(Hikoya)
Qişloqqa, singlimnikiga borişim kerak. Maşina izlab bekatga çiqdim. Eski “Jiguli” turibdi. Haydovçini tanidim. Narzilla degan yigit. Ozğin yuz, kalta möylov qöygan. Yoşi,çamasi, qirq beşlarda. Yuziga taram-taram çiziqlar tuşgan. Tajang feʼlidanmi… Uç-tört bor maşinasiga ötirganman. Bir qarasang, rulni siqimlaganiça, mum tişlaganday indamaydi. Bir qarasang, oçilib-soçilib gaplaşadi. Ğalati yigit. Lekin köngli toza. Yöl haqigayam talaşmaydi. Berganingni olib, rahmat aytib ketaveradi.
Narzilla meni tanib, maşinadan çiqdi.
– Keling aka, – dedi. – Qişloqqami?
– Böşmisiz?
– Ha-da! – U kabinaga ötirib, yonidagi eşikni oçdi. – Ançadan beri qoqqan qoziqdek turibman. Mijoz yöq.
Men maşinaga ötirdim. Narzilla maşinani öt oldirdi. Bilak tomirlari börtib turgan qölini rulga urib qöydi:
– Ketdik-da!
“Jiguli” joyidan qözğaldi. Peşonasiga tuşgan bir tutam “öjar” soç, yölga tikilgan çaqmoqdek közlar, egnidagi yengi kalta qizil katak köylak çapaniça köriniş berib tursa-da, maşinani qonun-qoidasi bilan haydaydi. Biz mahallani kesib ötadigan tor köçaga burildik. Yölning çap tarafida munkaygan qariya sekin-asta ketib borardi. Ozğin. Böyni bukçaygan. U juda sekin, bosaymi-bosmaymi, deb himo bilan yurardi. Yetay deganimizda Narzilla maşina signalini bir bosdi. Çol çöçib qaradi. “Jiguli” tor köçadan sekin borardi. Çolning sovuq, nursiz kök közlari biz tomonga tikildi. Men uni tanidim. Bu, Bozorvoy aka. Şu mahallaning qariyasi. Köpçilik undan özini olib qoçadi. “Ğiybatçi”, “tili bilan yuradi”, “qarib quyulmagan”, degan yorliqlari bor. “Qariganda şu köyga tuşmasin-da, odam”, deb qöydim özimça.
– He, onangni…, haliyam öşa-öşa yuriş-a! – Narzilla yomon sökindi.
Men uning bunday sökinganini eşitmagandim. Indamay, unga qaradim. “Qariçilikdir, aynib qolgandir, deymiz bunday paytda. Keksa odamni sökiş…”. Narzilla xayolimdan ötgan gapni payqagandek:
– Aka, uzr, sökinib yubordim, – dedi. – Lokin, bu iplosni körsam portlab ketaman.
Uning ovozi titrab çiqdi. Çuqur-çuqur nafas oldi. Qizil katak köylagining çöntagidan bitta sigaret çiqardi.
– Çeksam maylimi?
– Bemalol.
Sigaretini tutatib, kabina oynasini oçdi. Bosib-bosib tamaki tortdi.
– Aka, bu maraz bir ayolning hayotini buzgan! Meni işdan ketkazdi, nomimni bulğadi.. Umrimda birovning xotiniga köz qisgan yigitmasman. Tepamda Xudo turibdi. Bu!.. Mana şu qildi hammasini!
Biz tuman markazidan çiqa boşlagandik. Kabina oynasidan yengil şabada kirdi. Narzillani öz holiga qöydim. Sigaret tutunini oçiq oyna tomonga puflab, yölga tikilganiça borardi. Köça tarafiga terak ekilgan uylar boşlandi. Biroz yurgaç, dala yöliga çiqdik. Ikki tomon tutköçat. Ortida, ğözasi belga urib qolgan paxta dalalari. Zovur köprigidan ötdik. Tepaga kötarilganimizda Narzilla yana tilga kirdi. Yigirma yillar avval boşidan ötgan voqeani sözlay boşladi.
