Otash tilab bo‘lgaymi oydan?

0
134
marta ko‘rilgan.

TOJMAHAL QOSHIDAGI

                 O‘YLAR

Dunyodagi yetti yoqut-la’l

Mo‘jizaning biri – Tojmahal.

Bo‘lmas edi bu noyob gavhar

Mirzo Bobur bo‘lmasa agar.

Ey tabiat, mansur zotlarga

Bo‘lasanmi shuncha toshbag‘ir.

Ozroq  umr bersang ularga

Gado bo‘lib qolmasding, axir.

Hayot bo‘lsa, bundan mo‘tabar

Mo‘jizalar yaratardi  u.

Shonimizni oy, yulduz qadar,

Quyosh qadar taratardi  u.

 

 

            TASODIF

Dunyo to‘la emish tasodiflarga,

Tasodif dunyoga hukmron emish.

Sirli kuch bor emish tasodiflarda,

Ular goh to‘fonmish, goh bo‘ron emish.

 

Boshingni silasa bir kun ertalab,

Tarvuzday yorarmish ikkinchi kuni.

Bo‘lmagani kabi suyub, erkalab,

Aslo jazolab ham bo‘lmasmish uni.

Donishmand dermishki, yo‘qdir tasodif,

Qutlug‘ haqiqat bor  yagona, bekam.

Aslini olganda har bir tasodif

Achchiq haqiqatning mevasi ekan.

 

   

                   TESKARI

Yoshlikda vulqondek shiddat bor, biroq

Noyob tajriba yo‘q keksalikka xos.

Qarichilik esa shiddatdan yiroq

Uning bor davlati tajriba, xolos.

 

Yoshlikdagi g‘ayrat, shijoat, shiddat

Qarigan chog‘da ham bo‘lsaydi agar…

Hazrati inson, deb atalmish  xilqat

Balki,  bo‘lar  edi yana  mukammal.

 

Ammo hayot bunga bermayin  imkon,

Ustimizdan  yayrab  kulaverarkan.

Kuch ketib, belimiz shovshagan  zamon

Tajriba tirjayib kelaverarkan.

 

             

                 TAGOR

Tushar bo‘lsang Hind sori yo‘lga,

Tojmahalni qilgach ziyorat.

Ta’zim qilib hazrat Bedilga,

Salom bergin Tagorga albat.

 

U — o‘lkaning  zotu kabiri –

“Ramayana” – fidoiysidir.

Hind xalqining Mirzo  Boburi,

Mir Alisher Navoiysidir.

 

“Maxabxorat” kabi avliyo,

Ganga kabi suyugidir  u.

Jamna kabi muqaddas dunyo ,

Buyuklarning buyugidir  u.

 

Hind sorig‘a tushsa yo‘llaring

Izzatini  qo‘ygin  joyiga.

Qalbingdagi oppoq gullarni

Ekib  qo‘ygin aziz poyiga.

 

 

             ILTIMOS

Otash tilab bo‘lgaymi oydan,

Quyoshdan qor so‘rab bo‘lgaymi?

Cho‘p so‘rasang ochofat boydan,

Yotib kular, hatto, g‘o‘r daydi.

 

Ishing tushsa  ingranar  baxil,

Tirnalganday qonli  yarasi.

Yarolmasa  koringga sof dil –

Eziladi jigar-porasi.

 

O‘ylab qilgil  iltimosni ham,

Buzilmasin o‘lchov,  me’yori.

U kimnidir qilmasin mulzam,

Yo  yetmasin kimga ozori.

 

 

                SABAB

Ignaning ishini  qilolmas xanjar,

Xanjarga kirmaydi ignaning nishi.

Qanchalar serjilo bo‘lsa ham gavhar,

Oddiy temirtakka o‘tmaydi tishi.

 

Ba’zilar  gavharni temirga qarab,

Ignani xanjarga qarab tiqadi.

Tushunmovchiliklar,  janjalni qayrab,

Qonli to‘polon ham  shundan chiqadi.

 

                * * *

To‘mtoq  oybolta bilan

Yorolmaysan to‘nkani.

O‘tmas poytesha bilan

Yog‘ochni yo‘nolmaysan.

Qush bo‘lsang ham tumanda

Parvoz qilish be’mani,

Ko‘zlagan manzilingga

Hech qachon  qo‘nolmaysan.

 

 

          ODDIY HIKMAT

Bilsang yo‘lning baland-pastini,

Umid yorug‘ chiroq bo‘larkan.

