18 daqiqada öqiladi

476 marta körilgan

Munçoq

Munçoq

Vohid yarim soat oldin işini tugallab, köçaga çiqdi.

Tramvayda borarkan, oçiq oynadan bahor havosi yuziga urilar, kun böyi mixlanib qoğoz titkilaganidan dimiqqan yuragi qafasdan ozod bölgan quşdek yayrab, potirlar edi. Kunlik iş majburiyatidan qutulganiga bir yengil tortgan bölsa, atrofni kuzatib, köklam körkidan ming quvonardi. Yölning ikki yoğida, zilziladan keyin qad rostlagan aka-ukalardek uyqaş hovlilarning darvozasi oldida çiranib ösgan öriklarning guli asosan tökilib, yaproqlari kaft yozgan, yaproqlar orasida kapalakdek nozik, andak-andak sarğaya boşlagan yakkam-dukkam gullar titranar, şahar muhitining vazminligidanmi, qandaydir qiynalib, burişib ösgan şaftolilar ğarq gulga kirgan, gullari toza va tiniq, qaragan sari köz ham öxşaşi yöq pokizalikdan oziqlanar, olça-giloslar oppoq harir yopingan kelinçaklardek nafis çayqalardi.

Tramvay temir izdan – bir xillik va qolipdan göyo çiqib ketmoqçi-yu, şu bois çapga, öngga baravar silkinar, çizilgan yöldan çiqolmaslikka mahkumligini tan olişni istamagandek, dam-badam şaxdiga şaxd qöşar, bamisoli yaxmalakda uçayotgan kabi bir maromda sirğalar, sirğalgan sayin taraqlar edi.

Tiniq osmonning ğarbiy burjida bir parça adaşgan bulut körindi. Bulut oq bölib oq, qora bölib qora emas, balki kulrang edi.

Vohid Beşqayrağoçga yetmay, Guli bekatida tuşib qoldi. U Xondamir köçasida, Zaynab opaning uyida, töğriroği, hovli kunjidagi taşlandiq «vremenka» – hujrada ijarada turadi.

Birinçi muyulişdagi birinçi uy. Qalin devor ikki tomondan köça va yölakdan ajratib turadi. Uçinçi tomondan, qöşni bilan örtaga odam böyidan baland şifer tösiq sifatida tortilgan. Törtinçi tomondan esa qöşnining uyi baland devori bilan qarab, yaʼni «orqa ögirib» turibdi. Kök temir darvoza ikki tabaqali, odam kirib çiqadigan alohida eşigi ğiyqillab oçilib-yopiladi. Hovlida bir tup yozgi, bir tup qişki olma, bir tup nok, bir tup gilos, bir tup olça ösadi. Bahorda navbatma-navbat – bir u, bir bu daraxt gullasa, yoz böyi mevalarning biri qöyib biri şiğil pişadi. Yayrab ösgan nastarin, tartibsiz ekilgan bölsa-da, oq, puşti, qizil atirgullar sokin hovliga fayz bağişlaydi. Tok ayni navqiron yoşda, gurkirab, işkomdan toshib, tom ustiga örmalab, keng quloç yoygan.

Hovlining egasi Zaynab opa emas, uning ruhiy kasalligi tufayli qirq olti yoşda ham söqqaboş öğli Marat yoki har zamonda mehmonga keladigan, ikki farzand – bir öğil, bir qiz-u, erini bağriga olib, şaharning Beşyoğoç qismida maʼmur va farovon umrguzaronlik qilayotgan, öqimişligina qizi Lola ham, ijarada turgan Vohid ham emas, balki şu hovlini göyoki jonli hayotga, tiriklikning zavqu şavqiga töldirgan Munçoq va Baroq ikkalasi edi. Munçoq – oq gurji kuçuk, quloqlari sal kam yerda sudraladi, dumi naq yer supuradi. Baroq esa mallarang muşuk. Semizligidan butun vujudi dirkillaydi, junlari yaltiraydi. Bu ikkisining yolğiz mehriboni, tavba deyiş keragu, Parvardigordan ham oldin şu kampir edi.  

