24 daqiqada öqiladi

1 196 marta körilgan

Dumli odam

Dumli odam

Hammasi yarim tunda – men ismini tutmay ustoz deb atovçi Mahmud akaning tap tortmay qilgan telefon qönğiroğidan boşlandi. “E-e-e kattabovojon bormisiz, munday bir körinayinam demaysiz, izlayverib içimiz kuyib, soğinçdan içikib ham ketdi-ku”, dedi Mahmud aka.

Bu soğinç “bir hangi hangrar mud­dat”çali­gini bilib tursam ham katta amaldordan bunday lutfni eşitib şirin uyquning beliga tepganiga ham qaramasdan qornimni quvonçga öxşaş nimadir yalab ötdi.

“Bu iş degani tugaydimi? Tugamaydi-da. Tirik jon bor, iş bor. Bu yoqda yangangiz “şu işingizning dastidan, enajonimni körma­ga­nimgayam uç kun bölib ketdiii”, deb yiğlamsi­raydi. Xööş, bilaman, işingiz kö-öp. Asablaringiz ham çarçab ketgan. Şuning uçun Sizni toğlarga biir aylantirib kelay, deb telefon qilayapmiz. Biz uçun vaqt toparsiz endi? Bu yoqda yangangizam “çaqirsangiz şu şogirdingizni çaqi­ring, boşqasi kerakmas”, deb turibdi…

Şu tariqa şaharga quyoş nazar solib ulgurmay biz yölga çiqdik. Maromiga yetmagan uyqu közlarni qisib vujuddan çiqişni istamayotgani uçun çalğiş maqsadida ustozdan kutayotgan mezbon haqida söradim.

– Aaa, – beparvo qöl siltadi Ustoz. – Şu çeçangizding ikkinçi ena­si­ga iyar­chan1 özinimas, avvalgi erining qizi, qisqa qilib aytganda, ögay qaynnani ögay qizi – göyoki bizga boldiz bölgan singlisi bor. Beçora “öqiyman”, deb sovçilarni qaytaraverib ötirib qolgandi. Ikki yil oldin şu tomondan ayoli avarya bölib ölgan bir odamdan sovçi çiqib, xullas, özlari maʼqullaşib bitişgan. Ötgan yili öğilli böldi. Çol hali baquvvat ekan desak, çolmas endi qirq beşga kirgan özimiz bilan nari-beri yigit ekan. (Ustoz ellikga borib-bormagan edi). Özi bordi-keldiyam yöq unça. Bir marta kelişgan biznikiga. Tuzukroq mehmonam bölişmagan. Bir-ikki soat zörğa ötirib ketganov. Yaqinda boja qaynataga qattiq öpka qilibdi. Bu yoqda bu yiğlaydi, deng. Bor-e, toğlik avomlarni bir körsak-köraylik, deb ketib borayapmiz-da siz bilan kattabovojon.

Mening yanayam aniqroq suriştirgim keldi.

– Nima iş qilar ekan bojangiz, bu yoqlar menga aslida toğa yurt.

Ustoz yelka qisdi.

– Jin ursin kasbini. Bugun özi çorvoqqa borib maza qilib dam olaman deb turgandim. Manavu xonim rejani buzdi. Çöponmi, ötinçimi, toştaroşmi bir balodir-da. Nima işimiz bor.

Anavu Soyib Xöjayev aytadi-ku, “eng muhimi, döxtrda ispirt böladi”, deb. Şundayin toğda nima zör? Göşt zör, ayniqsa, şirboz bölsa bormi, uni ustiga tozasidan quysa… Nima bölsayam boja ziqna bölmasin. Yöqsa, qaytişda yangangizni otib qöyişim mumkin. Kimsan katta jurnalist, şoir (şu joyi mubolağa edi), yozuvçi, publitsist bölsam. Sizam, – ustoz menga bir qarab olib ozgina öylanib davom etdi, – mendan kammassiz. Ularga şeʼrlardan öqib, latifalar aytib mayşatni qilib kelamizda endi.

– Men şeʼr yozmayman, sizam yozmaysiz. Kimni şeʼrini öqiymiz?

– Albatta, özimizni şeʼrimizni öqiymiz-da, – menga qarab muğombirlik bilan köz qisdi ustoz. – Esingizda bormi özi birorta şeʼr?

Yelka qisdim.

– Xotiram sizçalikmas-da. Nasrni yaxşi köraman.

Ustoz boş çayqadi.

– Şu işingiz çakkida, yoqmasayam bir-ikkita şeʼr yodlab qöyaveriş kerak. Mana bunaqa toştaroş omilarni oğzingizga qaratib öqib turişga kerak böladi.

Hiringlaşdik, yangayam qöşildi…

* * *

May oyi boşlangan. Borliq nihoyatda gözal. Manzilga yaqinlaşgan sari purviqor toğlar ulkanlaşa boşladi. Kayfiyatim kötarilib ketdi. Odatda toğ deganda köz oldimizga vahşiy qoya­lar-u tört tomoni toşlar bilan tölib-toşgan bir maskan keladi. Biroq bu yer yaşil edi, yam-yaşil. Bundan vujudga rohatbaxş quvvat kirib, köngilda farahbaxş hislarni junbuşga keltirib, şirin xotiralar uyğonardi.

– Kattabovojon, höv kattabovojon.

Ustozning gapidan diqqatim jamlandi.

– Ögay bojanikiga boraman deb ölib ketmay­lik, tağin. Maşinaning içida yuring-ey, – dedi u. – Qarasam, rulniyam öz holiga taşlab, taşqariga sayrga çiqib ketayapsiz-ku.