* * *
– U paytda yigirma beşda edim, – dedi öz-özidan mamnun bölib. – Öylaysizki, men har doim şöpir bölganmanmi?.. Yöq. Savdo sohasiga öqiganman. Diplomim bor. Avval yordamçi, keyin sotuvçi böldim. Bizniki aralaş mollar dökoni edi. Halol işladim. Işonmaysiz-a? Börini oğzi yesayam, yemasayam qonda, a? Ammo-lekin hamma birdekmas, aka. Otam, halol böl, Xudo barakangni beradi, deb nasihat qilardilar. Işga kirganimning uçinçi yilida zavmagimiz Hojiakbar aka idoraga işga ötdi. Örniga meni qoldirdi. Uyam insofli odam edi. Tarozidan urmasdik. Qolgan uşoğiyam xarajatlarga yetib-ortardi. Planni doim oşirib bajarganmiz. Oylik, şunga qarab yaxşi çiqardi. Dökon özimga qoldi. Qattiq harakat qildim. Eplab ketdim.
Idorada yomon gap eşitmadim. Hisobotni Nozima degan hisobçiga topşirardim. Nozima bilan yoşimiz teng. Bir-birimizni ismimiz bilan çaqiramiz. Har kelganimda bitta plitka şokoladmi, tansiq çoymi olib kelaman. Xudoga şukur, könglim özimga töğri. Bizda, ayol bilan döstmiz, desang boşqaça tuşunişadi. U haqida yomon xayolga bormaganman. Aqlli, şirinsöz edi. Xotinim ham şunday bölsaydi, degan öy kelgan xayolimga. Ammo-lekin bu bir havas-da, yaxşi maʼnoda. Uning ikki farzandi bor. Eri işçi edi. Boya aytdim-ku, könglimda ziğirçayam egrilik yöq mani. Uylanganman. Xotinimni yaxşi köraman. Öğilçamiz emaklab qoldi. Taşviş yöğidi, aka. Öşa yaramas köp kördi hammasini. Bozorvoy idoramizda bölim boşliği edi.
Narzillaning şundan keyingi hikoyasi bexosdan kelgan dahşatli zilziladek aqlu huşimni oldi. Odamga yomonlik qiliş oson ekan-da? Yo tavba! Bir oğiz gap-a?! Lekin, uni botinib aytişga qora yurak kerak. Kömirdek qop-qora yurak!
– Bir kuni idoraga kelsam, Nozima örnida yöq, – yölga tikilganiça davom etdi Narzilla.– Xonadagi qizlar ğalati qaraşdi. Keyinroq kelarman, deb taşqariga çiqdim. Lotok-ariqdan sakrab ötayotgandim. Yelkamga birovning qöli kelib tuşdi. Kuçsiz qöl urgandek, çimçilagandek böldi. Orqamga ögirilib, dahşatdan haykaldek qotib qoldim! Tizzam qaltiradi, tomoğim qaqradi. Yuragim orqaga tortib, kalovlandim. Oq nuqtalari bor belburma qizil köylakli ayol hissiz közlari bilan tikilib turardi. Labi şişib, dördayib qolgan. Közlarining atrofi, qovoqlari kökargan. Yonoqlaridagi qontalaş jarohatlar uni rosa döpposlaşganidan dalolat berib turardi. Xudo ursin agar, şu paytda bu yoqimsiz başarani tanimadim. Ilkis xayolimga içib yuradiganlardanmi, degan öy keldi. Şu payt ayolning közlarida bir maʼno paydo böldi. Bu qaraş taniş, juda taniş, qadrdon edi! Beğam, jaydari yuragim qalqib ketdi! Tanidim. Bu Nozima edi! U taʼna, ğazab bilan qarab turardi.