Odamzotning bilsang aslini

Sendan janjal  yiroq bo‘larkan..

Bu  hikmatni bilmasang, ammo

O‘zingga ko‘p  yomon  bo‘larkan.

Lekin uni anglaguncha  to

Umring yonib, tamom bo‘larkan.

 

     

           BOLALARIMIZ

Erkalab  to‘ymaymiz,

Suyub to‘ymaymiz.

Navnihol g‘unchayu, lolaligida.

Boshga ko‘taramiz,

Yerga qo‘ymaymiz,

Aziz bolamizni bolaligida.

Ulg‘aygandan keyin qushlarday uchib

Ketadi. Yangicha hayot boshlanar.

Endi bu qushlarni boshqalar quchib,

Suyub erkalaydi,  endi boshqalar.

 

 

            TO‘RTLIKLAR

Hayot bozor  edi  bizlargacha ham,

Bizdan so‘ng ham shunday qolaveradi.

Bozorda savdomiz tamom bo‘lgan dam,

Mozorlar bag‘riga olaveradi.

 

                         * * *

Tavallo qilsa ham,  cheksa ham  fig‘on

Ishonma, do‘st bo‘lib  qolmaydi baxil.

Yuz marta po‘stini tashlagan  ilon

Ipakka aylanib qolmaydi, axir!

   

                      * * *

Agarki, kimgadir qilsang yaxshilik

O‘sha nafasdayoq esingdan chiqar.

Ammo, kimlardandir ko‘rsang yaxshilik

Unutma eng so‘nggi  damingga qadar.

 

 

AJIN

– Oltmishdan oshsa ham peshonasida

Bir tola ajin yo‘q, chiziq yo‘q, qoyil.

– Ishlamagan boshning peshonasiga,

Hatto, ajinlar ham bo‘lmaydi noyil.

 

 

IMON

Bitta chumoliga yetkazmay ozor,

Bitta kapalakka berolsa yordam.

Demakki, bu zotda hali vijdon bor,

Demakki, bu zotning imoni bardam.

 

 

KUYAMAN

Sodda bolalarga muhabbatim mo‘l,

Faqat, g‘o‘rligidan afsus tuyaman.

Oltmishdan oshsa ham bola kabi  go‘l

Zotlarni ko‘rganda  yonib,  kuyaman.

 

 

ARMON

Odam zoti borki, kuygay armondan,

Armon goh raqibdir, gohida dastyor.

Asli, armonsizman, degan sultondan,

Armonim  mo‘l, degan gado baxtiyor.

 

               

ILTIMOS

Cho‘ldan marjon qidirmas g‘avvos,

Ko‘lga  bug‘doy sepmaydi dehqon.

Imkonsizdan qilsang iltimos,

Bajarolmas hech  vaqt, hech qachon.

MAG‘RUR MALAKKA

Tovuslarning xiromi,

Xiromlaringga quldir.

Raftoring qarshisida

To‘lin oy – so‘lg‘in guldir.

Burgut bo‘lib uchmoqqa

Orzumand kapalakdek,

Sevgim ham sendek mag‘rur

Malak uchun bir puldir.

 

 

BIR GUL EMASMAN

 

Yaxshiyamki, bir gul emasman:

Bozorlarda sotar edilar.

Bir haftayam avaylamasdan

Qayoqlarga otar edilar.

Alamzada oshiqlar dilxun

Qasdlashardi, bu – gul, demasdan.

Changga botib yotardim bugun.

Yaxshiyamki, bir gul emasman.

 

 

          QIZG‘ALDOQ

Qizg‘aldoqqa kelar havasim,

U bamisli bir hovuch olov.

Tegib ketsa  xiyol  nafasing

Alangaga aylanar lov-lov.

 

Qizg‘aldoqqa kelar havasim,

Lekin unday yashagim kelmas –

Tegib  ketsa  xiyol  nafasing

Yaproqlari to‘kilar  besas.

 

Yaydoq tana titranar dir-dir

Chaqmoq urgan butaday mazlum.

Achinaman, lekin, baribir

Qizg‘aldoqqa kelar havasim.

 

Abdusaid KO‘ChIMOV Taniqli adib va shoir, publitsist va tarjimon. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist. U 1951 yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil olgan. “Kashfiyotchi bolalar” “Halqa”, “Qiyofa”, “Mening yulduzim”, “Umid daraxtlari”, ”Chanoq”, ”Ikki bahor”  “Baland tog‘lar” kabi qator nazmiy va nasriy kitoblar muallifi.

 

“Yoshlik” 2013/9

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.