(Hajviya)
Örmonda sayr qilib yurgan amaldor Plyumajyov daryo böyiga çiqib keldi va töxtab, oynadek tiniq suv betiga bemaqsad tikilib qoldi.
Uzoqni yaxşi körolmaydigan amaldor narigi qirğoqni közdan keçira boşladi. Ixçam sariq çömiliş kiyimidagi qandaydir bir gavda suvga keldi va tizza böyi joyda töxtab, boşidagi yaşil çepçik ustidan hovuçlab suv quya boşladi.
“Ayol! – öyladi Plyumajyov. Közlarini qisibroq qaragan edi, u ikkita ingiçka çiziqçaga öxşab körindi. – Xudo haqqi, ayol! Yoşgina şekilli!”
Uning keksalarga xos ozğin tizzalari titrab, badanini sovuq qaltiroq bosdi.
– Ah, – ingrab qöydi Plyumajyov. – Laʼnati körolmaslik… Qanday ahmoqona odat-a bu durbin olib yurmaslik.
U xörsinib qöydi va közlarini işqadi:
– Oq va yöl-yöl nimalarnidir köryapman. Öldirsang ham şunday zör tomoşadan voz keçmayman. A-ha! Ana u yerda kimdir suv örtasidan çiqib kelyapti. Panaroqda ötirib kutib turay-çi, balki yaqinroqqa suzib kelar. Attang!
U quyuq butazordagi yaqqolroq körinadigan tepalikka qaltiroq qöllari bilan bir amallab tirişib-tarmaşib endigina çiqib olganda qoqilib ketdi. Yaşil butoqlar orasida gimnaziyaçilar furajkasi, qaysidir xizmat paytida kiyiladigan moşrang bluza va kulrang şim kiygan yigitça harakatsiz qadalib yotardi. Yigitça uning yiqilganini körib nima deb öyladiykin.
– Obbo olğir-e… Joylaşib olganini-çi! – hasad bilan uf tortdi Plyumajyov.
U yotib olgan gimnaziyaçining qölida narigi qirğoqqa qaratilgan qora durbinni körib qoldi.
Gimnaziyaçi ögirildi va Plyumajyovga iljaygança döstona köz qisib dedi:
– E, siz hammi?
“Yaramas! Yana betakallufligini-çi”, – öyladi Plyumajyov, gimnaziyaçini yulib taşlagisi keldi, biroq durbin esiga tuşib, ötlar ustiga – uning yoniga çökdi va tilyoğlamalik bilan hingilladi:
–Hi-hi! Ajoyib-a?
– Çiroylikkina! – dedi yigitça.
Plyumajyov tilining uçini quruqşagan labi ustidan yurgizib, sabrsizlarça dedi:
– Bir daqiqaga… berib turolmaysizmi… durbinni!
Gimnaziyaçi boş çayqadi:
– E, yöq, amakijon! Bunaqasi ketmaydi! Akangizning öziga kerak.
Plyumajyov qaltiroq qöllarini çözdi:
– Berib turing! Bir daqiqaga.
– Heçam-da! Tekingami, men uni xolamning kiyim javonidan söramay olib kelganman! Agar sizda durbin bölganida menga özingiznikini bermagan bölardingiz, albatta!
– Bersangiz-çi!
– Xalaqit bermang! Oho-ho.
Yigitça örnidan turib, durbinni köziga bosibroq oldinga şunaqangi qaray boşladiki, oqibatda miyasiga kattagina xatar tahdid solayotganidan bexabar qoldi.
– Oho-ho-ho! Orqasini ögirdi… Ammo men uning ensasini şunaqa gözal deb öylamagandim.
Yonida yotgan Plyumajyov esa yasama beparvolik bilan teskari ögirilib oldi, biroq uning lablari dilsiyohlikdan va qattiq ğazabdan titrar edi.
– Töğrisini aytganda, – alamini ola boşladi u qaqragan ovozda, – çömilayotgan ayolni yaşirinça kuzatişga haqqingiz yöq. Axloqsizlik bu.
– Siz mendan durbinni söradingiz! Özingiz ham!.. Özlariga bemalol-u, menga mumkin emas ekan-da.
Plyumajyov indamadi.
– Xohlasam, durbinni tortib olardim. Muşt ham tuşirardim. Kuçliman-ku axir…
– Öh-hö! Tortib olib köring-çi… Şunday qiçqiramanki, butun çorboğdagilar yugurib kelişadi. Menga-ku farqi yöq, yoş bolaman, ammo sizning juda bölmaganda quloğingizni çözib, taʼziringizni berişsa, bu şarmandalikdan yoz böyi uyalib yurasiz. Siz yoşi uluğ keksa kişi böla turib şunaqa ahmoqona işlar bilan şuğullanib ötiribsiz. Endi u yana oldinga ögirildi. Xohlaysizmi, men sizga nima körinsa, barini aytib turaman?
– Yöqolib ket!
– Özing yöqol! – sovuqqonlik bilan gap qaytardi yigitça.
– Qöpol…
– Şunaqadan eşitdim.
Plyumajyov tişlarini ğijirlatgança bolakayning gardaniga muşt tuşirib, hoziroq uyga ketişni möljalladi, biroq buning örniga tupugini içiga yutib, yasama muloyim ohangda yigitçaga murojaat qildi:
– Tili ötkir ekansiz, yigitça… Gap bunday, döstim, agar vaqtinça berib turişni xohlamasangiz, unda… soting!