– Narzilla! Erkakmisiz?! – dedi u özinikiga özşamagan ğalati ovozda.
“Erkakmisiz?!”. Bu, men umrim böyi eşitgan haqoratlar, sökişlar içida eng aççiği! Yigitlik ğururimni çilparçin qilib yerga uradigan söz edi. Beixtiyor titradim, qaqşadim. Qöllarim öz-özidan muşt bölib tugildi.
– Nozi-ma?! – dedim tişimni ğijirlatib.
Özimning ovozimni taniyolmay qoldim. Qattiq qimtilgan lablarimdan ilonnikiga öxşaş vişillagan ovoz çiqdi… Tuşuntirib berolmayman… “Erkakmisiz?!” degan haqoratli söz meni qaynab turgan suvdek köpirtirib yuborgandi. Ikkinçi tomondan, Nozimaning ayançli körinişi, ahvoli yuragimni larzaga keltirdi. Bu öşa, men bilgan Nozimami?! Uni kim bu ahvolga soldi?
– Nima gap? – deyoldim angraygança.
– Nima gapligini Bozorvoy akadan sörang! Nimalar degandingiz unga?!
Nozima ikki qölini yuziga bosib uvillab yiğlab yubordi. Men hamon nima gapligiga tuşunolmay aftodahol turardim. Nimadir, qandaydir nihoyatda yomon voqea yuz bergandi. Unga iltijoli tikildim:
– Tuşuntirib gapiring, Nozima?!
– Kimga, nima degansiz men haqimda?
– Heç kimga, heç nima…, – dovdirab qoldim.
– Unda… Bozorvoy aka nega…
Nozima öksib-öksib yiğlay boşladi. Men unga açinib ketdim. Yuragimda vahima paydo böldi.
– Nima, Bozorvoy aka? – dedim xunobim oşib.
– Erimga… bizni öynaşlar, debdi!
Men Nozima çekkan jabrning mohiyatini tuşuna boşladim. Buning sababçisi Bozorvoy aka. Yana öşa! Idoramizda neçta odamni zir titratgan bu yaramas.
Men yoş bölsam ham mana şularni muşohada qila olardim. Aka, oradan şunça yillar ötdi hamki, öşa kunni eslasam badanimga titroq kiradi.
U jim böldi. Men bu yigitning hikoyasiga içu taşim bilan şönğib ketgandim. Voqea nima bilan tugaşiga şu darajada qiziqardimki, Narzillaning taqdiri mening ham taqdirimga aylandi göyo. U esa, qayta junbuşga kelgan hissiyotlarini bosib olmoqçidek biroz tin oldi. “Şörlik Nozima! Şu kunlar peşonasiga yozilganmi? – xayol surayotgandek piçirladi u. – Eri bir oğiz gapga işondimi? Öynaşmiş! Axir, Nozimadek pokiza ayol haqida bunday xayolga borişning özi gunoh-ku?! Yolğonga işontiriş şunçalar osonmi? Ğirt yolğon, tuhmat-ku bu?!”
– Men Nozimani ovutiş uçun söz topolmasdim, – ovozini balandlatib davom etdi Narzilla.– Nima ham derdim? Hammasini töğrilayman, deymi? Lekin, qanday qilib? Eri bu tuhmatga işongani aniq. Bölmasa, xotinini şu ahvolga solib döpposlarmidi? Balki…tuşuntira olarman… Baribir, könglida şubha-gumon bor. Ajraşib ketişsa-ya?! Yöq. U eri bilan ajraşmasligi kerak! Örtada ikki bola bor. Uvoli tutmaydimi, anavi iflosni! Nimani öyladi? Nega bunday qildi? Nima qasdi bor menda? Özimga aytmaydimi?!
