(Novella)
Köhna uyning tinçini telefon könğiroği buzdi. Tiyoko taajjublandi, çunki unga kamdan-kam qönğiroq qilişardi.
– Allo, Kuki eşitadi.
– Oyi, otam tösatdan vafot etdi. Yurak xurujidan. “Tez yordam”da kasalxonaga olib kelişdi, ammo hayotini saqlab qolişa olmadi.
Bu Tani edi. Tiyokoni erining vafotidan köra öğlining ovozi hayajonga soldi. Uning ovozi naq Masatane Kukiniki edi. Ayolga xuddi eri gapirayotgandek tuyuldi. Bir neça soniyadan keyingina erining qazo qilgani uning şuuriga yetib bordi.
– Heç qanday maʼraka-paraka bölmaydi. Bilasiz, otam buni tirikligida köp tayinlardi. Gulçambar va qurbonlik haqida hatto gap bölişi mumkin emas. Tobut tepasida keçasi bilan turişning ham keragi yöq. Ölimi oldidan dadam xokini dengizga tökiş mumkinligini aytgandi. Xullas, uning talablariga köra iş körişga kelişdi.
– Qaysi kasalxonada?..
– A.Yu.
Şu bilan suhbat tugadi. Tani xuddi otasi kabi işning mohiyatini rasmiy ohangda bayon qildi. Tiyoko budkada parişonxotir turib qoldi. Qalbi böm-böş edi. Huşiga kelganda özini şkaf yonida kördi. Yölga otlandi.
– Yöl bölsin, bekam, – dedi xizmatkor Otoki oşxona tomondan çiqib kelib.
– Tokioga ketyapman. Ertaga qaytaman. Hozirgina Tani qönğiroq kildi, Masatane tösatdan vafot etibdi.
Otoki bekasi atrofida jonsarak aylandi.
– Şunisi ham bormidi hali.
Tiyoko qölida sakvoyaj bilan uyidan çiqdi.
– Tanamidan taksi çaqiraymi?
– Avtobusda ketaman. U yoğiga özlari olib ketişadi.
Otoki oltmişga kirgan Tiyokoning darvoza tomon şaxdam odimlayotganiga oğzi oçilib qarab qoldi. Köp ötmay şoxdevor ortida qoraga böyalib, bitta qilib örilgan soç ğira-şira közga taşlandi. Tiyokoning silliq, bitta ham ajin tuşmagan zaʼfaron yuzi tim qora soçlariga mos emas edi. Otoki turgan joyida qotib qoldi. Bekasi qişloqning asosiy yölini kesib ötdi. Uydan yuz qadamça narida daryo böylab asfalt yöl yotqizilgan, biroq ayol eski söqmoq böylab yugurgilab ketdi. Otoki bekasining izidan çopdi. Yetib olib, jimgina sakvoyajga qöl uzatdi, Tiyoko ham indamasdan yukini berdi.
Ular umuman oğiz oçişmadi. Nihoyat, avtobus keldi. Otoki köz qiri bilan qarab, odob-la taʼzim qildi. U Tiyokodan bir yoşga kiçik bölişiga qaramay, yuzini ajin qoplagandi.
Avtobusda Tiyoko heç narsani öylamasdan ketdi. Yuragi hapriqardi-yu, lekin negadir dard çekmas edi. Qirq daqiqadan söng Tanamiga yetib keldi va Nagoyagaça çipta oldi. Elektropoyezdda ham öysiz ketdi. Nagoya vokzalidan tezyurar poyezdga çiqdi. Poyezd jilişi bilan bento sotib oldi. Bugun keçroq ovqatlanyapman deb öyladi u. Oynaga qarab oğziga yegulik soldi. Taşqaridan qaraganda, bu muhtarama ayol Tokioga nevaralarini körgani ketyapti, deb öylaş mumkin edi.
Yuragini qörquvmi, hayajonmi asta-sekin qamrab ola boşladi. Ayol özini tinçlantirişga harakat qildi. Yana Tanining ovozini esladi. Bu öy taʼbini xira qildi. Tiyoko kutilmagan ölim sababini anglab yetişga urindi. Biroq biror töxtamga kelguniça poyezd Tokioga kirib keldi. Oxirgi marta Tiyoko bu yerlarga qişloq keksalari bilan ekskursiyaga kelgandi, biroq öşanda ham na eri, na öğli bilan körişgandi.
