14 daqiqada öqiladi

568 marta körilgan

Ijod – maʼnaviy hodisa…mi?

Ötkir Hoşimov

Bundan salkam 50 yil avval söz sanʼatkori Abdulla Qahhor Özbekiston xalq yozuvçisi Ötkir Hoşimovning “Çöl havosi” qissasini öqib: “Birdan lov etib alanga bilan boşlangan ijodning kelajagi porloq böladi. …Şu alanga heç qaçon pasaymasin, ijodingiz heç qaçon tutamasin!” deb tilak bildirgan edi.

Oradan yillar ötdi. Buyuk Abdulla Qahhorning duolari ijobat böldi. Özbek adabiyotida yozuvçi Ötkir Hoşimov qalamiga mansub gözal qissalar va hikoyalar paydo böldi. Bu asarlar asosida suratga olingan videofilmlar yillar davomida zangori ekrandan tuşmay, xalqimizning oltin merosiga aylandi. Uruş degan baloning inson hayoti va ruhiyatidagi tajovuzkorona “aksi” – “Ikki eşik orasi” romanida mohirona “çizib” berildi. Ötgan asrda xalqimiz boşiga tuşgan fojealar, adolatsizliklar va buning oqibatida toptalgan taqdirlar “Tuşda keçgan umrlar” romanida aks ettirildi. Yoki…

Bir söz bilan aytganda, “alanga pasaymadi”. Işonamizki, özbek kitobxoni bu “alanga” taftidan hali uzoq yillar bahramand bölajak.

– Adabiyot insonni bedorlikka undaydi. Tiriklik puçmoqlaridan maʼno, mohiyat axtarişga örgatadi. Bu “axtariş” jarayoni esa insonga özini tanitadi. Zero, özni tanimoq, Özlikni anglamoqdir! Şu maʼnoda, haqiqiy ijodkor ruhiyat muallimidir.

Çinakam badiiy asar öquvçi ruhiyatini yuksaltiradi. Hayajonga soladi. Asar qahramoni yiğlasa qöşilib yiğlaydi, iztirob çeksa u ham iztirobga tuşadi. Kitob öquvçining hayotiga, öquvçi kitob sahifalaridagi “hayot”ga aralaşib ketadi. Siz yozibsizki, “Şunday asarlar yozsangki, kitobxon uni öqiganda hamma narsani unutsa. Asar qahramonlari hayoti bilan yaşasa. Quvonsa, iztirob çeksa…”. Nazarimda, bu orzuga  erişiş yozuvçi uçun eng buyuk baxt va eng yuksak natija bölsa kerak.

Bugungaça yozgan kitoblaringiz içida ana şunday “natija”ga erişgani qaysi deb öylaysiz? Umuman, sönggi yillarda adabiyotimizda sizni öquvçi sifatida hayajonga solgan, yozuvçi sifatida havas uyğotgan asarlar paydo böldimi? 

– Savolingizning birinçi qismiga men emas, kitobxon javob qilgani maʼqul. Menga qolsa, ikkita hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan eson-omon ötgan asar – haqiqiy asar böladi. Savolning ikkinçi qismiga kelsak… Oqqan daryo oqaveradi. Adabiyot asrlar davomida yaşab kelgan va bundan keyin ham yaşayveradi. Öquvçini hayajonga solayotgan asarlar bor. Birini aytsak ikkinçisi xayoldan kötarilib, ukalarim va singillarimni ranjitib qöyişdan istihola qilaman. Yozuvçilar boğida bölgan yoşlar seminarida juda puxta şoirlar va yoş adiblar borligini körib, boşim osmonga yetdi…

– Sizning asarlaringizdagi qahramonlarning aksariyati xatolari uçun jazo tortişga mahkum etilgan. Misol uçun, “Bahor qaytmaydi” qissasidagi Alimardon, “Ikki eşik orasi”dagi Raʼno yoki “Tuşda keçgan umrlar”dagi Komissar. Yozuvçi qahramonlariga “jazo tayinlaş”da öz ruhiyatidan kelib çiqadimi yoki voqealar silsilasi buni taqozo qiladimi?

