Jazo

0
51
marta ko‘rilgan.

Birov yelkasidagi yukni ustalik bilan yerga qo‘yadi, birov noshudlik qilib tashlab yuboradi-yu, lat yeydi. Meliqulov ham Jannatxondan qutulish yo‘lini ko‘p o‘yladi. Oxiri tavakkal qilmoqchi bo‘ldi. Lekin qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishiga sal qoldi.

Ular Qizilqumdan jumada qaytishdi. Dushanba kuni Urol Mardiyevich ishga chiqdi. Kabinetiga kirdiyu hurpayib o‘tirib oldi. Ikki kundan beri chakkasi lo‘qillaydi, yuragini jeztirnoqli bir kimsa ayovsiz timdalaydi. Bu jeztirnoqlar Jannatxonga tegishli ekanini eslab, Meliqulovnnng ko‘ngli battar g‘ash bo‘ldi. Ustma-ustma qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Sekretarning qorasi ko‘rinmadi. «Haliyam noz uyquda shekilli, — g‘ijindi Meliqulov, — soat o‘ndan oshdi. Daragi yo‘q. Juda o‘ligini tashlab oldi menga. Asli ayb o‘zimda. Erkalatib yubordim. Qiziq, nega shunaqa bo‘ldi, a? Ilgari bir ishoramga yuz dumalab ketardi. Keyingi paytda kimga aytyapsan demaydi. Xohlasa aytganingni qiladi, xohlamasa yo‘q. Nima bo‘ldi?»

Meliqulovning ko‘z oldiga cho‘l, Jannatxonni mindirib lo‘killab ketayotgan tuya keldi. Bir soniyada boshiga quloqchin kiygan, ko‘rimsizgina, qotma-qoracha tuyakash o‘rnida Salmonov paydo bo‘ldn. U hadeb Jannatxonga muqom qilar, Meliqulov o‘tirgan o‘tovni ko‘rsatib, piq-piq kulardi… Urol Mardiyevich yomon tush ko‘rib uyg‘ongandek, boshini sarak-sarak qildi. «Haydayman! Ikkalangni haydab yuboraman!» deb o‘dag‘ayladi o‘zicha. Xuddi shuni poylab turgandek eshik ohista ochildi. Jannatxonning shodon chehrasi ko‘rindi. Egnida jinsi shim, qizil kofta, oppoq bo‘ynida bodroqdek yirik shoda marvarid. «Aka, menga bir qarang!» degandek, eshikka suyanib turibdi.

Meliqulov uni yoniga chaqirdi, oldiga bir varaq qog‘oz tashladi.

— Mang, yozing!

Qiz qalam olib, boshlig‘ining og‘ziga tikildi.

— Nega lallayib o‘tiribsiz, bo‘lmaysizmi?

— Ayting-da axir, nima deb yozay?

— Ishdan bo‘shash haqida ariza yozing!

Jannatxoi qog‘ozni jahl bilan nari surdi.

— Boring-ye! Nega bo‘shar ekanman? Menga shu yer yoqadi. Ulsam ham bo‘shamayman!

— Sizga bu yer yoqishi mumkin, — dedi Meliqulov stolni chertib, — ammo siz bu yerga yoqmayapsiz. Yaxshilikcha bo‘shamasangiz majbur qilamiz. Bilib qo‘ying.

Jannatxon irg‘ib turdi. Kurka tovuqdek kekirdaginn cho‘zib shang‘nlladi:

— Bekor-orlarni aytibsiz! Men zakonni sizdan ham yaxshi bilaman! Kodeksni suv qilib ichib yuborganman! Majbur qilarmish-a? Avval o‘zingga boq — so‘ngra nog‘ora qoq!

— Mening tilim qisiq joyi yo‘q, — dedi esnab Meliqulov,— bilganingizdan qolmang. Qo‘rqmayman.

Jannatxon stolni aylanib o‘tib, Meliqulovga yaqinlashdi.

— Ho-o, shunaqa deng? Mana, kattakon ndoraning boshlig‘isiz. Vijdonni o‘rtaga qo‘yib ayting-chi, meni necha marta o‘pgansiz?

— Bir marta, — dedi Meliqulov o‘zini bosib,— tug‘ilgan kuningizda peshonangizdan o‘pganman. Hamma guvoh edi.

— To‘g‘ri, — tasdiqladi qiz, — hamma guvoh edi. Ammo… hech kim yo‘g‘ida ham o‘pganlar, desam-chi, nima bo‘ladi? Xudoga shukr, emansipatsiya degan protsess boshlangandan beri ayollarning gapi qilich kesadigan bo‘lib qoldi? Aytaymi?

