18 daqiqada öqiladi

390 marta körilgan

Oqbadan parivaş nigohi

Asad Dilmurod

(Hikoya)

Arxeologik qöriqxona sanalmiş qadimiy Afrosiyob xarobazorini keçayu kunduz qöriqlovçi afsungar: soçlari tölin oy şuʼlasidek şokila-şokila oqbadan parivaş!..

Yuragi tiğ tilgandek simillab sançayotgan Zarina yonida tizzalagan yolğiz öğli – Arslon burji ostida tuğilgan Sevinçakning böy-basti va marhum eri Hikmat Roziqning dahliz devorida osuvli rangli suratiga termila-termila qoronğilik qaʼrida sonsiz nigohi  sokin çaqnayotgan sukunatni şu taxlit sifatlar edi. 

– Naqadar himmatlisan, ey muşfiq ayol!..

Harir libosli oqbadan parivaş nimadandir çöçiyotganday iymanib asta şivirladi, dilbar musiqaday yoqimli ovozi sokin havoda bir zum titrangaç, Sevinçak dilida aks sado berdi.

Kuçli dori taʼsirida yarim tunda Zarina nihoyat mizğidi, lekin har xil qörqinçli tuşlar körib, uyqusida ham halovati bölmadi, ajabki, negadir nuqul, Anuşbiy dili zanglagan  kas, deya alahlar va yupqa lablari quruqşab qarğanar edi. Tong bözarmay suyagi beşbattar oğirlaşib uyğondi, lekin heç bir tuşini eslolmadi.

– Doim şu odamga tiş qayraysiz, sababi nimada? – Qandaydir şubhaga kömilgan Sevinçak maʼyuslanib ğudrandi. – Bir marta u qöli egri muttaham degandingiz, nima, otam qölyozmasini öşa öğirlaganmi?

 Zarina ğaşlik oğuşida behol titrandi, axir, könglida qançadan-qança alamu armon, qayğu-hasrat va nadomat toğdek uyilib yotibdi. Lekin ulardan birortasini sirtiga çiqarişni istamas, aniqroği, bunday qilişdan behad çöçir edi. Şu bois hozir Sevinçakning savollari javobidan atay tiyildi va uni çalğitiş maqsadida Afrosiyob taqdiri behisob ötkir nigoh va biyron til sohibi  bölgan sukunat, yaʼni badani simob tusli malak taqdiriga çambarças boğliq ekanini maydalab izohlaşga kirişdi. 

Sevinçak otasi Hikmat Roziq qölyozmasi masalasida Zarinani, yurak xuruji tutib qolmasin degan öyda, boşqa qistovga olmadi, qolaversa, onasi közlariga qarab içidagini andak bilgan, aniqroği, oqbadan parivaş nigohi orqali könglini öqigan edi. Qayta-qayta uni ovutib va doim taniqli olim ekanini aytib maqtanuvçi Anuşbiyni laʼnatlab, işga jönagan zahoti  poyiga oqbadan parivaş poyandoz bölib töşaldi. Haybatli qiyofaga kirgan sirli xilqat butun Afrosiyob, ayniqsa, otaşparastlar ibodatxonasi hamda jome masjidi qoldiği peşida çarx urayotgandi. Tez orada doktorlik yoqlaydigan Anuşbiy nazoratidagi mazkur nuqtada hozir yaqinda harbiy xizmatdan qaytgan va oddiy işçilikka yollangan Muslim yolğiz erinib ter tökayotgandi. Qisqa salomu alikdan keyin Sevinçak ham yeng şimardi va yoğoç dastali nozik kurakça uçini şörlagan devor biqiniga avaylab botirdi va öşa zahoti butun vujudi  quloqqa aylandi.

Ey öğlon, qutluğ tongda Yölbars burjidan kelgan vahiyga köra, hozir ruhlarimiz  birlaşur!..

Oqbadan parivaş Sevinçak atrofida ipak kabi eşilib va xuşnud nozlanib  paymonayu patak edi. Muhimi, falakdan harorat hamda quvvat özlaştirgan sehrlovçi muloyim ovozi har bir qariç taqron yer, yaʼni özaro tutaş bukri döngliklar, eski poydevor  toşlari, parça-puriş sopolu ğişt siniqlaridan bir maromda tomçilab sizayotgandi.