– Siz aytayotgan asar qahramonlari qismati ançayin murakkab. Agar muallif “dunyoda yaxşilik taqdirlanadi, yomonlik jazolanadi”, degan qadimiy aqidani şior qilib olsa, u nasihatgöyga aylanib qolar edi. Asar yozilayotganida qahramonlar muallif boşida öylagan “köça”dan emas, butunlay boşqa tomon yurib ketişi mumkin. Menga desa Alimardon tirik qolsa ham asarning taʼsir kuçi pasayib qolmas edi. Biroq u siz bilan men öylagandan köra murakkabroq şaxs. Unda xudbinlik bilan birga mardlik ham bor. U birovdan mağlub bölib yaşagandan köra hayotdan ketişni afzal köradi. Uni men emas, özi halok qildi. “Tuşda keçgan umrlar”dagi Komissar esa yetmiş yillik zulm saltanatining timsoli. Oddiy emas, öta xavfli manqurt! Eng muhimi, öquvçi asardagi odamlar (“personajlar” emas, aynan ODAMLAR) qismatiga işonsa, hayajonga tuşsa, adibga şunisi kerak!

– XX asrni qaritgan “…izm”lar insoniyat boşiga mislsiz kulfatlar keltirdi. Inson ruhi, qalbi va maʼnaviyati siyosiy mafkuraning quliga aylantirildi. Ğayriislomiy va ğayriinsoniy ğoyalar doyaligida “pioner”, “komsomol”, “kommunist” singari mavjudotlar tuğildi. Mavjud siyosiy mafkura bilan “oziqlanib” ulğaygan bu avlodlar göyoki odamiyatning ideal vakillariga aylandi. Tabiiyki, ana şunday vaziyatda bu “vakillar” uruş maydonlaridan, mehnat lagerlaridan, çölu sahrolardan badiiy kitob sahifalariga köçdi. Adabiy qahramonlarga aylandi. Ayni holat özbek adabiyotida ham şaklan milliy, mazmunan “…izm”lar ğoyasini tarannum etuvçi asarlar paydo bölişiga olib keldi.

Bugun bu aççiq tarixni eslab, heç kimni malomat qilmoqçi emasmiz. Zero, haqiqiy yozuvçi öz davrining vijdoni, millatining ovozidir! Agar bu “vijdon” oğrimasa, agar bu “ovoz” yolğon ohanglar taratsa… bu endi boşqa masala. Aytmoqçi bölganimiz: ne tongki, özbek adabiyotida ana şu ğoyaviy ur-surlardan omon çiqqan asarlar talaygina. (Bu – nihoyatda jiddiy va quvonlarli holat) Jumladan, sizning asarlaringiz ham bu dolğali davr sinovlaridan deyarli talofatsiz çiqdi. Albatta, bu haqda adabiy tanqidçilarimiz ham ança-munça yozdilar. Ularning eʼtirofiça, bu yozuvçining rostgöyligi bilan boğliq ekan. Ayting-çi, yozuvçining “rost yozişi” degani nima özi?

– Hozir men uçun eng muhim va eng qiyin jarayon – tanlangan asarlarni tanlaş bölayotir. Ijod degani betakror bölmoği kerak. Roman va qissalar, sahna asarlari va hikoyalar, hajviyalar va badialar orasidan eng yaxşilarini tanlaş va ular bir-birini takrorlamasligi şart. Yaratganga şukronalar qilaman: badiiy asarlarning hammasi iloji boriça Inson haqida, uning qismati haqida yozilgan ekan! (Ularning badiiy saviyasi har xil bölişi mumkin, eng yaxşilari, yaʼni bugungi kitobxonni ham öylatadiganlarini tanlaş kerak). Xullas, öşa asarlarni qayta körganimda butun-butun boblarni qaytadan yoziş, ayrim qahramonlar qismatini “özgartiriş” yoki asardan umuman çiqarib taşlaş zarurati bölgani yöq. Biroq öşa paytdagi ayrim tuşunça va sözlarni töğrilaş kerak böldi. Deylik bugungi kitobxonga “telefon budkasi”, “telefon trubkasi”, “avtobus töxtaş joyi”, “student”, “ikkinçi kurs”, “rayon”, “uzel”, “uçastka”, “peraşka” deganga öxşaş sözlar begona. Ammo bular şunçaki, yöl-yölakay tuzatiladigan detallar xolos.

