Yozavergan yozuvchi bo‘ladimi?*

0
40
marta ko‘rilgan.

Ijod siri, sehri va mashaqqatlari haqida

Keyingi o‘n yillar mobaynida moddiy va ma’naviy boylik ishlab chiqarishning deyarli barcha sohalarida dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlik, oshna-og‘aynigarchilik kabi illatlar avj olib, ijtimoiy-madaniy taraqqiyotga jiddiy putur yetkazmoqda. Mana shu illatlarga barham berib, hayotda halollik, adolat, haqiqat tantana­sini ta’minlash uchun mavjud vaziyatni tubdan o‘zgartirib, keskin burilish yasalishi, taraqqiyot jadallashtirilishi lozim, aks holda ko‘zlangan natijalarni qo‘lga kiritib bo‘lmaydi.

Shu ma’noda, so‘z san’ati rivojida ham katta o‘zgarish qilishga, badiiy ijodning o‘ziga xos qo­nuniyatlariga muvofiq taraqqiyot yo‘lini tanlashga ehtiyoj mavjud. Buni hammamiz bilamiz, biroq amalda juda ko‘p o‘rtamiyona yozuvchilarni zo‘r iste’dod egasi deb e’lon qilib yuboryapmiz. Zaif asarlarni ijobiy baholashga odatlanib qolganmiz, g‘oyaviylik haqida og‘iz ko‘pirtirib so‘zlab, badiiylik, mahorat masalalarini e’tibordan chetda qoldirishga o‘rganganmiz. Ayniqsa, g‘oyaviylikni jo‘n tushunib, yuzaki, biryoqlama talqin qilish avj oldi. Aytaylik, muayyan bir asarda yaxshi odam mehnat qilib baxt topadi, yomon odam mehnatdan qochadi, degan fikr ifoda etilsa bas – bunday asarni g‘oyaviy jihatdan yetuk asar deb bong urdik va hali ham shu yo‘sinda mulohaza yuri­tishni davom ettirmoqdamiz. Holbuki, hammaga ma’lum, to‘g‘ri fikrning o‘zi bilan barkamol asar yaratish mumkin emas. Jo‘n asarlarni ko‘kka ko‘tarib maqtash esa dahshatli zarar yetkazadi. Birinchidan, o‘quvchilarning didini o‘tmaslashtiradi, ularning saviyasini pasaytiradi, ong-tafakkurini zaharlaydi, so‘z san’ati haqidagi tasavvurini buzadi. Ikkinchidan, yozuvchilik unchalik murakkab ish emas, har qanday shaxs badiiy ijod bilan shug‘ullanaverishi mumkin, degan fikrni keltirib chiqaradi.

Bu fikrning noto‘g‘riligini anglatish uchun qu­yidagilarni eslatish foydalidir. Aytaylik, 20-yillarda juda ko‘p qalamkashlar nasriy asarlar yozdi, lekin ulardan faqat Abdulla Qodiriy chinakam realistik ijod yulduzidek porlab, adabiyotimiz osmonini yoritdi. U milliy romanchiligimiz asoschisi bo‘lib maydonga chiqdi, o‘zining haqqoniy to‘laqonli asarlari bilan xalqimiz mehr-muhabbatini qozondi. 30–60-yillarda nasrda shug‘ullangan qalamkashlar soni yanada ortdi, roman, qissa, hikoya bituvchilar safi mustahkamlandi, ammo ulardan Abdulla Qahhor, Oybek o‘zbek prozasi­ning faxriga aylandi, so‘z san’ati tarixida chuqur iz qoldirdi. 50-yillarning boshida nasrga kirib kelganlardan Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirov o‘zlarida chinakam iste’dod mavjudligini namo­yon qilib, respublikamizdagina emas, balki Butunittifoqda e’tibor qozongan romannavis darajasiga ko‘tarildilar. 60–80-yillarda nasrnavislar soni ikki yuzdan ortib ketdi. Men Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinib, rasmiy ravishda yozuvchi deb e’tirof etilgan qalamkashlarnigina nazarda tutyapman. Ulardan ko‘p deganda o‘n-o‘n besh nafari salmoq­li asarlar yozib, o‘zlarining kelgusida san’atkor yozuvchi darajasiga ko‘tarilishini ko‘rsatmoqda. Vaqt sinoviga yana nechtasi dosh beradi? Qay birlari kashfiyotlar yaratib, ijodiy yetuklikni zabt etadi, qay birlari ora yo‘lda qolib ketadi? Nima uchun shunday – adabiyotga havasmandlar soni hamisha ortib boraveradi-yu, ma’lum vaqt o‘tib faqat ikki-uchtasigina uning zil-zambil yukini yelkada ko‘tarib ketish sharafiga erishadi?