– Nima… soting… Keyin xolam menga birovning durbinini sotiş qanaqa bölişini körsatib qöyadi!
– Işonamanki, yaxşi yigit, – xuşomad qilardi Plyumajyov, – xolangiz sizdaligini sezmaydiyam. Undan keyin xizmatkor öğri xotin ötib ketdi… Men sizga töliq haqini hoziroq beraveraymi?
Gimnaziyaçining yuzida qarama-qarşi ikki hissiyot aks etar, u öylayotgandi.
– Hm… Menga qança bermoqçisiz özi?
– Uç söm.
– Uç söm? Siz menga yarmini taklif qilyapsizmi? U magazinda sakkiz söm turadi.
Yigitça nopisandlik bilan yelka qisib qöydi va yana narigi qirğoqqa qaray boşladi.
– Xöp, bölmasa, beş sömga rozimisiz?
– Ön söm bering!
– Bunisi endi razillik. Özingiz, yangisi sakkiz söm turadi, dedingiz, tağin ön söm undirmoqçisiz. Yulğiç.
– Kammi deyman! Kerak bölsa baʼzan yigirmani ham bağişlab yuborişga töğri keladi… Mana… Sayoz joyga çiqdi, oyoqlariyam körindi. Boldirlari, töpiqlari juda ajoyib, sizga aytsam!
Avvaliga gimnaziyaçi şunçaki zavq olayotgandi. Endi bölsa u oldi-sotdi ham qila boşlagaç, zavq-şavqi ikki hissa oşib ketdi.
– Iye! Bunisi nima ekan? Yelkasidagi çuqurçalar… Çindan ham! Qöllari esa oppoq….Tirsaklariyam nafis!! Belidagi çuqurçalar…
– Yaxşi yigit, – xirillab uning gapini böldi Plyumajyov, – xohlasangiz… men sizga sakkiz söm beraman…
– Ön!
– Boşqa yöq… menda… mana hamyonim… ön tiyinlik bilan sakkiz söm. Hamyonni ham qöşib oling, mayli. Hamyon yangi, uç söm turadi.
– Şu yangimi! Eski-ku, yarim bahosiga arzisa ham katta gap.
Plyumajyov yigitçaning eski durbin uçun osmondan kelib haq sörayotganiga eʼtiroz bildirmoqçi edi, biroq iç-içidan çöçib turardi: qanday bölmasin, bolakay arazlab qolmasligi kerak.
– Öh-hö! Orqasiga egildi! Bu nimasi! Ha, albatta! Çömiliş kiyimining boğiçini yeçdi va…
– Quloq soling! – qattiq hayajondan ovozi böğriqib xitob qildi Plyumajyov. – Men sizga sakkiz sömdan taşqari hamyonimni, yana pişiqqina piçoqçam va anavinaqa suratlarni ham beraman!
– Ötkirmi?
– Ötkir, ötkir! Keçagina sotib oldim.
– Tamakingiz ham bormi?
– Bor, bor. Maʼqul bölsa, taqdim etaman.
– Yöq, siz menga hammasini bering. O-o! Çarm tamakidon… Mayli, agar tamakilarni tamakidoni bilan, piçoqça va suratlarni pulga qöşib bersangiz, durbinni sizga sotaman!
Plyumajyov bu oçköz bolakayni yaxşilab sökib bermoqçi böldi-yu, ammo buning örniga şunday dedi:
– Xöp, mayli… Faqat menga bir juft tamaki qoldiring… yölda…
– Ajabo, ana yangilik! Bor-yöği olti dona ekan özi. Almaşişni istamasangiz, mayli, kerak emas.
– Xöp, xöp… oling, olavering… Mana sizga, hisoblab körişingiz mumkin: sakkiz sömu ön tiyin! Mana piçoqça. Şoşmay turing… U ketib qolmadimi özi?
– Butun gözalligi bilan namoyon bölib turibdi. Endi yon tomoni. Mang, qarang.
Yigitça sevinib huştak çalgança Plyumajyovning oyoğini şöxçan çimçib oldi-da, özining qimmatbaho narsalarini ola solib örmon içiga ğoyib böldi.
Plyumajyov hirs bilan iljaygança durbinni köziga töğrilab qaray boşladi: çömiladigan joy yonidagi qumloq sayozlikda yöl-yöl çömiliş kiyimida xotini Plyumajyova Marya Pavlovna tik turgança qölini boşiga kötarib, çepçigini tartibga solmoqda edi.
Plyumajyovning közlari kosasidan çiqib ketayozdi… U nimalardir deb tönğillab-tönğillab, ğazab içida qölidagi keraksiz durbinni zarb bilan töppa-töğri suvga uloqtirdi.
Ana şu qirğoqdan narigi tomonga ötiş mumkin bölgan köprikkaça va u yerdan uning dala hovlisigaça uç çaqirim yöl yuriş lozim edi…
Oyoqlari zirqirab oğriganidan bukilib-bukilib borayotgan Plyumajyovning, ölguday tamaki çekkisi kelayotgandi, ammo afsus, tamaki yöq edi…
Arkadiy Averçenko
Rus tilidan Şahzoda Hakimova tarjimasi
“Yoşlik” jurnali, 2011-yil 4-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


