“Eynshteyn jumbog‘i”

0
138
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

1

Dekabrning asov shamoli tun bag‘rida o‘zini har yonga urib, bo‘riday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bag‘ridagi chiroqla­rini o‘chirib, shamolga jo‘r bo‘lib, qorang‘i tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq shu imoratlar biqinidagi tarovatidan g‘alati taassurot uyg‘ota­digan ikki qavatli binoning pastki qavatidagi derazada zaifgina yorug‘lik miltillaydi.

Tokchadagi yovg‘on, bir necha kun turib qolgan sabzavotlar xonaga badbo‘y his taratardi. Suvoqlari ko‘chib ketgan devorga omonatgina suyangan bir kimsa erigan shamdek shumsha­yib o‘tirardi. Uning nigohi bir nuqtada – jahoniy fizik olim Albert Eynshteynning tilini ko‘rsatib tushgan mashhur surati1da ma’no-mazmunsiz va shuursiz qotib qolgandi. Olim ham uning holidan kulib o‘tirganday edi go‘yo. Izg‘irin derazaning salqi bo‘lib qolgan oynasini beti­nim shapatilar, yoriq joylariga tiqib qo‘yilgan paxtani itargancha, to‘g‘ri uning ajin bosgan yuziga urilardi. Uning yoshi endi qirqni oshgan bo‘lsa-da, sochlari qordek oppoq edi… Samoning par yostig‘i teshilganday laylak qor yog‘ardi. U iztirob to‘la ko‘zlarini yumib oldi. O‘shanda ham shunday laylak qor yog‘ardi…

 

2

… Ichki telefondan kotibaning mayin ovozi eshitildi:

– Xayrli kun, Azim aka. Birinchi qor bilan. Rahbarimiz sizni so‘rayapti.

Azim “Istiqlolbank” xususiy bankining boshqaruvchisi eshigini jur’atsizgina taqillatarkan, miyasida ming xil o‘y charx urar edi. “Nima gap bo‘lishi mumkin?” U ichkarida uzog‘i bilan o‘n daqiqacha bo‘ldi. O‘z xonasiga keliboq, uyga qo‘ng‘iroq qildi:

– Malika, bir xushxabarim bor. Qani, uning nimaligini top-chi? – dedi xotiniga dabdurustdan.

– Xushxabar? Nima bo‘lishi mumkin?.. Aytavering-da. Bilasiz-u, topishmoqlarga tishim o‘tmaydi… Baribir topolmadim. O‘zingiz ayta qoling.

– Bilasanmi, meni kredit bo‘limi rahbari etib tayinlashdi…

Malikaning yuragi hapqirib ketdi. O‘zini pardek yengil his etdi. Oyoqlari yerdan uzilganday bo‘ldi. Ruhi olis-olislarga parvoz ayladi. Xotiralar epkini esdi, ular musiqiy sonatalarga aylanib, uni allalay boshlaganidan eriga tuzuk-quruq javob qaytarolmadi. Azim bilan u sevishib turmush qurgandi. Boshida ota-onasi Azim yetim qolib, mehribonlik uyida ulg‘aygani bois, o‘ylanib qolishgandi. Bir tomondan ancha qarshilik qilishib, qizlarini bu murodidan qaytarishga jonlarini jabborga berib tirishishdi, boshqa tomondan esa ikkilanishardi. Ikkilanishda har ikki yo‘lga mayl, moyillik bo‘ladi. Onasining so‘zi bilan aytganda: “Bunaqa oilaparvar yigitlar hozirgi zamonda anqoning urug‘i”. Xullas, qarindosh-urug‘ oldidan o‘tishdi. Ikki yoshning orzu-omoli ushaldi.

 

* * *

Yangi lavozimni “yuvish” uchun Azim bo‘limining barcha xodimlarini uyiga, kechki ziyofatga taklif etdi. Ziyofat ziyofatday bo‘ldi. Har holda uzzukun ta’bi tirriq, ayniqsa, hamkasblar davrasida yanada tundlashib oladigan bosh hisobchi Rustam Rahimovichning qulfi dili ochilganidan, bir marta o‘yin-kulgi avjiga chiqqanida semiz-go‘shtdor qo‘llarini ko‘tarib raqsga tushganidan ziyofat ko‘ngildagidek o‘tdi, desa bo‘lardi. Barcha qadah so‘zlari Azimning sharafiga yangraganidan esa uning istiqboli porloq bo‘lishi tayindek edi. Modomiki, davradagilar­ning hech biri bunga e’tiroz bildirmagan bo‘lardi.

Azim mehmonlar bilan xayr-xushlashib, uyga qaytib kirganida Malika gazetaga o‘ralgan o‘ntacha somsani qo‘liga tutqazdi-da, ularni keksa qo‘shnisi Salim boboga eltib berishini tayinladi. Juda toliqqandi. Ko‘ziga momiqqina yostig‘idan o‘zga hech narsa ko‘rinmas, ayni dam undan qadrli narsasi yo‘qdek tuyuldi. Shu boisdan, hozir keksa qo‘shnisi bilan ezmala­nib o‘tirishga sira xohishi yo‘q edi. Ulardan bir qavat yuqorida turuvchi Salim boboning uyi­da yo‘qligi esa ayni muddao bo‘ldi. Yo keksa qo‘shnisi har doimgi odatiga ko‘ra ertaroq uxlab qolgan yo jiyanlari o‘zlari bilan olib ketishgan. Azim xayolidan o‘tkazgancha, ortga qaytib osh­xonadagi stolga somsani qo‘yarkan, yog‘ bosib qolgan gazetadagi “Eynshteyn jumbog‘i” deb nomlangan sarlavhaga ko‘zi tushdi. Diqqati jam bo‘ldi. Engashdi. Qiziqsinib uni o‘qiy boshladi:

 

“EYNSHTEYN JUMBOG‘I”

“Aytishlaricha, buyuk fizik Albert Eynshteyn bolalik chog‘larida mantiqiy bir topishmoq o‘ylab topgan. So‘ng o‘ziga yordamchi tanlashda ham nomzodlarga aynan shu topishmoqni berib, ularning mantiqiy fikrlashini tekshirib ko‘rgan ekan. Uning yordamida oddiy insonlardan intellektual elitani ajratib olish mumkin. Biroq odatda 98 foiz aholi bu topishmoqni yechishga qodir emas. Agar o‘zingizni sayyora­mizning qolgan ikki foiz kishisi safiga qo‘shishni istasangiz, javobini topishga urinib ko‘ring. Ushbu jumboqning bir nechta talqinlari mavjud. E’tiboringizga 1962-yili “Life” jurnali­ning dekabr sonidagi ilk talqinini havola etamiz:

1) Beshta uy bor. Ularning barchasi turli rangda.