Miyam qotib qolgandi. Nozimani şu yerda qoldirdim-da, qaytib idoraga kirdim. Közimga heç narsa körinmasdi. Yölakda uçragan tanişlargayam qaramadim. Menga Bozorvoy kerak edi. Yaramas, şilliqqurt!
Şu ahvolda xona eşigiga qöl yubordim. U tördagi stol ortida bezrayib ötirardi. Eşikni oçganimda kök közlarini menga qadab oldi. Içimdagi gapni öqib olmoqçidek kiprik qoqmay tikildi. Men yoş edim. Nimagadir, biroz böşaşdim.
– Ha, – dedi u buni payqab, – öynaşingni himoya qilgani keldingmi?
Men nima deyişimni bilolmay qoldim. Botiniy ğazab, alamimni taşimga çiqarolmay qiynaldim. Nozimani, özimni qanday qilib oqlab olişim mumkin? Buni bilmasdim. Yöl topolmay qiynaldim. Kuçli bir bomba portlagan-u, quloqlarim bitgan. Quloqlarimgina emas, miyam ham qotib qolgandi. Nima qilişim, nima deyişim kerakligini bilmasdim. Aqldan ğazab ustun kelganda şunday böladi. Bu yaramasning qilmişi heç bir qolipga siğmasdi. Közimdan olov çiqsa-yu, uni yondirib-kuydirib jizğanagini çiqarsa!
– Ilonga öxşab öqrayma, – dedi.
Men qarşimda eng yovuz duşmanimni köra boşlagandim:
– Sen ilonsan! – dedim içkariga bir qadam bosib.
U örnidan sapçib turdi:
– Yöqol! – dedi eşikni körsatib.
– Yöqolaman!
Eşikni zarb bilan urib çiqib ketdim. Lekin oldinda meni katta şarmandalik kutardi. Öylab köring: birovning xotiniga, erlik ayolga köz olaytirişdan ortiq şarmandalik, tubanlik böladimi?! Bunday gunohga qöl urgandan köra eng baland toğdan qulab parça-parça bölganing yaxşi emasmi?! Özganing jufti haloliga qiyo boqqandan köra özingni köpirib yotgan dengizga otib, nafs olovini öçirganing, suv ostidagi tubsizlik sendek nomardga qabr bölgani ming bora afzal-ku?!
Taşqarida qiy-çuv ovozlar eşitildi. Çiqqanimda, ne köz bilan körayki, Nozimani eri soçidan uşlab urardi! Bir yigit bilan bir qiz qiçqirgança ularni ajratişga urinişmoqda. Menda göyo qanot paydo böldi. Özimni öşa tomonga otdim:
– Töxta! Yolğon hammasi! – dedim ğazabdan vahşiyga aylanib ketgan yigitga.
U Nozimani qöyib yuborib, men tomonga ögirildi:
– Hali senmi, xotinim bilan öynaşadigan errayim?! – deb ökirganiça otildi.
Yuzimga zarb bilan tuşgan muştdan köz oldimda çaqmoq çaqnadi! Közimni yumib oldim. Oçganimda, qonga tölgan vahşiy nigoh ğajib taşlagudek nafrat bilan tikilib turardi. Bolalikda muştlaşib katta bölganmiz. Men ham öz-özidan unga taşlandim. Qanday kalla tuşirganimni bilmay qoldim. U qörğoşinli qöğirçoqdek qalqib ketdi. Lekin, yiqilmadi. Bir-birimizni yoqamizdan olib yerga dumaladik. Uning alami kuçli edi. Jon-jahdi bilan muşt tuşirardi. Men ğofil ham undan qolişmadim. Yuz-közimiz qonga belandi! Köylaklarimiz pora-pora böldi! Atrofda yiğilgan izdihom tomoşabin edi. Bir-ikki yigit bizni ajratişga urinardi.