A.Yu. şifoxonasi – Tokiodagi maşhur joy. Haydovçi Tiyokoni qayerga eltib qöyiş kerakligini darhol tuşundi. Maşinada Tiyoko otasining özidek gapiradigan Tani bilan böladigan uçraşuvini tasavvur qilişga urindi. Öğlim hozir öttiz ikkida, öyladi u, olti yildan beri körişganimiz yöq…
Şifoxona mahobatli edi. Eşik tagida kasal körgani kelganlar tizilib ötirişardi. Tiyoko urinib-surinib içkariga kirdi. U yon-bu yon alanglab, maʼlumotlar bölimiga yönaldi. Röparadagi xonadan soç-soqoli oqargan kişi unga peşvoz çiqdi.
– Men bugun ertalab joni uzilgan Masatane Kukining yaqini bölaman. U hali ham palatadami, qaysi xonada?
Erkak oldindan bilgandek javob berdi:
– Mening ismim Seki. Siz janob Kukining ayoli bölsangiz kerak. Biz u bilan örta maktabda birga öqiganmiz. Uning vafoti haqida, odatdagidek, keçki xabarlarni körayotib bildim. Ertalab qazo qildi-yu, keçqurun gazetalarda eʼlon qilişdi. Bunçalik epçilliklariga lol qoldim-u, oyoğimni qölimga olib, bu yoqqa yugurdim. Tobut marosim zalida.
Seki Tiyokoni zalga olib bordi, yöl-yölakay zavq bilan gapirib ketdi:
– Maktabni tugatib Kukini közdan qoçirdim, uç yil avval kutilmaganda Sindzyukuda sinfdoşlar bilan bölgan uçraşuvda töqnaşib qoldik. Tokioda yaşayotgan oğaynilarimizni izladik – yettitasi yiğildi. Biz bir yilda bir marta töplanişga kelişdik, lekin Kuki faqat bir marta körindi. Umuman olganda, radioda işlaşini bilardim…
Seki yaqindagina Tanamiga qöşilgan Kuvada şahridan edi. Sekiga Tiyokoni ilgari körgandek tuyuldi. Xotirida uning silliq yuzi saqlanib qolgandi.
– “Masatane Kuki 30-yanvar kuni A.Yu. şifoxonasida vafot etdi. Marhumning vasiyati böyiça motam marosimi ötkazilmaydi”. Men uşbu eʼlonni öqib, öylanib qoldim: nahot, bu Kukiga xos bölsa? Hatto ölimidan keyin ham odamlarni hayratga soldi.
Tiyokoga uning sözlari ğalati tuyulmadi. U hamon sukut saqlardi. Ular yölak böylab ançagina yurişdi, keyin qaysidir palatadan çiqib, tik zinalardan yertölaga tuşişdi. Marosim zalida olti kişi bor edi. Örtaga, supaça ustiga, tobut qöyilgandi. Devorlar beton, şift pastakkina, havo böğiq edi, na şam, na isiriqdon bor edi. Kiçkina guldonga sariq xrizantema guldastasi solib qöyilgandi. Badandan ötib ketadigan sovuq. Zaldagilar marhumning hamkasblari edi. Birontasi Tiyokoni tanimasdi. Seki, vaziyatni fahmlab, ulardan biriga murojaat etdi.
– Marhumning turmuş örtoğini taniştirişga ijozat etsangiz. U hozirgina ota yurti Mie prefekturasidan kelib turibdi. Mening ismim Seki, janob Kukining maktabdoş döstiman.
Hamma hayron bölib Tiyokoga tikilib qoldi. Yoşi kattaroqlari taʼzim qilişdi. Bu yerdagi vaziyatda uni boşqaruvçi roliga çiqarib qöyişdi. U beixtiyor tegişli sözlarni aytdi. Hamkasblar marhum bilan xayrlaşib, taassurotlarini örtoqlaşgança tarqalişdi.
– Janob Kukining xotini bor, deb öylamagandim.