Rostgöylik masalasiga kelsak. Bu prinsip bizning avlodga Qahhor domla va Ozod domlalardan yuqqan. Abdulla Qahhorning yaxşi taʼbiri bor, eşitgansiz: “Adabiyot – atomdan kuçli, uning kuçini ötin yorişga sarflamaslik kerak”. Ustozning tağin bir gözal taşbehi bor edi. “Haqiqiy yozuvçi SÖZni tonnalab olib, grammlab sotadi!” Bunga kim qançalik erişgani yoki erişmaganini aytolmayman. Biroq asarda har bir söz, har bir jumla maʼno taşişi va jaranglab turişi kerak.

– Ijodkor degan nomga munosib böliş uçun avvalo isteʼdod kerak. Isteʼdod degani esa pulga sotilmaydi yoki uni  öqib özlaştirib bölmaydi. Bu jihatdan yozuvçilik qalb amri bilan boğliq jarayon. Şuning uçun bölsa kerak, yozuvçilikni “köngil işi” deydilar. Harqalay, adabiyotimiz darğalari ana şu aqidaga binoan faoliyat yuritganlar. Yaʼni, bu zotlar boşqa kasb bilan tirikçilik qilib, böş vaqtlarida “köngil işi” bilan maşğul bölişgan. Darvoqe, ular “köngil işi” uçun birovdan qalam haqi ham olmaganlar. Ammo keyinçalik yozuvçilik tom maʼnoda ijtimoiy-maʼnaviy masalaga aylanib qoldi…

– Ijod – çindan köngil işi. Haqiqiy yozuvçi Xudo köngliga solganini yozadi. Sözning ilohiyligi, badiiy ijodining qudrati ham şunda. Töğri, Alişer Navoiy hazratlaridan tortib Maxmurgaça barça ijodkorlar biron davlat işida faoliyat körsatgan yoki maʼlum hunar egasi bölganlar. Muqimiy xattot, Gulxaniy hunarmand, Zavqiy mahsidöz, Ogahiy mirob, Avaz Ötar sartaroş, Maxmur sarboz bölgan. Biroq haqiqiy ijod heç qaçon “şaxsiy masala”, “köngil işi” bölib qolgan emas. Agar şunday bölsa, şoir yozgan şeʼrini özi sevgan mahbubasiga, adib esa romanini ulfatlariga öqib bersa, şu bilan kifoya qilgan bölur edi. Qalamkaşlar asarlarini kitob qilib çiqarib ovora bölib yurmasdi.

Endi savolingizning ikkinçi qismi – ijod ahli mehnatini rağbatlantiriş masalasiga kelsak. Hazrat Navoiy bilan şoh Boburga til tekkizmay qöya qolaylik. Navoiy hazratlari ulkan saltanatning boş vaziri bölganlar. Vaqti kelsa, sulton Husayn Boyqaroning özi ham Mavlonodan qarz olib turgani haqida gap-sözlar yuradi. Bobur esa öz nomi bilan şoh bölgan. Binobarin, ular qalam haqiga ehtiyoj sezmaganlar. Bundan taşqari, uşbu allomalarning asarlarini xattotlar nari borsa, yuz nusxa, ming nusxada köçirganlar. Siz aytgan boşqa şoirlar ham qalam haqi nimaligini bilmaganlar. Ammo ayting-çi, közi tirikligida Gulxaniyning neçta kitobi çop etilgan? Muqimiyning-çi? Ogahiy, Zavqiy, Avaz Ötar, Maxmurning neçta kitobi neça ming nusxada çiqqan va neça yuz mingga sotilgan?

Bugungi kunda kitoblar (haqiqiy badiiy asarlarni nazarda tutayapman) ön minglab nusxada çop etilib, millionlarga sotilyapti. Yaʼni, kitob – tovarga, tovar esa – pulga aylanyapti. Bu – tabiiy hol. Adib asar yozmasa, naşriyotga olib bormas edi. Naşriyot uni kitob qilib çiqarişdan moddiy manfaat körişga közi yetmasa, tahrir qilmasdi. Matbaa korxonasi foyda körmasa ön minglab, yuz minglab nusxada çop etmasdi. Kitob savdosi foyda körmasa, “erkin narxda” sotmasdi. Demak, yozuvçining “köngil işi” faqat maʼnaviy emas, moddiy boylikka ham aylandimi? Uning mehnatidan boşqalar ham ozmi-köpmi naf köryaptimi? Şunday ekan, kitobdan boşqalar qatori muallif ham moddiy manfaatdor bölişga haqli. Negaki asarni yöq joydan bor qilgan muallifdir.