— Aytavering. Foydasi yo‘q. Qayttangga o‘zingiz sharmanda bo‘lasiz. G‘unajin ko‘zini suzmasa va hokazo… Yaxshisi, savdolashmay ariza yozing. Siz o‘tirgan o‘rningizga munosib emassiz. Xulq-atvoringiz nochor. Sizdaqa kimsalar kerak emas bizga.

Jannatxon bildiki, xo‘jaynn uni bo‘shatmay qo‘ymaydi. Shuning uchun yotib qolguncha otib qol, qabilida hujumga o‘tdi:

— Xulqim nochor bo‘lib haligacha birovga ziyonim tekkani yo‘q. Mabodo o‘ynatib kelganingizni minnat qilayotgan bo‘lsangiz — xush ko‘rdik! Endi Qizilqum tugul Oltinqumingizga ham bormayman! Men sizni bunchalik bachkana deb o‘ylamovdim. Xo‘sh, nomunosib kadrlarga kelsak, idorangizdagi odamlarning teng yarmi o‘z o‘rnida emas. Janoblari boshchilik qilayotgan mana bu dargohda qamalib chiqqan o‘g‘ri ham, xotinbozu piyonista ham, arpa bilan bug‘doyning farqiga bormaydigan chalasavod agronom ham bor! Tilimni qichitib nima qilasiz? Choy-chilimingizga qaraydigan yugurdaklaringiz nechta? Beshtami? O‘ntami? Siz ja-a haqiqatgo‘y ekansiz, avvalo o‘shalarni bo‘shating edi!

— Xo‘v, og‘zingizga qarab gapiring! O‘zingizdan-o‘zingiz nima deb valdirayapsiz?!

— Men ko‘rgan-bilganimni aytayapman. U yog‘ini so‘rasangiz, o‘zlarining orqa-boshi ham toza emas. Qizingizni qanday qilib institutga kiritganingizni… Salmonovning yiliga necha marta uyingizga kelib-ketishini… Dadashev degan yo‘q odamga oyma-oy mukofot yozib berishingizni, hammasini bilaman. Hatto otangizning o‘ligini ham ishxonadagilar ko‘mib berishdi-ku? yolg‘on deng-chi? — Jannatxon bir narsadan qo‘rqqandek yoqasini ushladi, — tovba qildim, yettisini ham, yigirmasini ham sovxoz direktorlariga yukladingiz-a? Uyaling-ye!

Jannatxon jinsi shimining kissasidan to‘rt buklangan qog‘oz olib Meliqulovning basharasiga otdi:

— Mana, hammasini ipga tizib qo‘yibman! O‘qing! Mendan sizga esdalik!

Qiz cho‘rt burilib eshikka qarab yurdi. O‘rol Mardiyevichning yapaloq beti avval ko‘kardi, keyin qizardi. Qalin lablari pir-pir uchdi.

— Yaramas! Xoin! — deb baqirdi u, — o‘lmasam, seni turmada chiritaman! Mana ko‘rasan!

Jannatxon o‘girildi, darrov «salom»ga «alik» oldi:

— Faqat bitta shartim bor. Turmaga birga boramiz. O‘zim kallangizni massaj qilib o‘tiraman. Axir, davleniyengiz bor, aka…

— Yo‘qol ko‘zimdan!!!

Eshik qarsillab yopildi. O‘rol Mardiyevich shapaloq yeganday bo‘ldi. Boshi aylanib, badani qizidi. Yuragi gupillab urdi.

U tortmadan dori olib ichdi. Ancha vaqtgacha mushtini jag‘iga tiragancha shiftga tikilib o‘tirdi. Keyin eshik og‘zidagi qorovul orqali shofyorini chaqirtirib uyiga jo‘nadi.

Meliqulov ikki kun ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi. Qon bosimi ko‘tarilibdi. Har safar dori ichmoqchi bo‘lib stakan changallaganida suvdan surati farishtadek, siyrati chayondek bir qizning aksi ko‘rinaveradi. Bu qizning jon olg‘uchi… yo‘q ko‘zlarini emas, so‘zlarini eslasa, yonib ketay deydi. «Dadashev meniki emas, bosh injenerniki. O‘zi topgan, o‘liktirigiga ham o‘zi javob beradi. Xo‘sh, idoradagi dumbulsavodlarga kelsak… bunaqa odamlar hamma yerda bor. Agar har kim o‘z o‘rnida o‘tirsa, o‘z ishini o‘zi eplasa, allaqachon kommunizm bo‘lardi. Ammo, Salmonovga o‘xshaganlarning sonini sal kamaytirsam bo‘larkan. Haligi sabilni ham (pora deyishga uning tili bormadi) ozroq olsam tuzuk ekan. Salmonov ham g‘irt axmoq. Birovga tugmaday yaxshilik qilsa, tuyaday qilib ko‘rsatadi. Og‘zining tanobi bo‘sh».