– Uzr, Ustoz dedim, – xijolat tortib. – Ta­­biat baribir ruhiyatga yaqinda, rost­dan uloqib ketibman.

– Sizni-ku amallab qaytarib keldik, lekin yangangiz hali-beri qaytmaydiyov.

Ustozning şu gapidan söng yangani rö­pa­­ramdagi közgudan birrov kuzatdim. Şunçalik xayolga ğarq bölganki, hatto bizning gapimiz­ni eşitganiyam yöq. Ustoz orqasiga ögirilib “Onasi siz şu yerdami, özi”, deya masxara qildi.

Javob bölmadi. Yanga rostdan maşina içida emasdi, göyo.

* * *

Na darvoza, na devor bölmagan bu qişloqda toğni qiyalab qurilgan uylar ulkan zinalarni eslatar, birovning tomi boşqaga hovli vazifasini ötar. Uyidan taşqariga çiqqan jonga kamida yetti qöşnining nigohi tuşardi. Turkiyadami, Doğistondami şunday uylar borligini televizorda körsatişgan, yana şoir Azim Suyunning qişloği Nakurtda ham eski uylar şu tariqa qurilganini körgan edim.

Salom-alikdan söng ayollar uy içiga yöl olib bizni katta yonğoq tagidagi toş supaga taklif etişdi. Biroq Mahmud aka supaga çiqmadi, tirjayib menga gap otgan böldi.

– Mahmudga nima böldi desa, ögay bojasi yonğoq tagiga ötqazgani uçun jinlab qoldi deysiz-da endi.

Uy egasi qizarib ketdi.

– Uzr-a, boja, – dedi söngra bir menga bir unga alanglab. – Bu yerda bir piyola çoy içib keyin Miltiqboyning hayotiga (ular toğda barpo qilingan boğ-roğni şunday atarkan) çiqib ketamiz…

– E-e-e, boja Miltiqboy bölmasa zambarakboy bölmaydimi. Birdan öşa yoqqa ketaylik, yonğoqni tagida ötirgandan köra, – dedi Ustoz.

Uy egasi ikkilandi.

– Qanday bölarkan? Eşitganlar mehmonni birovnikiga boşlab ketibdi, demasmikan. Heç bölmasa, ötirib fotiha qilib bir piyola çoy içaylik, keyin ketaveramiz.

– Yuz yildan beri şu bir piyola çoy. Qayerda içganni nima farqi bor. Yonğoqning tagida korbonat angidrid hidlagandan agar ituzum bölsayam kislorod çiqadigan ösimlik tagida ötirgan maʼqul.

Ustozni hazillaşayapti deb öylagandim, qarasam jiddiy. Hatto qoşlariyam biroz çimirilgan. Beçora mezbon butunlay “qizardi”. Qölini köksiga qöyib “böldi-böldi, hozir” degança uyiga kirib ketdi…

* * *

– Öylab körsam, bir umr atrofimda landavur, lapaşang, noşud, nodon, sulloh kimsalar hamroh böpti. Sizdan taşqari, albatta. Mana peşonaga bitgan bojani qarang, – dedi u Miltiqboynikiga çiqar ekanmiz.

Ögirilib ortimga boqdim. Ança orqada qolib ketgan mezbon öğillari bilan kötarib çiqayotgan yegulikning yuki-salmoğidan imillardi. Ustozning qarab turganini körgaç, qölini zörğa kötarib silkib qöydi. Men boş irğadim, Ustoz javoban qöl silkidi.

– Öla, – dedi keyin. – Şu matohlarni biz kelgança çiqarib qöysang ölarmiding. Köryapsizmi ahvolini, şörlik toştaroş ham bölmasa kerak. Ha, mayli. Tasalli beradigan bir narsa bor lekin. Bularni kiftini keltirib bir maqtasangiz şunday eriydiki, rosa maza qilasiz. Sizning bu borada tajribangiz ança kamligini inobatga olgan holda barça masʼuliyatni öz zimmamga ola­man. Şunça yöl bosib kelganga yaraşa mayi­şat köngildagidek bölsin.

* * *

Ustozning bojasi bilan jöra bölgan Miltiqboy aka örta böyli, miyiğida hamişa kulimsirab turuvçi, peşonasi keng, qöllari qattiq, qoramağiz kişi ekan. Naq toğ beliga solingan supaga joylaşdik. Muzday epkin badanni junjiktirar, toşdan qalangan supa yonida suvi çoğroq hovuzçaga quyilib, undan toshib pastga boş qöyib ketayotgan buloq bor edi. Arçazor örmon bilan butkul qoplangan toğ quyoşni tösgan…

Duoyu fotihadan söng ustoz Miltiqboy aka bilan şunçalik quyuq söraşdiki, ularni ilgaridan tanişmi, deb öylab qoldim. Ustoz özi aytmoqçi “rolga kirayotgan” edi.

– Xö-öş, Miltiqboy aka, yaxşilab tanişib oling, – dedi u kişi menga quv nigohlarini tikkança. – Bu azamat yigit bizning eng zör şogirdlardan biri. Kalasalniy yozuvçi. Özbekdan Dostoyevskiy çiqsa, şu yigitdan çiqadi. Aytgança, sizlar Dostoyevskiyni bilmaysizlar. Özbekning Qodiriysiga öxşagan örisning yozuvçisi bölgan, öşani aytayapman. Hali körasiz, şu ötirişimiz ham birorta kitobiga hikoyami, qissami, romanmi bölib kirib ketadi. Miltiqboyni butun dunyo taniydi öşanda. Faqat hajviya bölib ketmasa…

Kulib yubordim. Miriqib kuldim. Beçora mezbonlarning yuzidagi ifoda şunga majbur qildi. Ular Ustozga xavotirli boqib turişardi. Menga qöşilib kulayotgan Ustoz mezbonlarga qarab “qörqmanglar, sizlarni maqtab yozadi”, demagunça ular kulgiga ham qöşilişmadi, şu tariqa tanişdik…

* * *

Dasturxonda ustiga parraklangan piyoz solin­gan jiz paydo bölgaç, çoğirkosalar tez-tez aylana ketdi. Ustoz “qizişib” olgaç, özini allomayi zamon, degan daʼvo bilan gap bera boşladi. Gohida şoirligini pisanda qilib qöyişni ham unutmasdi. Pisandalar ustma-ust bölavergaç, Miltiqboy akaning iltimosiga köra ruboiy öqidi.