Kimdir xabar qilibdi, militsiya maşinasi yetib keldi. Ikkalamizniyam olib ketişdi. Piyonistalarni terib yuradigan maşinaning temir qutisida ötirib, ança özimni bosib oldim. Nozimaning eri şu yerdayam bir-ikki taşlandi. Formadagi yigitlar ajratib qöyişdi.
Içki işlar bölimida obdon suriştirişdi. Idoramizga ham kirib çiqişgan ekan. Men bor gapni aytdim. Lekin Nozima bilan örtamizda heç gap yöqligiga odamlarni işontirib bölmasdi. Yaramas Bozorvoyning ğiybatlari ustun keldi. Jinoyat işi oçişmadi. Arz qiluvçi yöq edi-da. Nozimaning eri mum tişlagandek jim bölib oldi. Uni qöyib yuborişdi. Menga ön beş sutka berişdi.
Köça supurib, ul-bul işlarni qilib yuraverdim. Dilgirligim ança bosilgandek edi. Faqat beçora Nozimani öylab siqilaman. “Nima böldi ekan? – degan öy tegirmon toşidek ezadi. – Eri haqiqatni tuşundimi? Ahmoqqa öxşamaydi. Sörab-suriştirgandir, axir!”. Begunoh ayolning kaltakdan şişib ketgan yuzi köz oldimga kelsa, ingrab yuboraman…
Oradan uç kun ötdi. Oldimga Hojiakbar aka keldi. Öşa, özimning ustozim! Endi u idoramizda rais örinbosari edi. Körinişi xotirjam. Qaraşlaridan ğazab ham, taʼna ham sezmadim.
– Şu iş bölmagan-a? – dedi tikilib turib.
– Yöq, – dedim boşimni çayqab.
– Menga qara, – dedi Hojiakbar aka. – Senga işonaman.
Unga tikilib qoldim. Közimga fariştadek körindi. “Işonaman”, dedi-ya! Bu, men alam-iztiroblar içida yaşagan sönggi kunlarda eşitgan birinçi iliq söz edi! Haqiqat yuzaga çiqqandek entikdim. Içim tölib ketdi. Ikki kaftimni yuzimga bosib, unsiz yiğlab yubordim. Yelkam silkinib-silkinib tuşardi. Közlarimdan tinmay yoş oqadi. Buning yana bir sababi bor. Sizga aytmabman. Meni qamaşganining ertasiga xotinim uyiga ketib qolgandi. Buni ovqat olib kelgan onam aytdilar. Hatto onamning ham menga işonib-işonmayotgani sezilib turardi… Özingiz öylab köring: butun dunyo menga qarşi. Nima qilişim kerak? Nozimani, özimni qanday oqlab olay? Tuhmat toşni yoradi, deyişgan-ku. Bu tuhmat osuda kunlarimni mumdek eritib yubordi. Ana şu qoronğilikda bir şuʼla körindi. Bu Hojiakbar akaning “işonaman”, degan sözi edi!
– Bozorvoyning hisobotlaridan Nozima bir neça marta kamçilik topgandi, – dedi ustoz. – Mana, oqibati. U orqadan piçoq uradiganlardan. Sen ham jabrlanding.
Hojiakbar akaning oğir-bosiq ohangda aytgan gaplari meni titratib yubordi. Bu Bozorvoyning öçi ekan-da?! Voy, ablah-yey! Gap buyoqda ekan-ku?! Şuni aytsang, söksang, işdan böşatib yuborsang bölmasmidi?! Bir pokiza ayolning nomini bulğading. Uyini buzding! Men-çi, men?! Axir meniyam xotinim ketib qoldi-ku! Nomim xotinbozga çiqdi!
– Dökondan xavotir olma, – dedi Hojiakbar aka.– Yordamçing eplayapti. Özim qarab turibman.