Meliqulov otasining ta’ziyasini xotirladi. «To‘g‘ri, boboyning o‘ligini ko‘mishga sovxoz direktorlari qarashvorishdi. Buning nimasi uyat? O‘zim ham bir amallab ko‘mardimu, aka, otaxonni bizga bering, biz ham savobtalabmiz, deb turishgach… nima qilay?»

Dunyoda odamning yolg‘iz o‘zi qiladigan yumush bor, birovga yuklasa ham bo‘ladigani bor. Masalan, birov uchun tush ko‘rish, suvda suzish yoki yig‘lash mumkinmi? Meliqulovning nazdida mumkin edi. Shuning uchun u, marhumga kimning ko‘mgani baribir emasmi, ishqilib ko‘milsa bo‘ldi-da, deb o‘ylardi.

Xullas, ikki kun yotib, O‘rol Mardiyevichning topgan aqli shu bo‘ldi: «Jannatxonni, albatta bo‘shatish kerak. Lekin uning qitiq patiga tegmay, aldab yo‘lga solgan ma’qul. Mushukning belini silasang dumini likillatadi».

Uchinchi kuni Meliqulov dadil yurib qabulxonaga kirdi. Jannatxon tumtayibroq bo‘lsa-da, o‘rnidan turib salom berdi. O‘rol Mardiyevich jilmayib, boshini liqillatdi.

Saldan keyin u qadrdon kreslosiga joylashib o‘tirdiyu qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Jannatxon kirdi. Odatdagidek eshikni yopib, suyanib turdi.

— Beri keling, — dedi Meliqulov ochiq yuz bilan. Qiz stulga kelib o‘tirdi. Boshliq iljayib jinjalog‘ini cho‘zdi;

— Yarash. O‘raga sichqon tushdi.

Jannatxon tilla tishlarini yarqiratib g‘amgin kuldi, indamay barmoqchasini uzatdi.

Meliqulov yoqimli, kuyunchak tovushda go‘yo sirini ochgan bo‘ldi:

— Gap bunday, Jannatoy. Men boshqa ishga o‘tyapman. Joylashyb olsam, keyin sizni ham obketaman. Harqalay, sinashtamiz, bir-birimizga tushunamiz. Shuning uchun mendan oldin bo‘shab, taxt bo‘lib turing.

Jannatxon kinoda bosh rol tekkan aktrisaday o‘ynoqladi:

— Ha, yolg‘onchi! — dedi barmog‘ini silkib,— pi-ip etkazib aldab ketmoqchisiz-a? Bilaman sizni…

Meliqulov ajablanib yelka qisdi.

— Yolg‘on aytsam, ana, tepamda chiroq!

— Be-ye! Hozirgi odamlarga ishonib bo‘larmidi? Ular chiroqni o‘chirib xudoniyam aldab ketyapti-ku.

— Men ketsam, bu yerdagilar sizga kun bermaydi. Xo‘p deng. Sizning foydangizni o‘ylayapman, Jannatxon.

Jannatxon ham ikki kun o‘y o‘ylab, bir qarorga kelgan edi: «Bu qovoqbosh baribir bo‘shatadi. Dod deganim bilan foydasi yo‘q. Boringki, haligi qog‘ozni ko‘tarib ministrlikka chiqdim, dey. Nima qilardi u yerdagilar. Nari borsa, Meliqulovga vigovor beradi. Ishdan bo‘shatishsa, yana boshqa yerga qo‘yishadi. Baliqni dengizdan olib ko‘lga tashlaganday gap. Baribir baliqning nasibasi butun. Meliqulovga o‘xshaganlar yomonlikka olsa, har balo qilishi mumkin. O‘zim bir sag‘ir bo‘lsam. Orqamda «Bizning Jannatxon qalay, yaxshi ishlab yuribdimi?» deb turadigan ishongan kishim bo‘lmasa. Iyib turganda beradiganini olay-da, idorasiga burnimni qoqay».

— Mayli, men bo‘shayman, — dedi qiz jiddiylashib, — lekin haqqimni to‘laysiz. Bekor yuradigan kunlarim uchun.

Meliqulov avvaliga suyunib ketdi. Ammo «haq»ni eshitib, aftini burishtirdi.