– Mastona yöl oldim, mayxona tomon,

Köza kötargan çol böldi namoyon.

Dedim: Xudodan qörqmaysanmi, yuzsiz,

Dedi: içaver, Xudo mehribon2.

Miltiqboy aka közlarini yumib, boşini sarak-sarak qilgança ingrandi.

– Bu şeʼr kimniki aka? – dedi söng holatini özgartirmay.

– Albatta, kaminaniki, – dedi Ustoz kiprik ham qoqmay. – Tong sahar turib yozadigan odatim bor. Özi aksariyat buyuk şoirlar tongda ijod qi­lişgan, boja, – deya bojasiga yuzlanib davom etdi. – Tongda sehr bor. Mana şu sehr­dan ulgu olgan misralarimiz Miltiqboy akani rom qilib qöydi. Nega angrayasiz, quymaysizmi? Bizda bunaqa şeʼrlar köp, xotirjam böling, tonggaça yetadi…

– Quy, jöra, qöy. Bojangning bunday şeʼrla­riga şuni sepib turmasak, otaşi eritib yuboradi. Quy, – dedi sirli jilmaygança Miltiqboy aka.

* * *

Şundan söng mezbonlar göyoki, butunlay tildan qoldi. Men esa ularning “oçilişi” qiyin bölayotganidan hayron bölardim. Ustoz esiga tuşgan şoirning şeʼrlarini öqir, baʼzilarini öqib bölib, “bu şeʼrga Abdulla Oripov ham tan bergan”, deb qöyardi.

Kulardim, dumalaguday bölib kulardim. Nega-ki, öşa öqilgan şeʼr Abdulla Oripovniki bölardi-da. Şu tariqa ikki soatdan mölroq vaqt ötdi. Ustma-ust aylangan qadahlar taʼsiridanmi mezbonlarning ham kayfiyatlari kötarildi. Bir-birlariga qarab goho köz qisişib, goho imo-işora qilişib ustozni battar ilhomlantirib şeʼr tinglaşdi. Ajablanarlisi, ular jiddiy şeʼrlargayam şilqillab kulişar, tizzalariga şapatilar, gohida qorinlarini çangallab körpaçaga duma­lab ham qolişardi.

– Ay, otoyi xudo, özi kelgan miymojonimdan aylanay, bizlar bir sağirlikda katta böp, tov bilan ovdan boşqasini bilmagan omilar bunday şoirni körib jiloğimis kep ketayapti-yey, jiloğimis. Buytib-ay odamdi hayratlarga ğarq qilib şeʼr öqiybermang-da şoyir, özi bir soğir bola bösam, jiloyberip tomoğim jirtilip ketmasin yana.

Miltiqboy akaning bu gapi ustozni ming karra ilhomlantirib dunyodagi eng zör ertakçiga aylantirib yubordi. U Çingiz Aytmatov, Qaysin Quliyev, Yevgeniy Yevtuşenko hatto Paulo Koelo bilan qilgan suhbatlari haqida gapira ketdi. Ğirt yolğondan iborat bu gaplardan eng zöri Koeloning unga qönğiroq qilgani böldi.

– Bilasizmi, “Alkimyogar” romani qanday dunyoga kelgan Miltiqboyjon, – deb savol taşladi roviyimiz. – Yarim keçasi uyga telefon bölayapti deng. Obbo, boboy ketib qoldimi deyman, deb köngil ğaş tortib trubkani kötarsam bir erkak ovozi “Hello ser. Bu mister Mahmudning uyi­mi”, deydi. Hayron böldim. “Ha, kim bu”, dedim. “Oooo, mister Mahmud. Men Paulaman, braziliyalik yozuvçi döstingiz. Uzr, keç bölganda bezovta qildim. Sizdan bir maslahat söramoq­çi edim”, dedi u. “Eee, Paula qalaysan jöra, şu söraşniyam vaqtini topasanda. Otam ölib qoldimi, deb öylab yuragim yorilayozdi”, deb koyingan böldim. “Mister Mahmud ançadan beri tuzukroq bir asar yozolganim yöq. Mavzu topişga yordam qil jöra”, dedi u yalinib…

Ustozning şavq bilan sözlaşini Mil­tiq­boy akaning luqmasi böldi.

– Qaysi tilda gaplaşdilaringiz? U sizni qayerdan taniydi?

Albatta, bu luqma ustozga yoqmadi. Uluğvor bir tarzda özining norozi nigohlarini Miltiqboyga taşlab bir muddat jim qoldi.

Avvaliga unga javob kutib termilgan Miltiqboy aka keyin xijolat bölganday: – Böldi-böldi, uzr, taqsir, uzr, – deyişdan boşqa çorasi qolmay tinglaşga çoğlandi.

Lekin roviyimiz:

– Kayfim oşdi, çömilaman, – deb turib ketdi.