2) Har bir uyda bir nafar odam yashaydi. Ularning millati har xil: yapon, ukrain, ispan, ingliz, norvegiyalik.

3) Har bir odam ma’lum bir ichkilik ichadi, ma’lum bir savdo belgisidagi tamaki chekadi va ma’lum bir jonivorni boqadi.

4) Besh kishining birortasi ham bir xil ichimlik ichmaydi, hech kim bir xil savdo belgisi ostidagi tamaki chekmaydi va hech kim bir xil jonivor boqmaydi.

Savol: Ulardan qaysi biri suv ichadi? Kim zebra boqadi?..”

– Voy! – Malika Azimni ko‘rib cho‘chib ketdi. So‘ng qo‘llari bilan katta ochilgan og‘zini berkitdi. Go‘yo o‘zga bir olamdan qaytib kelganday Azim uchib tushdi.

– Nega baqirasan? – qoshlari g‘ijimlangan matodek chimirildi.

– Sizni Salim bobonikida deb o‘ylabman…

– Uyida yo‘q ekan, – xotinining gapini kesdi Azim.

– Sizni bilmadim-u, men juda toliqdim… yotaman, – Malika Salim boboga atalgan somsalarni idishga joylab qo‘ydi.

Azimning labidan ko‘chgan tabassumi xotinini yotoqxonagacha kuzatib qo‘yib, tag‘in ko‘zlarini gazetaga tikdi:

“… Yordam kerakmi? Unda e’tibor bering:

  1. Ingliz qizil uyda yashaydi. 2. Ispan it boqadi. 3. Ukrainalik choy ichadi. 4. Yashil uy oq uydan chapda joylashgan. 5. Yashil uy egasi qahva ichadi. 6. “Old Gold” chekuvchi kishi shilliqqurt boqadi. 7. O‘rtadagi uyda yashovchi kishi sut ichadi. 8. Sariq uyda yashovchi kishi “Kool” chekadi. 9. Norvegiyalik birinchi uyda turadi. 10. “Chesterfield” chekuvchi odam tulki boquv­chi kishi oldida yashaydi. 11. Ot boqadigan odam “Kool” chekadigan kishi oldida istiqomat qiladi. 12. “Lucky Strike” tamakisini chekuvchi kishi po‘rtaxolli sharbat ichadi. 13. Norvegiyalik havorang uyda yashaydi. 14. Yapon “Parliament” chekadi. 15. “Old Gold” chekuvchi odam suv ichadigan kishiga qo‘shni turadi.

Xo‘sh natija qanday? Yana o‘ylab ko‘ring.

1, 2, 3, 4, 5 uyning rangi qanaqa? Unda qaysi millat vakili turadi? U qanday ichimlik ichadi? Qanday belgidagi tamaki chekadi? Qaysi jonivorni boqadi?”

“… – Sen g‘oyat qobiliyatli odamlar haqida eshitganmisan?! Gapiiiir!

– Yo‘q… – yig‘lamsiradi bola.

– Bilishing kerak, bolam. Eshita­yapsanmi, bilishing kerak!

Tepakal, maykasidan qorni do‘ppayib chiqqan, jundor erkak besh-olti yashar bolaning yuziga shapatiladi.

– Yig‘lama, yig‘lama dedim!.. “Katta” odam bo‘lishing kerak, bo­lam! Qara, – u odatda bolali oilalarda uchrab turadigan tartibsizlik, ya’ni har yonda o‘yinchoqlarday sochilib yotgan kitoblarni ko‘rsatdi. – Qara dedim… O‘zi bir qorovulman… shunday bo‘lsa hamki, qo‘limga pul tushdimi, uyga kitob tashiyman, senga… sen “katta” odam bo‘lasan, puldor… Meni… Bizni bu jarlikdan qutqari­shing zarur! Yo‘qsa, bu la’nati hayot, kasallikday yopishib olgan yo‘qchilik biz­ni harob qiladi, o‘z domiga torta­veradi, bolam. Azim, g‘oyat iste’dodli bo‘lasan…

Azim otasining hamma gapining ham mag‘zini chaqolmas, biroq uning bor umidi ekanini fahmlardi.

– … Sen mening najotkorimsan! Umidimsan…

Otasi teskari o‘girilib, deraza raxiga kuchsiz musht tushirdi. So‘ng boshini xam qilib, keng yelkalari silkinib-silkinib qo‘ydi. Azimning ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi…”

“ … – Oting nima sening, “geniy” bola?

– Menikimi?

– Seniki, albatta, o‘zimnikini bilaman.

Maktab direktori bilan uning o‘rinbosari kulib yuborishdi.

– Azim… – qimtinibgina javob berdi u.

– Yaxshi, Azimboy. Hammaning og‘zida sen, o‘qituvchilaring alqab charchamaydi. Aytishlaricha, daho emishsan. Shunga… tanishib qo‘yaylik dedik. Kun kelib sen “katta” odam bo‘lasan. Shunda tanimay qolmaysanmi?

