutib olib, qarindoşlarimiznikiga olib borib yurdim.
Bir kuni onam uyimizga çaqirib, meni öşa toşkentlik otaxonning katta nevarasiga unaştiriş niyatida ekanliklarini aytdi. Menga u bilan uçraşib, bir-birimizga moslaşib boriş vazifasi yuklandi. Onam şunday xonadonning, şunday tarbiyali qizini kelin sifatida körişsa boşlari osmonga yetişlarini maʼlum qildi. Men hayratdan dong qotdim. Çunki men bu xonadon aʼzolarini qarindoşlarimiz, ularning qizlarini singlim deb bilar edim.
Ota-onamga uni singlim deb bilişimni tuşuntirişning imkoni yöq. Buni nafaqat ota-onamga, balki bu yoruğ olamdagi biror-bir insonga tuşuntirib berişning iloji yöq. Çunki örtada qarindoşlik darajasi yöq. Bir oila bilan bordi-keldi qilinsa, qarindoş bölib, bu oilaning qizi singil bölib qolmaydi.
Men esa… men esa… Mening ahvolim, vujudim, şuurim boşi berk köçaga kirdi. Bu berk köça zimis-ton tuynugiga ulandi. Men turfa tuyğular iskanjasida qoldim. Axir, his-tuyğular mudom bölmasmi? Vujudingdagi tuğyonni özgartirib bölarmi? Ota-onaga bölgan tuyğuni özgartirib bölarmi? Döstga degan tuyğuni özgartirib bölarmi? Qarindoş degan tuyğuni özgartirib bölarmi? Yoki his-tuyğuga sodiqlik qusurmi? Sadoqatni sotib bölarmi? Qarindoşlik riştasini uzib bölarmi? Qarindoş deb bilganingga boşqa nazar bilan qarab bölarmi?… yoki bu dunyo fiğon ekanmi? Agar şunday bölsa uning adoği bor ekanmi?
Ota-ona irodasini qobil farzand inkor eta olganmi? Yoki u yaxşi tarbiyadan benasib bölganmi? Yoki biror kişi hurmatni, urf-odatni, intizomni inkor eta olganmi? Yoki harbiy odamning sözi ikki bölganmi? Yoki sarkardaning buyruği bajarilmay qolganmi?
Nahotki, olam odamga torlik qilsa. Nahotki, u senga hamdam bölmasa. Nahotki, odam qarindoşni yostiqdoşga aylantirsa?…
Yöq, bunday bölmaydi. Bu olam meni inkor etmaydi. Bu olamda men kabi odamlar bor. Men kabi sadoqat egalari bor…
Biroq hamma narsaning inkori bor. Inkori topilmasa “ammo”si bor.
Ammo meni tuşunmadilar. Meni tuşunmoqçi bölganlar qondoşlik darajasi bölmagan qiz qanday qilib qarindoş bölişi mumkinligini aqllariga siğdira olmadilar.
Mening fiğonimni olam eşitmadi. Mening fiğonimni odamlar eşitmadi. Mening fiğonim özimning taşvişim böldi. Men fiğonimni yaşirişga majbur böldim. Vujudimni, jismimni, özligimni jilovlaşga majbur böldim. His-hayajonimni jilovlaşga majbur böldim. Öz inkorimni işga soldim. Barçasini inkor etib bu qizga, bu singlimga uylana olmasligimni oçiq bildirdim. Biroq nima uçun degan savolga javob topib bera olmadim. Javobsiz qolgan böşliqni qistovlar egalladi. Qistovlar jamlanib, uçraşuv joyiga aylandi. Uçraşuvda öz inkorimni işga sola olaman deb öyladim.
Olamni teskari aylantirişga qodir bölgan “biroq” yana öz kuçini körsatdi… Biroq bu uçraşuv ota-onam foydasiga hal böldi. Çunki… uning çiroyi ham, odobi ham, bekamu köst edi. Va buni hamma bilar edi.