— Qancha to‘lay, e, pulni qayoqdan olaman?

— Bilmasam. Topasiz-da. Mukofotingizni bering. Qarz ko‘taring. Men rozi bo‘ldim-ku? Ketmayman desam nima qilardingiz?

— To‘g‘ri. Yashang, Jannatxon! — deb yubordi O‘rol Mardiyevich shoshganidan. So‘ng kalovlanib, stol tortmasini ikki marta ochib yopdi. Cho‘ntaklarini paypasladi. Beixtiyor seyfga qaradi.

— Oching seyfni! — Amr qildi qiz. Meliqulov kalit olib o‘rnidan turganini bilmay qoldi. Jannatxon lip etib uning yoniga bordi.

Seyf sharaqlab ochildi. Meliqulov qora tuynukka qo‘l yuborib, bir dasta pul oldi. Tishini sug‘urib berayotgandek, ming azobda qizga cho‘zdi:

— Mang. Ikki yuz so‘m. Birovning omonati edi.

— Picha qo‘shing, — dedi qiz hansirab, — siz bilan boshqa ko‘rishmaymiz endi. Odam yetti yot begona otarchiga ham qistiradi ikki yuzni. To‘rt yil qatiq yalashdik.

Meliqulov ikkilandi. Nimanidir o‘ylab turdi-yu, yana bir changal pul olib, Jannatxonning qo‘liga tashladi.

— Mana. To‘rt yuz bo‘ldi. Har yilingizga yuz so‘mdan.

U jahl bilan seyfni yopdi. Joyiga kelib o‘tirdi. Jannatxon pulni darrov qog‘ozga o‘rab oldi. Kresloga yaqinlashib, o‘ng betini tutdi:

— O‘ping!

Meliqulov cho‘chib, kallasini tortdi.

— Ie, iye, jinni bo‘lmang, Jannatxon…

Qiz go‘yo hadiksirab shivirladi:

— Tezroq bo‘laqoling. Birov kirib qoladi.

Meliqulov, «Shu balodan qutulay», deb o‘yladi, nomiga qizning betiga labini tekkizib qo‘ydi. Qiz ikkinchi yuzini o‘girdi.

— Endi bu yog‘idan.

Meliqulov darrov o‘pdi-yu, «Bas, jo‘nang!» degandek qo‘l siltadi. Qiz xoxolab kuldi.

— Qo‘lga tushdingizmi, Meliqulov! Guvoh yo‘g‘ida ham o‘par ekansizu? Endi nima deysiz?

O‘rol Mardiyevich o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. «Bo‘shamasa-ya? — qo‘rqdi u, — pulini oldi, o‘pichini berdi. Ketmayman, deb oyog‘ini tirab tursa-ya?»

— Qo‘rqmasinlar, sobiq xo‘jayin, — dedi qiz kulgidan to‘xtab, — men gapidan qaytadigan nomardlardan emasman. Idorangiz o‘zingizga buyursin. Jannatoy omon bo‘lsa hali gul kesadi. Chao!

U g‘olibona yurish bilan Chiqib ketdi.

…Hamma narsaning ibtidosi, intihosi bor. Umri tugasa, chinor ham yiqiladi, buloq quriydi, anvoyi gulchambar xor-xasga aylanib, supurindiga tushadi. Zamonning zayli bilan Meliqulov ham otdan tushib, piyoda bo‘lib qoldi. Kech kuz. Yomg‘ir shivalab yog‘yapti. O‘rol Mardiyevich plashining yoqasini ko‘tarib, avtobus bekatida turibdi. Ilhaq bo‘lib yo‘lga qaraydi. Shu payt yonginasiga g‘izillab qizil «Jiguli» kelib to‘xtadi. Rulda sochini chambarak qilgan suluv bir qiz o‘tiribdi. Qiz o‘ng yonboshiga engashib Meliqulovni chaqirdi:

— Ho‘v, o‘rtoq piyoda, o‘tirsinlar, tashlab ketaman!

O‘rol Mardiyevich mashinaga qarab yurdi. Shaxt bilan eshikni ochdi. Rulda iljayib o‘tirgan Jannatxonni ko‘rdi-yu, bir zum o‘ylanib qoldi. So‘ng eshikni qarsillatib yopdi.

Jannatxon qattiq gaz berdi. Mashina kuch bilan oldinga sapchidi. So‘ljayib turgan Meliqulovning basharasiga, usti-boshiga loy sachratib ketdi.

TAMOM

 

Quvnoq Qitmir hangomalari

 

“Yoshlmk” 1982/10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.