Jahon ilmu faniga bebaho hissa qöşgan siymolardan biri Mirzo Uluğbekdir. XX asrning ikkinçi yarmidan boşlab uning olimu podşohligi haqida köplab şeʼr, doston, qissa, roman, drama, ilmiy badialar yaratildi.
Xurşid Davron badiiy uluğbekşunoslikka “Alğul” (“Şarq yulduzi”, 2013-yil, 1-son) tragediyasi bilan hissa qöşdi.
Asarda makon kengligi, vaqt aniqligi diqqatni tortadi. X.Davron Mirzo Uluğbek hayotining oxirgi kunini tasvirlaydi. Vaqt tiğiz: tajribasiz yozuvçi şoşib qolişi, xarakterlar va şaroitni qoriştirib yuborişi mumkin edi. “Alğul”da izçil marom, qahramonlar harakatlanadigan adabiy maydon, xarakterlarning betakror özligi aniq seziladi. Dramaturg maydonni kengaytirib, qahramonlarni ixçam gapirtirib, izçil harakat qildirib nimaga erişadi?
“Alğul” tragediyasida falsafiy mulohaza, voqea-qahramonlarni qiyoslaş, uzluksiz rivojlanib, bir-birini töldirib borayotgan fikr tayanç nuqta vazifasini ötaydi. Dramaturg asarida ramz, qiyos, öxşatiş köp. U asarning badiiy taʼsir kuçini orttiradi. “Alğul” matniga quloq tutsangiz qayerdandir “Çöli iroq”, “Tanovar”, “Segoh” singari kuylar borliğingizni sehrlayotganday böladi.
Uluğbek va Ali Quşçi aro suhbatlarda badiiylikka çulğangan falsafiy qaraşlar yoddan çiqmaydi:
Uluğbek. Huv anovi yulduz Baytul Javzodur. Xuddi ğazabga mingan Abdullatif közlariga öxşaydur!
Ali Quşçi. Şomliklar ani iblis közi demişlar…
Uluğbek. Alğul yulduzini bilursan, Ali.
Ali Quşçi. Filhaqiqat, Alğul ğalatdur. Uç kun yonib, söngra sönadi-da, yana paydo bölub avvalgidek porlab turaveradi.
Uluğbek. Köksimdagi iztirob ana şu Alğulga öxşaydur, Ali! (60-bet)
Alğul yulduzi, ruhdagi iztirob “Segoh” kuyi sehri şarhiga ulanib ketadi. Kuy haqidagi gap tragediya oxirigaça davom etadi. Asarga mantiqiy tarzda Töyjon timsolini olib kiradi.
Tragediya mantiqiy boğliq voqea-hodisa, timsol, personajlardan iborat. Asar uç samarqandlik suhbati bilan boşlanadi. Şaharliklar Uluğbek faoliyatidan, yurtdagi notinçlikdan boxabar. Lekin ularni turmuş taşvişlari qiziqtiradi: “Men uçun zamin, oyu yulduz harakati emas, tegirmon toşining harakati muhimroqdir” (59-bet).
Uluğbek – “Alğul”dagi voqealar markazi, bahs-tortişuvda yetakçi kuç. U Hoja Nizomiddin, Hoja Burhoniddin, Şamsiddin Miskinday saroyning tayanç kuçlari bilan uçraşadi. Bularning har biri öz vazifasini yaxşi biladi, vaziyatga köra iş yuritadi. Ota va Öğil aro murosasiz jang yetilmoqda. Amaldorlar Abdullatifga maktub jönatiş tarafdorilar. Uluğbek – Temur nabirasi, ğururi baland zot. Avval ham Abdullatifga maktub bitilgan – kelişuvga daʼvat qilingan. Öğil şitob bilan Samarqandga yaqinlaşmoqda: otaga qarşi jangu jadalga oşiqmoqda. Uluğbek jangari öğilni yengişi tayin. Ammo u öz farzandiga qarşi jang qilişni ep bilmaydi. Podşoh qalbida iztirob avjlanaveradi. Qolaversa, saroy amaldorlarini tili bilan dili bir deb bölmaydi: döppi tor kelib qolsa, ulardan birontasi Abdullatif tomonga ötib ketişi mumkin. Buni donişmand, siyosat maydonida bölaverib pişib ketgan Uluğbek ham yaxşi anglaydi. Arkoni saroy bilan uçraşuv Uluğbek iztirobini kuçaytiradi.
