XX asr avvalida yangi özbek adabiyoti dunyoga keldi, taraqqiy etdi, rivoj topdi, yuksaldi. Tasodifni qarangki, asr söngida u yana qaytadan yangilaniş tomon yuz burayotir. Holbuki, bu jarayonda ijod etayotgan Erkin Aʼzam anʼanaviy realizm oqimini maʼqul bildi va unga sodiq qoldi. Sodiqlikda ham gap köp…
Bugungi kunda öz uslubiga ega böliş masalasi ançayin kamyob, nodir hodisaga aylanmoqda. Erkin Aʼzam özbek adabiyotida öz uslubiga va usuliga ega ijodkor. Adabiyotşunoslikda şu vaqtgaça yozuvçi şaxsiga, ijodiga baho berişda, faqatgina yaratgan asarlariga boğlanib, yozuvçi şaxsi, u keçirgan hayot, uni örab turgan muhit eʼtibordan çetda qoldi. Biz köpinça, yozuvçi kimdan taʼsirlangan, qaysi kitoblarni öqigan, qaysi dargohda saboq olgan, ustozi kim yoki heç bölmaganda, u kimga taqlid qilişi bilan qiziqib köramiz. Mana şu qiziqişlar orasida öralaşib, yozuvçi şaxsini butunlay tadqiq doirasidan çetlaştirib qöyamiz. Balki, xuddi şu jihat bugungi adabiy jarayon va tanqidçilikdagi ayrim nuqtalarga aniqlik kiritib, asar zamirida yaşiringan mohiyatga yetişimizda köprik vazifasini bajarişi mumkin bölardi. Birgina Erkin Aʼzam qahramonlari tilining burroligi, keskirligi, hozirjavobligi, kesatiq va piçingga moyilligi yozuvçining zuvalasi oila muhitida iylanib şakllangan tafakkur tarzi, ona tilining bilimdoni ekanligi bilan izohlanişi mumkin.
Biz bilgan (özi töliq bilamizmi?) Erkin Aʼzam qaysi kitobni öqib yoki qaysi dargohda taʼlim olib bunday sözbilgiç böldiykin… Agar şunday bölsa, bu dargohda u bilan birga öqiganlar qança-yu, yozuvçi bölgani qança. Adib sözning jonini, yuragini his qiliş, taftida isinişga qanday noil böldiykin? Bizningça, buning tub ildizlari hammasi borib oilaviy muhiti, uning şakllanişi, nasliy imkoniyati va ato qilingan isteʼdodiga borib taqaladi. Uning “Ertak bilan xayrlaşuv” kitobida “Gapni özimdan boşlasam” deb yozilgan kiçik hasbi holda yozuvçi bibisi va “har bir gapiga maqol-matal qöşib gapiradigan va bularning barçasini özlari töqiydigan” onasi haqida bir oğiz gapirib ötadi. Yöl-yölakay aytilgan kiçik izohda katta isteʼdod undirilgan zamin haqidagi samimiy eʼtirof bor. Matalsiz, maqolsiz gapirmaydigan ona va bibisi yozuvçini bolaligidanoq sözga oşno qilgan. Yozuvçi sözni xuddi mohir çevar quroq quraganday quraydi. Quroq quraşning ham öz qonun-qoidasi bor. Quroqning asos “közi”ni, “yurak”ini yanayam yorqinroq oçiş, jilvasini börttiriş uçun bölaklarni tanlay-saralay bilmoq kerak. Ranglar özaro uyğunlaşib, biri ikkinçisining jilosini yanayam oşişiga xizmat qilmoği darkor. Bu quroqda har bir “mato”ning öz rangi, öz jilvasi böladi. Bölaklar butunning mukammal, yaxlit holga kelişiga safarbar etiladi. Yozuvçi mana şu qoidani mukammal özlaştirgan, parçalarni tanlab, saralab joy-joyiga qöya oladi. Öz işining mohir ustasiga aylana biladi!
