7 daqiqada öqiladi

565 marta körilgan

Soğinçning sirli sandiği

Odamzotda şunday his-tuyğular borki, ularni qöl bilan uşlab, köz bilan körib bölmaydi. Kişi baʼzan  vujudida qandaydir iztirob, orziqiş paydo bölişini, kimnidir  körgisi kelayotganini, köngli nimadandir tölmayotganini, özini yolğiz va maʼyus his qilayotganini anglaydi. Yuragi öynab, özini qöygani joy topolmay qoladi. Mana şu holatlarni baxt, soğinç, armon degan iboralar bilan ataymiz. Bunday paytda oddiy odam şunçaki entikadi, xörsinadi, bazan töyib yiğlab oladi yoxud qah-qah urib kulib, könglini yozadi-da, öz işlari va taşvişlari bilan andarmon bölib ketaveradi. Şu maʼnoda hali heç kim soğinç, baxt va armonni  aniq taʼriflab berolmagan.

Vaholanki, badiiy adabiyotda baxt, soğinç, armon  eng  köp va keng miqyosda kuylanayotgan  köhna, biroq  hamişa navqiron mavzular hisoblanadi. Aslida  ularning ildizi ummon kabi çuqur va keng, mazmuni osmon singari çeksiz va mahobatli,  şakli şamoldek öynoqi va tutqiç bermas holatdir. Zero, bu yoruğ olamda özini baxtli yoki baxtsiz his qilmagan, birovni soğinmagan, hayotdan armonsiz ötgan odam bölmaganidek, ular haqida şeʼr yozmagan şoir ham yöq. Bular orasida ayniqsa, soğinç motivi  şaklan rang-barangligi, maʼno kölamining kengligi, poetik obrazlarga boyligi, öziga xos maqomga egaligi bilan ajralib turadi. Biroq şunga qaramay, hanuzgaça soğinç – öqilmagan kitob, anglamsiz tuyğular xazinasi, kaliti topilmagan sirlar sandiği bölib qolmoqda. Menimça, soğinç tuyğusini ijod ahlidan boşqa heç kim aniq tariflab berolmaydi. Şoirlar  soğinçning rangini ham, hidini ham, öziga xos tarovatini ham, u inson tanasining qayerida paydo bölişini ham, odamzod nega soğinç degan “dard”ga mubtalo bölişini ham bilişadiganga öxşaydi.

Farğonalik yoş şoira Oydin Temirova  özining navbatdagi kitobini “Soğinç mamlakati” deb ataydi. Undagi şeʼrlar bilan tanişib, biz bu mamlakatning alohida fuqarolari borligini, u yerda  soğinçning rangi zangori ekanligini, undan “yam-yaşil yalpizlar, yovşanlar, andizlarning isi gurkirab” turişini bilib olamiz. Bu makonda hamma narsa zangori (!) rangdadir. Şoira nazarida soğinç hissi ham zangori, bepoyon “Os-i-mon ham, tun ham (odatda qora bölğusi edi-Y.S.) zangori”. Ajabki, uning “Dard bilan oğrigan dili ham, ölim ham (hatto!) zangori” rangdadir. Xöş, buning boisi nimada? Nega yaşil yoki kök emas? Zangori, odatda, sariq, yaşil, havorang, oç yaşil, moviy singari bir neça böyoqlar qorişmasidan tarkib topgan ajabtovur tusdagi rang bölib, u şoira Oydinning nekbinlik, ezgulik, yaşaşga, yaşarişga intilişi, hayotda uçraydigan qora (qayğu, motam rangi), sariq (ayriliq,tuşkunlik timsoli), qizil (dağallik,qöpollik,aldamçilik ramzi-Y.S.) ranglardan ehtiyot böliş, ularni inkor etişi uçun adabiy-estetik vosita bölib xizmat qiladi. Bu nafaqat Oydin ijodiga, balki Aʼzam Ismoilning “Körgani keldim soğinib”, Munojotxon Karimjon qizining “Seni soğinib” singari töplamlari va boşqa önlab şoirlarning soğinç haqidagi turkumlari hamda şerlariga ham xos xususiyatdir.