Bu qiz baland böyli, sarvqomat, soçlari qalin va quyuq, tim qora qoşlari tekis va uzun. Közlari katta-katta, qop-qora, maʼnoli çaqnab turadi. Yuzi biroz çözinçoq, buğdoy rang. Lablari qalin va nozik. Kulganida oppoq bir tekis tişlarining deyarli barçasi, iffati, bu olamga gözallik baxşida etadi. U bolalik davrida, uni ilk marotaba körganimda ham şunday çiroyli edi va men har doim yonimda şunday singlim bölişini orzu qilardim.
Bunday qizni yoqmadi deb heç kimni işontirib bölmaydi. Çunki u aʼloçi, intizomli va odobli. Uyida har doim ukalariga yölboşçi. Danğillama hovlilarining fayzi. Kazo-kazo mehmonlarni munosib kutib ola biluvçi. Oilalarida qiyinçilik yuzaga kelsa, suyançiq böla oluvçi, xullas, kiroyi kelinlikka mos qiz.
Bu oila donişmand boboning tirikligida ham, undan keyin işlari orqaga ketgan paytlarida ham, har doim ibratli oilalardan bölib kelgan. Farzandlarining barçasi aql-idrok egalari. Şuning uçun mening bu oilaga hurmatim, mehrim boşqaça bölgan.
Uçraşuvdan şu narsani uqdimki, bu qizning, bu singlimning menga turmuşga çiqişga heç qanday moneligi yöq. Çunki uning sarvqomat, baland böyiga mening baland böyim va sportçilardek qaddi-qomatim, uning aʼlo baholariga mening fan olimpidalaridagi yutuqlarim, uning aql-idrokiga mening topqirligim va hozirjavobligim, uning sariştaligiga mendagi harbiy odam bergan tarbiya mos kelişi mumkin.
Vaqt deb atalmiş hakam bir yil davomida hukmronlik qildi. Vujudimdagi fiğon olamga yoyildi. Dunyo közimga tor körina boşladi. Endi köçadagi odamlar ham xafanok bölib qolişgan. Endi bu olam odamlari qovoqlarini osib yurişadi. Endi heç kim bir-birlarining közlariga qaramaydi. Endi barçaning boşlari xam. Endi boşlarini kötarib yuradiganlar ham tund holda qayoqqadir şoşadilar… Endi köçalar ham borgan sari körimsiz bölib bormoqda. Yöl çetlarida daraxtlarning barglari, sigareta qoldiqlariga tölib ketgan. Bekatlardagi yelim qopçalar ötib ketayotgan avtobuslarni quvlab qolişadi. Kir-çir yurgan lölilar qöllarini çözib, sadaqa sörab bezor qilişadi.
Yana öşa qizni eslayman. Eslaşga majburman. Uni eslamasdan tura olmaydigan ahvolga solib qöyişdi. Qiz bolaning qoşlari şunça uzun, közlari şunça katta böladimi!
Qoşu közning örtamiyona bölgani yaxşi. Kipriklarning juda quyuği közni yana ham qoraytirib körsatadi. Agar ular böyab qöyilsa, uzoqdan peşonaning tagiga qop-qora bir narsa yopiştirib qöyişgandek yoki qora niqob taqib olgandek tuyuladi.
Yonimga yana qölini çözib löli qiz keldi. Kir-çir yurgan bu löli qiz öşa men uylanişim lozim bölgan qizga öxşaydi. Qalin soçlar… qop-qora, katta-katta közlar…
Atrofimdagi odamlar sen haqiqat deb bilganingning aks, haqiqat deb hisoblasalar, senda ularga nisbatan nafrat hissi kuçayib ketar ekan. Mendagi nafrat ham köça-köylarga, odamlarga, butun olamga jumladan, şu qizga yoyildi. Yuriş-turişim ham naf-ratli böldi.