Ular tag‘in kulishdi. Bu kulgidan direktor xonasining shifti o‘pirilib tushadigandek tuyuldi. Har holda Azim shu o‘yda shiftga cho‘chib tikildi, so‘ng yer chizdi…”

Oliygohda uni hamma “tirik ensiklopediya” desa, bankda “daho” deb atash ommalashdi, bora-bora bu uning laqabiga aylandi. Alalxusus, bolalik yillarida ham, yoshi ulg‘ayganida ham, yillar davomida orttirilgan laqablariga munosib bo‘ldi. Garchi, yurak xurujidan erta qazo qilgan otasini yo‘qchilik girdibodidan xalos etolmagan ersa-da, o‘zini qutqara oldi. Ammo og‘iz to‘ldirib, baxtliman demoq­qa jur’ati yetmasdi…

Ana shu xotira bamisoli kino tasmasidek xayolidan lip-lip o‘tarkan o‘zini “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechishga qodirdek his qildi. Tun yarmidan oqqaniga qaramay, qo‘liga qalam olib, yengini shimardi. Qulay o‘tirib olib topishmoqni yechishga kirishib ketdi.

– Uxlamaysizmi? – Yotoqxonadan xotinining biroz noz-ishva aralash ovozi eshitildi.

– Uxlayver. Birozdan so‘ng yotaman.

Malika musaffo tongdek pokiza, shudring ingan guldek baxtiyor edi. Erining shu taxlit turishini havas bilan kuzatib turdi-da, keyinroq uxlamoqchi bo‘lgan eridan andak og‘rinsa ham, hissiyotni qo‘zg‘atib yuboruvchi atiri iforini taratib, kelib Azimning yelkasidan quchdi, tim qora sochlaridan o‘pib qo‘ydi.

– Chalg‘itasan-da… – entikdi Azim yotoqxonaga yo‘l olgan xotinini kuzatib.

 

3

Soat tungi uch. Azim stolga muk tushgan holda “Eynshteyn jumbog‘i”ni topishga urinardi. Ammo hadeganda omadi kelavermadi. Odatda bir ishga qo‘l ursa, go‘yo u chaynalgan kassetaday to uni yakuniga yetkazmagunicha miyasida g‘ujg‘on aylanaverardi. Alalxusus, bu damlarda mag‘rurlik hissi butun qalb-qo‘riga singib, o‘y-xa­yollarini chilvir kabi tang‘ib tashlardi. Mana, navbatdagi qog‘ozni ham astoydil g‘ijimlab axlat qutisiga uloqtirdi. “O‘xshamayapti, – xitob qildi u asabiylashib boshini qa­sh­larkan. – Shunchalik mushkul bo‘ladi, deb sira o‘ylamagandim”. Boz ustiga, pastda g‘uj bo‘lvolgan daydi itlarning betinim ulishi, qarama-qarshisidagi soatning mudrab, bir tekisda xurrak otayotgani – chiq-chiqlashi, ba’zan itlarning ulishi tinib, soat chiq-chiqlamay qo‘yganday tuyulganda oraga cho‘kkan jimlik ham g‘ashiga tegardi. So‘ng barchasiga qo‘l siltadi-da, o‘rniga cho‘zildi. Biroq qandaydir g‘alati va notanish, nafsilamirini aytganda, qachonlardir tanish, ammo ayni fursat unutilgan his ich-etini sichqondek kemirardi. U yoqqa ag‘anadi, bu yoqqa ag‘anadi. G‘ujanak bo‘lib yotdi. To‘lg‘ondi. “Uff” tortdi. Sanoq sonlarni yo‘qladi… qo‘ylar otari guv etib o‘tdi… ammo izlaganini topolmadi. O‘rnidan turib, tag‘in jumboqni yechishga uri­nib ko‘rmoqchi bo‘ldi.

Malika subhi olamda uyg‘onganida yonida eri yo‘q edi. Bi­rinchi ish kuni bo‘lgani bois ertaroq turgandir, degan o‘yda oshxonaga kirib qo‘llariga siyoh tomgan, sochlari pata­lak bo‘lib ketgan, nigohlari zo‘riqqan va bedor, ko‘zlar qontalash, maykachang Azimni bir nimalar yozayotgan holda uchratdi. Stolning tevarak-atrofini don cho‘qiyotgan jo‘jalarday g‘ijimlangan qog‘ozlar bosib ketgandi.

Ajablangan Malikaning banogoh kulgisi qistadi:

– Ha, rahbarlarga ham osonmas ekan-da.

Azimning qovog‘i ko‘pchigan xamirday osildi:

– Gapni qisqa qil-da, oshxonaga yo‘rg‘ala. Tezroq nonushta tayyorla, bo‘lmasa… – gapini chala qoldirib, nigohini yana gazetaga tikdi-da, eshitilar-eshitilmas “kechikaman” deb gapini yakunlab qo‘ydi.

– Tinchlikmi, Azim aka?

– Ishing bo‘lmasin! Senga nima dedim. Tezda nonushta tayyorla. Ishga kech qolaman. – Bu gal rostakamiga urishib berdi.

Malika eriga ajablanib qaradi, eri unga hech qachon bu qadar qo‘rs-qo‘pol muomala qilmaganidan biroz dovdirab, eshik bo‘sag‘asida qotib qoldi, so‘ng lom-mim demay og‘ir qadamlar bilan oshxonaga yo‘naldi. Nonushta tayyorlashga urinarkan, harakatlari juda sekinlashib ketdi, go‘yo vaqt to‘xtab qolgandi. U Azimning fe’l-atvoridan mutlaqo bexabar ekanini o‘ylab siqildi. Qulog‘i shang‘illay boshladi. Ayni shu damda butun uy, o‘zi, eri, oshxona va hatto oshxona buyumlari ham alahsirayotganday tuyuldi.