Kampir – Zaynab opa ikki kam saksonda. Tarix fanlari kandidati, dotsent. Nafaqaga çiqquniga qadar universitetda dars bergan – partiya tarixidan. Öqigan va öqitgan narsasiga özi-da işongan. Vohid dastlab kelganida, yaʼni hujrani öziga moslaştirib, zax hidi ötirgan keraksiz laş-luşlarni çiqarib taşlayotgan mahalda eski şkafning kiçik bölmasidan qalingina papka çiqib qoldi. Qiziqdi, oçib kördi. Maşinkada hafsala bilan köçirilgan, tartib bilan taxlangan. Sarğaygan qoğozlarni titib, erinmay öqidi va bildiki, Zaynab Bekqulovaning kandidatlik darajasini himoya qiliş uçun tayyorlagan ilmiy işi. Mavzu – «Qoraqalpoğistonda makkajöxoriçilikni rivojlantirişda partiyaning taşkilotçilik roli». 

Bu kabi ilmiy mavzu bugun eriş tuyulişi mumkin, himoya qilingan zamonida esa bunday mavzuni tanlamaslik ğalati tuyular edi. Davr çindan evrildi, bugun bu kabi mavzular ham, ularning qahramonlari-yu, mualliflari – töqib çiqarganlar ham eskirdi.

Ha, es-kirdi. Inçunun, Zaynab opa ilmiy işini, bir vaqtlar qiziqib yozib qöygan qissasi qölyozmasini, vaqt ötib öziga yoqmay qolganidan söng, yirtib taşlaşga közi qiymay, bir çetga – qöl yetmas joyga itqitgan talabçan yozuvçi singari, közdan panaga uloqtirgan edi. Bu Zaynab opaga öxşagan vijdonli eski odamlar uçun öz umrini, hayotini, maslak-aʼmolini, pirovardida özini çetga uloqtiriş bilan barobar edi. Tuzum öz zuğumiga özi doş berolmay, çok-çokidan darz yeganda uning teşik, tirqişlarida, öpqonida butun-butun avlodlar, benavo taqdirlar va beçora qismatlar çökib, yöq bölib ketar ekan-da. Buni avom anglamasligi mumkin, lekin ilm kişisi… har holda…

Bu kabi ziddiyatli mulohazalar, kundan-kunga yangilanayotgan, özgarayotgan baho va mezonlar, tarixçi ayolning umr ummonini tark etib, boşqa ummonlar sari ötib borayotgan hayot kemasi, yaʼni olimaning istak-ixtiyoriga böysunmagan taraqqiyot qonuniyati, aniqroq qilib ifodalaganda, hayot haqiqati şafqatsiz tarzda ojizani asabiy, tajang, abgor qilib qöygan edi. Siypalab aytganda, u davr ziyolilarining peşqadam, vijdonli, iymonli vakili, öz aʼmoliga heç qaçon xiyonat qilmagan. Haqiqatçi deb nom çiqargan. Tarbiyasi, prinsipi, dunyoqaraşi şu tarzda şakllangan banda edi.

Endi-çi, endi nima böldi, u tiklagan aʼmol imorati tag-tugi bilan kuyib kul bölmadimi?!.

Bu ojizona mahkumlik millionlarning biri bölgan bu ziyoli ayolni şubhakor, sergumon va beqaror qilib qöygan edi.

Hozir yaşab turgan hovlini ham zilziladan keyingi yillarda, universitetdan berilgan uçastkada ersiz, yolğiz boşi bilan tiklagandi. Öşa paytlar farzandlari yoş, ularga alohida qarov talab etilardi. Albatta, çangga, loyga botib ustalar işlagan, lekin bir uy tiklanguniça ustalarni işlatib, ularga köz-quloq bölib turişining özi böladimi? Uy hozir ham birovnikidan ortiq, birovnikidan kam bölişi mumkin, ammo ne bölganda ham, zarur qulayliklarga ega. 

Vohid hali temir darvozaga yaqinlaşmay,  muyulişdan qayrilişi hamono kuçuk hurdi – kampirga xabar berdi. Şunaqa özi: qadam tovuşlari eşitilişi bilan Munçoq kim kelayotganini fahmlaydi. Ötkinçi bölsa, hurib özini urintirmaydiyam, hafsala qilsa, ğingşib qöya qoladi. Şu hovlida yaşaydiganlarni esa qadam olişidan ajratadi. Taniş qadam tovuşlarini eşitarkan, kelayotgan odamning kayfiyatini ilğab, öşanga mos vovillaydi, göyoki majburiyatini bajaradi – bekani xabardor etadi. Şu Munçoq tufayli bu hovlida alohida eşik qönğiroğiga hojat yöq.