Aslida xalq orasida biror bir voqea, hodisaga baho beriş, biror narsa haqida maʼlumot berişda çinakam çeçan kişilar sözni çevar “quroq” quraganday mahorat bilan qöllaydi. Çeçaning qisqa gapining özidayoq bir neça qavatli oqim mavjud böladi. Bunda birgina maʼlumotning özida xabar, baho, munosabat, saviya bölişi tabiiy. Tinglovçiga esa bu şunçaki kundalik gapday tuyuladi. Xalqona usulni uslub darajasida adabiyotga payvand etiş, bu holni sanʼat maqomiga olib çiqiş öta muşkul iş. Bizning nazarimizda E.Aʼzam uslubidagi qon tomir ana şu xalqona usulni uslubga, tabiiy badiiyat hodisasiga aylantira olganligida körindi.
“Böyimday böy topdim-u, könglimday köngil topmadim…”
Erkin Aʼzamning “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Şovqin” asarlarini tadqiq obyekti sifatida tanlab oldik. Uning qahramonlari heç kimga öxşamaydi, “nostandart”, qoliplarga “siğmaydi”: beğaraz, samimiy, ammo quv va şumligi öziga yetar darajada, jamiyatga moslaşa olmaydigan, “hammabop” böla olmaydigan öjar, ör, qaysar…Ular maqsad uçun oşkora inqilobçi bölib jonlanmasa-da, lekin zimdan, iç-içidan qalb amri yölida özi bilan özi kuraşadi, isyon qiladi. Istab-istamay ular haqida öylab qolasiz… Ikkilanasiz… Baʼzida könglingiz yorişadi… Nima bölganda ham ular tirik jon. Özi uçun özi gapiradi. Qahramon hayotdan olingan bir tip bölsa, xato qiliş unga ham xos. Özining orqasidan özgalarni ergaştiruvçi “ideal”lik xususiyati Erkin Aʼzam qahramonlariga biroz begona. Qahramonlar örniga beixtiyor özingizni qöyib körasiz ham… Qahramon his-tuyğulari, iztiroblari sizga ham taniş, guyo begona emas. Bu his bitgan yarani, öçgan olov kulini qayta titkilaydi. Yozuvçi qahramonlarining özi bilib-bilmay, istab-istamay maqsad yölida telbanamo tentiraşi, ğayritabiiy, aqldan taşqari qilayotgan “hunar”lari, qiliqlari ajablanarli bölsa-da, nima uçundir ularning xatti-harakatlaridan gumon qilmaymiz, baribir xayrihoh bölaveramiz. Nima bölganda ham biz bu qahramonlarga işonaveramiz, ular bilan birga kuyib pişamiz, yaxşi köraveramiz… Xuddi şu işonçda Erkin Aʼzamning isteʼdodi, badiiy quvvati, mahorati jam.
Yozuvçi qahramonlari özi bilan özi murosadan çarçagan, bezgan, şu köyda tentiragan, tiriklikka özgaça nigoh bilan qaraşni afzal bilgan insonlar guruhidan taşkil topgan. Bu qahramonlar jamiyat bilan kuraşda bayroq kötarib şiorlar orqasida yaşamaydi, balki inqilobni öz könglidan ötkazadi. Yozuvçi bu obrazlarga goh Zabarjad, goh Bolta Mardon, goh Farhod deb nom qöyadi. Teranroq nazar solsak, bularning bari şartli nomlar. Şartli nomlar ostida faoliyat körsatuvçi obrazlar timsolida faqatgina özi bilan kuraşda öz maslagiga sodiq qolgan, hayotda öz fikriga sobit insonlar guruhi jamlanadi. Bular vositasida yozuvçi jamiyatning dardlariga malham qidiradi, maʼnaviy tanazzulning sabablariga çora istaydi. Uning asarlari tub mağzi – javharini tutib turuvçi ğoya bu inson köngli yagonaligi, uluğligi, azizligi, uning izmiga amal qiliş, yuragi tubidagi xohiş-istaklariga quloq tutiş, faqat uning uçun yaşaş zarurligini yana bir marta eslatişdir. Yozuvçi asarlarida qahramon köngil rozi öz-özi bilan kuraşadi, murosayu madora yöliga ötadi, alal-oqibat isyon qiladi. Holbuki, ular yuritgan murosa bir muddatlik, omonat bölsa-da, aynan şu muvaqqat sulh inson hayotini tub burilişlar tomon boşqarib yuboradigan kuçga ega! Aslida, öz-özi bilan murosa nima? Murosa: inson qalbidagi aql va köngilning sulh tuzişimikin… Sulhning şartlari, talablari bormi?
