Xaloskor “Yoshlik”im yoxud so‘z qudrati

0
348
marta ko‘rilgan.

Tabiat va oiladagi muhit menda adabiyotu san’at havasini uyg‘otgan, deb hech ikkilanmay aytgim keladi. Chunki men tug‘ilib o‘sgan joyning tabiati shunday so‘lim ediki, uning quchog‘ida yashab turib, masalan, she’rga oshno tutinmaslik yoki o‘z-o‘zidan xirgoyi qilib qo‘shiq aytmaslik, yarim mubolag‘a bilan aytganda, gunoh sanalardi. Esimda, ilk she’riy mashqim qish va bahor fasllari bir vaqtda uchrashib (qora qish tugab, navbahor tashrif buyurgan chog‘), ona tabiat atrofga ajib bir fusun baxsh etgan damda yozilgan edi. Albatta, u mashqlar hozir yodimda yo‘q. Esimda qolgani – qofiya topolmay qiynalganlarim va birinchi she’r mashqining unutilmas zavqi! Ammo xuddi o‘shanday – yirtib yo yoqib tashlangan yuzlab mashqlarim, bugun men, avvalo, o‘zimga o‘zim uyalmay o‘qib berishim mumkin bo‘lgan to‘rt qator she’rimni yelkasida azot ko‘tarib turganiga shubha qilmayman… Tabiatga qaytsak. Men aynan o‘sha ulug‘vor tabiatdan ilhomlanib, unga ergashib nimadir qoralay boshlaganimga hozir ich-ichimdan sevinaman. Chunki bugunga kelib oz-moz tushunib qoldimki, adabiyotu san’at bu – Arastu bobo aytganidek, taqliddir. Lekin chinakam san’at, bu – maxluqning emas, Xoliqning san’atiga ergashib yaratilganidir, degim keladi. Inson ijodiga ergashib yaratilgani esa, shu so‘zning o‘z va tom ma’nosida taqlid bo‘ladi, ya’ni nusxakashlik hisoblanadi, hisoblanishi shart! Demak, ey donishmand Arastu bobo, taqlidda ham taqlid bor ekan-da!

Otam, onam va rahmatli akam… ularning dunyoga munosabatlari, adabiyotga muhabbatlari… Uyimiz kitob, jurnal va gazetalarga to‘lib ketardi. “Fan va turmush”, “Saodat”, ”“Guliston”, “Sharq yulduzi”, “G‘uncha”, “Gulxan” “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Oq oltin” va yana hozir ismini unutganim ko‘plab nashrlar xonadonimizdan sira arimasdi. Kitobxonlik ham shunga yarasha bo‘lardi. Qisqasi, uyimiz mahallaning o‘ziga xos kutubxonasi ediki, qo‘ni-qo‘shnilar, uzoq-yaqin tanishlar kelib, kitob yo jurnal olib ketishar, so‘ng qayta olib kelishardi-da, o‘qiganlari haqida uydagilar bilan eshik kesakisiga suyangan ko‘yi soatlab suhbat qurishar, taassurotlarini baham ko‘rishardi. O‘sha suhbatlar ham mening taqdirimda o‘z izini qoldirganligiga ishonaman. Shu ma’noda men ota-onamni, qo‘llarida “oliy ma’lumotli” degan balandparvoz diplom-qog‘ozlari bo‘lmasa-da, chinakam ziyoli atab kelaman.