Sevinçak sal ilgari Zarina  taʼkidlagan jiddiy eʼtirofni xotirlagan zahoti ğalati orziqdi, jazirama issiqda çatnab olovlangan quruq şoxu şabba misoli olovlangan ruhi oqbadan parivaş ruhiga çirmaşdi. Söng nogahon tuğilgan nigoh ilğamas daryo jismini qaygadir oqizib ketdi va ajib safar mobaynida allakim "Samoviy yölbars doimiy madadkoring" degan gapni muttasil uqtirib turdi.

Sevinçak seskanib közlarini oçganda möylabi sabzalagan va közlari ötli çayirgina bözbola edi; kökrak qafasida jasur hayvon yuragi potirlab tepayotgandi va şovqinu suronga töla Siyob bozorida bemalol hammollik qilib yurardi. Zildek qopni aravaga ortayotganda bir töda xaridorni oğziga qaratib sayrayotgan Anuşbiy eʼtiborini tortdi. Rapida betli bu odam doğuli moyfuruş sifatida tanilgani va toşu tarozidan qörqmay urişi haqida tarqalgan turli ğiybatlarni eslovdiki, tağin ruhi oqbadan parivaş ruhi bilan birlaşdi va öşa zahoti yaralgan jöşqin daryo vujudini Afrosiyob qöriqxonasi sari eltib taşladi…

Sevinçak atigi bir neça soniyada qariyb öttiz asrlik masofa böylab  sayr qilib qaytganiga ajabsinar va miyasida nuqul azizu avliyolar oldida ikki dunyo bir qadam naqli ğimirlar edi. Söng Yölbars burji yöllaydigan vahiy va oqbadan parivaş afsuni asosida keçadigan ajib sayohatga ehtiyoji muttasil ortaverdi va yetti iqlim bojiga tatiydigan karomat ilmu amalini tugal egallagan kimsaga evrila bordi. Ajib holatga ipsiz boğlangani sayin  gullab-yaşnagan davrini muttasil tuşlarida köradigan, muhimi, ilgari Zarina va Hikmat Roziq astoydil suygan Afrosiyob quçoğiga yanada zoriqib talpinar edi. Qadim zaminga qadam bosgaç, volidayi mehriboni behad oğir betobligi, padari buzrukvori yoruğ dunyodan toabad keçib ketganini ezilib öylardi-da, jami şodligu ğamini bölişişga tayyor nazokatli oqbadan parivaş nigohi orqali tevarakka razm solardi.

– Ey Afrosiyob, sen buyuk armonsan!..

Tasodifan volidasini topgan yetimday hapriqadigan Sevinçak naʼrasi köksidagi samoviy yölbars yuragi tubidan butun Afrosiyob xarobotini uyğonişga undab otila çiqar, moviy böşliqni tebratgaç, oy va yuduzlar oşyonini quçar edi. Navbatdagi iş kunini ham şu yösin boşlagani uçun himmatli oqbadan parivaş olqişini qozondi, xuşlamay qimirlayotgan Muslimdan esa nordon dakki eşitdi. Saldan keyin u patak­lagan soçlari çangini qoqib, köhna tarix siymosida çandiq bölgan bu makonni qaytib yelkamning çuquri körsin tarzida kesatib juftakni rostladi. Sevinçak oğrinib keskin qöl siltagan ediki,  röparada Anuşbiy kayfiyati sozligida hamişa zamona Tömarisi deb erkalaydigan sarv qomatli va xuşsuvrat malak Komila böyladi.

– Opajon, yaqinda sukunat afsuni yordamida hali Iskandar Zulqarnayn qöşini toptamagan navqiron Afrosiyobni ziyorat qildim va sizni Zarduşt haykali yonida kördim!..

– Avvalgi hayotimda haykaltaroş bölganman!

 – Naqadar omadlisiz, opajon!..

– Barçamiz keçmiş adosimiz, ammo u bizga aslo zor emas! – Komila muloyim kuldi va kaftidagi tuproqni öpdi. – Otangiz Hikmat Roziq asarlariga şu fikr singdirilgan!

– Rahmatli taqdiridan qoniqmay ötgan!..