Jahon qonunçiligida, jumladan “Mualliflik huquqi va turdoş huquqlar töğrisida”gi Qonunda muallifga kitob nominal bahosining ön foizigaça haq beriş mumkin, degan mezon bor.

Bugun hamma yerda bölgani kabi bizning mamlakatda ham kitob naşr etiş butun bir industriyaga aylangan. Bu esa yozuvçilik qandaydir “şaxsiy yumuş” emas, jiddiy, maʼnaviy, ijtimoiy hodisaga aylandi, degani. Negaki, kitob ön minglab xonadonlarga kirib boradi va kitobxonlar ongini şakllantiradi.

–  Ötkir aka, rostini aytsam, yuqoridagi mulohazalarni endi berilajak savolga zamin hozirlaş  uçun aytgan edim. Haqiqatdan ham yozuvçilik “şaxsiy yumuş” emas. Çunki bu “yumuş” ön minglab xonadonlarga kirib borar ekan, endi u ijtimoiy-maʼnaviy ahamiyat kasb etadi. Agar mana şu talab nuqtayi nazaridan qaraydigan bölsak, keyingi paytlarda paydo bölayotgan ayrim “asar”lar kişini taşvişga soladi. Deylik, hamyoni baquvvatroq bir örtoq “köngil işi”da – “roman” yozadi. Xarobgina “roman”ni naşriyot muharriri “uh” torta-torta tahrir qilib çiqadi. Matbaa korxonasi çop etadi. Kitob savdosi “roman”ni sotadi. Qarabsizki, “asar” kitobxonga yetib boradi va… endi, natijani siz ayting.

– Adabiyotimiz ravnaqi uçun muhim ahamiyat kasb etadigan bosqiç, bu – qalamkaş va naşriyotning aloqasi masalasidir. Bugungi kunda Respublikamizda önlab naşriyotlar, yuzlab bosmaxonalar faoliyat körsatmoqda. Qonunga binoan layoqatli har bir yuridik yoki jismoniy şaxs noşirlik faoliyati bilan şuğullanişga haqli. Ommaviy axborot vositalari singari naşriyotlar ham köp bölgani yaxşi. “Şarq”  naşriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Özbekiston”, “Yangi asr avlodi”, Ğafur Ğulom nomidagi va boşqa  naşriyotlar bilan bir qatorda bir qança nodavlat va xususiy naşriyotlar ham bor. Insof bilan aytganda, ularda ham yaxşi-yaxşi kitoblar naşr etilmoqda. Masalan, “Mumtoz söz” naşriyotida…

Afsuski, noşirlar orasida bozor boşida ötirib olgan çayqovçilarni eslatadiganlari ham yöq emas. Yuqorida aytilgan, yozuvçilikning köçasiga kirmagan “adib”larning bozorini çaqqon qilayotganlar şunday noşirlardir. Ular eşikdan kirib kelgan muallifning isteʼdodi, yozgan asarining badiiy quvvatiga emas, çöntagiga qarab baholaydilar. Bir tanişim şunday naşriyot direktorining xonasiga kirib, tasodifan guvohi bölgan hangomani aytib bergan edi.

Şunday qilib, başang kiyingan bir odam xonaga kiradi va direktorga “zör roman” yozib taşlaganini, şuni tezroq va çiroyliroq kitob qiliş kerakligini, taxminan beş ming nusxada çop etişning “xarajati” qança bölişini söraydi. Naşriyot rahbari kitob örtaçaroq hajmda bölsa, şunça tirajdagi naşr bahosi taxminan falon sömlarga tuşişini, şuning uçun ön beş-yigirma foizini oldindan “predoplata” qiliş lozimligini aytadi. Boyagi “klassik adib” diplomatidan bir salapan xalta pul çiqarib, “mana, öşa “predoplata”, uç oyda kitobimni çiqarsangiz, qolganini olasiz”, deydi.