– U sira şaxsiy işlari töğrisida gapirmagan. Sirli odam edi. Qiziq, buni qanday tuşuniş mumkin. Öğli haqida, rosti, birovdan eşitganman. Kukining özi esa öğli haqida çurq etmagan.
– Ayollar bilan munosabatlari quloğimga çalinuvdi. Buyuk konsperator edi.
– Aytişlariça, şu qovoqboş ham ölimini oldindan sezgan ekan.
Tiyoko erining kasbdoşlari uçun ğiybat mavzusiga aylanganini tuşunib turardi. U yolğiz qolişni istadi. Ayol tobut tepasida boşini xam kilib, közini yumib turardi.
– Tanini kördingizmi?
– Bu yoqqa kelganimda öğlingiz allaqaçon çiqib ketgan ekan. Buni menga radiodagilardan kimdir aytdi. Marhumni sönggi yölga kuzatişga hamkasblardan ozginasi kelgan körinadi. Xayrlaşuv çamasi, oltigaça. Tani, aytişlariga köra, tobut yonida ikki soatça turibdi.
“Nima uçun oxirigaça qolmadiykin?” – öyladi Tiyoko.
Seki oğiz juftlamoqçi edi, Tiyoko qöymadi:
– Mehmonxonada tunamoqçiman. Söraganim uçun avf etgaysiz, birontasini tavsiya qilolmaysizmi?
– Taninikida qolmaysizmi?
– Uning uyida mehmon uçun joy yöq.
Seki zalni tark etdi. Bu yerda hatto stul ham topilmaydi. Tiyoko tobutda yotgan Masatane Kuki bilan yolğiz qoldi.
“Men bu yerga aslida sen bilan butunlay vidolaşgani keldim. Modomiki, qonuniy xotining ekanman, öz burçimni bajaraman. Ruhoniydan boş tortding – xöp, mayli. Motam marosimi, keçasi bilan yoningda yaqinlaring turişidan, qurbonlikdan, gulçambardan böyin tovlading – eʼtirozim yöq. Xokingni dengizga oqiziş mumkinligini aytibsan. Menga faqat sening xohişingni bajariş qolyapti. Hayot bilan özing xohlagandek vidolaşding. Oltmiş uç yoşda hayotdan köz yumiş – bu hali erta, lekin biz barçamiz taqdirning izmidamiz. Seni kaltafahm deyişdi, radioda kuzatuvçan hisoblaşarkan. Faqat sen nimaiki qilmagin, xotiningga buning aloqasi yöq. Tani Tokio universitetiga kirganidan beri meni unutding. Undan ham oldin öz otangni taşlab ketding. Bir özim ön yil mobaynida otangga ğamxörlik qildim. Kukilar xonadonining davlati bilan uni har qanday kasalxonaga yotqizib, begona qöllarga topşirişim mumkin edi. Biroq qariya qadrdon uyini tark etgisi kelmadi. Avval-boşda yordamçilar bor edi, keyin hamşira ham qoçib ketdi. Ön yil, to otang bandalikni bajo keltirmagunça, hatto hamşira ham jirkanadigan işlarni qildim. Qiziq, padaringga qilgan yaxşiliklarim töğrisida öylab körganmikinsan? Tani maktabga qatnay boşladi. Yillar şuvillab ötar, endi u yuqori sinfda öqirdi. Keyin uyimizda sen paydo bölding. Kukilar xonadonida yana kulgu ovozlari eşitildi. Ona yurtingga kamdan-kam kelarding. Xizmat yuzasidan Nagoya, Kioto, Osakalarda bölarding-u, biznikiga birrov kirib ötişga nima tösqinlik qilardi? Yöq, sen işingni bahona qilarding. Çol sen haqingda tokiolik tanişidan bilib turdi, çunki menga açinardi. Otang bilan munosabatlaring yaxşi emasligini allaqaçonlar tuşungandim. Buning arzirli sababi yöq edi. Yoşligingdan bir özing yaşaşni yaxşi körişingni, oilangdan özingni olib qoçişingni eşitardim. Bunaqalar kamyob emas. Yoş ulğaygan sari özini seviş xudbinlik bilan almaşadi, deb hisoblaşadi. Otang ham, balki, alohida feʼl-atvori bilan ajralib turgan bölsa kerak. Sizlarni hamjihatlik ruhida tarbiyalamagani açinarli hol. Otangning feʼlida şunaqa xislati bor edi: agar farzandlari öngga qaraşsa, u yuzini çapga burib olardi. Sizlar içlaringda bir-birlaringni yoqtirmasdinglar. Sen radioga joylaşding. Hayotning maʼnosini işdan topding. Ona yurting esa yildan-yilga sendan uzoqlaşib bordi. Otang sen haqingda begonalardan suriştirayotganini bilib ğazablanding va şu kundan boşlab uy bilan aloqani butunlay uzding. На сен, на Тани дафн маросимига келдиларинг. Qarindoş-uruğlarni, ikkovi çet el safarida, deb aldaşimga töğri keldi. Albatta, sen bu haqda heç nimani bilmasding. Sen boşqa olamda yaşarding. Osakada ham, Tokioda ham jazmanlaring bor edi. Kaltafahmga ayollar kerak edi. Bu sir sengagina maʼlum edi”.