Ko‘pchilik havaskor yoshlar so‘z san’atining sir-u sehri, mashaqqatlarini to‘la ang­lamagan holda asar yozishga kirishadilar, o‘zlarida iste’dod bor-yo‘qligini aniqlamasdan ijodkor degan nomga da’vogarlik qiladilar, oqibatda g‘oyaviy-badiiy jihatdan g‘o‘r asarlar kamayish o‘rniga ko‘payib ketaveradi.

1985-yilda “Yosh gvardiya” nashriyoti boshlovchi yozuv­chilarning nasriy asarlaridan iborat “Chashma” degan to‘plamni chop etdi. To‘plam “Chinnigul” hikoyasi bilan ochiladi: “Zuhra o‘g‘ilchasini ko‘rgisi keldi. Kecha “emizishga beramiz” deyishgandi. Haligacha olib kirishmadi”. Shundan keyin voqeaning tug‘uruqxonada ro‘y bergani, ko‘zi yorigan ayolga chinnigul taqdim etilgani ma’lum bo‘ladi. Xo‘sh, bu voqeaning nimasi ibratli? U qanday salmoqli g‘oyani yoritib, qanday xarakterning gavdala­nishiga xizmat qiladi?

Zuhra Komil degan yigitga turmushga chiqib, o‘n uch yilgacha farzand ko‘rmaydi, so‘ng er uyni butunlay tark etib, boshqasiga uylanadi, xotin ham qaytadan oila quradi, natijada har ikkalasi farzandli bo‘ladi, sobiq er xursandchiligini izhor qilib, sobiq xotiniga gul beradi…

Deylik, Komil oriyatsiz, g‘urursiz yigit bo‘lsa, bu voqeaning hayotda ham ro‘y berishi mumkinligiga ishonsa bo‘ladi. Lekin uni hozirgi holatida asar shaklida bayon qilish orqali kimga qanday saboq beramiz?

Endi “Quduq” deb nomlangan ikkinchi hikoya­ni ko‘rib chiqaylik. Unda ay­tilishicha, qishloqda faqat bitta quduq bor ekan, butun qishloq shu quduqdan suv icharkan, quduq esa Mustafoqul degan odamnikida, sobiq raisnikida ekan, ammo u birdaniga Chori changal degan odamga qudug‘idan suv oldirmay qo‘yibdi. Nimaga? Chunki Mustafoqul Chori changalnikiga sovchilikka kelib, qizini o‘g‘liga so‘rabdi va rad javobini olibdi, oqibatda qudug‘ini berkitib qo‘yibdi. Chori changal Mustafoqul poyiga bosh urib yalinmabdi, yetti o‘g‘il bilan juda qiynalib quduq qazishibdi, so‘ngra qazo qilibdi: “Shundan keyin har kuni yetti o‘g‘lon yonida Zufarjon (qizning sevgilisi – N. X.) sakkizin­chisi bo‘lib, ta’ziyaga keluvchilarni kutib olar, quduqdan suv tashib, kelgan-ketganning qo‘liga quyar edi”.

Bu voqea bizga nima yangilik beradi? O‘quv­chini yetaklaydigan qanday sehr-u joziba bor unda?