Şu paytda meni bir söroq qiynardi: Nozimaga nima böldi? Uning boşiga tuşgan ğavğolarda qay bir maʼnoda özimni aybdor hisoblardim. Aybsiz aybdor edim men! Uning alam bilan “Erkakmisiz?!”, degani quloğim ostida sovuq jaranglab turardi. Nahotki, u hamma gapni mendan çiqqan deb öyladi? Töğri, şunday yigitlar bor. Birorta ayol yaxşi muomala qilsa, meni yoqtirib qoldi, deya lof uradi. Men unday nomardlardan emasman-ku? Yuragimni tirnayotgan bu söroqqa ham Hojiakbar akaning özi javob berdi:
– Nozima, sen kimgadir… öşanaqa gap qilgansan, deb öylagan ekan. Bunaqa gap çiqmadi. Hammasi oydinlaşdi. Nozimaning eri işxonaga kelib turardi. Unga Bozorvoy şipşitgan ekan öşa gapni.
Ilon ekan bu Bozorvoy! Uning zahari ötkir edi. Şunça odamni qaqşatdi. “Suv balosi, öt balosi, tuhmat balosidan asrasin”, deya duo qilardilar buvim. Bu gapning maʼnosiga öşanda tuşundim…
* * *
Maşina dala yölidan örtaça tezlikda borardi. Narzilla yölga tikiladi. Ötgan gaplarni eslab, bir yondi-da, sekin öçdi göyo. Yanayam kim bilsin. Sirtdan sokindir u. Inson bunday zarbani unutoladimi? Hamon yuragi ezilayotgandir? Axir, men, Nozima bilan Narzillaga butunlay begona bir odam, qançalar taʼsirlandim! Özimdagi ularning keyingi taqdirlarini biliş istagini yengolmadim:
– Siz işdan böşab ketdingiz. Şundaymi?
– Ha.
– Nozima-çi?
– Nozimani Hojiakbar aka işda olib qoldi. Lekin, eri bilan ajraşdi.
– Eri haqiqatni bilmabdimi?
– Hammasini tuşungandir balki… El oğziga elak tutib bölmaydi. Gap-söz örmalab ketgandi. Qayta yaraşmadi… Köngli bölmagandir… Aslida, ungayam jabr böldi. Men xotinim bilan yaraşib ketdim. Uning oilasi parokanda böldi. Ikki bola sarson…
– Keyinçalik Nozima bilan gaplaşdingizmi?
– Yöq. Köçada körib qolsam beriroqdan ötib ketaman. Şunisi maʼqul. Hozir Bozorvoyning örnida işlayapti. Şunday deb eşitdim.
– U-çi? – beixtiyor savol berdim.
– Unga nima? Bundaylarni jin ham urmaydi. Pensiyaga çiqqan. Haliyam öşa-öşa yuriş… Kördingiz-ku…
* * *
Maşina jildirab suv oqayotgan ariq böyidagi oddiy qişloq uyida töxtadi. Hovli darvozasi oçiq edi.
– Yetib keldik,– dedi Narzilla. Signalni bir bosib qöydi.
Köçadan hovlidagi kişmiş uzumlar osilib turgan söri körindi. Söri ostidagi supadan boşiga oq römol taşlagan ayol turdi. Meni tanib, römolini töğirlay-töğirlay darvoza tomonga yugurdi.
– Aka! – dedi singlim yelkamdan quçib. – Otam örniga otam!
Uning közidan mehr yoşlari oqardi. Şu payt darvozadan devdek yigit bilan böy yetgan nozikkina qiz birin-ketin çiqib kelişdi. Ular ham “toğajon”lab yelkamga osilişdi.
Men mehr oğuşida qolgandim. Maşinaning qisqa signalidan özimga keldim. Narzilla qaytib ketayotgandi.
Abdujalol RAHIMOV – 1953-yilda Toşkent viloyatining Çinoz tumanida tavallud topgan. ToşDUning (hozirgi ÖzMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Lomakon” nomli kitobi naşr etilgan.
“Yoşlik” jurnali 2014-yil, 8-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