Tiyoko zinapoyadan çiqayotgan qadam tovuşlarini eşitdi. Ögirilib qaradi. Zalga Seki kirib keldi.
– Manavini mehmonxonadagi navbatçi boşqaruvçiga körsating. U yerda meni yaxşi tanişadi, şunday ekan, özingizni uyingizdagidek his qilavering, – dedi u Tiyokoga taşrif qoğozini uzatib.
Taşrif qoğoziga: “Firma direktori”, deb yozilgandi. Tiyoko, bu iltifotli janob Seki prezidentlikka ham loyiq, deb öyladi.
– Erimning xokini özim bilan olib ketmoqçiman.
– Albatta. Menimça, u kulini dengizga oqizişni vasiyat qilgandi. Qolganini yaqinlarining ixtiyoriga topşirgan.
– Yordamingiz uçun katta rahmat. Sizni ortiq uşlab turmoqçimasman. Bu yerda yana biroz qolaman. Tez orada yopilsa kerak, şunga oxirigaça qolsam degandim.
– Boşqa heç kim kelmasa kerak. Çunki keçasi marhum tepasida ötiriş bekor qilindi.
Seki haq edi. U ketganidan söng boşqa heç kim kelmadi.
“Sendan birgina narsani söramoqçiman. Tani öttiz ikkida, uylanganiga uç yil böldi. Nima uçun kelining vidolaşgani kelmadi? Öğil bilan kelin sönggi daqiqalargaça tobut yonida bölişlari lozim, deyilgan. Ammo birgina men qoldim. Taniga qönğiroq qilişganida oyoğini qöliga olib kelibdi va kvartirangda notaniş ayolga duç kelibdi. Soğliğing yomonlaşgani haqida şu ayol Taniga xabar bergan ekan. Biroq kasalxonaga sen bilan kelmadi – feʼlingni bilib olgan körinadi. Men albatta u bilan uçraşib, erimga qilgan jonkuyarligi uçun minnatdorçilik bildiraman. Bunday vaziyatlarda ayollar aktrisalik qila olişadi. Qolaversa, men raqibalik haqida gapiradigan yoşda emasman. Bu xotin meni qiziqtirmaydi. Bu gal men ustun keldim. Demak, u hayotingdagi oxirgi ayol bölgan. Krematoriyga ham kelmasligi aniq. Hamma unga olayib qaraşini xohlamasa kerak. Aytişlariça, u öttiz beşda ekan. Nima ham derdim, ayollar ayni şu yoşda yana ham oçilib ketişadi. U didingga mos – tölişgan, qöpol, kamgap, lekin oppoq. Tani bir özi keldi. Xotinini nimaga olib kelmadiykin? Heç kim aniq bilmaydi, ammo baʼzi birovlar nimanidir payqaşgan. Tanining xotini oq, töladan kelgan. Ismi Yasuko. Sening ayollaring orasida neçançisi edi u? U Tokiodan, şundaymi? Dedektiv agentligi hisobotida u golf işqibozi deb qayd etilgan. Sen ham, Tani ham golf öynardinglar. Aynan golf Yasuko bilan Tanini uçraştirmaganmidi? Qiziq, ular örtasidagi aloqani bilganingda qanday ahvolga tuşgan ekansan? Ota va öğil munosabatlari sen tufayli özgarmadi. Sen uçun ayollar şunçaki ermak edi. Sen qiynalmay unisini deb bunisining bahridan ötarding, tez orada yana yangisini topib olarding. Darhaqiqat, dedektivlar zör işlaşadi. Qaynotam seni doimiy kuzatuv ostiga olişi uçun agentlikka murojaat qildi. Har yili uyimizga sen haqingda xabar kelib turardi. Sen töğringda öqiş menga ham qiziq edi. Konvert içiga xizmat haqi uçun hisob ham solib qöyilgan bölardi. Qurğur, ölib