Azim esnaganicha nonushta qildi. Malika erini kuzatgani eshik oldiga keldi. Shoshilib poyabzalini kiyayotgan Azim shu damda xotiniga boqqanida uning yosh bolaga o‘xshab arazlagan nigohida “mendan kechirim so‘rab, yuzimdan o‘pib qo‘y” degan so‘zlarni uqqan bo‘lardi. Boqmadi…

– Yaxshi boring, Az… – Malikaning gapi chala qoldi. Azim lom-mim demasdan eshikni “qarsillatib” yopib ketdi. U piqillab yig‘lab yubordi…

… – Bugun soat 10:00 da bo‘lim xodimlari bilan ilk majlisingiz bor. Tushlikdan so‘ng soat ikkida esa “Hamkor-invest” korxonasining vakillari bilan uchrashishingiz lozim, – deya o‘tkir atir hidiga burkanib kotibasi kirib keldi.

Biroz o‘tib ish stoliga o‘ndan ortiq jilddagi hujjatlarni keltirdi. Azim qo‘l uchida biroz ishlagan bo‘ldi. Ammo erinchog‘ligi tutib ishlagisi kelmadi. Uning kamdan-kam hollarda ishdan bosh tortishi edi. “G‘ayratli yigit, mehnatdan qochmaydi. Menimcha, kredit bo‘limini ishonsak bo‘ladi… tortadi” degandi o‘shanda bank boshqaruvchisi o‘rinbosariga. Kecha yarim tundan beri ko‘nglini g‘ash qilayotgan “Eynshteyn jumbog‘i”ni xayolidan qanchalik chiqa­rishga urinmasin, buning uddasidan chiqolmadi. Qo‘ynidan tartib bilan buklangan gazetani chiqarib yana topishmoqni yechishga kirishdi. “Bu gal albatta topishmoqning javobini topaman” deb umid qilgan bo‘ldi. Go‘yoki topolmasa, izzat-nafsining burni yerga ishqalgan, g‘ururi xo‘rlanganday tuyuldi. Tanasidagi butun tomirlarda issiq qon emas, sovuq manmanlik irmoq­lari oqayotganini o‘zi hali anglab yetmagandi.

Avvaliga kotibasi soat 10:00 da xodimlar bilan majlisi borligini eslatdi, soat ikkiga yaqin esa “Hamkor-invest” korxonasining vakillari bilan uchrashuvi borligini yana bir bor yodiga solib xizmat burchini o‘tadi. Solishga soldi-yu, baloga qoldi-da bechora. Ikki holatda ham Azim unga “Tinch qo‘ying meni!” deya urishib berdi. Kotiba joyiga kelib o‘tirarkan, o‘pkasi to‘lib kela boshladi. Odatda mudom “ayol bu – mo‘jiza! Ularni e’zozlash kerak” deydigan Azim tush mahaligacha ikkita ayolni besabab yig‘lashga majbur qilgani parvoyiga kelmasdi. Zero, o‘y-xayollarini zabt etgan xudbinlik chilvirlari tarang tortilgandi. Uning qiyofasida boshqacha Azim namoyon bo‘layotgandek edi go‘yo.

 

4

Bir hafta davomida uzluksiz “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechishga harakat qildi. Lekin har safar uning bu urinishlari zoye ketardi. Shu ko‘yda bir oyni ham o‘tkazdi. Uning nazdida bamisoli taqvim jadvalidan qaysidir oy varag‘ini bir zumda yulib olganday o‘tdi bu kunlar. Azim inson uchun dahshatli bo‘lgan – vaqtni his etolmay qolgandi. O‘tgan bir oy davomida xotiniga umuman e’tibor bermay qo‘ydi. Xuddi uyda o‘zi tanho yashaydigandek. Xotini sal og‘iz ocha­digan bo‘lsa, jerkib berar, og‘zidan yaxshi so‘z chiqmaydigan bo‘lib qoldi, hatto ichib kelganida xotinini uradigan odat chiqardi. Ammo Malika sabrdan sarg‘ayishni ma’qul ko‘rdi. Azim ishxonadagi ishlarni ham unutdi. Butun kunni “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechishga sarflardi. Vaqt o‘tgan sayin u qo‘pollashib borar, asabiylik uni deyarli har daqiqada “yo‘qlardi”. Tashqi ko‘rinishiga esa chidab bo‘lmasdi. Soqollari o‘sib, yonoqlari bo‘rtib chiqqan, ko‘zlari kirtayib qolgandi. Ko‘p o‘tmay sochiga oq oraladi. Ishda ham tushlikka chiqmay “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechishni ma’qul ko‘rardi. Tushlik qilmagach, negadir tez-tez boshi og‘riydigan bo‘ldi. Ammo bora-bora bunga ko‘nikdi chog‘i, boshi og‘rimay qo‘ydi. Baribir ichini it tirnardi. “Nahotki, men “Eynshteyn jumbog‘i”ni yecholmasam?! Axir, o‘ta bilimdon edim-ku. Bunga nega tishim o‘tmayapti? Aqlim o‘tmaslashib qoldimikin yo? Bitta Eynshteynning topishmog‘ini topolmasam, shuncha o‘qiganlarim qayoqqa ketdi unda? Nahotki, men dunyodagi ikki foiz bilimdon kishilar qatoriga kirmasam? Nima uchun unda odamlar meni “geniy”, “daho” deb ataydilar? Nega?!” Azim muvaffaqiyatsizlikka uchraganida alam bilan har gal shu so‘zlarni xayolidan o‘tkazar, jazavaga tushar, asabiylashardi. Shu kunlarda tez-tez otasi tushiga kiradigan bo‘ldi. Tushlari ham bir xil tarzda kechar. Tun emish… otasi undan o‘n-o‘n besh qadamcha narida emish. Yoniga boray desa oyog‘i o‘ziga bo‘ysunmas, baqiray desa, ovozi chiqmasmish. Qandaydir ko‘rinmas va baquvvat qo‘l uni mahkam tutib turarmish. Bu qo‘llardan yulqinib chiqay desa, ular go‘yo ombirdek yanada qattiqroq siqarmish… Ko‘p o‘tmay ularning orasidagi masofa kengayib, o‘rtada kichkina soylik paydo bo‘libdi. Otasi ham og‘iz ochmas, faqatgina o‘g‘liga g‘amgin tikilarmish… mudom shu joyda uyg‘onib ketadigan bo‘ldi. So‘ng o‘z-o‘ziga gapiradigan odat chiqardi. Hadeb “bu xudbinlik emas, bu mag‘rurlik emas” derdi.