Bilmadim, balki bu ançayin oşiribroq aytilgan gapdir. Qolaversa, bozor iqtisodi şaroitida noşirlarga ham oson emas. Jamoaga maoş berişi, qoğoz sotib olişi kerak, yana allaqança xarajatlar bor. Lekin u “roman” qöltiqlab kelgan öşa “janob”dan “baraka topgur, özingiz kimsiz, avval biron satr yozganmisiz, qölyozmangizni kim öqidi, kim tavsiya qildi?” deb söraşi kerak-ku! Yo buyoği “taka bölsin, sut bersin”mi? Öşa romannavis muallifda Xudo yuqtirgan isteʼdod bölsa-ku, haloli bölsin! Isteʼdod bölmasa-çi? Roman yoziş ğişt quyiş emas-ku! Lev Tolstoydek daho adib yetmiş yil faol ijod qilganiga qaramay nima uçun bor-yöği uçta roman yozgan? Xohlasa, yetmişta romanni qoyil qilib taşlaşi mumkin edi-ku! Özimizning ustozlar – Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Ğafur Ğulom, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Şuhrat domla, Hamid Ğulom, Mirzakalon Ismoiliy, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Ölmas Umarbekovlar ham xohlasa beş-öntadan roman qoldirişi mumkin edi-ku! Nega bunday qilişmagan? Gap şundaki, roman yoziş uçun roman tafakkuri, roman qamrovi kerak. Qolaversa, uç yuz yoki beş yuz sahifaning hammasini bab-baravar yoritib turadigan qalb alangasi kerak! Kitobxonni larzaga soladigan insonlar qismati, xalq va jamiyat hayotining katta qatlamini tasvirlaş zarur. Oxir-oqibat öşa asar kitobxonning maʼnaviy mulkiga aylanişi kerak. Badiiy adabiyot degani şunçaki “şaxsiy kuzatuvlar” yoki oldi-qoçdi “voqeanavislik” emas!

Ustoz Abdulla Qahhorning bir gapi bor edi. “Uçuvçilikni bilmagan odamni samolyot şturvaliga yaqin yölatmaydilar. Ammo yozuvçilikning köçasiga kirmagan odam “asar” yozib taşlasa, heç kimning işi yöq!” Isteʼdodi mundayroq bölsa ham “qöli uzun yozuvçi”ning “şedevr” kitobini qanday qismat kutadi? Bu holat ikki xil bölişi mumkin: kitob çiqqaç, yillab dökonlarda çang bosib yotadi yoki aksinça, muallifning “taʼsiri” bilan sotilib ketadi. Ammo har ikki holatda ham bunday “ijod namunasi”ning foydadan köra zarari köproq böladi. Sababi, u kitobxonni haqiqiy adabiyotdan çalğitadi. Xalqqa maʼnaviy zarar keltiradi. Şu kitob örniga bosilişi mumkin bölgan boşqa isteʼdodli asarlarning yölini tösadi. Bunisi ham maʼnaviy zarardan bölak narsa emas.

“Samizdat” degan tuşunça boşqa mamlakatlarda ham bor. Mayli, kimdir “nom qoldiriş” uçun kitob çiqarmoqçi ekan, bunga yöl beriş kerakdir. Biroq bunaqa kitoblar isteʼdodli qalamkaşlar, ayniqsa yoş ijodkorlarning asari örniga çiqmasligi kerak.

Yurtboşimiz taʼkidlaganidek, “Bugungi kunda naşriyotlarga töla erkinlik berilgan, ularning faoliyatiga heç kim çetdan turib aralaşa olmaydi. Lekin ana şu erkinlikni töğri tuşuniş, masalaga masʼuliyat bilan yondoşiş darkor. Yaʼni, faqat iqtisodiy manfaat ortidan quvib, badiiy jihatdan zaif, milliy maʼnaviyatimiz, qadriyatlarimizga töğri kelmaydigan, adabiyotning obrösini tuşiradigan kitoblar naşr etilişiga yöl qöymaslik kerak!”

Köpçilik qalamkaşlarni taşvişga solayotgan bu masalaga davlatimiz rahbarining özi bu qadar oydinlik kiritgani jiddiy gap!

Albatta, söz erkinligi, hurfikrlik uluğ tuşunça. Bu örinda gap taqiqlaş, “senzura qiliş” haqida ketayotgani yöq. Biroq isteʼdodi bormi-yöqmi, xohlagan odam xohlagan “asarini” yozaversa, xohlagan noşir xohlagan kitobini bosaversa, xohlagan “savdo xodimi” xohlagan kitobini xohlagan joyida “erkin narx”da sotaversa, bular maʼnaviyatga qanday taʼsir qilarkin?

– Modomiki, öquvçiga asar taqdim qiliş, kitob naşr etiş jarayoni şu qadar masʼuliyatli ekan, endi tayyor kitobni sotiş muammosi ham çakana masala emas. Zero, millat maʼnaviyatiga, maʼrifatiga daxldor masalalarga şunçaki qarab bölmaydi.

