7 daqiqada öqiladi

587 marta körilgan

Toğ qizi. Hikoya

Redyard Kipling

U toğlik er-xotin Sono va Jadening qizi edi. Bir yili dehqonçilikda ularning omadi çopmadi, Kotgar yaqinidagi Satle vodiysida ekilgan ozgina ekinni ham ayiqlar payhon qilib ketdi.

Toğlik er-xotin bunday talofatni öz xudolarining marhamatsizligiga yöyişdimi, boşqa sababdanmi, öşa yili qişda ular masihiylik dinini qabul qilişdi va qizlarini Kotgarga, nasroniylar qişloğiga çöqintirgani olib borişdi. Kotgar rohibi qizga nasroniyça Elizabet ismini berdi. Qabiladagilar esa qizni Lisbet deya talaffuz etib çaqira boşladilar.

Köp ötmay Kotgar vodiysiga vabo tarqaldi. Maşʼum ölat Sono va Jadeni olib ketdi. Qizça esa ruhoniyning qaramoğida qoldi. Kotgar rohibining ayoli uni öziga xizmatkor, joriya qilib olgandi. Lisbet ruhoniy xonadonida şu tariqa ulğaya boşladi.

Öz qabilasining maʼbudalari qizni avvaldan siylaşganmidi yoxud nasroniylik uning çiroyini oçdimi, Lisbet haqiqiy sohibjamol bölib borayotgandi. U har kuni sayr qilgani çiqar, şunçaki atrofning gözalligidan bahra oliş uçun ellik mil çamasi yöl bosardi. Uning yuzlaridek jozibador çehrani odatda faqat suvratlarda, kamdan-kam hollarda hayotda uçratiş mumkin edi. Qizning butun vujudi fil suyagidek oppoq rangda edi. U öz qabiladoşlariga qaraganda ança baland böyli, közlari esa hayratlanarli darajada çiroyli edi. Agar siz uni toğ qöynida tanho uçratib qolsangiz, maʼbuda Diananing özi ov qilgani çiqibdimikin, degan xayolga borardingiz.

Lisbet nasroniylik eʼtiqodiga osongina könikdi. U boşqa qizlarga öxşab ulğayib, esini tanigaç, öz diniga ötib ketmadi. Qabiladoşlari şuning uçun ham uni juda yomon körişardi.

Bu paytda rohibning xotini qiz bilan qanday muomala qilişini bilmay qolgandi. Axir, bunday xuşsurat, bokira fariştaga idiş-tovoq yuvişni buyurişga kim ham botina olardi. Şuning uçun ham Lisbet rohibning bolalari bilan emin-erkin öynab yurar, yakşanbalik maktabga qatnar, uyda qanaqa kitob bölmasin, barçasini qiziqiş bilan öqib çiqardi. Rohibning xotini qizni Simlaga yuborib, unga munosibroq iş topib beriş haqida köp gapirardi. Lisbet öziga boşqa joy qidirişni xayoliga ham keltirmasdi. U Kotgardan ketişni umuman istamasdi.

Bir safar Kotgarga sayyohlar kelişdi. Ular bu tomonlarga kamdan-kam taşrif böyurişardi. Lisbet esa ular meni Simlaga yoki şunga öxşagan notaniş tomonlarga olib ketib qolişadi, deb öylagan, şu bois xonasidan taşqari çiqişga ham qörqib qolgandi.

Öşanda u ön yetti yoş bösağasida edi. Kunlarning birida sayr qilgani toqqa jönadi. Qiz yarim mil piyoda yurib ortiga foytunda qaytadigan ingliz xonimlariga öxşamasdi, albatta.

U özining “qisqagina” sayohati davomida Kotgar atrofini töliq aylanib çiqar, 20-30 milça yöl bosar, hatto Narkundagaça borib kelardi. Nafasi oğziga tiqilib, yukning oğirligidan burni yerga tekkudek holatda uyiga kirib kelganida, rohibning xotini mehmonxonada uxlab yotardi. Qiz yelkasidagi “yuk”ni divan ustiga qöyarkan, oçiqçasiga gap boşladi:

– Bu mening erim. Men uni Bagiga boradigan yöldan topib oldim. U qoyadan qulab tuşganga öxşaydi. Biz uni davolaymiz. U tuzalib ketsa, rohib bizni nikohlab qöyadi.

Şu paytga qadar Lisbetni bunday vaziyatda körmagan rohibning xotini birdan dahşatga tuşdi. Biroq hozir birinçi navbatda divan ustida behuş yotgan yigit haqida öylaş lozim edi. Boşidan jarohat olgan yoşgina ingliz yigiti hamon divan ustida huşsiz yotar, bilinar-bilinmas nafas olardi, xolos.