ketdi. Kuzatişga odam yöq, uyga hisobot kelmay qöydi. Yaxşiyamki, bularni vafotingdan keyin bilyapsan. Jazmanlaring orasida yoş qizlar, bevalar, bardagi jononlar ham bölardi. Nima uçun birortasi bilan uzoqroq qolmading? Ona şahrimda xotinim bor, deb aytmagan bölsang kerak. Ayollar qonuniy oila quriş niyating yöqligini darrov fahmlaşgan bölişsa kerak. Ularni deb boşingni oğritib ötirmasding. Negadir senga Yasukoning Tani bilan tanişişi zarur bölib qoldi. Tani Tokioga köçib ötgaç, uning barça xarajatlarini böyningga olding, öqişiga pul tölading. Unga pulni faqat kompaniyang qabulxonasidan beradi, deb eşitgandim. Öz öğlingni biron marta uyingga taklif qilmagansan. Temir tamoyilingni sira buzmasding: sirni saqlaş uçun avvalo yaqinlardan qutuliş lozim. Tamoyilga putur yetdi, endi Yasuko Taniniki edi. Men uni keçirmadim. Hatto nevaram tuğilsa-da keçirmayman. Bunga haqqim bor. Qaysarlik borasida senga salgina öxşab ketyapman. Keksalikdan bölsa kerak. Ha, ayol qismati oğir. Peşonasiga tuğilganidan özini begona qöllarga topşirişi yozilgan. Tabiat qonunidan heç qayoqqa qoçib qutula olmaysan. Erkaklar esa beqaror yaşaş uçun tuğilişadi, xuddi sen kabi.
Yasukoning kelmagani yaxşi böldi. Tanidan kelganimni eşitib, bu yerga kelişga könmagan, şekilli. Tani bir nimalar deb tönğillagan. Bu Taniga xos. Oğir, vazmin, biroz ayyor, umuman, feʼl-atvori yumşoq. U bilan hali körişganim yöq, senga öxşab gapiradi. Böyi ham senikidek, novça. Yuz tuzilişi ham, menimça senikiga tortgan. Universitetga kirganida uyga kam kelardi, keyinçalik asta-sekin bizni butkul yöqlamay qöydi. Şaharning yugur-yugur hayoti tuğilib ösgan joyingni xotirangdan öçirib taşlaydi. Na sen, na Tani öğlini oq yuvib, oq tarab, Tokioga jönatgan, miyasi aynigan çolning ketidan ön yil yurişga majbur bölgan ayolni eslamadinglar. Ikkovlaring ham faromuşxotir çiqdilaring. Men özimni erim va öğlim tomonidan unutib yuborilgandek his qildim. Nima uçun şunday böldi? Qaynotam yer-mulkka egalik huquqini menga ötkazib berdi. Butun merosi mening tasarrufimda. Men, axir, unga mutlaqo begonaman. Aynan şuning uçun moliyaviy işlarni hal etiş mumkin böldi. Er-xotin, ona-bola har doimo bu muammoni qiyinçilik bilan yeçişadi. Sen bilan Tani hamişa xotiningiz va volidangizni mazax qilardinglar. Turgan gap, bir marta bölsin qançalar azob çekayotganligini öylamagansizlar. Tani, balki Yasukoga boğlanib qolgandir. Yasuko undan katta. Sendan köra Tani bilan unga yaxşiroq. Öğlim öz otasining jazmanini quçoqlayotganini tasavvur etsam, yuragim siqiladi. Bu öyga sira könika olmayapman. Butun umr menga eʼtibor qilmading. Otang bilan orani oçiq qilib, uni menga taşlab ketding. Meni nazaringga ilmasding. Birga yotgan ayollaringni ham mensimasding. His-tuyğularing haqida bilişgaç, ular seni tinç qöyişardi. Köp ayollar