So‘zlar mening ko‘zgumdir…

0
25
marta ko‘rilgan.

* * *

umrimning har lahzasin

o‘lchab borar vaqt

daqiqa sayin

soniyalar kechadi

o‘ngu so‘limdan

odimma, odim…

 

* * *

odim otarkan

bo‘lib boraman

yo‘lni ikkiga

ortda qolar vaqt

daqiqa sayin

sollagancha qo‘l…

 

* * *

otlanaman chog‘lab

o‘zimni yo‘lga

garchi

yurgan sari

uzayadi yo‘l

qisqaradi

tobora umr

 

* * *

noming kechadi

qay bir qo‘shiqda

biroq

sado beradi

mening qalbimda

yangragan ko‘yi duk-duk…

 

* * *

vaqt senga kerak

sen vaqtga emas

ishi yo‘q vaqtning

tashvishing bilan

og‘rimas boshi

 

* * *

bari senga oid

sen tufayli barchasi

ostin chizgan jumla –

satrlarimning

 

* * *

she’r – tark etib har tong

kecha tag‘in

qaytgan uyimiz

sira kecha olmagan…

 

* * *

uxladi deb o‘ylarsiz balki

yo‘q tush ko‘rmoqdaman

o‘ngim davomin

 

* * *

ayt

etaklay qayon

sensiz bo‘m-bo‘sh yurakni

 

***

bilmadim

bularni senga aytishning

hojati bormi

bor bo‘lsa aytay

na zamon

na makonni tanlar

kelsa gar ilhom

 

xabar olgani chiqar go‘yo tong otib

har sahar bizdan

deraza osha…

 

***

she’r bitarkan yo

irod etarkan nutq

aytarkan yo dabdurust

yo aylar ishora

charxlayman obdon

fikr damini

misli bir qilich

yalt-yult porlagan

 

***

she’r mixlab qo‘yar bizni xonaga

chiqib ko‘ring-chi

qo‘yarmikan dard

nafas olmoqqa

ko‘tarmoqqa bosh

 

* * *

shaxmat donalari kabi

tizaman-da harflarni

oldinga suraman so‘ng so‘z

fikrlarimni

garchi bunda

ortga qaytmoq yo‘q

 

* * *

so‘zlar mening ko‘zgumdir

boqib to‘ymagan…

 

* * *

sig‘armi bu tun

oyning yarim ko‘ngliga

 

* * *

shimoliy qutbdaman

har yonim janub

 

* * *

hayot o‘yinin boshlagan menman

bitirgay mamot

 

* * *

yolg‘iz yolg‘iz emas

soyasi bor uning ham

 

* * *

iste’foga chiqar shom

quyosh tonggacha

 

* * *

etib bo‘larmi tongga hech uyg‘oq

soqit qilmay boshdan uyquni

 

* * *

nima qo‘ysam ekan she’r –

dardim otini

 

* * *

ha yot emassan menga-da Hayot

 

Shermurod SUBHON

1966 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)da hamda Istanbul universitetida tahsil olgan. “O‘zbek modern she’riyati” bayozi (hammualliflikda), “Sokin so‘z suvrati” she’riy to‘plami, “She’riyat iqlimi” nomli ilmiy maqolalar va tarjimalar kitobi chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.