 Sevinçak nogahoniy xitobida Hikmat Roziq arxeologiya jabhasida juda  erta tanilgani, alohida mavqe egallagani va keyin omadi çappa qaytganini nazarda tutgandi. Çindan ham, u yigirma beşga tölmay Afrosiyob keçmişiga doir dolzarb mavzuda dissertatsiya qoralagandi. Ammo negadir birdan astrologiya yönalişi diliga çöğ taşlab, öylamay-netmay himoyani ortga surdi-yu, falak burjlari bilan taqdirlar örtasida mavjud aloqadorlik hamda bu jarayon samaralari ustida tadqiqot ötkaza boşladi va takroriy umr kategoriyasi böyiça alohida nazariya yaratdi.

Hikmat Roziq moddiyatu ruhoniyat doimiy ravişda özaro birdam ekanini aniq dalillar vositasida qatʼiy isbotladi va natijada davridan ança özişga erişdi. Biroq kuyib-pişib ilgari surgan muhim nuqtayi nazari yöqdan boru bordan yöq bölmas aqidasi asosida suyagi qotgan zehni pöstak qitmir zotlar, jumladan, özini dangal bölajak dahoga mengzovçi Anuşbiy zarbasiga uçradi.

Haligi aqidani oğişmay yoqlaydigan nufuzli namoyandalar pinjiga suqulişni çötlagan Anuşbiy tinmay Hikmat Roziq uçun çoh qaziyverdi va oxiri u mudhiş xatar taşiydigan yot mafkura layçasi degan mazmunda maxfiy organga yumaloq xat yölladi. Natijada jonini qaqşatib, tinkayi madorini qurituvçi tergov boşlandi. Tintuv çoğida kitoblari orasidan Avesto va Qurʼoni Karim topilgaç, bir yöla şöriga şörva tökildi: firqalik hujjatini topşirdi va qölga kiritgan şuhrati tepasidan mağzavaga evrilib ağdarildi. Öligi tayga örmonida kömilgani va poçta bu haqda mavhum mujda yetkazgani, ayniqsa, alamli edi.

Qabri qaydaligi nomaʼlum Hikmat Roziq qamalgan kuniga qadar köp mablağini kelajak uçun munosib meros bölişga yaraydigan boy kutubxona yaratişga sarflagandi. Sevinçak hamişa böş vaqtini derazasidan oqbadan parivaş möralab qöyadigan ana şu kutubxonada keçirar va baʼzan keçalari aylana javondek qadrli divanda uxlar edi. Javonda eʼzozlab saqlanadigan va Hikmat Roziq imzo çekkan kökiş muqovali qalin risola jonu dili va yupançi edi. Köp olimlarni hayrat va ğazabga solgan mazkur jildda göyo ibtidoiy davrdan to hozirgaça Afrosiyob bilan birga neça bor ölgan va tirilgan sukunat yaşirinib olgandi. Ayni paytda tasavvuf va astrologiya taʼlimotlari, xususan, takroriy umr kategoriyasi, komil va johil ruhlar, özaro öxşaş voqealar, qayta keçadigan umrlar, şodlik va musibat tuşunçalari mohiyatini şarhlardi, qolaversa, naqd milliard xayol quçolmas galaktika çegaralari böylab soçilgan behisob sayyoralar ham sukunat irodasiga böysunişi va ularda  yerdagi barça narsaning egizagi mavjud bölişi töğrisida noyob maʼlumotlar tortiq  qilar edi…

Sevinçak diametri million kilometrli quyoşdan million barobar yirik qaysidir nomaʼlum yulduzda qiyofadoşi yaşayotgani, Atlantika yoxud Hind ummonlari çayqalib yotgani, Niagara şovvasi pişqirayotgani, Elbrus toği yuksalib turgani, Amu yoki Sir daryolari şarqirab oqayotganini taxminlab beixtiyor jilmaydi. Yana bir karra köhna dunyo möjizalar öçoği ekanini çamalar ekan, Afrosiyobning beliga belboğ misoli öralgan ilang-bilang yölni çangitib ohista yelayotgan zarğaldoq tusli yengil maşina uzun-qisqa signal çaldi va hademay ibodatxona bilan jome masjidi qoldiği biqinida ilkis qalqib töxtadi.