Birinchi kitobim 30 yoshimda “Yolg‘izlik” nomi bilan nashr qilingan. Kitob 3000 nusxada chop etilgandi, ammo u paytlar (1998 y.) odamlar o‘zlari (aniqrog‘i, qursoq g‘ami) bilan shunchalar band ediki, men butun boshli kitob chiqarib ham, ustoz Abdulla Oripov aytgandek, “bugun she’ri chiqqan shoir” quvonchini yashay olmaganman. Maylida, buni hayot deyishadi, har kimga har xil ijodkorlik qismati nasib etadi. Shunga qaramay, “Yolg‘izlik” shaxsan o‘zim uchun, notavon ko‘nglim uchun ma’lum muddat chinakam bayram bo‘lganligi bor gap! Chunki ijodkor sifatida mening dardimga e’tibor qilmagan o‘quvchini men ham pisand qilmas edim. Men go‘yo boshqa o‘quvchining yo‘llariga ko‘z tikkandim. Dardimning suvratini o‘zimga ma’qul shakllarda qog‘ozga tushirishning o‘zi men uchun o‘sha kezlar yetarli bo‘lgan. Albatta, akam Oybek va uning menga, hayot tarzimga, dunyoqarashimga bo‘lgan ta’sirini hech bir boshqa ta’sir bilan tenglashtira olmayman. U mendan hamma taraflama oldinda yurardi: jisman, aqlan, ma’nan… Hatto himmatu saxovat, sabru bardoshda ham unga teng keladigan kishi kam topilardi, nazdimda. Shu bois akam men uchun chinakam ma’noda hayotdagi o‘rnak, namuna bo‘lgan. Men akam Oybekning imkonlariga hamisha pastdan tepaga havas bilan qarab kelganman. Peshona yozig‘i ekan – umri qisqa bo‘ldi, butun siru asrorini o‘zi bilan olib ketdi…

Universitetdagi ustozlarimni ham mehr bilan esga olaman: adabiyotshunoslardan G‘ulom Karimov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Umarali Normatov, Abdug‘afur Rasulov, Begali Qosimov, Tal’at Solihov, Norboy Xudoyberganov, tilshunoslardan Yoqub G‘ulomov, Ahmad Aliyev, Karim Nazarov, Yormat Tojiyev, Mamlakat Jo‘raboyeva, aruzshunos Anvar Hojiahmedov, turkolog Iristoy Qo‘chqortoyev, folklor mutaxassisi, benazir pedagog Omonulla Madayev kabi muallimlardan ko‘p narsa o‘rgandik. Rahmon Qo‘chqor o‘sha kezlarda juda dovrug‘ qozongan o‘qituvchilardan edi. Professor domlalar darsidan qochib, universitetni kechagina bitirgan yosh o‘qituvchi, ya’ni Rahmon akaning darslariga kirish odatiy hol edi ayrim ixlosmandlar uchun. Chunki aynan o‘sha paytlarda Rahmon aka Katta Adabiyotdan so‘z ochguvchi, Katta Adabiyotdan xabar berguvchi sanoqli muallimlardan biri edi. Tal’at Solihovni taniganimizdan keyin ana o‘sha Katta Adabiyotning botindagi asroridan o‘zimiz kutmagan tarafdan voqif bo‘la boshlagandik. Boshqacha ifodada, Rahmon Qo‘chqor bizga Katta Adabiyot muzeyi­dan bir talay eksponatlarni olib kelib ko‘rsatgan bo‘lsa, Tal’at Solihov muzeyni auditoriyaga ko‘chirib qo‘ya qolish bilan qanoatlanmay, har bir eksponat “ichini yorib” namoyish etgan edi. Mana shuning o‘zida ularning (bizning avlod uchun) buyuk xizmatlari mujassam bo‘lgan. Endi Katta Adabiyot mamlakati sari sayohatga kelsak, bu ishni har kimning o‘zi amalga oshirmog‘i lozim. Undan ham nari ketganlarning o‘zlari esa Katta Adabiyot yaratishadi, deb bilaman.