Har bir asar (u she’rmi, romanmi, dramami – bundan qat’i nazar) qudratli va muqaddas manbaga aylansa, so‘z san’atining ajralmas tarkibiy qismini tashkil etadi, ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatadi. Aks holda, yozuvchining barcha izlanish-intilishlari zoye ketadi, hech kimga hech qanday naf keltirmaydi.

Fikrimizning isboti tariqasida “Yanga” hamda “So‘nggi yo‘l” hikoyalarini ko‘zdan kechiraylik. Birinchi hikoyada Ro‘zimurod degan yigitning Xoni­moy degan qizni sevib qolgani, biroq urush boshlanib, frontga ketgani, jangda halok bo‘lgani, Xonimoy esa uni kuta-kuta qiynalgani, so‘ngra majburan erga berilgani qalamga olinadi. Ikkinchi hikoyada Erkina degan qizning o‘g‘il boladay kiyi­nib yurgani, to‘riq otga mehr qo‘ygani, nihoyat, oti o‘lib qolib motam tutgani haqida so‘z yuritiladi. Bu ikki hikoyadagi voqealar oldin tilga olingan ikki hikoya syujetidek hayotda ro‘y bergandir ehtimol, ammo ularni qog‘ozga tushirish uchun yozuvchi o‘zida juda zo‘r g‘oyaviy-badiiy ehtiyoj sezganmi? Shu ehtiyojga ko‘ra hayot haqiqatini mavjud murakkabliklari bilan yoritib, davr va zamon ruhini jonli, tirik inson xarakterida ifodalab bera olganmi? Afsuski, yo‘q. Qolaversa, bu to‘rt hikoyada juda kam deganda to‘rtta xarakter, to‘rtta yangi obraz kashf etilishi zarur emasmidi?! Bir asarda, hech bo‘lmaganda bitta yangi odam yaratilmasa, qo‘lga qalam olishdan, yozuvchilikni da’vo qilishdan murod nima?!

Buning sabablarini aniqlash uchun quyidagi parchani birgalashib o‘qib chiqaylik: “Ro‘zimurod – Mirza Chavandozning o‘rtancha o‘g‘li. Yoshligida chapaniligi, o‘pkasi kattaroqligi uchun otasi otini ko‘pam unga ishonavermasdi. O‘zi otdan yiqilib, mayib bo‘lib qolgandan so‘ng, noiloj to‘riqning jilovini Ro‘zimurodning qo‘liga topshirdi. U ikki yilgacha o‘z qishlog‘idagi ko‘pkarilarga qatnashmadi… Ko‘pkarining rosa hadisini olgan notanish qishloqlarda ot surdi” …Shu tariqa Ro‘zimurodning xislatlari, xatti-harakatlari amalga oshirgan ishlari so‘zlab beriladi; uning qanday holatda yashab, qanday faoliyat ko‘rsatgani xususidagi bayonnomaga duch kelamiz. Oqibatda Ro‘zimurodning chapaniligi, katta og‘izligi, uning chavandozlik ilmini qanday egallagani, bu borada qan­day natijalarga erishgani ko‘z o‘ngimizda gavdalanmaydi.

Mana bu parcha “So‘nggi yo‘l”dan: “Erkina otini quchoq­lab yig‘lar, boshidan, oyoqla­ridan ko‘tarib, turg‘izmoqqa harakat qilardi. To‘riqning olayib borayotgan ko‘zlari unga tikilgan edi. “Ey, navqiron chavandozim, ko‘pam jon kuydiraverma! Endi hech narsa­ning foydasi yo‘q. Tug‘ilgandan buyon tik turgan oyoqlar o‘z vazifasini ado etib bo‘ldi. Tabiat qonuni oldida bo‘ysunmoqdan boshqa iloj qolmadi. Sendan ming roziman! Qo‘y, o‘zingni qiynama! Ko‘zyoshlaring bilan usiz ham o‘rtanib borayotgan yuragimni o‘rtayapsan…”