Uni töşakka yotqizişdi. Tib ilmidan oz-moz xabardor rohib behuş yigitning yarasiga malham qöyib boğladi. Lisbet esa eşik oldida har qanday topşiriqqa şay bölib turardi. Qiz rohibga ham öz qarorini bildirdi. Rohib ham, xotini ham qizni namoyişkorona andişasizlikda aybladi. Uni insofga çaqirmoqçi bölişdi. Lisbet esa ularni jimgina tinglab, boyagi gapini takrorladi. U tuşunmasdi: axir qanday qilib könglingdagidek yigitni uçratganingda ham u haqda heç kimga oğiz oçmay yuraveriş mumkin! Şu sababli ahdida qatʼiy turib oldi. Yigit oyoqqa turgaç, u bilan turmuş quradi.

Qiz yigitning oyoqqa turişi, uylanadigan darajada kuç-quvvat yiğişi uçun har qanday işga tayyor turardi.

Ikki haftada yigitning boşidagi jarohatlar bitib ketdi. U bunday mehribonlik uçun rohibga, uning xotiniga, hammadan köproq Lisbetga minnatdorlik bildirdi. U Şarqqa (öşa paytlarda bu tomonlarga sayohat qiliş u qadar ommaviy tus olmagandi) sayohat qiliş umidida kelganini, Dera-Dundan toğlarida turli xil giyohlar va kapalaklar yiğiş uçun çiqqanini aytdi. Şu sababli Simlada uni heç kim tanimas ekan. Özining aytişiça, baland qoyada ösgan allaqanday giyohni uzmoqçi bölib çiqqanda muvozanatni yöqotib, pastga qulabdi. U soğayib ketişi bilan Simlaga qaytişini aytdi. Endi toğlar uni öziga maftun etmasdi.

U qişloqni tezroq tark etişni istar, biroq hali buning uçun yetarliça mador töplay olmagandi. Lisbet esa heç kimning gapiga quloq solişni istamasdi. Şuning uçun rohibning xotini Lisbetning miyasida qanaqa bemaza xayollar çarx urayotganini yigitga aytib berdi. Yigit qah-qah urib kulib yubordi va bu şunçaki soddagina Himolay qizining öziga öxşaş sodda va beğubor xayoloti ekanini taʼkidlab ötdi. Uning aytişiça, Vatanida qalliği kutayotganmiş. Şunday bölsa-da, yigit özini öta xuşmuomala qilib körsatardi.

U qiz bilan suhbatlaşişni, birga sayohat qilişni, şirin sözlar bilan erkalab könglini kötarişni şunçaki köngilxuşlik deb bilar, aslida esa qiz bilan bir umrga xayrlaşib, yurtiga qaytiş uçun kuç yiğayotgandi. Bu suhbatlaru sayr-sayohatlar yigit uçun heç qanday maʼno kasb etmas, qiz uçun esa katta ahamiyatga ega edi. U sevişi mumkin bölgan odamni topganidan baxtiyor sezardi özini.

Yovvoyitabiat qizning öz hissiyotlarini boşqara olmasligi inglizning kulgusini qistatardi. Yigit qaytişga otlanganida, olam köziga qoronği bölib ketgan Lisbet uni Narkundagaça kuzatib bordi. Qiz yöl-yölakay yigitdan albatta qaytib kelib unga uylanişga vaʼda berişini qayta-qayta iltimos qildi.

– Körayapsizmi, u şunaqa tentak, tarbiyasiz qizki, nima deyayotganini özi ham bilmaydi, – dedi ularga hamrohlik qilib borayotgan rohibning xotini.

Yigit keta-ketgunça qizning nozik belidan ohista quçib bordi. Qaytib kelişiga va u bilan nikohdan ötişiga qizni işontirdi. Ular Narkundaga kiraverişda ayrildilar. Qiz yiğlab yubordi. Mutianiga buriladigan joyda közdan yöqolgunça inglizning ortidan termulib qoldi.

Qiz alam bilan köz yoşlarini artdi. Ular yana Kotgarga kirişayotganda Lisbet rohibning xotiniga yuzlandi.

– U qaytib keladi. Keyin menga uylanadi. U qarindoşlarini şu gapdan ogoh qiliş uçun ketdi.

Ayol Lisbetni tinçlantirgan böldi:

– Ha, u albatta qaytadi, qizim!