Kim bilan hamdard bölişni bilmayman. Oxir oqibat döstim Zokirnikiga otlandim. Bor dardimni unga tökib dardlaşib olmoqçi böldim. Biz aql-zakovatda boşqalardan bir poğona ustun yuruvçi, hamma havas bilan qaraydigan ikki qadrdon döstmiz.
Unga bir yillik dardimni tökib soldim:
– Sen singlim deb bilgan qizga uylangan bölarmiding?
– Men singlim deb bilgan odamga uylanmaymanu, biroq sen nima uçun uç-tört marta körgan qizni sing-lim deb hisoblayapsan? Adaşmasam, men uning ukasini taniyman. Sen öz ukang qatori muomala qilib yuradigan xuşsurat, sen bilan bizga öxşagan kelbatli bola. Opasining ham aqlu-huşi, çiroyi şunga yaraşadir?
– Men ularga bolalikdan öz ukalarimdek munosabatda bölganman.
– Endi bolaligingni unut. Ulğayganingdan söng yöriğing boşqa.
– Katta bölsang qaytadan tuğilib qolasanmi yoki ötmişingni unutib qöyasanmi?
– Nima, sen osmondan tuşdingmi? Bir-ikki marta körganing singling bölib qolmaydi. Mana, meni ham xolamning qiziga unaştirişmoqçi. Ular boşqa viloyatda turişganlari sababli men uni voyaga yetgunigaça biror marta körmaganman. Endi kördim. Menga maʼqul böldi.
Mening boşimga qon quyuldi. Dunyo zulmatga aylandi. Yaqinlarimning eng oxirgisi, döstlarimning eng oxirgisi duşman böldi. Qahr-ğazab vujudimni qopladi.
– Sen xolangning qiziga uylanasanmi?!
– Nima qipti. Avvallari xolamni tanigandirman, ammo qizini tanimaganman. Bir neça marta körgan bölsam ham bolaligida körgandirman.
Köz oldimni nafrat qoronğuligi qopladi:
– “Onalaring vafot etsa, xolalaring onalaring örnini bosadi” degan gap bor. Sen öz onangning qiziga uylanasanmi?
– Juda oşirib yubording, döstim!…
– Oşirib yuboriş mana bunaqa böladi…
“Ey döstim, men seni aql-idrokli, farosatli odam deb bilar edim. Sening kelbating ham, aqlu-farosating ham bir pulga qimmat ekan. Seni qanday şaklga keltirişni hohlasalar şu şaklga kirib ketaveradigan xamir ekansan”.
Men bu olamdagi oxirgi qadrdonimni xamir kabi iyladim. Avval şörvasini çiqarib, keyin oğzi-burnidan qonini oqizdim.
Men esa… men esa… nima qilay… bu yoruğ olamdan uzoqda yana bir olam bor emiş, agar quyoş nuridek tez uçsang uç yuz ming yilda şu olamga yetib borsa bölar emiş. Yölda yoruğlik tuşsa pölat ham erib buğga aylanarmiş, qoronğulik tuşsa pölat ham sovuqdan çatnab parça-parça bölib ketarmiş. Mayli, buğga aylanay, mayli, sovuqdan çatnab ming bölakka bölinay, men şu olamga yöl olaman. Mening şijoatim bunga yetadi. Biroq senga uylanişga şijoatim yetmaydi. Şijoati yöqlar, or-nomusi yöqlar, ğururi yöqlar öz singillariga uylansinlar. Men esa bu isnodlardan olis-olislarga uçib ketaman.
* * *
Qayokdasan, ey döstim Botir! Qadrdon döstim Botir! Qiyomatli döstim Botir! Men sening dösting Zokirman! Nega öşanda meni taşlab ketding! Alpomişdek döstingni yer bilan bir qilib ketding! Xazonlarga kömib ketding! Seni yigirma yildan buyon kutayotgan dösting Zokirman. Faqat sengina menga qadrdon eding. Biz birga bölsak haybatimizdan toğlar orqaga tislangan, şijoatimizdan şamollar töxtab qolgan, topqirligimizdan şoirlar lol qolgan, zakovatimizdan ahli-donişlar lablarini tişlab qolgan bölar edilar. Men seni köp qidirdim, ammo topa olmadim.