Yeçinib hovuzçaga tuşarkan suvning muzdayligiga çidolmay butun toğni boşiga kötarib baqirdi. Uning rostdan kayfi oşgan edi. Çömilib çiqişini kutdik. Miltiqboy aka: “Ustozjon, may oyi bizda ança sovuq böladi. Tandir kabob pişgunça uyga kirib uxlab çiqing”, degança uni nariroqdagi uyçaga ergaştirib ketib, ança vaqt özi ham körinmay ketdi.

Ustozning bojasi bilan yolğiz qolib u yoq-bu yoqdan gaplaşib ötirdik. Men undan toğ tabiati, kakliklar, bu yerliklar alqor deb atovçi yovvoyi qöylar, toğ mumyosi haqida söradim. Suhbatimizga Miltiqboy aka kelib qöşilgança erinmasdan xuddi bu mavzuda doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan olimday batafsil javob berdi.

– Bojaniyam uxlatdik, tandirniyam solib keldik, – dedi yonimizga çökarkan Miltiqboy aka. – Ustozingiz ham xudo bergan şoir ekan. Bunça şeʼrni qayerdan bilsa, özimni şeʼrlarim de­dimi?

Sir boy berib Ustozni kulgiga qöygim kelmadi.

– Kim bilsin aka, men unçayam şeʼriyatga qiziqmayman. Lekin Ustozning şunday isteʼdodi bor.

– Isteʼdod ham gapmi, sanʼat deng, sanʼat, – dedi meni quvvatlab Miltiqboy aka. Bunday odamlarni biz tomonlarda sanʼatkor deydi, sanʼatkor. Sanʼatiga qoyil qolib ötiribmiz. Öziyam şeʼr degani buloq bölib çiqarkan u kişidan.

Negadir ustozning bojasi xijolatomuz kulimsi­rab qöydi.

– Miymonjon, – gapini davom ettirdi Miltiqboy aka. – Endi bizlar Alpomişdan boşqasini eşitmay, şu bitta dömbirani çalib jurgan ovvommis. Ovulga özining oyoği bilan bitta tirik şoir kelib qopti, keling, şu aka minan bir ijodiymi, abadiymi, nima deysizlar özi, şunaqa bir uçraşuv taşkil qilaylik. Nima deding jöra?

Boja taraddudlanib menga qarab oldi.

– Jim ötir-ey, Miltiq, – dedi söngra jörasini jerkkanday. – Bir hazil qilsa-qilibdi, şunga-şunçami?

– A bizday bir baxşi baççadan peşi kelgan bölsa bir maydon beraylik deyappanda, – dedi Miltiqboy aka masxaraomuz tirjayib.

– Çekingga tuşsa çegirayma degan, Miltiq, – dedi boja yanada xijolat bölib. Galdiratma3da endi.

Şu payt bir uyquni pişitib çiqqan ustoz baland ovozda, ammo zavq-şavq bilan rus tilida şeʼr öqidi:

– Vesna, vesna, pora lyubvi,
Kak tyajko mne tvoye yavlenye,
Kakoye tomnoye volnenye
В моей душе, в моей крови…
Kak çujdo serdsu naslajdenye…
Все, что ликует и блестит,
Navodit skuku i tomlenye
4…

Mezbon bojaning avzoyi özgardi, Miltiq­boy aka­ga bölsa jon kirdi.

– Ay şoyirjanimdan örgilay. Örisçayam yozadi kerak bösa, – deya irğib örnidan turdi. – Otam beçara bir tirik şoirni körib ölsam armonim yöq, deb ölib ketdi. Yelkangizdan bir tavof olay.

Miltiqboy aka qöllarini köksiga qöygança taʼzim qila-qila ikki xatlab ustozning oldiga bordi-da, yelkasiga peşonasini işqalagan böldi. Keyin esa ustozni quçib:

– Voy otajanim-yey, oyoqti tirap yana ekki jil kutganingizda tirik şoyrdiyam körarakansiz-a. Voy otajonim, mening quçganim sizding quçganingiz bölsin-da iloyo, – deb yiğlamsi­ragan ovozda nağma qildi.

Uxlab ança öziga kelgan, hiylalarini kelgan joyidan davom ettirmoqqa qasd qilgan ustoz bundan yayrab ketdi.

– Otpustite mne, – dedi Miltiqboyga qarata sahnadagi aktyorday qiroat bilan. – Что вы говорите. Что вы делайте? Konsa-konsov yest zdes kakoy nibud dumi bor ulfat, dumi bor erkak.

Miltiqboy aka uni yanada mahkamroq quçib, mulozamat qildi.

– Şoyrjonim, bu yerda sizdan ötgan dumli yöq asli. Qani ötiring-çi, bir kegan jayidan…

– Daaa, – dedi ustoz. – Muxlislardan qoçib qayergayam borarding. Hatto toğdayam tinç qöyişmaydi. Mayli, ötaylik bölmasa.

Dasturxon atrofida jamlandik.

– Özi tos5 aytişga qarşiman, negaki bu – masihiylar odati. Bizning turkiylarda yöq bu odat. Lekin gapirgim keldi, – dedi ustoz bojasi quyib uzatgan çoğirpiyolani olişi bilan.

– Bir safar Vasiliy Şuşkin bilan Oltoyga borganim esimga tuşib ketdi. Juda gözal ölka. Turkning bobolari bekorga makon tutmagan u yerlarni. Vasya ham bekorga katta yozuvçi bölmadi, negaki, Oltoy tabiati unga ulgi berdi. Hamişa öylayman, nega bobolarimiz şunday joylarni taşlab ketgan, nega?

Ustoz bir lahza sukut saqladi. Söng yana örisça şeʼr öqidi, Oltoy haqida. Muallifini bilmadim, mezbonlar uçun öziniki böla qoldi.