Asarlarimga kelsak, ularning orasida ko‘nglim to‘lgani ham, aksinchasi ham bor. To‘l­ma­ganlari, asosan, sayqal bilan bog‘liq. Chunki jiddiy va katta hajmli asar yozuvchi hayotining talay bir qismining mahsuli, shu qismdagi kechinma, dard, o‘y-fikrlarining qaymog‘i o‘laroq qog‘ozga tushadi. Xuddi shunday paytda ijodkor o‘z dardini, birinchidan, yozib olishi, ikkinchidan, unga (asar ruhidan chiqib ketmasdan burun) jilo berishga ulgurishi kerakka o‘xshaydi. Chunki keyinroq u asarda aks etgan kayfiyat doirasidan tashqariga chiqib ketadi va o‘zga bir asar ruhiga kira boshlaydi. Bunday damda u avvalgi asar kayfiyatiga qaytib, uni tahrir qilishga ruhan mo­yil bo‘lmaydi. Vaqt topib, irodasini to‘plab, qayta ishlaganda (tahrir qilganda) esa, ba’zan asarini buzib qo‘yishi mumkin. Aytadilar-ku, “qosh qo‘yaman deb…” Qat’iy nazar, “Yolg‘izlik”, “Sabo va Samandar” kabi asarlarimni qayta ko‘rib chiqib nashr qildim, “Isyon va itoat”ni ham nashrga tayyorlab qo‘yganman. Endi navbat “Muvozanat”ga yetdi.

Bu yil tuproq bahosiga tushgan bug‘doy, ehtiyojga qarab, kelasi yil oltin bahosida sotilishi mumkin, deydi Rumiy hazratlari. Adabiyotning o‘rni va ahamiyati ham taxminan shunaqa. Umuman, hayotimizdagi moddiy va ma’naviy – hamma narsaning bahosi goh tushib, goh ko‘tarilib turadi. Ammo yodda tutmog‘imiz kerakki, bug‘doy yo adabiyot o‘z-o‘zicha qadr topib yo qadrini yo‘qotib qolmaydi, uni qadrli yo qadrsiz qiladigan kuch, bu – insonning, jamiyatning ularga bo‘lgan munosabati, ehtiyoji.

Turib-turib atrofimdagi odamlarga, hatto bu­tun olamga qarata: “Adabiyotsiz qanday yashash mumkin?!” deb hayqirgim keladi. Ba’zan bu istagimni yaqinroqdagi ayrimlarga aytaman ham. Ular in­dashmaydi-yu, g‘alati qilib qarab qo‘yishadi. Ammo shu qarashlari ichiga javobni joylab ulgurishgan bo‘lishadi: “Ko‘zlaringni kattaroq ochsang-chi, tentak, hozir adabiyot bilan yashab bo‘larkanmi?!..”. Bilasizmi, ana shu atrofdagilar borib-borib insoniyatning jamiga aylanmasaydi, degan hadik goh-goh bag‘rimga tushib, uni o‘tdek kuydiradi. Boshqa tomondan esa, adabiyotning yorug‘ kelajagiga umidim ham borligini aytib o‘tay: “Umidim ulki, umidingga yetgil” deydi hazrat Navoiy.

Adabiyot odamlardagi va jamiyatlardagi turli xil ruhiy xastaliklarni o‘ziga shimib olib, ularni davolaydi, degan gap ham bor. Bu gapning sharhiga kirishmayman. Chunki uning ma’nosi shunchalar teranlardaki, unga har kimning o‘zi yetib bormasa, qo‘lidan tutib olib borish amri mahol. Umuman olganda, dunyoning shunday haqiqatlari borki, ularga faqat ishora qilinadi. Ishoradan anglagan angladi, anglamaganga hech qachon, hech qanday sharh yordam bermagan, bermaydi!