Toyçoqdek bezatilgan temir ulovdan imillab tuşgan oltmiş yoşlardagi barvasta qomatli kişi – arxeologiya instituti bölim mudiri Anuşbiy içi burab oğriyotgandek be­zov­ta bölayotgandi. Negadir tevaragiga tahlikali alanglar, javdirab tepakalini silar, yoqasiga tuflar va köksini çangallab törsayar edi. Söng loklangan tuflisini çangga belamaslik uçun şoşilmay ilgarilab, Afrosiyob xilvatlarida xufya istiqomat qiladigan jodugardan kuyinib nolidi.

– Sukunatni aytyapsiz-da, ustoz! – Komila ulkan jahonşumul sirni foş etayotgandek hayajonlandi. – Marhum Hikmat Roziq astrologiya ilmiga doir maqolasida uni oqbadan parivaş deb taʼriflagan!..

– Oyim qiz, agar xotiram aldamasa, dastlab bu iborani Zarina isteʼmolga kiritgan! Qurib ketsin, sukunat juda yovuz va qadimda qonga belangan qöllari bilan meni hozir böğayotir!

– Yöğ-ye! – dedi Komila taşvişlanib.

– Qaçondir Hikmat Roziq ilgari surgan astrologik motivlarni yakson qilib taşlovdim. Keyin bilsam, u haq ekan! Endi esa samoviy sayyoralar irodasiga köra taqdirlar takrorlanişi hodisasiga işonaman va bugun özim ikkinçi yoki uçinçi umrimni yaşayotganimga aminman!..

– Ilgari moyfuruş edingiz va boşqa kasbdayam işlagansiz! – Sevinçak sendaqa buqalamun nokaslar uruğiga qiron kelsin maʼnosida tişlarini ğiçirlatdi va hujum boşladi. – Endi esa olimsiz, yöq, olim emas, xaşaki kosibsiz!..

– Öv galvars, miyangning qatiği açib qopti-ku!

Sevinçakning uçiriqlari oynadek tiniq yoz osmonini titratgan qaldiroqday taʼsir qilgani bois Anuşbiy ölarday dovdiradi va öta zabun ahvolini yaşiriş payida beöxşov hiringladi. Nazarida hozir qarşisida aşaddiy raqib öqrayib turardi. Çindan ham, Zarina olti oyligida yetimxonadan olib tarbiyalagan va öris tuproği yutgan eri Hikmat Roziqning familiyasiga ötkazgan bu turqi sovuq razildan har baloni kutiş mumkin. Lekin özi asrandi farzand ekanini haligaça bilmaydi. Qurmagur Zarina qölyozma mojarosini yuragiga siğdirolmay oğzidan gullagan körinadi. Vaholanki, Moskvadan fan nomzodi bölib qaytgaç, agar joningdan umid qilsang tilingni tişlaysan, tarzida zahrini soçar ekan, poyiga yiqilgança barisini dilida narigi dunyoga olib ketişga qattiq vaʼda bergan va manovi sötakni hamişa qöllab yurişini ötinib söragan edi…

– Agar kamolga yetişni istasang, betimga bunaqa sapçima!.. 

Tönini butunlay teskari kiygan Anuşbiy talaffuzida men ona sutiday pokman va tangri taolo inoyatiga binoan osmonni uşlab turgan ustunman qabilidagi maʼno pinhon edi. Ayni paytda törsaygança Sevinçakni çayonga meng­zadi va bu xudbin meni çaqmay men uni çaqişim maqsadga muvofiqdir, deb qöydi içida…

Sevinçak köhna dunyoda rostu yolğon özaro qorişib ketganini taroziga solayotganda oqbadan parivaş qöriqxona uzra harir soçlarini mayin-mayin yoyib taşlagan edi. Hayal keçmay Yölbars burjidan quyoş nuridan qolişmas tiniq şuʼla pirpirab yoğilgaç, jöşqin ruhini Sevinçak va Anuşbiy ruhiga payvandladi. Bexosdan tuğilgan nigoh ilğamas daryo osuda pişqirdi va köpirib toşa-toşa moziy qatlamlari sari intildi.