Parishon yuraverganidan qo‘shnilari­ning bergan salomini ham eshitmas, ular esa ortidan pichir-pichirlashib qolishardi. Asabi rubob torlariday taranglashaversa, manzarga chiqib chekadigan bo‘ldi. Garchi xotiniga yoqmasa-da, chekishda ham, ichishda ham as bo‘lib oldi.

Azim yarimlab qolgan sigaretani kuldonga ezg‘ilab o‘chirdi. Chap ko‘zi ko‘kargan Malika balkonga chiqib eriga hadiksirab so‘zlay boshladi:

– Azim aka… Azim aka, sizga nima bo‘layapti o‘zi? Avvallari unaqa emasdingiz-ku, qanday baxtli hayot kechirardik-a?.. Azim aka, sizni nima jin urdi? Ro‘zg‘or ishlariga ham e’tibor bermay qo‘ydingiz. Men bilan-ku umuman ishingiz yo‘q… Ozib ketganingizni qarang… Me’yoridan ko‘p chekayapsiz, ichayapsiz, hatto… menga qo‘l ko‘taryapsiz ham…

Malika yig‘lamoqdan beri bo‘lib erining ortidan quchdi. Azim jahlini zo‘rg‘a bosib turardi.

– Qo‘ying shu topishmoqni… Shu topishmoq­ni o‘ylab topgan Nyutonning uyi kuysin.

Azimning labida zaharxanda tabassum o‘ynadi:

– Bu topishmoqni Nyuton emas, Albert Eynshteyn o‘ylab topgan, g‘alcha.

– Nima farqi bor. Axir, bu bema’nilik-ku!

– Bema’nilik?

Azim o‘zini tutib turolmadi, asab torlari taranglashib, “g‘azab” kuyini ijro etdi. Malikani tag‘in do‘pposladi. Biroq sahari mardonda uyg‘onganida Malika yotoqxonada ham, osh­xonada ham, umuman uyda yo‘q edi, uning ortidan javonlardagi kiyim-kechaklari, mayin nigohlari, yoqimli tabassumi, xushbo‘y iforlari ham ergashib ketgandi. “Hoynahoy onajoni­sinikiga ketib qolgan bo‘lsa kerak, – o‘yladi Azim. – O‘zi ketar yor-yor, o‘zi kelar yor-yor”. U bu oilaviy mojaroga jiddiy e’tibor qaratmadi. “Qaysi er-xotin urushmay, tortishmay yasha­yapti” deb qo‘ydi o‘z-o‘ziga tasalli berib.

 

5

Shu asnoda oradan kunlar, oylar o‘tdi. Ta­nishlari uning abgor ahvoliga qarab turib, inson shunchalik ham o‘zgarishi mumkinmi, deya ishongilari kelmasdi. Oldingi jussadan asar ham yo‘q. Eti ustixoniga yopishib qolgandi.

Ertalab ishga kelganida yangi kotibasi unga xat borligini aytdi. Oldingi kotibasi uning qo‘polligi va jizzakiligiga chidolmay ishdan bo‘shab ketgan edi. Maktubni ochib qarasa suddan ekan. Turmush o‘rtog‘i ajrashish to‘g‘risida sudga ariza beribdi. Azimning ichidan zil ketdi. Ikki lunjiga xuddi qizib turgan dazmol bosilganday bo‘ldi. Karaxt bo‘ldi-qoldi.

Malika Azimni ko‘p kutdi. Azim uni qanchalik do‘pposlamasin baribir erini sevardi. O‘zgarishiga umid qildi. Kechirim so‘rab kelishini kutdi. Ko‘zlarini derazadan tikilgancha sho‘rqillagani sho‘rqillagan. Ammo eridan xat-xabar bo‘lavermagach, taqdirga tan berib ajrashishga qaror qildi. Azim­ning ko‘ngli biroz iyigandek bo‘ldi. Xayoli joyiga keldi, karaxtlik tarqadi. “Ertagayoq borib Malikani onasinikidan olib kelaman. Baqam­ti o‘tirib hammasini kelishib olamiz. Mening u bilan ajrashish niyatim yo‘q. Menga nima bo‘la­yapti o‘zi?”.

Biroq ertaga buning mavridi bo‘lmadi. Ishxonaga borganida boshlig‘i bo‘shash to‘g‘risida ariza yozishini buyurdi. U nima uchun deb so‘ramadi. Sababi o‘ziga ayon edi. Aksincha, ichida boshlig‘iga shu vaqtgacha dumini tugib yubormaganiga tahsin o‘qidi, boshlig‘i uch-to‘rt bor tartibga chaqirganida, dakki berganida yuziga bezbetlik niqobini taqib oladigan bo‘ldi. Muhim buyruq va qarorlarni imzolamay qo‘ygan, rasmiy tashkilotlardan kelgan maktublarni bir chetga uloqtiraverar, oqibatda bo‘lim ishlari orqaga ketib qoldi, mijoz hamda hamkor korxonalar bilan esa umuman ishlamay qo‘ydi. Xodimlar o‘z bilganlaricha ish yuritishmoqda. Oylik hisobotlar tayyorlanmay qo‘ydi. Qo‘polligi tufayli deyarli har kuni qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlab, ranjitardi. So‘nggi vaqtlarda egniga yuvilmagan kir-chir kiyimlarni ilib yurganidan, ulardan badbo‘y hid tarqalaverar, kotibasi isqirt boshlig‘ini ko‘rganida burnini jiyirar, unga yaqin yo‘lamaslikka harakat qilardi. Xo‘jalik ishlari mudiridan har hafta bog‘lam-bog‘lam oq qog‘oz va yon daftarchalar olishdan charchamasdi. (Bularning bari “Eynshteyn jumbog‘i”ni ye­chish uchun kerak bo‘lganda). Ishdan bo‘shatish uchun bundan boshqa yana qanday sabablar bo‘lishi kerak? Xullas, boshlig‘i bildirgan ishonch boshida chil-chil sindi.