Kampir inqillab-sinqillab eşikni oçdi. Uning yuzida keyingi paytlarda norozi qiyofa qotib qolgan edi. Oyoğini zörğa yerdan uzib, pildirab aylanayotgan Munçoqni haydagan böldi. Munçoqni içida joni bor, keraksiz koptok emaski, butunlay nariroqqa ketsa…

Vohid köçalik kiyimlarini yeçib, egniga uy kiyimlarini ildi. «Kulbayi vayrona»ning öziyam kimsasiz zerikkan va ğarib körinar edi.

«Kulbayi vayrona» deganimiz stol-stul, şkaf, antikvarga aylangan eski taxta divan, şaloği çiqqan karavot va gaz plitani bağriga olgan çoğroq xona. Darsxonayam, yemakxona, dam oliş xonasiyam şu. Tomda baʼzan şovir-şuvir bölib qoladi: siçqonlar ul-bul talaşib, çiyillab bir-birini quvib qolsa kerak, hoynohoy. Pastdan kötarilayotgan zax şunçalik mayinki, baʼzan sezilmaydiyam. Eşik, deraza ziçlab yopilsa-da, teşik, tirqiş qoladi.

Vohid yelkasiga soçiq taşlab, taşqariga çiqdi. Tugmalari ötkazilmagan köylagini çaqqon yeçdi-da, gilosning şoxiga ildi. Hovli çetidagi vodoprovod jömragini oçib, engaşgança bet-qölini yuvarkan, yelkalarida yomğir tomçilarini his etdi. Tomçilar sovuq edi. Tepaga qaradi. Ğarbdan qora bulut tölğonib-oqib kelardi. yomğir soniya sayin tezlaşardi. Köylagini şoxdan olib, kiyişga ham toqat qilmadi, qöltiqlab içkariga özini urdi. Egnidagi maykasi höl bölgan edi. «Bahor havosiga işonib bölmaydi-da», deb xayolidan ötkazdi.

Yupqa töşak töşalgan taxta karavotga çözildi-da, bir tabaqasi oçiq derazadan daraxtlarning quçoq-quçoq gul tutgan novdalariga tikilib, xayol surib yotdi.

U nima haqda öylamasin, fikrlari bir «qoziq»da aylanaverardi, bu – iş edi. Tezroq özini körsatişni, u haqda hamma joyda oğiz köpirtirib gapirişlarini, hozirgidan çandon yaxşi kun keçirişni istar, butun harakatlarini şu maqsad atrofida jamlagan, şahri azimda bekorga musofir bölib yurmaganini, bildirilgan işonçni tezroq oqlaşni dildan xohlar edi. Şu boismi, şaharning özbekona muhit hukmron mahallasida ijaraşin esa-da, bu yerdagilar, xususan, qöni-qöşnilar bilan el bölib ketolmadi. Köça boşidagi kök darvozadan har kuni bir neça bor kirib-çiqişini köpçilik bilmasdi. 

Qança yotganini u bilmaydi, közi ilingan ekan, allaqanday tovuşlardan uyğonib ketdi. Şuhrat keldimikan, deb öyladi. Şuhrat – jiyani, talaba, birga turişadi. Lekin u köpinça yotoqxonada kursdoşlari bilan yotib yuradi. Jörabozlikni, poson kiyinib, pörim yurişni, katta yeb-içişni yaxşi köradi. Doim kinoma-kino, parkma-park, bozorma-bozor sanğiydi. Qizlarga ham suyagi yöq. Darsgayam borsa-boradi, bormasayam heç kim heç narsa demaydi unga. Baʼzan yarim keça, baʼzan tongotarda közlarini uqalab kirib kelaveradi. Bunday paytlarda Munçoqqa xudo beradi: vovillab, kiçkina joni bilan katta mahallaga jar soladi.

Lekin bu gal Vohidni uyğotib yuborgan şovqin xonadoşining qadam tovuşlari emas, umuman boşqaça ğala-ğovur edi. Şundoq yonida nimadir guvillar, nimadir taraqlar, tomda siçqonlar juda bezovta, u yoqdan-bu yoqqa gala-gala bölib pildillab ötib-qaytar, buni tepadan eşitilayotgan şoşqin şatir-şutir ovozlardan seziş mumkin, olam-jahonga badböy hid yoyilgan edi.