Uluğbek Bobo Husayn Turkistoniy, Mironşoh Qovçin, Sultonşoh Barlos, Şoh Vali singari amirlar bilan uçraşadi, könglida quvonç uçquni yaltiraydi. Nega? Bir töda amirlar Abdullatifga boş urib bordilar, ayrimlar Abulxayrxon panohiga intiladilar. Eng dahşatlisi şundaki, Uluğbekning kökaldoşi, amir Vafodor qoçib ketayotganida qölga olindi. Uluğbek va Vafodorni donişmand Saroymulkxonim tarbiyalagan edi. Tragediyada amaldor, amirlar bilan uçraşuv, xoinu qoçoqlar haqida maʼlumot oliş Uluğbek ğamiga ğam, iztirobiga iztirob qöşadi. Podşoh har bir voqeani çuqur tahlil qiladi, amiru beklar qilmişini qalbidan ötkazadi. Asarda ostki – asosiy oqim va voqea-hodisalar sirti tasvirlangan. Kitobxon fikr-tafakkuriga qarşi ikki oqimni qiyoslab boradi. “Alğul”ning tragediya sifatidagi mohiyatini ostki (falsafiy muşohadalar) va ustki (bevosita jarayon) oqim belgilaydi. Maydonning keng olinişi öy, qiyos, fikrlaşga imkoniyat beradi. Timsol, personajlar (Ali Quşçi, Töyjon singarilar istisno – A.R.) ham ikki tilda gapiradilar: tilida bir gap, dilida boşqa öy. Uluğbek bilan uçraşganlardan Vafodorning onasi va Bobo Turkistoniy obrazi alohida ajralib turadi. Ona podşoh huzuriga nodon öğli qilmişi uçun uzr söragani keladi. Farzandi gunohidan ötişni söramaydi. Amir Vafodorni zahar berib öldirganini aytadi. Onaning bunday jasorati kamdan-kam uçraydi.
Bobo Husayn Turkistoniy, özga amirlar singari, Uluğbekni nobakor öğilga qarşi jangga kirişga undaydi. Amirlar podşohga xiyonat qilmaydilar. Ayni damda Uluğbek öy-xayolini çulğab olgan fikrlarni anglamaydilar.
Uluğbek olim-faylasuf, tajribali yurtboşi, sarkarda, Amir Temur siymosini aniq tasavvur qiladi. U öz jigarbandiga qarşi maydonga çiqqan. Ota – yurtboşilarni, oqpadarlik tamğasini ilib Otaga qarşi kuraşgan farzandlarni yaxşi biladi. Uluğbek tirik ekan, öğliga qarşi jang qilmaydi. Uning olimlik, odil şohlik eʼtiqodi şunday. “Alğul”ning kuçli asarligi maʼrifat va jaholat aro kuraş mudom davom etişida körinadi. Şu ğoya asarning öq tomirlaridan biri. Insoniyat, adolat, ezgu niyat bor ekan, mazkur ğoya mangu yaşayveradi. Maʼrifat nur manbayi sifatida loqaydlik, xoinlik, beparvolik, dangasalik, ikkiyuzlamaçilikni foş etadi. Ğoyaviylik illatlarga qarşi öt oçadi, ruhiy-maʼrifiy jasorat tomon undaydi. “Alğul”dagi fidoyi amirlar Uluğbekka sodiqlikni har qanday yösinda isbotlaşga tayyor. Abdullatif – amir-beklar raqibi. Agar u otasiga qarşi kuraşib taxtni egallasa, unga osoyiştalik, huzur-halovat begona. Bobo Turkistoniyning quyidagi gaplari ontday yangraydi: “Eşitinglar, şahzodaning bu yerdagi quloqlari ham eşitinglar: agar u Sizning joningizga qasd qilsa, Parvardigor haqqi aytaman, men uni soğ qöymayman. Ul nobakor Nizomiy hazratlari aytgan hikmatni unutmasun:
Şoh bölmas otani öldirgan odam,
Oşmas olti oydan agar bölsa ham”.