– Altayskiy kray!
Lesa, ozera, reki,
Mestorojdenya,
Stepi, selina.

Altayskiy kray!
Veka idut i vexi,
Pod solnsem yuja –
Vyujnaya strana
6.

Miltiqboy aka qiyqirib çapak çalib yubordi. Biz ham jör böldik. Ustozning öz rolini mahorat bilan ijro etişiga tan berib, çin dildan unga xayrixoh böla boşladim.

– Kelinglar, azizlar, turkning asl vatani va undan bir kami bölmagan şu toğ-u toşlar uçun qadah kötaramiz.

Gazakdan keyin Miltiqboy aka “Ay xudoyjonimdan örgilay, bir aytgim keldi”, degança közlarini yumib baxşiyona ohangda “Alpo­miş”dan bir parçani ustozning otiga çatiştirib aytib yubordi.

– Möylabi şoqolab har yonga ketgan,

Içida çiçqonlar bolalab jotqon.

Iziga tuşgan pişak, Oltoyda jetkan,

Şundayn ulfatdir, Mahmudjon polvon.

– Oho, ha Miltiqboy! Borakan-ku, dumi bor ulfat, yaşang, yaşang, – deb şovqinladi ustoz.

Miltiqboyning çindan ham avji keldimi, yo kayf qilib qoldimi, tağin qölidagi tiği ötkir piçoq­ni dömbira kabi “çertib” boz dörilladi:

Oyoq kerib turişing, jukli karvon ötguday,

Sovringning kengligiga kelin-kuyov jotquday,

Teringning jupqaliği Xitoyning qoğoziday,

Közingning joltanglaşi pora olgan qoziday,

Jolingning selkillaşi bekaning kaniziday,

Erkalabgina jurişing lölining erka qiziday,

Çuhh-ey, otamning Ğiroti,

Jesang poşşoliq davlati…

Davradagi mezbon-u mehmon barisi baravariga “dod” deb yubordi.

– Ey, ustoz, – dedi Miltiqboy şovqin tinib-tinmay, – bu gaplarni Avazxon otasi Göröğlining yaxşi körgan oti Ğirotga qarab turib aytgan. Avazxon jangga ketayotgan böladi-da…

Qodir baxşi degan bir xirmonday baxşi kelib aytib ketgan edi bularni. U baxşi huv, Dehqon­obodda ötiradi.

Endi, ustozjon, savodi yöq odamlar quyma quloq böladi. Bizgayam bovolardan ozroq tiygani şu. Lekin sizday örisça, özbekça şeʼr yozolmaymiz-da, dumi borlikdayam özingizdan ötari yöq.

– Katta baxşi bilan ötirgan ekanmiz-ku, gal ham bermabmiz ustoz. Miltiqboy akani bir ting­laylik bömasa, – dedim ovozi baxşiyona, ohangi şirali bölgani uçun.

Şu gapni poylab turganday Miltiqboy aka taraddudlana boşladi. Biroq ustozga gapim yoqmadimi, meni qöllamadi.

– Özi bizda tuzukroq qöşiqçi qolmadi, – dedi menga javoban ustoz. – Qolganlariningam oğzidan oldin keti qimillaydi. Baxşi dega­niyam bir qöşiqçi-da. Men turganda şeʼr tinglang, kattabovojon, şeʼr.

Uyalib ketdim.

Hamrohimdan uyaldim.

Otam “mehmondorçilikda şeriging uçun uyalişdan Xudo asrasin”, deb duo qilgiç edi. Tuşunmasdim. Rostdan yomon bölarkan.

Miltiqboy aka xijolat bölganini sezdirmaslikka urinib, gapni maʼqulladi.

– Vööö, – dedi ustozni qöllab. – Aytdim-ku, dumi bor odam şaxsan özlari deb. Gapniyam topib aytarkansiz-da mehmon. Topib aytilgan gap partiyaga aʼzo qiladi, degan matal juradi bizlar tomonda. Tarixiyam bir qiziq buning. Qişloğimizda birinçi kommunist bölgan bir bovo bor. Şu kişini partiyaga ötkaza­miz, deb raykomga suhbatga çaqirişibdi. Bovoyam umri bino bölib yolğon aytgan bovomas. Sekretar undan “Enangiz namoz öqiydimi”, deb sörasa. “Ha”, deb sopti-da. “Bömaydi”, depti sekretar.

Qizziqdi köringki, sekretarning onasi folbin ekan.

Buni yaxşi bilgan bovo “Meni enam namoz öqisa, sizni enangiz folbin-ku”, debdi. Gap tarqab ketişidan qörqqan sekretar bovoni partiyaga qabul qilgan ekan.

Ustozning bojasi bezovtalana boşladi.

– Miltiq, – dedi jörasiga qarab. – Mehmonlarni oçqatib qöydik.

Miltiqboy aka nimadir esiga tuşganday unga yalt etib qararkan öziga-özi sözlanganday minğirladi.

– Oç bola bilan töq bola öynamaydi, jöra bilmasa söylamaydi. Böldi-böldi tandirni oçamiz.

Mezbonlar “hozir-hozir”, degança uzoqla­şişdi.

– Qalay kattabovojon, boplayapmanmi? – dedi ustoz menga qarab. – Umr böyi çöponlikdan boşqa iş qilmagan bu anqovlar şeʼrlarimizga erib tandir ham qilibdi. Qoyilmisiz?

– Bojangizni bilmadim, lekin Miltiqboy aka çatoqqa öxşaydi. Biz tomonlarda “daşlikdan hazim7 böl”, degan gap bor. Miltiqboy aka daştliklarni eslatayapti. Sodda-muğambir böladi ular. Alpomişdan öqiganiga qaraganida, kitob titgan körinadiyov, – dedim ustozni huşyorlikka çaqirib.