Mana yigirma yildirki men omad deb ataliş otni çoptirmoqdaman – agar şu omad bölsa – omad otida mansab va boylik deb atalmiş ulkan toğlarni zabt etmoqdaman. Bu toğlarni öz mulkimga aylantirmoqdaman. Menga taʼzim qilişga intizor bölganlar orqamda tizilib turişibdi. Qadam bosmoqçi bölgan joylarimni supurib yurişibdi. Sen esa yöqsan. Qayerdasan? Bu joylarni taşlab sahrolarga ketdingmi yoki özga yurtlarga ketdingmi, yoki darveş böldingmi, yoki qayğu-alamga eltuvçi bu dunyoni tark etib, gözal olamni makon tutdingmi?
Men esa qayğu-alamga yetib keldim. Şijoatim söndi. Yurak-bağrim qonga töldi. Qaddi-qomatim bukildi. Zulmatga çökdim.
Mening xotinim öşa senga gapirib bergan qiz (xolamning qizi deyişga tilim bormaydi) qon yiğlamoqda. Farzandlarim qon yiğlamoqda. Men qon yiğlamoqdaman. Farzandlarimning hammasi – uçalasi ham nogiron. Kimki öz qarindoşiga uylansa, bolalari, bolalari bölmasa nevaralari nogiron tuğilar ekan. Katta farzandim – öğlim 17 yoşda. U tuğilgan paytda quvonçdan bir toğni olib boşqa joyga örnatmoqçi böldim. Bu toğda xotinim va nuri diydamga, farzandimga atab gullardan qasr qurmoqçi böldim. Lekin quvonçim uzoqqa çözilmadi. Asta-sekin unda falajlik alomatlari namoyon böla boşladi. Hozir u oyoq uçlarida, tovonini yerga tekkiza olmasdan, tizzalarini töliq yoza olmasdan, bilaklarini tirsagidan bukib, akaşak barmoqlarini kökragi yonida tutib, oğzini oçib, sölagi oqib, közlarini olaytirib, siltanib-siltanib zörğa yuradi. Gaplariga men bilan xotinimdan boşqa heç kim tuşunmaydi.
Keyingi ikki nafar qizim ham şunday bedavo kasallik bilan tuğilişgan. Ularni olib bormagan, davolatmagan joyim qolmadi. Ularga sarflagan pullarimga bitta şahar qursa böladi.
Ammo menga qayğu ğiştlaridan qurilgan şahar nasib qildi. Bu şahar menga makon böldi. Menga bu şaharning qayğuli tuyğulari hamroh böldi. Ota-onangga, döstingga, qarindoşlaringga bölgan his-tuyğuni özgartirib bölmas. His-tuyğuga ham sodiq böliş kerak ekan-da. Bu sadoqatni sotib bölmas ekanda. Qarindoşlik riştasini özgartirib bölmas ekanda. Qarindoşingga boşqa nazar bilan qarab bölmas ekan-da. Qarindoşingni yostiqdoş qilib bölmas ekanda. Aks holda bu dunyo fiğonga aylanar ekan-da. Bu fiğonning adoği bölmas ekan-da…
Ey döstim Botir, men ojiz döstingni bir körib ket! Ey döstim Botir, men gunohkor döstingni bir urib ket!!!
Ey döstlarim, ey qaddini rost tutgan qadrdonlarim, ey yuragi urib, qoni jöşib turgan tengdoşlarim, ey ğururi bor döstlarim, ey nomusi bor döstlarim, farzandlaringni qarindoşlarga uylantirmanglar.
Muhiddin TINIBEKOV
“Yoşlik”2012/9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