Jahon tarixiga e’tibor bersangiz, adabiyot gullab-yashnagan davrlarda mamlakatlar ham kamol topgan. Tarixchilar buni aks tomondan tushuntirishadi va to‘g‘ri qilishadi. Ya’ni, avvalo, mamlakat siyosiy-iqtisodiy tomondan rivoj topadi, shuning negizida madaniyat, san’at va adabiyot ilgarilab ketadi, deyishadi ular. Oriy rost. Ammo sira unutmaslik lozimki, san’atu adabiyotning ravnaqi u yoki bu yurtning siyosiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan chindan ham rivoj topib-topmaganligining bir barometri, ko‘rsatgichidir. Navoiyni olaylik. Bu adabiy hodisa temuriylar asos solgan qudratli imperiya negizida paydo bo‘lmadimi! Ko‘zi oyog‘ining ostidan narini ko‘rolmaydiganlar “Navoiy Temurdan qancha keyin, ustiga ustak, Boyqaro hukmronlik qilgan mamlakatda yashadi, nima aloqasi bor?” deyishi mumkin. Bir qarashda to‘g‘ridek, ammo teranroq nazar tashlasak, Navoiyga o‘sha jur’atni kim va nima berdi? Temur va u asos solgan imperiyani tushunish, his qilish emasmi? Navoiygacha turkiy til harb tiligina deb bilinar, bu tilda nafis adabiyot yaratish mutlaqo mumkin emas, deyilardi. Vaqti-soati kelib esa, aynan Temur va temuriylar qudrati Navoiydek zotga dunyoga boshqacha nigoh – yuksaklardan turib qarash imkonini tuhfa etmadimi?.. Yo‘qsa, Navoiydan oldin, badiiy dahosi Navoiynikidan aslo kam bo‘lmagan, asli turkiy bo‘lgan Mavlono Rumiy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, keyinroq Abdulqodir Bedilga o‘xshagan qancha ulug‘ zotlar yashab o‘tmadi, deysiz. Nega ular o‘zlarining asosiy merosini forsiyda bitib qoldirishdi? Nega ular Navoiy uddalagan ishga azmu qaror ko‘rsatishmadi? Nima, ularda Navoiy o‘yi va jasorati yo‘qmidi? Yoki daholik kuchlari Navoiynikidan kam bo‘lganmi?.. Aslo va aslo! Navoiyning o‘zi Rumiyni “Buyuklikning ko‘z ilg‘amas cho‘qqisi” deb ta’riflaydi. Xo‘sh, u holda nima uchun Navoiygacha hech kim bu ishga Navoiy darajasida ahamiyat bermadi?.. Gap shundaki, Navoiy dahosi Temur va temuriylar yaratib bergan qudratli imperiyada hukm surgan davr kayfiyati bilan uchrashib-topishib-chiqishib qoldi! Shuning uchun ham tarix bizga Navoiyni, uning badiiy dahosini tortiq qildi! Qiyos uchun rus adabiyoti tarixiga nazar solsak, XVIII asrdan e’tiboran Rossiya qudratli davlatga aylana boshladi: dunyoga boshqa ko‘z bilan boqib, so‘zini o‘tkazishga kirishdi, sarhadlarini kengaytirdi va h.k. Shu ko‘tarilishning millat ruhiyatidagi in’ikosi sifatida Pushkin, Lermontov, keyinroq, Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexovlardek jahon miqyosida tan olingan ijodkorlar yetishib chiqdi.

Endi masalaning boshqa tomoniga e’tiboringizni jalb etmoqchiman. Xo‘sh, Navoiy bo‘lmaganda nima bo‘lardi? Unda Temur yaratgan imperiya tarixiy bir tasodif o‘laroq talqin qilinarmidi? Ana, Chingizxonni oling. To‘g‘ri, u ham Sharqdan G‘arbga cho‘zilgan yirik imperiya bunyod etdi. Lekin qani mazkur imperiya negizida paydo bo‘lgan madaniyat, san’at va adabiyot? Qani Chingizxonning “Navoiy”si?.. Temur xalq irodasi yuksalishining, asosan, siyosiy-harbiy va iqtisodiy jabhadagi namoyishi bo‘lsa, Navoiy xuddi shu xalq irodasining ruhoniy-badiiy ko‘tarilishi in’ikosi bo‘lib tarix maydoniga chiqdi. Ya’ni xalqimiz Navoiy dahosi bilan Temur dahosining, tasodifiy emasligini, aksincha, u ham aqliy, ham ma’naviy-ruhoniy jihatdan markazlashgan ulkan davlat yaratish darajasiga yetgan ilg‘or millat ekanligini shu tarzda isbot qildi. Bas, shunday ekan, dunyoda adabiyotu san’ati rivoj topmay turib, hech bir mamlakatning “biz shunday ulug‘mizki, biz unday qutlug‘mizki!..” deya olamga jar solishga ma’naviy huquqi yo‘q. Chinakam ma’noda yuksalgan millatning adabiyotu san’ati ham shunga yarasha baland bo‘ladi, bo‘lishi shart!