Adib qahramonlari heç kimga öxşamagan noodatiy qaraşlari va özini tutişi bilan sizni ham öyga, mulohazaga çorlaydi… Siz ularni yomon körmaysiz va nima uçundir yaxşi körib ham qolmaysiz… Bu obrazlar qay yösinda bölsa-da, sizning qalbingizga sekingina kira olişi yoki his-tuyğularingiz tirqişidan möralaşi mumkin. Bu aslo tasodif emas. Aslida, odamzod şu hisning iskanjasida özi bilib-bilmay umrguzaronlik qilmaydimi… Şunday muşohada uyğotişining özi adib asarlarining badiiy quvvatidan darak bermaydimi?!
Tolstoyning “Asar gohida bir satr uçun yoziladi”, degan sözlari badiiyatning tub mohiyatini belgilaş barobarida, asar boş ğoyasiga işora qiladi. Ijodkorning bor niyati, maqsadi mana şu satrlarga joylangan böladi. Şeʼriyatda har bir şeʼrning öz kalit sözi, “yuragi” bölib, qolgani esa mana şu satrlarni asoslaş uçun xizmat qiladi. Zehn solib qaralsa, gohida ayrim asarlarda mana şu kalit sözni topiş mumkin ekan. Biz bu sözga şartli ravişda “şohsatr” deb nom berdik. Erkin Aʼzam asarlariga şu nuqtayi nazar bilan yondoşib, yaʼni öşa “bir satr” yaʼni şoh satrni izlab, yozuvçining “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Şovqin” asarlaridagi baʼzi örinlarga diqqat qaratdik. “Zabarjad” qissasi “indamas” (öz oti özi bilan-S.T.) va Zabarjadning xufyona uçraşuvi bilan boşlanadi. Yöq, bu suhbat ham emasday… Çunki bunda sözlovçi, javrovçi birgina, u ham bölsa Zabarjad. Bizningça, qissa aynan mana şu suhbat uçun yozilgandek… Bor gap şu yerda, qolgani yozuvçi maqsadini oydinlaştiriş, kuçaytiriş, börttiriş, asoslaş, dalillaş uçun xizmat qiladi. Bundan keyin badiiy kodga oçqiç “şifr” matn ostiga sozlab joylaştiriladi. Bevosita kuzatişlar oçqiçni topişimizga yordam beradi. “Zabarjad degan bir… qiz deymizmi endi, juvonmi…” Endi unga çuqurroq razm soliş uçun uning “içkarisi tomon möralasak”, “şugina kerakmidi sizlarga? Mana, tamom!” Könglingiz joyiga tuşdimi, jonim? Battar böling!” (97-bet). Şu örinda Zabarjadda ikkilaniş, böliniş yuz beradi: aql va köngil tilga kiradi. Biri ikkinçisiga iddao qiladi. Ammo afsus-nadomat bormi, bu “taʼna-malomatda”… Bizningça, qaytaga “yaxşi böldi”, özimdan özim “qutuldim” deydi. Öz-özidan qutuliş… tutilişmi? “Özimdan özim” kim? Köngil aqlga izoh berayaptimi yoki aql köngilga yupanç bölmoqçimi… “Öğil bola… Mana körasiz, öğil böladi. Aniq, a-aniq! Özingizga öxşagan: qoravoy, indamas. Agar… mabodo qiz bölib qolsa, duç kelgan birortasiga şartta tegib olaman, Zabarjad sözim!” Teranroq nazar solinsa, qizgina faqat farzand köriş istagida şu işlarni qildimi… Bu yupançmi, bahonami, taʼnaning oldini olişmi? Yana aynan şu “indamas”dan. Nima uçun? Öylab qolasan: öziga şu yölni tanlagan Zabar (biz ham uni erkalab çaqiramiz-S.T.) “indamas”ga köngil istagi orqasida özini topşirdimi yoki aql bilan çora izladimi? Aqlga itoat etuvçi, unga böysunuvçi sevgi bormi… Yöq bölsa, nega u aql bilan murosa qiladi… Yurak aql bilan murosa qila oladimi…