Qarang yosh qahramon yig‘layapti, qiynalyapti, azob chekyapti, biroq men kitobxon sifatida uning dard-u hasratidan larzaga tushmayapman, sevimli do‘sti – oti bilan vidolashayotgandagi holatlarini hayotning o‘zidagidek his qilmayapman, sezma­yapman. Jon berayotgan otning “tabiat qonuni”ga tan berib, hayotdan bemalol ko‘z yumayotganini ham tasavvur qilolmadim, otning “so‘zlari, mulohazalari” tabiiy jaranglamaydi. Shunday bo‘lgach, ular yuragimizni jizillatarmidi?! Erkina­ning qiz bola tarzidagi o‘ziga xos qiyofasi, holati, xatti-harakatlari ham namoyon bo‘lmaydi; uni tirik inson, qiz bola sifatida ko‘rmaymiz, his qilmaymiz.

Badiiy asar konkret, yorqin, ta’sirchan, haqqoniy tasvirdan boshlanib, davom ettirilib, nihoyalanishi zarurki, so‘z san’atining dastlabki, lekin azaliy, oddiy va muhim talabi shundan iboratdir. Afsuski, ko‘pincha, shu talabga rioya qilinmaydi.

“Aks sado”, “Urushning bir tuni”, “Xayrlashuv”, “Maktub”, “O‘tovsiz yurt”, “Ko‘ngil” kabi hikoyalarda ham har xil sohadagi odamlarning orzu-o‘ylari, xatti-harakatlari, umuman, oiladagi, ishlab chiqarishdagi faoliyati xususida so‘zlanadi. “Mo‘minjonning boshi qotdi. Dadasi hayotligida hecham bunday ahvolga tushmagandi, tushganida ham rahmatlik bilintirmasdi. Qarang-a, dadasi yedirdi, kiy­gizdi, aspiranturada o‘qitdi, zoriqtirmadi” (“Aks sado”). “Bola barini birda­niga eslay olmadi. Avval bolaligi yo­diga tushdi. Poygada o‘zib, tengdoshlari o‘rtasida e’tibor qozondi. Keyin maktabga borganini esladi. Dadasi bilan qo‘l ushlashib, maktab­ga bordi. Maktab eshigi oldida ularni kulimsiragan yoshgina bir o‘qituvchi kutib oldi” (“Urushning bir tuni”). “Xayrlashuv kechasida kursdoshlar – Husniyaning yotog‘ida yig‘ilishdi. O‘yin-kulgi avjida, grammafonda plastinka qo‘yishib, kursdoshlar ertangi safar oldidan yayrashardilar. Chindan ham institut bamisoli kaptarxona: biri keladi, boshqasi ketadi” (“Xayrlashuv”). Diqqat qiling: uch hikoyadan olingan uch parchada ham qahramonlar unday qildi, bunday qildi, uni o‘yladi, buni o‘yladi, unday ishlar qildi, bunday faoliyat ko‘rsatdi, deb ta’kidlanadi, xolos. Bu ta’kidlar qanchalik chin, haqqoniy bo‘lmasin, baribir yoshlar, qiz-yigitlar, er-xotinlar­ning qiyofasini jonlantirib berishga ojiz.

To‘g‘ri, o‘n uch hikoyaning birortasida g‘oyaviy jihatdan saktalik ko‘rinmaydi. Ularda ibratli, foydali mulohazalar o‘rtaga tashlanadi, qahramonlari goh be­vosita, goh bilvosita har xil yo‘llar bilan o‘quvchilarni yaxshilikka da’vat etadilar. Biroq g‘oyaviylik degani faqat shunday xislatlar yig‘indisidan iborat, xolosmi? Yo‘q. To‘plamdagi hikoyalar emas, balki o‘nlab, yuzlab har xil shakl-u janrda bitilgan asarlardagi g‘oyaviylikni shu tariqa belgilashga o‘rganib qolganmiz. G‘oyaviylikni jo‘n talqin etib, ko‘pincha badiiylikni e’tibordan soqit etamiz. Oqibatda so‘z san’ati, badiiy ijod sehr-u sirdan xoli bo‘lgan o‘ta oddiy, jo‘n hodisaga aylanadi-qoladi. Shunday bo‘lgach, yozuv­chi bo‘lishga hamma­ning qurbi yetadi, muayyan voqea-hodisalarni, ayrim kishilar tarjimai holini, ishdagi, uydagi faoliyatiga doir voqealarni proza yoki poeziya shaklida ifodalasa, bas – shuning o‘zi yetarli, degan noto‘g‘ri xulosa kelib chiqadi. Tabiiyki, bunday xulosa badiiy ijodning nazariyasidan emas, balki amaliyotdan, hozirgi ba’zi yozuvchilar­ning faoliyatidan chiqib kelayotir.