– Ayy, şular kitob titadima? Şular-a, qöysangiz-çi. Momolari aytgan ölanlarni çala-çulpa bilsa-bilar. Şoir bölmasak ham bularning elliktasini öqitamiz, daştlikdan boşqasi bölsayam, – katta ketdi ustoz.

– Maqsadimiz mehmonlik bölsa, ularniki mezbonlik. Şundoğam özlari çaqirişgan, nağma şartmasov, – dedim.

– Siz, – dedi ustoz jahllanganday. – Jangga birga kirgandan keyin orqaga qoçmang. Heç bölmasa, akopda jiim yotib qolganini menga qöying. Tandir, masalan, kaminaning mahorati bilan taşkillaştirildi. Boya bir-ikkita kurkaga ham közim tuşdi, Miltiqboyniki bölsa kerak. Keçga kurka qovurtiramiz, qarab turing.

Men “gap yöq”, deganday ikki qölimni kötardim…

Mezbonlar ikki katta tovoqda tandir kabob, törtta kosada seli8ni keltirişdi. Mazasi tengsiz edi. Biroq ustoz bepisand tamşanib “Boysun, Boysun”, deb qöygaç qöqqisdan savol qotdi.

– Miltiqboy, inim, siz Boysunda bölganmisiz?

Qölidagi ilikni rohatlanib kemirayotgan Miltiqboy aka luqmasini yutmagani uçun boşi bilan inkor maʼnosida işora qildi.

– Xudoning nazari tuşgan joylar. Tandir kabobi bundan ming karra mazali böladi.

Miltiqboy aka yutinib olgaç, yelka qisib quruqqina javob qildi.

– Aytavur qölimizdan kelgani şu. Kasimi­miz9 tandirçiyamas şoyirjon. Endi kami bölsa, ayb qilmang.

Ustoz kuldi.

– E, sodda inim. Oşpaz sifatida oldingizdan mingtasi ötib ketaversin. Siz bor mahoratingizni işga solganingiz şunday maʼlum-ku. Surxonning tabiati bebaho. U yerda ösgan giyoh göştga özgaça taʼm bağişlaydi. Bu yernikiga öxşamagan. Lekin bu tandir kabob bilan ularnikini soliştirib bölmaydi. Ammo ikkoviyam öziga xos. Umuman çoğir bilan aralaşganda tamga yöl bölsin. Buyam bir omadi gapda, Miltiqboy, köngilga olmang yana.

– Ey, yöğ-ey, şoyirjon. Nega köngilga ola­miz, jöra tandirga yopişmay bojang minan bizga bittadan quy, – dedi bu gapga javoban Miltiqboy. – Tandirning seli bilan boşqaça ketadi…

Tanavvul tugagaç örtadan ustozning talabiga köra dasturxon olinib, faqat kiyik öti aralaşgan çoy qoldirildi.

– Kelinglar, şunçaki çoy içib hangoma qilaylik, bu zormandadan köpam hikmat yöq özi, – dedi ustoz. – Taqdir ekan, nasibamiz ekan boldizning ortidan şu joylarga keliş. Siz bilan birga bir dasturxon atrofida ötiriş. Yuzlaringiz aytib turibdi, şu toğlardan boşqasini körmagansizlar. Özi sizlarga havasiyam keladi odamning. Bizga öxşab şaharda biqiq bir hovliçalarda emas, keng makonda emin-erkin yaşaysiz. Endi kelişib olaylik. Uzoq yölni yaqin, vaqtni qisqa qiluvçi bir narsa bor. Şuni kim aytadi?

– Albatta, mehmon. Sizni tinglaymiz, – de­di Miltiqboy aka.

– Unda sörang, – dedi ustoz kerilib.

– Şoyirjonligingizni bildik, – dedi Miltiqboy. – Körgan bilganingizdan, ötgan ketgandan, bir qiziq gaplardan ayting.

– Kamina ming töqqiz yuz oltmiş oltining uçinçi kvartali söğinida tavallud topgan. Demakki, sizdan ham bojadan ham ança kattaman, – özini batafsil yaqindan taniştira boşladi ustoz. – Asli daryo ortidanmiz. Nasibamiz Toşkentga soçilgan ekan, özingga şukur deb, terib yuribmiz…

Ustoz özi haqida ança gapirdi. Aytişiça, Yozuvçilar uyuşmasining aʼzosi, Jahon şoirlar kongiresining hamraisi, Moskva davlat universitetini qizil diplom bilan bitirgan iqtidor egasi, dovruği dunyoga doston şoirlar bilan jöra ekan.

Undanam ötib tuşgani meni qaytadan taniştirgani böldi. Men beşta roman yozgan, asarlarim ingliz, fransuz, nemis, ispan va boşqa tillarga tarjima qilingan, özbek adiblarining erta-indin Nobel mukofotini qölga olişi mumkin bölgan yorqin isteʼdodlaridan biri ekanman.

– Iye, iye, – deya örnidan irğib turgan Mil­tiq­boy aka endi meni quçoqlab oldi. – Siz Sa­yid Ahmadning şogirdima? Televizorda bir-ikki körganmiz. “Ikki eşik orasida”, degan romaniniyam öqigan çiqarmanov.

– Kattabovojon, Sizga aytsam işonmaysiz, – dedi ustozning közi quvonçdan porlab, – Ötkir Hoşimov yozgan romanni Said Ahmadniki deb yurganlar-da bular.

Boja yana bezovtalanib qöydi. Miltiqboy aka bölsa ustozga qarab birpas angrayib turdi-da xoxolab kulib yubordi.