Vohid turib ötirdi, divandan oyoğini yerga qöyar ekan, töpiğigaça suvga botdi. Ser solib qarasa, xonani suv bosgan, yupqa şolçalar suvda kötarilib turibdi.

U şoşib qoldi. «Nahotki, jömrak oçiq qolib, quvurga latta-putta tiqilgan bölsa, nahotki, suv toshib, kulbagaça oqib kirgan bölsa?!.» degan öyda dovdiradi.

Karavot tagidagi buyumlarni tez olib, divan ustiga qöyardi. Yangi kiyimu boşqa arzanda narsalari joylangan jomadonni kötargan edi, odatdagidan oğirroq tuyuldi. Darhol sezdi: içiga suv kiribdi. Şuhratning jomadonini ham divan ustiga qöydi. Undan jörillab suv oqdi.

U ilgari bunday holatda bir neça bor maşq qilib körgandek, işonç bilan harakat qilardi.

Kök temir darvoza taqilladi. Boşqaça taqilladi: qandaydir böğiq, lekin vahmkor… Şunday böladi özi, yomğir sasni böğadi. «Şunday yomğirda qanaqa ahmoq kelişi mumkin?..» – deb öyladi. Taq-tuq tobora kuçayardi. «Kimdir qişloqdan kelgan-ov, qöni-qöşni bunday paytda issiq örnini sovutmaydi-ku…»

Darvozani oçiş uçun taşqariga çiqdi. Yomğir çelaklab quymoqda. Çuqur hovli soniya sayin suvga töladi. Zaynab opa ham sement zinadan tuşib, hovlining narigi tomonidan darvozani oçgani kelmoqda. Vohid joyida turib qoldi, kampir balki kimnidir kutayotgandir?

– Hozir, hozi-ir! – dedi Zaynab opa jahl aralaş. – Hozirgilar bunça betoqat bölib ketişgan-a! – Darvozaning temir ilgagini olişga urinar, lekin kuçi yetmasdi. Taqillatayotgan darvoza oçilişini kutmas, bilʼaks battar taqillatar edi. Vohidning köngli alağda böldi. Şippagi suvga botib keldi-da:

– Töxtang, men oçaman, – dedi taraddudlanib. Bu paytgaça kampir ilgakni olişning uddasidan çiqqan edi.

Ilgak olindi-yu, darvoza şiddat bilan oçildi. Kampir ham, Vohid ham darvozani tutib qololmadi. Darvozani katta kuç bilan surgan suv edi. Oçilgan darvozadan hovliga suv şiddat bilan oqib kirardi. Dam-badam kelayotgan tölqin darvozani tag-tugi bilan suğurib otmoqçidek zamzama qilardi.

Köça baland, hovli past, sarkaş suv hovliga bostirib kiradi. Bir pasda hovli katta hovuzga aylandi-qöydi.

Kampir çayqalib, muvozanatini yöqotdi. Oyoqlarida turib qololmadi. Tizza böyi suvga çalqança yiqildi. Oğzi-burniga suv tölganidanmi yoki suv sovuq ekanmi, birdan uni öçdi. Turişga uringani sari oyoği toyar va yana yiqilardi. Şayton qursin, noxuş kulgi Vohidning tomoğiga tiqildi, yaxşiyamki ötmadi.

Vohid ahvolni tuşundi. Kampirni qöltiğidan olib, suyab-sudrab uyiga olib kirdi. Kampir nuqul öqçir, qandaydir oyatni çala-çulpa qaytarar, sözlarini anglab bölmas edi. Xayoli qoçdi, şekilli, bir «skoriy»ga telefon qiliş kerak, bir «pojarniy»ni çaqir, tez, tez böl», deb ğudranar, bundan ortiğiga tiliyam aylanmasdi.

Vohid tuşundi: Zaynab opa – qarilikni böyniga olişni istamaydigan bu kampir endi öziga kelişi, kiyimlarini almaştirişi kerak.

Hovlini tor bilgan suv örtadagi şifer tösiqni ağdarib, tizginsiz laşkardek qöşni hovli sari intildi.  