Qizginaning niyati nima? Köngil davosimi yoki farzand ilinji. Hayotda beiz ketgandan köra bir farzand orttirişmi? Zabarjad bahonaning ortiga bekiniş ilinjida tuğilajak bolasini “indamas”ga aliştirmoqçimi? Farzand köriş istagi bölsa, otasining kimligi muhimmi, bu kim uçun zarur? “Indamas” bilan Zabarni boğlab turgan rişta vaqtinça bölsa-da, şu farzand istagimi? Bu bir şartnomaga öxşab ketmaydimi? Dadasiga indamasning öxşatilişi ham qiziq. Öxşatiladimi… yoki dadasini qömsaganda unga suyanadimi, dadaning belgilari undan qidiriladimi? Ota singari u ham ideal insonmi? Otasiga öxşaganligi uçun ham uni öz köngil “ostonasi”ga kiritdimi? Aslida bu “ostona” juda tor, unda bir insonga joy bor. Bunda faqatgina yurak orqali ötiladigan yölak bor. Aldov, zörlik, soxtalikka joy yöq bu “makon”da.
Tirik jon, isyonkor köngil, odamlar tugul, özi bilan ham murosa qila bilmaydigan ör qizni yengiltak deb öylaşingizga izn bermaydi-da, ammo “indamas” bilan noşarʼiy uçraşuvga borişdan özini qaytara bilmaydi. “Bu işda boy bergan men-ku, sizga nima? Lekin özim heçam afsus qilmayapman. Endi sizdan boşqa biron erkak bu ostonani körmaydi. Zabarjad sözim!” Bu qasam bilan teng. Mabodo, Zabarjad ham boşqalar singari “men qasam içaman” desa, ulardan farqi qolmaydi, sözining özi qasam. Bu öziga işonçmi yo şunçaki öjarlikmi. U ham boşqalar qatori yaratilgandan olib yaralgan issiq jon! Aslida, özini özidan ozod qila olgan, ruhi ozod odamgina seva olişi mumkin. Zabarjad özini majburlab, Abdulaziz akanikiga borişini ham taqdirga tavakkalmi, deb öylab qolasan. Ammo bu aqli raso, şaddod qiz yana bilganini qiladi, baxtni şu “omonat, indamas”dan topadi.
Erkin Aʼzam doimo “indamas”ni (“Zabarjad”) parda ortida tasvirlaydi. Biror marta yuzini, ovozini eşittirmagan, sigaret tutuni orasida özi ham havoga singib ketgan odam özi bormidi yoki kölanka, şarpami… Farhodda (“Şovqin”)da esa aksinça. Vika nima uçun Farhodga boğlanganini özi anglab yetmaydi, fikrsiz, obraz mantiği yetarli dalillanmagan. Yozuvçi faqat Farhodning muhabbatini muhim deb biladi, Vika faqat seviladi. Vikaning sevişi aytilmaydi, körsatilmaydi. Bu ham yozuvçining niyati va maqsadi bilan boğliqdir, ehtimol. Yoki “Şovqin” romanining bahstalab örinlaridan biridir…
Yana bir gap. “Zabarjad” asari söngida şu vaqtgaça asardan taşqarida bölgan muallif bevosita hikoyaçidan iştirokçiga aylanadi. Bu holning maʼnosi bormikin… Muallif asar mohiyatini oçişga bir oz şoşganday… Hadik örinlimi? Bizningça, bu şart emasday…
Erkin Aʼzamning keyingi asarlaridan biri “Suv yoqalab”da Bolta Mardon özini köndirib yaşaşdan zada bölgan inson umri nihoyasida dilidagini tiliga köçirişga majbur. Bundan bu yoğiga bu armonni kötariş köngil uçun oğirlik qiladi. Yuragi tubidagi dardni kimgadir aytib, yengillaşgisi keldi. Bolta Mardonning yuragi tubida özidan özi bekitgan siri bor. Uni zörlasangiz ham, yalinsangiz ham, ayta olmaydigan gidiri bor. Yillar davomida bu dard eskirib borgan sari kuçayib armon alamga aylandi. Bolta Mardon