Abdurahmon Jomiy hikmatlaridan
* * *
Faqat foydasi tegadigan ilmni olish kerak, foydasiz fazilatdan qochmoq va faqat zarur narsaga quloq ochmoq lozim.
* * *
Saxovat biror narsaga qarab yoki evaziga biror narsa talab bo‘lsa, hatto talab etilgan narsa maqtov va minnatdorlik bo‘lgani taqdirda ham, u saxovat emas.
* * *
Kimning qo‘lida quyidagi besh narsa jilovi bo‘lsa, yaxshi hayotining garovi bo‘lur: birinchisi – tansihatlik, ikkinchisi – omonlik, uchinchisi – rizqining mo‘lligi, to‘rtinchisi – sodiq do‘st va beshinchisi – farog‘at. Kimki shu besh narsadan mahrum etilgan – xush hayot eshigi uning oldida bekilgan.
* * *
Kichiklarga hazilu istehzo o‘qin otmoq – ulug‘lik obro‘sin bekorga sotmoq va zillatu xorlik g‘uboriga botmoqdir.
* * *
Agar och bo‘lsang, har qanday osh-non senda qattiq ishtaha qo‘zg‘atadi. Sen bilan o‘tirgan ulfatlaringda esa ishtahang senga nisbatan nafrat uyg‘otadi.
* * *
Erta tongda og‘zingga biror luqma ovqat tiqmay eshikdan chiqma, chunki to‘qlik xushmuomala va chuqur mulohaza moyasi, ochlik esa yengiltaklik va aqlsizlik doyasidir.
* * *
Sofdil oshiqlardan latifroq kishi olamda topilmas.
* * *
Agar mezbon dasturxon atrofida o‘zini hamma ne’matlardan baland tutsa, uning nonidan o‘z jigaring a’lo va uning sharbatidan o‘z qoning bajo.
* * *
Bir shoir o‘qidi bemaza g‘azal,
Dedikim, alifsiz yozdim, bu a’lo.
Dedimki, eng yuksak san’at bo‘lurdi,
She’ring so‘zlari ham bo‘lmasa aslo.
* * *
Tish-tirnoq qolmagan keksa sherni ko‘r, Cho‘loq tulki unga beradi ozor.
* * *
Nuqsonli tabib hammaga balo, misoli vabo.
Allomaning “Bahoriston” asari asosida tayyorlandi.