Yana misollarga murojaat etamiz. “Sahrodagi odam” hikoyasi qahramoni o‘zi haqida shunday deydi: “Asli cho‘pon o‘g‘liman. Suruv ketidan yurib, katta bo‘lganman. Harbiydan qaytgach, cho‘lga bordim, qishloqda qoldim. Agarda ota kasbini qilib yurganimda yomon bo‘lmasdi. E… qayerlarda kimlar bilan ishlamadim. Tayyorlov idorasida, paxta punktida tarozibonlik qildim, do‘konga, magazinga mudir bo‘ldim. Nazarimda, puldan aziz narsa bo‘lmagan. Eng aqlli, eng zo‘r odam puldor bo‘ladi, degan fikrga borib qolibman… Pul, aroq, shoshirdi, uka. Xotinni ikkita qildim… Salkam o‘n yilni, umrimning qaymog‘ini shunday mast-alast o‘tkazdim… Qamashmadi. Lekin qamalgandan ham battar bo‘ldim… Ancha bekor yurdim… Keyin to‘g‘ri raykomga – dadangizning oldilariga bordim…”

Qahramonning o‘zi haqidagi aytgan tafsilotlarni biroz qisqartirdim, negaki, uning hikoyasi shu zaylda davom etib, avval ikkinchi xotini ketib qolgani, so‘ngra birinchi xotinining, bolalarining oldiga borgani, izza bo‘lgani, hatto bo‘kirib yig‘lagani to‘g‘risida so‘zlanadi. Asl muddao shunga borib taqaladiki, u dastlab ahmoq, qabih, jinoyatchi, xiyonatkor bo‘lgan-u, cho‘lga borib ishlagandan keyin hamma “kasallar”dan forig‘ bo‘lib, mehnat qahramoniga – yaxshi odamga aylangan…

“Bola yig‘isi” deb nomlangan hikoyaning boshida muayyan hodisani ko‘rsatishga intilish mavjud: “Yigit devordagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Birozdan so‘ng ichkaridan qadam tovushi eshitiladi. Keyin darvoza zulfini sharaqlatib tushirildi-da, pijama kiyib olgan, tepakal, qo‘y ko‘zlari javdirab turgan bir kishi ko‘rindi”.

Endi devordagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan yigit va uni kutib olish uchun peshvoz chiqqan pijamali odamning kimligini bilib olamiz, ularning qiyofasi, qaddi-qomati, xarakteri, xatti-harakatlari bilan tanishamiz, pirovardida bizga qandaydir muhim ma’naviy-ijtimoiy saboq beriladi, deb o‘ylaymiz, ammo bu niyatimizga yetmaymiz. Negaki, hikoya qahramonlari haqida quyidagilarnigina o‘qiymiz: “Zokir o‘z tashvishlari bilan qanchalik band bo‘lmasin, qisqa fursat ichida er-xotinning bir-biriga muomalasidan, holati va kayfiyatidan anchagina narsalarni anglab oldi. Bu xonadonda jimlik hukmron edi”. Ya’ni bola yig‘isi eshitilmasdi. Negaki, uy bekasi hali yoshman, husnim buziladi deb farzand ko‘rishdan voz kechgan, er esa bunga ko‘ngan, hademay ko‘p vaqt shu taxlitda o‘tadi, anchadan “bolasiz uy – mozor” degan naqlning to‘g‘riligi tasdiqlanadi…