bilan birga bölsang-da, birontasini çin yurakdan sevmading. Bu – sening işing. Ayollar senga jismoniy mayl uçun kerak edi. Sen jozibali, qatʼiy eding, bekorga köçada senga qayrilib qaraşarmidi? Isteʼdodingga yaxşigina haq tölaşardi. Sen haqingda hamişa duv-duv gap yurardi. Seni hurmat qilişar, sevişardi. Balki, döstlaring hamda hamkasblaring “Masatane Kuki haqida esdaliklar” kitobini çiqarişar. Dafn marosimini yöqqa çiqarding, şuning uçun ular seni şaraflaşni özlariga burç deb bilişyapti. Ularni tuşunaman. Sen bilan qiz köriş marosimida uçraşganimizda qançalik hayajonlanganim hali-hanuz yodimda. Esdaliklarda faqat hayotingdagi tekşirib körilgan faktlar yozilsa kerak, deb öylayman. Bunday kitobdagi har bitta sözni taroziga solib köriş kerakligini hamma biladi. Yaxşi kitob çiqişi aniq. Sen töğringda har bir kişi vijdonan yozadi. Mualliflar orasida öz esdaliklarini alohida bob bilan yozadigan ikki-uçta ayollar ham çiqib qoladi. Lekin haqiqiy qalbingni birgina men bilaman. Men – sening yagona qoralovçingman. To ölim soatlarigaça şu huquqni saqlab turaman. Agar öz hayotini bağişlagani uçun kompaniya Masatane Kukini mukofotlamoqçi bölsa, yaxşisi pulni Tani olaqolsin”.
Ostonada marosim zalining xizmatçisi köringanda Tiyoko ketişga şaylanayotgandi. Boş silkib, zinapoyadan çiqib ketdi.
Mehmonxonaga kelib Tiyoko nazoratçiga Sekining taşrif qoğozini körsatdi.
– Sizni kutayotgandik.
Uni törtinçi qavatdagi xonaga kuzatib qöyişdi. Deraza ortida qoronğu tuşib qolgandi. Tiyoko Taniga sim qoqdi. Göşakni kötargunça uzoq kutib turdi.
– Sen ertaga krematoriyda bölasanmi?
– Ha.
– Men bormayman. Xokni mehmonxonaga keltirib ber. Uni nima qilişni özim hal qilaman. Poyezdda ota-bobolarimiz qabristoniga qöyiş yoki daryoga oqizişni öylab köraman.
Tiyoko Yasuko har bir sözni berilib eşitayotganligini körib turardi, göyo. Mehmonxona nomini aytib, göşakni ildi.
Ertasiga tuşdan söng eşik taqilladi.
– Hozirgina keltirişdi, – dedi xizmatçi Tiyokoga oq matoga öralgan qutiçani uzatayotib.
– Öşa odam hali ham şu yerdami?
– U kişi darhol ketib qoldi.
Demak, bu Tani, öyladi asabiylaşib Tiyoko. Unda şunday his paydo böldiki, göyo uni biror muhim narsada doğda qoldirişgandi. “Nahot, şu darajada yuraksiz bölsa?” – deb öyladi, maʼyus bölib qoldi.
Tiyoko vokzalga yetib bordi. Oppoq matodagi qutiça odamlarni öziga jalb qilardi. Tiyoko yer osti savdo markaziga tuşib, qoğoz sumka sotib oldi. Otokiga sovğa tanladi. Tokio osmoniga boqqança yigirma daqiqa poyezd kutdi. Odamlarning nazari silliq yuzli, qölida sakvoyaj va qoğoz sumka kötarib olgan ayolda töxtardi.
Ekspress joyidan qözğaldi.
“Onang seni keçirmaydi. Qabrga kirmagunimça, Tani, seni ayblayveraman”.
“Xokimni ajdodlarim yotgan qabristonga qöyişsa yaxşi bölardi”, – xayolidan ötkazdi Tiyoko. Ruhi yengillaşdi.