– Eee, ö romanni Ötkir Hoşimov yozganmi? Adaştiribmiz, adaştiribmiz. Bir qoşiq qonimizdan öting ustoz, – dedi kulgi aralaş.

– Uzr söramang, bizam har uçragan çalasavodning gapini yurakka yaqin olaveradigan anoyimasmiz, – dedi ustoz. – Kattabovojon, kitoblaringizdan bering bularga. Aftidan bizni ğirt yolğonçiga çiqarib mayna qilayotganga öxşaydi, – dedi söngra.

Bu gap mengayam yoqib tuşdi. Bojaning öğillaridan birini imlab maşinaning kalitini berib kitob olib çiqişni iltimos qildim. Köp ötmay hajviyalar töplamimdan ikki dona keltirişdi. Bitta bojaga, bitta Miltiqboy akaga dastxat yozib, sovğa qildim. Miltiqboy aka uni varaqlab kula-kula bir-ikkita hajviyamni ovoz çiqarib öqigaç, nazarimda mening rostakam yozuvçi ekanligimga işonganday böldi.

Ular ustozdan ham kitob söraşdi. Töğri, ustoz tuğilganidan hozirga qadar aytgan yolğon-yaşiqlarni jamlasa, “Manas” dostonidan ham katta kitob bölardi, lekin hafsala qilmagan.

– Buni qarang, biz kitob olişni öylab ham körmabmiz. Mayli, hozirça şogirdning kitobini öqib turasizlar endi, – deb bahona qila qoldi.

– Uzr-ku, mehmon, bizlar – tov odami. Gapgamas amalga işonamiz. Mana, şogirdning kitobini kördik, işonmaylik desak, suratiyam bor ekan. Sizda nima bor? Heç narsa! Şuning uçun endi xafa bölmaysiz, siz pastga tuşasiz, yozuvçi yuqoriga ötadi, – deb soldi Miltiqboy aka.

– Tört tomon oçiq bölsa, bu yerda tör bilan poyga bor ekanmi. Mayli, şogird tomon tör bölaqolsin, – deb tan berganday böldi ustoz. Keyin esa özining yangi fantastik romani haqida gapirib berişga izn söradi. Barçamiz oğziga tikildik.

– Yangi romanimni tugatay deb qoldim. Voqealar özga sayyorada sodir böladi. U yoqdagilar ham tuzilişdan özimizga öxşagan. Qöl-oyoği, barmoqlari bor, rangi kök, dumiyam bor.

– Şaytonlarmi ular, – dedi Miltiqboy aka gapni bölib.

– Nega endi şayton bölarkan odam, – deya gapida davom etdi ustoz. – Sayyorasi yam-yaşil. Ösimliklari ham aqlli. Uçar dinozavrlarni minib yurişadi. Böylari yetti-sakkiz metr keladi.

– Aha, devlar ekan-da bölmasam, – yana gapni böldi Miltiqboy aka.

– Devlarmas, odamlar faqat şunaqa katta bölişadi, – dedi ustoz norozi tönğillab. – Gapni bölmay eşitib turing endi. Xullas, öşa yerga biz­ni yerdan kosmik kemada bir soldat suzib boradi.

– Iye. Qanday qilib bir yarim metrlik soldat ularning oldiga borsin. Bömaydi, uni şovul bargiga örab yeb qöyişadi-ku, – tağin oraga suqildi Miltiqboy aka.

– Sabr qilsangiz bilib olasiz. Ozgina kutib turing endi, – deb jerkindi ustoz. – Har narsaning sir-sinoati bor. Masalan, siz kurka boqasizmi?

– Boqaman, – dedi Miltiqboy aka. – Nimaydi?

– Neçta kurkangiz bor?

– Ikkita.

– Eng kattasi neçi kilo keladi?

– Bilmasam, kim tortib köribdi uni.

– Xöp, taxminan, neçi kilo çiqadi, – dedi ustoz toqatsizlanib.

Boja bilan Miltiqboy aka bir-birlariga qarab olib ğödranişdi.

– Beş kilo bordir.

– Ha-a, yaşang, – dedi ustozning quv közlari öynab. – Şu beş kiloli kurka tuxumdan çiqqanda neçi kilo böladi?

Miltiqboy aka öylanib javob qildi:

– Kilo çiqmasov, yuz gramm kelsayam katta gap, axir, kaftingizga joy böladi-ku.

Ustoz jonlanib ketdi.

– Otangizga rahmat! Romanimda ham şunday böladi. Yerlik bir olim katta kaşfiyot qiladi. Yaʼnikim, kosmosda uçib yurgan odam qovurilgan kurka göştini yesa öşa sayyoradagi siz dev deyotgan yetti-sakkiz metrli odamlarday bölib ketişini aniqlaydi. Bitta no10si – dum ham ösib çiqişi. Lekin olimlar rosa örganib dum kosmosda ham boşqa sayyoralarda ham insonga xalal bermasligini aniqlaşadi. Şu tariqa siz bir yarim metr degan soldatimiz sakkiz metrli ulkan dumli devday bölib ularning oldiga boradi. Ular hayron bölişadi. “Biz yerda özimizga öxşagan bahaybat mavjudotlar yaşaşini bilmasdik. Sen rostdan öşa yoqdan keldingmi”, deb söraşadi ular. Qahramonimiz “Ha”, deydi. “Onangdan şunaqa tuğilganmisan yoki kurka yeb kattarib ketganmisan”, deyişadi. Qahramonimiz “Yöq, böyim yerda bir yarim metr edi. Kosmosda kurka göştidan qovurma yeyaverib şunday bölib ketdim”, deydi. Şunda özga sayyoraliklar­ning poşşosi “qani hammang tarelkalaringga minib Miltiqboyning kurka katagiga marş qiling­lar. Bizam qovurma qilib yeylik”, deb turganda…

Ustoz gapini töxtatib Miltiqboy aka­ning baloğiga tikilib qaradi. Men ham boja ham Miltiqboy aka ham hayron bölib u qaragan yerga termildik.