Hikoyada aytilmoqchi bo‘lgan bor-yo‘q gap shu. Bordiyu bu gapni ijtimoiy-ma’naviy taraqqi­yotning dolzarb, o‘tkir, chigal muammolariga tabiiy ravishda bog‘lab, “yedirib”, o‘z qiyofasi, xarakteri bilan gavdalantirilgan tirik odamlarning haqqoniy obrazlari orqali ifodalansa edi, balki u qudratli g‘oyaviy-badiiy mazmunni keltirib chiqarardi. Hozirgi holida esa bunga erishilmagan.

Mana, o‘n besh hikoyani tekshirib chiqdik, ularning ba’zilariga ko‘proq to‘xtaldik, ba’zilarga bir nigoh tashladik, lekin, afsuski, birorta tirik qahramonni uchratmadik, yuraklarni to‘lqinlantirib, butun vujudimizda, ong-u tafakkurimizda mahkam muhrlanib qoladigan asarni o‘qimadik. Bu o‘n besh hikoyadan beshtasi Sharofat Ashurovaga, sak­kiztasi Chorshanbi Boybo‘sinovga, ikkitasi Abdurazzoq Qo‘shshayevga tegishli. Uch oblastning uch vakili – biri matematik, ikkinchisi ham maktabda o‘qituvchi, uchinchisi bilim tarqatuvchi, ma’rifatparvar – bunga hech bir e’tirozimiz yo‘q. Biroq shuni ishonch bilan uqtirib o‘tishim shartki, ular­ning ijodiy harakati baraka keltirmagan, ijodiy yutuqlarga olib bormagan. Negaki, Sharofat Ashurova, Chorshanbi Boybo‘si­nov hamda Abdurazzoq Qo‘shshayev yozgan hikoyalar juda ko‘pchilik tengdoshlarining hikoyalari kabi faqat shakliga muvofiq nasriy asarga o‘xshaydi, mohiyat e’tibori bilan esa noyob va nodir iste’doddan mahrum, yangi obraz­lar, yangi qahramonlar kashf etilmagan.

“Chashma” to‘plamiga kiritilgan Nurxon Raimova, Bahrom Yunusov, Farhod Yo‘lchiyev hikoyalarida ham shunday holni uchratamiz. Ular muayyan bir voqeani qisqacha bayon etib, qahramonlarning yaxshi yoki yomon xususiyatlarini ta’riflash bilan cheklanadi-da, o‘sha yigit-qizlar, katta-yu kichik, yosh-u qari odamlarning tirik inson sifatidagi qiyofalarini, xatti-harakatlarini muhim g‘oyaviy badiiy maqsadga suyab teran ochib bermaydi.

Yo‘q, men qahramonlarning tarjimai holi, oiladagi, ishdagi faoliyati batafsil yoritilsin, ular­ning o‘y-orzulari, kechinmalari, barcha harakatlari ipidan ignasigacha bayon etilsin, deb talab qilmayman. Chunki gap hikoyada tirik inson, jonli, hayotiy obraz yaratish haqida ketyapti. Shunga ko‘ra, qahramonlarning izlanish-intilishlari, muomala-munosabatlari shunday qisqa, lo‘nda shaklda ifodalanishi kerakki, ularning qiyofalarini o‘quv­chilar ortiqcha izohlarsiz hayotning o‘zidagidek aniq ko‘ra olsin, his qila bilsin!

Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” va “Anor” hiko­yalarini eslang.

Har ikkala asar hajm jihatidan juda qisqa, ularni bir necha lahzada bemalol o‘qib chiqasiz. Qahramonlarning xatti-harakatlari batafsil tasvirlanmaydi, ularning qanday muhitda yashab, mehnat qilayotgani to‘g‘risida ko‘p gapirilmaydi. Shunga qaramasdan ho‘kizini yo‘qotib, dahshatli fojiaga yuz tutgan Qobil bobo, boshqorong‘i xotiniga bitta anorni olib berishga qurbi yetmagan Turobjon chekkan azob-uqubatlargina emas, balki ikki odamning bir-birini takrorlamaydigan xarakteri, qiyofasini ko‘rib, bilib, sezib turganday o‘sha vaziyatni biz ham boshimizdan kechiramiz, ularning g‘am-alamlariga sherik bo‘lgimiz keladi.