Vohid tizza böyi suvni keçib, köçaga çiqdi: «Nimalar sodir bölayapti özi?!» Köchani bor eniga qoplab, boşdan quyiga pişqirib kelayotgan suvni körib, yuragi orqaga tortib ketdi. Göyoki yuragi urmay qoldi yoki ğoyat tez urib ketdi. Yöl, yöl çetidagi yölaklar, yöl bilan yölak örtasidagi beton ariqçalar… heç, heç narsa yöq, faqat suv bor edi. Asov suv devorlarga urilar, «Devor, sen zörmisan, men zörmi?» – degandek kuç sinaşar, turgan joyida dong qotib qolgan daraxtlar bilan bahslaşardi göyo. Uylarning oldida turgan yengil maşinalar şinasining yarmigaça suv içida qolgandi.

Goh u, goh bu hovlidan yiği-siği, dod-faryod ovozlari eşitilar, barça ovozlarni suv şovqini yutib yuborardi. Odamlar uydan köçaga çiqişar, köçada yurib bölmas, ayollar yiğlar-siqtar, çollar, kampirlar baland ovozda tilovat qilişardi. Bolalar-çi, bolalar… Butun olamga zid ravişda quvnaşardi! Negadir bolalar jala olib kelgan seldan qörqişmas edi.

Daydi itlar, egasiz muşuklar, kökda gala-gala aylanadigan quşlar… hamma-hammasi nom-nişonsiz ketgan edi.

Jala qanday tez boşlangan bölsa, şunday tez ötdi. Faqat… faqat hovlida, köçalarda qalin loy-balçiq qoldi. Havoda badböy hid va rutubat aylandi.

Ertasiga Zaynab opa kasalxonada yotadigan böldi. Temir yölda vagon kuzatuvçisi bölib işlaydigan qizi vagon maşinisti – kuyovi bilan kelib, uni maşinaga ötqazib, olib ketişdi. Qiz va kuyov doim şoşib kelib-şoşib ketişar, yuriş-turişlari rejali, iş vajidan şekilli, vaqtni hamişa hisob-kitob qilişar, ketar çoğlarida yana qaçon kelişlarini kun, soatiga qadar aytişar, ona-qaynona doim: «Nabiralarimning diydoriga töyadigan kun ham bormi?..» deya zorillar edi.

Maşinaga ötirar ekan, kampir inqillab-sinqillab bir gapni qayta-qayta takrorladi:

– Vohid, Şuhrat, Munçoqqa yaxşi qaranglar, oç qolmasin. Ovqatini vaqtida beringlar, tunda xabar olib turinglar-a undan. Huraversa, kitob öqişga xalal berayapti deb kaltaklaysizlar uni, bilaman, lekin men yöğimda urmanglar, u öçakişib, battar huradi. Öşanday paytda oç qolgan böladi. Xolodilnikka kolbasa, non, suyak, et qöyib qöydim. Özlaring yeb qöymanglar, Munçoqqa beringlar. Munçoq oç qolmasin… – kampir negadir muşukni eslamadi, uning nomini ham tilga olmadi. Bu paytda Munçoq oyoq tagida pildirar, Zaynab opaning oyoğini yalab-yulqar, suykalar, balandga sakrab, barmoqlariga tumşuğini tekkizardi, xalatining etagini tişlab ortga tortar, qöyvormas, darvozadan çiqqani qöymas, kuyov dam-badam oyoği bilan turtib haydasa-da ketmas, unga sayin battar javrar edi.

It bor-yöği it-da, şunça odam unga quloq osarmidi, mabo-odo, ja-a aqlli bölgan taqdirda ham?!

Kampir ketdi, darvoza ilindi. Munçoq munçoq-munçoq yoş tökdi. Kelib suykalayotgan, quvlaşib öynagandagidek goh quloqlari, goh dumidan tişlab tortib, irğişlab qoçayotgan, öynab-quvnaşga undayotgan Baroqqa parvo qilmas, hatto qayrilib qaramasdi.

Uç kun böldi – Munçoq heç narsa yemaydi, içmaydi. Tiq etgan tovuşga quloği ding böladi. Köçadan qadam tovuşlari eşitilsa – böldi, darvoza tagiga yotib poylaydi. Har safar hafsalasi pir böladi. Baroqning şöxliklarini kötarmaydi, öynamaydi u bilan. Göyoki Baroq degan muşukni tanimaydi, hayotida körmagan uni. Holbuki, ikkalasi birga – ikkita it yoki ikkita muşuk kabi katta bölişgan. Orada «it-muşuk»çilik sezilmagan heç. Bitta bekaning qölidan narsa yeb, saxovat va marhamatidan baravar bahramand bölişgan. Endi-çi, kampir ketdi-yu, oralaridagi inoqlik kötarildi. Munçoq özgardi, kun sayin boşqaça bölib bormoqda. Doim közlari nam, avvalgi öti yöq. Baroq esa öşa-öşa, işkomga tirmaşib tomga çiqadi, tomda kaptarlar bilan quvlaşadi. Tomdan nariga – qöşnilarnikiga ham ötib kelaveradi, xohlasa kelmaydi, ixtiyori özida. Kun qizdirganda gulbutaning tagida xumordan çiqqunça ağanaydi.