Sevinçak endi behad olis ğuborli masofani özidek beixtiyor jodulangan Anuşbiy hamrohligida bosib ötdi va birlamçi hayoti uçun xos muhim davr issiğu sovuğiga aralaşib ketdi. Endi u faqat qorin ğamida hammollik bilan şuğullanuvçi soddagina ösmir emasdi,  aksinça, muşt urib toğni talqon aylaş va har qanday xuşröy sanamni izida kuz yaproği misoli sarğaytirişga qodir bahodir bölib, Spitamen qöşinida mardona xizmat qilar va navqiron Afrosiyob sari qiliç yalanğoçlab kelgan fotih Iskandar  kallasini sapçadek uziş uçun qasam içgan edi. Mudom ziyraklikni qöldan bermay, oxiri saroy kotibi Anuşbiy şaharni taşqariga boğlaydigan maxfiy yer osti yöli tarhini bosqinçi sarkardaga yetkizgani va undan beqiyos siylov olişga erişganini aniqladi.

Spitamen farmoniga köra, Anuşbiy qattol dor sirtmoğida tipirçilab uzilgan paytda ğanim qöşinidagi ilğor qismlar yer osti yölidan navqiron Afrosiyob içkarisiga kirib ulgurgan edi. Jasur himoyaçi askarlar yonida Sevinçak şerdek öktamona savaşdi va oxiri daydi kamon öqidan yaralanib ingrab yiqildi. Jasadlar orasida behol yotarkan, betiga nogoh oqbadan parivaş nafasi urildi va darhol ruhlari özaro qovuşdi. Jismu jonini ajib inqilob çulğagan damda negadir Anuşbiy ismli murdorga boşqa sira işim tuşmasa kerak deb şivirlar, ayni paytda olis masofani tağin birga bosib ötayotganini sezib turar edi…

 Sevinçak aqlu idroki, ong-şuuri va qalbini örab-çirmagan afsundan qutulganda Afrosiyobni botayotgan quyoş tafti çulğagandi. Negadir Komila körinmadi: uyiga jönagan bölsa kerak. Arpasi xom örilgandek törsaygan Anuşbiy maşina motorini çuqalab ovora edi. Goho çor atrofga tulkidek hadiksirab boqardi va tangasimon közlarini birlamçi hayoti davridagi mudhiş  gunohi uçun dorga tortilgan paytda borliğini titratgan talvasa qamrar edi.

Sevinçak  pixini yorgan Anuşbiy yaqin orada bajargan qinğirlik olis keçmişda xufya ado etgan manfur qilmişi oldida  urvoq ham emasligini çamalab xitlandi. Munofiq banda gullab-yaşnagan Afrosiyob xarobazorga dönişi uçun zamin yaratgani, bugun esa uni kavlab yarasini yangilayotganini öylagani sayin anordek ezildi va hovlilari darvozasidan mastu alast kabi dovdirab kirdi. Oşxonada keçki ovqatga unnayotgan Zarina köpçib qizargan rang-rö­yiga tikilarkan, Afrosiyobda ğalamis Anuşbiy bilan töqnaşgani va örtada jiddiy noxuşlik keçganini taxminladi.

Zarina tobora diqqati oşayotgan Sevinçakni qorningni töqla va hordiq yozgin deb dahlizga çorladi. Imillab dasturxon tuzayotib, devordagi Hikmat Roziq suratiga beixtiyor qaradi-yu, ilkis köksida nimadir portlab, şuuri oysiz keçadek qoronğilaşib, qirmizi patgilam töşalgan sahnga şalvirab quladi.  Şoşilinç yordam maşinasi kasalxonaga yetkazganda hademay joni uziladigandek behol ingranar va goho meni xiyonat yuho yangliğ yutmoqda, deb alahlar edi.

Soçlari qirovlagan davolovçi vraç kuçaytirilgan  rejim xonasi eşigi oldida uyqusirab, onasi ahvoli ança yaxşilangani haqida xabar berganda tun yarimlagan edi. Köngli ança joyiga tuşib, yengil tortgan bölsa ham uyga qaytmadi, tong quyoşini şu yerda oqbadan parivaş suhbatini tinglab bedor qarşiladi. Endi darhol onasi yoniga kirişi, iliq sözlar aytib uni yupatişi, umr egovi sanalmiş ikir-çikirlar va ğiybatlarni unutişga çaqirişi lozim. Söng gurung orasida albatta Hikmat Roziq qölyozmasi taqdirini ezğilab suriştiradi, negaki, behad mötabar meros sanalgan öşa xazinani, çindan ham, Anuşbiy ömarganmi yoki xudodan tongan boşqa yaramas nusxami – aniq bilişi va keyin gunohkorni jazolaşu xumordan çiqiş tadbirini körişi lozim.