Bugungi o‘zbek adabiyoti g‘oyat rang-barang bir tarzda o‘zini namoyon etmoqda. Rang-baranglik – ijod erkinligidan dalolat. Ijod erkinligi va adabiyotdagi yo‘nalishlar xilma-xilligi, shubhasiz, adabiyotimizning ham, millatimizning ham yutug‘i. Ammo bu borada erishilganlar bilan kifoyalanib, yutuqlarga mahliyo bo‘lish yaramaydi. Endigi vazifa – adabiyotimizni dunyo arenasiga olib chiqish. “Jahon adabiyoti” jurnali orqali dunyo adabiyotini ma’naviy olamimizga olib kirdik, juda soz! Endi xuddi shunga o‘xshash bir tadbir ila o‘zbek adabiyotini ham keng va turfa olamga olib chiqmog‘imiz kerak. Bu borada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tarjima kengashida bir talay xayrli ishlar amalga oshirildi, oshirilmoqda. Lekin yana yangi-yangi yo‘llarni qidirib topishdan sira charchamasligimiz – davr taqozosi! Hammasidan oldin esa, dunyo ahamiyatiga molik asarlar yozish kerak bo‘ladi. Adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan shuncha e’tibor qatorida, nazarimda, nufuzi juda baland sanaladigan yillik adabiy mukofot ta’sis etilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Bu mukofot eng sara, eng yangi, adabiyotimiz va millatimiz tarixida “Yangi so‘z!” maqomida baholangulik badiiy durdona asarlarga berilmog‘i shart! Ya’ni mukofotning qadri u ravo ko‘rilgan asarning darajasi bilan belgilansin. Aksi taqdirda, mukofotning obro‘si qolmaydi…

 Darhaqiqat, mulohazalarim so‘nggida bir gapni aytib o‘tsam. Bilasizmi, “Yoshlik” jurnaliga mening bir qarzim bor. Bo‘lganda ham uncha-muncha emas, umrga tatigulik. Faqat vaqtlar o‘tgan sayin qarzdorlik hissi minnatdorchilik va mehr-muhabbat tuyg‘ulariga aylanib ketgan. Bu tuyg‘u, mana, yigirma olti yildirki, men bilan hamnafas. Agar jurnalxonlarimizni zeriktirib qo‘ymagan bo‘lsam, keling, shu haqda batafsil so‘zlab bersam…

Bu voqea o‘tgan asrning so‘nggi choragida, aniqrog‘i, 1987 yilda Ukrainaning Belaya Serkov shahri, “Kiyev harbiy okrugi”ga qarashli gornizonlarning birida bo‘lib o‘tgandi. Yoshim naq 19 da, tomirlarda qon emas, go‘yo olov oqadi. Yursam, oyog‘imdan qanot chiqib vujudimni osmonlarga uchirib yuborgudek bir palla! Yana deng, xizmatdan ozod bo‘lib, uyga – jonajon O‘zbekistonimizga jo‘nab ketishga sanoqli oylar qolgan, taqvimga tikilib, vaqtning hisobini olib yurgan kezlarim. Ana shunday kunlarning birida xizmat maqomi bo‘yicha oddiy askar, ya’ni men, ukrainalik daroz serjant yigit (omon bo‘lgurning familiyasi Xivrich edi) bilan hozirgi tushunchamga ko‘ra arzimas bir masala ustida gap talashib qoldik-da, birpasda jo‘jaxo‘rozlardek olishib ketsak bo‘ladimi… Yoshlik-da yoshlik…