– Kitob savdosi – adabiyot taraqqiyotida muhim rol öynaydigan masala. Tan olişimiz kerak, kitob savdosi sohasida ham muammolar yetarli. Albatta, kitob savdosini töğri va  oqilona yölga qöygan taşkilotlar yöq emas. Masalan, “Şarq ziyokori” kitoblar markazi faoliyati köp tomonlama örnak bölarlidir. Bu yerda “Şarq” naşriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi boş tahririyati tomonidan çop etilgan kitoblargina emas, boşqa naşriyotlarning mahsulotlari ham sotiladi. Markazning hamma viloyatlarda bölimlari bor. Hozir Toşkentdagi bir neça oliy öquv yurtlarida kitob savdosi taşkil etilmoqda. Muhimi, markaz tasarrufidagi tarmoqlarda kitoblar qatʼiy belgilangan narx bilan sotiladi. Bu masalaga alohida töxtalişga töğri keladi.

“Bahosi erkin narxda” degan, boş-ketining tayini yöq tuşunça mavjud ekan, odamlarga maʼqul kitoblar savdosida mantiqqa zid vaziyatlar paydo bölaveradi. Noqulay bölsa ham bir misol aytişim mumkin. “Şarq” kompaniyasida çop etilgan bir kitobimning “nominal bahosi” ikki yarim ming söm deb belgilangan edi. “Şarq ziyokori”dan özim ham şu bahoda sotib oldim. Oradan köp ötmay, şahar markazidan taxminan beş çaqirim naridagi bir joyda şu kitobning özi yetti ming sömdan sotilayotganini körib hayron qoldim. Tasavvur qiling, kitobni bir dökondan sotib olib, nariroqqa borib sotayotgan “işbilarmon” har bir kitobdan uç hissa “daromad qilsa” va bu bir neça yil ijod qilib, asar yozgan muallif olgan qalam haqidan ançagina köp bölsa, ğalati tuyular ekan. Yana talay el sevgan adib va şoirlarning kitobi ham turli joylarda ikki-uç hissa qimmatiga pullanayotganini kördim. Albatta, kimdir sening mehnating mevasidan ozmi-köpmi manfaatdor bölsa, Xudoga şukr qilmoq kerak. Biroq insof sari baraka, degan gap ham bor.

Menga qolsa (boşqa hamkasblar ham bu fikrga qöşiladi, deb öylayman) kitobim qança arzonroq sotilib, qança köproq öquvçiga yetib borsa, şunça yaxşi. Demoqçimanki, kitob savdosi masalasida ham töplanib qolgan ança muammolar bor. Mamlakatimizning çekkaroq şahar va qişloqlarida kitob dökonlari yöqligi, borlari ham yopilib, örniga boşqa narsalar sotiladigan savdo  “toçkalari”ga aylanib ketgani juda jiddiy muammo. Kitob narxini nazorat qiliş ham allaqaçon yetilgan masala. Bu örinda “bozor iqtisodi”ning “erkin narx” degan tuşunçasi özini oqlamaydi. Jahon tajribasidan  örgansak böladigan misollar bor. Deylik, Germaniyada har yili aholi jon boşiga örtaça yuz dollarlik kitob xarid qilinadi. (Kattalar va bolalar adabiyotini qöşib hisoblaganda). Eng muhimi – u yerda kitob qatʼiy narx bilan sotiladi. Xuddi aptekadagi dori-darmonlarni belgilanganidan qimmat sotiş mumkin bölmagani kabi kitobni ham “ustama narx” qöyib pullagan sotuvçi qonun oldida javob beradi! Menimça, bu tajribani ham örgansak zarar qilmaydi.

Xulosa qilib aytiş mumkinki, qalamkaşlik şunçaki havas uçun qoğoz qoralaş emas. Adabiyot – hali aytganimizdek jiddiy maʼnaviy-ijtimoiy hodisa, maʼnaviyat binosini tutib turgan ustunlardan biri. Ijodkor esa xuddi qadimiy yunon afsonalaridagi atlantlar kabi öşa ustunni yelkasida kötarib turişga mahkum. Zero, ijod – vaqti-vaqti bilan sayriboğ qilinadigan “şon-şuhrat” gulşani emas, zavqli, ayni paytda oğir va masʼuliyatli yumuşdir.

 

Suhbatdoş: Alişer NAZAR

“Yoşlik” jurnali, 2011-yil 3-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)