Munçoq esa… kampirning eski şippagini avaylab tişlab, u yoqdan-bu yoqqa olib yuradi. Titilib ketgan şu arzimas oyoq kiyimi ustida «kulça» bölib yotadi. Holbuki, kampir uni axlatga itqitişga közi qiymay, burçakdagi karton yaşikka taşlagan edi. It bir talay oyoq kiyimlari orasidan nuqul şuni topib olaveradi.

Bir gal Vohid şippakni Munçoqdan tortib olmoqçi böldi, balki şu şippak deb narsa yemayotgandir bu jonivor? Qayda, Munçoq şippakni bermadi, olaman deb uzalgan qölga xuddi katta yirtqiçlardek taşlandi. Hay, hay demasa, tirnoği bilan tilib yo tişlab olişdan ham qaytmaydigandek edi. Mittigina bölib, unga soliştirganda toğdek odamdan tap tortmas, hayiqmas edi. 

Vohid ham, Şuhrat ham öz taşvişlari – öqiş va yumuşlari bilan ovora edi. It yoki muşuk taşvişi yoş yigitlarning qayğusi böla olarmidi?!

Avvaliga eʼtiborsiz bölişdi. Keyin – oradan bir hafta ötgaç, huşyor tortişdi. Munçoq sölib qolgandi. Kampir tayinlab ketganidek, muzlatgiçdan kolbasa, suyak, et berişsa-da, hatto hidlab körmas, nafaqat hidlamas, balki qayrilib qaramas, faqat bahorning kuydirguvçi quyoşidan berkinib soyaga ötar, kampirning şippagiga baʼzan boşini qöyib, baʼzan bağrini berib yotardi.

Qöyilgan narsalar sasib, bijğib ketdi. It yaloğini moğor bosdi.

Baroq öziga kerakli narsalarni ajratib oldi. 

Yigitlar hayron bölişdi: nega şu narsalarni kampir berganda Munçoq yutoqib yer edi-yu, bizning qölimizdan yemaydi bu it?!.

Zaynab opa kasalxonaga tuşgandan buyon ruhiy bemor öğli Marat singlisi Lolaning uyida turar, nega deganda uning öziga alohida qarov zarur, dori-darmon va muolajalarini tayin bir vaqtda qabul qilişi kerak, bu tartibga özi rioya qilolmas, bundan taşqari uni doim tergab turmasa, öz boşiça nomaʼlum yoqlarga ketib qolar, öziga qaraşni bilmas, yon-atrofdagilarga masxara bölar, uyga bir taşviş keltirar edi.

Ikki hafta deganda Lola, eri va Marat keldi. Zaynab opa yana ikki hafta yotadigan böpti. Kampirga toza ust-boş, boşqa zarur narsalarni tugun qilib olib, yana darhol qaytib ketişdi.

Yotgan joyida kampir: «Toza köylagimni kiydiringlar…» dermiş, «Munçoğimni soğindim, mensiz holi nima keçdiykin?..» deyaverib, hamşiralarni ham hol-joniga qöymasmiş.

Munçoq egasining farzandlarini tanidi. Bir-ikki hurib, sas berdi. Ularning izlarini, oyoq kiyimlarini hidladi. Atroflaridan bir-ikki aylandi, lekin oldingi şöxligu erkaliklarini qilmadi. Baroq esa ularning oldida şişinib ketdi, «hunari»ni körsatib qöymoqçi bölgan «manman» dorbozdek işkomga tirmaşdi, undan tomga çiqib, bir-birining par-patiga mahliyo bölib «ku-ku»laşayotgan bir töp kaptarni tözğitib yubordi…

Lola onasi tayinlagandek qildi: it yaloğini yuvib tozaladi, muzlatgiçdan kolbasa, et, suyak olib qöydi. Özi ham sellofan xaltaçada suyak keltirgan ekan, kim biladi qayerdan olgan buni, örab muzlatgiçga qöydi. Suv idiş – temir tovoqni yuvib, suv töldirdi.