Azim lash-lushlarini yig‘ib, indamay to‘ppa-to‘g‘ri uyiga jo‘nadi. Oylar bir-birini quvlab o‘ta­verdi. U esa “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechmoqqa urinishdan charchamas, biroq, uning tinimsiz mehnati hech samarasini bermasdi. Ba’zida u bir haftalar topishmoqqa e’tibor bermay yurdi. Ammo bu jasorat ko‘pga cho‘zilmas, jumboqni yechishga bo‘lgan bema’ni ishtiyoq, xudbin qay­sarlik va kasallik unga kanadek yopishib olgandi. Biroq inson nahotki, bir narsaga shunchalik qattiq bog‘lanib qolishi mumkinligiga hayron bo‘lardi. “Rafiqamni ertaga olib kelaman” degan so‘zlarining oxiri yo‘q edi. Azim dastlabki oylarda ish qidirmadi. Yig‘ib qo‘yganlarini sarflab yotdi. Odatda 24 soat uyda bo‘lar, ba’zida tomoqqa ul-bul xarid qilgani pastdagi do‘konga tushib chiqardi. Tilida va dilida bir kalom tushmasdi: “Bu xudbinlik emas, bu mag‘rurlik ham emas”.

 

6

Bir kuni Azim behuda isrof bo‘lgan qog‘ozlarni yig‘ishtirayotganida ularning ichidan uch oy oldin suddan kelgan ajrim arizasini ko‘rib kapalagi uchdi. O‘z qarorlarini o‘zgartirib ke­lishlari uchun sud tomonidan ajratilgan vaqt o‘z poyoniga yetgandi. Ertaga sud. Har holda, rasmiy xatda ko‘rsatilgan sana ertaga keladi. Yo adashayaptimi? Ehtimol. Axir, u vaqtni his etmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan-ku. Biroq odatda, ko‘ngil bir noxushlikni sezganida, uning xatar borasidagi tasavvurlari ro‘yobi shu qadar aniq-tiniqlik kasb etadiki, alal oqibat ular o‘rtasida deyarli farq uchramaydi. Uning hasratga limmo-lim taxminini devorda osig‘liq, asl qiyofasini yo‘qotgan, chetlari burishib-tirishgan yil taqvimi ham tasdiqlab turardi: ertaga sud! Hech qanday his-hayajonni ifodalamaydigan, qat’iy va biror-bir savolga “non-nasiba” qoldirmagan so‘zlar bir-biri bilan chaplashib, go‘yo baliqdek qog‘oz uzra suza boshladi. Shu tobda Azimning ko‘zlarini yupqa parda qoplaganday bo‘ldi… Tuni bilan xotiralar lazzatidan entikib, namiqqan kipriklari qirg‘oqlariga uyqu kemasi kelmadi, yaqin yo‘lamadi ham.

Ertasi kuni qoq peshinda o‘tgan sudda Malikaga arizasini qaytarib olishini aytgan barcha gaplari havoga uchdi. Biroq Azim bo‘sh kelmay sudyaga “ajrashmoqchi emasman!” deb oyoq tirab olmoqchi edi. Har holda qaysarlikda mulohaza nima qilsin. Ammo xotinining ko‘zlariga boqib turib unda o‘ziga nisbatan hech qanday mehr uchqunini ko‘rmadi, u Malika qiyofasida o‘zga inson paydo bo‘lganini fahmlab qoldi. Taassufki, vaqtni ortga qaytarishning imkoni yo‘q. Yo‘qsa, dunyo dunyo bo‘lmasdi. U taslim bo‘ldi. Ikki tomonning roziligiga binoan ularni qonuniy ravishda ajratishdi. O‘rtada farzand bo‘lmagani ajrimni osonlashtirdi. Nazarida, Malikasiz hayoti ranglidan oq-qora tasvirli oynai jahonga aylanib qolganday bo‘ldi.

Ko‘pincha barcha narsani nazoratimiz ostiga olishga urinib, fursat boy berilsa-da, gohida hammasini ortga qaytarishga haqli va qodirdek his qilamiz. Bu aldamchi hissiyot esa alamdan diydasi oqarib, o‘rtangan ko‘ngilga taskin beradi, xolos. Nega deganda, bosib o‘tilgan izlarni kecha yoqqan qor qoplab ketganiday, ortga yo‘l doim ham bo‘lavermas, qachonki masala xu­susiylikdan umumiylikka ko‘char ekan, demakki, qayerdadir xohish-irodamiz bilan boshqa shaxs­ning xohish irodasi albatta to‘qnashadi, u bilan hisoblashmay ko‘ring-chi.

 