yuragidagi bu yukdan qutuliş uçun zimmasidagi yukni yelkalaydigan odam qidiradi. Dardni birovga aytib, undan qutulib bölarmikin? Aytsa kimga aytadi? Bu avvalgisidan ham oğirroq yuk. Buning uçun köngil mahrami, sirdoş, “juragi bor” mard bölmoği lozim. Oqil ota öylay-öylay bu mardni topadi. U sirga faqat hali uylanmagan, öqimişli kenja öğil munosib mahram böla oladi deb öylaydi. Farzandlar orasidan hali uylanmagan kenjaning loyiq körilişida ham gap köp…Mana biz qidirgan satrlar: “Tağin bir gap, öğlim. Ertaga bir kun orqamda qolmasin-da. Sen endi yoş bola emassan, bilib qöyganing maʼqul. Noligan – noşukr deydilar. Enangni aytaman-da, yaxşi xotin. Yuvoş. Özim ham undan biron yomonlik körmadim. Lekin köngil qurğur he-yeç… Bilmadim – nimaga…” (88- bet). Umrining intihosida u barça dovonlardan eson-omon, imon but holda öta bilgan. Mundoq qaraganda, hayotda kami qolmagan. Ammo nimadir uning könglini öksitadi, dilini qaytadan yaralaydi. Uning köngli yarim. Umuman adib asarlarida oçiq mazmunda aytilganidan aytilmaganlari köp… Jamiyatning yiring bosgan dardlari bu kemtiklikni yanayam börttiriş uçun sabab, vosita bölib xizmat qiladi. Öz ayolidan heç bir yomonlik körmagan, bolalarining onasi, “yuvoş”, muştipar ayol unga sodiq bölgan bölsa-da, öjar köngilni köndiriş qiyin. Böyiday böy topdi-yu, köngilday köngil topmadi… Bu sirli soğinişni, köngli nimadir tusaşini Bolta Mardonning özi anglay bilmay halak. Özi bu tuyğuning tarkibini, vaqti-soatini, davosini kim biladi? Inson zotini bir umr qiynagan bu dardga kim yeçim topa bilgan? Heç bölmaganda hali uylanmagan öğilning bu kabi armonlarga oşno tutinmaslik çorasi emasmikin?
“Şovqin” romanidagi Farhod köngil ilinjida “quloq” bahona yurt kezadi. Hayot mazmunida özini qidiriş, taftiş etiş Farhod uçun taskin, öziga yupanç. U Vikani körgandan keyin köngil isyon qilib, asta-sekin yurak ehtiyojiga aylanadi. Farhod bir oz vaqt bu isyonni aql bilan bostirişga muvaffaq böladi. Isyon qözğolonga yöl beradi. Majburiyat ostida zörlab bostirib turilgan isyon alangasi tobora şiddat olib, lovillab, gurillab ketadi Bu asardagi şohsatrni şu lavhada deb bildik. “Qarang, hayot özi ğala-ğovur şovqinga töla-ku, töğrimi? Köngilni öylang, köngilni avaylang, inim. Köngil–özingizniki, qolgan şovqin-suron esa dunyoga tan.Odamzotning millati son-sanoqsiz bölişi mumkin, lekin uning özi yagona, bir nusxalik xolos! Köngil ham şunday– bittagina, yakka-yagona.” Zabarjad, Bolta Mardon, Farhod qaraşlarini ifodalagan bu öy-fikrlar yozuvçining hayot haqidagi falsafasi, iqroridir. Har bir yaratilgan asar ham yozuvçining özi anglagan va şuni maʼqul bilgan hayot falsafasidir.
Sanobar Tölaganova
1970 yilda Qaşqadaryo viloyatining Qamaşi tumanida tuğilgan. Nizomiy nomidagi Toşkent Davlat Pedagogika universitetini tamomlagan. Öz RFA Alişer Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti ilmiy xodimi.
“Yoşlik” jurnali, 2014-yil 12-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