Yetuk asarda mantiq izçilligi muhim ahamiyat kasb etadi. Uluğbek Ali Quşçi bilan bir voqeani eslaydi. Ustoz va şogird bir avliyo devonaga duç keladilar. Uluğbek öz taqdirini söraydi. Şunda devona: “Seni Şeruya öldiradi,” – deydi. Şeruya – Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Şirin” dostonidagi yetakçi obrazlardan biri. Yana bir fikr bor. Uluğbek zinhor yulduzlarga qarab fol oçmagan. Lekin uning ruhida yulduzlar bilan tillaşiş xususiyati bor. Baytul Javzo – Iblis yulduzida u Abdullatif ruhi, közlaridagi yovuzlikni köradi. Uç kun yaraqlab turgaç, yöq bölib ketadigan Alğulda qalbida mudom davom etayotgan notinçliklarni anglaydi.
“Başorat” hikoyasida Abdullaziz avlodi taqdirini Uluğbek aqlli kelini iltimosiga köra bexato aytib beradi. Uluğbek, garçi dunyoviy olim bölsa-da, yulduzlarning falakdagi joylaşişiga köra vaqti-vaqti bilan başorat qilib turardi. “Alğul”da uluğ munajjimning başoratlariga imo-işora bor. Xurşid Davron tragediyasi Uluğbekning yuksak darajadagi olimligi, ilohiyot bilan boğliqligini ostki mazmun tarzida ifodalagan.
Na Maqsud Şayxzoda, na Odil Yoqubov, na Börivoy Ahmedov ikki zid qutb kişilari – Uluğbek va Abdullatifni baqamti tasvirlagan. Xurşid Davron ota va öğilni qurol işlatilmaydigan, har bir söz zaharlangan öq-yoy vazifasini ötaydigan maydonga olib çiqadi. Uluğbek qahr otiga mingan, farzandi qilmişini zinhor qöllamaydi. Ammo u otalik maqomidan pastlamaydi. Abdullatif maydonga ğazab bilan kiradi, otasini yer bilan yakson qilib taşlaşga tayyor. Uning asosiy, zaharlangan öq -yoyi şundaki, Uluğbek içi qora, xudbin, isteʼdodli odamni, garçi farzandi bölsa-da, yoqtirmaydi. Abdurahim isteʼdodli edi. Şuning uçun u ota qahriga uçraganmiş. Beçora Abdurahim ön ikki yoşida vafot etib ketmaganida ota ğazabiga duçor bölardi. Abdullatif jon-jahdi bilan Abdullazizni yomon köradi. Ayniqsa uning valiahdlikka tayinlanişi oğani örtab yuboradi. Unga tentak, maʼnaviy buzuq singari ayblarni yuklaydi. Yigirma beşga tölgan Abdullatif tezroq podşohlik tojini kiymoqçi. U özining qattiqqöl bölib yetişişida Gavharşodbegim – Uluğbek onasi taʼsiri borligini qistirib ötadi. Abdullatif dadil, döq-pöpisa bilan gapiradi. Ammo uning daʼvolari puç, dalillari asossiz. U Uluğbek hukmronligi paytida neça amaldor öldirilganini ham hisoblab yurgan. Abdullatif podşohni “Padari buzrukvor” desa-da, eng aşaddiy duşman ekanligini yaşira olmaydi.
Tragediyada Uluğbek va Abdullatif aro fikr töqnaşuvi kulminatsion nuqta vazifasini ötaydi. Maʼrifatli, fanda maktab yaratgan Ota johil, kaltabin öğlini haq yöliga bura olmasligini anglaydi. Aksinça, içi qora, butun borliği-la taxtga intilgan Abdullatif qalb mayliga zinhor quloq solmaydi:
“Uluğbek. Hu, anavi yulduz Baytul Javzodur. Xuddi ğazabga mingan Abdullatif közlariga öxşaydur!
Ali Quşçi. Şomliklar ani iblis közi demişlar”(60-bet).