Ammo Munçoq bu sulukatga qayrilib qaramadi.

Lola bir yonda, Marat bir yonda:

– Munçoq oyimni soğinibdi, oyimni soğinibdi, – deb kuyinişardi, lekin kuyov ahvolni sezdi, şekilli:

– Hah, beçora-ya, oyijonga juda örgangan ekansanda-a, – deya xörsindi-da, Munçoqning boşini yumşoq siladi. – Uyga olib ketsakmikan-a?..

– Uyga qatga oborasiz, «dom»da hamma joyni rasvo qiladi-yu, kim buni ketidan tozalab yuradi, buni ustiga sizziyam, maniyam qölimizdan narsa yemaydi-ku, bu ölgur isqirt it, – deya bobilladi Lola; şunga öxşaş holatlarda ayollar erlarini jerkibroq va asabiy gapiradilar, Lola ham xuddi şunday qildi.

Uç hafta böldi, kampir kasalxonada.

Munçoq endi muştdekkina bölib qolgan, közlari çuqur botgan, oyoqlari tolxiviçdek, dumi arqondek ingiçka tortgan edi. Oppoq paxmoq junidan asar ham qolmadi, sarğayib ketdi. Boşini kötarolmay endi bir joyda yotar, qovurğalari qoşiq dastasidek bilinib turar, kun davomida joyini bir özgartirsa özgartirar, bölmasa umuman özgartirmas edi.

Yegulikka qayrilib qaramasdi.

Vohid bir parça etni olib, Munçoq yoniga bordi. Munçoq boşini qiynalib kötardi, yon tomonga möltirab qaradi, közlari sönik edi, boşini tutib turolmadi – şippak ustiga qöydi.

It etni hidlamadiyam.

Baroq öynoqlab keldi-da, etni ilib qoçdi.

Munçoq qiynalib örnidan turdi, şippakni tişlab, hovli çetiga, qurilişdan qolgan siniq ğiştlar-u, şifer parçalari uyub qöyilgan burçakni möljallab yurdi. Oyoqlari gavdasini tutolmas, hamma yoği qaltirar, titrar edi. Yarim yölga bormasdan yiqildi, oğzidan şippak tuşib ketdi. It şippakka bağrini berdi.

Vohid Munçoq yonida kuymalanişayotganidan dadillandimi yoki bir tomoşa körsatib, bularni xursand qilay dedimikan, işqilib, Baroq öqdek uçib keldi-da, Munçoqning tagidan şippakni suğurib qoçdi. Şu qoçişda işkomga, işkomdan tomga ötdi, tomda şippakni xuddi çalajon siçqonni öynagandek öynadi, keyin körinmay qoldi.

Munçoq şiddat bilan xezlanib, Baroqning ortidan taşlangandi, ammo… Ammo heç qança bosmay, boşi tagida qolib, ömbaloq oşib tuşdi. Özini önglab ololmadi. Yotgan joyida tez-tez xirillab nafas olar, butun vujudi sopqondek kötarilib tuşar, közlaridan suv tomçilardi…

Tört hafta ötdi.

Munçoq bir joyda – öşa yiqilgan joyida yotib qoldi. Boşini kötarolmas, qözğalolmas, quloqlarini, dumini-da qimirlatolmas edi. Qovoqlariyam qimirlamas, közlari harakatsiz edi. Faqat yupqalaşib qolgan teridan it yuragining qiynalib, erinib tepişi bilinib turardi.

Baroq Munçoqning holidan xabar olmay qöydi. Keyingi ikki-uç kunda umuman körinmadi.

Ertalab yuvingani çiqqan Şuhrat biroz ötib taşqaridan derazani tortib oçdi, içkariga boş suqdi-da:

– Vohid aka, Munçoq ölib qolibdi, – dedi hovliqib. – Endi nima qilamiz, Zaynab opaga nima deymiz?..