7

Azimning qismati tarixini chizayotgan taqdiri azalning hech kutilmaganda oq rangli mo‘yqalami nihoya qilib, u qora ranglisiga o‘tgandi go‘yo. U taqdirga, sho‘r peshonasiga la’natlar aytib ichkilikka mukkasidan ketdi. Olti oy davomida alamini ichkilikdan oldi. Kayfi taroq kunlari uydagi hamma jihozlarni (ular ham sanoqli va g‘arib ko‘rinishga kelib qolgandi), buyumlarni sindirar, biroq barcha narsani har yonga uloqtirishga borgan qo‘li “Eynshteyn jumbog‘i” bosilib chiqqan gazetaga kelganda, g‘aroyib tarzda o‘z kuchini yo‘qotardi. Nari borsa, bir g‘ijimlab qo‘yar, keyin esa xuddi dazmollagandek sahifalarni qo‘li bilan obi-tobida tekislab chiqardi. Oradan ancha vaqt o‘tib hovuri bosilgach, yana Albert Eynshteynning jumbog‘i javobini izlay boshladi. Bir kuni bosh egib, Malikaning yashash tarzi qobig‘ida yo‘qligiga ko‘nika olmay qaynonasining uyiga yo‘l oldi. “Uylarini sotib, boshqa shaharga ko‘chib ketishgan… aynan qayerga ekani hech kimga ma’lum emas” xuddi muzeydagi antiqa eksponantga obdon razm solayotganday sinovchan baqrayotgan ko‘zlarning pastki qismida to‘xtovsiz ochilib-yopilayotgan og‘izlardan o‘ziga kerakli shu so‘zlarni ilib oldi. “Kimsiz? Ismingiz nima? Ularga qarindoshmi­siz? Nega ularni qidirib yuribsiz?” kabi savollarni javobsiz qoldirib, kelgan yo‘liga ravona bo‘ldi. Azim birin-ketin uchragan ruhiy zarbalardan so‘ng gangib yurdi. Boshini qayga urishni bilmasdi. Bu orada yig‘ib qo‘ygan pullarining ham tagi ko‘rinib, dasta-dasta pullar ham xuddi o‘ziga o‘xshab tirriqlashib qoldi. Azim dastlab besh-oltita tashkilotlarga ish so‘rab bordi. Ish beruv­chilar uning soqolli yuziga, to‘zigan kiyimlari, yag‘iri chiqib ketgan shimiga boqib uni haydab solishdi. Keyin u ishtahasini pasaytirib maktab, bog‘chalarning hisobchi lavozimlariga umid bog‘ladi. Tashqi ko‘rinishi bergan ilk taassurotni suhbati bilan tumanday tarqatsa-da, biroq ta’lim muassasasi rahbarlari uning ish faoliyati to‘g‘risidagi hujjat bilan yaqindan tanishganlari­da, qanday ayb ila bo‘shatishganliklari ma’lum bo‘lgach, unga “qisqartirish” kelgan deya oppo-oson va siyqasi chiqib ketgan bahona bilan eshiklarini yopishdi. Azim ketma-ket yopilgan eshiklardan endi buyog‘iga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha hech bir joyda qo‘nim topolmasligini angladi. Keyinchalik pul topish uchun har qanday ishga rozi bo‘ladigan bo‘ldi. Mardikorlik qildi, qurilishlarda ishladi. Har qanday pulning isi taralgan barcha teshikka burun tiqdi. Tadbirkor qo‘shnisining mashinasini ijaraga olib, kirakashlik qilishni boshlagunicha hech bir ishda qo‘nim topmadi. Avvaliga ishlari biroz yurishgandek bo‘ldi. Nahot, uning kelajak yo‘lini belgilayotgan ilohning qora mo‘yqalami yozishdan to‘xtagan bo‘lsa? Biroq. Yursa ham, tursa ham nuqul xa­yolida “Eynshteyn jumbog‘i”ni o‘ylayverganidan bir marta mashinani yo‘l chetidagi beton to‘singa urib oldi. Beton – beton-da! U mashinaning old tomon o‘ng qanotiga go‘yo qog‘ozni g‘ijimlaganday qattiq shikast yetkazgandi. Nima ham derdi: “Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi”. Uyini sotib pulning bir qismini mashinani ta’mirlash uchun ustaxonaga berdi. Qolgan pulga yaqinlaridan qarz-havola qilib topganlarini qo‘shdi-da, shahar chekkasidagi ovloq bir joydan ko‘rimsizgina, sharoitlari o‘ziga yarasha bir xonali uy sotib oldi. Bu uy ko‘proq kulbaga o‘xshab ketardi. Shu taxlit yillar o‘tavergach, “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechishga bo‘lgan istagi pasaya bordi. Azim shu yo‘sinda o‘n olti yil kirakashlikda umrguzaronlik qilganini ham payqamay qoldi. Hech kim uning qiyofasiga boqib, yoshi qirqda deb sira o‘ylamasdi. Oppoq sochlari, ajin bolalagan yuzlari, qartayib qolgan ko‘zlariga boqib, hech ikkilanmasdan yoshiga oltmishni bersa bo‘lardi. Shu yillar ichida onda-sonda tushiga mashhur olim, fizik, ixtirochi Albert Eynshteyn kirib turardi. Sochlari oppoq, nigohlari teran olim har safar Azimning ustidan kulgani kulgan: “Ey notovon banda, oddiy bir topishmoqni yechaman deb umring o‘tdi-yu, yana o‘zingni “daho” deb hisoblashingga o‘laymi?.. Boshdan baland sakrab bo‘lmaydi… Falle runter aus dem himmel und schleife deine kenntnisse2… – Eynshteyn goh o‘zbekcha, goh nemischa so‘zlar, yana tushunarsiz tilda allambalolar gapirardi. – Shuni bilib qo‘yki, bu aqling bilan hech qachon topishmog‘imni yechishga qurbing yetmaydi. Jo‘ja ulg‘ayganida burgut emas, tovuq bo‘lganidek, sen ham hech qachon daho bo‘lolmaysan, aksincha, keksayganing sari aqliy darajang pasaya borayapti. Tushun­dingmi?! Xa-xa-xa!”. Bu tushlardan so‘ng olovga suv purgalgandek Azimning ishtiyoqi gurillab o‘t olar, g‘azabi qaynab, “topishmoqni albatta yechaman” deya o‘ziga-o‘zi va’da berardi.