Mantiqan, asar şu dramatik holatda tugaydi. Qon tökilmaydi. X.Davron asari şu jihatdan anʼanaviy tragediyalardan farq qiladi. Xususan, Maqsud Şayxzoda “Mirzo Uluğbek” tragediyasida Uluğbekning Sayyid Obid öğli Abbos tomonidan öldirilişi – qon tökilişini körsatadi:
Abbos (çöçib sipohlariga):
Jadal böling, tez otlaning, darhol ketamiz,
Mana qasos, mana sizga otamning xuni!
Uluğbek köksiga xanjar tiqadi (M.Şayxzoda. Asarlar. 6 tomlik. 3-tom, 252-bet).
Odil Yoqubov “Uluğbek xazinasi” romanida Uluğbekning öldirilişigina emas, balki padarkuş Abdullatifning ham tiğdan ötkazilişini tasvirlagan: “Niqoblarini yulib olgan bu ikki suvoriyning biri… amir Sulton Jondor edi. Ikkinçisi… yo rab! Xuddi tuşida barkaş kötarib kirgan navkarga öxşagan bu ikkinçi suvoriy… köpdan beri fitna qözğab qoçib yurgan Bobo Husayn Bahodir edi!…
Şahzoda jonholatda otining boşini burdi… tösatdan yelkasiga zarb bilan qadalgan öq-yoy uni bukçaytirgança egardan ağdardi…”(312-bet)
Tragediya yozişga qöl urgan adib qiyin yölni tanlaganini biladi. X.Davron bevosita qon tökilişini körsatmaydi. Qora rang, motamsaro kuyni maromida tasvirlab öziga xos tragediya yaratadi.
Uluğbek ölim ostonasida turganiga qaramay, rasadxonani töliq taʼmirlaşni Ali Quşçiga topşiradi. Asosiy xazinasi – kitoblarni yaşirib qöyişni şogirdidan ötinib söraydi.
“Segoh” kuyi tragediyadagi yetakçi obrazlardan biriga aylanadi. Uluğbek bir neça bor bu ğaroyib kuyni tilga oladi: “Töyjon xoniş qilgan “Segoh”ga quloq tutib öltirgan kezlarim yuragimni kaftimga olib tomoşa qilgandek bölaman. “Segoh” alamimga, sirqirab oğrigan jonimga öxşaydur” (60-bet).
Fojeiy operada şunday ariyalar borki, ular musiqiy asar joni vazifasini ötaydi. Şoir Xurşid Davron hayot bilan vidolaşayotgan Uluğbek ruhi, qalbi, jonini aks ettirmasligi mumkinmasdi.
Asar nihoyasida ixçam, ramziy voqea bor. Mirzo Uluğbek Hirotda tuğilib, voyaga yetayotgan bola haqida Töyjondan söraydi:
“– Podşohim, ul öğlonning ismi Alişerdur. Amir Ğiyosiddin farzandi… volidasi dugonamdur, – dedi Töyjon” (86-bet).
Isteʼdodli Uluğbek mohir qöşiqçidan ertangi kunning yoruğ yulduzi Alişer haqida söraydi.
“Alğul” misoli ostin-ustun qavatli mustahkam bino. Yuqori qavat göyoki keng-möl sahna, ijroçilar öz rollarini ijro etadilar. Birinçi qavat maʼno-mazmun, matn osti, şovullab oqadigan daryo. Har ikki qavatda ramziy hayot jöş uradi, “Segoh” kuyi yangrab turadi. Holat, kayfiyat röy berajak fojiadan xabar berib turadi, “-dur”, “-men” singari qöşimçalar asar taʼsirçanligini oşiradi. “Alğul” özbek dramaturgiyasining nurli asari bölib qolişiga işonamiz.
Abduğafur Rasulov – 1937-yilda tuğilgan. ÖzMUning filologiya fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari doktori, professor. “Ilmi ğaribani qömsab…”, “Isteʼdod va eʼtiqod”, “Atoqli adib”, “Tanqid, talqin, baholaş”, “Şarafli Şarafiddinovlar”, “Badiiylik – bezavol yangilik”, “Betakror özlik” asarlarining muallifi.
“Özbekiston Respublikasi fan arbobi” (2007-yil).
“Yoşlik” jurnali 2014-yil, 8-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