Sevinçak maqsadini aytib har qança yolborsa ham, navbatçi hamşira sira erimadi va qovoq uyib yölini tösdi, negaki, oddiy palataga ötkazilgan zahoti onasi tağin aqlu huşini yöqotgandi, agar halovati buzilsa battar oğirlaşib qolişi mumkin edi.

– Ukajon, keyinça psixiatr tekşirsin. Qattiq botmasin-u, özini sal anaqaroq tutadi. Aytimlari qiziq: Afrosiyob ulkan anduh va armon qaʼriga dafn etilgan sirli mayit emiş! Toabad uni buyuk guvoh sifatida afsungar sukunat qöriqlarmiş, yopiray!..

Nihoyat söylaşdan tiyilgan hamşira odamzod feʼlu atvorini tuşuniş qiyin maʼnosida ingiçka qoşlarini çimirdi va xizmat stoli oynasi tagidan yupqagina kökiş konvert olib uzatdi. Köngliga butkul qil siğmay qolgan Sevinçak konvertni oçmay şartta bukladi-yu, yengi kalta köylagi çöntagiga tiqib qöydi. Onasi bitgan maktubni tinçroq joyda ötirib, xotirjam öqiş muddaosida edi. Ammo hardamxayol bölib qolgani sababli beş-ön qadam bosmay niyatini unutdi. Oqbadan parivaş tolim-tolim harir soçlarini böyniga örab erkalanayotgan damda Anuşbiy ibodatxona va jome masjidi qoldiği oldida besönaqay qöllarini beliga tiragança Komila zimmasiga muhim vazifa yuklayotgan edi. Yozgi jaziramadan saqlaniş uçun tiklangan omonat şiypondagi qölbola stolga yozilgan  puşti dasturxonni iştaha qözğaydigan turfa nozu neʼmat bezagandi va bu rizqu nasiba biror ajib hodisa darakçisiga öxşardi..

– Xöş desak, ötoğa1 atrofini kengroq oçiş kerak!  Kazo-kazo qadimşunos olimlar jamoasi Toşkandi azimdan kelib, uning haqiqiy ilmiy bahosini beriş iştiyoqida!..

Qaçondir abjir yugurdaklar tayyorlagan ğöla-sarjin qatori payğambar Zarduşt örtaga taşlagan Ezgu söz, Ezgu fikr va Ezgu amal yöriqlari özaro birikib yongan ötoğa Komila va Sevinçak izlanişlari natijasida tösatdan topilgan va katta şov-şuv qözğagan edi.

– Ammo iş böri emaski, örmonga qoçsa, Katinka! Siz tuğilgan kun bahona bir miriqib yayrasak! Ana, dasturxon muntazir! – Anuşbiy odatiga köra tepakalini silay-silay şiypon sari yönaldi. – Xöş, baraka topkur, Sevinçak, sen ham quvonçimizga şeriklaş!..

Asalday totli lutfu ehsondan yanada gul-gul oçilgan Komila "qarisa ham quyulmagan bu odam" degan öyda çimirildi va  şiypon peşida  minğirlab ivirsiyotgan ğölabir kimsaga zimdan razm soldi. Hakka burunli ğalati nusxa dumkaşak ekanini  Sevinçak darhol payqadi va içida nimadir kirpi misoli ağanadi. Şifoxonada jon talaşayotgan Zarinani eslay-eslay yoğoç kursiga çökar ekan, Yölbars burji yöllagan vahiydan ilhomlangan oqbadan parivaş köngli iqlimini işğol qildi va köhna dunyoda ezgulik böstonidan jaholat jari köproq uçraşini taʼkidlab qöydi.