Aksiga olib o‘sha kuni “Kiyev harbiy okrugi” general-polkovnigi yonimizdagi katta maydonda gornizon qo‘shinini ko‘rikdan o‘tkazayotgan ekan. Kimning ishi bu? – bilmadim, ammo “jo‘jaxo‘roz”lar o‘rtasidagi kelishmovchilik, kimsan – o‘sha general janoblarining muborak quloqlariga yetibdi, qarang! Xullas, ko‘p o‘tmay meni o‘sha maydonga, generalning qoshiga olib borishdi.

– Kak familiya, soldat?

Aytdim.

– Otkuda rodom?

– Iz Uzbekistana.

– Skolko slujit ostalos?

– Neskolko mesyasev…

– Net, soldat! Tы yeщyo dolgo slujit budesh. Kak minimum 3 goda, – dedi u gulduragan bas ovoz bilan.

Mening ichim muzlab, shoshib qolgan tilim g‘o‘l­diradi:

– Izvinite menya, pojaluysta, tovariщ general-polkovnik, bolshe ne povtoritsya, – dedim yolborgan ohangda. – Ya sam ne znayu kak eto sluchilos…

– Skoro uznayesh i poymesh vse v ispravitelnoy kolonii. Ponyal? Kak tы posmel udarit serjanta – vыshestoyaщego po zvaniyu, tebe tam vse obyasnyat. Tak chto idi, pozovi komandira rotы!

Men endi tamoman esankirab qolayozgandim. “Nahotki!.. Nahotki, birinchi bo‘lib qo‘l ko‘targan kishiga javob qaytarganim uchun meni qamab yuboraverishsa?!”, – deya dahshatga tushdim. Axir, bu bor-yo‘g‘i ikkita bo‘z yigitchaning oddiy bir to‘qnashuvi-ku!..

– Krugom! – buyruq berdi baland va jahldor ovozda general.

– Poymite menya pravilno, on sam pervыm nachal, a ya otvetil… – vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldim o‘zimcha, ammo bu bilan uning g‘azabini battar qo‘zg‘ab qo‘ygan ekanman.

– Tы tak otvetil, chto bednyaga chut ne ugodil v bolnitsu! Vot takoy, tvoy otvet, da?!..

– Proщu prostit menya…

– Krugom!

Men noiloj qoldim va chest berdim-da, ortga burildim.

– Za komandirom sha-go-o-om marsh!

 Men karaxt holda to‘g‘riga qarab odim ota boshladim va… shu on ortimdan yana “Stoy!” degan buyruqni eshitdimu, yuragim hapqirib taqa-taq to‘xtadim.

– Krugom!

Men tag‘in generalga yuzlanib qoldim.

– Chto u tebya v sapoge? – so‘radi u kutilmagan qiziqish bilan.

– Jurnal… – dedim yangi bir ayb ustida qo‘lga tushgandek ikki karra bo‘shashib.

– A nu-ka, day-ka syuda.

Men etigim qo‘njiga ikki buklab tiqib qo‘yganim jurnalni chiqarib berdim. General jurnal yuzini to‘g‘rilab, o‘qish uchun yon tomonga burdi. (Chunki jurnal ismi vertikaliga yozilgandi-da). “Yeshlik” deb o‘qidi u “yo” harfini “e”ga aylantirib. (O‘zim nima holdaman-u, o‘sha lahzada kulgim qistaganiga o‘laymi…)

– Uzbekskiy jurnal, da? – so‘radi u mendan.

– Tak tochno! – dedim ovozim arang chiqib.