Aprelning ajoyib tonglaridan birida istarasi issiq jurnalist yigit Azimning mashinasiga o‘tirib qoldi. Yo‘l davomida suhbatlashib yaxshi chiqishib qolishdi. Jurnalist mashinadan tushar chog‘ida Azimga o‘zlarining gazetasi yangi sonini berishni unutmadi. Azim kechga tortib uyga kelgach, zerikarli kechki ovqatdan so‘ng oynai jahonda futbol ko‘rdi. Ko‘p o‘tmay undanam bezidi. Deraza yaqiniga kelib, tashqariga qiyo boqdi. Ko‘zlari tevarak-atrofni ko‘rmas, aksincha, ular o‘y-xayollarida chuvalashib yotardi. Bezovta edi. Ich-ichidan allaqanday noxushlikni seza boshladi. O‘ylab qarasa, hammasi joyida. Xavfsirashga hojat yo‘q. Biroq qandaydir ko‘ngilxirachilik yuz beradiganday. Chuvala­shib yotgan xotiralari qarmog‘iga mashina xo‘jayi­niga ijara pulini to‘laydigan muddat yaqinlashib qolgani ilindi-yu, ta’bi yanada xiralashdi. De­raza oldida tik turishdan bezib, yonboshladi-da, haligi gazetani ko‘zdan kechira boshladi. O‘rta sahifani ochganida qo‘lidan gazeta shilq etib tushib ketdi. Ko‘zlari kosasidan chiqquday bo‘lib, sanchilgan yuragining og‘rig‘idan bukilib qoldi. Gazetada oradan 16 yil o‘tib o‘sha “Eynshteyn jumbog‘i” gazetxonlar hukmiga havola etilgandi. Oradan 16 yil o‘tib-a?! Azim bu topishmoqni yechmay, unutganiga bir yildan oshgan, ammo, gohida tunda siqilgan paytlari topishmoqni yechib ko‘rishni kanda qilmasdi. Negaki, bu narsa 16 yildan buyon takrorlanaverib odat tusiga aylangandi. Azim cho‘ntagidan dag‘al hamyonini chiqardi. Hamyon haddan tashqari qo‘pol, beo‘xshov tikilgan, eskirib ketganidan chirk boylagandi. U hamyondan ko‘p yillik hamrohi – buklangan gazeta qiyqimini chiqardi. Gazeta parchasi allaqachonlar sarg‘ayib ketgan, buklanib siyqalangan chetlari kirmato bilan yelimlab qo‘yilgandi. Undagi harflarning rangi o‘chib, qog‘ozi yoyilib ketgandi.

– Endi menga eskisi kerak emas, – yuzi g‘amgin tus olib, hayotini barbod qilgan maqolani axlat qutisiga uloqtirdi.

Gazetada qaytadan bosilgan “Eynshteyn jumbog‘i”ni hafsalasizlik bilan yecha boshladi. Biroq qo‘l uchida amallarni bajararkan, ular o‘z-o‘zidan osongina yechila boshladi. Azim peshonasini tirishtirib, endi astoydil kirishdi. Birozdan so‘ng “Eynshteyn jumbog‘i”ni yechishga muvaffaq bo‘ldi. “Nega javobi to‘g‘ri chiqdi?” Basharti bu savolni o‘ziga 16 yil avval berganida, shubhasiz, kulaverib ichagi uzilgan bo‘lardi. Ammo ayni vaqtda xursand bo‘lishdan ko‘ra ko‘ngli ma’yus tortib qoldi.

– Nega javobi chiqdi?.. Yoki oradan 16 yil o‘tib, aqlli bo‘lib qoldimmi?.. Hech narsaga tu­shunmayapman, ey Xudo!.. O‘zing meni imondan ayirma… Aslo bunday bo‘lishi mumkin emas…

U tushunmovchilik changalida ayovsiz va berahmlarcha ezg‘ilanardi. Sarosimaga tushib, ishonqiramagan nigohda topishmoq­ning javobini tag‘in tekshirib chiqdi. Yo‘q, adashmabdi. Nihoyat, 16 yillik izlanishlardan so‘ng “Eynshteyn jumbog‘i”ning javobini topibdi-da… Shunday ekan, nega xursand bo‘lmayapti. Qani o‘sha uzoq kutilgan halovat, mag‘rurlik nashidasi? Shu paytda Albert Eynshteyn mashhur tilini ko‘rsatib tushgan surati romidan og‘ib o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri uni­ng qarshisiga keldi-da, Azimning bo‘ynidan buqqandek bo‘ldi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Nafasi siqilganday og‘zini kappa-kappa ochdi. Peshonasidan reza-reza bo‘lib ter oqdi. Barchasi shubhali. 16 yil davomida ertangi kun bilan yashab kelganiga topishmoqni ye­chishga bo‘lgan umidsiz maqsad sabab bo‘lgandi. Mana, topishmoqni yechdi ham. Endi u nimani maqsad qilib yashaydi? Nimaga intiladi? 16 yilning deyarli har daqiqasida “Eynshteyn jumbog‘i”ning savollariga tikilaverib-tikilaverib, uning har bir so‘zi, har bir harfi yod bo‘lib ketgandi. Tunda uning uyqusini buzib, topishmoqning istalgan joyidagi so‘z yoki qatorni so‘rang, u bir zum ham talmovsiramay aytib bergan bo‘lardi. Bu jumboq uni tunlari ham, tushlarida ham bezovta va ta’qib qilardi. Yangi gazetadagi topishmoqda esa bir so‘z erish, o‘zgacha tuyuldi. Yugurib borib biroz oldin axlat qutisiga tashlagan 16 yillik “qadrdoni”ni qo‘liga oldi va yangisi bilan solishtira boshladi. Barcha savollar to‘g‘ri. Lekin eski gazetada topishmoq­ni yechishga ko‘mak beruvchi so‘zlarning biri, ya’ni “Norvegiyalik havorang uyda yashaydi”, degan so‘z yangisida “Norvegiyalik havorang uy oldida yashaydi”, deya yozilgandi. “Nega bular bir-biridan farq qilayapti?” xo‘rsindi u. Fursat o‘tmay boshi devorga urilgandek bo‘ldi. U hammasini tushundi. Hamma, hammasini! Aslida yordamchi so‘z “Norvegiyalik havorang uy oldida yashaydi”, bo‘lgan. Ammo eski gazetada birgina “oldi” so‘zi tushib qoldirilib, katta xatoga yo‘l qo‘yilgan. Shuning uchun ham har gal javob to‘g‘ri chiqavermagan. To‘g‘ri ham chiqmasdi-da!.. Birgina “oldi” so‘zi emas, Azim­ning 16 yillik umri ham tushib qolgandi.

 

Azizbek NOROV

 

1990-yili tug‘ilgan.

Qarshi davlat universitetida tahsil olgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.