Tozidek abjir dumkaşak özini xotirjam tutayotgan Anuşbiy imosidan keyin maydon talab aylagan polvondek şişindi va kosagullik qilişga kirişdi. Kiçik davra hurmati uçun egilib taʼzim qilgaç, tölatib ötkir may quyilgan guldor finjonni boşi barobar kötardi, ayoldek nozlanib jilmaydi-da,  kutilmagan tomoşa oxirini kutayotgan Sevinçakning tumşuğiga öngladi. Dumkaşak Anuşbiy va Komila sari yuzlangan hamono Sevinçak oqbadan parivaş nigohidan ajib maʼnolar uqib rağbatlandi. Mana endi Anuşbiy yoqlagan nomzodlik dissertatsiyasi aslida otasi Hikmat Roziq Afrosiyobda olib borgan muşkul izlanişlar mevasi ekanini töla  oşkor etiş mavridi keldi, ixtiyorida gumonu taxmindan boşqa tayinli dalili bölmasa-da, bu xususda kesib-kesib dadil söylaşi kerak.

Qisinib-qimtinib ötirgan Komilani maqtovga kömgan va nutqini  "Erta jami ilm ahli sizga topinişi uçun içamiz" qabilida yakunlagan Anuşbiy iljayib joyiga qöngaç, Sevinçak şerdek sapçilab qözğaldi. Çeksiz afsusga kömilib, xiyol oqargan lablarini  qonatgudek  tişlab, şodu xurram qarsak çalgan dumkaşakni ğippa böğdi  va haligi finjon girdini asta lablariga tegizdi.

– Bir tomçiyam qolmasin.

– Nasibang özingga buyursin, ukajon!

– Borini aytmasangiz, oğzingizdan quyaman!

– Mayga sekin taʼsir qiluvçi oğu aralaştirdim!

– Ana xolos! Xöş, neçun, muloyimxunuk aka?!

– Manovi boyvaçça munosib siylayman deb avradi!..

Xasu xaşagi tamom oçilgan Anuşbiy garangday talpanglab şiypondan uzoqlaşgan dumkaşak ortidan tiriklay pöstingni şilmasam va içiga somon tiqmasam otim öçsin maʼnosida muşt dölğadi. Dumkaşak tilini ğalati öynatib mazaxlar ekan, bir kulib, bir kuyayotgan Sevinçak daholikka daʼvogar zotni ilkis tepib qulatdi, dodlab yolborsa ham pinak buzmay, qazuv çoğida yiğilgan şörxok tuproqqa böğzigaça kömdi va qahru ğazabini umuman tiyolmay qiçqirdi.

– Birodar, hoziroq barisiga iqror böling, yöqsa manovi mayni içişga majbursiz!..

Afrosiyob qöriqboni taʼqibi ostida çirigan uvada lattadek titilayozgan Anuşbiy avval lab yormay öqraydi, söng, "Heç qaçon unday gumrohlik köçasiga oyoğim tegmagan"  deb asabiy tönğilladiki, battar jahli qözigan Sevinçak ilkis tom böyi sapçiladi va terdan ivib tanasiga çippa yopişgan yengi kalta köylagi tugmalarini şoşilib yeçdi. Finjonda sovuq yiltirayotgan  mayni dağ-dağ uçayotgan Anuşbiy oğziga quyiş qasdida egilarkan, nigohi köylak kissasidagi konvert qirrasiga qadaldi va undan çiqqan bir parça qoğozda bitilgan sözlar göyo birdan dahşatli hasrat alangasiga evrila-evrila butun jonu jahonini ayovsiz kuydirib kul qildi.

 "Azizdan aziz nuridiydam, tunov kuni köng­limni butunlay tökib, andak yengil tortiş ilinjida edim. Attangki, niyatim uşalmay doği alamda aziyat çekdim. Köpdan buyon seni tamomila omaddan qisilgan Hikmat Roziq qölyozmasi taqdiri qiziqtiradi. Lekin agar qurib ketgur muammo faqat şundan iborat bölsaydi, köpam ezilmasdim va oxirat safariga xotirjam jönardim.