– Kak perevoditsya etot tvoy “Yeshlik”?

– Yunost, – javob berdim men.

(…Oh, Yaratgan Egam! Mening qutulishim shu birgina so‘zga bog‘liq bo‘lib turgan ekan-ku!

General ko‘zini jurnaldan uzib, uzoqlarga qa­dadi. Birpasdan so‘ng esa eshitilar-eshitilmas qilib “Ax, yunost, yunost!..” dedi o‘ziga o‘zi va chuqur-chuqur xo‘rsindi. Men indamay kutdim… uzoq kutdim… Bir mahal general hushini to‘plab olib menga boqdiyu, “Ladno, soldat, ya tebya proщayu. Idi k svoim, idi…” dedi negadir endi ma’yus ohangda. Uning besh daqiqa burungi momoqaldiroqdek guldiragan ovozidan asar ham qolmagandi, ajab…

Olis yoshlik chog‘im – o‘n to‘qqizimda men o‘shanda nima voqea sodir bo‘lganini, gapning sirasi, yolchitib tushungan emasman. Chunki u paytda “general birdaniga shashtidan tushdiyu, men tayin balodan bebiliska qutulib qoldim”, deb bilganman. Voqeaning mag‘zini esa, mana endi, chinakamiga chaqayapman, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki birgina “Yunost”, ya’ni “Yoshlik” degan so‘z hayotning achchiq-chuchugini ancha-muncha totib qo‘ygan generalni ajab emaski, o‘z yoshligi sari yetaklab ketgan va uni bir muddat o‘sha ajib lahzalarda kezdirgan bo‘lsa! Va u xayolan yonginasidagi plats – askarlar saf tortib turgan harbiy maydondan o‘sha olis yoshlik chog‘lariga xayolan safar qilgan, shunda o‘zining ham gohida qiziqqonlik qilib, hozirgi “jo‘jaxo‘rozlar” kabi yoqalashib yurgan kezlarini ko‘rganu, bunday “gap”lar yoshlar uchun, yoshlik uchun nafas olishdek tabiiy ekanligini anglagan, nainki anglagan, balki yurak-yurakdan his qilgan, inchunin, meni jazolashga emas, kechirishga ehtiyoj tuygan bo‘lsa, ne ajab!..

Men bugun o‘sha olis voqeani shunday tushunaman va tushuntiraman. Uning o‘zga talqini yo‘qdek men uchun… bugun!..

Voqean, kamina, oradan 25-26 yil o‘tgach, “Yoshlik” jurnali, bu jurnalga yarashig‘liq nom bo‘lib tushgan “yoshlik” so‘zining mazmun-mohiyati yoshligimda meni ana shunday begona va achchiq qismatdan xalos etgan hamda bugungi taqdirimga qarab odim otishimga o‘z hissasini qo‘shgan ekan, degim keladi. Va “Shundan ke­yin ham so‘zning, muborak kalomning qudratini pisand qilmay ko‘rgin-chi!..” deb qo‘yaman o‘zimga o‘zim.

 

Ulug‘bek HAMDAM 1968 yilda tug‘ilgan. “Muvozanat”, “Isyon va itoat”, “Sabo va Samandar” kabi romanlari, “Uzoqdagi Dilnura” qissa va hikoyalar to‘plami o‘zbek tilida, “Bunt i smireniye”, “Zabыtaya melodiya naya” singari nasriy asarlari rus tilida chop etilgan. “Tangriga eltuvchi isyon”, “Atirgul” va “Seni kutdim” she’riy to‘plamlari, “Badiiy tafakkur tadriji”, “Yangilanish ehtiyoji”, “Yangi o‘zbek she’riyati” nomli monografiyalari nashr etilgan. J.Rumiyning “Ichindagi ichindadir”, O.Turonning “Turkiy xalqlar mafkurasi tarixi” nomli asarlarini tarjima qilgan.

 

 

“Yoshlik” 2013/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.