* * *
Sentyabr tig‘ urdi avgust ortidan,
Yaproqlarga sachrab ketdi qon.
Holsizlangan quyoshni sudrab,
Ketib borar edi saraton.
Kuyib kuylar edi xotima kuyin,
Atirgul shoxidan ketolmagan qush.
Navodek havoga ketolmam singib,
U yog‘i xayol va u tomoni tush.
Qayta kelaverar armonlar yodga,
O‘tmishga intilib tasavvur halak.
Tirama tig‘iga urar o‘zini
Saraton qoniga belangan yurak.
* * *
Kelma!
Sog‘inchni o‘ldirar sening tashrifing,
Diydorga to‘yishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Hijronning ovchisi bo‘lgan visolga
O‘ljasin berishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Tug‘ilmagan she’rlar tug‘ilsin hali,
Uvolga qolishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Bir olam baxt bilan kelarsan, kelsang,
Men baxtli bo‘lishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Mana shu dard bilan, gulim, tirikman,
Davodan o‘lishdan qo‘rqaman, kelma.
* * *
Derazadan termilar titrab,
Yomg‘irlardan shalabbo kecha.
Javdirab qaraydi xonaga, ammo
Kirolmaydi chiroqdan cho‘chib.
Men-chi, yetolmayman uyquga tomon,
Har kecha ming azob kechib boraman.
Sog‘inch bu tugundir, mutolaa – yechim,
Har tunda ming tugun yechib boraman.
Na kitob yopilar, na yomg‘ir tinar,
Kecha tentiraydi ust-boshi ivib.
Sahar yaqin,
so‘nggi varaqda
Kipriklarim borar ilinib.
Va nihoyat chirog‘im o‘chdi,
Sog‘inch ko‘char tushga o‘ksinib.
Kecha kirar xonamga asta,
Tong kelguncha olar isinib.
* * *
Xazon yomg‘irida kezganmisiz,
xayol yomg‘irida jiqqa ho‘l bo‘lib.
Armon olis, osmon yaqin –
sezganmisiz,
xazonlar kuylashin dilga jo‘r bo‘lib.
Agar kezsangiz,
o‘zni unuting.
Dunyoga ko‘z tiking xazonlar osha.
Bir zum osmon bo‘ling,
bir zumga zamin,
bir zum yomg‘ir bo‘lib yashashni boshlang.
Xazon bo‘lib ko‘ring yerga to‘sh bosgan,
bulbul navosida dilni qiymalang.
Yalpiz bo‘ling bir zum kuz fasli o‘sgan,
so‘lmoq jafosidan to‘yib yig‘lagan.
Tuymoq bu yaradir,
sezmoq – ezilmoq,
shu yo‘l azob berar va berar malham.
Faqat o‘zingizga qaramang,
o‘ylamang o‘zni,
bitta hayotida yashayotgan odam.
Agar qarasangiz chidamoq dushvor,
bir dilga ming bitta azob solasiz.
Bitta tan, bitta jon, bitta hayotda
baxtli yashashingiz sezib qolasiz.
* * *
Qor misoli kaftingga qo‘ndim,
Erib ketdi kafting taftimdan.
Tisarilding,
axir bilmasding,
Qorning cho‘g‘dek yonishin, erkam.
Men yonardim,
sen hayron eding,
Hadik ichra yumding ko‘zingni.
Ko‘z o‘rgangan, yurilgan o‘sha,
Yo‘llar tomon burding yuzingni.
Ketayapsan,
yonayapman men,
Ortingda qor – oppoq alanga.
Olding sovuq – yog‘ayapti qor…
Ishonch bilan boqding o‘shanga.
Ranjimagin, yonarkan deya,
Ketavergin sen o‘sha izdan.
Ranjimayman,
dunyoning sovuq
Qorlariga ko‘nikkan qizdan.
* * *
Xayolimni ushlolmayapman,
bir go‘shadan kelmaydi beri.
U go‘shada bir qiz uxlaydi,
xayolini tushga o‘girib.
Uyqumni tun berkitib qo‘ygan,
topolmadim qancha axtarib.
U go‘shada bir qiz uxlaydi,
uyqusini husniga chayib.
Yuragimni men topib oldim,
varaqlarga ko‘milmish g‘arib.
U go‘shada bir qiz uxlaydi,
unayotgan dardim sug‘orib…
Najmiddin ERMATOV
1993 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.