Şunisi muhimki, soğinç vositasida şoirlarimiz lirik qahramonining ham ruhiy, ham maʼnaviy olamini, ham psixofiziologik, ham anatomik holatlarini biryöla tasvirlaşga erişmoqdalar. Özbekiston xalq şoiri Anvar Obidjonning aytişiça, “Soğinç degan vahşiy bir kana” bölib, u şoir “Yuragini çaqar beomon”. Sirtdan dağalroq tuyilgan bu ibora mohiyatan soğinçning inson vujudida doimiy mavjudligini anglatib turibdi va u heç qaçon sohibiga tinçlik bermaydi. Yana bir isteʼdodli şoir Ikrom Otamurod ona yurtiga bölgan beqiyos muhabbatini “Xayoling – soğinçim mundarijasi”ga aylangan deb izhor qiladi. Zero,  bu soğinç şoirga har kuni hamroh bölib, xuddi A.Obidjon yuragini çaqayotgan kana singari unga ham tinçlik bermaydi. Agar soğinç A.Obidjonning yuragida joylaşgan bölsa, I.Otamurodning uyiga kirib olgan:

Uyimda yaşaydi bir soğinç,

Bir soğinçki – Qaşqadayro.

Ötayapman sening xayoling bilan,

Xayolimda sening xayoling faqat.

Özingni körmoqlik nasibin tilab,

Diydorga intilgan ayriliq qat–qat.          

Zero, I.Otamurodning uyi tuğilgan Vatanining bir bölagidir. Garçi u özga şaharda yaşayotgan bölsa ham, uyida kindik qoni tökilgan tuproqning hidini iskab, rangini körib, taftini tuyib yaşaydi. Bu tuyğu şoir yuragiga quvvat, taniga darmon bağişlaydi. 

Farida Afrözning “Yuragim hapriqar soğinçga töla” deb atalgan  bir turkum şeʼrlari bilan tanişgan öquvçi işonç hosil qiladiki, insonning yuragini hapriqtiruvçi  şu soğinç bor ekan, “Quriyotgan daraxtlarning şoxlariga gul bitadi, Quşlar kelib sayraydi, Qoq yoğoçga til bitadi”. Vafo Fayzulloh  esa “Soğinç”  nomli turkumida Şoir va Vatan soğinçi masalasiga yangiça yondaşadi. Turkumning lirik qahramoni – men  xuddi Bobur, Furqat singari özga yurtda yaşab turib, “Kundan kunga qayğum möl böldi, Soğingandan tuqqan yerimni” deya faryod çekadi. Ajdodlaridan  farqi şundaki, bu lirik qahramon xorijga masʼul burçini ado etiş uçun kelgan va bir kuni yurtiga qaytişi tayin. Şunga qaramay u özini “Diyoridan ayro bir bulbul!” dek his qiladi. Ayni çoğda V.Fayzulloh rus şoiri Sergey Yeseninga bağişlangan şeʼrida soğinç motivining yangi qirralarini oçadi. Yangilik şundan iboratki, agar özbek bolasi çet elda yurib, tuğilgan Vatanini soğinayotgan, uning dardida bulbuldek fiğon çekayotgan bölsa, Sergey Yesenin  “Bir vaqt köz oçgan dala”sini öz ixtiyori bilan taşlab ketib, uni biron marta ham eslamaydi. Aksinça, tuğilgan yurti Ryazan hanuzgaça “Yuragida  qança doğ” bilan “juvonmarg farzand”ini soğinib, tunu kun yiğlaydi. Bu özbek şeʼriyatidagi Vatan soğinçi bilan yaşayotgan lirik qahramonning milliy qiyofasini aniq körsatişga xizmat qiladi.

Şoir Nodir Jonuzoq esa “Soğinç suyagimga singib ketgan ğam” deydi. Bu “ğam”dan qutilişning esa  sira iloji yöq. Biroq bu sözni hadeb takrorlayveriş ham tanani toliqtiradi, ham dardni kuçaytiradi. Şuning uçun  şoir  şeʼrlarida “soğinç” sözini huda-behuda işlatavermaydi, balki uni har bir şeʼrining mağziga singdirib yuboradi. Masalan,  “Kuzgi yaproqlar” sarlavhasi ostida berilgan oltita şeʼrining (“Yoşlik” jurnali, № 11-12, 2011) barçasi sirtdan kuz manzaralarini çizayotgandek tuyilsa-da, içki mohiyatini soğinç tuyğusi taşkil etadi. Töğriroği, barça şeʼrlarni soğinç obrazi bir-biriga payvandlab turadi. Masalan, allaqaçon kuz fasli kelgan, ariqdagi loyqa suvlar tingan, köngildagi hislar tiniqlaşgan. Ammo  lirik qahramonning dili hamon bezovta, nimanidir qömsayveradi:

Közlarimga tölib kelar mung,

Sançib qöyar goho kökragim.