Nagoyada Kintetsu yönalişidagi elektropoyezdga ötirdi. Tiyoko Tanami platformasiga tuşganda qoş qoraya boşlagandi. Keçki şafaq Sudzuko toğ tizmalarini yoritib turardi.
– Bandargohga, – taksiga ötirib söz qotdi Tiyoko.
– Tikugami? – söradi haydovçi.
Poyezdda Tiyoko yoşligida sinfdoşlari bilan Tanamidan u yoqlarga borganini eslab kelgandi. Bu Ise körfazida joylaşgan, tuxum şaklidagi buxta edi. U yerda baliq tutişga möljallangan kemaçalar suzib yurardi.
– Tikuda nima işingiz bor? Qoronğu tuşib qoldi, qoqinib-netib ketişingiz mumkin, – dedi haydovçi maşinadan tuşayotib.
– Bir iltimosni bajariş kerak. Bu körfazda dengizga, albatta, bir narsani oqiziş lozim.
Haydovçi Tiyokoning ketidan xavotirlanib qarab qoldi. Pristandagi notekis taraşlangan toşlar yurişga xalal berardi. “Keç tuşdi”, – öyladi Tiyoko. Yuziga, kiyimlariga dengiz havosi urildi. Dengiz tim qora edi. Tölqinlar örkaçlari bilan tölqinqaytargiçlarga asta urilardi. Tiyoko ançadan buyon tölqinlar şovullaşini eşitmagandi. Maktabga endigina qatnayotgan paytlari qum sohilda öynab, dengizga tikilişni yoqtirardi. Tiyoko bu yerdan unça uzoq bölmagan qişloqda tuğilgandi. Uning ota-onasi Kukilar oilasi bilan bitta ibodatxona – Bodaydziga borişar, ularning ajdodlari qabri ham bitta qabristonda edi. “Xokimni ota-onamning qabri yoniga qöyişganida qabriston qorovuli hayratda qolsa kerak”, – xayol qildi Tiyoko. U tölqinqaytargiçning eng çekkasida turardi. Qoğoz sumkadan oqqa öralgan qutiçani çiqardi. Haydovçi qoronğuda körmasa kerak. Tiyoko qutiçani şu holiça dengizga taşlamoqçi böldi, ammo keyin qirğoq böyidagi eniga uç yuz metrga çözilgan toşlar uyumiga közi tuşdi. Dengizga oqizib ketolmaydi. Matoni yeçib, qutiçadan çinni közaçani oldi. Içida Masatane Kukining xoki bor. Mehmonxonada qutiçani olib Tiyoko unga hatto köz taşlamagandi. Tim qora dengizga xotirjam nigoh taşladi va közaçani dengizga uloqtirdi. Nimaningdir singan tovuşi yangradi, suv sathida oq bulutçalar paydo böldi. Tiyokoning köziga şunday köringandir, balki. Tölqinlar qirğoqqa yugurişdi. Ular göyo heç nima bölmagandek erinçoqlik bilan çayqalardi.
Tiyoko maşinaga qaytdi.
– Sizdan xavotirlanayotgandim, – dedi haydovçi.
– Komodzava qişloğiga.
– Tanamiga jönamasmidingiz?
Tiyoko indamadi. Eri bu dunyoni tark etmagunça buyruq berişga örganmagandi.
Kuki, oilasining odatiy tartibini buzişni istamay, yaqinlarini krematoriy va dafn marosimida uçraşiş majburiyatidan xalos etdi. U odati böyiça hammaning köngliga qaragandi. Xokimni dengizga oqizişadi, deb öylamagandi. Bu buyruqni bajarişga botina olmasliklariga işonçi komil edi. Tiyoko öç oliş yölini özi topdi.
– Xokni olib keldingizmi? – söradi Otoki ostonaga arang oyoq bosgan bekasidan.
– Tanida qoldirdim.
– Şunaqami? Şunisi maʼquldir, balki.
Tiyoko bamaylixotir mehmonxonaga ötdi.
Fumio Niva – maşhur yapon yozuvçisi. Yasunari Kavabataning izdoşi sifatida tanqidiy realizm, neomodernizm janrlarida ijod etadi.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov
tarjimasi.
“Yoşlik” jurnali, 2014-yil 11-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