Kuçu ğayratim borida men ham binoyidek moziyşunos edim va yetarliça qoniqişim uçun olimlik kifoya emasligini tuşunardim. Köp attangki, avvalgi hayotimdagi kabi, bunisida ham tirnoqdan qisildim va köpinça yarador qarçiğaydek bözlab hamda xudoga yolborib tong ottirardim. Qattol musibat Hikmat Roziq bözbola paytida orttirgan oğir dard oqibati ekanini bilgaç, noiloj taqdir hukmiga böysundim. Muolaja rejasini tuzayotganda u tuhmat balosiga uçrab  beş yilga kesildi va xoki begona yurtda qoldi. Motam libosida tinmay yiğlayverib bukilayozdim va yoşim quridi. Yoruğ dunyodan nahot befarzand ötsam degan aççiq armon bağrimni yoqayotgani bois, oxiri inonu ixtiyorimni institut va köçada soyamga aylangan Anuşbiy ilkiga topşirdim. Oddiy nikoh töyidan keyin bir yarim oy ahilu inoq yaşadik va u qöqqisdan suvga çökkan toşdek yöqoldi. Marhum Hikmat Roziq igna bilan quduq qaziganday qiynalib yozgan, tişi kavagida asragan va men uçun ham qimmati baland bölgan qölyozmani tunda öğirlab qoçibdi. Asil maqsadi xudbinligu nobakorlik ekani yetti uxlab tuşimga kiribdimi deysan. Çeksiz puşaymonda örtana-örtana zarçadek sarğaydim va lekin qaniki sud aylasa! 

Vallomat tobutkaşim, öşa qölyozmada jamlangan ilmiy qaraşlardan unumli foydalangan Anuşbiy Moskvada dissertatsiya yoqlab, Samarqandga qaytgan kunda sen paxmoq soçli durkun ösmir eding. Heç qanday bedodlik röy bermagandek, nokas olimça betiga yetti qavat çarm qoplab, atrofimda yana parvona böliş uçun intildi. Biroq tutqiç bermay, qahru ğazabimni bağriga nayza yangliğ sanç­dim, muhimi, öla-­tirila seni yaşirdim va oxiri asrandi öğlim deb qutuldim.

Ey könglim çiroği, ilmu urfon va haqiqat izlab, qabohat dunyosida adaşgan Hikmat Roziq familiyasi şaʼningga yaraşadi. Ammo tomirlaring böylab fidoyi inson tafakkuri yaratgan kaşfiyotni özlaştirgan firib odami qoni oqayotganini qanday izohlaşni bilmayman. Qodir egam iloyo yorlaqab, doim imoning gavharini pokiza asragaysan va çorasizlik domiga ilingan men muştiparni keçirgaysan!.."

Agar hozir möjiza röy bersa va şundoq köz öngida Afrosiyob xarobasi örnida avvalgi navqiron şahar qad rostlasa Sevinçak bunçalar ajablanmas va esankirab yoqa uşlamas edi. Bexosdan sokin olovlangan oqbadan parivaş muloyim ovozda piçirlab ovutar ekan, battar ezildi va temir parçasi misol çöğlangan yonoqlarini duvillab şörtak yoş yuvdi. Söng közlari oldiga qora parda tortgan va dilini rutubatga burkagan maktubni asta şiqirlatib ğijimladi va bir çetga irğitdi.

Nimanidir payqagan Komila xatni javdirab öqiyotganda Sevinçak haligi finjonni şiypon ustuniga urib sindirdi,  allatovur öksinib va ingranib depsingaç, oğzini kappa-kappa oçib xirillayotgan Anuşbiyni  tutqunlikdan böşatdi-yu, ilonizi söqmoq böylab çopa ketdi. Hademay ismsiz tuyğularga çulğanib, ehromga öxşaş tepalikka örladi va çor atrofni oqbadan parivaş nigohi orqali parişon kuzata boşladi…

Asad DILMUROD,

Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi.

1947-yili tuğilgan.

Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.  “Osmonning bir parçasi”, “Toş burgut”, “Sirli zina”, “Şerdor”, “Mulk”, “Girih”, “Toğlar, sukut saqlamang”, “Oq ajdar sayyorasi”, “Mezon burji” qissalari, “Afrosiyob sukunati”, “Köçki” kabi kitoblari naşr etilgan.

“Mahmud Torobiy”, “Fano daştidagi quş”, “Pahlavon Muhammad” singari romanlar muallifi.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…