– Miltiqboy inim, baloğingizdan dum çiqib turganga öxşaydimi. Xuddi silovsinnikiga öxşarkan, – dedi ustoz qattiqroq termilib.

Kulgi kötarildi.

Ayniqsa, Miltiqboy aka miriqib kular, baloğidan rostdan ham dum körinib qoladigandek hadeb töpiği ustini silab, “endi roman yozgan ekan deb işonayotgandim”, degança qah-qah urardi.

Ustoz kulgi aralaş:

– Bu dumni özingizdan östirmay, bizgayam ili­ning-da, uka, – degaç, – böldi, böldi. Kallaga teppaganini qarang. Hozir muhayyo qilamiz, – degança örnidan qözğaldi.

* * *

Keçki taomga kurka göştidan qovurma böldi. Allamahalgaça ustozning “şeʼrlari”­dan tinglab ötirdik. Tong otgaç nahorgi çoyni içib qaytişga çoğlandik. Xayrlaşuv oldi­dan Miltiqboy aka ustoz bilan quçoqlaşib xayrlaşar ekan: – Bilaman, dumi bor odam, deb mard ulfatni aytadi. Gap zamirida şeʼrga işora bölsa kerak. Lekin bu dum ölgur faqat şeʼrda emas-da. Ha, mayli, rosti keça uçraşuv boşida bir oz siqilgan edim. Keyin esa rosa maza qildim. Bunga siz sababsiz, mehmon. Aslida dumi bor odam menamas, siz ekansiz, – dedi maʼnoli kulimsirab. – Ha, yana bir gap, bir paytlar öqigan bösam kerak-da, örisning Lyubov Goroxova degan şoirasi keça Oltoy haqida siz öqigan şeʼrga öxşatib “Алтайский край! Века идут и вехи, Под солнцем юга – Вьюжная страна”, deb yozgan. Öylab körsam, ğirt çalasavod şoira ekan-da. Siznikiga taqlid qilganmi yoki öğirlab olganmi – kim bilsin. Nekin bir nersa aniq. “Под солнцем юга” emas, “Под солнцем южа” bölaykan. Buni sizdan bildik.

Tangri tört qariç til bersa-yu farosatdan qissa bundan yomoni yöq. Şu gapdan keyin ham Mahmud akaning “közi oçilmadi”.

– Xotira çakkimas-ku, Miltiqboy, çakkimas, – dedi unga.

Tun böyi davom etgan “çoğirbazm” asorati idrokini ança xira torttirgan edi. Omonlaşib yölga tuşdik. “Şoiri zamon” yarim yölgaça deyarli mudrab keldi. Şamollaş bahonasida yuz-qölini çayib olgaç, ança tetik tortib yangaga ularni qanday laqillatganini gapira boşladi. Gap ularga şeʼr öqib berganiga kelganda yanga ajablanib, “qöying-ye, Miltiqboy aka birovlarning şeʼrini bilmadimi?” deb qoldi.

– Qayerdan bilsin? Qor odamday gap-da bular, şu yerda tuğilib, şu yerda çirib ketadi, – dedi eri yayrab.

– Voy ölmasam, şunça hangama qilib ulardan nima iş qilasan deb söramadingizmi, – dedi yanga. – Siz qayerdan ham sörardingiz. Sizga hammani oğzingizga qaratib gapiriş bölsa böldi.

– Nimasini sörayman? Afti aytib turibdi-ku, ismini qara, Miltiqboy emiş. Şunaqayam ism qöyadimi odamga. Nima iş qilişi maʼlum, toğda kurkasini boqib yursa kerak, – böş kelmadi u.

Yanga zarda qildi.

– Kim bilsin, lekin singlim menga Miltiqboy akani filologiya fanlari nomzodi, SamDU11da yetti yil adabiyotdan dars bergan, ikki yil oldin onasi ötgandan keyin işini taşlab otasining yoniga qaytib kelgan, dedi. Kuyov ham adabiyot muallimi ekan. Hozirgi zamonda muallimning bilmagani qoptimi…

Ustoz bor vujudi bilan yangaga ögirildi. Keyin menga qaradi. Söngra töğriga tikilib qoldi-da, tönğilladi:

– Voy onangni emgur toğlig-ye-ye. Boya Lyu­bov Goroxovaning şeʼrini töğrilaganiga­yam qaramabman-a.

Yanga ikkimiz baralla kulib yubordik. Quloq­larim ostida Miltiqboy akaning bir gapi jarang­lardi: “…dum ölgur faqat şerda emas-da”…

1Iyarçan – (şeva) ergaşib kelgan degan maʼnoda.

2 Umar Xayyom ruboiysi

3 Şeva. Laqillatma, çalğitma maʼnosida.

4 A.S.Puşkin “Vesna, vesna pora lyubvi”.

5 Tos – aslida tost, qadah sözi.

6 Lyubov Goroxova şeʼri.

7 Hazim – şevada ehtiyot böl degani

8 Seli – tandir kabobdan ajrab çiqqan xuştaʼm suv.

9 Kasimimiz – şeva, kasbimiz maʼnosida.

10 No – rus tilida yöq maʼnosini beruvçi söz. Gohida aksi, çatoği degan maʼnoda ham qöllaniladi.

11 SamDU – Samarqand davlat universiteti

 

Аbduhamid Muxtorov

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…