Yigitlar maslahat qilişdi: Munçoq – jonivor, axlatga taşlab bölmaydi, axlat maşina kelganda berib yuboriş, baribir, axlatga taşlaş bilan barobar…

Joni uzilgan joydan çuqur kovlab, juda çuqur kovlab kömişdi, yer bilan tekislaşdi. Oyoqosti bölmasin, degan mulohazaga borib, gul ekib qöyişdi,

Şunday qiliş joizmi, nojoizmi – bilmasdan, Vohid içida bilganiça oyat öqidi, çamasi Şuhrat ham şunday qildi.

Şu-şu, Baroq bu hovlida boşqa körinmadi.

Ikki kun ötib, Zaynab opa dov-daska bilan uyga keldi. Qizi, öğli, kuyovi kampirni qöllab-qöltiqlab maşinadan tuşirib, uyga olib kirişdi. Kimsasiz uy ğala-ğovurga, nurga töldi, hovliga qandaydir katta hayotning bir bölagi kirib kelgandek böldi.

Lola derazadan boşini çiqarib, hovlining töriga qarab baqirdi:

– Vohid, hu Vohid, sizzi oyim çaqirvottila…

Vohid atay bormadi. Özini uyquga solib yotdi. Kampir Munçoqni söraşini bildi. Sörasa nima deydi?..

Qizi bilan kuyovi köp ötirmadi, işli odamlar-da, tez ketişdi. Ikkalasi ham yaqin soatlarda smenaga çiqişi kerak ekan.

Heç qança ötmay, hovlini aylanib közdan keçirgan, daraxt va gullarga unça eʼtibor bermay, vodoprovod jömragini oçib-yopib körib, uning ijarada turgan yigitlar tomonidan buzilmaganligiga işonç hosil qilgan kampirning özi «vremenka» eşigini taqillatib keldi. Xonani obdon közdan keçirar ekan, liqilloq stulga ötirdi.

Zaynab opaning rangiga rang yugurgan, davolangani, kuçga kirgani dadil-dadil gapirişlaridan ham ayon edi. Vohiddan Munçoqni söradi, «nega körinmayapti?» dedi.

U, Munçoq endi bu yoruğ olamda yöqligini aytganda, kampir şilq etib yoniga yiqildi. 

Marat, Şuhrat, Vohid uçalasi kampirni avaylab yotoğiga olib ötişdi. Kampir pardek yengil edi.

«Tez yordam»da kelgan şifokor Zaynab opa insult bölganini, uni qözğaş mumkin emasligini aytdi.

Kampir şu yotişda tört hafta yotdi. Tildan, harakatdan, ovqatdan qoldi. Munçoq sönggi kunlarini qanday yaşagan bölsa, kampir ham xuddi şunday yaşayotgan edi, yaʼni kundan-kunga şamdek sönib borardi.

Közlari çuqur çökdi, yuzi suyak ustiga terini taşlagandek şalvirab osildi. Barmoqlari qalamdek ingiçka tortdi. Butun vujudi kiçrayib, muştdekkina bölib qoldi.

Lola – mehribon qizi, nima ovqat tayyorlab  tutmasin, yutmadi, tomoğidan içkariga ötkazmadi. Faqat suvni töxtatolmas, suv sirğalib tomoğidan ötardi. 

Tört hafta deganda kampirni ğarğara tutdi, xirillab, zörğa-zörğa nafas olardi. Kutilayotgan voqeani istamagandek, çoyşab ostida muştipar yurak gursillab tepar, kökrak temirçining bosqonidek kötarilib tuşar edi.

Qizi, öğli, kuyovi, nabiralari rozi-rizolik qilişdi. Kimdir yaşirinça közyoş qildi, kimdir baralla ökindi. Endi bu voqea nima bilan tugaşini hamma iç-içdan anglar edi.

Vohid bilan Şuhrat garçi ijarada turişsa-da, yaʼni bu xonadonga nisbatan begona bölişsa-da, göyo kampirdan hol söramoqçidek uzun-qisqa bölib, boş egib kirişdi. Kiçik nabira – hali maktab öquvçisi, boqibeğam bola momosini şu köyga solgan Munçoqning ölimi tafsilotini sörab qoldi.

Vohid Munçoq kampirning şippagini bermay olib yurgani, unga goh boşini qöyib, goh bağrini berib yotganini gapirar ekan, tört haftadan buyon qimir etmagan kampir xiyol qözğalib qöydi-da, «uh» tortib yubordi.

U sönggi nafasini olgan edi.

 

Mart, 2011-yil

Salim AŞUR

“Yoşlik” jurnali, 2014-yil 5-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)