To‘g‘ri, har bir hikoya “O‘g‘ri” yoki “Anor” singari badiiy kashfiyot darajasiga ko‘tarilsin, degan talab qo‘yish insofdan bo‘lmas, ammo yozuvchilikka da’vogarlik qilgan qalamkash har bir asarida real voqealikning muayyan qirralarini gavdalantirishi u yoki bu xarakterning muhim xususiyatlarini yoritishi ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotga bevosita yoki bavosita bog‘langan salmoqli, dolzarb, chigal muammolarning loaqal bir-ikki jihatini tasvirlab berishi ham farz ham qarzdir, deb hisoblayman.

“Chashma” to‘plamiga kiritilgan olti qalamkashning deyarli barcha hikoyalarida qahramonlar hayotdagi yaxshilik, go‘zallik, halollik, adolat, haqiqat xususida mulohaza yuritib, ijobiy hodi­salarni qo‘llab-quvvatlaydilar, manfur shaxslarni, har xil illatlarni la’natlaydilar, gohida hafsala bilan chizilgan real voqelikning ayrim qirralarini ko‘rganday bo‘lamiz, ammo yangi obrazlar, original xarakterlarni ko‘rmaymiz.

Xo‘sh, endi ular nima qilishi kerak? Yozishni yig‘ishtirib qo‘yib, har biri o‘z kasbini – biri o‘qituv­chilikni, ikkinchisi, jurnalistlikni, boshqalari ham o‘zlarining xizmatlarini davom ettiraversinmi?

Biz bu borada uzil-kesil xulosa chiqarishdan o‘zimizni tiyamiz, bunga haqqimiz yo‘q, lekin ularning oldiga muhim shart, katta talab qo‘yishimiz lozim va zarur: yozing, biroq shunday, yo­zing-ki, har bir asaringizda o‘ziga xos iste’dod uchqunlari, yozuvchilik talantining qudrati sezi­lib tursin, yangi obrazlar, yangi xarakterlar kashf eting, tirik qahramonlarni real, haqqoniy muhitda gavdalantirib, ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotga ta’sir o‘tkazadigan salmoq­li g‘oyalarni ularning orzu-o‘ylariga, kechinmalariga, xatti-harakatlariga tabiiy ravishda singdirib yuboring!

Xullas, kimning yozuv­chi bo‘lish-bo‘lmasligini oldindan bashorat qilib, aniqlash mumkin emas. Ammo bundan, yozavergan yozuvchi bo‘ladi, deb bong urishga ham hech qan­day asos yo‘q. “Chashma”ga kiritilgan ko‘pgina hikoyalar shundan dalolat beradiki, ularning mualliflari “muayyan voqealarni bayon etib, qog‘ozga tushiraveraylik, balki yozuvchi bo‘lib qolarmiz” qabilida ish ko‘rganlar. Ehtimol, ular sidqidildan o‘zlariga ishonib, bizda yozuvchilik iste’dodi bor, deb o‘ylagandirlar. Lekin yaxshi niyatning o‘zi bilangina ijodkor bo‘lib yetishish aslo mumkin emas. Qo‘liga qalam olgan odam: “Badiiy ijod shunday sehrli, sirli, murakkab, chigal dunyoki, bu dunyoda kamida yulduz yoki oy, yoxud quyosh bo‘lib nur sochishim zarur, o‘zimga munosib o‘rin olishim, o‘zimda yaratish, kashf etish qudrati borligini barkamol asarlar yozish orqali ko‘rsatishim kerak, aks holda bu muqaddas dargohni bulg‘ab qo‘yishim, o‘zimga dog‘ tushirishim mumkin”, deb obdan bosh qotirishlari, shu savollarga ijobiy javob topa olsalar, ijodga butun borliqlarini, hayot­larini, umrlarini baxshida etishlari darkor.