Ikki oy ötar-ötmas, Lisbet xavotirga tuşa boşladi. Unga yigitning dengiz ortiga, Angliyaga jönab ketganini aytişgandi. Qiz Angliya qayerda joylaşganini bilar, bu haqda maktab darsliklarida öqigandi. Biroq toğlar orasida ösgan qiz dengiz nimaligini qayerdan bilsin? Uyda almisoqdan qolgan dunyoning siyosiy xaritasi bölardi. Qiz keçalari öşa xaritadan Angliyani qidirar, sevgilisining barmoq bilan bossa körinmay ketadigan hududda ekanini his etib, aççiq köz yoş tökardi. U oradagi masofa, paroxodlar haqida heç qanday tasavvurga ega emas, uning tuşunçalari haqiqatdan ança yiroq edi. Qolaversa, ingliz yigiti toğlik qizga uylanişi uçun Kotgarga qaytişini xayoliga ham keltirmasligini bilmas edi u. Yigit Assamda kapalak quvib yurganidayoq qizni unutib yuborgandi. U oxir-oqibat Şarqdagi sayohatlari haqida kitob yozdi. Biroq unda Lisbet tilga ham olinmagandi.

Uçinçi oy ham intihosiga yetgaç, Lisbet tez-tez Narkundaga qatnaydigan odat çiqardi. U har gal öşa yerda ingliz yigitning qaytişini kutib ötirardi. Aynan şu odatgina unga taskin berardi. Rohibning xotini qizni ilgarigidan şodonroq kayfiyatda körib, yovvoyi erkaliklaridan xalos bölayotir, degan xayolga bordi.

Köp ötmay bunday qatnovlar ham Lisbetga yordam bermay qöydi va u yana avvalgi jizzakiligiga qaytdi. Bekasi, nihoyat, bor haqiqatni oçiq-oydin bayon etdi. Ingliz şunçaki qizni tinçlantiriş uçun uylanişga vaʼda berganini, aslida bu işni umuman qilmasligini, Lisbetning “oliiy irq” vakiliga turmuşga çiqişni orzu qilişi ham gunoh, uyatsizlik ekanini va nihoyat u özi tarafidan bir ingliz qizi bilan oila qurganini tuşuntirdi  Lisbet esa buning aqlga zid ekani, yigit uni muhabbatiga işontirgani, hatto bekasining özi ham yigitning qaytişiga işontirganini eslatdi.

– Nahotki, siz ham meni aldagan bölsangiz, – söradi u anduh bilan.

– Qizim, seni faqat yupatiş uçungina şunday degandim, xolos.

– Demak, yolğon gapiribsiz-da, – tölqinlanib ketdi qiz, – ikkovingiz ham meni aldabsiz.

Ayol şunçaki boş irğab qöya qoldi. Lisbet ham ançagina jim turdi-da, şahd bilan yugurib nasroniylar qişloğidan çiqib ketdi va köp ötmay Himolay ayollarining kiyimida kirib keldi. U toğlik ayollarga xos tarzda bir tomonga tuşirilgan kokillarini qora ip bilan boğlab olgandi. Faqatgina burniga buloqa taqmagan edi, xolos.

– Men yana öz eʼtiqodimga, xalqim yoniga qaytaman, – dedi u. – Endi Lisbet yöq. Faqat qariya Jade va qişloqi Sononing qizi qoldi, xolos. Siz inglizlar hammangiz yolğonçisiz! Sizlarni körgani közim yöq.

Rohibning xotini es-huşini bir joyga töplab olganida, Lisbet allaqaçon uning huzuridan ğoyib bölgandi. U aytganini qildi: yana öz qabiladoşlari, öz ajdodlarining maʼbudalari qoşiga qaytdi, masihiylar qişloğiga boşqa qadam qöymadi.

U öz xalqini çin qalbdan sevardi, uning ana şu muhabbati aldoqçi inglizga bölgan yovvoyi intilişlaridan ustun çiqdi. U tez orada bir paytlar qizni rosa savalagan ötinçi yigitga turmuşga çiqdi va qarib-çirigunça baxtiyor hayot keçirdi.

 

Redyard KIPLING

 

(1865-1936)

Maşhur ingliz yozuvçisi va şoiri. Hindistonda tuğilib ösgan, keyinçalik Angliyada taʼlim olgan va umrining oxirigaça Britaniyada yaşagan. “Departamant qöşiqlari”, “Toğ haqida oddiy hikoyalar”, “Uç askar”, “Minginçi inson” singari asarlari maşhur. “Mauglining birodarlari” qissasi bilan şuhrat qozondi.

Rustam Jabborov tarjimasi

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (164)