Alanglayman söz topolmay gung,

Ne uçundir kelar ökragim.

Bu şubhasiz, lirik qahramon – şoirning suyak-suyagiga singib ketgan soğinçning tiniq portretidir. Odam kimnidir, nimanidir öta soğinganida şunaqa ahvolga tuşadi. Xöş, Nodir Jonuzoq kimni, nimani soğinadi? Turkumdagi şeʼrlar matnidan anglaşimça, şoir har kunini, har soniyani mazmunli ötkazişni xohlaydi. Biroq bu niyatiga har doim ham erişa olmaydi. Şoirni ana şu mazmunli “Yaşolmagan kunlari”, bekor ötgan damlari soğintiradi, ularni töldiriş istagi qiynaydi. Bu yana bir tomondan soğinç motivining armonga aylanayotgan qirrasidir. Lirik qahramon – men bu istagini amalga oşiriş uçun subyekt – uçinçi şaxsga “Xalal bermang…” deya murojaat qiladi va men “Quyoşday balqib, Har lahzada ming yil yaşayman!” deb hayqiradi.

Turkumdagi har bir şeʼr “Kuz” sözi bilan boşlanadi. Faslning zaʼfaron rangi, “behol silkinayotgan yaproqlari”, xazonrezgi manzarasi soğinç ohangi bilan uyğunlaşib ketadi. Bu ohangdan anglaşilişiça, kuz bahorni soğinadi, uning işqida “rangi sariq, yuzlari zaxil” tus oladi. Ammo, u bahor visoliga yetişmoq uçun oldinga yursa, “muzdek tösiq qöyar qiş”, ortiga qaytsa, “Qaynoq toşlar bilan qalʼa qurgan Yoz” yölini tösadi. Kuzning bunday arosatdagi soğinçli ahvolini anglagan lirik qahramon – men öz oldiga şunday maqsad qöyadi:  “Mening muhabbatim ming Bahorga teng”, ammo men kuz emasman, yölimdagi tösiqlarni yengib, soğinçim manzilini albatta zabt etaman, deydi. Demak, lirik qahramon-şoirning niyati pok, uningça soğinç armonga aylanmaydi. Çunki inson soğinç bilan, muhabbat bilan yaşar va ularni röyobga çiqariş uçun astoydil kuraşar ekan, sözsiz Köklam ham keladi, Yoz ham keladi, Kuz ham qaytadi va albatta, şeʼr ham yoziladi. Oxir oqibat şoirning könglini orziqtirgan ğam, bezovta qilgan his-tuyğu şeʼr soğinçi ekanligi ayon böladi. Nodir Jonuzoq soğinçga şunday xitob qiladi:

Sen bölmasang, kelmaydi Köklam,

Yoz kelmaydi – sen yozmasang şeʼr.

Agar şoirning soğinçi qançalik kuçli va barqaror bölsa, uning qalbida isyonkorlik ham şu qadar qudratli böladi. Çunki lirik qahramon soğinib yetolmagan narsasini har qanday usul bilan qölga kiritişga intiladi. Bu kuraşuvçanlik fazilatini şakllantiradi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Dilnavoz Qöldoşeva bu holatni şunday ifodalaydi:

Izğib-izğib özni soğindim,

Oh deguvçi sozni soğindim.

“Soğin” degan sözni soğindim,

Soğintirmoq isyon ekan-da!

Agar hozirgi şeʼriyatimizda soğinç mavzusida yaratilgan şeʼrlarni bir daryo deb tasavvur qilsak, u behisob irmoqlar hisobiga tölib-toshib oqmoqda. Vatan, tabiat, ona, ota, yor, döst kabi aniq timsollardan taşqari Allohni, özlikni soğiniş, qömsaş motivlarining kirib kelişi ham şeʼriyatimiz diapazonini beqiyos darajada kengaytirmoqda. Xullas, kimnidir, nimanidir soğinib yaşaş barçamizga nasib etsin!

Yöldoş Solijonov 1940-yilda tuğilgan. Filologiya fanlari doktori, professor. “Uluğ sanʼatkor”, “Şeʼriyatning sirli jilvalari”, “Tong yulduzlari”, “Nutq va uslub”, “Olimning olami”, “Farğona adiblari”, “Söz sehrgari”, “Zulmatdan nur qidirganlar” kabi köplab ilmiy asarlar muallifi.

 

 

“Yoşlik” 2013/9

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)