Har bir shaxsda shunchalik sir-u jumboqlar bo‘larkanki, ularning mohiyatini idrok etish uchun qanchalar bilim, vaqt, kurash, izlanishlar talab qilinadi. So‘z san’ati “insonshunoslik” ekan, uning qahramonlarida ham real voqelikdagiday o‘ziga xos sir-u sehr, jumboqlar bo‘lishi kerak, buni klassik asarlardagi qahramonlar, chunonchi, Shekspirning Hamleti, Dostoyevskiyning Kara­mazovlari, Mishkini, Tolstoyning Anna Kareninasi, Qodiriyning Otabegi, Kumushi, Zaynabi, Qahhor­ning Saidasi, Qalandarovi, Oybekning Navoiysi va yana o‘nlab haqqoniy, original xarakterlar, tiplar to‘la tasdiqlaydi. Ayni choqda, har bir qahramon faqat o‘ziga xos siru jumboqlardan tarkib topsin, yechilmaydigan krossvordga aylansin, deb da’vo qilayotganimiz yo‘q. Balki asarda tasvirlangan har xil personajlarda, yetakchi, ikkinchi darajali shaxs­larda, bu shaxslar, personajlar harakat qiladigan, yashaydigan sharoit, muhit tasvirida qandaydir sir-u sehr bo‘lishini talab qilmoqdamiz. Yozuvchi bo‘lishga da’vogar qalamkash badiiy ijodning sir-u sehrini bilib idrok etib qolmasdan, har bir asarga o‘sha siru sehrni singdirib yubo­rishi, adolat, haqiqat, baxt-saodat tantanasini ta’minlashga ko‘maklashadigan, davr, zamon ruhini o‘quvchilar vujudiga, ong-u tafakkuriga “payvandlashi” zarur. Bularni hadeb og‘izda e’tirof etishdan kechib endi amalda bunga rioya qiladigan vaqt yetgan! Tezroq amaliyotga o‘tmasak, so‘z san’atida son, miqdor o‘sishi bo‘laveradi-yu, xom, xashaki asarlar had­dan tashqari ko‘payib ketaveradi; yaratish, kashf etish qudratini namoyon qilayotgan chinakam iste’dodlar ham, barkamol ijod namunalari ham keskin kamayadi. Axir, kimki yozuvchi bo‘lishni xohlasa, mayli, yozing, yozavering, deb rag‘batlantiramiz-da, bu himmatimizning nimalarga olib kelishi to‘g‘risida bosh qotirmaymiz. Mayli, yo­zing, yozavering, biroq yozishdan, qo‘lga qalam olishdan oldin jiddiy o‘ylab ko‘ring: sizda yaratish, kashf etish qudrati bormi; ijodning sir-u sehridan xabardormisiz; so‘z san’atining muqaddas qonunlariga amalda rioya qila olasizmi; o‘quvchilarning yuraklarini jizillatib, davr, zamon haqiqatini mavjud murakkabliklari, ziddiyatlari bilan gavdalantiradigan yangi obrazlar, original xarakterlarga “jon” ato etolasizmi; qo‘lga qalam olib, yozishga kirishganingizdan keyingi ijod jarayonidagi mashaqqatlar, qiyinchiliklarni yengib chiqolasizmi, degan savollarni ko‘ndalang qo‘yishimiz va bu savollarga amaliy ish bilan javob qaytarishni talab qilishimiz darkor. Aks holda, yozavergan yozuvchi bo‘ladi, qandaydir qing‘ir yo‘llar bilan nashr ettirilgan zaif asarlar so‘z san’ati mulkiga aylanadi, degan butunlay noto‘g‘ri fikr tug‘iladi. Noto‘g‘ri fikr hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi.

1986-yil, 11-son

*Juziy qisqartirishlar bilan berilmoqda.

 

Norboy Xudoyberganov

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.